OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Uyquda nimalar bo‘lmaydi! (hikoya)

Mushukning tushi

Yeshikni tashqaridan bir-ikki qirtillatib qo‘ygach, xonaga lapshaygan bir Sichqon kirib keldi. “Iya!” deb yubordi Mushuk.
– Oqsoqol sizmisiz? – deya chiyilladi Sichqon. – Sizga arzim bor.
– Arzing bo‘lsa, sal beriroq kelib gapirgin-da, – uni tappa bosishga shaylanib ming‘illadi Mushuk. Keyin Sichqonning: “Qo‘shnim bilan janjallashib qoluvdik”, degan so‘zini yeshitib shashtidan qaytdi.
– Nima, u seni nohaq do‘pposladimi? – yalanib so‘radi Mushuk. – Qani, o‘sha zo‘ravonni buyoqqa chaqirib kel-chi.
– Do‘pposlagani yo’g‘-u, ko‘pchilikning ichida meni bekordan bekorga haqorat qildi, – yig‘lamsirab dardini aytdi Sichqon.
– Ie, hali guvohlar ham bor degin? – sevinib ketdi Mushuk. – O‘zing bilasan, hamma ishda haqiqat bo‘lgani yaxshi. Masalani adolatli hal qilish uchun o‘sha guvohlarni ham olib kelishing kerak bo‘ladi.
Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, nodon shikoyatchi to‘rt-beshta sichqonni yergashtirganicha “oqsoqol”ning huzuriga kirib keldi. Mushuk muloyimlik bilan ularni o‘tirishga taklif qilib, asta yeshik tomonga o‘tdi. So‘ng kutilmaganda, shosha-pisha eshikka tamba urib, laqmalarni xona ichiga qamab oldi...
Agar u uyg‘onib ketmaganida, rosa-a mazza qilgan bo‘lardi-da. 

Quyonning tushi

U saroy sozandalari chalayotgan yoqimli kuyga berilib, quloqlarini shalpaytirganicha taxtda uyqusirab o‘tirar, qarshisida yosh Bo‘rilar eshilib-eshilib raqs tushishardi. Kechagina butun darani zirillatib yurgan jangari Sher endilikda uning itoatkor vaziri sifatida ikki qo‘lini ko‘ksiga bosgan kuyi muloyim jilmayib turardi. Tulki, Shoqol, Ayiq singari iprindilar jahldor hoqonning sovuq ko‘zlariga pastdan tez-tez cho‘chinqirab boqib qo‘yishar, faqat bosh jallod Yo‘lbarsgina odatdagidek tevarakka olazarak nazar tashlar, u Quyon hazrati oliylarining andak ishorasiga muntazir edi.
Bir mahal, Quyonning qarshisida bosh oshpaz Qoplon paydo bo‘ldi. Qoplon dumini shipga, tumshug‘ini yerga tekkizgudek bo‘lib ta’zim bajo keltirgach, shahanshohning tushligi uchun qizilcha qo‘shilgan karamqiyma tayyorlab qo‘yilganligini ma’lum qildi. Oshpazning so‘zini eshitib, shahanshohning birdan ishtahasi ochilib ketgan bo‘lsa-da, boshqalarga o‘zining kimligini yana bir bor eslatib qo‘yish maqsadi-da: “Men sabzi yeyman!” deya injiqlanib ayyuhannos soldi...
– Muncha chiyillaysan, bolam? – deya uyquda alahsirayotgan o‘g‘lini shoshib tinchlantira boshladi ona Quyon. – Shu topda sabzini qaerdan topaman senga? Jim bo‘l, atrofda yirtqichlar izg‘ib yurishibdi. 

