OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Otabek Yo'ldoshev. Quyon bo'lish voqeasi (hajviya)

Ostonaqulovning fakultetga dekan bo’lib ko’tarilganligiga bor-yo’g’i bir oy bo’lgan esa-da, barchaning “dodini berishga” ulgurdi. Kecha uning dakkisidan besh daqiqagina kech qolgan kaminai kamtarin ham bebahra qolmadim.
Oliygoh domlasi ham shunaqa mas’uliyatsiz bo’ladimi, o’rtoq? O’qituvchi bo’laturib siz kechikibsizki, talabalardan xafa bo’lmasak ham bo’laverarkan!- dedi u qoshlarini chimirib.- Boshqa qaytarilmasin. Aks holda maoshingizdan ushlab qolaman.
Ertalab Ostonaqulovning qahrli qiyofasi ko’z o’ngimda namoyon bo’ldiyu, ko’ylagimni dazmollayotgan xotinimga o’shqirdim:
O’v, imillamasdan tezroq bo’l. Ostonaqulov naq ostonadan kiritmaydiya.
Tramvayga bir amallab ilindim. Bugun kechikmasligim kerak. Ex, shunday paytlarda avvalgi dekanimiz Sotvoldievning qadri bilindi. Qanday tilla odam edi-da. Odamni tushunardi. Ba’zi paytlar shaxsan Sotvoldievning tashabbusi bilan kechqurunlari pivo barida yig’ilishib, tong saxarga qadar muzday pivodan simirgancha futbol ko’rardik. Gap-gashtaklarniku aytmasam ham bo’lar. Aytgancha, bugun futbol bo’ladiku. Sotvoldiev bo’lganidaku stadionga borishga ruxsat beribgina qolmasdan, o’zi ham birga borardi. Lekin Ostonaqulov… 
Kafedraga kirib kelganimda Sharipov domla va qishin-yozin boshidan shlyapa tushmaydigan Valiev domlalar ham dekandan qanday ruxsat olishni maslaxat qilib turishgan ekan. Ikkisi ham xox stadion, xox televizordagi futbol o’yinlarini qoldirmasdan ko’rishardi. Yoshlari ellikdan oshib qolgan bo’lsa ham fakultet maydonchasida talabalar bilan to’p tepib turishni kanda qilishmasdi. 
-Nima qilamiz, o’rtoqlar?- dedi Valiev domla bizga termulib.- Bugun “Quruvchi” arablar bilan o’ynarkan. Zo’r o’yin bo’ladi-da.
- Ostonaqulovdan ruxsat olish yozda qor yog’ishidan umid qilishday gap, - dedi Sharipov.
Nima qilishga ham hayronmiz. Tushga yaqin uchchovlashib dekanning xuzuriga kirishga kelishib oldik. “Ruxsat bermaydiyov”, o’yladim ichimda. Shu payt yana Sotvoldievni qo’msadim. Hozir Sotvoldiev bo’lganidami, hech bir hadiksirashsiz dars o’tmasdan, talabalarga javob berib yuborgan bo’lardim. Afsuski, hozir bunday qilolmayman. Sotvoldiev dekanlik qilgan paytlarda fakultet eshigi oldida kech qolgan talabalarni ro’yhatga olib o’tiradigan navbatchi bo’lardi. Ostonaqulov kelgach, kech qolgan o’qituvchilar ham ro’yhatga tushadigan bo’ldi. 
Tushdan so’ng uchchovlon dekanatga kirdik. Kotiba bizni kulimsirab qarshi oldi:
-Sizlar ham futbolga bormoqchimisizlar?-dedi u biz gap boshlamasdanoq. 
-Qanday bildingiz?- dedim men hayratlanib.
-Bugun ertalabdan buyon qorovul Mamat akadan tortib, dotsent Po’lat akagacha kelishdi. Hammasi futbolga borgisi kelib turibdiyu, dekanga bir nimalarni baxona qilishadi…- shunday deya u yanada balandroq kuldi. 
-Dekan o’zlaridamilar?-so’radi Sharipov domla.
-Dekan qayoqqadir ketdilar!
Biz tarvuzimiz qo’ltig’imizdan tushib kafedraga qaytdik. Nima qilsak bo’ladi? Yana o’n besh daqiqadan keyin futbol boshlanadi. 
-Dekan yo’qmi, demak, bugun kelmaydi. Indamasdan ketvormaymizmi?-dedi Valiev.
-Dars nima bo’ladi?-dedim kayfiyatim tushib.- Mening yana ikki para darsim bor. 
-Xavotirlanmang. Dekan birma-bir kirib tekshirarmidi.
Shunday qilib hech kimga hech nima demasdan ko’chaga chiqdigu, taksiga o’tirib stadionga yo’l oldik.  
O’yingoh doshqozondagi sumalakday qaynayapti. Hamma allaqachon joyini egallab bo’lgan. Biz ham surina-surina o’zimizga o’rindiq qidira boshladik. Sal orqaroqda bo’lsa ham o’tirdik. Ichimda “Ertaga dekandan gap eshitmasmiknman”, degan ikkilanish bo’lsa ham o’yin boshlanishi bilan hammasini unutdim. Futbolchilarimiz burgut misoli oldinga tashlanib birinchi urinishdayoq to’pni raqib darvozasiga tushirib qo’yishdi. Butun o’yingoh oyoqqa qalqdi. Biz ham o’rnimizdan turib olqishlarga qo’shildik. Shu payt ko’zim bizdan pastroqda o’tirgan Ostonaqulovga tushdi. U qo’llarini silkitib qichqirardi. Yonimdagi Sharipov domlani asta turtib, Ostonaqulov tomonga ishora qildim. Biz bir zum jim qoldik. Chunki Ostonaqulov ham bizni ko’rib, qotib qolgan edi. 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.