OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qo‘chqor Norqobil. Bu yerlarda hayot boshqacha (hikoya)

Ignaga ip o‘tkazolmay qolganiga ancha bo‘ldi. Ko‘z qurg‘ur xiralashgan. Yosh ham saksonga saboq berib turibdi. Lekin o‘zi ancha tetik. Ovozini aytmaysiz, gulduraydi – gapni zambarakning o‘qiga bog‘lab otadi, tushgan joyini o‘pirib ketadi. Qishloqda katta-kichik uni Guldurak momo deydi. O‘ziyam o‘rganib ketgan... 
“Guldurak momo, biznikiga borarkansiz, enam o‘rmak to‘qishga aytdi...” 
“Guldurak momo, gartakkina qatiq berib turing...” 
“Gulduyak momo, tuxum beying, tovug‘imiz kuyk bo‘pti”. 
Momo xasis emas, kim nima so‘rab kelsa beradi, kim qaerga aytsa boradi, ayniqsa, bola-baqrani jini suyadi, lekin uyidan chiqarayotib ularni o‘qlab jo‘natadi: 
“Ma, o‘lay senga, supraqoqdi-ey, ma ol, buni kissangga sol. Qurt yeging kelsa, kelaver, beraman... Enangga borib ayt, momom kelarkan, o‘mganiga ot tepgandayam kelarkan, lekin siz o‘tgan hafta momom kigiz qilganda bormagan ekansiz. Belingiz belangimidi, deysan. Qani qaytar-chi...” 
Bola qizarinib-sizarinib kampirning gapini qaytaradi. Bir qo‘li cho‘ntakda, qurtlarni ushlab-ushlab ko‘radi. Boshqa bir kuni: “Ke, bolam. Bu yil ham sigiring qisir qoldi-ma? Mayli, ana, sigirni uyingga olib borib boylab qo‘y. Otangga ayt, yil o‘n ikki oy Yo‘lchining magazinini boylangan itday qo‘rib, shishaga kirib oraqqa cho‘milmasdan bir oygina insofga kirsa, senlarga bir sog‘in sigir olib beradi...” 
Kampir bir korsan kosadagi qatiqni mishiqining qo‘liga tutadi. 
“Biror narsa kerak bo‘lsa keptur”. 
Kampir shuginalarning kelib-ketishidan xursand bo‘ladi, gapirgan gaplari esa shu... bir gapi-da. Guldurakda, guldurak. Fe’li-ro‘y!
“O‘ziyam zerikib o‘turuvdim. Kiraver. Salimaning qoratoylog‘imisan... Kir. Nimaga muncha timirskilanasan?.. Chiq supaga. Ma, g‘ilmindi, ye. Hozirgilar g‘ilmindini qaerdanam biladi... O, bolam, ol!.. Yaxshimikan? Bo‘ying shadorozday bo‘p tebranasan-a? Bilamiq, yupqa nima, garchish, shirguruch nima, to‘rta, qayla, ko‘chaosh nima – bilmay o‘sayotgandan so‘ng shunday bo‘ladi-da. Enang tengilarning hammasi qiltanglaydi, qirqqa kirib-kirmay ko‘taram bo‘p qolgan... Ikki bola tug‘ib-tug‘may uv-uvlaydi, o‘rni o‘rib, qirni qiradigan payti, go‘r bo‘lama, o‘zimizdi eski ovqatlarni qilishni bo‘yni yor bermaydi, bularing or bilishadimi-ey, bekor gap, erinadi, bilgani piyova, shuldir sho‘rpa... Qozonda moyni jirillatganim hisob deydi...” 
Bola kampirning so‘zlarini ilg‘ab-ilg‘amay chaqa sariyog‘ va sutdan tayyorlangan lazzatli “perashka”ni paqqos tushiraveradi. Uchinchisini yeb tugatgach hansirab qoladi. 
“Momo, men ketdim”. 
Kampir to‘ntarma katta savatni ko‘tarib tuxum to‘la yelim kosani bolaga uzatadi. “Ma, enangga ayt, tuxumni toq bostirsin, yo‘qosam, jo‘ja chiqmaydi, enang shuniyam bilmaydi-yov”. 
“Tuxumlar juft chiqsa-chi, momo?”
