OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Salim Ashur. Qor maydalab yog‘ardi (hikoya)

Bahrom kompyuterni o‘chirishga shaylanarkan, noxos telefon ustma-ust jiringlab qoldi. 
U kun davomida qo‘ng‘iroqlardan bezib qolar, har gal telefonning «varajasi» tutganda tok urgandek seskanib ketardi. Hozir yuragi dukurlab go‘shakni ko‘tararkan, birinchi o‘rinbosar dag‘al ovozda do‘rilladi: 
– Xodimlarning bir kunlik hisobotini, ertangi ish planini tayyorlab kiriting. Muddati, ijrochi, mas’ullarni aniq ko‘rsating. Ertangi seminarga boradiganlarning ob’ektivkasini taxlab qo‘ying. Yaqin qarindoshlarini ham ko‘rsating, bilasiz-a, qaynana-qaynata ham yaqin qarindosh hisoblanadi...
E’tiroz birdirmoqchi, «buning kimga, nima keragi bor», demoqchi edi, boshliq sezib qolgandek qat’iy: 
– Markaziy kengashdan so‘rashyapti, – dedi.
Tamom.
Bahromning ustidan qaynoq suv quyilgandek bo‘ldi – kuyib ketdi, «Har kuni bir nag‘ma o‘ylab topishadi, – deb xayolidan o‘tkazarkan, qizigan toshdek chirsilladi. – Kunlik hisobot, kunlik reja... bizning ishimizda buni nima keragi bor? Hamma o‘z ishini bilib qilaversa... Ahmoqlar, ikki soatlik yig‘inga ishtirokchilarning ob’ektivkasini nima qilasan, go‘ringga g‘isht qilib qalaysanmi?.. Tag‘in yaqin qarindoshlari emish... Shuncha darding bor ekan, ikki soat oldin aytmaysanmi, yarim kun oldin aytmaysanmi?..» degan o‘yda asabiylashardi. Yana kompyuterni yoqdi, aytilgan qog‘ozlarni hozirlashga kirishdi.
Endi mobil telefoni jiringlab qoldi. Shoshib devorga osig‘liq soatga qaradi: roppa-rosa sakkiz. Ish vaqti tugaganiga ikki soat bo‘lgan, «ikki soat ortiqcha ishladik, buni pulini enajoning to‘laydimi?..» 
U mobil telefonining yashil tugmachasini bosib, qulog‘iga qo‘ydi, boshini yonga engashtirib, kiftiga qisdi, qo‘llari kompyuterda klavishlarni terardi.
– Kelaqolmaysizmi endi, – dedi telefonda xotini zarda bilan, – bukchayib yotib qoldi kattangiz. Kelmasangiz ayting, «skoriy»ni o‘zim chaqiray?..
Ikki-uch kundan buyon katta o‘g‘li «og‘riyapti» deb qornining goh u, goh bu yerini ko‘rsatadi, ingraydi. O‘ng biqinini ba’zan changallab qoladi. 
Eng qizig‘i, bu dard tunda qo‘ziydi, ertalab yo‘qoladi. Og‘riq uyg‘onganda «tez yordam»ni chaqirmoqchi bo‘lishadi, ammo «isitmasi bo‘lmasa, «tez yordam» kelmaydi», deb xotini ko‘rikni ertalabga qoldiradi. Bola esa nahorda o‘zini soppa-sog‘ his etib, «do‘xtirga bormayman, maktabga boraman» deb oyoq tirab turib oladi. 
– Issig‘i chiqdimi? – deb so‘radi Bahrom.
– Yo‘q, chiqqani yo‘q, lekin bola ko‘karib ketayapti. 
– Unday bo‘lsa, «skoriy»ni emas, Sunnatni chaqir, moshinasida kelsin. Olmazordagi «Shoshilinch tez tibbiy yordam»ga olib boringlar. «Skoriy» chaqirsang, kim biladi, qanaqa do‘xtir keladi, qayoqqa olib boradi?.. Men ishdan chiqib to‘g‘ri o‘sha yoqqa boraman. Hozir qo‘limga ish berishdi. Kutib turishibdi, topshirmasdan ketolmayman, – shunday der ekan, Bahrom o‘ylardi: «Shu qog‘ozbozlikning kimga keragi bor, nima uchun?..»
Tashqariga chiqsa, yomg‘ir aralash qor yog‘yapti – ko‘z ochirmaydi. Havo sovuq. Mashinani qizdirishga ketgan vaqt ham Bahromga juda uzoq tuyuldi.
