OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Diktafon (intermediya)

Korxona boshlig‘i o‘rinbosari Yorovning xonasi. Uning oldida shu ishxona xodimi Qobilov turibdi.
Yorov: – Xo‘sh-sh. Urtoq Qobilov. Endi-i, sizni chaqirtirishdan maqsadga o‘tsak. Biz yaqinda korxonaning yillik hisobotini avval viloyatga, so‘ng undan yuqoriga topshirib kelishimiz kerak. Rosa bosh og‘riq ish-da. To‘g‘risini aytganda, bizning bu qog‘ozlarimizga uyoqdagilarning ko‘zi uchib turgani yo‘q. Lekin biz hisobot topshirishimiz shart va majburiy. Tartib shunaqa. Shunday bo‘lgach, hisobotni oluvchiga uyoq-buyoq qilib obormasak bo‘maydi. Aksincha, hisobotni olish uyoqda tursin, aqalli mana bundoq qilib qarab quymaydi ham.
Qobilov: – Uyoq-buyog‘i nima? Tushunmadim.
Yorov: – Obbo, nima bo‘lardi? Pul-da, pul. Sovg‘a-salom.
Qobilov (labini buradi): – Shu shartmikan? Qiziq gap bo‘ldi-ku. Bu o‘zi davlatning ishi bo‘lsa, hamma o‘z ishi uchun maosh olayotgan bo‘lsa, nima uyoqdagilar bizning sovg‘amizga kuni qolibdimi? Shunga zor ekanmi?
Yorov: He, zor emas. Zor emas. Tushunmagan odamning gapini qilmang, Qobilov. Yo‘li shunaqa, yo‘li. Deylik hisobotning arzimas biron xatosi chiqib qolsa-chi. Bor, to‘g‘irlab kel, deydi. Yana qaytishga to‘g‘ri keladimi? To‘g‘irlab borsang, yana bir xato chiqadi. Yana qaytasan. Yo‘l azobi – go‘r azobi. He, shundan ko‘ra birato‘la sovg‘a-salom qilib borsak, olam guliston. Xatolarni ham o‘z qo‘llari bilan to‘g‘irlab, qabul qiladi-qo‘yadi. Tushundingizmi?
Qobilov: – Bo‘pti, bo‘pti. Tushundim. Xo‘sh, meni nima qilishim kerak?
Yorov: – Ha, ana endi o‘zingizga keldingiz, Qobilov. Obbo, siz-ey. Xullas buning uchun pul kerak, pul. Biz boshliq bilan kelishdik. Barcha xodimlardan 2000 so‘mdan yig‘adigan bo‘ldik. Bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun. To‘g‘rimi? 90 foiz odam pulni berdi. Siz bilan bir-ikki kishi qolgan. Shuni bersangiz deb, chaqirtirgan edim. Ma’qulmi?
Qobilov: – Hm-m. Gaplaringizku ma’qul. Lekin... Men berolmayman-da.
Yorov: – Ye, ye. Nega? Nega berolmaysiz? Shuncha odam berganda, sizning qaeringiz kam ulardan? Unday demang. Siz mard odamsiz. Berasiz. Berasiz.
Qobilov: – Yo‘q. Berolmayman. Boshqalarni bilmadim-u, lekin menda ortiqcha pul yo‘q, aka. Bola-chaqaning og‘zidan orttirolmayotibman...
Yorov: – He-e, unaqa demang-e. Hamma ham sizday. Bola-chaqa bizda ham bor. Ko‘pdan ajralmang. Yakkamoxov bo‘lib yurmang. Bir iloj qiling. Bering. O‘zi shu pul nima degani. Ulfatlar bilan bir oshxonaga kirsangiz bundan o‘n barobari ketib qoladi. Anovi kuni boshliq bilan tushlikka chiqdik, yeganimizga qornim to‘ymadi-yu, naqd ellik ming ketib qoldi. Ana shu-da. Pulda qadr yo‘q. Keling shu arzimagan pul uchun san-manga borib o‘tirmaylik. Tashlab keting. Axir uyoqda so‘rab turibdi. Siz uchun o‘z cho‘ntagimdan to‘lay olmayman-ku.
Qobilov: – Iloji yo‘q. Berolmayman.
Yorov (achchig‘i chiqib): – Xo-o. Bermay ko‘ringchi. Yaxshi gapni tushunmayotibsiz. Davlatning ishi sizga o‘yin emas. Qani yuring boshliqning oldiga. O‘sha yerda ham aytib ko‘ring-chi. Nima derkansiz. Qani yuring, yuring.
