OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Tutunfurush (hajviya)

Mani bilasiz, aka, do‘ppim yerga tushib ketsa, birontasiga besh so‘m berib oldiradigan yigitlardanman. Gastrano‘m mudirining jiyani degan nomim bor. Mana, kasbi halolimni ko‘rib turibsiz – tratuvarning chetiga o‘rnashvolib, kuniga bir yashik «Rodopi» sotaman. Moliya agenti pachakilashmay tursa, kam deganda yigirma so‘m «ebketdi» qoladi. Mandan bo‘ladigan xarajat– tog‘amning ro‘zg‘origa go‘sht tashish-u, bir-ikki so‘mni uchastkavoyga qistirvorish, xolos.
Anavi pirsiyon mahallada bir studentka turadi. Nima, mani yeb qo‘yarmiding, degandek har kuni yonimdan bezrayib o‘tib ketadi deng. Tantiligimiz qo‘zib, o‘shanga ko‘nglimiz ketibdi-yu, u kaltasoch noz-firoq qilayotganmish. Mamashkamiz sovchilikka borib, suvga tushgan mushukdek mung‘ayib qaytdilar.
O‘sha kuydirgi kim bo‘p ketibdi o‘zi, dersiz. Dadasi bor-yo‘g‘i avtoparkning boshlig‘i. Ja borsa, oyiga uch yuz so‘m cho‘tal tushiradi. Undan ko‘ra, avtobus mingan yaxshi-da, xudoning bergan kuni uyga ikki cho‘ntak tanga bilan qaytasan.
Xullas, o‘sha kaltasoch bilan yigitchasiga gaplashib qo‘ygim kep qoldi. Kecha instito‘tdan qaytishini poylab, ko‘cha boshida «xax» deb turdim. Pedinstito‘tda o‘qiydi u oyimcha. Bitirsa, o‘rischadan dars berarmish. Bizdan ortiq til bilarmikin o‘zi?
Studentkaga sal kulturnoy ko‘rinish uchun bo‘yinga galstuk ilashtirib, boshga shlavpa bostirganman deng. Kutaverib, yarim pachka «Rodopi»ni bulutga a’zo qilvor-dim. Bir payt gijinglab kep qoldi-ku. Mundoq qarasam, ustida bironta importniy narsa yo‘q. To‘rtepki atlasni shunchaki tizzayoptiga tiktirib, magazinda it yemay yotgan o‘n to‘rt so‘m oltmish tiyinlik jimperdan kiyib olibdi. Oyog‘idagi chalaxiromni kamissiyonniydan olmagan bo‘lsa, bo‘lichka urib ketsin mani.
Hali san ro‘dapo manga noz qildingmi, dedim-u, yo‘liga ko‘ndalang chiqib, o‘qiyotgan pakultetiga moslab gap otdim. «Davay, kraso‘tka, paznako‘mim», dedim. Shunda u kasofati aftimga qarab turib: «Pasho‘l!» desa bo‘ladimi. Sirkam suv ko‘tarmaydi mani, nervim qo‘zib ketdi. Shaqaldiriska qilib tortvoray desam, befarosat odamlar, kelib-kelib, kuching shunga yetdimi, deyishdanam toyishmaydi. Buning ustiga, muyulishdan ko‘zi jovdiragan bir muxbir chiqib qoldi deng. Bo‘ynida apparat. Vaqtida shippak bo‘ldim.
Xullas, mandek yigitga noz qilibsan – pushaymonda o‘lib ket, deb qo‘lni siltab yuribmiz. Yana kelib yalinadi, deb o‘ylayotgan bo‘lsa, ammasini so‘rab qo‘yadi. O‘lmasak ko‘ramiz, bizdan iligi to‘qroq kimni toparkin. Ja omadi yurishsa, bironta maktabning direktoriga kelin bo‘ladi-da. Vix-xix-xi, man bu pedago‘glar zotini yaxshi bilaman. Hatto maorif mudiri sartarosh pulidan qochib, soqolini o‘zi oladi.
Uni qo‘ying-buni qo‘ying, boshimiz omon bo‘lsin, aka. Undaqangi ro‘dapolardan ko‘pini ilintiramiz hali. Ishqilib, «Rodopi»siz qolmaylik.
Labbay? Sigaretdan deysizmi? Jonim bilan. Hammaga oltmish tiyindan bo‘lsa, mana o‘zlariga ellik besh tiyinga beramiz-da. Xo‘p bo‘lmasa, akaxon. Kepturing...
He, fasoningdan o‘rgildim sani. El qatori oltmish tiyin beraversang, shalvaring shalvirab qolarmidi. Shu do‘xtir xalqi ham o‘lgudek pastkash bo‘ladi-da o‘zi.

1976 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.