OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xoliyor Safarov. To‘ti Momo (hikoya)

– Ichingga o‘t tushkurning ichi to‘lib ketgan ekan! Inkubatir bo‘l-a, inkubatir!
– Nima gap, To‘ti? Tinchlikmi? – hozirgina bomdodni o‘qib, tashqarilayotgan Ochil bobo ko‘cha eshigini qarsillatib yopib kirgan xotinining avzoyi buzuqligi, lopillab kelishini ko‘rib, nima bo‘lganligini tushundi-yu, cho‘qqi soqolini tutamlaganicha ostonada tek turib qoldi. – Nega darrov qaytding?
– Ay-y! – qo‘l silkidi To‘ti momo. Kelib eshik qarshisidagi chorpoyaga hansirab o‘tirdi-da, uzun etagini qayirib, peshanasidagi terni artdi. – Ichi to‘lib ketgan ekan buning. Yana bolam paqirning yuzini shuvit qildi…
– Hey, muncha it quvganday hansiraysan? Umri bilan bergan bo‘lsin! O’zi yaxshimi? – dedi bobo o‘pkasini bosolmay o‘tirgan xotinining yoniga kelib.
– E, baloday! – dedi momo boshini silkib. – Kechasi soat uchlarda ko‘zi yoridi. Dardi achchiqligidanam biluvdim o‘zi...
To‘ti momo o‘tirolmadi. Hali tong otmay, quyosh qizdirmasdan peshanasida reza-reza ter oqishi, ichida bir isyon ko‘tarilib kelayotganidan darak berib turardi. Momo shart ketiga burildi va chorpoya yonida otasi borligi uchun joyidan turolmay, ko‘rpani boshigacha o‘rab yotgan bo‘y qizining ko‘rpasini tortib yubordi.
– Tur-e! Indamasa, choshgohgacha yotasan hammang! Bor, sigirni sog‘ib kel. Keyin akang podaga qo‘shib keladi.
Uyg‘oq bo‘lsa-da, bosh tomonida otasi borligi uchun turishga iymanib yotgan qiz ko‘rpa tortilishi bilan boshini ko‘tardi-yu, sapchib o‘rnidan turarkan, xijolatda o‘lar bo‘ldi. Onasiga qarab, «Ena-a?» dedi-da, qatlanib qolgan ko‘ylagi etagini yoza-yoza oshxonaga yugurib ketdi. Shu payt otasi bomdodga tahorat olish uchun chiqqan mahal maykachan yugurib ketgan kenja o‘g‘li ko‘cha eshigidan «Bir, ikki! Bir-ikki!» deb qo‘llarini orqaga-oldinga aylantirganicha kirib keldi.
U bokschi bo‘lmoqchi. Kechqurun bir, ertalab bir mashq qiladi. Maykachan bo‘lib, huv guzardagi magazingacha besh-olti marta yugurib keladi-da, og‘il yonidagi qayrag‘och shoxiga qum solib osilgan qopni mushtlaydi. Ikki qo‘lini yerga tirab, ellik-oltmish martadan yotib-turadi. Keyin shtangasi – armaturaga «kiydirilgan» temir-tersaklarni sakkiz-o‘n martagacha ko‘taradi. Yana osig‘liq qop bilan boks tushadi. Turnikka tortinadi. Yigirma-o‘ttiz marta. So‘ng onasining qistovi bilan podani qo‘shib kelgach, sanab to‘rt dona tuxumni qaynattirib yeydi va maktabiga ketadi.
U har kungidek salom bilan qayrag‘och tagiga o‘tayotgandi, tutaqib turgan onasining jahliga «ilindi».
– Hay, shoshma, – dedi To‘ti momo (aytgancha, Ochil bobo, To‘ti momo deyapman-u, ular hali payg‘ambar yoshiga ham yetganlari yo‘q, ammo oltmishni qoralab qolishdi. Ota-bobosi udumini qilib, er soqol qo‘ygan, xotin boshiga katta oq ro‘mol yopgan) chorpoyaga suyanganicha. – Bolam, qo‘y shu «bir ikki, bir ikki»ngni. Menga qara, vaqti kelsa, er yetib, uylanasan. Lekin Taysinjon, bilib qo‘ygin, kim bo‘sang ham, bokschi bo‘lasanmi, boshqami, xotining o‘g‘il tug‘mas ekan, oting chiqsayam, zoting chiqmaydi!
