OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abduqayum Yo‘ldosh. Qaydasan, mo‘jiza... (hikoya)

O‘zbekovullik Tirkash cho‘ponning kenja o‘g‘li Damin kutilmaganda mashhur bo‘lib ketdi. Bolalar u haqida to‘lib-toshib gapirishardi. 
Ammo kattalar ishonqiramay bosh chayqashdi. Zahargina tili bilan ovulda tanilgan Berkin muallim esa ochiqdan-ochiq istehzoga o‘tdi.
– Qarqunoqdan bulbul chiqmaydi, birodarlar, – dedi. 
Aytishlarida Tirkash cho‘ponning kenja o‘g‘li Damin, ana shu ozg‘ingina, qiltiriqligi bois yoshiga nisbatan kichikroq ko‘rinadigan, aytaylik, tashqi ko‘rinishi nari borsa o‘n olti-o‘n yetti yashar o‘smirni eslatadigan Damin allambalo mo‘‘jiza ko‘rsatib, hammaning og‘zini ochirib yurgan emish. Ya’ni, qorong‘u tushib, ovul zimiston og‘ushiga ko‘milgan mahal bolalar yig‘ilishib cho‘ponning uyi yoniga borisharkan. Ular yarim soat-bir soat kutib turgandan so‘ng axiyri eski, yon tomonga og‘ib qolgan darvozaning bir tavaqasi g‘iyqillab ochilarkan va qorong‘ulikda paydo bo‘lgan Damin nimalarnidir pichirlab-shivirlab o‘qigach, ketmon dastaday uzun va oriq qo‘llarini bolalar tomon cho‘zarkan. Ana shunda... ana shunda yalang‘och qo‘llarda olov paydo bo‘larkan. Haqiqiy olov. Bir necha lahzadan so‘ng esa olov qanday paydo bo‘lsa shunday o‘charkan-qolarkan. Shundan keyingina Damin darvoza tepasiga o‘rnatilgan chiroqni yoqarkan-da, bir tuki ham kuymagan qo‘llarini bolalarga namoyish qilarkan...
Albatta, bu gapga kattalar mutlaqo ishonishmadi. Olovni esa oddiy ko‘zboylog‘ichlik degan xulosaga kelishdi. 
Balki mana shu ko‘zboylog‘ichlikning o‘ziga ham tan bersa arzirdi. Ammo kutilmaganda kimyo o‘qituvchisi Aliboy akaning izohi bu boradagi so‘nggi ikkilanishlarga ham barham berdi va natijada:
– Cho‘ponning kenja uli yosh bolalarni aldab yurgan ekan-da, – degan uzil-kesil xulosaga kelindi.
Muallim esa shartta:
– Damin qilgan ishni men ham qila olaman, – dedi bir davrada. – Bilaman, u bola shu yo‘l bilan pul ishlamoqchi. Lekin men bu ishni tekinga qilaman.
O‘tirganlardan ayrimlari bunga shubha bildirishdi. Shunda qoni qaynab ketgan muallim bas boylashishga kirishib ketdi. Zerikib o‘tirganlarga bu yaxshi ermak bo‘ldi. Xullas, bir yashik aroqdan garov o‘ynaldi.
Shundan keyin yutib olinadigan bir yashik aroqni o‘ylab terisiga sig‘may quvonayotgan Aliboy aka bir qo‘lini paqirdagi suvga botirib, jiqqa ho‘l qilgach, kamzulining ho‘l yengi ustidan benzin quydi-da, shartta gugurt chaqdi. 
Kamzul yengi lovullagan olov ichida qoldi. Olov bir necha lahza lovullab yonib turdi. So‘ng muallim qo‘lini yana paqirdagi suvga tiqib olovni o‘chirdi-da, qo‘lini tortib oldi. 
Davrada o‘tirganlar gurillab muallimni olqishlashdi. Tabiiyki, bunaqa paytda olov ho‘l yengni quritguncha ancha vaqt o‘tishini har qanday aqli qosir odam ham bilib turadi. 
Xullas, cho‘ponning o‘g‘li mana shunday oddiy ko‘zboylog‘ichlik qilayapti, degan qarorga kelindi. 
