OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muyassar Tilovova. To‘g‘on (hikoya)

Ikki kundan beri shivalab turgan yomg‘ir tun yarimga borganda jalaga aylandi. Momaqaldiroq osmon gumbazini yorib yuborguday gumburlar, tez-tez chaqnayotgan chaqmoq yorug‘ida qishloqning past-baland tepaliklaridagi uylari ko‘rinib ketadi. Suv tarnovdan chelaklab tushar, sharros quyayotgan jala tomlar tunukasini doira qilib chaladi.
– Yomg‘ir tag‘in kuchaydimi?
Torgina uyning burchagiga o‘rnatilgan pechkaning biqinida yotgan Suyun ota inqillab gapirdi.
Cholining bezovtalanayotganidan xavotirga tushgan Robiya xola uni chalg‘itgan bo‘ldi.
– Yomg‘ir kuchaygani yo‘q, shamol quturgan bo‘lsa kerak.
– Yo‘q, – deya e’tiroz bildirdi chol, – shamol emas bu. Jalaga o‘xshaydi.
– Jala bo‘lganda nima? Besh daqiqa quyib, o‘tib ketadigan tentak jala-da.
Hatto nafas olishga ham qiynalayotgan chol horg‘in xo‘rsindi.
– Men bu jalani bilaman. Bir boshlasa qora buluti ikki-uch kunlab ketmaydi. Ko‘prik nima bo‘ldiykan, to‘g‘onniyam ta’mirlash kerak edi.
Otaning kasal yotganidayam qishloqni, odamlarni o‘ylashi Robiya xolaning g‘ashini keltirdi.
– Shu qishloq sizsiz ochidan o‘lib qoladimi? Kasal yeringizdayam ularni deguncha o‘zingizni, tezroq tuzalishingizni o‘ylasangiz bo‘lardi.
Chol indamadi.
Shu payt qattiq chaqmoq chaqdimi, shamol kimningdir tunuka tomini uchirdimi yoki birov darvozani taqillatdimi – anglab bo‘lmay qoldi. Bu ovoz yana ikki-uch marta eshitilgach, eshik taqillayotganini bilgan kampir tashqariga chiqishga hozirlandi.
– Bobo, Bobojon, – (Chol nabirasini erkalab shunday chaqirardi) momongning izidan bor. Hovli loy.
Kattalarning gangir-gungiridan uxlolmay yotgan bolakay o‘rnidan sapchib turib momosiga ergashdi.
Robiya xola boshiga katta ro‘molini tashlab olgan, Bobobek esa bobosi shoshirib, yugurgilatganidan yupun kiyimda edi. Ular darvoza va uy o‘rtasidagi yursa kalish botib qoladigan loy yo‘lakdan sekin borishardi.
Kampir norozilanib g‘o‘drandi:
– Yarim kechasi kim bo‘ldiykan? Shunday yomg‘ir payti-ya?!
Bola bo‘lsa xuddi javob bermasa birov urishadiganday labini burib, yelka qisdi.
– Kim u? – dedi kampir darvozani ochishga urinarkan.
– Menman, ena, Tursunboy.
Robiya xola darvozani ochgach, xuddi ishonqiramaganday “Tursunboy?” deya ming‘irlab qo‘ydi.
– Qo‘rqmang, ena, o‘g‘rimasman.
Suyun oqsoqolning yaqin yordamchisi Tursunboy ivib ketganidan dag‘-dag‘ qaltirab turardi.
– Ha sizmidingiz, bolam? Tinchlikmi yarim kechasi?
– Tinchlikmas-da, Suyun otam uydamilar?
– Yotib qolganidan beri biror marta boshini ko‘tarmagan odam yarim kecha uyda bo‘lmay qayoqda bo‘lardi?
– U kishida ishim bor.
– Ha, ha, kiring ichkariga, – deya xijolatlandi ostonada turib qolgan Robiya xola.
