OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Anvar. "Vrednost" (hajviya)

Bizda atrofga razm solish degan narsa yo‘q. Agar andak diqqat qilganimizda qanday topqir, donishmand odamlar bilan zamondosh ekanligimizni bilardik, farxlanardik. Mana, shularning bittasi Rahmonnazar. Uni biz haydovchi deb yuravergan ekanmiz. Kallasida shunday fikrlarni jamlagan ekanki, ularni eshitib turib butun qishloq yoqasini ushladi.
Voqea oddiy narsadan boshlandi. Matvali aka pochtachi bilan aytishib qoldi. Odatdagi hol: kimnidir nafaqasini vaqtida olib kelmaydi yoki besh-o‘n so‘m «chiqim»iga ushlab qoladi — janjal chiqadi-da. Ammo bu galgi janjal yuqori saviyada, o‘ta ko‘tarinki ruhda o‘tdi. 
Qarang, Matvali akaga o‘n ming so‘m, xotinlariga esa o‘n ikki ming so‘m nafaqa beribdi! 
Qani bu yerda adolat?
Matvali aka ham tug‘ilganidan buyon paxtaning ichida, xotinlari ham. Qaytanga, xotinlaridan ko‘p ishlagan bo‘lsa ishlaganki, ammo kam ishlamagan. Masalan, xotini oltita bolani tug‘ish uchun har biriga eng kamida ikki oydan sarflab, yo‘q deganda o‘n ikki oy dalaga chiqmagan. Aka esa shu davrda ham jonini jabborga berib ishlagan. Endi xotinlari o‘n ikki ming, u kishi o‘n ming nafaqa olib tursa, demokratik davlatda yashayapmiz, qani bu yerda haqiqat!? Bemalol yoqalashsa arziydigan holat!
Odam to‘plandi: sabzisiga suv qo‘yayotgan Sarimsoqqo‘zi chiqdi, ketmoning loyi bilan. Uning ortidan achchiqqina sho‘rvani terlab ichib, endigina yonboshlamoqchi bo‘lib turgan Soli qassob, sigirining kanasini terayotgan Toshpo‘lat tog‘a... Ular safiga hatto bozordan kelayotgan Nomozvoy qopi bilan, Urayim tezop traktorini yo‘l chetiga to‘xtatib qo‘shildi. Ammo ularning birortasi ham Matvali akaning o‘ta mantiqli dalillariga nisbatan jo‘yali javob aytisholmadi. Shuning ustiga Rahmonnazar kelib qoldi. U Matvali akaning: «Kallangni ishlat, shuyam insofdanmi, davlat qayoqqa qarayapti o‘zi!?» degan so‘zlar bilan bezalgan hikmatlarini eshitdi-yu, akaga tushuntirib:
— Zaharli moddalar bilan yoki noqulay ob-havo sharoitida, masalan, qirq gradusdan ortiq issiqda ishlaganlarga davlat vrednost, ya’ni qo‘shimcha pul beradi. Opamlarga ham ana shunaqa pul qo‘shib bergan. Shuning uchun sizdan ko‘p nafaqa olishgan, — dedi Rahmonnazar.
— Hov, sen, kallangni ishlat! Qirq gradusli, zahar sepilgan o‘sha paxtaning ichida menam ishlaganman. O‘sha vrednosingni olishga meniyam yuz foiz haqqim bor birinchi o‘rinda, — aka bo‘sh kelmadi.
— Opamga qirq gradus issiqda ishlaganlari uchun qo‘shib berishgani yo‘q. Siz ichardingiz-a? — qo‘qqis savol tashladi Rahmonnazar.
Aka bu savol muallifi qulog‘i ostida shapaloq qaynatay dedi-yu, odamlardan uyaldimi, nos kapladi.
Darvoqe, Matvali aka mahallaga so‘pi bo‘lgunicha xo‘p ichardi. Avvaliga biror bahona bo‘lsa ichishardi. Ke-yinchalik bahona topib ichadigan, bora-bora bahonaning o‘zi akani izlab keladigan bo‘ldi. Qarabsizki, bir chiroyli... Hozir hadim, motam marosimlari bo‘lsa, umuman ichishmayapti! Ammo buning nafaqaga nima bog‘liqligi bor? Hamma hayron bo‘lib, Rahmonnazarning og‘ziga tikildi:
— Ichardingiz. Har kuni uyingizga mast bo‘lib kelardingiz. Opam bilan bir uyda yashardingiz, to‘g‘rimi?
Javobning o‘rniga, aka nosini chetga yurakdan chiqarib tufladi.
— Opamlarga, — Rahmonnazar har so‘zini ta’kidlab davom etdi, — qirq yildan buyon siz bilan yashab, og‘zingizdan chiqqan aroqning sassiq hidiga mardona chidab kelgani uchun vrednost — qo‘shimcha pul berilgan!
Bu gapdan keyin Sarimsoq ketmonining orqasini zarda bilan yerga urdi. Sulton qassob qoyil qolganligini boshini chayqab, «Hayt!» deyish bilan ifoda etdi. Urayim tezop traktori tomon yurarkan, Rahmonnazarning yelkasiga qoqib, «Malades, boplading!» dedi.
Bunaqa topqirlik hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi-da. Xullas, Rahmonnazarning gapiga hamma qoyil qoldi. Hatto Matvali aka xotini oldida tan berib, baralla xitob qildi:
— Ichma, ichma, deyaverarding!.. Mana, aroqning ham foydasi tegib qolarmikan!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.