To‘g‘ri, yutqazgan tomon:
– Damin qo‘lini suvga tiqmas ekan... Daminning qo‘li yalang‘och bo‘lar ekan... – deya e’tiroz bildirishga urinib ko‘rdi.
Lekin ko‘pchilikni tashkil etadigan g‘olib tomonning baqir-chaqirlari bu ojiz e’tirozlarni bosib ketdi va noiloj qolgan mag‘lub tomon o‘sha zormanda bir yashik aroqni nasiyaga bo‘lsa ham olib kelishga majbur bo‘ldi. 
Ushbu davrada men ham bor edim. Mo‘ylovimni ho‘llab aroq ichdim. Keyin esa... o‘ylanib qoldim. 
Kim biladi, balki bolalar rost gapirayotgandir.
Bu dunyoda nimalar bo‘lmaydi deysiz. Balki mo‘‘jiza deganlari chindan ham uchrar. Buning ustiga, yaqindagina viloyat gazetasida ish boshlaganman. Kim biladi, balki shov-shuvga arzirli maqola yozarman... To‘g‘ri, men ko‘nglimning tub-tubida Aliboy aka rost gapirganini e’tirof etib turardim. Damin esa... pul ishlashning shunaqa yo‘lini topgandir-da. Issiq demay, sovuq demay akalari, otasi bilan qirma-qir, suruv ortidan uloqib yurgandan ko‘ra, issiqqina uyda o‘tirib pul topishni orzu qilib qolgandir...
Davradan sirg‘alib chiqib, Tirkash cho‘ponning qishloq chekkasida joylashgan uyiga yo‘l oldim.
Borsam, tomosha endi tugab, bolalar uy-uylariga tarqalishayotgan ekan. Ular orasida jiyanim Nodirni ko‘rib qolib:
– Xo‘sh, qanday bo‘ldi? – deb so‘radim.
Nodir ko‘rsatkich barmog‘ini ko‘kka bigiz qildi:
– Zo‘r bo‘ldi!
– Tomoshaga pul yig‘mayapsizlarmi hali?
Nodir menga ajablanib tikildi.
– Qanaqa pul?
– Tomosha uchun-da.
– Yo‘q.
Men bepisand kuldim:
– Unda yaqin-orada boshlaysizlar...
Gapimni uncha anglamagan jiyanimni hayratda qoldirib, cho‘ponning uyi tomon yurdim. 
Damin darvozaga suyanib turgan ekan. Qo‘llarini ko‘kragiga qovushtirgan. 
– Salom, – dedim to‘g‘ri yigitchaning oldiga borib. – Men viloyat gazetasidanman.
– Assalomu alaykum, – dedi birdan jonlanib qolgan Damin men tomon ikkala qo‘lini cho‘zib. – Men sizni taniyman.
Darvoza tepasidagi chiroq yonib turardi. Mana shu yorug‘likda yigitning qo‘llariga, bilaklariga sinchiklab razm solishga urindim. Yo‘q, hammasi joyida. Hech qanaqangi kuyish alomati yo‘q. Ha, aftidan, Aliboy akaning gapi chinga o‘xshaydi. Yigitcha bolalarni laqillatib yuribdi-yov... 
Shunday bo‘lsa-da, chiqmagan jondan umid qabilida so‘radim:
– O‘zi senga nima bo‘lgan?
Damin shosha-pisha, hovliqib so‘radi:
– Gazitga yozasizmi?
Bu safar Aliboy akaning gapi mutlaqo to‘g‘riligiga to‘la ishonch hosil qildim. Bu shuhratparast bir yigitcha ekan asli... Shu sababli dudmalroq javob qildim:
– Buni... ko‘ramiz. Agar o‘quvchiga qiziq bo‘lsa...
– Yuring, yuring, uyga kiraylik.
Yigitchaning bu mulozamati negadir g‘ashimni keltirdi. “Uyga opkirib, bir piyola choy beradimi-yo‘qmi, keyin katta ziyofat bergan odamday maqola qachon chiqishini so‘rayverib boshimni qotiradi”, degan o‘yda keskin bosh chayqadim: 
– Shu yer yaxshi ekan. Toza havo.