“Bittasini otangga qovurib bersin...” – uzib oladi kampir. “Ha, aytmoqchi, enangga ayt, tovuqlarniyam uvoli bor ekan, deb qo‘y. Hech bo‘lmasa shu gapimni tushuntir...”

* * *

Guldurak momo supada gum-gursday bo‘lib urchuq yigirayapti. O‘tirishini ko‘ring. Urchuq emas charxi dunni aylantirayapti go‘yo. So‘l qo‘l havoda, ipni tutgan, o‘ng qo‘l bilan esa ip tutashgan urchuqni shipillatib aylantirib yuboradiki, bu keskin harakat go‘yo chavandozning qilich sermashidagi oniy holatga o‘xshab ketadi. Rahim bovo katta darvozaning ochiq “bola eshigi”dan kirdi-da, kampiriga bir pas ser solib turdi. Kampir sezdi. Ishini to‘xtatib choliga ilkis qaradi. Chol o‘zicha qovoq uydi. Shunchaki bostirma tomon yurdi. Hovlida qiladigan ishning tayini bo‘lmasa ham unga-bunga urinmoqqa shaylandi. Ishqilib kampir ertalabki gapni qo‘zg‘amasa bo‘ldi.
– Keldingizmi? Qachon boraman deyapsiz?
Chol ortidan qamchi yeganday bir chayqalib to‘xtadi: “Obbo, yana boshladi!” 
Kampirga o‘girildi.
– Qaerga? Nima deyapsan? 
Momo endi gulduradi:
– Talmovsirab tol kesasiz-a? Shundayam ota bo‘ladimi-ya? Shu bolani agaram bir joydan orttirib kelgan bo‘lsamam, shu bola chippa-chiniminan o‘gay bo‘lsayam, bir borib ko‘ray demaysiz-a. Yo shu bola chiniminan o‘gayma-a? Otayam shunday bo‘lama?!
– Telponda gaplashib turibmiz-ku. 
Chol cho‘ntagidan uyali telefonni olib kampiriga ko‘rsatdi, ko‘rsatmasa gapiga ishonmaydiganday.
– Kenjangiz shu zormotohdi qaysi go‘rdanam obberdi sizga. Telpon quloq bo‘lar, ikki ko‘z bo‘lolmaydi, ko‘ngil bo‘lolmaydi, mehr bo‘lolmaydi. Odamni odamdan uzoqlashtirarkan...
Kampirning tilidagi tugun yechildi. Chol bunday paytda unga bas kelolmaydi. Gumbur-gumbur gap bilan uradi. Eshitadi endi eshitadiganini. Lekin jim tursayam bo‘lmaydi.
– Hozir bog‘da ish qaynagan payt. Qarab turmasam, bola-chaqa uzumni tashib ketadi. Mol-holga kim qaraydi?
– Bahona qimang. O‘rtanchingiz bor! Qaraydi. Xotini ham orbonglab ne qilarini bilmay uxlagani uxlagan. Qishloqda uzum itirqini. Bola baqraga bersangizam olmaydi. O‘zingizga bir gap bo‘gan. Uy bilan bog‘ orasida otalak-kutalaksiz. Mol-hol, qo‘y-qo‘ziga ham qirg‘in kelsin... Itga tinim bor, qushga tinim bor, sizga tinim yo‘q, biz o‘lsak boshimizda mol-holingiz, qo‘y-qo‘zingiz uvvos solsa ne ajab?!
Cholnikiyam tutadi. Qo‘lidagi o‘roqni tomorqaga irg‘itadi. Lekin kampiriga hech nima deyolmaydi. G‘udranadi, “Ukkag‘or baxshining qizi...” Dahlizga qarab yuradi. Tokchadagi chelakdan cho‘michda suv olib ichadi. Kampir yumshaydi:
– Hoy, sovuq suv ichmang, qodog‘ingiz tosh qotadi, choy iching, issiq choy bor! Tumshaymasdan keling endi buyoqqa!
Biz tavba qildik deylik, lekin cholga taqdir chizig‘ini kampiri chizib qo‘yganday tuyulaveradi, hoy tilimizning kufurini yel olsinu, lekin ayni chog‘ cholning o‘zi shunday o‘yladi: “Enag‘ardi qizi ellik yildan oshdi, yo‘limni chizib beradi, chizig‘imdan chiqma deydi... Endi bo‘ldi, o‘zimning bilganimni qilaman! O‘g‘limnikiga oyog‘im tortmay turibdi, keyin boraman. Keyin ham xohlasam boraman, xohlamasam yo‘q!” 