Tursunboy amakining ko‘kraklarigacha chaplangan loy lipillab turgan chiroq yorug‘ida ola-chalpoq ko‘rindi.
– To‘g‘ondan kelyapman, ena. Ishlar orqaga ketyapti. Bu yomg‘ir tinadiganga o‘xshamaydi.
Tursunboy tizzagacha keladigan rezina etigini amallab yechib, uyga kirdi. Ular bo‘sag‘ada kuymalanguncha lip etib xonaga birinchi kirgan bolakay haligina boshini ham ko‘tara olmayotgan bobosining xuddi mullalarday bo‘lib o‘tirganini ko‘rib hayron qoldi.
– Tuzukmisiz, ota? – deya so‘rashib ketdi uyga kirar-kirmas Tursunboy.
– Xudoga shukur, bir navi. O‘zing yaxshimisan? Allamahalda tinchlikmi?
Yomon xabar keltirganini aytolmay Tursunboy gapni chaynadi.
– Ko‘prikni-ku amalladik, lekin to‘g‘onning iloji bo‘lmayapti. Ba’zi joylarini qayta qurishga to‘g‘ri keldi. Endi bitay deb turganida yomg‘irni qarang. Agar tinmasa keyin umid yo‘q. Shuncha mehnat bir pul.
– O‘zi bitay deb qoldimi?
– Yana zo‘r berilsa ikki kunlik ish. Faqat yomg‘ir beliga tepyapti.
– Chol, siz hozirgina inqillayotgandingiz-ku, – deya gapga aralashdi Suyun otaning o‘tirib olganiga endi ahamiyat bergan kampiri. – Tursunboyni ko‘rib tuzalib qoldingizmi? Yotaversangiz ham uning gapi eshitiladi.
Ota Robiya xolaga qo‘l siltadi.
– Bo‘lmasa, Tursunboy, odamlarga ayt, qirqiga chidashdi, qirq biriga ham g‘ayrat qilishsin.
– Aytdim, ota, aytdim.
Uning kuyunib gapirganidan qoshlarining o‘rtasiga tushgan chiziq battar chuqurlashib ketdi.
– Mendan ko‘ra sizning aytganingizni qilishadi. Ularniyam tushunish kerak. Necha kundan beri shibbalagan yomg‘irga qaramay hasharni to‘xtatishgani yo‘q. Lekin hozirgi jalaga chidab bo‘lmayapti.
Suyun ota noqulay o‘tirganidanmi yoki charchaganidanmi boshqa yoniga o‘girildi. O‘girilayotib qaeridir qattiq sanchidi, shekilli, ixrab yubordi.
– Yaxshi, ertalab boraman. Bugun tonggacha dam olishsin.
Robiya xola nimadir deb norozilik bildirmoqchi bo‘ldi-yu, lekin cholining jiddiy turganini ko‘rib tilini tishladi.
– O‘zim borib ishning boshida turaman. Shuncha qiynalishdi. Agar og‘ir deb hozir tashlab ketishsa keyin ming uringandan foyda yo‘q. Do‘nglikdagi yer bu yil ham suvsiz qoladi.
– Menam shuni aytaman-da, lekin hali yoshmanmi yo odamlarni ergashtira olmaymanmi, ular ishonqirashmayapti. Baribir siz o‘ttiz yillik oqsoqolsiz, salobatingiz bor. Aytganingizni qilishadi.
– Ertalab amallab yo‘lga chiqaman. Buguncha shu yerda yotib qol. Ikki-uch soatdan keyin tong otadi.
– Yo‘q, ota, rahmat. Bugunam to‘g‘on boshida qolaman. U yerdagi vaziyatni nazorat qilib turishim kerak.
Tursunboy chol bilan xayrlashib tashqariga chiqishi bilan hozirgina devorga suyanib o‘tirgan Suyun ota holsizgina o‘rniga yonboshladi. Yotganidan so‘ng ham nafas olishi qiyinlashib xirillay boshladi. Momosi Tursunboy amakisini kuzatib chiqqani uchun uyda yolg‘iz qolgan bola bobosining ahvolini ko‘rib nima qilarini bilmay shoshib qoldi.