– Mayli, – darhol rozi bo‘la qoldi Damin. So‘ng ochiqko‘ngillilik bilan iljaydi: – So‘rang.
Ochig‘i, bolakayning bu iltifoti ham meni ranjitib, ensamni qotirdi. Shu sababli sal zardali ohangda so‘radim:
– Senga nima bo‘lgan o‘zi?
Men uzoq davom etadigan javobni kutgandim. Ya’ni, bolalikda sodir bo‘lgan qandaydir g‘alati voqealar, qanaqadir imo-ishoralar... Xullas, dovdirash-aljirashda-ey...
Ammo kutilmaganda Damin iljayib, yelka qisdi va oddiygina qilib:
– Bilmasam, – dedi. Keyin, mening ajablanib tikilib qolganimni sezdi shekilli, o‘zicha izoh bergan bo‘ldi: – Lekin men o‘zimni yoqa olaman... Buning qanday bo‘lishini o‘zim bilsam o‘lay agar. O‘ylanib turib, qo‘limga qarab turaversam, o‘t yonadi. O‘t yonsa, keyin ancha yengil tortaman...
– ...
Yigitchaga angrayib qarab turaverdim. Damin bo‘lsa hamma gapni aytib bo‘lgan intervyu beruvchiday muloyimgina iljayib turibdi.
Nihoyat so‘radim:
– Qanaqasiga yoqa olasan?
Damin yana bir bor yelka qisdi-da:
– Bilmadim, – dedi. So‘ng yalang‘och qo‘llarini men tomon cho‘zdi: – Yoqqim kelsa yoqaveraman...
Ana shunda... mening ko‘z oldimda, shundoqqina burnimning tagida turgan yalang‘och qo‘llarda avval sariq bir sharpa paydo bo‘lganday tuyuldi va men hali hayratlanib ulgurmasimdan ikkala qo‘lda gurillagan olov paydo bo‘ldi. 
Bu haqiqiy olov edi! 
Azbaroyi karaxt ahvolga tushganimdan men hatto o‘zimni chetga ololmay qoldim.
Olov esa, qanday paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunday o‘chdi-qoldi...
Men tamomila esankirab Daminning qo‘llariga qaradim. Olov asorati mutlaqo yo‘q edi ularda...
Mastmanmi, deb o‘ylasam, bor-yo‘g‘i ikki piyola ichganman, xolos. Hushyorman, desam...
Nima bo‘lganda ham, bir narsa aniq edi: bu yerda Aliboy muallimning nazariyasi o‘tmaydi. Yo‘q, boshqa gap bor bu yerda. Lekin... nima gap?
O‘zimga kelib olishim kerak edi. Shu sababli yigitcha bilan shosha-pisha xayrlasharkanman:
– Shanba kuni fotoapparat bilan kelaman, – deya va’da berib yubordim. 
Uyga keldim-u, ko‘rganlarimni mulohaza qilish o‘rniga o‘zimni o‘ringa tashlab, dong qotib uxladim...

* * * 

Tong pallasi onam uyg‘otdi. Balki o‘rnimdan turmasdim ham, ammo u kishining:
– Seni tashqarida Tirkash cho‘pon kutib turibdi, – degan gapini eshitgach, kechagi voqealar yodimga keldi-yu, o‘rnimdan uchib turdim.
Biz podaga mol qo‘shmasdik. Shu sababli cho‘ponning tashrifi o‘g‘li bilan bog‘liqligini sezib turardim.
O‘ylaganimday, quyuq salom-aligu qishloqcha uzoq hol so‘rashishlardan keyin Tirkash aka bir yo‘talib oldi va asl muddaoga o‘tdi: 
– Kecha uyga o‘tgan ekansiz...
– Ha, Damin bilan ko‘rishgan edim. Darvoza oldida. Kech bo‘lib qolgandi. Shunga uyga kirib o‘tirmadim. Tinchlikmi?