Kasalxona qabul bo‘limida – kiraverishda o‘ng tomondagi o‘rindiqda xotini, qaynisi Sunnat o‘tirardi. Bahromni ko‘rib, baravar turishdi. Engil-boshidan qor qoldiqlarini qoqarkan:
– Said qani? – deb so‘radi Bahrom.
– Ichkarida, analizga qon olishayapti, – dedi xotini, tepasiga katta-katta harflarda «Tahlilxona» deb yozilgan eshik tomonga ko‘zi bilan imo qilarkan. Eshik oldida besh-olti chog‘li odam to‘plangan edi.
– Vrachlar appenditsit deyishayapti, – deb gapga qo‘shildi Sunnat pochchasiga ko‘rishish uchun qo‘l cho‘zarkan. – Anovi turgan yosh do‘xtir qornini bosib tekshirib ko‘rdi. Endi qonni analiz qilish kerak ekan.
Bahrom qizib ketdi. Issiq kurtkasini yecharkan, xotini qo‘lidan oldi:
– Anovu oq xalatli bilan o‘zingiz gaplashib ko‘ring-chi, nima derkin.
Katta zalning bir burchagi «akfa» bilan o‘ralgan, tepasiga «Ro‘yxatxona» deb yozilgan, odam bo‘yi keladigan to‘siqning ko‘krakdan tepa qismi oynavand edi, ichkarida oq xalatli qizlardan biri telefonda so‘zlashar, biri katta daftarga nimalarnidir qayd etar, yana biri, kasallik varaqalari bo‘lsa kerak, bir uyum qog‘ozni titkilardi. Oq xalatli o‘rta bo‘y yigit tashqarida turib ichkaridagi telefon go‘shagiga engashganicha gaplashar, butun gavdasini bir oyog‘iga tashlab, tebranib turardi. 
«Nima desam ekan, nimadan gap boshlasam ekan?.. – deb o‘yladi Bahrom. – Avval puldan gap ochsammikan, do‘xtirlar pulni yaxshi ko‘radi, deyishadi-ku. Yoki bu bola mening o‘g‘lim bo‘ladi, yaxshiroq qarab beringlar, desam, keyin o‘zi bir nima der, muddaosini aytar...» 
Yigit go‘shakni qo‘ydi. Qizlar bilan gap sotishib turaverdi.
Yon-atrofda qalin kiyimlarga o‘ranib olgan bemorlar oyoqlarini og‘ir sudrab u yoqdan-bu yoqqa o‘tib-qaytar, ba’zilari bukilib zo‘rg‘a-zo‘rg‘a qadam bosar, aravachalarda boshi bir yoqqa oqqan, kasalxonaning jigarrang xalati-yu, kulrang shalvori kiygizilgan, tizzasiga qalin adyol tashlangan bemorlarni surib kelishar-surib ketishar, bintlarga o‘rab-chirmalgan kasallarni g‘ildirakli karavotda surib o‘tishar, ingroqlar, ba’zan «oh-voh»lar eshitilib qolar, hamma yoqda kutayotganlar yurak hovuchlab betoqat turar, havo dim – har xil dorilarning hidi qorishgan, nafas olish ham malol kelardi.
Oq xalatli ayollar, erkaklar bu manzaraga sira «yopishmaydigandek» edi Bahromning nazarida. Bemorlar, xastalar o‘zlari bilan o‘zlari ovorai-andarmon; ular esa boshqa bir olam: parvoyi-palak, go‘yo bu olamda birorta xastayu-bemor yo‘qdek, go‘yo hech kim azob tortmayotgandek, go‘yo kimlar uchundir tiriklik iztirobga aylanmagandek, go‘yo tomog‘idan qultum suv o‘tmay qolgan odamlar bu dunyoda yo‘qdek, go‘yo hamma baxtiyordek; go‘yo shifoxonada emas, go‘zal bog‘u chamanda sayr etib yurishgandek – bir-birlariga yiroqdan qo‘l silkib qo‘yishar, hazil-huzul qilishar, gap otishar, tegajog‘lik qilishar, turtib o‘tishar, tomoshaga chiqqandek tutishardi o‘zlarini.
Xotini ko‘rsatgan o‘rta bo‘yli boyagi yigitning oldiga borib, so‘z ochdi... Birinchi taassuroti shu bo‘ldiki, kutganidek dimog‘dor emas ekan. 
– Uchinchi qavatdan bosh vrachni chaqirib qo‘ydim, hozir tushsin, appenditsitmi, yo‘qmi, o‘sha kishi aytadi, u kishiga gap yo‘q, bizning ustozimiz bo‘ladi, – dedi. 
Bu paytda xotini yoniga yetib kelgan, u ham yosh shifokorning og‘ziga umid bilan termulib turardi. Bildirmay biqinidan turta boshladi, Bahrom ayolning muddaosini tushundi.
