OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xoliyor Safarov. Atirgul (hikoya)

Malik aka cho‘chib uyg‘ondi. Boshini ko‘tarib, yonginasida pishillab uxlab yotgan o‘g‘ilchasiga qaradi.  U o‘g‘lining tepkilab surib tashlagan ko‘rpasini yelkasiga tortib qo‘ydi-da,  xomuza tortdi. Mudroq ko‘zlarini uqaladi va deraza tomon nigoh tashladi. Hali tong qorong‘u. Bir-ikkita mashinaning g‘ir-g‘irini aytmasa, ko‘cha sokin, tonggacha hali ancha bor.
Ota uzalib, ko‘zlarini eshikka qadagancha narigi xonaga quloq soldi. Jimjitlik. U yerda xotini bosh miyasida paydo bo‘lgan shish tufayli shifoxonaga tushib qolgach, kelib ro‘zg‘orga qarashib turgan to‘qqizinchida o‘qiydigan singlisi Sarvigul uning ikki qiziga qarayotibdi. Sarvigul bir haftadan beri maktabiga ham borgani yo‘q:  ovqatga, kir-chirga qarashib yuribdi. Jigarlarning boriga shukr, shunday paytda yolg‘izlatib qo‘ymaydi...
 Tong otsa, uchinchi kun: Farida reanimatsiyada yotibdi. Hanuzgacha hushiga kelgani yo‘q...
— Yo, tavba... — ko‘zlarini shiftga qadadi Malik aka. "Nahotki ikki kundan beri hushiga kelmasa-ya?.."
U ezgin xayollarning ming bir ko‘chasiga kirib chiqdi. Ko‘z oldiga  bolalari keldi va qo‘rqib ketdi... Pastki labini tishlab bir zum qotib turdi, boshi tagida chatishib turgan qo‘llari uvishganini sezgach sekin yoniga ag‘darildi. Xuddi gaplarini eshitadigandek miriqib uxlab yotgan o‘g‘liga so‘zlandi:
— Oying albatta keladi...
Turib derazani ochdi. U har doim shunday qiladi: ertalab joyidan qo‘zg‘alishi bilan derazani ochadi. Necha marta bu qimmatga tushib, bolalari shamollab qolgan, ammo u odatini tark etmaydi. Uyga toza havo va hayot nashidasi kirib keladi, deya hisoblaydi. Shundan bahra oladi, zavq va gasht tuyadi. Ammo bugun buni hissiz bajardi. Nomigagina ochdi va o‘g‘li salqin shabada kirganidan junjikib, yoniga ag‘darilganini, ko‘rpani boshigacha tortganini ko‘rib, darrov derazani yopdi.
— Shamollab-netib qolmasin. Hozir shu yetmay turibdi o‘zi...
U vannaxonada yuz-qo‘lini yuva turib, oynaga qaradi:  ko‘zlari kirtayib, yuzi so‘lib qolibdi. Miqti tanasiga savlat berib turgan yelkalari cho‘kkan. Nigohlaridan bir nima yo‘qolgandek qarashlari hazin tortgan. Tag‘in soqol ham  o‘sibdi. Malik aka soqol qirtishlab o‘tirishni ep ko‘rmadi, shekilli, tezda artinib chiqdi va bolalarni uyg‘otdi. Nari-beri nonushta qildirdi. So‘ng kiyimlarini almashtirib, qizlarini maktabga, o‘g‘lini bog‘chaga hozirladi-yu, Sarvigulga tushlikka bolalarga ovqat qilib qo‘yishni tayinladi.
— Kartoshka qovursam bo‘ladimi? — xijolatdan yelka qisib, iymandi singlisi. — Boshqa ovqat qilishni bilmayman.
— Mayli. Ishqilib, ukalaring och qolishmasin. Ehtiyot bo‘l. Men kechga tuxum olib kelaman.