Cho‘pon yana bir yo‘talib oldi:
– Aytmoqchi bo‘lganim shuki, uka, yana bizning bolani gazit-pazitga yozib yurmang. 
Men hayron qoldim: 
– Nega endi?
Tirkash aka sal o‘ng‘aysizlandi:
– O‘zi shusiz ham xesh-urug‘lardan barisining mazaxiga qolgan. Endi gazitda yozsangiz, kasalligi rost ekan, deb o‘ylashadi-da...
– Damin kasalmi?
– Endi... bilmayman, negadir shu kenjamiz sal nimjonroq o‘sdi. Qolgan barisining iligi to‘q. O‘ziyam bir emas, ikki marta sariq bo‘ldi. Rangini qarang, sarg‘ayib ketgan. Avaylaganimiz sayin... Endi bunaqa qilib... Butun qishloqqa sharmanda bo‘lib...
– Hay, hay, Tirkash aka, Damin sharmanda bo‘lgani yo‘q, tomosha ko‘rsatayapti...
Banogoh bo‘g‘riqib ketgan cho‘pon gapimni shartta bo‘ldi:
– Menga masxaraboz kerak emas! 
Gapim og‘zimda qoldi. 
Tirkash aka qovog‘ini soldi:
– Gazit-pazitga yozsangiz, bola rostdanam shunaqa odamman, deb havolanib ketmasin yana... Bizning sharmanda bo‘lganimiz qoladi orada... O‘zi qanchasi mazax qilib yuribdi... Kecha rosa ta’zirini berganman... Odamlarga o‘xshab yasha, dedim... O‘zi to‘rtta molni eplab boqolmaydi-da, tomosha ko‘rsatganiga o‘laymi...
Qarasam, cho‘ponning qarori qat’iy. Shu bois u kishini xotirjam qilishga urindim:
– Yozmayman, Tirkash aka, yozmayman.
Cho‘pon yoyilib iljaydi:
– Sharmanda bo‘lmaylik deyman-da, uka.
– Sharmanda bo‘lmaysiz, aka.
Tirkash aka belkurakdek keladigan kaftini menga ko‘z-ko‘zladi:
– Men hozir borib uni bir tavbasiga tayay...
Negadir yuragim shuv etib ketdi. 
– Shu... kerakmikan, aka, – dedim ikkilanib.
Cho‘pon ishonch bilan bosh irg‘adi:
– Kerak, uka, kerak... Bu bolaning bir ko‘zini qo‘rqitib qo‘ymasam toza o‘zidan ketayapti...
Tirkash aka ketdi. 
Ko‘nglimni bosib kelayotgan xavotir hislaridan qutulish maqsadida shosha-pisha nonushta qildim-da, ishga jo‘nadim. 
Baxtimga, viloyat markazida kattagina bir kutubxona bor. 
Gazetada ishim kamroq edi. Shu sababli to‘g‘ri kutubxonaga yo‘l oldim va mehribon kutubxonachi Xolida opadan insonlarning o‘zlarini o‘zlari yondira olishlari haqida adabiyotlar bor-yo‘qligini so‘radim. 
Opa o‘ntacha qalin-qalin kitoblarni olib chiqib berdi.
Ijarada turadigan uyimga borib, stulga yaxshilab o‘rnashib oldim-da, kitoblarni o‘qishga tushdim.
Mutolaa tongga qadar davom etdi.
Men endi ba’zi narsalarni bilib olgandim... To‘g‘ri, ular dengizdan tomchi edi. Shunga qaramay...
Xullas, o‘zlarini o‘zlari yoqishga qodir odamlar ko‘p o‘tgan ekan. Ularning eng mashhuri XVII asrda Amerikada yashagan Suzanna Sevell ismli ayol ekan. Har kech tomosha zalida o‘z istagiga ko‘ra kuchli olov ichida qolgan bu ayolning bir tola sochi ham kuymagan! Faqat karetasi daryoga ag‘darilib ketganidan keyingina bu g‘aroyib xonim o‘z salohiyatidan ayrilib qolgan.
Italiyalik Anna Monaro, amerikalik Jek Anjel, Jonatan Karrer, turkiyalik beva ayol... Va hokazo va hokazo...

