OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Qismat (hikoya)

KICHIK O‘G‘IL


Ayvon.
Ustunlar vaqt o‘tishi bilan to‘q jigarrang-qoramtir tus olib, uzunasiga yorilgan. Ba’zi yoriqlarida mayda chumolilar o‘rmalashadi. Kattaroq bir yoriqqa sariq arilar in qurgan. Ular ko‘p emas, sakkizta yoki to‘qqizta. Ertalab hali havoda nam ko‘p mahali g‘uj bo‘lib turadilar, qanotlari qurigach, uchib ketadilar. Qanoti nam arining g‘o‘ng‘illashi bo‘g‘iq va past bo‘ladi. Qanoti quruq ari zirillagan ovoz chiqarib uchadi.
Bularning chaqishi erta bahorda kuchli bo‘lmaydi. Yoz bo‘yi kuch to‘playdi. Zahri kuzda o‘tkirlashadi. Chumolilar bilan arilar bir-birlariga tegmaydilar. Go‘yo har biri o‘zining tashvishi bilan ovora.
Hovli sho‘rlashgan, oqarib qolgan. Har yer-har yeridan sho‘ralar o‘sib chiqqan. Bitta-ikkita ajriq ham ko‘zga tashlanadi, lekin ular zaif, sarg‘ayib ilvirab qolgan. Toshni surib-yorib, duch kelgan yerda o‘sib ketaveradigan bu bezbet o‘t sho‘rni nimagadir yoqtirmaydi, suv sepsa ham o‘smaydi, ildizlarini yig‘ishtirib olib, quyoshda toblanib yotadi. Shabada qurib-engil bo‘lib qolgan ildizni surgalab, boshqa joyga olib ko‘chiradi, shunda namni sezgan ildiz darrov tomir otadi – to‘rt-besh kunda mahkam o‘rnashvolib, urchib ketaveradi.
Ayvonda cho‘psavat. Cho‘psavatda non. Juda shirin, suvi qochgani undan ham shirin. Lekin enam to‘yib yegani qo‘ymaydi. Non so‘rasak, bir burdagina beradi. Ba’zan nonpalov pishiradi. Nonpalovga sabzi ham qo‘shadi, sabzili nonpalovni men yomon ko‘raman, faqat nonlarini terib yeyman.
Umuman, nonni juda qizg‘anadi enam. Ovqat yeb bo‘linganida, ushoqlarni qunt bilan to‘playdi, keyin akamga, ba’zan menga beradi. “Ol, polvon bo‘lasan”, deydi. Mening ushoq yegim kelmaydi.
Ikkinchi cho‘psavatda qurutlar. Har yer-har yeriga tuproq yopishgan, ammo yog‘li va mazali.
Uyning orqasi tomorqa. Tomorqa juda orasta, tartibli. U yerda o‘ynashga ruxsat yo‘q. Egatlar to‘ppa to‘o‘ri, qiyalatib olingan, sug‘orilganida ko‘llab ham qolmaydi, oqib ham ketmaydi, balki egatlarni bir maromda to‘ldiradi. Tomorqa adog‘i aylanasiga mevali daraxtlar. Katta qizil olma, olmurut, nok, yong‘oq bor. Yong‘oq bilan o‘rikning tagida o‘t o‘smaydi.
Keyin qator orasta teraklar bo‘y cho‘zgan. Ular katta bo‘lganida kesib olinadi, kesilganida yog‘och shirasining boshni aylantiradigan isi anqib ketadi, po‘sti shilinganida ham shunaqa bo‘ladi. Shox-shabbalar tandirga ishlatiladi, yog‘ochlari uyga sinch bo‘ladi. Shu bois terak ko‘p, sanog‘i ellikdan oshiq. Yaproqlari sal shabadaga ham shildiraydi.
Undan keyin qo‘shnining tomorqasi. Keyin yana allakimning. Keyin dala, dalaning adog‘ida zovur bor. Zovurning suvi bahorda loyqa tus oladi, yozda shaffof, kuzda esa zangor-moviy tusga kiradi, sokinlashadi.  
Gap ana shu zovur haqida. To‘g‘rirog‘i, zovurda men ko‘rgan ajoyibot haqida.
U yerda tilla baliq bor. 
Bu baliqdan bir Xudo, bir men xabardorman.
Zovurga u qanday kelib qoldi ekan? O‘tgan kuni juda qattiq momaqaldiroq bo‘lib, chaqmoq chaqqan, ovozidan xuddi osmon yorilib ketgudek bo‘lgan, keyin esa sharros jala quygan edi. Aytishlaricha, o‘shanda shu yerdan ko‘rinib turadigan tog‘larning cho‘qqilaridagi qoru muzlar ko‘chib, yo‘lidagi qishloqlarni vayronaga aylantirib shiddatli sel kelgan, mana shu zovurlar ham loyqa suvga limmo-lim to‘lib oqqan ekan – balki o‘shanda kelib qolgandir?
