OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nuriddin Ismoilov. Kechir meni, Ra’no (hikoya)

...Poezdda Samarqandga ketayotgandik. Hamrohim ancha gapdon chiqib qoldi. Olis yo‘lda shunday hamroh borligi ham yaxshi-da: zerikmaysiz. Xullas, o‘tmishdan gaplashdik, kelajakdan, suhbatimiz oxir-aylanib muhabbat mavzusiga borib taqaldi. Shunda hamrohim kupemizning ochiq eshigi yonidan o‘tib borayotgan sho‘x yoshlarga havaslanib qararkan:
— O, qani edi, ularning yoshligi menda bo‘lib qolsa! — dedi.
Bu gapni eshitib kulib yubordim.
— Vaqtida jigaringizdan rosa urgan shekilli, — dedim.
— So‘ramang, — dedi sherigim armon ila. So‘ng joylashib o‘tirib olgach, qo‘shib qo‘ydi: — Keling, men sizga o‘z muhabbat tariximni aytib beray, baholash o‘zingizga havola.
Shunday qilib, kutilmaganda g‘alati sevgi tarixini eshitdim. Uni sizga ayrim ismlarni o‘zgartirgan holda aytib bermoqchiman, marhamat.
Men to‘qqizinchi sinfda o‘qiyotganimda sevib qolganman. Sinfimizdagi eng go‘zal, eng a’lochi va boshqa hamma eng... englarning egasi Ra’noni.
Bu kutilmaganda sodir bo‘ldi. O‘sha kuni nima falokat bosib matematikadan faqat men uy vazifasini tayyorlab kelibman. Hamma sinfdoshlarim mendan ko‘chirdi. Xuddi tog‘ni talqon qilib qo‘yganday ko‘krakni kerib doska oldida yuribman. Shunda... go‘zal Ra’noga ko‘zim tushib qoldi. U menga sal hayron qolganday qarab turardi, ko‘zlarida o‘zgacha ifoda zohir. Yuragim gupirib urib ketdi. Oyoqlarim qaltirab, o‘z-o‘zimdan iljaya boshladim.
O‘qituvchimiz biz bilan salomlashib bo‘lgach, birma-bir uy vazifani tekshira boshladi.
Eng qizig‘i, masala noto‘g‘ri yechilgan, buning ustiga, misolning javobi yoniga o‘zim bilmagan holda bir chiziq chizib qo‘ygan ekanman. Baraka topkur sinfdoshlarim ham xuddi shuni takrorlashibdi. O‘qituvchimiz bizni yoniga navbat bilan chaqirib, bitta-bitta "ikki"ni jingalak qilib qo‘ya boshladi. Men chiqib kelganimda sabr kosasi juda to‘lib ketgan ekan.
— Kimdan ko‘chirding? — deya muallim menga ko‘zoynagi tepasidan qaradi.
— Hech... Hech kimdan, — dedim men g‘o‘ldirab. Shu ondayoq o‘ng qulog‘im qattiq qizib ketdi.
U mahallari negadir maktabimizda pedagogikaning bunaqa usuli ommalashgan edi.
Butun sinf jim-jit. Hammaning ko‘zi bir necha daqiqada sholg‘omning qarindoshiga aylangan kaminada.
Tanaffusda sinfimizning eng... eng go‘zali yonimga keldi. Xoh ishoning, xoh o‘zingiz bilasiz, tirnog‘imgacha qaltiroq kirdi.
— Siz butun sinfga yaxshilik qilaman deb jazolandingiz...
Sir boy bermadim.
— Hechqisi yo‘q, — g‘o‘daydim men, — pashsha chaqqanchalik ham bo‘lmadi.
— Ko‘zingizda yosh paydo bo‘lgandek tuyuldi menga, — deya ajablanib so‘radi qiz.
— Bunisi "maskirovka" edi. Agar shunday qilmasam, Botir aka tepishi aniq edi.
