OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shoyim Bo‘tayev. Maktab qorovuli (hikoya)

Eshniyoz chol erta uyg‘onadi. Namozini o‘qib, mol-hollarga qaraydi-da, choyini ichib maktab tomon jo‘naydi. Unga yo‘lda saharxez kishilar duch keladi. Cholning qayoqqa otlanganini ko‘rib-bilib turgan bo‘lishsa-da, salom berib, ko‘ngil uchun so‘rashadi:
— Ishgami, Eshniyoz ota?
— Ishga.
— E, yashang.
— Ermak-da.
— Nimasini aytasiz.
Eshniyoz chol maktab qorovuli. Ba’zilar, sizga shu dahmazaning nima keragi bor, oyoqni uzatib yotmaysizmi, deyishadi. U beozorgina iljayib, o‘rganib qolganman-da, maktab bolalarini ko‘rmasam turolmayman, deb ochig‘ini aytib qo‘ya qoladi. U o‘z mulk-molikonasini tekshirayotgan zamindordek dastlab maktab hovlisini boshdan-oyoq aylanib chiqadi. Tong qorong‘usida qog‘oz parchalari, xas-cho‘plarni bitta qoldirmay yig‘ishtirib olishiga boshqalar ham hayron qolib, cholning ko‘zi qanday ko‘rarkan-a, deya ajablanishadi. So‘ngra maydonchadagi gullarga suv qo‘yadi. Ishi tez tugaydi.
Yo‘l bo‘yidagi qadimiy  chinor ulkanligidan maktab hovlisining deyarli yarmiga olachalpoq soya tashlab turadi. Uning ostida yersupa bor, Eshniyoz cholning supasi, deyishadi. U ishini tugatib, qorovulxonadan sholcha olib chiqib supaga yozadi. Chordona qurib o‘tiradi. Birin-ketin muallimlar ham kela boshlaydi. Ular cholga quyuq salom berib o‘tishadi. Ba’zilari so‘rab qoladi:
— Hammadan avval kelib olgan ekansiz-da?
Eshniyoz chol xijolatomuz jilmayadi:
— Endi-i... maktab eshiklarini ochib turaylik dedik-da.
— Omon bo‘ling, otaxon.
— Ilmingizga xudo baraka bersin.
Eshniyoz chol yana kimlarningdir kelishini intiq kutayotgani uning yuz-ko‘zlaridagi ifodalardan yaqqol bilinib turadi. Kutayotgani — bolalar. Mana, nihoyat, bolalarning ham qorasi ko‘rinadi. Ularning ba’zilari mo‘min-qobil bo‘lsa-da, ko‘pchiligi shumtaka — bir-birlarini turtishib, quvlashib-qochishib kela boshlaydi. Eshniyoz cholning ortiga kelib yashirinadiganlari ham topiladi, undaylar zo‘ravonni cholga ko‘rsatishib:
— Bobo, qarang, — deya o‘zlarini uning panohiga oladilar.
Bunday lahzalarda cholning boshi osmonga yetadi. Uning xursandchiligini nasihatga o‘ta boshlaganidan ham bilsa bo‘ladi. Hushtak chalmanglar, hushtakni o‘g‘rilar chalib, bir-birlarini chaqiradi, deydi u. Bir-birlaringni turtmanglar, urgandan turtgan yomon, deydi. Bolalar salom berib o‘ta boshlashganida, u beixtiyor o‘rnidan turib ketadi, ko‘zlari charaqlaydi, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yadi:
— Vaalaykum assalom. Barakalla, barakalla.
Shunday paytlarda Eshniyoz chol o‘zini yetti qavat osmon ustidagidek his etadi. Qiy-chuv tinib, dars boshlangach, Eshniyoz chol yonboshlaydi. Tilining ostiga bir chimdim nos tashlab olib, qandaydir xayollarga beriladi. O‘tgan-ketganga, qani-i nosdan bitta otsinla-ar, deya manzirat qiladi. Nos olib yurmaydigan noskashlar iljayib kelaverishadi. Nos bahonasida o‘tgan-ketgandan gaplashib oladilar.
