OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Quvish (hajviya)

Donaxon to‘g‘ri guzar tarafga qochdi. Balki, men o‘zim uni guzarga qarab quvlagandirman. Lekin, muhimi bu emas...
U avtobus parkining qo‘shqanotli darvozasidan zo‘rg‘a sig‘ib o‘tib ketdi. Men ravotning temir ustunlari orasiga qisilib qoldim. Nahot avtobusdan kattaroq bo‘lsam, degan fikr o‘shanda kallamga kelmabdi.
Bir payt qarasam, qiz tushmagur boshqarmaning tomida turibdi. Bir qanot qoqishda men ham tomga qo‘ndim. Shunda u sakrab mo‘rining ustiga chiqdi-yu, quduqqa tashlangan paqirdek lip etip ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Ortidan mo‘riga kirdim. Pechkaning kul olinadigan pastki eshigidan chiqayotgan kezimda, nahot sichqondek mitti bo‘lsam, deb o‘ylamabman ham.
Ana mo‘‘jiza-yu, ana hangoma. Qaranki, boshqarmaning mo‘risidan kirib ajoyibxona direktorining pechkasidan chiqibman. Direktor ikki boshli ilon bilan suhbatlashib o‘tirgan ekan, meni ko‘rib muzrang bo‘pqoldi.
– Pechkadan chiqqan qiz qani? – so‘radim ulardan.
– Nimalar deb aljirayapsan? – do‘rilladi direktor.
Ilon to‘rttala ko‘zini baqraytirganicha menga yeb qo‘ygudek tikildi.
– Nusxangdan o‘rgildim seni!
– Yo‘qol bu yerdan! – birin-ketin shang‘illadi uning ikkala boshi.
Tashqariga chiqib, o‘zimni o‘lkashunoslik muzeyida ko‘rdim. Garangsib turgan chog‘imda kimdir asta hiringlagandek bo‘ldi. O‘girilib qarasam, shaddod sevgilim akvariumda suzib yuribdi.
– Endi qo‘ldan chiqarib bo‘pman! – qichqirdim sevinib va o‘zimni dadil tutib, akvariumga kalla tashladim...
Uni tutib olardim-u, radioning ovozi meni kallai saharda uyg‘otib yubordi.

1978 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.