Chol qat’iylashdi. Oq aralash o‘siq qoshini chimirib, peshonasi tirishib xotiniga botiq nigohlari bilan yovqarash qildi, qaerdan paydo bo‘ldi, yonoq suyaklari bo‘rtgan ozg‘in va kichik kulcha yuzida qahr o‘ti alangaladi. Oqargan siyrak, echki soqolini ozg‘in va chayir qo‘lining titroqli barmoqlari bilan silaganday bo‘ldi. Uzoqdan qaragan odam chol so‘l qo‘li bilan yuziga fotiha tortayotibdimi deb o‘ylardi. Kampirga ham shunday tuyuldi.
– Bovosi, keling, choy-poy ichib oling. Keling. Mayli, bormasangiz bormabsiz... 
Kampirning tuyqus mayin tortgani cholni esankiratib qo‘ydi. Quloqlariga ishonmadi. Angrayib qarab turdi, meniki toq, sizniki juft – sizniki ma’qul, deb birovga, ayniqsa, choliga osonlikcha yon bosib qo‘yaverish kampir uchun jon taslim qilish bilan baravar edi. Shunday bo‘lgach, chol angraymay kim angraysin. 
Cholning qalbida oyda-yilda bir qo‘zg‘alib qoladigan to‘polonning toshqini kampirning bir og‘iz iliq gapi tufayli bosildi-qoldi. Supaga chiqib kampirining yoniga kelib o‘tirdi. Kampir ustiga sochiq yopilgan sirli idishning qopqog‘ini ochib chinni kosaga shirguruch solib uzatdi. Chol kampirga ko‘z ostidan ser soldi: yo‘q, avramayapti, ellik yildan beri biladi, bunga avrab-aldash begona, shartta zahrini sochib, chaqadi- qo‘yadi. 
“Ukkag‘or baxshining qizi-ey... Ajinasi otlanib qolsa dunyoni chirpirak qiladi-ya. Gulduramay o‘lgurning gaplari chin, o‘zimam bola-chaqamga ham yopishavermayman. Shundaychakin bo‘lsam nima qilay? Ukkag‘orning qizi sizni elga qo‘shaman deb bo‘larimcha bo‘ldim, kesakdan o‘t chiqdi, toshga til bitdi, siz esam dimu dirs bo‘lib o‘tdingiz. Siz bilan o‘tgan esizgina umrim-a, sizga odam isi yoqmaydi, deb yozg‘iraveradi. Bu gaplariyam chin. Lekin odam isi yoqmagan bilan sening ising yoqadi, Toshbuvi”. 
Chol o‘zicha iljayib qo‘ydi-da, bo‘shagan kosani kampiriga uzatdi:
– Yana yarim kosa ber. 
 Kampirning chehrasi ham gul ochdi:
– Zo‘rlik qilmasmikan, mana, choydan ichvoling.
Chol yana iljaydi:
– Beraver! Zo‘rlik qilsa yo‘lini topamiz.
Chol bu kosaniyam ko‘rmaganday qildi. 
Shirguruch – sutda pishgan guruchbo‘tqada erigan sariyog‘ yuqi cholning siyrak soqolida yaltirab turardi.
– Bovosi, soqolingizni artvoling... Haliyam yosh bolaga o‘xshaysiz. Kim bilsin, odam keksaygach, allaxiyol bo‘lib qolarkan, – kampir juda ohista, ovoz qo‘ymay, mayingina gapirdi. Chol uning yuziga razm soldi. Yonoqlarida ikki tomchi yosh sizibdi. Qarshisida Guldurak kampir emas, bir burdagina mumsik, bir mushtipar turibdi. Ichidan nimadir uzilganday, boshidagi siyrak soch tolalari o‘rniga besanoq ignalar sanchilganday bo‘ldi, seskanib ketdi chol:
– Ie, Toshbuvi, senga nima bo‘ldi?
Kampir uf tortdi. 
– O‘zim shunday, bovosi, o‘zim shunday.
Gulduragan ovoz o‘rnida siniq va o‘ksik ihroq. Kengashda xonning xotiniday bo‘p o‘tiradigan kampirning dog‘uli simmati-sayidan urvoqcha yo‘q. Cholning eti uvishdi:
– Senga nima bo‘layapti? 