— Bu yil pichan qalay bo‘ldi?
— Chalg‘i kutib belga urib yotipti.
— Durust-durust. Podani sug‘organi haliyam Hasan hovuzga olib borishyaptimi?
— Ha, haliyam o‘sha yoqqa olib borishyapti.
— Bir zamonlar biz ham podani Hasan hovuzda sug‘orardik.
Poda boqqan yillarini eslab, Eshniyoz chol xayolga cho‘madi, ko‘z o‘ngidan dashtu dalalarning manzaralari o‘tadi, dimog‘iga turfa giyohlarning hidi ufurgandek bo‘ladi, og‘ir xo‘rsinadi. Suhbatdoshining turib jo‘naganini payqamay ham qoladi.
Eshniyoz chol ba’zan zerikadi. Qayoqlargadir ketgisi keladi. Qayoqqayam borardi? Qolaversa, ishi shu — maktabga qorovullik, o‘tirishi kerak. Farrosh ayollar u yoq-buyoqqa supurgi urishadi. So‘ngra qo‘lbola yog‘och o‘rindiqda qator tizilishib o‘tirgancha g‘iybatni boshlashadi. Eshniyoz cholning qulog‘i ding bo‘ladi, ba’zida qulog‘iga chalingan gaplarning berdisini eshitishga ichida qiziqishi kuchayib borayotganini payqaydi-yu, astag‘firillo, astag‘firillo, deganicha istig‘for aylaydi.
Keyin negadir:
— Hay, qurib ketsin-a! — deb qo‘yadi.
Yog‘in-sochinli kunlarda supa bo‘shaydi. Chinor ham allanechuk mung‘ayib qolgandek ko‘rinadi. U tanaffus bo‘lishini sabrsizlik bilan kutadi. Qo‘ng‘iroq chalindimi, bas, bolalar cholning oldiga yopirilib keladi. Bir-birlariga gal bermay chuvillashadi:
— Bobojon, bitta ertak aytib bering.
— Bittagina...
— E, qo‘yinglar-e, — chol qo‘l siltab, qiyofasiga jiddiy tus bermoqchi bo‘ladiyu eplolmaydi, iljayib yuboradi. Yuziga qon tepadi. Bolalar tiqilinch qilavergach:
— Qo‘ymadilaring-da, — deya jismu joniga taralgan allaqanday huzurdanmi, boshqa narsadanmi, ko‘zlarini bir oz qisganicha o‘ylanib qoladi.
Bolalar yalinaverishadi:
— Jo-on bobojon!
— Aytgingiz kelib turibdi-ku.
Qora-qura munchoq ko‘z bolakaylarning mo‘ltayib turishlari uning ko‘nglini yumshatadi. Dadillanib, ikki tizzasining ustiga ikkala kaftini tirab... tantanali sukutdan so‘ng boshlaydi:
— Shu-u Germoniyada ketyapmi-iz, qo‘lda beshotar! Bir poshist o‘tdi oldimizdan — hahh dedim! Peshonasidan o‘q tegdi poshistning — yiqildi, cho‘zildi, jon berdi! Ortidan yana biri kelyapkan ekan. Uyam uh dediyu ketdi...
— Keyin-chi, keyin?
— Shoshmanglar. Gapning berdisini eshitinglar-da!..
Bolalar jim bo‘ladi. Qiy¬shang¬lab-qiypanglayotganlarini turtishib, do‘q urishib tinglashga majbur qiladilar. Sukunat. Eshniyoz cholning ko‘zlari yana o‘sha-o‘sha g‘alati ifodalarga to‘ladi. Ertagi ham o‘sha-o‘sha. Uning urushda ko‘rgan-bilgani shu. Qahramonligiyu xotirasi ham shugina, xolos. Urush haqida boshqa gap aytolmaydi.