– Menga nima deysiz, ena? – dedi o‘g‘li onasining gapiga tushunmay. So‘ng borib, meshni mushtlay ketdi. Bir nafas mashq qilgach, to‘xtadi va yana yelkalarini o‘ynatganicha otasining oldiga keldi. – Enam nimaga bunday deyapti?
– Suyunchi ber? – beixtiyor jilmaydi ota.
Yigitcha birdan tushundi. Onasiga yuzlandi.
– Ena, akamning nimasi bo‘pti?
Ochil bobo piq etib kuldi.
– Qizi bo‘pti! – dedi chorpoyadagi joyni yig‘ishtirishga tushib ketgan momo boshini ko‘tarib. So‘ng oldiga osilib tushgan ro‘molini yelkasiga tashlarkan, eriga javrashdan naf yo‘qligi uchun dardini o‘g‘liga to‘ka ketdi. – Bolam, shuning uchun azondan o‘zimni qo‘yarga joy topmay turibman-da. Bo‘lmasa, shu ko‘rpa-yostiq yig‘ish mening ishimmi? Yangang gumburlatib o‘g‘il tug‘ib, men oldida o‘tirmaymanmi? Og‘ziga novvot solib, nevaramning poyiga isiriq tutatmaymanmi? Hey, dunyosi qursin. Yana qiz. Inkubatir, bu kelin, inkubatir!
Yigitcha onasining javrashidan hech narsa tushunmadi. Anglagani, yangasi yana qiz tuqqan...
– Nima bo‘pti, hayla, Shodi pismiqningam beshta qizi bor. Chiroyli, chiroyli.
U Shodi akaning qizlari suluvligi, shularning kattasini yaxshi ko‘rishiga ishora qilgandi, To‘ti momo o‘g‘lining gapidan ijirg‘andi.
– Bor, sen go‘ringni tushunarmiding. Kep-kep senga gapirib o‘tiribman-a? Otang-ku eshitishni xohlamaydi. Bilgani shu, «Xudo beradi, xudo beradi!» A, Xudoyam belida kuchi borga o‘g‘il beradi-da.
Ochil bobo beozor kuldi.
– Ay, bo‘ldi qil-e, enag‘ar. Og‘zim bor deb har narsani gapiraverasanmi? Hamsoya-quloqdan uyalmaysanmi? Undan ko‘ra, bor, kelindan xabar ol. Oldida o‘tir. Atala-patala qaynatib ber. Charos lochira yopsin. Ana, oshxonada bir kadi tuxum yig‘ib qo‘yibsan, oborgin-da, qovurib ber.
– Tuxum yeguncha, toshni yesin! – zarda qildi To‘ti momo. – Obormayman! Atalasiniyam o‘zi qilsin, lochirasiniyam! Unga qiz tug‘ debmanmi? Shuni deb bolam bechoraning yuzi shuvit. Siz bo‘lsangiz, «Ko‘p vaysama, Xudo beradi», deysiz. Bir kuni televizordan berdi, qizlarning futbol komandasi bor ekan. Nima, ulingizam qizlarini yig‘ib, futbol komanda tuzadimi? Mana, – bosh barmog‘ini ikki barmoq orasidan chiqarib, havoga ko‘tardi, – izini quritaman!
– Og‘zingni yop-e! – Ochil bobo shunday deya chorpoyadan yostiq olib, xotinining yuziga otdi. – Ikkinchi marta shu gapingni eshitsam, o‘zingni quritaman!
Momo miq etolmay qoldi. Ochil bobo shunda tom osha oqaribgina kelayotgan tongga qaradi. To‘ti rost gapirayapti. Kelini to‘rtinchi farzandini ham qiz tuqqanda qattiq o‘ksigandi. O’g‘lini-ku, aytmasa ham bo‘ladi. Go‘yo hammasiga o‘zi aybdordek. Jag‘i jag‘iga tegmay arzi-dod qilayotgan onasining ko‘ziga qarolmay qolgandi.
– Ena, nima deysiz, Xudoning bergani-da... – degandi oxiri.
Kelin qasam ichgan: «O’nta tug‘sam ham, baribir bitta o‘g‘il tug‘aman!» 