– Gapimni eshiting, bovosi. Gapimni eshiting. Uf-uf... Bovosi, hech sezyapsizmi, zehnimcha bolalarimizdan uzoqlashib borayotgandaymiz.
– Undaychakin gapni qo‘y, Toshbuvi. – Cholning ham ovozi qaltirab chiqdi. – Shu kattamiznikiga borganimiz bo‘lsin, bugunoq yo‘lga tushamiz. 
Kampir endi o‘zini tutolmadi. Hiqillab yig‘lay boshladi. Ko‘z yoshi yonog‘ini sho‘rish etdi.
– Borasizmi, bormaysizmi, o‘zingiz bilasiz. Men buni aytmayapman, bovosi, bolalar bizdanmi, biz bolalardanmi uzilib boryapmiz. Bir bizamas, boshqa tengqurlarimiz ham shundayga o‘xshaydi... Shundan qo‘rqishimiz kerak, bovosi, shunga yig‘lashimiz kerak, bovosi...
– Bu nima deganing?
– Deganim, demaganimma? Besh bolani ko‘kayimiz qurib, ko‘k tomirimiz chirib katta qildik, qiz endi mayli, birovga atalgan omonat, joyini topdi – ketdi. Taqdiri imdod – azaliy odat bu. Baxtli bo‘lishsin. Oyda-yilda bir keladi, ko‘rib suv ichgan daraxtday yashnaymiz. Uch ul-chi, uch ul! Ullar ham har joyga sochildi, nasibasi ekan, omon-eson yurishsin! Kenjamizni ko‘rmaysizma, ishi Sherobodga ovushganakan, uyam kelindiyam oldi-ketdi, nima deymiz, davlatning ishi. Nevaramdi eslasam, yuragimning suvi oqib ketayapti, bovosi. Bir tomirim chirt uzilganday, holi-madorim quriyapti. Siz erkak kishisiz, siz buni bilmaysiz, bovosi. Uch bolamni tuproqqa qo‘yganimda, uch bolam yerni to‘ydirganida kuyib kul bo‘lganman, bovosi. O‘shandayoq tomirlarim chirib bo‘lgan, bovosi. Mening quruq savlatim qolgan, quruq govoram qolgan, bovosi. Gapirganimda men gapirmayman, gulduragan ovoz otamning ovozi. Otamdan qolgan bir hovuch nur gapirtiradi, bovosi. Baxshining qizi bo‘lmay men o‘lay, yaxshining qizi bo‘lmay men o‘lay... Uvv-ey...
Kampir uvvos tortib yig‘lab yubordi. Chol o‘rnidan turib esdan oqqan siyoqda supani aylanib gandiraklab yura boshladi.
– Qo‘y endi, bas qil, Tosh... O‘zingdi bos, Tosh...
Chol hansiragan alfozda dahlizga kirdi. Cho‘michda suv opkelib kampirning yuziga sepdi. Kampir bir to‘lg‘anib hardamxayol qiyofada jimib qoldi. Ko‘zini dasturxondan uzmay ihradi.
– Katta ulimizning qishloqqa dorimaganiga besh yildan oshdi, – kampir o‘ziga-o‘zi ingradi. – Hamsoya-ovul o‘g‘lingiz katta odam, kelishga vaqti bo‘lmasa kerak-da, – deydi, – lekin meni yupatish uchun aytishadi, buni bilaman. O‘tirik gapiraman, ulim o‘tgan kuni kep ketdi, ishi ko‘p-da, ish ko‘p, har ikki-uch oyda kep- ketib turibdi, deyman. Siz esam, telponda gaplashib turibmiz-ku deb ovunasiz. Kecha, momo, ulingiz televizorda chiqayapti deb Suluv hamsoyaning qizi chopib kirib keldi. Siz bog‘da edingiz. Televizorni qo‘ydim. Ma’noli gaplardi gapirayotuvdi, qirilib ketgur chiroq ham o‘chib qoldi. Ertalabgacha uxlamay chiqdim. Tong saharda o‘rtanchangiz keldi. Ena, ikki bolangiz ham katta odam bo‘p ketgan, men o‘zim ro‘zg‘orimni bir amallayapman, birovi yordam beray demaydi, deydi. Bovosi, shu bog‘ o‘lgurdi ham, qo‘radagi hamma qo‘y-qo‘zi-yu, og‘ildagi novvosniyam, sigirdiyam beraylik shunga. Sizminan menga mol-hol, dala-bog‘, dovu daskaning nima keragi bor. Qutulayik, qo‘yaylik. Yelkamizga ko‘ch-ko‘ron ortib nimayam qilamiz?