– Ot bilan tuya bo‘larmidi, – dedi yosh shifokor, – ko‘nglingizdan chiqqani-da.
Bu gap g‘oyatda mubham va mavhum edi.
Bu gap hech kimni qanoatlantirmadi.
Bahrom o‘rtaga takror shu savolni qo‘ydi. U hozir o‘zining ham, xotinining ham yonida mo‘may pul yo‘qligini bilar, agar shifokorlar kattaroq so‘raydigan bo‘lishsa, buning chorasini ko‘rib qo‘yishi lozim edi. 
– O‘zlari aytadi, – dedi yosh shifokor ustozini nazarda tutib. 
Bosh shifokor pastga tushmadi. 
Tahlil uchun qon topshirgan Said xonadan chiqdi. Otasini ko‘rib, o‘pkasi to‘lib ketdi. «Erka-da, kaftimizda ko‘tarib, piypalab katta qilayapmiz-da, joni og‘rib ko‘rmagan; qiyinchiliklarda ham sal pishitishimiz kerak», deb xayolidan kechirdi Bahrom. Bir pas o‘g‘lini bag‘riga bosib turdi. 
Ular uchinchi qavatga ko‘tarilishdi. Said ikki bukilib «ixrab», zo‘rg‘a-zo‘rg‘a qadam bosardi.
Bahrom Sunnatni uyga jo‘natdi. Xotini unga pul qaerda turishini tushuntirdi. Unga «tez olib kel», deb tayinladi.
Bu yog‘i tezlashib ketdi.
Ustoz shifokor – Sobir aka vazmin, kamgap ekan. Bu odati kalta va semizligiga «yarashib» turardi. Saidni palataga olib kirdi. Karavotga yotqizib, qornini har xil qilib bosib ko‘rdi. Ko‘ngli aynib, rangi oqarib yotgan kasaldan zarur narsalarni so‘radi. 
Bahrom har holda ko‘richak emasdir, operatsiya qilishmas, degan o‘ydan xayolini uzolmasdi. 
– Aniq appenditsit, – dedi shifokor ishonch bilan. – Mahalliy narkoz yuborib, ko‘richakni olib tashlaymiz, – dedi u, bir piyola choyni ichib olamiz, degandek zarracha hayajonlanmasdan.
Bahromning yuragi shuv etdi, ustki kiyimini ko‘tarib, qornini ochib yotgan Saidning rangidan qon qochdi. Onaning sasi chiqmadi-yu, ko‘zlaridan duvillab yosh oqdi.
Shifokor vaziyatni angladi. 
– Hechqisi yo‘q, ko‘richak o‘zi odam tanasida keraksiz a’zo, ortiqcha narsalar olib tashlansa, organizm yengil bo‘ladi, yanada zo‘r ishlaydi, keraksiz narsadan butunlay qutulgan yaxshi, – dedi u odam emas, go‘yoki qandaydir mashina to‘g‘risida gapirayotgandek va bu bilan atrofdagilarga dalda bergandek bo‘ldi. – Bundan keyin seni ko‘richaklar hech qachon bezovta qilmaydi. Ko‘richak o‘zi yo‘qdek narsa, bor-yo‘qligiyam bilinmaydi. Ammo zaharga to‘lganda tag-tugi bilan kesib, tanani undan xalos etilmasa, butun organizmni zaharlab, har qanday polvonni ham adoyi tamom qilishi mumkin. U har qancha kichik bo‘lmasin, arzimasdek tuyulmasin, bir marta tag-tugi bilan kesib tashlab, undan butunlay xalos bo‘lish lozim...
Hamshiralar Saidni yechintirib, g‘ildirakli karavotga o‘tqazishdi-da, choyshab bilan o‘rashdi. Surib ketisharkan, u yotgan joyidan boshini ko‘tarib ko‘zlarida yosh g‘iltillab turgan onasiga qarab qoldi.
Operatsiya bo‘lmasiga Bahromlarni kiritishmadi. 
Bosh vrach katta bir imtihon oldida nochor qolgandek titrayotgan Bahromning yonidan o‘tarkan, negadir uning yuziga emas, chorasiz osilib tushgan qo‘llariga, shalviragan kaft va barmoqlariga ko‘z qirini tashlab o‘tdi. 
«Umidvor bo‘ldi», deb o‘yladi Bahrom. 
Qaynisining shu choqqacha yetib kelmaganidan toqatsizlandi. Asabiylashib u yoqdan-bu yoqqa yurdi. 