Ra’no jilmaydi. Uning husn-jamolini yanada go‘zallashtirgan tabassumini ko‘rdim-u, dovdirab qolib, sal bo‘lmasa yiqilayozdim. Shu bilan yana qo‘ng‘iroq chalinib, navbatdagi dars boshlandi.
Ra’nodan keyingi partada o‘tiraman. Qizning silliq taralib, bitta qilib o‘rilgan qop-qora sochiga termulib, xayolan u bilan bog‘-rog‘larda sayr qilaman. Unga gullarning eng chiroylisini hadya etaman... U esa boyagidek jilmayadi. Men yayrab ketaman, keyin...
Keyin qo‘lidan ushlab...
— Daftarni joyiga qo‘y, — yonginamdan vishillagan ovoz keldi bir payt.
"Zuhra qanday qilib kelib qoldi bu yerga?" — deya hayron bo‘lib yonimga qarasam, o‘tiribdi biqinginamda aftini bujmaytirib.
— Qaydan paydo bo‘lding?! — deb yuborganimni o‘zim ham sezmay qolibman. Qo‘limda esa uning g‘ijimlangan daftari. Zuhra ko‘rsatkich barmog‘ini peshonasiga niqtab aylantirdi-da:
— Jinni-pinni bo‘ldingmi? — dedi.
Buning nafasi sovuqligini! Onasi qish chillasida tuqqanmi?!
— Endi bitta daftar oberasan, — dedi Zuhra.
— Muzqaymoq yeysanmi? — deya uning "changali"dan qutulish uchun atayin gapni boshqa yoqqa burdim.
— Qaerda sotyapti? — hayron bo‘lib qaradi u menga.
— Boya tanaffusda ko‘rdim.
— Yeyman.
— Boshqa narsa xohlamaysanmi?
— Shokolad ham bormikan...
"Qars" etgan ovoz keldi bir mahal. Keyin qulog‘im qiziy boshladi. Bildimki, fizika o‘qituvchimiz Tolib aka yonimda. Qo‘rqa-pisa o‘qituvchiga qaradim. "Mana senga shokolad!" dedi u g‘azab bilan. Butun sinf menga zig‘ircha achinmadi, qaytanga hamma qah-qah otib kuldi. Faqat Ra’no... Faqat shu qizgina menga achinib, ko‘zida yosh bilan qarab turardi. Tarsaki yeb-ku, o‘rganib qolganman, ammo birov senga achinib qarab tursa g‘alati bo‘lib ketarkansan...
Tanaffusda Ra’no yonimga keldi. O‘zini majburlab jilmayarkan:
— Kundan-kunga sho‘x bo‘p ketyapsiz, — dedi u. — Zuhra bilan bunchalik apoq-chapoqligingizni bilmasakanman...
— Yo‘-o‘-o‘-q, — dedim keskin boshimni chayqab. — U menga xalaqit berdi.
— Qanaqasiga?
— Yoz... ha, yozayotgandim. Adabiyotga tayyorlanayotuvdim.
— Fizika darsida-ya...
Yolg‘onim oshkor bo‘lmasligi uchun "hm" deb qo‘ya qoldim.
— Tushunarli... agar o‘qituvchining o‘rnida men bo‘lganimda, bu betingizga ham tushirgan bo‘lardim.
Ichimdan "qaniydi" degan bir nido keldi. Axir bu qizning chiroyli kafti yuzimni silaydigan bo‘lsa, kun bo‘yi hamma darsda butun sinfni boshimga ko‘tarishga ham tayyorman.
Shu payt qo‘ng‘iroq "voy-voy"lab qoldi-yu, gap-so‘zni tugatishga majbur bo‘ldik.
Dunyoda eng og‘ir fan qaysi deb so‘rashsa, hech ikkilanmay "ximiya" deb javob berardim. Ochig‘i, shu fanga hecham tushunmayman. O‘qituvchimiz qanaqadir qorishmalar deydimi-ey, yana ekvivalent-pekvivalentiga balo bormi...
