OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Keksa g‘ijjakchi (hikoya)

G’ani aka ishshayib, g‘ijjakka tikildi. Kamonni oldi-da, g‘iyqillatib chala ketdi. Bu — eski kuy edi. Mashshoq va xonandalar bu kuyga allaqachon tahrir kiritgan, lekin G’ani aka undan voz kechmas, chalar, bu esa eshituvchilarga yoqmas edi. Shuning uchun G’ani aka goho xafa ham bo‘lar, o‘kinar, lekin yana... o‘z bilganidan qolmasdi... U g‘iyqillatib chala boshladi. Uning ro‘parasida turgan mehmon yigitlar soy tarafga ketishdi; oppoq toshloqdan o‘tib, ko‘pirib oqayotgan suvga yetishdi. Yechinib, suvga tushishdi va bir-birlariga suv sachratib, cho‘mila boshlashdi.
G’ani aka chalar edi. Labida o‘sha yumshoq xokisor va allanechuk o‘jar tabassum. Silliq sochlari manglayiga tushgan. Xrom etikli oyoqlarini uzatib yuborgan. Uning yonida tiniq buloq, undan narida ajriqzor, yulg‘unzor... Bu yigitlar shahardan sovxoz direktorining uyiga mehmon bo‘lib kelishgan, endi dam olgani chiqib, novvoyxonani ham ko‘rishgan va G’ani aka g‘ijjakni ko‘tarib, ularga ergashib chiqqan edi... G’ani aka bir zamonlar teatrda ishlagan, so‘ng shahar havaskorlariga boshliq bo‘lgan. Nihoyat, aylanib-aylanib, shu sovxozdan qo‘nim topgan; uning ota-bobosi novvoy o‘tgani uchun o‘zi non yopishga chapdast edi — sovxoz direktori bir gal uning nonidan tatib, o‘zining novvoyxonasiga olib kelgandi.
G’ani aka, nihoyat, xo‘rsinib, g‘ijjakni yotqizib qo‘ydi. Xomush bo‘lib, mehmonlarga tikildi: yaxshi zamonlar o‘tib ketdi! U tushgan davra gullar edi! Ustma-ust kuy chalish, ashula aytishini so‘rar edi mehmonlar. Buyam kam: aylangani chiqishganda ham uni bir qadam o‘zlaridan ajratmas, mana shunday vaqtlarda mehmonlar cho‘zilishib, u kishini xizmatga qo‘yishardi: o, u chalish, ashula aytishlar xizmatmidi?
G’ani aka o‘rnidan irg‘ib turdi-da, ajriqzor yoqasida yotgan korzina boshiga bordi. Ochdi, ichidan araq bilan qovurdoq oldi. Araqdan yarim piyolani quyib, otib oldi-da, yana korzinaga joylab qo‘ydi... G’ijjagini ko‘tarib, novvoyxonaga qaytdi.
Novvoyxona. Shiftlarini is bosgan, odam bo‘yi balandda tandir. Uning pastida uzun peshtaxta. Orqada qop-qop un, chetda yog‘och karavot. Unga sholcha va ko‘rpacha to‘shab qo‘yilgan. Lekin yer toza qilib supurilgan. Shipdagi is, un, ko‘mir hidiga qaramay, novvoyxona ozoda edi.
G’ani aka g‘ijjakni mixga ilib qo‘yib, karavotga o‘tirdi. Engashib, sochlarini taradi. Chuqur xo‘rsinib, yana g‘ijjakni oldi-da, tag‘in shaxd bilan chala boshladi... G’ani akaning uchta bolasi, xotini bor, ular shaharda. Novvoy har bozor kuni ulardan xabar oladi. Agar ishi rivoj topib, direktor uy bersa, ko‘chirtirib kelmoqchi.
— Salom berdik!
G’ani aka eshikda tik bo‘lgan novcha, galife shim-kitel kiygan, o‘ttiz besh yoshlardagi sovxoz direkto-rini ko‘rdi.
— Vaaleykum assalom, direktor bobo! — deya karavotdan irg‘ib tushdi. G’ijjakni yotqizib qo‘l qovushtirdi.