Malik aka qizlarini maktab yo‘ligacha kuzatdi va dars tugagach to‘g‘ri uyga qaytishlarini tayinladi. Qizlar "Xo‘p bo‘ladi!" deyishgandek bosh irg‘ashdi, ammo dadasi endi ortiga burilmoqchi bo‘lganda, katta qizi so‘rab qoldi:
— Dada, oyim  qachon keladi?
— Keladi... Odobli qiz bo‘lib, yaxshi o‘qib kelaversanglar oyingiz  darrov tuzalib keladi.
— Tezroq kelsinlar. Oyimni sog‘inib ketdim... — dadasiga qarab turib, dabdurustdan yig‘lab yubordi kichkinasi.
Qizining munchoqdek ko‘zlaridan oqayotgan milt-milt yoshdan otaning yuragi ezildi.
— Yig‘lama, qizim, oying keladi. Oppoq bo‘lib ketadi... — dedi u qizining ko‘z yoshlarini dastro‘molchasi bilan artib. So‘ng yuzidan o‘pib qo‘ydi. — Sen maktabingga boraver, men oyingni olib kelaman...
Malik aka qo‘l ushlashib ketayotgan qizlari to maktab hovlisiga kirgunicha  orqasidan tikilib turdi. Keyin ko‘chadagi do‘kondan o‘g‘liga "chupa-chups" olib berdi-da, bog‘cha opasiga topshirdi. Bog‘chagacha oyisi esiga kelmagan bola tarbiyachining qo‘liga tushishi bilan yig‘lab yubordi.
— Dada, oyimga boraman!
— Sen yig‘lamasang, oying o‘zi keladi. Men oyingni olib kelishga ketayapman-ku, — o‘g‘lining sochlarini siladi u. So‘ng: — Yana shunday qilsang "chupa-chups" olib bermayman!" — dedi.
— Yo‘-o‘q, Odiljon aqlli bola. Yig‘lamaydi, — deya tarbiyachi uni erkalab ichkari kirishi bilan Malik aka avtobus bekatiga yugurdi. Bekatda bir yigitning gul ko‘tarib turganini ko‘rdi-yu, xotinining atirgulni yaxshi ko‘rishi yodiga tushdi.
— Topdim! — yangi texnika kashf etgan olim kabi quvonib ketdi u. — Unga bir dasta atirgul olib boraman. Ko‘zlarini ochishi bilan sevinib ketadi... Balki o‘ziga ham kelgandir. Hushiga kelgan bo‘lsa, undan ham yaxshi. Qo‘llariga tutqazaman.  
Malik aka xuddi shunday qildi. Gul ko‘tarib reanimatsiya bo‘limiga kelganda shifokor bir gap bilan uning shashtini so‘ndirdi.
— Hali hushiga kelmadi.
Oq xalatdagi qorindor vrachning soat necha bo‘lganligini aytayotgandek sodda va jo‘n qilib bergan  javobidan Malik akaning tili aylanmay qoldi. A’zoyi badani titrab, vujudi yaxlab ketdi. Boshiga g‘isht bilan urgandek bo‘ldi. Holsizlanib eshikka suyandi va umidlarini chil-chil qilgan vrachning yapaloq yuziga boqdi. Basharasiga tuflab, shunday xonumon gapni salomchalik izzat bilan aytmagan suyaksiz tilini sug‘urib olgisi keldi, ammo nachora! Shashtidan qaytdi. Faridaning joni hozir shularning qo‘lida! Shular uni asrab qolgan.
— H-haliyammi? Nega o‘ziga kelmaydi? — Malik aka shosha-pisha ustma-ust savol berdi.
— Operatsiya og‘ir bo‘lgan. Siqilmang, ukam, o‘ziga keladi.
— Axir bugun uchinchi kun?!
— Biz qo‘limizdan kelganini qildik. Endi bu yog‘i Xudodan. Kutishdan boshqa choramiz yo‘q. Haliyam bardoshli ekan. Axir bosh miya?! Tasavvur qilayapsizmi?
Vrachning bu gapi unga "Xudoga shukr qiling, operatsiyadan omon chiqmasligi ham mumkin edi..." degandek eshitilib, battar esankiratdi.
