OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Azamat Suyunov. Jo’ravoyning omadi (hajviya)

ToshDU (hozirgi O‘zMU)ning tayyorlov bo‘limida o‘qib yurgan kezlarim. Men o‘shanda tayyorlov bo‘limi sport sektorining raisi edim. Kunlarning birida jismoniy tarbiya o‘qituvchisi yotoqxonamizga kelib:
«Ertaga respublika miqyosida oliy o‘quv yurtlariaro erkin kurash bo‘yicha katta musobaqa bo‘lib o‘tadi. Oralaringda kurash tushadigan kuchli polvonlardan bormi?» deya so‘rab qoldi. O‘qishga kirganimizga hali ko‘p bo‘lmadi, sport bilan shug‘ullanib ulgurganimizcha yo‘q. Shunday bo‘lsa ham bellashadigan polvonlar topilib qolar, dedim. Biroq boshqa oliy o‘quv yurti talabalari anchadan beri tayyorgarlik ko‘rib kelayotgan bo‘lsa, yengilib qolishimiz hech gap emasligini anglardik. 
— Hech narsa qilmaydi, ular ham xuddi bizlarday. Bo‘ldi, gapni qisqa qil, to‘rtta baquvvatroq yigitni olib borgin. O‘zing bilan beshta bo‘ladi, — dedi-yu, murabbiy ildam yurganicha iziga qaytdi. 
Domlaning aytganini qilib, besh kishini to‘plashga tushdik. Faqat ichimizdagi o‘ta semiz, gavdasi bir qop g‘allani eslatadigan hamkursimiz Jo‘ravoy borishni istamadi. Biz unga borasan, deb ko‘ndirdik. U ancha salobatli bo‘lib, 110 kg. vaznli raqib bilan maydonga tushishi kerak edi. Biz qistayvergach, borishga rozi bo‘ldi. 
— Sizlar boraveringlar, men avval qornimni to‘ydiribolaman, undan keyin sochimni oldirib, galim kelgunga qadar yetib boraman, — dedi. 
Oradan ko‘p o‘tmay, ikki kishilik lag‘monni paqqos tushirib, Jo‘ravoy ham yetib keldi. U sochini chunonam yaltiratib olibdiki, Jo‘ravoyning boshiga qo‘ngan har qanday pashshaning oyog‘i toyib ketishi hech gap emasdi. «Usta haqi» olishni ham unutmadik. Musobaqa endigina boshlanib, Jo‘ravoyning navbati kelguncha bizning jamoadan ikki kishi g‘olib deb topildi. Ko‘p o‘tmay, Jo‘ravoy bilan raqibi maydonga taklif etildi. Raqib Jo‘ravoyning salobatini ko‘rib, sarosimaga tushdi va sira ikkilanmay davrani tark etdi. Shu tariqa omadi yurishgan Jo‘ravoyga ham mukofot ajratildi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.