U tush mahali, quyosh qattiq qizdirganida suv betiga chiqadi. Qing‘ayib quyoshga qaraydi, keyin dumi bilan suvni qattiq uradi, shunda qarsillagan ovoz chiqadi.
Qamishlar ham qarsillagan ovoz chiqaradi. Chunki tanasi g‘ovak bo‘ladi, shabadada egilganida qarsillaydi. 
Men uning rangini yaxshi ko‘raman. 
U – tovlanuvchan. Suvda rosa chiroyli ko‘rinadi, ammo suv betiga chiqsa, uncha tovlanmay qo‘yadi. Nozik ranglari dumdan boshga qarab bilinar-bilinmas o‘zgarib boradi. Quyuq qirmizidan och qizg‘imtirga o‘tadi, keyin esa sariqqa almashadi. Suzgichlari och qizil, qora nuqtali – sariq hoshiyali, yomg‘irda qolgan kapalakning ho‘l qanotiga o‘xshaydi. 
U mening gaplarimga quloq solishini ham bilaman. Gapirsam, indamay qarab turadi. Sabru toqat bilan gapimning adog‘ini kutadi. U chiqqanida qushlarning ovozi o‘chadi, hasharotlar chirillamay qo‘yadi. Qamish poyalaridagi ninachilar jim chayqaladilar. Shabadaning ovozi esa kuchayadi, nimadir shivirlayotganga o‘xshaydi.
Baliq shabadani yoqtiradi. Mayda mavjlar metin tanasiga tegib sinishi xush yoqsa kerak. Quyosh nuri uning yiltiroq tanasida suv bilan qo‘shilib jilolanadi. Tomchilar yiltiraydi. Oqimtir-sarg‘ish oyquloqlari sokin-osoyishta qimirlaydi. Ko‘zining atrofidagi hoshiyasigacha nurli tuyuladi.
Qoq tush mahalida enam katta akam bilan suvni qo‘yvorgani ketadi, chunki tush mahali ekinni sug‘orib bo‘lmaydi. Ekinni ertalab yoki kechasi sug‘oradi. Shunda men ularning ko‘zini shamg‘alat qilib qo‘shnining yeriga o‘taman. Qo‘shnimiz tomorqasini aylantirib makkajuxori ekkan, devorday bo‘lib shitirlab turadi. Poyasi bilaklarimni achishtiradi. 
Zovur yoqasiga boraman, do‘ngga o‘tirib, suvga qarab kutaman.
Baliq mening kelganimni sezadi, lekin darrov chiqa qolmaydi. Ungacha g‘umbaldoq o‘tiga tegishaman. Gulkosasi och yashil, qo‘pol, ichida kichkina nuqtachalari bor, barmog‘imni tegizsam darrov gulkosasini yumib oladi. Xuddi ko‘zini yumganga o‘xshaydi, qo‘rqoq, hurkak o‘t u.
Goho xunuk, vahshiy ninachi qurti suv ostidan yuzaga – qamish yoki o‘t poyasiga o‘rmalab chiqadi. U juda ochofat, ko‘rgan narsasini paqqos tushiradi, ba’zan o‘zining nasldoshlarini ham yeb qo‘yadi. Poyada soatlab qimir etmay turadi, keyin yelka qismi to‘satdan yoriladi, yorilgan qismidan qanotlari harir, boshi katta o‘zga bir jonzot – ninachi chiqib keladi. Do‘ngga qo‘nib, quyosh haroratida qanotlarini quritgach, pirpirab uchadi-ketadi... Miltillab suzib yurgan itbaliqlar ham o‘zgarib, baqalarga aylanadilar. Ildizning po‘k qismida istiqomat qiladigan yana bir jonzot – semizqurtning hayoti ham to‘satdan barham topadi, bir-ikki kun qimir etmay yotadi-da, buzoqboshiga aylanadi, yana bir oz vaqt o‘tgach, to‘satdan qanot chiqarib, dirillab uchishga tushadi... Nariroqdagi eski tol kundasining suvga botgan ildizlari orasida bir qari ilon bor. U tush mahali salqindan chiqib keladi. Lekin quyosh tig‘iga dosh berolmaydi, to‘nka soyasida, eski ildizga o‘ralib turaveradi, soatlab qimir etmaydi, ba’zan po‘st tashlaydi... 
Ammo mening balig‘im suv betiga chiqqanida hamma jonzotlarining ovozi o‘chib ketadi. Hatto kapalaklar ham jim qoladilar. 
Bilganim – tevarakda bunaqa rangu tusdagi baliq yo‘q. Birovning ko‘rganiniyu aytganiniyam eslolmayman... 