Hamma umid shundan, keyingisidan edi. Bu gal ham yarim kecha o‘g‘li halloslab kelib, «Ena, keliningizdi mazasi bo‘lmayapti» deb olib ketgandi. He tumanga borib, tekshirtirish qayoqda, bolalarning bir joyi og‘risa, bariga shu To‘ti balogardon. Tabib ham, do‘xtir ham o‘zi. Unga, rahmatlik onasi shunday qilardi. An’ana. Endi To‘ti. Oldingi uch qizga ham o‘zi doyalik qildi. Oqibatli xotin, qarg‘asa ham, qovog‘ini uysa ham, kindigini o‘zi kesdi, o‘zi beshikka soldi. Qo‘ni-qo‘shnilarga sochqi berdi. To chillasi chiqquncha yonidan bir qadam jilmagan edi. Ammo uyga kelgan kuni, «Buvasi, keliningiz yana qiz tug‘sa, meni taloq qo‘ying, lekin borib qaramayman! Hayla, og‘zini ko‘pirtirishni biladi, enasi qarasin!» degandi. Qaysar xotin. Ammo to‘rtinchisida ham bordi, mana, beshinchisining ham boshida o‘zi turdi, lekin o‘tgan galgidek to‘nini teskari qilib qaytib keldi.
– Oldida kim bor? – so‘radi Ochil bobo anchadan beri qo‘l urmagan ishi, ko‘rpa-yostiqni yig‘ib, uyga kiritayotgan xotinidan.
– Enasi! Uljoningiz bo‘zchining mokisidek bo‘lib chaqirib keluvdi, – dedi ko‘rpacha ko‘tarib ketayotgan joyi, bo‘sag‘ada taqqa to‘xtab. – Qarasin-da! Men aytganman. Ko‘ngli ko‘nglidan qolsin, qo‘rqadigan joyim yo‘q!
– Bema’ni gapirma! Qizingni jo‘nat, non-pon qilib bersin. Kir-piri bordir...
– Hech qaerga bormaydi! Choyini qaynatsin. – To‘ti momo shunday deya ichkariga kirib ketdi.
Bobo sigirni sog‘ib kelib, endi o‘choqqa choy osgan qizini chaqirdi.
– Charos! Qizim, sen borib, yangangga yordam bergin. Chaqaloq qipti.
– Voy? Qachon? – qiz hali bu xushxabardan bexabar ekan, shekilli, yugurib kelib, otaning og‘ziga qaradi.
– Bugun.
– Nima bo‘pti?
– Qiz.
– Ha... – keyin ko‘z osti bilan hozirgina onasi kirib ketgan uyga qaradi. – Shunga ekan-da.
– Ha. Sen bor, yordam ber.
– Xo‘p. Otini nima qo‘yaykan? – beixtiyor qiziqdi qiz.
– Ko‘p gapirmagin-da, tez bor.
– Mayli, mayli, – qiz shunday deya chopqillab ko‘cha eshigi tomon yurgandi, ichkaridan onasi chiqib qoldi.
– Huv, qayoqqa?
Qiz eshikkacha bormay taqqa to‘xtadi. O’rniga ota javob berdi.
– Rashitnikiga! Kelinga qarashsin. Quda momomam yarimjon xotin. Nima, ena-bolani mayib qilasanmi endi?
– Bormaydi! – o‘shqirdi momo. – Hay, izingga qayt!
Qiz otasiga qaradi.
– Bor, boraver, – dedi Ochil bobo. So‘ng xotiniga yuzlandi: – Esing joyidami? Qanday bugun yengillashgan kelin uy ishiga bo‘ladi?
– O’g‘il tuqqanda hammasini o‘zim qilaydim! – momo hovuridan tusholmasdi. – Kerak bo‘lsa, sigiriniyam sog‘ib, xamiriniyam qilib beraydim!
– Ey, Xudoning qahrini keltirma! Bor, choyingga o‘zing qara! – Ochil bobo shunday dedi va ko‘cha eshigi oldida tosh »qotgan qiziga «Ketaver» degan ishora qildi.
Qizi chiqib ketgach, To‘ti momo shang‘illab oshxonaga kirdi. Qizi sog‘ib kelgan sutni qozonga soldi. Dasturxonga unnadi. Ungacha Ochil bobo podani qo‘shib kelgan o‘g‘lini yoniga chaqirib, narigi qishloqqa tushgan ikki qizi va paxtalik yerdan berilgan yangi uchastkada yashovchi katta o‘g‘liga suyunchiga yubordi.
– Yangamning qizi bo‘pti, de!
Erining quvonchi, xotirjamligini ko‘rib, To‘ti momoning yana qoni qaynadi. Apil-tapil qozondagi sutni tovoqqa bo‘shatdi-da, iddao bilan choy damlab keldi.