– Bobo, qaeringiz og‘riyapti?
– Hech qaerim og‘rimayapti. Ozgina charchadim, sen uxlayver.
Tuni bo‘yi mijja qoqmagan bolakay ko‘zlarini yumib, shirin esnadi.
– Ahvolingiz bu bo‘lsa, ertaga to‘g‘on boshiga boraman deyishning nima keragi bor edi?
Tursunboyni kuzatib kelgan kampir uyga kirar-kirmas, choliga javray ketdi.
– Holingizni bilib gapirsangiz bo‘lmaydimi?
Chol xuddi ayb ish qilganday indamadi.
Kampir yana nimalardir deb g‘udrandi-da, chiroqni o‘chirib yotdi.
Qariganiga qaramay otdan tushsayam, egardan tushmaydigan tetik chol qish oldi to‘satdan yotib qolganicha, hali boshini ko‘targani yo‘q. Erining birdan bunday og‘ir dardga chalinganidan gangib qolgan Robiya xolaning bormagan tabibi, fol deysizmi, o‘qitish, qoqtirishmi – qilmagan amali qolmadi. Lekin birortasidan foyda yo‘q. Oxiri kampirining ortiq yelib-yugurishiga otaning o‘zi ruxsat bermay qo‘ydi. “Dard bergan Egam shifosiniyam O‘zi beradi. Sen ko‘ngli tor bo‘lmay sabr qil”, degandi o‘shanda. Kampir shundan beri yotsa ham, tursa ham nimalarnidir pichirlaydi. Bobobek yomon tush ko‘rsa yoki sovuqsirab tagini ho‘llab qo‘ygan paytlari yarim tunda uyg‘onib ketadigan odati bor. Ko‘zini ochganida yonida yotgan buvisi allanimalar deb pichirlaydi. Agar uyqusi siyrak bo‘lsa, momosining gaplarini aniq eshitadi.
“Ey yaratgan Egam, O‘zing dunyo yaratuvchisisan. Baland tog‘lar ham, dara-o‘ngirlar ham, katta ko‘l, hayvonlar, ojiz bandalarning barchasi sening marhamating bilan bunyod bo‘lgan. Bandalaringga rizq beradigan Rahmon, nomingga shak keltirishsa jazolaydigan Qahhor ham O‘zingsan. Olti bolamni to‘qqiz oy vujudimda ko‘tartirib, yorug‘ olamga kelishganida tortib olding. Chidadim. Soch yulib, yoqa yirtib yig‘lamadim. Ularni qanday yaratgan bo‘lsang, shunday O‘zingga qaytardim. Endi kasal cholimni panohingda asra. Senga shak keltirmoqchi emasman. Har bir banda O‘zingga qaytguvchi. Faqat bir oz vaqt, yana ozgina, hech bo‘lmasa shu norasida esini tanib olgunicha undan marhamatingni ayama".
Bobobek momosi o‘zini nazarda tutayotganini bilib, xuddi uyg‘oq yotganini sezib qoladiganday, pirpiragan ko‘zlarini qattiq yumib oldi.
– Uning o‘rniga mening jonimni ol. Erim hali ko‘pchilikka, qishloqqa, nabirasiga kerak. Men esa qo‘lidan bir ish kelmaydigan notavonman. Tirik yurganimdan hech kimga naf yo‘q. Bu bosh o‘limdan boshqa hamma narsani ko‘rib bo‘ldi. Parvadigorim, gaplarimga ishon, dunyodan hech qanday armonim yo‘q. Dargohingga borishga shayman.
Yo‘q, momosi hali duosini tugatmadi. Bolakay esa shu yergacha eshitib, yana uyquga ketadi. Kim bilsin, Robiya xola qachongacha duo o‘qidiykin? Ehtimol nabirasidan bir oz keyin uxlagandir, ehtimol, tonggacha Xudoga nola qilgandir?