Laylakning tushi

Qirq boshli ajdarhodek yoprilib kelgan qop-qora bulut bir hamla qilishdayoq quyoshni yutib yubordi. Ketma-ket chaqmoq chaqnadi. Momaqaldiroqning gumbur-gumburidan qamishlar tanasiga zirqiroq kirdi. Osmondan yomg‘ir aralash qurbaqalar yog‘a boshaladi.
Qurbaqalar tarvayganicha uchib kelib, vaqillab yerga urilar, miyasi lat yeganlari o‘sha zahotiyoq behush sulayib qolar, yumshoqroq joyga tushganlari esa oqsoqlanganicha borib, darhol ko‘lmakka sho‘ng‘ir edi. Osmondan tushayotgan qurbaqalarning ba’zilari zuvillaganicha kelib sheriklaridan biriga urilar, shunda pastdagi baqaning jahli chiqib unga ayamay tarsaki tortib qolardi. Shapaloq yeganlar ham, o‘z navbatida, hozirgina ustiga kelib urilgan baqa bilan qurillab-qurillab mushtlasha ketardi.
Vaqtincha panaga o‘tib olib, quvonchdan tinmay irg‘ishlab yurgan baxtiyor Laylaklarning qiyqirig‘i tobora kuchayib borayotgan qurilloq ovozlar to‘lqiniga ko‘milib keta boshladi...
Shovqindan uyqusi buzilgan och Laylak qanoti bilan ko‘zlarini ishqalab qo‘ydi-da, bu o‘ramda juda kam uchraydigan go‘shtdor qurbaqani tishlab olganicha yonidan gerdayib o‘tib ketayotgan qo‘shnisiga havas bilan tikilib qoldi. Haliyam jonidan umidini uzmagan sho‘rlik qurbaqa baquvvat tumshuqlar orasida zorlanib-zorlanib qurillab borayotgandi. 

Qisqichbaqaning tushi

To‘lpoq Ilonbaliqcha avvallari Qisqichbaqaxonni nuqul ermak qilib yurardi. Endi bo‘lsa, yoniga suqulib kelib: “Men bilan birga o‘ynay qol”, deb elana boshladi. Ilonbaliqcha bilan o‘ynagisi kelib turgan bo‘lsa ham: “Xo‘sh, nega endi birdan menga suykanib qolding”, deya shubhalanib so‘radi jikkak Qisqichbaqaxon. Ilonbaliqcha oldiniga biroz o‘ng‘aysizlangandek bo‘ldi, keyin duduqlanib asta gap boshladi:
– Ilgarilari seni behudadan behudaga xafa qilardim. Endi bildimki, judayam eslik qizcha ekansan. Yana... chiroylisan.
Jajji Qisqichbaqaxon ich-ichidan quvonib ketsa-da, buni Ilonbaliqchaga sezdirmaslikka harakat qildi.
– Nima, haligi o‘rtog‘ing joningga tegdimi? – so‘radi u bosiqlik bilan.
– Men endi Laqqaxon bilan sirayam birga o‘ynamayman, – birdan tumtaydi Ilonbaliqcha. – Kecha u mening chuvalchangimni o‘g‘irlab qochdi. Shu ham o‘rtoq bo‘ptimi?
Keyin u Qisqichbaqaxonning ko‘zlariga muloyim boqib, so‘radi:
– Menga o‘rtoq bo‘lasanmi?
Qisqichbaqa “Ha!” demoqchi edi, ulgurolmadi. Laqqaxon bilan quvalashib yurgan Ilonbaliqcha suvni qattiq to‘lqinlantirib o‘tdi-yu, uni uyg‘otib yubordi. 