O‘RTANCHA O‘G‘IL


U baliqni Xudo yuborganini mendan boshqa birov bilmadi!
Ukam uni borligini aytganidan keyin zovur bo‘yiga bekitiqcha bir necha marta bordim. Har gal borganimda uni ko‘rdim. 
U sirli baliq edi. Suv betiga chiqqanida tevarakdagi qurtu qushlarning ovozi o‘chib ketardi. 
... Kichkinaligimda enamdan, odamlar o‘lganidan so‘ng nima bo‘ladi deb ko‘p so‘rardim. Enam “meni qabrga qo‘yasan, keyin har zamonda borib xabar olib turasan,” deb aytardi. “Siz o‘lganingizdan keyin chiqolmaysizmi?”, der edim. “Agar Xudo xohlasa, chiqaman”, derdi. “Xudo xohlamasa-chi?” “Unda qanday qilib chiqay, bolam?” Bir gal aytgan ediki, odamning ruhi boshqa narsalarning ichiga, ko‘pincha kapalakka yoki kichkinaroq jonzotlarga, ba’zan kattalariga ham kira oladi. Kapalak uchib kelib jim o‘tiradi, uning ichidagi marhumning ruhi esa tevarakni tomosha qiladi. 
Buni enam bir-ikki yil avval aytgan edi. Hozir u kasal, ko‘zlari deyarli ko‘rmay qolgan. Qo‘lidan yetaklab olib yuramiz.
O‘tgan haftadagi guldurosli sel qabristonni otamning qabri bilan qo‘shib buzib o‘tib kelganida, otam shu baliqning ichiga kirib keldimikin, deb o‘yladim.
Chunki ertasiga bir chol tushimga kirdi. Zovur yonida emish. Siz ulg‘aydingiz, lekin enangiz qiynaldi dermish. Otang baliq bo‘lib oldingga keladi, akangga ayt, pishirib enangga bersin, tuzaladi dermish.
Otam qanday odam edi-ya!
Otamday vazmin, og‘ir... otamday kamgap... yurganida yer zirillardi, hovliga kirganida haybatidan hamma jimib ketardi... baliq ham shunaqa edi... 
Ko‘rgan tushim haqida ko‘p o‘yladim, nihoyat, otam boshqa biror narsaning ichiga kirib yana kelar... shu baliqni rostdan ham enamga pishirib beraqolaylik, shoyad tuzalsa deb, akamga baliq sirini aytdim.
Akam otamning miltig‘ini olib, shoshib chiqib ketdi. Yarim soatlar o‘tar-o‘tmas, tutib keltirdi. O‘zini ko‘rmadim, baliq qopda edi. Men tomorqadan beri kelmadim. Ota, jon ota... sen o‘lib ketding, ammo enam kasal-ku... u ham o‘lib ketsinmi... biz seni yemayapmiz-ku, sen boshqa baliqning ichiga kirib olaverasan, deb yig‘ladim.
Akam katta pichoqni olib, o‘choq yoniga ketdi, tangalarini shila boshladi.
Shunda... ukam kelib qoldi... U nimaniyam bilardi... Sirni ochib qo‘yganim uchun rosa xafa bo‘ldi, kelib sochlarimdan tortib ura boshladi... 

