OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin Usmon. “Bermud uchburchagi” (hajviya)

Korxonaga yangi ishga tayinlandimu, o‘zim uchun birinchi kashf qilgan narsam, boshlig‘imizning xonasini orqavarotdan «Bermud uchburchagi» deyishlarini bilib olganim bo‘ldi.
Nima uchun u yerga kemalaru samolyotlarni yutib yuboradigan joyning nomini qo‘yishganini anchagacha tushunolmay yurdim. Chet eldan, xizmat safaridan qaytgan kunim hammasi ma’lum bo‘ldi-qo‘ydi.
— Safar qalay o‘tdi? — iljayib qarshi oldi boshlig‘imiz.
— Juda yaxshi. Taassurotlar zo‘r, — javob berdim men.
— «Yurgan daryo» deganlari shu-da! Barakalla! Xo‘sh, nimalar olib keldingiz? — yana so‘radi u.
— Sizga ko‘pdan-ko‘p salomlar olib keldim...
— Uni qo‘yaturing, — so‘zimni bo‘ldi boshlig‘imiz, — yana nima?
— Yana?.. Rangli fotosuratlar... Kitoblar... — dedim hech nimaga tushunolmay.
— Yana? — qovog‘ini uyib menga sinovchan tikildi boshlig‘imiz.
— Yana... yana o‘zimga bitta charm kurtka oldim...
— Ana shulardan gapiring! — chehrasi ochildi boshlig‘imizning. — Yana nima? 
— Yana... Manavi diplomat sumkani oldim, — dedim tizzamdagi sumkani ko‘rsatib.
— Qani, qani, ko‘raylik-chi? — dedi boshlig‘imiz qo‘llarini cho‘zib va stol ustiga qo‘yib sumkani ochdi. — Voy-bo‘! Zo‘r-ku! Timsoh terisidanmi deyman? Yaxshi, yaxshi. Bu nima?
— Avtoruchka, — hayron bo‘ldim men. — Uchida kichkina chiroqchasi ham bor ekan, kechasi yozsa ham bo‘larkan...
 Boshlig‘imiz avtoruchkani “shiq” etib ochib, yozib ko‘rdi. 
— Zo‘r, zo‘r! Yaxshi yozarkan. Shunda sizning hisobotingizga imzo chekamiz-da endi. A?..
— Mayli, mayli, — dedim men hamon garang bo‘lib.
Boshlig‘imiz yana sumkani kavladi.
— Bu nima? 
— Bu... Hisoblash mashinasi. Kalkulyator. Hisoblagan raqamlaringizni aytib turarkan...
— O, dahshat-ku! — xushnud jilmaydi boshlig‘imiz. — Gugurtdekkina ekan. Yaxshi, yaxshi. Endi maoshu mukofot pullaringizni shunda hisoblaymiz-da? A, labbay?
— Mayli, mayli, Sayfi Soqievich, — dedim bo‘shashib.
— Bunisi-chi?
— Bunisi qalamtarosh ekan. Havasim kelib oldim. Juda safarbop ekan. Qaychisiyam, pichog‘iyam, tirnoq tozalaydigan egoviyam, vino po‘kagini ochadigan buramasiyam, otvyortkasiyam bor ekan...
— Ana shunaqasidan qidirib yurgandim, — dedi boshlig‘imiz qalamtaroshni tortmasiga solib. — Rahmat sizga! Bu-chi?
— Bunisi yon daftarcha ekan. Yozib bo‘lgandan keyin shundoq barmoqlaringiz bilan silasangiz, yozuvlar o‘chib ketarkan, — tushuntirdim men. 
— O, zo‘r, zo‘r! — dedi boshlig‘imiz qihillab kulib. — Chet elliklar balo-da! Qoyilman! Endi shu daftarchaga «Shularni hurmatli boshlig‘imiz Sayfi Soqievichga sovg‘a qilaman», deb yozib berasiz-da, uka! Esdalikka!
— Mayli, — dedim men hafsalam pir bo‘lib va yozib berib, uning xonasidan ship-shiydon bo‘lib chiqib ketdim... 
Yo‘lakda bir xonada o‘tiradigan hamkasbim ko‘rindi.
— Ha, qalay, yaxshi keldingizmi?
— Rahmat, — dedim xo‘rsinib.
— Qalay bo‘ldi? Nimalar olib keldingiz? — yana so‘radi u.
— Hech vaqo, — dedim qisqagina qilib.
— Ie, qaerga borgandingiz o‘zi? — ajablandi hamkasbim. 
— «Bermud uchburchagi»ga, — dedim alam bilan.
— A? — iljaydi hamkasbim va qah-qah urib kulib yubordi. — Ha-a, tushunarli, tushunarli. Men ham «Bermud uchburchagi»ga uch-to‘rt marta borib kelganman!
— Hammasini yutib yubordi, la’nati, — dedim men hasrat bilan, — diplomat sumkaniyam, avtoruchka, kalkulyator, qalamtarosh, yon daftarchayam qulog‘ini ushlab ketdi. 
— E, siz oson qutulibsiz, og‘ayni, — iljaydi hamkasbim, — men o‘tgan yili xizmat safaridan qaytganimda «Bermud uchburchagi» bitta kostyum-shim bilan videomagnitafonni yamlab yuborgan edi.
— Ana xolos! — deb yubordim men.
— Bunisi holva, — davom etdi hamkasbim, — «Bermud uchburchagi» avvalgi bosh buxgalterimizning o‘zini yutvorgan! 
— Yo‘g‘-e? — hayron bo‘ldim men. — Qanaqasiga? 
— Buxgalter boyaqish safardan sovg‘a-salomsiz kelgan ekan. 
— Nima qibdi? 
— Nima qibdimish? — kuldi hamkasbim. — Keyin ketdi. Oxir-oqibat, ariza yozib bo‘shab ketishiga to‘g‘ri keldi...

* * *

Mening ariza yozishimga hojat qolmadi. Keyingi xizmat safaridan kelganimda Sayfi Soqievichning o‘zi yo‘q edi. Aytishlaricha, «Bermud uchburchagi» bu safar uning o‘zini yutib yuborgan emish...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.