Ular oldinma-ketin boshliq xonasiga kirib kelishadi.
Boshliq Bo‘riev nimanidir yozib o‘tiribdi. Ularga sovuq qarash qiladi. Birozdan so‘ng “uf-f” deb, ruchkasini stolga tashlab Yorovga qaraydi.
Bo‘riev: – Xo‘sh? Nima gap?
Yorov: – Manovi kishi anovi... O‘zora terim pulini bermayotibdi. Bermayman dedi.
Bo‘riev Yorovga o‘qrayib quyadi va Qobilovga qarab jilmayib, muloyimlik bilan: – Xo‘sh otajon, nima gap? Nega pulni bermadingiz?
Qobilov: – Assalomu alaykum, rais bobo. Endi uzr. Bu kishiga ahvolimni tushuntirsam, tushunmayotir. O‘zingiz bilasiz 9 ta bolam bor. Oilani bir o‘zim tebrataman. Nima qilay axir? Sizlarga bersam bola-chaqaning rizqi qiyiladi. Sizdan iltimos, ayting, shu pulni mendan olmasin. Yordam qiling. Bu kishiga bir nima deng.
Bo‘riev (bosh chayqab): – To‘g‘ri. Bilamiz. Sizga qiyin. Umuman hozir hammaga qiyin. Sizni tushunaman. Siz bizda eskidan ishlaysiz. Yaxshi xodimsiz. Vijdonlisiz, birovdan bir tiyin olmay ishlaysiz. Rahmat. Shunday bo‘lish kerak. Lekin siz ham bir o‘ylab ko‘ring. Menda nima ayb? Bundachi? He-e. Bilsangiz shu rahbarlik ham ko‘p qiyin. Lekin nachora chidaymiz. Endi bizni ham o‘ylang. Shu pulni berib keting. Biz ham qarab turmaymiz. Biron bayramda mukofot puli yozarmiz. Yordam qilamiz. Doim shunaqa bo‘maydi. Hali yaxshi kunlar keladi. Pulni berib keting. Boringlar. O‘rtoq Yorov odamlar bilan gaplashishni biling-da. Tushuntiring. Bo‘pti. Boringlar.
Yorov bilan Qobilov chiqib ketishadi.
Oradan bir necha kundan so‘ng Qobilovni boshliq chaqirgan. Avzoi buzuq.
Bo‘riev: – Xo‘sh Qobilov. Nega haligacha pulni bermadingiz?
Qobilov (Qo‘lida gazetaga o‘rog‘lik narsani stul ustiga qo‘yib, o‘tiradi): – Bermadim. Berolmadim. Hozircha kutyapman.
Bo‘riev: – Nima? Nimani kutyapsiz?
Qobilov: – Javobini.
Bo‘riev: – Qanaqa javobini? Javobingizni berib yuborishimni kutyapsizmi?
Qobilov: – Yo‘g‘-e. Boshqa javobni. Men ministrlikka xat yozganman. O‘shaning javobini kutyapman.
Bo‘riev: – Nim-ma? Qanaqa xat? Nima deb valdirayapsiz o‘zi? Tuzuk gapiring.
Qobilov: – O‘sha gap-da. Ahvolimni yozdim. Sovg‘a-salom uchun pul berolmasligimni yozdim. Qani kutaylikchi. Nima deyisharkan. Zora ular meni tushunishsa.
Bo‘riev (“Vax” deb, boshini ushlab qoladi. So‘ng Qobilovga yeb qo‘yguday bo‘lib tikiladi): – Xoy, Qobilov, bilasizmi siz kimsiz?! Siz. Siz. Siz eng past odam ekansiz. Men sizni bunchalik deb o‘ylamagan edim. Nahotki shu arzimagan pul uchun ministrni bezovta qilgan bo‘lsangiz-a. Yo tavba. Bu paskashlik-ku. Eshitgan kulmaydimi? Hozir odamlar millionni ko‘rdim demayotir-a. Esa... He, qo‘ying-e. Sadqam odam keting-e. Boring-e. Pulingiz boshingizdan qolsin. Lekin, Qobilov, aytib qo‘yay, siz bilan birga ishlab turibmiz. Ko‘ramiz hali. Korxonaning obro‘ini to‘kish qanaqa bo‘lishini men sizga ko‘rsataman. Hali pushaymon bo‘lasiz. Boring. Yo‘k. To‘xtang. Avval menga Yorovni chaqirib keling.
