OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Mujik nimani xohlaydi? (hajviya)

Ilgari qaysidir bir darslik kitobida bir oyoqda turgan mujikning surati bo'lardi. Darslikni ochsam, u hamma vaqt bir oyoqda mug'ambirona iljayib turardi. Nega bu bechora bir oyoqda turadi, deb hayron bo'lardim. Oradan yillar o'tib buning sababini endi tushunib yetayotgandayman. Uyidagi mashmashalar joniga tegib ketgan mujik doimo ikkinchi oyog'imni qayerga qo'ysam yaxshiroq bo'lar ekan, deb o'ylar ekan.

Erkak nimani xohlaydi? Yaxshi yeb-ichishni, ichishni... va yana ichishni xohlaydi. U hayotni oshqozon bilan sevadi. Yaxshi xotin eri ishdan qanday kayfiyatda kelsa ham hech narsani so'ramaydi, oldiga eng yaxshi taomlarni qo'yadi, yeb-ichib bo'lganidan nazokat bilan arrasini olib bilintirmay arralay boshlaydi. Erkak qorni to'ygach, uncha-muncha arrani pisand qilmaydi, arraning ohangiga mahliyo bo'ladi. Yomon xotin erining kelishiga ovqatning o'rniga arrani tayyor qilib ushlab turadi, kelishi bilan arralashni boshlab yuboradi. Ana undan keyin boshlanadi janjal, qiyomat...

Erkak choyxonada oshxo'rlik qiladi, bedana urishtiradi, durrak o'ynaydi, latifa aytadi, yag'ir ko'rpachalarda yotib ozgina xurrak otib oladi. Kiyim-boshining g'ijimi chiqib yarim tunda uyiga qaytgach, uxlamay arra bilan turgan xotin diydiyosini boshlaydi.

-Qaerlarda yuribsiz? Choyxonada? U yerda yarim tungacha pishirib qo'yibdimi? Uxlab qopman? Meni aldab bo'psiz, qaysi bir o'ynashingiznikidan kelayapsiz. Keyingi paytda qadam olishingiz boshqachaligini o'zim sezib yurgan edim! Yosh umrimni xazon qildingiz! Har kun ahvol shu. O'sha o'ynashingizni tutivolsam, og'zini yirtib burniga tiqib qo'yaman!

Tabiiyki, erkakka bu gaplar yoqmaydi, keyin oxir-oqibat bir oyog'ini ko'tarib olishga majbur bo'ladi.  Erkak erda yumalab yotsa ham g'ijim bo'lmaydigan kiyim kiyishni xohlaydi, kechqurun shu kiyim, glastik bilan yotib, ertalab hech narsa bo'lmaganday turib ishga ketaveradi. Paypog'ini sinadigan bo'lguncha oyog'idan yechmaydi, singanidan keyin yangisini kiyib oladi. Erkak yaponlardan xafa -har xil zamonaviy apparatlar, qo'l telefonlari ishlab chiqargan-u, xotinning ovozini o'chirib qo'yadigan apparat ishlab chiqarishni haligacha xayollariga keltirishmayapti, bachchag'arlar! Shunaqa apparat ishlab chiqarishganida edi, uni butun dunyo erkaklari sotib olgan bo'lardi. Ishdan charchab kelgan erkak xotinining gapi qulog'iga yoqmasa, cho'ntagidagi apparat tugmachasini bitta bosib qo'ysa, xotinning og'zi qimirlayverardi-yu ovozi chiqmasdi. Qanday yaxshi! Shunda erkak asabiylashmaydi, xotin ham javrab-javrab ichini bo'shatib olardi. Kerak bo'lib qolganida yana tugmachani bosib qo'ysang, xotin gapiraverardi. Bu ish yaxshi natija bersa, erkak boshlig'iga ham bitta apparat yasattirib olardi. Bu apparat yaxshi gaplarni eshittiradi-yu, so'kish, haqoratlar o'rniga mayin xurrak ovozini eshittirardi. Hozir yapon olimlari yapon arablaridan tushgan ana shunday buyurtma ustida ish olib borishayotgan ekan.

Erkaklarning keyingi paytda asabiy bo'lib qolishining yana bir sababi nahor osh bilan bog'liq. Kallayi-saharlab oshga borgan erkak chiroyli qilib terib qo'yilgan sovplastitarning plastmassa o'rindig'iga o'tiradi-muzlab yotgan o'rindiqning sovug'i ketidan betiga o'tib ketadi. Osh yesa ham isimaydi. Bir balo qilib o'rindiqning u pallasidan bu pallasiga tashlab o'tiradi-yu, oshga duo o'g'ilganidan keyin "Oshinggayam, boshinggayam" deb so'kinib-so'kinib chiqib ketadi. "Oshga gap yo'q, dasturxon ham nichevo, shunga yarasha o'rindiqqa to'shak to'shab chiqsang o'lasanmi, nomard!" -deydi. Nahor osh ko'pligidan erkak sovuq o'rindiqqa ketini qo'yaverib, prostatit orttiradi, keyin dorixonama-dorixona izg'ib tilivizirda reklama qilinayotgan dorilarni izlaydi. Bunga kifoyalanmasdan shimining orqasiga kigiz tiktirib oladi. Nahor oshda to'shaksiz plastmassa o'rindiqlar qo'yilishini erkaklarga nisbatan qilinayotgan genotsid deb baholaydi. Mabodo nomzodi deputatlikka qo'yiladigan bo'lsa, "Nahor oshga to'shaklar bilan!" degan saylovoldi dasturi bilan chiqadi. Oshga boraverib shunday kasallikka chalinganlarning bir guruhi plastmassa o'rindiqlarning zarari bo'yicha da'vo arizasi yozib, javobgarlarni Gaagadagi Xalqaro tribunalga torttirmoqchi bo'lib yurishganmish...

To'g'ri-da, oshga borgan odam aybdormi? Bormasa, to'y egasi xafa bo'lsa. Yoki xotinining "u yo'q, bu yo'q" degan gaplarini eshitib umri o'tib ketaversinmi? Nahor oshda o'rindiqda to'shak bo'lmasa, xotin "boshqalarga o'qlog'dek, manga qolganda prosto itmi", deb orqasidan quvishni qo'ymasa, ishxonada boshliq ko'z ochirmasa, erkakda hayotga qizig'ish qoladimi? Shuning oqibatida u hurpayib bir oyog'ini ko'tarib oladi, boshqa joyga qo'yishni istamay qo'yadi. Ginalar eskirgach xotin insofga kelib "Dadasi, barak pishirib qo'ydim, keling issig'ida yevoling, buyog'i to'y qilish kerak, qudalar kelayapti" deb yalinganidan keyin noiloj oyog'ini tushiradi. Chunki u xotinini oshqozoni bilan sevadi-da! Qaynoqqina barakni yeb olgach, qudalar bilan to'yni dekabrga belgilaydi. Tashqariga joy tayyorlab, to'shaksiz o'rindiqlarni qo'yib kimnikiga nahor oshga borgan bo'lsa, ularning hammasini to'yga aytib chiqadi, bormasangiz xafa bo'laman, deb ham qo'yadi. Ana shunday qilib, ulardan boplab o'chini oladi!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.