— Nima, bu... — gapirolmadi Malik aka. — Hushiga keladimi?
— Keladi! — ishonch bilan aytdi vrach.
— Shunaqa deng-e, aka...— quvonib ketdi u. So‘ng chuqur nafas oldi. — Oldiga kiray.
— Mumkin emas.
— Ruxsat bering, darrov chiqaman, — entikdi Malik aka. — Bir yuziga qaray...
Vrach "Mayli, kiring" degandek bosh irg‘adi.
— Faqat tezroq chiqing.
— Xo‘p, akajon...
Malik aka palataga kirishi bilan har kungidan battar seskandi. Xotinining yuziga umidvor ko‘zlari-la boqarkan, yuragi ortiga tortib ketdi.
— Farida?.. — karavot yonidagi   kursiga o‘tirib qoldi u. So‘ng ayoliga boshdan-oyoq razm soldi. Uning rangpar ahvolidan yana allanechuk bo‘lib ketdi. Go‘yo tong uyqusini olayotgandek mayin va halimgina bo‘lib, chalqancha yotqizib qo‘yilgan xotinining yumuq ko‘zlariga, botgan yonoqlariga qaradi. Keyin sekin qo‘l cho‘zib, ayolning qoqsuyak bo‘lib qolgan bilaklarini ushladi va yuziga boqdi. Boqdi-yu, uzilgan barg kabi sarg‘ayib, so‘lib borayotgan chehrada, nami qochib, saraton quyoshidan qaqragan yerday quruqshab va mayda-mayda po‘st tashlab yotgan lablardan, ko‘zlari atrofidagi ko‘kimtir tusdan hayot chirog‘i so‘nib borayotgandek tuyuldi. — Bunday qilma! — titrab ketdi er. — Axir, bolalar bor. Aslo bunday qila ko‘rma, onasi... — u ich-ichini qo‘porib kelayotgan dard to‘fonini bosib, sekin joyidan qo‘zg‘aldi va uzalib ayolining so‘lg‘in yuzidan ohista o‘pib qo‘ydi. So‘ng yana kursiga cho‘kdi va asta pichirladi: — Farid, ko‘zlaringni ochsang-chi?
Ayol go‘yoki eridan araz qilgandek, dor-ul-fanoni unutgandek bir ahvolda yotar, hech narsani: na uning ko‘z ochishiga mushtoq erining gaplarini, na qo‘llarini tutib turgan mehribon va issiq kaftini his etardi...
— Farida, — bemorning mahzun chehrasiga qarab so‘z boshladi er, — atay qilayotgandek ko‘zlaringni ochmaysan-a. Qo‘ysang-chi, shu senga yarashadimi? Sening ko‘zlaring kulib turish uchun yaralgan, senga tabassum yarashadi. Top-chi, senga nima keltirdim? — u hamon qo‘lida tutib turgan guldastani baland ko‘tardi. Ayoli tomon uzatdi. — Senga deb oldim. Eshityapsanmi, onasi?..
Erkakning bo‘g‘ziga yong‘oqdek narsa tiqildi.
— Uyda seni bolalar kutib o‘tirishibdi, — yig‘lab yubordi u. So‘ng burun tortdi. — Bundoq yotmay o‘ylasang-chi? E, seni qara-yu... — er gina qilgandek ayolining qo‘lini qo‘yib yubordi va guldastani karavot yonidagi tumbochka ustida qoldirib, xona ichida asabiy yura boshladi. Ko‘z o‘ngida har tong va har kech onalarini so‘rab, qiy-chuv qilib, yurak-bag‘rini qon qilayotgan bolalari jonlandi. Ularning mo‘ltirab turishlari, dadasidan taskin bo‘luvchi gap va bir malham ololmaslik jonlariga tekkach arazlab, burchak-burchaklarda o‘zlaricha xo‘mrayib o‘tirishlari, ba’zan uning jahli chiqib, quloq-boshini tortganda, "Siz yomon! Oyim yaxshilar..." deya dangal yuziga aytishlari ko‘z oldiga keldi. Yana karavot yoniga kelib,   kursiga o‘tirdi va tag‘in dilbandining hissiz qo‘lini qaynoq va titroq kaftiga oldi. O‘zicha uning bilak tomirlarini ushlab-ushlab ko‘rdi, ammo hech narsaga tushunmay,  ko‘zlarini bir nuqtaga, ayolning chehrasiga qadab g‘amga botib o‘tirdi. Ana shunda qalblar tilga kirdi...