Eshik oldiga nazoratchi qo‘yilgan ekan. U kelib koridorda turgani ham, yurgani ham qo‘ymadi. «Mumkin emas», deb turib oldi. «Operatsiya xonasidan o‘z odamlarining olib chiqilishini kutib, shuncha ayol-erkak turgan, o‘tirgan, yurgan bo‘lsa-yu, nega ularga emas, aynan bizga tixirlik qiladi», – shu fikr Bahromning ongiga mixlanib qoldi. 
Xotini:
– Cho‘ntagiga ming so‘m solib qo‘ysangiz, bizni ham haydamaydi, – dedi tilsimning sirini ochgandek. 
Xuddi xotini aytgandek bo‘ldi.
– Sizzi odamizzi qanaqa operatsiya qilishvotti? – deb so‘radi nazoratchi yigit go‘yo qandaydir hamdardlik, mehribonlik izhor etmoqchidek. U, chamasi, yigirma besh yoshlarda, ingichka gavdali, husnbuzar toshgan ozg‘in yuzida yonoq suyaklari bo‘rtgan, qiyiq ko‘zlarida quvlik o‘ynagan jo‘n yigit edi. Hozirda hamma joyda qo‘riqchi-nazoratchilar kiyishi urf bo‘lgan ust-boshi yoshini oshirib ko‘rsatardi. Endi muomalasi o‘zgargan, o‘zini yaqin tutishga urinardi. 
– Ko‘richak, – deb qo‘ydi Bahrom xushlamay.
– Ko‘richak onson narsa, bir pasda optashiydi. Aslida ko‘richak lishniy, kesib tashlab, birato‘lasi qutulgan luchshe, – derdi nazoratchi bilag‘onlik bilan. 
«Da, luchshe kesib tashlash», deb o‘yladi Bahrom ham.
Sunnat keldi. Qo‘lida g‘ishtning yarmidek narsa, rangsiz yelim qog‘ozga o‘ralgan edi. Uni opasining qo‘liga tutqazdi... 
Ikki soatdan keyin Said palatada qaltiroq tutib yotardi. Ota-onasi yonida, karovatning ikki chetida tik turishar, go‘yo farzandlari bilan birga qaltirashar, birga nafas olishar edi.
Bu holat o‘tdi. Tinchlantiruvchi ukollar ta’sir qildimi, Said uxlab qoldi. 
Bu paytda tun yarimlagan, uchinchi qavatda shifokor va bemorlarning g‘imir-g‘imiri tingan, navbatchi shifokor va hamshiralar har xil yumush bilan u yoq-bu yoqqa o‘tishar, uyqusi qochgan yoki tinchini topmagan xastalar yo qo‘l telefonida so‘zlashish uchun xoliroq burchakka o‘tishar yoki kulrang kafel to‘shalgan uzun koridor chetidan shippaklarini sudrashib borishar, ularning orasida qo‘lini orqaga olib, boshini xiyol engashtirgan o‘rta yoshli kishi go‘yo dengiz sohilida sayr etib yurgandek bir maromda odimlar, deraza oldidan o‘tarkan, to‘xtadi, tashqarida quyuq zulmatning qop-qora rangini buzib sochilayotgan katta-katta, oq-oppoq qor parchalarini xayolchan kuzatardi. 
Saidning singlisi, o‘n ikki yoshli Shahnoza va ukasi, olti yoshli Abror uyda kattalarsiz qolishgan edi. Operatsiya tashvishi bilan bo‘lib, ularni esdan chiqarganini sezgan Bahrom xotiniga:
– Sen uyga boraver, Shahnoza o‘zi Abrorni eplay olmaydi, Abror sensiz uxlamaydi, xarxashasi ham to‘xtamaydi. Shahnozayam tunda yolg‘iz qo‘rqishi mumkin, men Saidning yonida ertalabgacha o‘tiraman. Ko‘rding-ku, suv so‘rab turibdi. Yonida katta odam bo‘lmasa, ko‘p suv ichib qo‘yishi mumkin, – der ekan, ovozida og‘ir horg‘inlik zuhur etardi.
Xotini, qaynisi ketdi. Bahrom uxlayotgan o‘g‘lining tepasida, ustiga ul-bul qo‘yilgan tumbochkaga ilinib omonat o‘tirar, bir oyog‘ining uchini polga tekkizib, muvozanatini saqlar, ikki ko‘zi farzandining yuziga mixlangan edi. O‘g‘li tez-tez nafas olar, har zamon-har zamonda boshini u yoq-buyoqqa tashlab, ingrab qo‘yardi.