— To‘xtasinov! — dedi o‘qituvchimiz uzoq vaqt jurnalga tikilib turgach. Bu kaminaning familiyasi. Lekin sharifim ayni damda tilga olinishini hecham istamagan edim. Biroq... taqdir ekan, nachora.
— Labbay, — dedim ohista. Javobimni, menimcha, o‘zimdan boshqa hech kim eshitmadi.
— To‘xtasinov! — bu safar o‘qituvchining ovozi asabiyroq chiqdi.
— Men, — deya sekin bo‘y ko‘rsatdim.
— Qulog‘ing tom bitganmi? — o‘qituvchining gapiga sinfning u yer-bu yeridan chiqqan "piq-piq" kulgi sasi qo‘shildi. Hatto kimningdir "ikki quloq ham ketgan", degan so‘zlarini eshitganday bo‘ldim.
— Doskaga chiq! — buyurdi o‘qituvchi. Shunda oldingi partada o‘tirgan Ra’no qandaydir qog‘ozni g‘ijimladi-da, parta ustiga, men o‘tadigan tomonga qo‘ydi. Miyam yashin tezligida ishlab ketdi. Doskaga chiqayotganimda u qo‘ygan qog‘ozni sezdirmasdan olib o‘tdim. O‘qituvchi uyga vazifa qilib berilgan masalani doskada yechishimni buyurdi. Xursandman, zero, Ra’noning yordami bilan muallimning chig‘irig‘idan oppa-oson o‘tib ketaman.
Doska tomon o‘girildim-da, suyuklimning nozik qo‘llari bilan yozilgan uyga vazifani doskaga ko‘chira boshladim. Yana ikki daqiqa vaqtim bo‘lganda "besh" olishim aniq edi. Ammo mutlaqo kutilmaganda quloq qurg‘ur yana qizib ketdi-yu, men qahr bilan boqib turgan muallimga yuzlandim.
— Meni ahmoq deb o‘yladingmi?..
Qo‘ng‘iroq chalindi. Men chuqur nafas oldim. Ra’no yana yonimga keldi.
— Aybdorman, — dedi boshini egib, — men tufayli...
— Yo‘q... yo‘q, hecham unaqa demang. O‘zim sal no‘noqroqman. Tayyor oshni to‘kib qo‘ydim. Boshqa bo‘lganida...
— Siz o‘qituvchiga e’tibor bermadingiz-da...
— Ha-a, shunday bo‘ldi. Endi pishiqroq bo‘laman.
— Yalqovlik qilmay, uyda tayyorlanib keling-da, — jilmaydi Ra’no. — Hozir yaxshi o‘qimasangiz, o‘qishga qanday kirasiz?
— O‘qimasdan yashab bo‘lmaydimi?
— Unday hayot chiroyli emas-da, — Ra’no jiddiylashdi.
"Nima qipti? — xayolimdan o‘tkazdim men. — Ana, o‘tgan yili maktabni tugatganlardan birontasiyam o‘qishga kirolgani yo‘q. Men o‘qiganimda shoxim chiqarmidi? Ja, uzoq ketsam, o‘qituvchi bo‘larman. Hozir esa, bu kasb bo‘lmay qoldi. Muallimlarning bari noligani-noligan. Maoshi kammish. Hatto bir safar oylik o‘rniga aroq berishibdi. O‘zi maktab bo‘yicha qolgan erkak o‘qituvchilar beshta. Shu "maosh"ni olishdi-yu, bir hafta birontasiyam qorasini ko‘rsatmadi".
— Men o‘qituvchi bo‘lmayman, — dedim viqor bilan.
— Juda yaxshi, o‘qib boshqa kasbni egallaysiz, — dedi Ra’no.
Yana qo‘ng‘iroq chalindi. "Endigi dars jismoniy tarbiya, nasib etsa, bu safar quloqning "isitma"si chiqmaydi", degan o‘y o‘tdi xayolimdan.