"Onasi..."
"Keldingizmi?.."
"Ha. Har kuni shu yerdaman. Na ishda, na uyda halovat bor."
"Bolalar yaxshimi?"
"Yaxshi... ammo ular seni so‘rashyapti.  Men har kun ertalab uydan "Bugun oyingni olib kelaman" deya ularni ham, o‘zimni ham umidlantirib chiqayapman."
"Kichkinamiz yaxshimi?"
"Onasi, o‘zingni o‘ylasang-chi? Undan ko‘ra, meni desang, bolalarni sog‘ingan bo‘lsang,  ko‘zlaringni och! Bir ko‘zlaringga boqay..."
"Ko‘zlarimni sog‘indingizmi?.."
"Hey!.. Men tanishuvga kelgan olifta yigitmanmi, masxara qilasan! To‘qning och bilan nima dardi bor ekan-da..."
"Darrov jahlingiz chiqadi-ya? Mayli, gapirmayman..."
"Mendan xafa bo‘ldingmi? A? Nega?"
"Siz yaxshi odam bo‘lganingizda men bunday yotmasdim..."
"Hih? Sovuq suv ichib, shamollab qolsang ham men aybdor bo‘larkanman-da?"
"Kuldirmang-e, hamma joyim titrab ketayapti."
"Mayli titrasin, ammo tezroq ko‘zingni och-da, joyingdan tur. Axir, sen juda balo eding-ku!"
"Hozir bunga holim bormi?"
"Qo‘lingdan keladi... harakat qil. Esingdami, kattamizga yukli payting, "Voy, qanday tug‘aman?" derding. A, tug‘ding-ku? Yoqib qoldi, shekilli, yana ikkita "zakaz" ham olding..."
"Boring-e... Uyatsiz..."
"Tur-da, unda!"
Shu payt eshik ochildi-yu, vrach kirdi.
— Bo‘ldi, chiqing, ko‘p urintirmang.
— Akajon, yana birpas turay, — yalingannamo iltimos qildi er. — Qarang, haliyam hushiga kelgani yo‘q.
— Chiqing, chiqing.
— Aka...
— Aytganimni qiling, toliqtirib qo‘yasiz. O‘ziga kelsin, keyin kirib, xohlaganingizcha gaplashasiz.
— O‘ziga keladi-a?
—  Bugun-erta hushiga kelishi kerak.
Malik aka og‘ir xo‘rsinib  eshik tomon yurdi. 

* * *
Kun peshin bo‘ldi. Tushlik uchun shifoxona yonidagi oshxonaga o‘tdi. Ishtaha qayoqda, ikki piyola choy ichdi, hech narsa yemadi. Keyin iziga qaytdi. Kun asrga og‘di.
Malik aka to‘g‘ri gul do‘koniga bordi va bir dasta qip-qizil ochilgan atirgul xarid qildi.  So‘ng shifoxona tomon dadil yurib ketdi, ammo reanimatsiya bo‘limi eshigida uni kechagi yapaloq yuzli vrach emas, boshqa, pakana, o‘quv va amaliyot o‘tayverib, izlanishlari natijasi eng avvalo soch-soqoliga rahna solgan, boshida oftob ko‘rinib qolgan vrach qarshi oldi hamda kechagi vahm va sarosimaga bir qat to‘n kiygizib, dedi:
— Hali o‘ziga kelmadi. Kutayapmiz...
— Axir, bugun to‘rtinchi kun... — vrachning uyqusizlikdan qizarib ketgan ko‘zlariga najotkorona boqdi u.