To‘rdagi karavotda yotgan kasalning ikki yoniga ikkita baklashka osilgan, oyog‘i boshi bilan baravar darajada ko‘tarilib, ustiga uniqqan qalin adyol yopilgan edi. U katta yoshli kishi bo‘lsa-da, yoshlarga xos mashg‘ulot bilan band, ya’ni, ko‘zlari xiralashganmi, qo‘l telefonini yuziga yaqin tutib, ikki qo‘llab tugmachalarni bosar, dam-badam yengil zavq bilan «ah-ha», «ah-ha» deb qo‘yardi. 
Uning oyoq uchi tomonda, stulda nozikmijoz yigit mudrab o‘tirar, u, aftidan, bemorning yo kichik o‘g‘li yoki nabirasi edi. Yigit gung edi. Ular boyagacha barmoqlar yordamida «so‘zlashgan» – kulishgan, arazlashgan, bir-birining qo‘llarini avaylab tutib, ehtimol, o‘zaro minnatdorlik izhor etishgan edi. 
Bahrom o‘g‘lining oyoq uchi tomonga joylashib o‘tirmoqchi bo‘ldi, ammo karavot sal narsaga g‘ijirlar, boz ustiga baland, o‘tirishga noqulay, shunga qaramay o‘tiradigan bo‘lsa, o‘g‘lini bezovta qilib qo‘yishi mumkin edi. Navbatchi hamshiradan stul so‘ramoqchi, ertalabgacha bir amallab stulda o‘tirmoqchi edi. Hamshira o‘tavermagach, o‘zi koridorga chiqdi. Koridorda lift tomonga shoshib ketayotgan kishi Bahromning shovurini eshitib, ortga o‘girildi. U nazoratchi kiyimidagi boshqa bir yigit edi. 
– E, oka, unaqamas-de, begonalarni chiqarlaring, degan kamanda bo‘ldi. Kasallarni bezovta qilish mumkinmas... – deya Bahromni chiqib ketishga undadi.
– O‘g‘limni ikki soat oldin operatsiya qilishdi...
– Qanaqa operatsiya?
– Appenditsit. 
– A, ko‘richakmi, ko‘richak lishniy narsa o‘zi, uni kesib tashlab qutulish kerak... – Bu ham oldingi nazoratchi yigitning gaplarini takrorlardi. – Ko‘richak hech narsamas, yengil operatsiya. Sizzi ertalabgacha bo‘tta qoldirolmiyman. – Ilkis muhim narsa esiga tushgandek so‘radi: – Obshiy narkoz bilan qilishdimi, mestniy?
– Mahalliy narkoz bilan...
– Tem bolee, sizni palatada qolishingiz, umuman, otdeleniega xalatsiz kirishingiz mumkin emas, oka.
Bahrom, «ana to‘qqizinchi palatada yengilroq kasalning oldida o‘g‘limi, nabirasimi o‘tiribdi-ku, har kecha navbat-navbat ulardan bir kishi qolarkan-ku», demoqchi bo‘ldi.
Ammo... 
U nazoratchining muddaosini tushundi. Cho‘ntaklarini titkilashga tushdi: «Boya qaynisi olib kelgan puldan qolganini qaerga qo‘ygan edi-ya». To‘zigan xayollarini bir amallab yig‘ishtirarkan: «pulni doim chap kissaga solaman-ku», degan o‘y fikridan kechdi. Shimining so‘l cho‘ntagidan bir siqim pul olib, bitta ming so‘mlikni ajratib oldi-da, yigitning cho‘ntagiga tiqib qo‘ydi. Harakatlari poyintar-soyintar bo‘lsa-da, nazoratchining ko‘zlari uni diqqat bilan kuzatdi. 
– Oka, biza ikki kishimiz.
Bahrom dastlab gap ma’nosini anglamadi, tushungach, yana bitta ming so‘mlikni boyagi cho‘ntakka tiqib qo‘ydi. Nazoratchi:
– Ko‘rmagandak bo‘lib ketsin, – deb yaxshi niyat bildirdi-da, go‘yo Bahromni ko‘rmagandek, Bahrom uning oldidan chiqib qolmagandek, shart o‘girilib, yo‘lida davom etdi.
Olti kishilik palataning chirog‘i o‘chirib qo‘yilgan. Bahromning qovoqlarini og‘irlik bosar, beli tolib borar, eski yog‘och stul g‘ijirlayverar, xotini uydan dam-badam telefon qilib, o‘g‘lining ahvolini so‘rar, qo‘l telefonini «bezzvuk»ka qo‘yganligi uchun ba’zi chaqiriqlarni eshitmay qolar, uyqu ham issiq joyga keladi, deganlaridek, charchoq va uyqu tobora kuchliroq ta’sir ko‘rsatar edi.