O‘qituvchi sinfga ikkita to‘p ko‘tarib kirib keldi.
— Xo‘-o‘-sh, — dedi u cho‘zib o‘ziga yarashmagan ingichka ovozda. — Qizlar volleybol o‘ynaydi, o‘g‘il bolalar futbol. Hamma sport kiyimini kiysin-da, stadionga ortimdan yetib borsin!
Bunaqa gap kimgayam yoqmaydi, deysiz. Tezlikda butun sinfimiz bilan stadionda paydo bo‘ldik. Maroq bilan to‘p surarkanman, yonginamizdagi kichik maydonchada sport kiyimida yelib-yugurayotgan, sarviqomat Ra’noga qarab-qarab qo‘yaman. O‘zimning nimalarga qodirligimni ko‘rsatish uchun bitta-ikkita raqib o‘yinchilarni aldab o‘taman. Gol bo‘lganda esa, qattiqroq baqirib, qo‘llarimni osmonga ko‘taraman. Buning barisini Ra’no ko‘rib turganligiga shubham yo‘q edi. Biroq kutilmaganda quvonchim yo‘qqa chiqdi. Bektosh meni aldab o‘taman deb yiqilib tushdi-da, oyog‘ini ushlagancha dod-voy sola boshladi. Shu payt yonimda o‘qituvchimiz paydo bo‘lib qolsa bo‘ladimi? U Bektoshning oyog‘ini ushlab ko‘rdi-da, "Kim qildi?" deya so‘radi. Jabrlanuvchi qo‘lini bigiz qilib kaminani ko‘rsatgach, menga juda yaxshi tanish bo‘lgan ovoz yangradi: "Qars!" Qarabsizki, qulog‘imga qo‘shilib basharam qizil rangga kirib turibdi.
"Ishqilib, Ra’no ko‘rmagan bo‘lsin-da", degan o‘yda boshimni ko‘tardim... va dahshatdan qotib qoldim. Ikki qadam narida ko‘zlari jovdiragan alfozda Ra’no menga qarab turardi... Eng yomoni, to‘satdan qiz piqillab yig‘lab yubordi va o‘qituvchiga qaragancha:
— Bo‘ldi-da endi, hadeb uraverasizlarmi? — desa bo‘ladimi!
O‘lay agar, muallimlardan shuncha tayoq yeb, bu qadar izza bo‘lmagandim... Axir, o‘ylab ko‘rsangiz, g‘alati-da: tarsakini yegan men-u, yig‘lagan Ra’no...
To‘g‘risi, shu paytgacha o‘qituvchilarning shapalog‘iga unchalik e’tibor berib o‘tirmasdim, nazarimda, bu pedagogikaning ajralmas qismi edi. Bugun, ko‘zlari jiqqa yoshga to‘la go‘zal Ra’no, mening suyukli sinfdoshim menga achinib, mo‘ltirab qarab turganida ilk bor bunday tarbiya usuli menga, mening yoshimga endi to‘g‘ri kelmasligini payqadim. Shu anglash ta’sirida shartta muallimning qo‘lidan siltanib chiqib ketdim.
Ra’no esa, piq-piq yig‘lagancha kiyinish xonasi tomon chopib ketdi.
Bolalar birdan jim bo‘lib qolishdi.
Hatto o‘qituvchimiz ham miq etolmas, faqat bizga hayron bo‘lib qarardi.
Biz esa, ehtimolki, aynan shu damda o‘smirlik ostonasidan hatlab o‘tib, yigitlik davriga qadam qo‘ymoqda edik. Bizda endi yigitlik g‘ururi, sha’ni, qolaversa, nomusi uyg‘onmoqda edi. Biz ayni shu damda endi mo‘ylablarimiz sabza urib qolganini sezdik. Biz ayni shu damda, to‘qqizinchi sinfda o‘qib yurganimizda o‘z qadrimiz, izzatimiz xususida o‘ylay boshladik. Ha, biz, xususan, men bir lahzada ulg‘aydik. Bunga Ra’no, balki mening unga muhabbatim, balki (kim biladi deysiz) uning menga shafqati sabab bo‘lgandir...