Eshniyoz chol bir piyola qaynoq choy ilinjida qorovulxonaga kirdi. Pechkadagi olovning taftidan ikki beti qip-qizarib ketganicha qorovulxonadagi taxta karavatning o‘rtasida Hamida degan farrosh ayol jun titib o‘tirardi. Bir tomonida urchuq, ikkinchi tomonida po‘stak parchalariday sochilgan tituvsiz jun. U o‘girilib Eshniyoz cholni ko‘rdiyu yosh bolani tergayotganday:
— Eshikni yoping, eshikni, — dedi.
Eshniyoz chol eshikni yopib ostonada nima qilarini bilmagandek xijolatomuz turib qoldi.
— Qayoqlarda yurasiz-a? — tergashda davom etdi farrosh.
— Orqa hovlidaydim.
— Direktir so‘radi sizni.
— Haligina ko‘ruvdi-yu.
— Bilmasam, darrov uchrashsinlar, dedi.
Eshniyoz chol kift qisdi. Yil o‘n ikki oy uning direktor bilan shoshilinch uchrashadigan ish-yumushi bo‘lmasdi, shunga ajablandi.
Direktor o‘z xonasida nimalarnidir yozib o‘tirardi. Chol tomoq qirdi.
— Keling, — direktor kresloga yastanib g‘alati iljaydi.
— Shu... Hamida aytdiki... — chol endi so‘z boshlamoqchiydi, direktor shu lahzada tuyqusdan hol so‘rashga o‘tib qoldi:
— Ahvol qalay?
— Tuzuk...
— Mixdek bo‘lish kerak! — direktor ko‘zlarini chaqnatib bosh barmog‘ini ko‘rsatdi. — Bugun armiya tashkil topgan kun-a? Uchrashuv qilamiz, xabaringiz bormi?
Eshniyoz cholning bundan xabari yo‘q edi. Nima deyarini bilolmay ikkilanib qoldi.
— Shunaqa, — direktor o‘zining so‘zini o‘zi tasdiqlab davom etdi. — Bolalarga ota-bobolarimizning jasoratlari haqida so‘zlab bersangiz. Axir, urushda bo‘lgansiz. Nemis-fashist bos¬qinchilaridan bir nechtasini yer tishlatgansiz. Tanklaru pushkalardan ham bir-ikkitasini yakson qilgan bo‘lsangiz kerak. O‘quvchilar davrasida ana shularni aytib berish kerak-da, endi. Esdan chiqqan joylariga qo‘shib-chatilsa ham mayli, yolg‘on aytding, deb birov yoqangizdan tutmaydi, kelishdikmi? — direktor ishshaydi.
Eshniyoz chol qizarib ketdi va o‘ylanib qoldi: nimayam derdi? Direktor so‘rayapti-ya, ko‘pchilikka yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan katta odam, yo‘q deb bo‘ladimi unga? Yer ostidan qanchalik tikilmasin, u direktorning hazillashayotganini ham, jiddiy aytayotganini ham farqlolmadi. Qulog‘iga yana o‘sha so‘z o‘qdek urildi:
— Kelishdikmi?
Eshniyoz chol seskanib bosh irg‘adi. Shundan so‘ng chiqib o‘z ishiga mashg‘ul bo‘ldi. Uchrashuv o‘tkaziladigan sinfning pechkasiga ko‘mir qaladi. O‘t yoqdi. Kattakon qahramonni ko‘rar ekanmiz, deya bolalar oldingi partalarda o‘tirishga talashib-tortishishdi.
Direktor qalamining orti bilan stolga ura-ura to‘s-to‘polonni tinchitdi. Keyin u armiya to‘g‘risida, urush haqida gapirdi, hozirgi kun bilan bog‘ladi.
— Mana-a, bugun shu munosabat bilan o‘tkaziladigan uchrashuvimizga, — deya asosiy maqsadga ko‘chdi u, — maktabimizning zahmatkash qorovuli Eshniyoz Toshniyozovni taklif etganmiz. Mar¬hamat, so‘z sizga, o‘rtoq Toshniyozov!