Navbatchi shifokor – Saidni operatsiya qilgan Sobir aka xabar olish uchun kelib qolganda allaqachon tun yarimdan oqqandi. 
– Bezovta bo‘lmayaptimi? – deb so‘radi u, Saidning peshonasiga kaftini qo‘yib ko‘rdi-da: – Yaxshi, siz uyingizga boravering. Hamshiralarga aytib qo‘yaman, zarurat bo‘lsa, qarashadi, – dedi.
Bahrom o‘g‘lining mobil telefoniga o‘zining telefon raqamlarini kiritib, tumbochkaning ustiga, qo‘l yetadigan joyga qo‘ydi. Endi ro‘yxatdan nomini izlash shart emas, shundoq yashil tugma bosilsa – bo‘ldi, birinchi qo‘ng‘iroq o‘ziga keladi. 
Palatadan chiqqanda o‘g‘li bir maromda uxlayotgan edi. 
Mashinada kelib, uyga kirishi bilan o‘g‘lining telefonidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Shosha-pisha telefonni oldi.
– Dada, – dedi o‘g‘li xasta ovoz bilan, – qaerdasiz, qornim og‘riyapti, chanqayapman...
– Hozir yetib boraman, sen qimirlamay yot. 
Bahrom endi taksi to‘xtatdi. Shifoxonaning katta yo‘l bo‘yidagi temir darvozasi oldida tushib qoldi. Yo‘lak bo‘ylab yurmadi, keng-mo‘l hovlini to‘g‘ri kesib, eshikkacha yugurib bordi. Har joy-har joyda odamlar turar, shubhasiz, ular kasallarning izidan kelganlar edi. Qabulxona bo‘limi oldida odamlar ham, mashinalar ham ko‘p edi.
Eshik oldida Bahromni nazoratchi to‘xtatdi. U bir zum hech narsani anglamay, karaxt turib qoldi. Havo sovuqligi uchun og‘zi-burnidan hovur yoyilar, hansirab nafas olardi. 
– O‘g‘limni oldiga kelayapman. Tunda operatsiya qilishgandi. Qorni og‘rib qopti.
– Kottalar bo‘limidami, kichiklar?
– Kattalarni. 
– Necha yoshda?
– O‘n ikkida.
– O‘n ikkida bo‘lsa, kichiklar bo‘limida bo‘ladi-ku?
– E, e, o‘n ikkimas, o‘n to‘rtda.
– I-e, o‘z o‘g‘lingizni yoshini bilmaysizmi, haqiqiy otasimisiz o‘zi?
– Haqiqiy, – dedi Bahrom jahl bilan. Shoshganidan o‘g‘lining yoshini noto‘g‘ri aytganini sezdi. Bahrom qancha shoshsa, nazoratchi shuncha shoshmas, eshikka ko‘ndalang turib, yo‘lni bo‘shatmas edi. 
– Qorni og‘rigan bo‘lsa, qanaqa operatsiya qilishgan o‘zi?
– Ko‘richak, – dedi Bahrom xunobi oshib. O‘g‘lining oldiga yetolmayotganidan, vaqt o‘tayotganidan ichi kuyib borardi. 
– Ha, ko‘richak bo‘lsa, hech narsamas, undan qutulgani yaxshi, ko‘richak – lishniy...
Bahrom portlab ketdi:
– Gapni aylantirmasang-chi, – deb baqirib yubordi, – qoch yo‘ldan.
– Shundoq quruq kirib-chiqaverasizmi, oka?..
Bahromning miyasi yarq etib ochilgandek bo‘ldi: nazoratchining muddaosini tushundi. Shartta cho‘ntagidan bitta ming so‘mlikni chiqarib, yigitning maxsus kiyimi cho‘ntagiga tiqib qo‘ydi. 
U yo‘lni bo‘shatdi.
Besh qavatli binoning birinchi qavatidagi umumiy eshikdan kirgach, bo‘limlarga olib chiqadigan yo‘lakka o‘tasiz, undan tegishli bo‘limga o‘tish uchun endi boshqa eshikni ochishingiz kerak. Shu yerda boshqa nazoratchi Bahromni to‘xtatdi:
– Oka qatga ketvossiz, odam o‘tiriptiyam demaysiz-a? 
Bahrom qaerga borayotganini tushuntirdi.
– Qorni og‘rib qolibdi, – deb qo‘shib qo‘ydi toqatsizlanib. 
– Mumkin emas, – dedi nazoratchi. – Kasallarni tinchini buzasiz. Ko‘richakdan qo‘rqmang, u lishniy narsa, olib tashlashgan bo‘lsa, o‘g‘lingiz qutulibdi...