Robiya xolaning hay-haylashiga qaramay, Suyun ota azonlab kiyindi.
– Gandiraklaganingizdan bir qadam yurolmaysiz, shu yomg‘irda to‘g‘on boshiga qanday borasiz?
Bobosi va momosining gaplarini aniq eshitayotgan bo‘lsa ham Bobobek uyg‘oqligini bildirmadi.
– Bilaman, kampir, sen meni o‘ylab kuyunyapsan. Lekin odamlar menga qarab turishibdi. Nima qilib bo‘lsayam borishim kerak. Yo‘limni to‘sma.
Umrida cholining gapini ikkita qilmagan Robiya xola qanchalik qaqshamasin, ortiq qarshilik ko‘rsatmadi. 
– Men otingizni tayyorlayman, – deya chiqib ketdi.
– Bobojon...
Bola bobosiga qarab ko‘rpaning bir chetidan sekin mo‘raladi.
– Men biror yerga ketsam, uyning erkagi, posboni sen bo‘lasan. Shuning uchun bunday g‘aflat bosib uxlama. Momongga qara. Erkaklar doim ayollarni: onasini, opa-singlisini, momosini himoya qilishi kerak.
Chol “yorini” ham demoqchi bo‘ldi-yu, baribir nabirasining tushunmasligini bilib, gapirmadi.
– Uqdingmi?
Bobobek boshini irg‘ab-irg‘ab, o‘rnidan turdi.
– Barakalla.
– Otingiz tayyor, chol.
– Ketyapman, – deya Suyun ota majolsiz oyoqlarida turtinib-surtinib yurdi.
– Haliyam kechmas, chol, yomg‘irni qarang, to‘xtay demaydi. Bunaqada…
– Qo‘ltig‘imdan kir, – deya Suyun ota kampirining gapini bo‘ldi.
U amallab oyog‘ini uzangiga qo‘yarkan, birdan boshi aylanib qalqib ketdi. Yerga yiqilishiga bir bahya qolgandi, yaxshiyam Robiya xola yonida ekan. Ilgarilari bir yengil harakat bilan qora qashqasi ustiga qo‘nadigan navqiron Suyun oqsoqol bugun uzangiga oyoq qo‘yishga ham kuchi yetmadi. Xojasining ahvoliga kulganday, qora qashqa ham baland kishnab nari tisarildi.
– Sizga aygandim-ku, hali darmoningiz yetmaydi.
Kampir va nabira ikki qo‘ltig‘idan kirib uyga amallab olib ketishdi.
– Endi qora qashqani boshqa minolmasam kerak, – dedi Suyun ota chanqagan lablari chapillab.
– Unday demang, yaxshi niyat qilish kerak.
– Men borishim kerak edi, to‘g‘onboshiga borishim kerak edi. Bormasam, qishloq yana yozda suvsiz qoladi.
U yotgan joyida qo‘lidan hech narsa kelmayotganidan, ilojsizligidan kuyunardi.
– Qo‘ying o‘sha to‘g‘onni, vayron bo‘lib ketmaydimi?
Cholining ahvoliga chidolmagan kampir yuzini kaftlari bilan yashirib yig‘lab yubordi. – Olti bolangizga bunchalik kuyunmagandingiz, yotib qolganingizda bir kelib xabar olmaydigan begonalarni o‘ylab buncha kuyasiz.
– Unday dema, kampir. Bu qishloq ota makonim. Uning odamlari menga omonat. O‘lim oldida hammamiz ojizmiz. Kuyganim bilan bolalarim qaytarmidi?
Vaziyat oldida ojiz bolakay esa xuddi qush polaponiday bir chekkada hammasini jimgina kuzatardi.
Oraga cho‘kkan dilni o‘rtovchi og‘ir sukunatni, nihoyat, Robiya xola buzdi.