* * *

Bu seshanba kungi gap edi. 
Juma kuni kechga yaqin qishloqqa qaytdim.
Endi huvillab yotgan choyxona yonidan o‘tayotganim mahal shu tomonga shoshib kelayotgan Tirkash akani ko‘rib qoldim. 
Yugurib borib cho‘pon bilan ko‘rishdim. Daminni so‘radim. Tirkash aka iljaydi:
– O‘g‘limni odam qilayapman...
Bu javobdagi qandaydir tantanavor ohang ko‘nglimga o‘tirishmagani bois darhol o‘qiganlarimni to‘kib solishga tushdim. 
Tirkash aka gaplarimni qandaydir faromushxotirlik bilan, hattoki, nazarimda, bee’tibor eshitdi. Bu mening izzat-nafsimga tegdi har qalay.
Ammo men missis Sevell haqida gapirib, suvga tushib ketgandan keyin uning noyob iste’dodi barham topganini gapirganimda cho‘pon sal jonlandi. Keyin, bu voqeani iltimosiga ko‘ra yana bir marta aytib berganimdan so‘ng ingichka mo‘ylovining burama uchini tishlagancha o‘ylanib qoldi-da:
– Qayish bilan urdim... – dedi. – Och qo‘ydim... Ammo suvga pishmabman-da...
– Hali shunaqa qilib Daminni odam qilayapsizmi? – deya so‘radim g‘ashim kelib. 
– Endi, uka, bola meniki, – dedi cho‘pon nasihat ohangida. – Nima qilsam ixtiyorimda. Hali o‘zing bola ko‘r, katta qil, ana o‘shanda bilasan... Keyin, men nima qilsam, yomon bo‘l deb qilmadim, yaxshi bo‘l, el qatori bo‘l deb qildim...
– Balki Daminda noyob qobiliyat bordir...
Tirkash aka keskin ohangda gapimni bo‘ldi:
– Menga bola kerak, dedim-ku, masxaraboz emas!
Ochig‘i, ko‘nglimning tub-tubida bir yashirinroq niyat paydo bo‘lgandiki, Damin haqida maqola yozsam, uni Toshkentda e’lon qildirsam, keyin bunaqa iste’dodli bola bilan butun respublikani aylanib chiqsak, tomoshalar ko‘rsatsak... Pulga, albatta... Bunday o‘ylab ko‘rsang, buning masxarabozlikdan hech farqi yo‘q...
Ha, nodonmiz, nodonmiz. Birovning dardidan ham pul ishlashga qiziqamiz. Pul o‘lsin-a, pul o‘lsin...
Angladimki, bunaqa o‘jar ota bilan tadbirkorlik rejamni amalga oshirishim qiyin. Shu sababli yotig‘i bilan gapirishga urindim:
– Odam qilib nima qilasiz?
– Uylantiraman! – shartta og‘zimga urdi Tirkash aka.
– Uylantiraman? Damin hali bola-ku!
Cho‘pon menga o‘qrayib qaradi:
– Bolaligi qoldimi? Yigirmaga kirayapti! Kelin ham topib qo‘ydik. Chillasidan keyin dalaga olib chiqib ketaman. Cho‘ponlikning noni qattiq bo‘ladi, lekin shirin bo‘ladi.
– Lekin Damin...
Tirkash aka qo‘lini keskin siltadi:
– Butun ajdodimiz cho‘pon o‘tgan. Xudoga shukr, och qolmaganmiz. Qornimiz doim to‘q. Odamga bundan ortiq nima kerak? Ana, Daminga deb uchastka olib qo‘yganman. Ertaga tosh to‘kaman. Keyingi hafta fundament quyaman. Bir oyda uyni qurib tashlaymiz. Kuzda to‘y...
Cho‘pon men bilan xayrlashmasdan ham jo‘nab qolarkan:
– Suv uchun rahmat, – deb qo‘ydi ming‘irlab.
Men tushunmadim. Tirkash aka qanaqa suvni gapirayapti?
Tushunganimda esa... kech bo‘lgandi...

* * *

Ha, kech bo‘lgandi. 