Direktor ichkariga kirib, uyoq-buyoqqa qaradi:
— Qani, zerikmay yotibsizmi?
— E, zerikish qayda, og‘ajon!
— Bo‘lmasam gap munday! Shu haftaning oxirida to‘ychig‘imiz bor...
— E-e, qulluq bo‘lsin!
— Yoz ham o‘tib ketyapti. To‘yni qilib olmasak bo‘lmaydi.
— Umrlari uzun bo‘lsin!
— Endi bir g‘ayrat qilasiz-da, G’ani aka. Bir-ikki yuzta non yopib berasiz!
— Xo‘p bo‘ladi, jonim bilan! Andak... siyodona kerak bo‘ladi. Biron kilo kunjut bo‘lsayam zarar qilmasdi. Agar, qizdirilgan yog‘dan ham bo‘lsa, nonni ko‘p chiroyli qiladi, og‘ajon!
— Hammasini topib beramiz. Lekin siyodonani... o‘zingiz toping. Men pulini beraman.
— Xo‘p bo‘ladi, xo‘p! Qo‘shni sovxozga borib kelishga to‘g‘ri keladi-da. Agar bir ulov bo‘lsamidi...
— Kechga tomon mehmonlar ketishadi. Keyin mashinalar bo‘shaydi. Ular soydami?
— Soyda...
— Xo‘sh... xo‘p. Boshqasi haqida keyin gaplashamiz. Direktor chiqib ketdi. G’ani aka karavotga o‘tirdi yana. G’ijjakka mung‘ayib qaradi va: «Artist ham kerak, — deb o‘yladi. — Kimlarni chaqirtirar ekan... E, zamon o‘tdi, G’anijon!»
Maslahat oqshomi G’ani aka ayvonda shofyorlar va bo‘lim xizmatchilari bilan o‘tirar, ichkarida qo‘shni sovxoz direktorlari, rayon xodimlari ham bor, ular bemalol kulishib gaplashar, bular esa, bir qadar past ovozda, imkoni boricha ularga xalaqit bermaslikka tirishar edi.
— Xo‘sh, bizdan maslahat so‘rasangiz, maslahat shu! — dedi bir mahal ichkaridagi mehmonlardan biri. Hamma jimidi. Tashqarida o‘tirganlar ham jimidi: — To‘yni katta qilmaysiz, o‘rtoq direktor! Bilaman, bir marta ham uyingizga mehmon chaqirmagansiz. Hammasining hissasini biryo‘la chiqarmoqchimisiz... Lekin bu har xil gapga sabab bo‘ladi, do‘stim! Tushunyapsizmi? Direktor sovxozni yeb ketdi, shunday to‘y qilyapti, degan gaplar ham chiqadi. Ha-ha! Shofyor dang‘illama to‘y qilsa, uning gapi oz bo‘ladi. Sizniki ko‘p bo‘ladi, do‘stim!.. Bu yog‘ini hisobga olish kerak! So‘ngra, bir iltimos sizdan, artist chaqirmaysiz! Zinhor yodingizda bo‘lsin shu! Pul qistirish, artistga haq to‘lash — bu masalalar ko‘p nozik, do‘stim! Bizgayam gap tegadi... Odamlarni tiyib bo‘ladimi?! Biri bir so‘m qistirsa bo‘ldi, kim osharga aylanib ketishiyam hech gapmas! Xo‘p... agar, juda istasangiz, rayondan havaskorlarni chaqiring! Ular kelib gullatib ketishadi. Domkulturada bor-ku, besh-o‘nta havaskor! Shundan foydalanish kerak... Qarshilik yo‘qmi?
Hech kim qarshilik bildirmadi. Biroq ko‘plar, ayniqsa, tashqaridagilar xomush tortdi. G’ani aka ham o‘ylanib, bosh chayqab o‘tirdi.