– Kelinlaringiz qiz tug‘sa, xursand bo‘lasiz. Yana tarafini olib, yuzimga yostiq bilanam urishdan toymaysiz. O’zingiz ichavering! – deya har kungidek choyni peshlab, eriga piyola tutish, yonginasida o‘tirish o‘rniga uyga qarab yurdi.
– Bu yoqqa kel! 
– Yo‘q! – To‘ti momo yosh qizdek bosh irg‘aganicha araz bilan uyga kirib ketdi.
– Hih... – Ochil bobo chorpoyada yolg‘iz o‘tirib, choy ichdi. Shart turib, o‘g‘linikiga ketmoqchi ham bo‘ldi-yu, «Hozir ular chillalik. O’zlari bilan o‘zlari. Bir-ikki kun o‘tsin» dedi.
Bobo choyni ichib bo‘lganda quyosh bir terak bo‘yi ko‘tarilib, chorpoyaga uyning soyasi tushib turardi. Soya-salqin. Pastqamgina hovli sathini yalab o‘tgan mayin shabada yuzga urilib, ko‘ngilga huzur bag‘ishlaydi. Ochil bobo yonboshlab o‘g‘li haqida o‘yladi. Besh qiz.
– Iloyim bolalarining baxtini ko‘rsin. Hali yosh, nasib bo‘lsa, hademay yuzi yorug‘ bo‘ladi. Biz ham uch yil farzand kutganmiz... Tag‘in, oralari ham to‘rt-besh yildan.
Shu payt ko‘cha eshigidan chopib kirgan kenjasi yoniga kelib o‘tirdi-yu, xayoli chalg‘idi.
– Ota, mana, suyunchi opkeldim! – dedi u cho‘ntagidan to‘rt-beshta g‘ijimlangan pul chiqarib.
– Yasha, – dedi ota. – Endi choyingni ich-da, maktabingga bor. Pul o‘zingga. Shirinlik olib yegin.
Yigitcha g‘ijimlangan pulni taxlab cho‘ntagiga tiqdi-yu, oshxonaga kirdi. Unga tuxum qaynatilmagan ekan, kadi ichidan to‘rtta tuxum oldi-yu, ikki tomonidan gugurt cho‘p bilan teshib, xomligicha ichib yubordi. Uyga kirib kiyimlarini almashtirib chiqayotgandi, dahlizda o‘tirgan onasini ko‘rib qoldi.
– Ha, ena, – dedi. – Tuxumam qaynatib qo‘ymabsizlar-a?
To‘ti momo javob bermadi. O’tiraverdi. O’g‘il hech narsaga tushunmay asta chiqib ketdi.
– Choy ichmaysanmi? – dedi ota o‘g‘lining ketayotganini ko‘rib.
– Yo‘q. Tuxum ichdim.
– Ha, mayli. Vaqtliroq ke.
Shundan keyin Ochil bobo yonboshlab yotgan ko‘yi uyga qarab ovoz berdi.
– To‘ti? Hey, bu yoqqa ke!
Ichkaridan sado chiqmadi.
– Nima balo, uxlab qoldingmi? Yo kelinim qiz tug‘di, deb o‘zingni osdingmi?
Yana javob bo‘lmadi. Ochil bobo bildi: xotini xafa bo‘lib o‘tiribdi. Vaqtida, shu kelinni olishda ham u oyoq tirab, qarshi bo‘lgan. «Kerak emas, enasi qatorasiga beshta qiz tuqqan! Buyam shunga tortadi. Keyin juda mayda qiz. Menga gursillagan kelin kerak!» Ammo o‘g‘li ikkisining xohishiga qarshi chiqolmagandi. Boyaqish haq ekan. Kelin onasiga tortdi. Boboning ham ichidan qirindi o‘tsa-da, sezdirmadi. Xudoga soldi.
– Tirnoqqa zorlar qancha. Nasib bo‘lsa beradi. Bunisi bo‘lmasa, unisi...
Oradan yana besh-o‘n daqiqa o‘tgach, ichkaridan To‘ti momo chiqdi va xo‘mrayib kelib, chorpoyaga o‘tirdi.
– He, senga nima bo‘ldi? – dedi Ochil bobo. – Osmon qo‘lingda bo‘lsa, tashlab yubor, lekin Olloning irodasiga qarshi chiqma! O’zing tortgan azoblar yodingdan chiqdimi?