KICHIK O‘G‘IL


Kirib kelganimda enam ayvonda, oldida bir tovoqda go‘sht, qushdaygina bo‘lib o‘tirgan edi. Mening ovozimni eshitib, tirish yuzlari yoyilib kulimsiragancha, favqulodda o‘ktam ovoz bilan:
– Kel, toy bolam, ke! Kambag‘alga kun chiqdi, akang baliq opkeldi, ke, sen ham yeb ol! – dedi.
Ayvondan narida yerga guvalakdan o‘choq qilingan, o‘choqqa qozon osilgan... o‘tinlar yonib bo‘lgan, cho‘g‘i oqarinqirab ko‘rinar... chirsillamoqda edi.
“Baliq?!”
O‘choq yonida shilib tashlangan baliq tangalari, dumi va boshi yotardi. Shu mahal qaydandir qo‘shnining mushugi paydo bo‘ldi, u bir sapchidi-da, boshni olib qochdi. Moviy ko‘zlarini mendan uzmay, shosha-pisha g‘ajiy boshladi.
– Bu muborak baliq-da, – enamning ovozi qulog‘imga kirdi. – Hazrati Yunus payg‘ambarni yutib yuborgan baliqni avlodi-da bu. 
Katta akam baliq go‘shtini uzoq vaqtlardan beri yemaganini aytib, tilda erib ketadigan bunday mazaning qaydan kelganiga hayratlanar va mazani uzoqroq his qilish uchun ko‘proq chaynashga urinar edi.
– Xudoi taolo baliqni halol qilib yaratgan, – deb hamon so‘zlanar edi enam. – O‘lganiyam halol, tirigiyam. O‘shan-chun oyqulog‘idan so‘yib ham qo‘ygan.. 
Baliq?! 
Bir Xudoning, bir mening balig‘im!?
Kichik akam tut tagida boshini egib o‘tirardi.
– Sen nimaga bularga aytib qo‘yding? – deb baqirdim unga tashlanib, ovozim xirillagan, bo‘o‘iq edi. – Bular baliqni yeyishyati-ku?
Ajabo, kichik akam mening mushtlarimga javob qaytarmay, ikkala qo‘li bilan boshini bekitib, yerga o‘tirib oldi. Men uning yio‘lashini qo‘rquvdan deb o‘yladim, shunday ajoyib baliqni yem qilganiga yig‘layapti deb, yana ura boshladim:
– U qanaqa baliq ekanini bilardingmi? U tillo baliq edi! Yana salgina kattarsa, tillo baliq bo‘lardi!!!
 Kichik akam hamon ingranib yig‘lar, mushtlarimni sezmas edi. Keyin esa nima deyayotgani qulog‘imga kirdi:
– Ota... Otajon.... – deb yig‘lardi u.
Olov so‘ngan, cho‘g‘larining chirsillashlari pasaya-pasaya axiyri eshitilmay qolgan edi. 