Bo‘ribosarning tushi

Umri bino bo‘lib, Bo‘ribosar bunaqa g‘aroyib gulzorni ko‘rmagan edi. Atirgul shoxida qo‘yning pocha suyagi, sapsargul novdasida sigirning qovurg‘asi, karnaygul poyasida echkining mijigi shoda-shoda bo‘lib osilib yotar, agar itning o‘rnida bo‘lsangiz, siz ham albatta hayratdan dong qotib qolgan bo‘lardingiz.
O‘nlab ariqchalarda jildirab oqayotgan yuvindilar gulzor o‘rtasidagi ulkan hovuzga borib quyilayotgandi. Gulzordagi barcha sopol yo‘laklar ulkan ityaloqni eslatuvchi o‘sha hovuzga kelib taqalar, bu yo‘laklarning har ikki yoqasiga faqat aslzoda itlarning bo‘yniga bog‘lanadigan qimmatbaho mis zanjirlar tortib qo‘yilgan edi.
Bu yer odamlarning baqiriq-chaqiriqlari, qo‘y-sigirlarning ba’rash-mo‘vrashlari, qushlarning chug‘ur-chug‘uri va boshqa asabbuzar shovqinlardan tugalay holi bo‘lib, faqat itlarning akillashigina burchak-burchaklardan eshitilib qolardi.
U eng “serhosil” atirgulning ostiga borib, uning pastki shoxidagi top-toza pocha suyakka asta tumshuq cho‘zdi...
Shu payt, egasining “Bo‘ribosar!” degan tanish tovushini eshitib qoldi-yu, erinibgina ko‘zini ochdi. Oldiga tap etib allanarsa tushgandek bo‘ldi. It tuproqqa qorishib yotgan kir ustixonga birpas tikilib turgach, hafsalasizlik bilan yana asta ko‘zini yumdi. 

Kalamushning tushi

Katta boshliq uni o‘z huzuriga chaqirib, tergay boshladi:
– Sen direktor bo‘lgan kalish fabrikasi mendan kattaroq boshliqlarni ham tashvishga solib qo‘ydi. Birinchidan, rejalar bajarilmayapti. Ikkinchidan, G‘oz va O‘rdaklar uchun ishlab chiqarilayotgan kalishlarning yarmidan ko‘pi yaroqsiz.
– Sichqonlarni ishga olib xato qilgan ekanman, – deb o‘zini oqlashga urindi Kalamush. – Kalishlarni o‘shalar g‘ajib qo‘yayotganiga shubham yo‘q. Bugunoq ularning dumini tugaman.
– O‘tgan safar ham shunaqa degan eding, – jerkib berdi katta boshliq. – Endi bizni laqillatib bo‘psan. Xullas, o‘zingning dumingni tugamiz...
Afsuski, Kalamushni faqat tushidagina ishdan bo‘shatishdi. 

Ayiqning tushi

Tog‘da asalari fermasi tashkil etilib, unga bitta mudir kerak bo‘lib qoldi.
– Shunga ham bosh qotirib o‘tiramizmi? – deya yig‘ilganlarga murojaat qildi Tulkivoy. – Mana, Ayiqbek janoblari ko‘pdan buyon asalarichilik bilan shug‘ullanib keladilar. Bu ishni shu polvon akamizga topshirsak degan taklifim bor.
Tulkivoy qaytib joyiga o‘tirarkan, “keyin hisoblashamiz” degandek Ayiqpolvonga zimdan ko‘z tashladi. Quyon, Kiyik, Suvsar singari xashaki hayvonlar Tulkivoyning gapini ma’qullashib, “to‘g‘ri”, “gapida jon bor”, deya birin-ketin ming‘irlab qo‘yishdi.
Shunda To‘ng‘iz so‘z olib, xirilloq tovushda asta gap boshladi:
– Ferma ko‘pchilikniki. Agar polvonni mudir qiladigan bo‘lsak, burnim haqqiga qasam ichib aytamanki, bizga bir qoshiq ham asal tegmaydi.
Xashaki hayvonlar “ma’qul”, “bu gapda jon bor” deya chuvillay ketishdi.
– To‘ng‘izning fikriga qo‘shilamiz, – qo‘rsayib turib, ko‘pchilik nomidan gapirdi oqsoqol Arslon. – Xachirga xashakni, Ayiqqa asalni ishonib bo‘lmaydi.
“Ha, shunaqa”, “bunisiyam to‘g‘ri”, deya yana birin-ketin vijirlashdi xashaki hayvonlar...
Ayiq uyqudan turgach, hasadgo‘y To‘ng‘izning ta’zirini berib qo‘yish uchun to‘g‘ri chakalakka qarab yo‘l oldi. 