Bolalar birvarakayiga ie, deb yuborishdi. Eshniyoz chol o‘rnidan turdi. Najot kutayotgandek tevarak-atrofga mo‘ltirab, nigoh tashladi. Yo‘taldi. Qo‘llarini qaerga qo‘yishni bilmay dam ko‘ksiga chalishtirdi, dam salanglatib osiltirdi. Biroz titroq tovushda hikoyasini boshladi:
— Shu, Germoniyada ketyapmiz, qo‘lda beshotar!..
«Gurr» kulgi ko‘tarildi. Cholning oyog‘idan mador qochib, ko‘z o‘ngi qorong‘ilashdi. Bolalarning kulgisi uni hayron qoldirgan edi. Har gal tanaffusda, bittagina aytib bering, deb yalinib-yolvoradigan bolalarning hozirgi holati unga tushunarsiz edi. Chol direktorga qaradi. U qo‘lidagi boyagi qalam bilan stolni taqillatdi. Bolalar jim bo‘lishdi.
— Davom eting, — direktor negadir cholga ham o‘qrayib qaradi.
— Bir poshist o‘tdi oldimizdan, — «davom etdi» Eshniyoz chol, — hahh, dedim. Peshonasidan o‘q tegdi poshistning — yiqildi, cho‘zildi, jon berdi! Ortidan yana biri  kelyapkan ekan, uyam uh dedi-yu ketdi... — so‘nggi jumlani chaynab, qiynala-qiynala ayt¬di.
Sinfni boshga ko‘targudek qahqaha yangradi. Eshniyoz chol yanayam hayron bo‘ldi. Joyiga o‘tirmoqchi bo‘lgandi, direktorning afti bujmayib:
— Tamommi? — deb so‘radi.
— Tamom bo‘ldi, tamom bo‘ldi, — cholning o‘rniga bolalar chug‘urlashib javob berdi.
Direktor peshonasini qashigancha o‘rnidan turdi.
— O‘rtoq Toshniyozov falon-piston frontlarda shunday-shunday qahramonliklar ko‘rsatgan, — deya o‘zining urush haqida eshitgan-bilganlarini aytib bergach, direktor uchrashuv tugaganini ma’lum qildi.
Bolalar o‘zlarini eshikka urdilar. Eshniyoz chol ularning chiqib bo‘lishlarini kutdi. Direktor yo‘l boshlasin, har qalay rahbar odam.
— Beshinchi «A»ga yo‘lab bo‘lmaydi — muzxona! — g‘o‘ldiradi direktor papkasini qo‘ltig‘iga qistirarkan, unga tegishli qilib.
Eshniyoz chol tushundi. Yengil tortdi. Tashqariga yo‘naldi. Ko‘mirxonadan ko‘mir to‘la chelak va kurakchani oldi. Muallimlar xonasining ro‘parasida Saidning yerga ursa ko‘kka sapchiydigan nevarasi o‘qiydigan sinf; uning dastidan arzu dod qilmagan muallim yo‘q. Shu bolani ko‘rsa Eshniyoz cholning yuragi g‘alati bo‘lib ketadi. O‘g‘limga, deb, uning onasiga non ham sindirib qo‘yganini eslaydi, Saidning o‘g‘li qandaydir jigariday tuyuladi.
Eshniyoz cholning mijjalari namlandi. Borib beshinchi «A»ning eshigini ochdi. Bolalar duv o‘girilishdi. Chol o‘ng‘aysizlandi. Muallimga qaradi. U bosh irg‘ab mashg‘ulotini davom ettiraverdi. Chol deraza yoniga bordi. Cho‘nqayib cho‘yan pechkaning kulini tozalay boshladi. Qulog‘iga muallimning so‘zlari kirib turdi. Bu so‘zlardan u hech vaqoni anglamayotgan bo‘lsa-da, zap ilmi bor-da, baraka topkurning, deb o‘yladi. Ishini tugatgach, Eshniyoz chol chelakni ko‘tarib chiqib ketdi. Kurakchani pechka ustida unutib qoldirdi. Bu tashqariga chiqqanida xayoliga keldi. Qaytib kirmadi. Chelakni yerga qo‘yib belbog‘i qatidan nosqovog‘ini oldi va kaftiga bir chimdim nos to‘kdi.