«Ko‘richak... lishniy...» degan gaplar Bahromni hushyor torttirdi va u shu paytgacha qilgan ishini unutganini tushunib yetdi. Cho‘ntagidan bitta ming so‘mlik chiqardi...
Zinada uchinchi qavatga – jarrohlik bo‘limiga ko‘tarilguncha hansirab qoldi. 
Tortsa, qattiq-qattiq itarsa ham ochilmadi-yu, eshik oynasi zirillab ketdi. Ichkaridan yopilgan: kalit qulfdaligi osilib turgan bir qarich qora ipdan ko‘rinib turardi. «Eh-he, o‘g‘lim telefon qilganiga qancha bo‘ldi...» degan bezovta o‘y ichini itdek kemirardi. Eshikni betoqat taqillatdi. 
Ichkarida, keng foyening to‘rida televizor qo‘yilgan, eski divanda oyog‘ini chalkashtirib, yonlama o‘tirgan kishining boshi bir yonga qiyshayib, go‘yo qotib qolgan edi. U nazoratchi kiyimida edi.
Taqillagan ovozni eshitib, boshini zo‘rg‘a ko‘tardi. Eshik oldiga kelib, tuynuk qopqasini ochdi, Bahrom engashib gapirdi:
– To‘qqizinchi palatada o‘g‘lim yotibdi, operatsiyadan keyin uxlab turdi, qorni og‘rib qolibdi, meni telefon qilib chaqirdi.
– Qanaqa operatsiya?
– Appenditsit.
– A, ko‘richakmi, u qo‘rqinchli emas. Ko‘richak o‘zi lishn... – Sochlari to‘zg‘igan nazoratchi boshini orqaga tashlab, og‘zini katta ochib esnadi.
– Bilaman, bilaman, ko‘richak lishniy narsa, olib tashlab, bir yo‘la qutulgan ma’qul...
Nazoratchi gapini davom ettirmadi, ko‘zlari katta ochilib, Bahromning yuziga hayron boqdi. 
– Bilsayiz... 
– Mana, mana, – Bahrom cho‘ntagidan bitta ming so‘mlikni olib, nazoratchiga uzatdi. 
Eshik ochildi.
Palata issiq, dim, allaqanday hid bor edi. Qadam tovushlarini eshitib, katta yoshli ikki bemor ko‘zini ochdi. Gung yigit stulda o‘tirganicha, boshini devorga suyab, mizg‘irdi. Bahrom enkayib, o‘g‘lining peshonasidan o‘pdi. Og‘riqdanmi, uning peshonasiga ter sizgan edi. 
– Dada, qaerda edingiz? – deb so‘radi o‘g‘li past ovozda.
Bahromning ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketdi, o‘g‘li «nega tezroq kelaqolmadingiz» deb ta’na qilgandek tuyuldi. 
– Bu yerda tartib-intizom qattiq ekan. Tashqariga chiqqan edim, eshiklarni yopib qo‘yishibdi. 
– Qornim og‘riyapti, dada, – dedi o‘g‘li chehrasida iztirob balqib.
– Hozir, – dedi-yu, Bahrom navbatchi hamshira xonasi tomon ketdi.
Navbatchi shifokor – Sobir aka Saidni kelib ko‘rdi, og‘riqni qoldiruvchi, tinchlantiruvchi ukol buyurdi. 
– Hammasi joyida, operatsiyadan keyin shunaqa holat bo‘ladi, – dedi.
Ukoldan keyin, ko‘p o‘tmay, Said orom topib, yana uyquga ketdi. 
Tong to‘la oqarib, hamshiralar bemorlarga harorat o‘lchagichlarni tarqatib chiqishgach, palatada ham, butun qavatda ham kasalxonaga xos hayot jonlandi. Kimlardir dori ichar, kimlardir ukol olar, kimlardir bog‘lov xonasiga kirib-chiqardi. Hamshiralarning qo‘li-qo‘liga tegmas, ular chaqqon-chaqqon yelib-yugurishardi. 
Said bir maromda uxlar, kechqurungi stulni farrosh olib chiqqani uchun ota karavotning bir chetida ilinib o‘tirar, o‘rni kelganda palatadagi bemorlarning gapiga qo‘shilar, savollariga qisqa-qisqa javob berardi.
Ertalab Bahromning xotini tovuq sho‘rva tayyorlab keldi. Ust-boshiga qo‘ngan qor parchalari palataga kirguniga qadar erib bo‘lgan, ro‘molidan toshib chiqqan sochlari ho‘l edi. 
Onaning ovozini eshitib, o‘g‘il ko‘zini ochdi. Ona ona-da, favqulodda quvonib ketdi. O‘g‘lining boshini kaftlari orasiga olib, peshonasiga labini bosdi.