To‘ti momo eriga bir qarab qo‘ydi-da, dasturxon chetiga bostirilgan choynakni olib, oshxona tomonga yurdi. Ketayotib:
– Siz qachon elga dasturxon yozib, nevara to‘y qilasiz? Shuniyam hech o‘ylaysizmi? – dedi zorlanib.
Ochil boboni tok urgandek bo‘lib, miyasi shang‘illab ketdi. Bu gap «Siz qanaqa erkaksiz o‘zi?» degandek og‘ir botdi.
– Bu yoqqa ke! – dedi o‘dag‘aylab, ammo xotini unamadi. Eshitmagandek bo‘lib, o‘choqdan choy damlab keldi va chorpoyaga o‘tirdi.
– Kelinim o‘g‘il tug‘di, deb qo‘ni-qo‘shnilarga chachala berishimni, siz choyxonaga chiqib, bir osh buyurtirishni, «Haqberdi buva» bo‘lishni xohlamaysizmi? – dedi bir paytlar kulcha yuziga yarashib turuvchi kulgichlarini o‘ynatib. So‘ngra eriga shunday iltijoli qaradiki, shundagina Ochil bobo uning yig‘layotganini bildi va surilib, yoniga o‘tirdi.
– Kampir,– dedi yelkasiga qo‘lini qo‘yib,– sen bilan men nimani xohlasak, o‘shanday bo‘lavermaydi. Niyatingni butun qil. Hali hammasi yaxshi bo‘ladi. To‘ylar qilamiz. Vecherda nevaralaringni ko‘tarib, o‘ynaysan, o‘zim to‘yi boshida bo‘laman. Hammayam senday bir xil, oq-qora qilib tug‘olmaydi.
To‘ti momo eri uning doim bir o‘g‘il ketidan, bir qiz tuqqanligiga sha’ma qilayotganligidan chehrasi yorishgandek bo‘ldi.
– Bittagina o‘g‘li bo‘saydi...
– Bo‘ladi, nasib bo‘lsa, – bosh irg‘adi Ochil bobo. – Men bir narsani o‘yladim. Shu qizga «O’g‘iloy» deb ot qo‘ysak. Zora, keyingisi...
– Nima qilsangiz qilavering, men aralashmayman, – dedi To‘ti momo yonog‘iga dumalab tushgan ikki tomchi yoshni yengi bilan artib. 
– Shunaqami? – Ochil bobo joyidan turib ketdi. – Fe’ling qursin seni!
Bobo xotiniga boshqa gapirmadi. Uch kun o‘tib, o‘g‘linikiga bordi-da, chaqaloqning qulog‘iga azon aytib, «O’g‘iloy» deb ism qo‘ydi.
Shu kundan qaynona kelinnikiga, kelin qaynona uyda kuni qaynotasining oldiga bormas bo‘ldi. Har ikkisining dardi ichida bo‘ldi.
Har ikkisi yashirib-yashirib yig‘lar, Xudodan o‘g‘il so‘rar bo‘ldi.
Har ikkisi umidvor bo‘ldi. O’zlari istamagan holda bir-biriga dushman bo‘ldi, ammo bir-birlarini otmadi, bir-birlarini la’natlamadi. Go‘dak ikki oylik bo‘lganida isitmasi ko‘tarilib ketib, butun oila oyoqqa turdi. Shunda To‘ti momo uch kun nevarasining boshida yig‘lab o‘tirdi. Gina-kuduratlarni unutib yubordi, ammo kelinga qovog‘ini ochmadi. Bola tuzalishi bilan uyiga kelib oldi. Xudodan yuzlari yorug‘ bo‘lishini so‘radi...
Shunday kunlar ketidan oylar kelib, ko‘z ochib yumguncha oradan ikki yil o‘tib ketdi.

* * *

Qishning ilk kunlari edi. Birinchi qor zahri yerdan ketmay turib, yana qor yoqqan, havo To‘ti momoning avzoyidan ham buzuq edi. Qibladan esayotgan izg‘irin tom boshidagi qorlarni sovurib, orqa tomonga uyib tashlayotgandi. Kechki mahal. Uylar sovuqligidan hamma bir xonaga yig‘ilib, kechki ovqatni yeb o‘tirishgandi. Bir payt halloslab Rashid kirib keldi.
– Ena, bormasangiz bo‘lmaydi! Keliningizning mazasi yo‘q! – dedi salom berishni ham unutib.
– Bormayman, enasini chaqir! – To‘ti momo cho‘rt kesdi.
Ochil bobo gap nimadaoigini anglab, xotiniga dedi:
– Borasan! Sen turib, enasi keladimi?