Shundagina men nima qilib qo‘yganimni angladim. Men o‘zimni qotilning qo‘liga qurol tutqazib, uni jinoyatga yo‘llagan odamday his qila boshladim...
Ammo bu tuyg‘u tez orada o‘tib ketdi. 
Bu shunday jinoyatki, uni biror tirik jon isbotlay olmaydi. Bu shunday jinoyatki, hatto biron kishining xayoliga ham kelmaydi. Inchunun, biron kishi menga barmog‘ini bigiz qilib ham ko‘rsatolmaydi...
Xullas... Birov boshqasini “qotil” deyolmaydi. Aslida esa biz hammamiz qotildaymiz...
Hali aytganimday, Damin o‘zi nimjongina yigit edi. Axir, ikki marta sariq kasali bilan og‘rishning o‘zi bo‘ladimi...
Shu holiga, ayniqsa, otasi kechalari uyga qamab, darvozaga, tomoshatalab bolalar oldiga chiqarmay qo‘ygandan keyin battar qiynalib, kasallanib qolgan. Aytishlaricha, Daminning issig‘i qirqdan oshgan, kechalari alahlab chiqa boshlagan... Ammo g‘azabkor ota shifokor chaqirishni xayoliga ham keltirmagan. Cho‘pon nuqul “Uylanmayman” deyayotgan o‘g‘lini so‘kkan, qarg‘agan, jahli chiqqan kezlari urgan ham.
Axiyri... mendan kerakli yo‘l-yo‘riq olgan ota... kechasi titrab-qaqshab yotgan o‘g‘lini soyga sudrab chiqib, qayta-qayta suvga pishgan... Shu bilan kasalligi tarqalib ketadi, degan o‘yga borgan-da. 
Damin mana shu holida, titrab-qaqshab, sovuqdan tishlari takillab, suvga bo‘kib uyiga qaytib kelgan va kiyimini almashtirishga ham madori yetmasdan uxlab qolgan.
Ertasi kuni Tirkash aka yangi hovli qurish uchun deb olingan maydonga ikki mashina shag‘al to‘ktirgan va Daminga shag‘alni ichkariga tashib qo‘yishni buyurgan.
Damin itoatkorona bosh egib, aytilgan joyga borgan va ikkita katta-katta paqir yordamida ikki mashina shag‘alni kun bo‘yi ichkariga tashigan...
Ikki mashina shag‘al...
Zaif buyrak bunday og‘ir ishga chidamagan...
Kechga yaqin navbatdagi zilday og‘ir paqirlarni ko‘tarishga urinayotgani mahal Damin beixtiyor dodlab yuborgan va tosh ustiga yiqilib tushgan...
Damin uch kundan so‘ng tuman shifoxonasida vafot etdi...
Tirkash aka bo‘kirib yig‘ladi...
Oradan kunlar, kunlar ketidan haftalar o‘tdi.
Juma, namozshom mahal viloyat markazidan qishlog‘imiz bekatigacha avtobusda kelib, buyog‘iga piyoda qaytarkanman, beixtiyor oyoqlarim Tirkash cho‘ponning uyi tomon boshlab ketayotganini his qildim.
Cho‘pon farzandlari bilan tog‘da. 
Zimiston uy.
Ne ko‘z bilan ko‘rayki, mana shu zimiston uy yonida bir necha bola – ular orasida jiyanim Nodir ham bor edi – darvozaga ko‘z tikib o‘tirishardi.
Beixtiyor titrab ketdim.
Nazarimda hozir darvoza g‘iyqillab ochiladi-yu, ichkaridan chiqib kelgan Daminning yalang‘och qo‘llarida olov paydo bo‘ladi... Bolalar buni hayrat bilan, nafaslarini ichlariga yutib kuzatib turishadi.
Oddiygina, zerikarli kechayotgan hayotimizda birgina o‘zgarish paydo bo‘lgandi. Uni ham ko‘p ko‘rdik.
Qaydasan, mo‘‘jiza...
Yuragim simillab og‘rib ketdi.
Bu uydan uzoqlashishga oshiqdim...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.