Chigirtkaning tushi

Kecha bir Ho‘kiz maysazorda uning inini tepalab o‘tgandi. Hozir o‘sha molfahmni qo‘qqisdan uchratib qoldi-yu, bora solib, qanshariga ayamay musht tortdi. Ho‘kiz gandiraklab ketgan bo‘lsa ham, yiqilmadi. Battar jahli chiqqan Chigirtka chaqqon sakrab, uning qoq biqiniga qaratib tepdi. Ho‘kiz bir ixrab tebrandi. Zo‘ravonlik qilishni senga ko‘rsatib qo‘yaman, deb qichqirdi alamzada Chigirtka. U Ho‘kizning ikkala shoxidan ushlab turib, shartta bir tomonga qayirgan edi, eski devordek gursillab yerga ag‘darildi. Qassobning qo‘liga tushdim deb o‘ylagan bo‘lsa kerak qo‘rqqanidan qattiq bo‘kirib yubordi...
Bo‘kiriqni eshitgan zahoti cho‘chib ko‘zini ochgan Chigirtka maysazorga yana poda kirib kelayotganini ko‘rib, o‘zini shartta panaga urdi. Sog‘-omon chetga chiqib olgach, nafasini rostlab o‘tirarkan, nozik qo‘llariga armon bilan bir qarab qo‘ydi. 

Tulkining tushi

O‘nlab katta-kichik skeletlar turli parrandalar tilida shovqin solganlaricha uni qurshab olishdi. U jon-jahdi bilan o‘zini har yonga urib ko‘rdi. Lekin, temir qoziqlardek oyoqda mustahkam turgan skeletlarning halqasini yorib o‘tolmadi.
– Qo‘lga tushding-ku, maraz! – Xo‘roz shaklidagi skelet kekkayib bir qadam oldinga chiqdi. – Bizni tanimayapsan shekilli? Biroq, biz seni esdan chiqarganimiz yo‘q.
– Meni yaqindagina yegan eding, – Kaklikka o‘xshab gapirdi mitti skelet. – Hech bo‘lmasa meni taniyotgandirsan, la’nati?
– Endi bizning galimiz keldi, – deya g‘ag‘illadi O‘rdak-skelet. – Bizni bo‘g‘izlagan paytingda qanchalar jonimiz og‘riganini senga so‘z bilan tushuntirib bo‘lmaydi. Hozir o‘sha azobni o‘zingning boshingga solamiz.
Tulki kapalagi uchganicha qichqirdi:
– Bu qanaqa gap, og‘aynilar? Tushunsalaring-chi, men yashash uchun nimanidir yeyishim kerak-ku, axir!
– Meni bo‘g‘ib o‘ldirguningga qadar yorug‘ dunyoda besh yildan ko‘proq umr kechirgandim, – g‘azabli gap qotdi Tovuq-skelet. – Ammo, men yashash uchun o‘zgalarning hayotiga qasd qilmaganman.
– To‘g‘ri, sen shunaqa yaralgansan. Men boshqalarga achinadigan bo‘lsam, unda o‘zim harom o‘laman. Nega haqiqatni tan olmayapsizlar, qadrdonlarim? – dedi Tulki o‘zini oqlash uchun.
G‘oz-skelet atrofdagilarga bir alanglab olib, gapga aralashdi:
– Demak, bitta bo‘lsa ham, u tirik yurishi kerag-u, bizdaqangilarning yuztasi qirilib ketsa mayli ekan-da? Aybimiz undan ko‘ra kichikligimiz, kuchsizligimizmi?
– Tulki bizning qonimizni ichayotgan vaqtda haqiqat-paqiqatni gapirib o‘tirmagandi, – yana ko‘krak kerdi Xo‘roz-skelet. – Nega endi biz ezmalik qilib turibmiz?
Shunday dedi-yu, boshqa skeletlarga o‘girilib, bor tovushda: “Sol marazni!” deb qichqirdi.
Turli parranda shaklidagi o‘sha katta-kichik skeletlar shovqin-suron bilan Tulkining ustiga yopirilishdi...
Dod solganicha sakrab o‘rnidan turib ketgan qonxo‘r Tulki anchagacha o‘ziga kelolmadi. O‘pkasini bosib olgach, uyasida qalashib yotgan suyaklarni bitta qo‘ymay tashqariga chiqarib tashladi.

1977 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.