Uni xayol elitdi. Ko‘z o‘gnida rango-rang xalqachalar jimirlasha boshladi. Peshonasidan negadir sovuq ter chiqib ketdi. Ayni shu lahzada qandaydir ish bilan yo‘lakka chiqqan direktor u tomon kela boshladi. Chol kalovlanib qoldi.
— O‘zi ikki fashist o‘lganidan keyin nima bo‘luvdi, — dedi direktor kinoyali tarzda Eshniyoz cholning oqarib ketgan yuziga qarab qo‘yib. — Shu bo‘lgan gapmi o‘zi? Urushga borganlarning o‘zlariyam to‘qishsa kerag-ov! Nahotki, ikkisiniyam o‘zingiz otgan bo‘lsangiz? Tushingizda edimi, o‘ngingizdami? — direktor shunday deb iziga qaytarkan, barcha savollarning javobini o‘zi topganday, — gapniyam eplolmaysiz-a, — deganicha xulosa qildi.
Eshniyoz chol shomda uyiga keldi. Kampiri tancha chetida belini to‘nga o‘rab, inqillab yotardi. Cholning unga ichi achidi, biroq tilida:
— Yotaverar ekan-da, — deya to‘ng‘illadi.
Kampirning ko‘zlari yaltiradi. O‘rnidan qimirlashga urinib:
— Jo‘rttaga yotipmanmi, chol, omonatini tezroq ola qolsa edi, — deya xira ko‘zlarida yosh ko‘rindi.
Cholning yuragi toriqdi. Hovliga chiqdi. To‘lin oy muzdek nur separdi. U somonxonaga kirib, tog‘oraga somon oldi, og‘ilga olib kelib, sigirning oxuriga soldi, oxuridagi nishxo‘rdni eshakka tashladi. Qaytib yurib uyga kirganda, kampir, uyquga ketgandi. U ahyon-ahyonda ixrab, g‘o‘ldirab, inqillab qo‘yardi. Eshniyoz chol tanchaning ko‘rpasini ko‘tarib kosov bilan cho‘g‘ni qo‘zg‘adi. Tanchaning boshqa burchagiga o‘zi yonboshladi. Uyqusi kelmadi. Kampiriga aytgan gapi uchun afsus chekdi.
Uchrashuvni, direktorni ko‘ngli g‘ashlanib esladi.
Eshniyoz chol subhi-sodiqda uyg‘ondi. Qor qalin yog‘ibdi. Quruq tappi keltirib, o‘choqqa qaladi. O‘t yoqdi. Mollarga qarab kelguncha qumg‘ondagi suv qaynab, tappidan qo‘r tushgandi. Qo‘rni tanchaga soldi. Dasturxon yozdi. Choy damladi. Shopiyolada kampiriga iliq suv keltirdi, oldiga dastsho‘y qo‘ydi.
— O‘zim chiqardim, — dedi kampiri iymanib.
— Sog‘ayib ol, keyin chiqasan, — dedi chol kechagi achchiq gapi  uchun uzr so‘rayotganday.
Ular jimgina nonushta qila boshladi.
— Ishga bormadingiz? — kampirning mehri iyib Eshniyoz cholga savolomuz qaradi.
—    Endi bormayman.
Kampirning chehrasi ochildi.
— Yaxshi qilasiz...
Biroq oradan yarim soat o‘tar-o‘tmas Eshniyoz chol maxsisini kiya boshladi.
— Qayoqqa? — deb so‘radi kampir.
— Bir ko‘chaga chiqay-chi, — dedi chol.
U maxsi ustidan to‘zibgina qolgan kalishini ildi-da, tashqariga chiqib ketdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.