– Kim kelsa kelaversin! – To‘ti momo endi tamoman teskari qarab oldi.
– Bormaysiz-a? – iltijoli, ham alamli qaradi o‘g‘li.
– Yo‘q!
Rashid boshqa gapirmadi, shart ketiga burilib, chiqib ketdi.
– Erkakning sazasi o‘lguncha ho‘kizning bo‘yni uzilsin, degan ota-buvalarimiz. Bor, agar yo‘q, desang o‘zim boraman! – dedi Ochil bobo xotiniga o‘dag‘aylab.
To‘ti momo bir pas ko‘zlari bilan yer chizib, dasturxon chetini qayirib o‘tirdi-da, irg‘ib o‘rnidan turdi. Boshidagi katta ro‘molini iyagidan tang‘ib bog‘ladi va yengil nimcha ustidan erining ohorli choponini kiyib, kenjasiga yuzlandi.
– Taysinjon, men bilan yur...
To‘ti momo o‘g‘lining qo‘ltig‘idan tutgancha qishloq itlarini vovullatib, izg‘irinli tunda toshko‘cha oxiriga qarab ketdi. U yerdagi oppoq qorni g‘arch-g‘urch bosgancha allanimalar deya pichirlab borar, ammo nima deyotganini o‘zidan boshqa hech kim tushunmasdi.
Ochil bobo bomdodga turgandi, ko‘cha eshigi sharaqlab ochilgani eshitildi va dam o‘tmay dahlizga kenjasi halloslab kirib keldi.
– Ota, ota? Suyunchi bering! Suyunchi!
Ochil bobo birdan sezdi.
– O’g‘ilmi?
– Ha! Enam, «Bor, otangdan suyunchi ol!» dedi.
– Nima beray? – otaning chehrasi yorishib, ko‘z oldini qoplagan tuman tarqab ketgandek bo‘ldi.
– Bitta boks qo‘lqop bilan mesh olib bering. Men baribir bokschi bo‘laman!
– Bo‘pti! Bugun fizkultura malliminga ayt, mening oldimga bir kep ketsin.
– Mayli, ota. – Yigitcha o‘zida yo‘q xursand edi. Ochil bobo esa o‘zicha...
Bobo bir hafta xotinini kutdi. Darak bo‘lmadi, shunda chillalik uyga o‘zi bordi. Uyga kirsa, xotini o‘n sakkiz yashardek bo‘lib, issiq pechka oldida terlab-pishib xamir mushtlab turibdi. Tok plitada tuxum qovrilyapti, shekilli, hidi chiqqan.
– A, horma! – dedi bobo kulib.
– Bor bo‘ng! O’g‘lim haqiqiy ota bo‘ldi, bir xabar olayam demaysiz-a? – dedi kampir xamirli qo‘llarini ko‘tarib, shimarilgan yengi bilan peshanasidagi terni artarkan. – O’h, o‘pkam pishib ketdi-e...
– Senga nima zaril? Enasi qisin...
– Ho. Men hali o‘lganim yo‘q! Hammasiga kuchim yetadi! – To‘ti momo shunday deya yana xamir qorishga tushdi. – Hovliqib birdan oldiga kirib ketmang yana. Bir pas nafasingizni rostlab oling.
Ochil bobo ko‘z osti bilan xotiniga qarab, jilmaydi:
– Kampir, yiling nima edi?
– Nima qilasiz?
– So‘radim qo‘ydim-da…
– O’ziniki-chi?
– Nimaga so‘rayapsan?
– Bir ayting, – momoning quvligi tutdi.
– Bilasan-ku, adash…
– Aytishga uyalasiz-a, boboy? – To‘ti momo yayrab kuldi. – Aytgancha, darrov uyga jo‘nab qolmang, nevarangizga ot qo‘yib ketasiz.
– Biror nima deb chaqirayapsizlarmi?
– Ha. Sardorbek! Lekin buvasi qulog‘iga azon aytib qo‘ygani yaxshi-da.
Ochil bobo yana xotirjam jilmaydi.
– Aytgancha, bir haftadan beri qorangni ko‘rmayman...
– Nevaramga qarayapman! Kelinni joyidan turg‘izganim yo‘q. Enasigayam javob berib yubordim.
Ochil bobo hansirab, chuqur-chuqur nafas olgancha peshanasidagi reza-reza terni artayotgan xotiniga ko‘z ostidan o‘g‘rincha nigoh tashladi.
– Ha-a, shunaqa de...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.