– Qora qashqangizga minib to‘g‘onboshiga o‘zim boraman.
Chol va nabira yalt etib xolaga qaradi.
– Menga nima deyishim kerakligini ayting, odamlarga yetkazaman.
Chol qo‘rquv va hayrat aralash so‘radi:
– Chindan bormoqchimisan?
– Ha boraman, menam bir vaqtlar otda yurishda sizdan qolishmaganman.
Otaning kirtaygan ko‘zlariga nur enganday porlab ketdi.
– Unda odamlarga ayt, to‘g‘onning avval darabetini mustahamlashsin, agar shu tomon pishiq bo‘lsa, qolgani bir yilga chidab beradi.
– Haliyam o‘ylab ko‘r, bu yomg‘irda yurish qiyin, – deya ikkilandi chol yo‘lga chiqishga hozirlik ko‘rayotgan kampiriga.
– Shu to‘g‘onni, odamlarni deb ignaning ustida yotgandek yotibsiz. Bu yerda sarg‘ayib, qo‘l qovushtirib o‘tirgandan ko‘ra urinib ko‘rish kerak. Bobojon, sen uyda qolib, men kegunimcha bobongga qarab turasan. Yo‘qligimni bildirma.
Qariganiga qaramay, haliyam qotmadan kelgan, chayir kampir yo‘lga tushdi. Anchadan beri ot minmagani uchun qora qashqaga engashishga bir oz qiynaldi. Oqsoqoldan boshqani mingashishga qo‘ymaydigan ot ham qaysarlik qildi. Yoshi yetmishga borib qolgan xola baribir otga minolmasdi. U qo‘li bilan imlab nabirasini yoniga chaqirdi.
– Menga qara, agar bobong so‘rab qolsa, momom otga minib ketdi deb ayt, tushundingmi?
– Xo‘p.
Bobobek burnini tortib qo‘ydi.
Jala hamon chelaklab quyar, loy yerda bilchillatib qadam tashlagancha ot va uni yetaklagan kampir sekin uzoqlashishdi.
– Momong ketdimi?
– Ketdi.
– Beri kel, bolam.
Suyun ota xirillar, isitmalaganidan vujudi o‘t bo‘lib yonardi. 
– Bu yoqqa o‘tir. – U nabirasiga yonidan joy ko‘rsatdi.
– Bobojon, agar hozir ko‘zlarim birdan yumilib qolsa yoki bobo deganingda indamasam, sen qo‘rqma, xo‘pmi? Men qattiq uxlagan bo‘laman. Momongga ayt, yig‘lab meni uyg‘otib yubormasin. Undan ko‘ra to‘g‘onni tezroq bitkazishsin.
Chol tomirlari bo‘rtib qolgan, titroq va ozg‘in kaftlari bilan nabirasining do‘mboqqina qo‘llarini ushladi.
– Bu uydagi mendan keyingi erkak sensan. Oqsoqolning nabirasi degan nomni doim oqla. Momongni ehtiyot qil. Meni tushunding-a, bolam?
Bobobek otaning gaplari ma’nosini tushunmagan bo‘lsa ham, bo‘g‘ziga allanechuk iztirob tiqilib, yig‘lagisi keldi.
– Tushundim, bobo.
Suyun ota keyin ham nimalardir deb pichirladi. Ammo bu gaplarni anglab bo‘lmas edi. Bir ozdan so‘ng esa tinchib qoldi. Ko‘zlari yumilib, qo‘llari bolakayning kaftlaridan sidralib tushdi.
– Bobo, bobojon, – deya qo‘rqib ketgan bolakay cholni bir-ikki marta turtdi. Ammo u jim edi. Binobarin endi boshqa gapirmasdi, qimirlamasdi, ko‘zlarini ham ochmasdi.
Hali bu dunyoning ochilmagan sir-asrorlari, tushuniksiz iztiroblari, atab bo‘lmaydigan hislari borligini murg‘akkina bola qaydan bilsin? Bobosini sovuqqotmasin deb ustiga ko‘rpani yaxshilab yopdi-da, o‘zi o‘ynagani tashqariga chopqilladi.