Chol bir sapchib tushdi:
– Nima, o‘rtanchang shunday dedimi? O‘zi so‘radimi? 
– So‘ramadi. Bunday gapdiyam aytmadi. Lekin men ko‘zidan bildim. Ko‘zidagini uqdim, bovosi.
Chol bosh egdi. Dasturxon chetini titroq qo‘llarining ozg‘in barmoqlari bilan ojizgina ushlab titkilay boshladi. Rang-ro‘yi oqarib, hansirayotgan kampiriga qarshi borishga yuragi dov bermadi.
– Mayli, sen aytganday bo‘ladi. O‘rtanchangni chaqir, kechqurun kelsin. Qo‘yga ham, molga ham, boqqa ham egalik qilsin. Ertaga ertalab yo‘lga chiqamiz. Kattangni borib ko‘rib kelamiz. 

* * *

Endi gapni “katta”nikidan eshiting.
Saharmardonda Denovdan chiqqan poezd Toshkent vokzaliga yetib keldi. Chol-kampirni to‘ng‘ich o‘g‘ilning shofyori qarshi oldi. Allambalo ulovga o‘tirg‘izdi. Mashina “katta”nikiga ravona bo‘ldi. Kampir xursand. Uchib ketayapti deysiz go‘yo. Choli tushmagurning sir boy bermagani bilan dimog‘i chog‘. Mashinaning yumshoq orqa o‘rindig‘ida yastangan ikki duogo‘yning ayni dam ko‘nglida sog‘inchmi, sevinchmi tuyg‘ulari nechog‘li ko‘pirib toshgani ularning o‘zi va birgina Yaratganga ayon. 
Mashina shahar chetida, suvi tip-tiniq, zilol, hayqirib oqayotgan daryo yonidagi yayrab-yashnagan mevali bog‘ adog‘iga yetganda so‘lga yo‘l soldi. Ochiq dahani kesib o‘tishi hamono chor tarafda qad rostlagan qasrmonand ko‘p qavatli uylar oralab ketdi. 
“Shaharning qishlog‘i shu bo‘lsa kerak” – o‘yladi chol. U umrida bunday salobatli imoratlarni ko‘rmagan edi. Vu-yy bularning tomlarini-chi, shifermas, tovlanadi-ya, tovlanadi, yana ularni har xil rangga bo‘yashibdiyam. Bundaycha fason-istilda qurishgani-chi, qirrali, qirrasiz, uchburchak, to‘rtburchak tomlar.
Mashina moviyga bo‘yalgan, tepasiga qizil qalpoq monand ustama o‘rnatilgan, baland devor bilan o‘ralgan dabdabali qasr yonida to‘xtadi. Mashinadan tushishdi. Haydovchi devordan ikki quloch baland keladigan qalin zirh, ulkan kulrang darvoza biqinidagi oq tugmachani bosdi. Chol-kampir angrayib turishibdi. Yana bosdi. Ancha vaqtdan so‘ng taraq-turuq eshitilib, darbozaning kichik eshigi ochildi. Ko‘z-qovog‘i shishinqirab, oq oralagan sochi to‘zg‘in, maykachan, tizzaishton kiyib olgan o‘g‘li Turdiqulni ko‘rishdi. Kampir shu zahoti o‘g‘liga tarmashib, uni yuz-ko‘zidan o‘pa ketdi, chol iljayibgina turibdi. 
– Voy bolam-a. Turdi jonim-a! Bo‘yingdan aylanay bolam. Sog‘-omonmisan, tani-joning sovma, eson-omonginamisan, aylanayin bolam...
– Yaxshiman, o‘zingiz yaxshimisiz, kelinglar. Keling... Ey, ota, yaxshi keldingizmi? Keling, keling.