KATTA O‘G‘IL


Ukamning tushiga bir chol kiripti, aytibdiki, enang baliq go‘shti yesa tuzaladi, ko‘zlariga nur kiradi. Juma kuni zovur bo‘yiga borsang, otang baliq bo‘lib keladi, senlar uni ushlab, enangga pishirib beringlar, debdi.
Otamdan qolgan qo‘shotarni olib borganimda, baliq rostdan ham suv betida ekan. Shimimni shimarib suvga tushdim, suvning osti balchiq, balchiq ichidagi eski shox-shabbalar oyoo‘imga qadaldi. Sochma bilan o‘qlab, tepkini bosdim, baliq pitirlab, to‘nkarilib qoldi. 
Kirib kelganimda, yugurib ukam qarshimga keldi. 
 Qo‘rqib ketgani aft-angoridan sezilar edi.
– Kallang joyidami? – dedim o‘dag‘aylab. – Bu bir yemish-ku. Bor, o‘choqqa o‘tin qala!
Baliqning tangalarini shildim, qornini yordim, ichaklarini olib tashlab, oppoq qat-qat go‘shtli joyini sariq yoo‘i bilan qo‘shib kesib oldim. O‘choqqa o‘zim o‘t qaladim, qozon tagi jizillay boshlaganida yog‘li joylarini pastga qaratib, go‘shtni bosdim.
Ana, dedim qoniqish bilan. Ana, endi bo‘ldi!
…Ana endi qozonda jizillab kuyyapsan, ota. Do‘zaxda shunaqa kuyishingni orzu qilgan edim. Xudoi taolo shunga belgi qilib seni jo‘natdi, jo‘natgandayam olovda qovuriladigan qilib jo‘natdi. 
Enamni urganlaringda qo‘lingga yopishganlarim esingdami? Mana senga! Jizilla, jizillayver!
Ichib kelib, hammani tumtaraqay qilganlaringda-chi? Menga ketmon otganingda yelkamni o‘pirib yuboruvding, izi haliyam bor, haliyam qoni silqib turipti, yelkamda emas, ichkarida, yuragimda!
Umr bo‘yi ota deb yoningga yaqinlasholmadim, bir bola bo‘lib bag‘ringda erkalangim kelsa-da, haybatingdanu o‘shqirishingdan cho‘chidim, toki o‘n ikki yoshimga yetguncha meni ko‘tarib tomga otib yuborishingdan qo‘rqardim, bir marta ukamni shunaqa qilib otib yuboruvding, chirillab yig‘layotgan bechora bolani ovozi chiqmay qoluvdi, g‘o‘zapoyalarning ustiga borib tushganida ham yig‘lolmagandi… Uydan miltiqni opchiqib, enamga “otib tashlayman!” deb baqirgan eding, enam sho‘rlik “otsang ot, o‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim” deb o‘zini yerga urib yig‘lagandi…
Yana aytaymi?
Otingga minib ketarding, shu ketganingcha qaytib kunlab ko‘rmasdim. Bir necha kundan keyin kelarding, egarda ikkitami-uchtami qashqaldoq, ko‘kqarg‘a bo‘lardi, ma, pishirib ye hammang zaharingga, derding… Keyin ulfatlaring kelardi, enam ovingni pishirib o‘zlaringga opkirib berardi, bizga qolgan-qutgan qanotlar tegardi… 
Mana endi qovuril, olovda!
Bola bo‘lib ota nimaligini bilmaganim yetmadi. Katta bo‘lib tomorqadan beri kelmadim. Esimni tanibmanki mehnat qildim, haybatingdan qo‘rqib uydan ko‘chaga chiqolmadim.
Mana, haliyam tuproqqa o‘ralashib yuripman.
Jizilla, jizilla!.. 

OTA


Bir qamishzor emish. Och-sariq, bo‘ylari uzun-uzun, poyalari quruq...
Qamishzorning nihoyasi yo‘q, shovullaydi. Osmon esa ko‘m-ko‘k.
Ana shu qamishzorda ming yillardan beri qamish o‘raman.
Bu qamishzor tugamaydi. Zax ko‘lmaklarda suvchayonlar oyoo‘imni chaqadi, ba’zan bir nima shaloplaydi, nimaligini bilishga qiziqamanu hech topolmayman.
Ming yillardan beri adog‘i yo‘q qamishzor... mayin uchgan oq popiltiriqlar...
Shu qamishzorni o‘rib tugatsam, nimadir ro‘y beradi. Ishqilib, o‘rib tugatolsam bas. 
Har kuni tepamga bir qush kelib boshimdan cho‘qiydi. “Sen kimsan, nimaga menga buncha azob berasan?” deb so‘rayman. 
“Oqpadar, oqpadar!!!” – deb sayraydi qush. 
Otamning yuzi g‘ira-shira esimda qolgan. 
Bir qishloqda, qashshoq yashar edik, yegani nonimiz, ichgani suvimiz bo‘lmas edi. Otamga o‘shqirganlarim... yelkasidan tutib siltaganlarim esimda...
... Bir kuni bu qamishzor tugaydi. O‘sha kuni qush ham kelmay qo‘yadi. Shunda bu uqubatdan qutulaman. 
Qamish... qamish... 