Oti ham, o‘zi ham yarimbeligacha loyga botgan, kun bo‘yi yomg‘ir tagida bo‘lgani uchun kiyimlari suvga bo‘kkan Robiya xola uyga qosh qorayganda kirib keldi. Bostirma tagida loy o‘ynayotgan nabirasini ko‘rib koyib berdi.
– Baribir bolaligingga borasan-da, shu jala, izg‘irinda senga zarilmi? Yotmaysanmi o‘rningda o‘ranib. Senga bobongga qaragin deb tayinlagandim-ku.
– Bobom uxlayapti, – dedi sovuqqotganidan lablari ko‘karib ketgan Bobobek.
– Bir qoshiq issig‘i bo‘lmaganidan keyin och qoringayam, to‘qigayam uyquni tortadi-da. Boshqa nima qilsin? Yolg‘iz bolamdan qolgan yodgorim qiz bo‘lganida qandoq yaxshiydi-ya. Bobosi ikkimizning issiq-sovug‘imizdan xabar olardi. Qari holimga o‘choq boshida kuymalanmasdim.
Kampir javrab-javrab otni bog‘lagani otxonaga ketdi. Bobobek momosi otxonadan kelguncha uyga kirib ko‘rpasiga o‘randi.
– Osmonning tagi teshilganmi nima balo? Yomg‘ir tinay demaydi, – bola momosining uyga kirayotganini ostonadayoq javrashni boshlaganidan bildi. – Suv boshimdan kirib, oyog‘imdan chiqdi. To‘g‘onda ishlayotganlarning-ku bo‘lari bo‘lgan. Faqat sizning hurmatingiz uchun tik turishibdi o‘shayoqda.
Kampir choli tomonga qaramas, ho‘l kiyimlarini qoziqqa ilish bilan band edi.
– O‘jarligingiz ish beryapti. Baraka topsin odamlar, izzatimni joyiga qo‘yib biror nima deyishmadi. Sizni aytib yubordi deganim uchun jimgina qilishdi. Yana bir kun kecha-kunduz demay g‘ayrat qilishsa, ish bitadi. Xudo oyoqlarimga kuch bersa, bugun kechasiyam to‘g‘onboshida tursam, ish ertaga shomgacha tugaydi. – Xola cholining majol topib biror javob qaytarolmasligini bilar, ammo loaqal ovoz ham chiqarmaganiga hayron bo‘lib Suyun otaga qaradi. – Chol, uxlayapsizmi?
Ota indamadi.
– Shuncha gapni kimga gapirdim?
Ota hamon jim.
Robiya xolaning yuragi qandaydir baxtsizlikni sezganday g‘ashlandi. Hozirgina porlab turgan ko‘zlaridagi nur o‘rnini ma’yuslik egallab, choli tomon yurdi. Suyun bobo o‘ranib olgancha qotib uxlardi.
– Chol, uyg‘onmaysizmi?
Yig‘lamoqdan nari-beri turgan kampir ko‘ngliga kelganlari yolg‘on chiqishini Xudodan o‘tinib, titragan qo‘llarini otaning yuziga bosdi. Suyun ota muzday edi. Kampir seskanib ketdi. Bir muddat karaxtlikdan so‘ng, hushini yig‘ib o‘zini erining ustiga tashladi.
– Meni qo‘rqitmang, ko‘zingizni oching. – U dod solib cholining yoqalaridan ushlagancha silkiladi. – Bizni yarim yo‘lda tashlab o‘zingiz qayoqqa ketyapsiz? Kimlarga ishonib ketdingiz? Ko‘zingizni oching.
Umrida momosini bu ahvolda ko‘rmagan bolakay qo‘rqqanidan ko‘rpaning bir burchagidan chorasizgina mo‘ralardi.