— Siqilmang, uka, ahvoli yaxshi. Mana, meni aytdi deysiz, albatta hushiga keladi.
— Aytganingiz kelsin... — orzulandi u. So‘ng dedi: — Iltimos, bir ko‘rib chiqay.
— Mayli, faqat tezroq chiqing.
Malik aka palataga kirib bordi-da, xuddi kechagidek behush va beun yotgan Faridaning yuzidan o‘pib salomlashgan bo‘ldi. Keyin  guldastani yonginasiga qo‘ydi. "Atirgul ifori dimog‘iga tegib tursin", dedi. O‘zi kursiga cho‘kdi-yu, ayolining qo‘lidan tutib, mo‘’jiza kutgandek jim turib qoldi.
— Men keldim... — deya oldi u. So‘ng bemorning yumuq va hayot cho‘g‘i so‘nib ketgandek hazin qaroqlariga,  rangpar yuziga boqdi. Nigohlari bir nuqtaga mixlangandek qotib, ancha vaqt turib qoldi. Ko‘z gavharlari toliqdi shekilli, kipriklari bir-biriga yopishdi.
U qancha vaqt shunday turganini bilmaydi, bir payt kaftlari orasida titroq bo‘lgandek tuyuldi. Shart ayolning ko‘zlariga tikilib qaradi. Hech qanday zohir yo‘q, mag‘lub bo‘lgan askardek xo‘rsinib, boshini quyi eggandi, yana kaftlari orasida titroq bo‘ldi. U ikki kafti o‘rtasida turgan umidbaxsh qo‘lga tikilib qoldi. Zum o‘tmay barmoqlar birin-ketin qimirlay boshladi.
— Xudoga shukr! — yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek chuqur nafas oldi u. So‘ng ayolining yuziga boqdi. Avval nayza kipriklarga jon indi. So‘ng so‘lg‘in qovoqlar titradi va... bemor ko‘zlarini ochdi!
— Farida! Onasi! — quvonchdan xonani boshiga ko‘tarib qichqirib yuboray dedi u.
Quruqshab qolgan lablar tamshandi. Tana jonlandi. Bemor ko‘zini ochgach, avval shiftga, so‘ng "Qaerdaman o‘zi?" degandek yon-veriga boqdi.
— Farida!
Ayol atrofga nazar solish barobarida tumbochka ustida turgan atirgulga ko‘zi tushdi-yu, ma’yus jilmaydi, ammo tanasida og‘riq turdi shekilli, yana ko‘zlarini yumdi.
— Onasi?! — joyidan turib ketdi Malik aka. — Nima bo‘ldi?
Oradan biroz vaqt o‘tib, ayol yana ko‘zlarini ochdi va kompas milidek titrab turgan qorachiqlarini o‘ynatdi, ammo nigohi eriga tushishi bilan uni, bolalarini shunday holga solganidan xijolat chekayotgandek yuzini yashirdi va yana ko‘zlarini yumib oldi. Ikki tomchi sevinch yoshi yumalab yoqasiga tushdi. Malik aka ro‘molchasini olib, ayolining chehrasini artdi.
— Onasi, yaxshimisan?..
Bemor "Ha, tuzukman" degandek oppoq doka o‘ralgan boshini xiyol qimirlatdi. Uning birinchi  gapi shu bo‘ldi:
— Bolalar qaerda?
— Ulardan xavotir olma. Sening tezroq sog‘ayib, qaytishingni kutishyapti.
Farida buncha ko‘p gapni anglay olmadi, chamasi, hech narsa eshitmayotgandek u tomonga tikilib qoldi. So‘ng atirgulga madorsiz qo‘llarini uzatdi. Gul ifori dimog‘iga urilgach, xuddi o‘shandagidek atirgulni yuziga bosdi va qisqa-qisqa nafas bilan hidladi. Bu holni kuzatib turgan eriga bir nigoh tashladi-da, uyalgannamo jilmaydi.
— Mayli, hidla. Hidlayver! — dedi Malik aka xotinining harakatlaridan terisiga sig‘may. — Senga shunday qilish yarashadi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.