Dars tugab, sinfga qaytib keldik. Ammo biz endi g‘o‘r o‘smir yigitchalar emasdik. Nimadir o‘zgargandi...
Tanaffusda Ra’no yonimga kelmadi, buni o‘zim ham istamasdim. Zero, ba’zan gaplashmasdan turib ham ko‘p narsani gaplashib olsa bo‘larkan.
Jismoniy tarbiya o‘qituvchimiz shapaloq urgan qulog‘im zing‘illardi. Ba’zan ayrim gap-so‘zlarni eshitmay qolardim. Buni birinchi bo‘lib o‘g‘il bolalar anglashdi. Nimagadir ular birdaniga mehribon bo‘lib qolishdi. Hatto keyingi soatda o‘qituvchi meni doskaga chaqirib, bir necha savol bera boshlaganida o‘sha chaqmachaqar Bektoshning o‘zi birinchi bo‘lib yonimni oldi:
— Buning qulog‘i og‘riyapti, — dedi.
Shu so‘zlarni aytarkan, Bektosh ko‘zlari qizarib ketgan Ra’no tomonga gerdayib qarab qo‘ydi, go‘yo shu qilig‘i bilan boyagi ishi uchun uzr so‘rab, qizning oldida o‘zini oqlaganday bo‘ldi.
Oradan kunlar o‘tdi. Endi sinfdoshlarimiz bizni Anvar-Ra’no deb chaqirishardi. Ularning hammasi biz ikkalovimiz bir-birimizni o‘larday sevishimizga chippa-chin ishonishardi. Hatto men ham ba’zan bunday gap-so‘zlarga ishonib qolardim.
Ra’no menga mehribon edi. U yonimga yaqinlashsa bas, sinfdoshlarim, keyinroq borib esa, hatto maktabdoshlarim asta-sekin, sezdirmasdan, benihoya odobli kishilarga xos tarzda bizni yolg‘iz qoldirishga urinishardi. Ular bu ishlari bilan bizga katta marhamat ko‘rsatganday bo‘lardilar go‘yo. Bora-bora men ham qizning yoniga yaqinlashsam, uning dugonalari sekin-asta sirg‘alib chiqib ketadigan bo‘lishdiki, zum o‘tmasdan Ra’no ikkalamiz yolg‘iz qolardik.
Bu holni ko‘rib men kulardim, Ra’no andak xijolat chekardi, ammo bu do‘stlarcha gurunglashib o‘tirishimizga xalaqit bermasdi.
Ishonasizmi, biz deyarli bir yarim yil mobaynida, ya’ni, o‘ninchi sinfni tugatgunga qadar ko‘pchilik, deyarli barchaning nazarida Anvar-Ra’no bo‘lib yurdik. Holbuki, gurunglarimiz darslaru kelajak mavzuida bo‘lardi, juda nari borsa hamqishloqlarimiz yoinki sinfdoshlarimiz xususida gaplashardik.
Men muhabbat istardim, nazarimda, muhabbatimga erishgandek ham edim. Ammo bizning munosabat¬larimizga nimadir yetishmayotgandek edi. O‘lay agar, bu nima ekanligini o‘zim sira tasavvur qilolmasdim, ammo nimadandir to‘la qoniqmayotganligim rost edi. Deylik, har tong maktabda Ra’noni ko‘rardim, bundan quvonib ketishim rost edi, ammo hayajonlanmasdim... Buni qanday tushuntirsam ekan. Ayni paytda bu ko‘ngil to‘lmasligiga o‘zimga-o‘zim iqror bo‘lishga ham cho‘chirdim, nazarimda, bu noshukrlikning namunasi bo‘lardi, ayniqsa, qizni qattiq xafa qilib qo‘yishdan cho‘chirdim...