– Evoh, bu qanday qora kun bo‘ldi? Ey Xudo uning o‘rniga mening jonimni olsang bo‘lmasmidi? Men o‘lsam bo‘lmasmidi? Yo Alloh, sendan o‘tingandim-ku, yolvorib so‘ragandim-ku. Endi yetimchaning holi ne kechadi?
Momosining dunyoni unutib yig‘layotganiga Bobobek chidolmadi. Cho‘chiyotgan bo‘lsa ham xolaning yoniga bordi.
– Momo, – dedi u sekingina.
Ortiga o‘girilgan kampir nabirasini ko‘rib shoshib qoldi. Duvillab quyilayotgan ko‘zyoshlarini artib kulimsiradi.
– Bolam, sen tashqarida o‘ynamayotganmiding?
– Sovuqqotdim.
– Ie, seni ko‘rmabman-da, bolam. Ko‘rganimda bobong bilan g‘ijillashmasdim. Qara, bobongni, miq etmay yotishini. Kasal bo‘lish yoqib qolgan bu kishiga. Faqat yotaverib taltayib ketdi. Shunga urishayotgandim.
– Bobom o‘ldimi?
Uning to‘satdan bergan savoli xolani battar gandiraklatib qo‘ydi.
– Bobong o‘lgani yo‘q, uxlayapti. Charchagani uchun qattiq uxlayapti.
Bobobek momosining gapiga ishonmagan bo‘lsa ham, boshqa narsa so‘ramadi.
– Bobojon, bolam, kiyin. Issiqroq bo‘lsin.
– Qaerga boramiz?
– To‘g‘onboshiga. Odamlar bobongni kutishyotgandi. U kishi borolmaydi, o‘zimiz boramiz. Bobong, – xola shu yerga kelganda og‘ir xo‘rsindi. Ko‘ylagining etagiga ko‘zlarini artdi, – uxlashidan avval senga hech narsa demadimi?
Bola bir oz o‘ylandi.
– Momong yig‘lamasin, undan ko‘ra to‘g‘onni bitkazsin dedi.
– Shunday deganini ko‘nglim sezgandi.
Kampir cholini uyda yolg‘iz qoldirarkan, nabirasini eshitmayapti deb o‘ylab sekin pichirladi.
– Meni kechiring. Hammaga ovoza qilolmayman. To‘g‘onboshiga borishim, odamlarni ishni tezroq bitkazishlariga undashim kerak. Buning uchun mendan ranjimang. Axir o‘zingizning xohishingiz ham shu edi-ku. Bobojonni yoningizda qoldirardim. Lekin u hali go‘dak, qo‘rqadi. Bir o‘zingizni qoldirayotganim uchun meni kechiring. Agar hozir odamlarni janazaga yig‘sam, ish qolib ketgani uchun meni kechirmaysiz.
Uy eshigini mahkam yopgan kampir, pechkani yoqmadi. Derazalarni ochiq qoldirib, qosh qorayganda nabirasi bilan yo‘lga tushdi. Tinmay quyayotgan yomg‘ir ostida, bolakay otda, kampir esa yayov, horg‘in odimlaydi. Go‘yo xojasining o‘limiga aza tutganday qora qashqa ham qadamlarini og‘ir tashlaydi.
Ular to‘g‘onboshiga yetib kelgan zahoti kampirning yoniga Tursunboy xalloslab yugurib keldi.
– Otam kelmadimi?
– U kishi kasal, yurolmaydi. Tinchlikmi?
– Odamlarni olib qololmayapman. Ketamiz deyishyapti. Nima qilishni bilmay boshim qotib turgandi.
– To‘g‘on-chi...?
– Yomg‘ir hammaning jonidan o‘tib ketdi.
– Lekin atigi bir kunlik ish qolgan.
– Shuni tushuntirolmayapman-da, ena.
Kampir indamay, usti sirpanchiq toshlar oralab, yirik ko‘lmaklarni kechgancha to‘g‘on tomon yurdi. U yerda ish to‘xtagan, odamlar o‘zini pana joylarga olgandi.