Birozdan so‘ng Qobilov Yorov bilan yana kirishadi.
Bo‘riev Yorovga: – Bu kishining pulini olmang. Shusiz ham hisobotni topshirib kelamiz.
Yorov: – Ye. Nega? Axir o‘zingiz bir kishi ham qolmasin degandingiz-ku?
Bo‘riev: – Yo‘q. Bu kishidan olmaysiz. Gap tamom. (Qobilovga qarab) – Bo‘pti. Siz boravering. Sizdan pul olmaydi. Chiqing, chiqing...
Qobilov stol o‘stiga quygan narsasini esdan chiqarib, chiqib ketadi.
Bo‘riev (uning izidan): – Pastkash...
Yorov: – Ha, tinchlikmi?
Bo‘riev: – He, manovi pastkashni ko‘rmaysizmi. Nomard. Nima emish. Ministirga shikoyat yozgan emish.
Yorov (ko‘zlari ola-kula bo‘lib): – Yo‘g‘-e, nahotki? O‘zi aytdimi? Voy ablah-ey. Endi nima qilamiz? Yana kamissiya kelarkanda. Uf-f. Nima qilay, pulni egalariga qaytaraymi?
Bo‘riev: – Muncha hovliqmang-e. Nima kamissiya ko‘rmaganmisiz. Hech narsa bo‘maydi. Isbot qilolmaydi. Guvohi yo‘q. Pulini olganimiz yo‘q-ku. Tuhmat deymiz. Ig‘vogar yozuvchi deymiz. To‘g‘rimi?
Yorov: – Boshqalarchi? Kelib so‘rashsa...
Bo‘riev: – Boshqalar o‘zi rozi bo‘lib berishgan. Qolaversa birma-bir so‘rab yurishiga qo‘ymaymiz-da. Ko‘rqmang. Lekin siz ham bekor o‘tirmang. Bu ablahning ishini o‘rganing. Bir ikki xayfsan yozib, ishdan haydash darajasiga oborib qo‘ying. Tushundingizmi. Keyin ko‘ramiz. O‘zi korxonada shunga o‘xshagan bir-ikkitasining tuxumini quritmasak bo‘maydiganga o‘xshaydi. Xo‘sh-sh. (Yorovga kulib qaraydi.) Buyog‘i o‘zi qancha bo‘lgan. Aytmaysiz ham. Qani chiqaringchi. Hozir yuqoriga borsam kerak bo‘lib qolishi mumkin.
Yorov yon cho‘ntagidan pul chiqarib sanaydi va boshliqqa o‘zatadi. Boshliq ham sanaydi.)
Bo‘riev: – Ha, Yorov?
Yorov: – Ha, Bo‘riev aka? Nima?
Bo‘riev: – Bu yerda kam-ku?
Yorov: – Axir o‘zingiz aytdingiz-ku?!
Bo‘riev: – Nima dedim?
Yorov: – Anovidan olma, dedingiz-ku.
Bo‘riev: – Ye, undan olmagan bo‘lsangiz, mening doliyam kam bo‘lishi kerakmi?
Yorov: – Ye, kammi? Uzr, aka. Sal adashibman (yon cho‘ntagidan yana bir bog‘lam pul chiqarib stol ustiga tashlaydi). Mana qolgani.
Bo‘riev: – Qarang-a. O‘z foydangizga yanglishibsizda. Obbo, siz-ey.
Shu payt Qobilov eshikni ochib kiradi. Yorov pullarni yashiradi.
Bo‘riev: – Ha? Nima gap? Nega beruxsat kirasan?
Qobilov: – Uzr, aka. Bir narsam qolib ketibdi. (U kelib stol chetidagi buyumini oladi.)
Bo‘riev: – Nima bu? Nega bu yerda turibdi?
Qobilov: – Bu diktafon (qog‘ozni ochib, ko‘rsatadi). Ye, ishlab turgan ekan...
Bo‘riev: – Nim-ma? Dik-dik-dik-diktafon?
Yorov: – Qani bir eshitib ko‘raylikchi?
Qobilov (kuladi): – Yo‘q. Buni endi kerakli joyda eshitib ko‘ramiz (chiqib ketadi).
Bo‘riev: – Shoshmang, shoshmang. To‘xtang. Obbo, uyimiz kuymasaydi, o‘rtoq Yorov.
Yorov: – A? Shunaqaga o‘xshab qoldi, o‘rtoq Bo‘riev.
Ikkovi bir-biriga qarab baqrayib qolishadi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.