Maktabni bitirdik. Ra’noning qistovi bilan politexnika institutiga o‘qishga kirdim. Faqat fakultetlarimiz boshqa bo‘ldi. Yotoqxonamiz bir-birimiznikiga yaqin edi.
U paytlari toshkentlik talabalar ham paxtaga borardi.
Bir kuni terimdan qaytayotib, ikkita yuqori kurs bola bilan arzimagan gap ustida jiqillashib qoldim. Xullas, bittasi yuzimga shapaloq tortib yubordi, unga ikkinchisi qo‘shildi. Shoshib qolganimdan o‘zimni bir amallab himoya qilishga tushdim. Xuddi shu mahal qiz bolaning qo‘ng‘iroqdek ovozi yangradi:
— Bo‘ldi-da endi, hadeb uraverasizlarmi?
Yanglishishim mumkin emasdi, qarshimizda yuqori kursdagi bolalarga o‘qrayib qaragancha Ra’no turardi. Yigitlar to‘ng‘illay-to‘ng‘illay nari ketishdi...
O‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring: menga yana nima kerak edi, axir? Mehribon, oqila, go‘zal Ra’no yonimda bo‘lsa...
Ammo ko‘ngilning sirlarini tushunib bo‘lmas ekan...
Men... men boshqa bir qizni sevib qoldim.
Telbalarcha.
Muhabbat deganlari boshqacha bo‘larkan.
Odam faqat o‘shani, suyuklisini o‘ylarkan, o‘shaning xayoli bilan uxlab, o‘shaning xayoli bilan uyg‘onarkan.
Albatta, gap men yonib-kuyib sevib qolgan qiz haqida emas. Buning ustiga, u qiz menga nasib qilmadi: ketdi-bordi bittasi bilan.
Keyin, asl muhabbat neligini anglagach, Ra’no bilan oramizdagi munosabat do‘stlikdan boshqa narsa emasligiga iqror bo‘ldim.
Garchand sinfdoshlarimiz, tanish-bilishlarimiz, hatto ota-onalarimiz allaqachon bizga er-xotinlikni tayin qilib qo‘yishgan bo‘lsa-da, Ra’nonikiga sovchi yubora olmadim...
Ra’no uch yil kutdi. O‘qishni bitirganimizdan so‘ng. Ungacha bir og‘iz so‘z aytmasa-da, bir og‘iz ta’na qilmasa-da, umid bilan kutdi. Ammo men bunga jur’at etolmadim. Nazarimda, men bilan turmush qursa, Ra’no ham baxtsiz bo‘ladigandek edi. Men, birgina o‘zim baxtsiz bo‘lsam mayli edi... Ammo Ra’noning baxtsizligini ko‘tarolmasdim. O‘qituvchi meni urganda u qanchalik izillab yig‘lagan, achingan bo‘lsa, suyuksiz turmush shapalog‘i Ra’noning oppoq yuziga tushganida men ham shunchalar o‘rtangan, azoblangan bo‘lardim...

* * *

Hamrohim og‘ir "uf" tortdi.
— Buni qarang. Oradan shuncha yillar o‘tib ketdi. Kecha Ra’no qizini turmushga chiqardi. Taklifnoma yuborgan ekan, bordim. Yaxshigina to‘y bo‘ldi.
Ra’no... hamon menga o‘shanday mehribon, g‘amxo‘r. Eriga "Qarindoshimiz" deb tanishtirdi. Menga ham shu ma’qul ko‘rindi.
Nazarimda, men ikki jonni bir umr qiynalib yashashdan qutqarib qolgandayman. Chin sevgi yo‘qligi qiynog‘idan. Yana kim biladi deysiz...
Hamrohim sigareta tutatdi.
Men uzoq o‘ylanib qoldim, ammo aniq bir xulosaga kelolmadim: hamrohim to‘g‘ri yo‘l tutganmi yoki noto‘g‘ri...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.