* * *


... Qamishzorning oxirida nima borligini bilishga ulgurmadim. 
O‘zgarish to‘satdan ro‘y berdi. Osmon yorildi... yo‘q, avval shamol esdi, popiltiriqlar hamma yoqni tutdi, keyin qamishlar sindi, ildizidan suo‘urilib uchib keta boshladi. Va yeru ko‘kdan, o‘ngu chapdan, ostu ustdan “Baliq bo‘l!” degan qattiq bir sado kelib, o‘zimni gulduros solib oqayotgan bir po‘rtana ichida ko‘rdim.
Po‘rtana oqqandan oqdi, ko‘shilib oqib ketaverdim.
Axiyri, bir zovurga kelib to‘xtadim.
Zovurda qancha vaqt qoldim, bilmayman. Nazarimda tevarak sokin, haddan tashqari sokin, begona, boz ustiga, xavotirli ham edi, balki suv ostidan qaraganim uchun shunaqa tuyuldimikin? 
Kunlarning birida yana suv betiga chiqdim, tevarakdagi hamma narsaning ovozi yana o‘chib-jim bo‘lib ketdi. So‘ng zovur yoqasida esa yuz-ko‘zi o‘zimga o‘xshab ketadigan bir bolaning qo‘lidagi miltio‘ini menga o‘qtalib turganini ko‘rdim... 

KAMPIR

 
Ko‘zim ko‘rmay qolgan kundan beri rahmatlik otasi tushimga kiradi.
“Ko‘rmayapsanmi, men keldim. Baliq ye, baliq!” – deydi o‘shqirib.
Tushimda uni binoyidek ko‘raman.
Rahmatli berahm odam edi. Hech kimni, hech narsani ayab o‘tirmasdi. Yo‘lidan birov chiqsa yakson qilib-yanchib o‘tib ketadigan shiddatiyu haybati bor edi.
Ekin-tikin ekaman, dehqonchilik qilaman deb ko‘p urindi, biroq, ekkan ko‘chatlari unmasdi, ko‘karib chiqardiyu joyida qurib qolaverardi. 
Sababi, otasiga qo‘l ko‘targan edi-da. Endi, bir paytlar... kattalarning otalari namoz o‘qimasin degan buyruq bo‘lganida, ota undan bekitiqcha machitga chiqqan ekan. Aksiga olib, o‘sha kuni qanaqadir bayram edi, ichib olgan edi, kelib otasiga “men qamalib ketaymi” deb o‘shqirgan, siltab-itarib tashlagan, ota yiqilganida qamish bo‘yraning cho‘pi ko‘ziga kirib ketgan, shunda “qamishday qurigin iloyo” deb qarg‘agandi...
Ekin-tikin bo‘lmagach, qaydandir bitta miltiq topib, uzzukun qamishzorga jo‘nab qolardi, kechgacha yurib-yurib, goho bironta qashqaldoqmi, ko‘kqarg‘ami otib kelardi.
Qahriga yarasha mehriyam boriydi rahmatlikning, ammo nimaiki qilsa tersi bo‘pchiqaverardi-da, tavba! Yo‘qsa, ko‘zim ko‘rmay qolganini qaydan bilardi-yu qaydan mehribonlik qilib “baliq yesang tuzalasan” deb aytardi?
Mana, bolam pishirib bergan baliqning eti xil-xil, biram mazali. Ko‘zim ravshanlashayotganday. Balki bugun-erta basirlik barham topar?... Joyi jannatda bo‘lsin rahmatlining, men undan ming-ming roziman. 
Shoyadki, u ham mendan rozi bo‘lsa... 

KICHIK O‘G‘IL


U tilla baliq edi. Boshida toji ham boriydi.
Agar kichik akam sirni ochib qo‘ymaganida, katta akam uni enamga pishirib bermaganida... o‘sib-o‘sib bir kuni rosmana tilla baliq bo‘lardi. O‘shanda hammamiz borib, tutib olardik, baliq “Tila tilagingni” derdi, bizlar ham tilagimizni aytardik.
Endi men nima qilay? Tilaklarim, istaklarim mo‘l edi, kimga aytay? 
Faqat Xudogami?.. Yolg‘iz Xudogami?

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.