O‘g‘il bilan otayam bag‘irlashdi. Turdiqul ularni ikki cheti anvoyi gullar bilan bezangan qizg‘ishtus keramika yotqizilgan yo‘lak bo‘ylab baland imorat tomon boshladi. Cholu kampirning tugun-taqasini ko‘targan haydovchi ularning ortidan ergashdi. Kampir mag‘rur, chol atrofga olazarak boqadi. O‘ziyam hovlimisan hovli ekan. Keng-mo‘l. Butun hovli sathiga yam-yashil chim yotqizilgan. Yashil maydonning qoq o‘rtasida sharqirab favvora otilayapti, tevaragida turli-tuman gullar barq urgan.
Beriroqda marmar hovuz. Suvi kilkillab turibdi. Uning yonida usti chiroyli, rangli yelimbo‘z bilan yopilgan voyishayvon. Oq, ko‘k, qizil rangli plastmassa stol-stullar o‘rnatilgan. Chimsath oxiridagi devor yonida qatorasiga odam bo‘yidan baland qilib o‘rnatilgan qalpoqchiroq yoritkichlar. Kechasi yoqishgan shekilli, hali o‘chirishmabdi, qatorasiga yonib turibdi. Yo‘lak chetida ham ana shunday oqqa bo‘yalgan temirto‘sin yoritkichlar yog‘du sochadi. Baland imoratga yetmasi, so‘l tomonda esa yog‘ochdan yasalgan ikki qavatli naqshinkor so‘ri. So‘rining ham tomi bor. Uning ham tomi bo‘yalgan.
– Hozir... Hozir. Bir minut. Keliningiz uxlayotuvdi. Uyg‘onadi hozir. Risol! Risolat! Mehmon keldi... 
Ular qora tus oyna bilan to‘silgan bosh-oyoq oynavand imorat oldidagi haligi ikki qavatli so‘rining birinchi qavatiga chiqishdi. O‘g‘il imorat zinasidan ko‘tarilib uyga kirib ketdi. 
“Shaharda kech uyg‘onisharkan”, – o‘yladi ota. 
“Otali olti, enali yetti to‘ydi, bular uxlashayapti”, ko‘nglidan o‘tqazdi ena. 
Imoratning oyna eshigi ochilib kelin chiqdi. Sadag‘ang ketay buyam shu ahvolda – tizza ishtonda. Maykasi har holda erinikidan bir navi. Ha mayli, maydalashmaylik, birovning egnidagi ilvasin bilan nima ishimiz bor. Faqat kampirning ko‘zi bilan yer chizgani, cholning uyoq-buyoqqa alanglab nigoh opqochganini aytib o‘tsak kifoya. 
Kelin hol-ahvol so‘rashib dasturxon tuzash uchun ichkari kirib ketdi. Xudo ko‘ngliga soldimi, bu gal egniga xalat tashlab chiqdi. Bir pasda xontaxta usti noz-ne’matga to‘ldi. Kelin bir lagan qovurdoq opkeldi. Dasturxon atrofida o‘g‘il qishloqdagi qarindosh-urug‘, xesh-aqraboni so‘rab-surishtirdi. Kelin muloyimgina bo‘lib choy uzatib, qaynona-qaynotani yegulikka undab o‘tirdi. 
– Bolalaring ko‘rinmaydi, bolam? – Nevaralarining uydan chiqishini sabrsizlik bilan ichikib kutib turgan kampir o‘g‘liga yuzlandi. 
– Nargiz Germaniyada. Bekzod lagerga ketgan. – O‘g‘il quruqqina javob qildi. 
– Attang... – chol ihranib qo‘ydi. 
– Kampir choliga qarab jovdiradi.
– Mayli, ilohim omon bo‘lishsin, – dedi kampir ichi zil ketib. 
– Yaxshi bo‘ldi kelganlaringiz. Biz ham zerikib o‘tirgandik, – kelin mulozamat qildi. 
– Bolalar kelgach, hammamiz jam bo‘lib qishloqqa o‘zimiz bormoqchi edik, – o‘g‘il gapni ulab yubordi. 
– Yaxshi, yaxshi, – dedi chol. 
– Bolam, Chori bovang, Sarvi xolang ham o‘tdi. Toji tog‘ang o‘sal bo‘lib yotibdi, dardi og‘ir, – dedi kampir, – qishloqqa borib turinglar, bolam... 