– Bu yerda nima bo‘lyapti?
Odamlar noiloj xolaga salom berishdi.
– Bir kunlik ish qolganda, o‘zingizni chetga olyapsizlarmi? Shuncha mehnatingizga achinmaysizmi? Yil bo‘yi do‘nglikdagi yerlarni sug‘orishga yetadigan suv bekorga jarga oqib ketaveradimi?
– Bu yomg‘irda ishlab bo‘lmaydi, tushuning, ena, – deya gapga qo‘shildi Ali mirob. – Amallab quygan betonimizni suv yuvib ketyapti.
– Lekin shu holiga tashlab ketsak, to‘g‘on butunlay buzilib ketadi-ku.
– Aql o‘rgatmay jalada o‘zingiz bir ishlab ko‘ring, keyin bilasiz.
Robiya xola qorong‘i bo‘lgani uchun kim gapirganini anglolmadi. Ammo tashlangan shu luqma qari kampirning yuragida mudrab yotgan nimanidir uyg‘otib yubordi.
– Mayli, kim ketishni xohlasa ketsin, qolganini o‘zim qilaman.
Bobobek momosiga hayron tikildi. Robiya xola yig‘lar, ammo yoshlari yuziga urilayotgan yomg‘ir tomchilari bilan aralashib sezilmayotgandi. Biroq shu g‘amnok yuzlarda ham katta kuch va iroda bor edi.
– Men shu to‘g‘ondan bir tomchi suv olmasam ham kunim o‘tadi. Oqsoqol sizlarni, qishloqni o‘ylagandi. Bir umr shularni deb yashadi. Lekin xayf sizlarga. U kishi qadriga yetmaydigan odamlar uchun kuyib-pishganini bilsa edi…
Kampir boshqa gapirolmadi. Etaklarini turib, to‘g‘onning baland devoriga ko‘tarila boshladi. Vaziyatni qanday baholashni bilmay ikkilanayotgan bola ham momosiga ergashdi. Kampir nima qilish kerakligini ham, qanday qilish kerakligini ham bilmas, hali qotmagan tsementni tekislar, kuchi yetgan toshlarni u yoqdan bu yoqqa siljitardi. Uning ishi to‘g‘on qurilishiga o‘xshamas, faqat alamidan nima qilarini bilmayotgan xola shu bilan ovunayotgandi.
Xolaning to‘g‘on yuqorisida turganidan xijolat bo‘lgan odamlar birin-ketin ishlagani turishdi. Hamma qo‘zg‘aldi. Ish ham, gurung ham, jala ham avjida. Tonggacha, to to‘g‘on bitmaguncha qancha majburlashsayam kampirni hech kim pastga tushishga, panaga o‘tishga ko‘ndirolmadi. U ish tamom bo‘lgunicha, odamlar yonida, tik oyoqda turdi.
Bobobek momosini kuzatarkan, uni ulg‘aytirgan besh yil bir bo‘ldi-yu, shu bir kun bir bo‘ldi. Chunki uning qarshisida javrashdan boshqa narsani bilmaydigan qari momosi emas, vujudida ulkan kuch uxlagan inson turardi.
Nihoyat, to‘g‘on bitdi. Odamlarning ha deyishga sillasi yo‘q. Madordan ketgan Robiya xola ko‘zlarini qisib to‘g‘on tomon qaradi. Atrofga tong yoyilgan, yomg‘ir esa tina boshlagandi. 
– To‘g‘oningiz bitdi, chol. Endi xotirjam bo‘ling, – dedi sekingina. Odamlar tarqalayotganida kampir ularga rahmat aytib xo‘rsindi.
– Bir oz dam olgach, biznikiga yig‘ilinglar. Rahmatli Suyun otani so‘nggi yo‘lga kuzatish kerak.
Barcha qo‘rquv va hayrat aralash xolaga qaradi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.