Saidga onasi tovuq sho‘rva ichirguncha, Bahrom bolaligida ko‘richak bo‘lgani, operatsiyadan keyin unga ham onasi tovuq sho‘rva ichirganini gapirib berdi. Gapirarkan, bolaligini, rahmatli onasini eslab, ko‘ngli yorishdi. 
Boya dori tarqatgan hamshira palataga bosh suqdi:
– Kasallardan boshqalar chiqib ketsin, hozir vrachlar keladi, professor «obxod» boshlaydi. 
Bu paytda ona o‘g‘liga sho‘rvani ichirib bo‘lgandi. Ovqati bor banka ustini sochiq bilan yopib qo‘ydi.
– Yana ichging kelsa, uzalib olarsan, bankaning o‘zida ichaver, qoshiq mana, kosaning ichida, sochiqning tagida, – shunday deb ona tumbochkani karavotga yaqin surdi.
Xayrlashib, ketishga chog‘lanisharkan, o‘g‘li:
– Suv ichirib qo‘ying, – dedi. 
Qaynab sovigan suvdan baklashka qopqog‘ida tutishdi. 
– O‘g‘lim, ichging kelsa ham ko‘p suv ichma, do‘xtirlar aytdi, suv operatsiyaning tez bitishiga xalal berarkan, – dedi Bahrom. 
Said «xo‘p» ma’nosida bosh irg‘adi. Dabdurustdan:
– Dada, kecha operatsiya vaqtida baqirganim eshitildimi? – deya so‘radi va olajak javobi ko‘p narsani hal qiladigandek, Bahromning og‘ziga tikildi.
Bahrom bunday savolni kutmagan edi. Dovdirab qoldi.
– Do‘xtiring chidamli bola ekan, «g‘iyq» etgan ovoz chiqarmadi, dedi-ku, a, onasi? – deyish bilan xotinini go‘yo «yordam»ga chaqirdi.
Aslida, hech kim bunday demagan edi. Buni xotiniyam biladi. Lekin: 
– Ha, ha, – dedi ayollarga xos hushyor sezgi ila vaziyatni payqab.
– Dada, oyi, – dedi Said ichki o‘kinch bilan, – do‘xtir sizlarni aldabdi, men baqirdim, baqirganimni keyin bilib qoldim. 
Ochiq osmonga xira bulut ko‘tarilgandek, oraga tushunuksiz sukunat cho‘kdi... Xira bulut ko‘p hollarda «xiralik» qilmaydi, tez tarqaydi.
Er-xotin zarur gaplarni tayinlab, koridorga chiqishdi. Chiqib borisharkan, xotini to‘satdan:
– E, bir narsani unutibman, aytib chiqay, – deb orqaga o‘girilgan edi, uzoqda – eshik oldida turgan boyagi nazoratchi yigit lovullab ketdi:
– Hov, yana qayoqqa?! 
Xotini orqaga qaramay, o‘g‘li yotgan palata tomon ildam yurdi. Shaxd bilan kelgan nazoratchini Bahrom to‘xtatdi:
– Bir gapni aytib chiqsin. 
– Shundog‘am ko‘p qop ketdinglar, oka.
Bahrom cho‘ntagini kovlab, bitta ming so‘mlik chiqardi-da, yigitning maxsus kiyimi cho‘ntagiga solib qo‘ydi. 
Nazoratchi hech narsa demay, ortga qayrildi. 
Bahrom eshikdan chiqmay, xotini yugurgilab yetib oldi. 
– Nima deding? – deb so‘radi Bahrom.
– Koridorda yursang, devordan bir qo‘ling bilan tutib yur, boshing aylansa, darrov o‘tirib ol, bo‘lmasa, ko‘z olding qorong‘ilashib, yiqilib tushishing mumkin, deb aytdim. 
Zinadan tushib borisharkan, xotini qiziqdi:
– Boya nima dedingiz anavi «eshik og‘asi»ga?
– Ming so‘m bergandim, hech narsa ko‘rmaganday, qaytib ketdi.     
– Voy, qirilgur, – devordi xotini, – kirayotganimda mendan ming so‘m olganidi-ku. Birinchi eshikkayam, ikkinchi eshikkayam ming so‘mdan berdim, bermagunimcha «ko‘richak – lishniy...» deb qo‘yishmadi, – dedi jig‘ibiyron bo‘lib. 
Bahrom, oyoqlari yerga botib qolgandek, beixtiyor to‘xtadi. 
– Nima dedi?! – deya xotiniga qarab angrayib qoldi.
– Ko‘richak – lishniy...
Qor maydalab yog‘ardi. 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.