– Hovli-joying keng-kengish ekan, buni qara-ya, kinodagiday, – oraga tushdi chol kampirni chalg‘itmoq, suhbat rovishini boshqa yoqqa burmoq uchun. 
– Ha endi, ota, hovli-da bu, hovli! 
– Bolam, Xurram tog‘angning o‘g‘li shu yerda ekan, bannisada deyishdi, bir borib ko‘rib qo‘ysang yaxshi bo‘lardi. O‘tgan kun o‘pkalaganday bo‘ldi, jiyanga tilpon qildim, yaxshi gaplashmadi, dedi-yov menimcha...
– Ish ko‘p-da, ishim ko‘p... Mayli, boraman, – o‘g‘il lanjlandi. 
– Oyi, dada, ovqatga qaranglar... Qani, manavi salatdan olinglar, – kelin o‘smoqchiladi.
– Hovli yaxshiyakan, – kampiri yana bir nimani gapirib yubormasligi uchun ezmalandi chol, – anavi archalaring yaxshi o‘sibdi, anavilar nima, oqterakka o‘xshaydi? 
– Bular beryoza ota, beryoza.
– Tuzuk, tuzuk. Olma-polma, gilos-pilos ekmabsan-da, ha mayli, har joyning o‘z rusumi bor... Bolam endi men turay, tahorat olay-da, namozimni o‘qib, hovlingdi bir aylanay.
Chol kampiriga ma’nili qarab, har narsani vaysayverma, deganday qilib o‘rnidan turdi. O‘g‘il otani hovli adog‘idagi hammomga boshladi. 
– Oyi, joy qilib beraymi? Bir oz damingizni olasizmi?
– Mayli, kelin, mayli, shunday qiling, bolam.
Huvillagan hovlida bir kunning o‘tishiyam cho‘zilib ketdi. Ayniqsa, chol chimsath oxirida qator gurkirab o‘sgan archalar ortida ko‘rinmay turgan panjarali qo‘rada ayiqdanam katta, kallasi qo‘ra eshigiga zo‘rg‘a sig‘adigan it saqlanayotganiga ko‘zi tushib orqasi tutdi:
– Buning devdan tarqaganmi? – dedi o‘g‘liga.
– Ha, endi, Bekzodingiz qiziqadi-da, ota! 
– Shunday ajoyib qo‘raga to‘rtta qo‘zini tashlab qo‘ysang, hovlingga fayz kirardi o‘g‘lim, bolang ham ovunardi, mol-holga mehr qo‘yardi. Buning o‘rniga novvos boqsang ham binoyi edi... bolalaring ham bekor yurmaydi, it boqayapti degan gap qayda-yu, uyida mol- holi bilan andarmon degan gap qayoqda.
– Bolam it boqmaydi, ota, – o‘g‘il zarda qildi.
– Manavi nima?.. Shunga qiziqqan joni molga qiziqsin, deyman-da, – chol qo‘lini paxsa qilib qo‘rani ko‘rsatdi. 
It irilladi. 
– Itni itboqar boqadi. Itboqarimiz bor.
Ota o‘g‘liga ajabsinib qaradi. Bosh chayqab qahrli iljaydi. 
– Bu senga nima karomat ko‘rsatadi?
– Kechasi uy-joyni qo‘riqlaydi. Bu yer shahar, ota! 
Chol itga o‘qrayib qaradi. It tag‘in irilladi. 
...Oqshom cho‘kdi. Cholu kampir haligi so‘rida choy ichishayapti. Kelin yelimichakda hovliga sharillatib suv sepayapti. Eshik jiringladi. Risolat qo‘lidagini tashlab eshikni ochdi. Qotmadan kelgan, past bo‘yli kishi ikki qo‘lida chelak ko‘tarib devor bo‘ylab itxonaga qarab yurdi. “Itga ovqat opkelayapti. Itboqari shu ekan”, ko‘nglidan o‘tkazdi chol. Itboqarning izidan ertalabki haydovchi kirdi. Hammom tomonga yurib ikkita odam bo‘yi xoda topib chimsath chekkasiga qoqdi. Ular orasiga oqbo‘z tortib, marmar hovuz hamda cholu kampir o‘tirgan so‘ri orasini to‘sdi. So‘ng ko‘cha eshik ortidagi mashina o‘rindig‘idan ikkita quti olib keldi-da, hovuz chetidagi stolga qo‘ydi. Usti yopiq voyish ostidagi stollar ustiga turli xil ichimlik, shishalarni terib meva-cheva bilan bezatdi. Cholu kampir ajabsinib qarab qo‘yishdi. 
– Bugun mehmon keladigan kun ekan, oyi, dada. Yana mehmonlar kelishayapti. Mashhur aktyor xotini bilan kelayapti. Boramiz deyishdi, yo‘q deyolmadik, – kelin til uchida sipoyilik qildi. 
– Mehmonga kelma, deb bo‘larkanmi, mehmon kelgani yaxshi. Mehmoni ko‘p uyning rizqiyam mo‘l bo‘ladi, aylanay, – kampir kelinga ro‘yxushlik bergan bo‘ldi. Archa tagida kabob qo‘ra tozalayotgan o‘g‘il ota-onasiga bir razm solib qo‘ydi. Chol yana iljaydi. “Dovu dastgangdan o‘rgilay, ulim...”
Chindanam televizordan tushmaydigan mashhur aktyor xotini bilan hovli o‘rtasiga kirib kelganda Risolat yugurgilab ularga peshvoz chiqdi. Aktyor Risolat bilan cho‘lpillatib o‘pishib ko‘rishdi. Xotini ham shunday qildi, o‘g‘il Turdiqul ham bunday rusumni kanda qilmadi, bir-biri bilan yuzo‘pishdi qilishgach, o‘g‘il mehmonlarga so‘rida o‘rnidan tik turgan ota-onasini tanishtirgan bo‘ldi. So‘ng mehmonlarni yetaklab, bo‘zning ortiga olib o‘tdi. Cholu kampir hayratu ajabsinish bilan bir-biriga ma’noli qarab cho‘k tushdilar. Bo‘z ortida gangur-gungur, qiyqiriq boshlandi. Suv shalopladi. Qadahlar jarangi eshitildi, kulgan kim, qiyqirgan kim... 
– Bu yerlarda hayot boshqacha ekan, bovosi, – dedi kampir.
– Boshqacha. Hamma narsa boshqacha, – dedi chol ham iljayib.
– Xo‘sh, endi nima qilamiz, bovosi?
– Ertalab tongda ketamiz. Yo, qolasanmi? 
– Sizniki ma’qul. Siz nima desangiz shu! Bu gal sizniki juft bo‘ldi, bovosi. 
Kampir bir nuqtaga ko‘z qadab jimib qoldi. U qarog‘ida aylanayotgan ko‘z yoshlarini choli ko‘rishini istamasdi. Chol yuzini teskari burdi. Kampir yengi bilan yoshli nigohini artdi. 
“Bo‘zdevor” ortidagi marmar hovuz suvi yana shalopladi. Ayollar qiyqirishdi. Itboqar kallasi qozonday, qop-qora eshakday itni harsillatib yetaklab chiqdi, bir qo‘lida itning zanjiri, bir qo‘lida yarimlagan aroq shishasi. It so‘riga bir qarab irillab qo‘ydi-da hammom tomon gandiraklab borayotgan itboqarning ortidan lo‘killab ergashdi. 
Oradan chorak soat vaqt o‘tar-o‘tmas chol tahorat olish uchun hammom sari ildamladi. Yelim oftobada suv olib devor bo‘ylab yurib archalar yonida cho‘nqaygan chol orqasidan allanima guvillab uchib kelayotganini his qildi-da, tuyqus o‘girildi, o‘zi tomon shamol tezligida jon-jahdi bilan otilayotgan ulkan itni ko‘rdi. Miyasida chaqmoq chaqqanday bo‘ldi. Bahaybat it unga zarbu zabtda urilib tanasini tilka-tilkalab tashlashi oniy holatda shuuridan kechib oyoq-qo‘li uvishib baqrayib qoldi. Shu tobda... shu tobda osmon gumburlab, yer silkinganday bo‘ldi – borliqni so‘rida sapchib turib ketgan Guldurak kampirning gulduragan ovozi tutdi:
– To‘x-t-a-a-a!
It taqqa to‘xtadi. Bir aylandi-da, g‘ingshib ortiga qaytdi. Marmar hovuz bo‘yidagilar taxtaday bo‘lib qotib turishardi. 
Dunyo bexabar itboqar esa muk tushgan ko‘yi hammom devoriga suyanib xurrak otardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.