To‘y kechasi G’ani aka novvoyxonada edi. Peshma-pesh yopilgan nonlar yetmas, dastyor bola non tashib ulgurmasdi... Soat o‘n ikkidan keyin to‘yxona tinchiy boshladi. G’ani aka dam olgani o‘tirdi va dastyordan so‘radi:
— Bizni unutishmadimi? Biron narsa opkeling, ukam!
— Allaqachon opkelib qo‘yishgan! — dedi dastyor.
Yarim soat ichida novvoyxona to‘yxonaga aylandi.
G’ani aka shirakayf ko‘zlarini suzib, g‘ijjak torini tortar, xirillab ashula aytar, dastyor bola chirpirak bo‘lib o‘yin tushar, har ikkalasi ham «dod», deb qo‘yishar edi. Bir mahal tashqarida tapir-tupur bo‘ldi va:
— G’ani aka! — dedi kimdir.
Bo‘lim boshlig‘i ekan:
— Yuring-e! — dedi u. — To‘y emas, bir g‘alati ish bo‘ldi, aka! Havaskorlar gastrolga ketgan ekan. Kelishmadi. Hamma xomush bo‘lib o‘tiribdi. Ashula, o‘yin bo‘lmasa bo‘ladimi! Yuring! Oling!...
G’ani aka tomog‘ini qirib qo‘zg‘aldi va yana o‘tirdi:
— Ukam, biz eski, asbob ham eski, ashula ham... Qandoq bo‘larkin?
— E, hozir shunisigayam zormiz! Direktor yubordilar meni! Bo‘ling!
G’ani aka allanechuk qaltirab, qo‘zg‘aldi.
— Sabr, qilasiz endi! — deya, kostyumini yechib tashlab, dastyoriga buyurdi: — Suv quy, uka. Yuvinay.
Yuvinib, artindi. Karavot tagidan eski chamadon chiqarib, yangi oq ko‘ylak olib kiydi, qora galstuk taqdi. Yangi kostyum kiydi va etigini artib, g‘ijjakni qo‘liga oldi.
To‘ng‘illab, diqqati oshib o‘tirgan bo‘lim boshlig‘i yo‘l tortdi.

* * *

G’ani aka to‘yxonadan soat uchlarda qaytdi. U kayf qilgan, lekin tetik, og‘zi qulog‘ida edi. «E!» deb novvoyxona o‘rtasida to‘xtadi. Asbobni joyiga ilib, karavotga o‘tirdi va boshini quyi solib, nimalar bo‘lganini esladi:
G’ala-g‘ovur, shovqin-suron. Odamlar turib ketishgan. Supa pastida qur tutib olishgan. O’ynamagan odam qolmadi. Har maqomda o‘ynashyapti. Ayniqsa, o‘yin bilmaydiganlar ko‘p. G’ani aka g‘ijjakni qorni ustida tutib olib, muqom bilan chalyapti. To‘xtamaydi: kuylar bir-biriga ulanadi. Odamlar qiyqiradi, rahmat aytadi... Usha eski, eshitishni istamagan kuylarini ham jon deb eshitishgan, o‘sha eski, xonandayu mashshoqlar qaramay qo‘ygan ashulalarga ham jo‘r bo‘lishgan... Direktor qizishib, G’ani akani o‘padi, bitta katta serkani yetaklab kelib, chilviridan tutqazadi. G’ani aka uyaladi, qizaradi.
Tong otdi. G’ani aka boshi og‘rib uyg‘ondi. Kiyim-boshini almashtirib soyga o‘tdi. Suvga tushdi. Qaytdi. Buloq boshida to‘xtadi. Yaqindagi dard-alamlarini esladi. Xomushlandi. Nihoyat... o‘zini baxtiyor sezib, balki umrida birinchi marta to‘la baxtiyor sezib, novvoyxonaga qaytdi. Ehtimol bundan keyin u hech mahal bunchalik baxtli bo‘lolmas — biroq u bu hakda o‘ylamas, kimlardandir o‘ch olganday, kimlargadir o‘zini tanitganday sezar va endi hamma narsaga — har qanday g‘am-hasratga ham rozidek, mamnun ko‘rinardi... G’ani aka g‘ijjakni joyiga ilib qo‘yib, yenglarini shimardi. Ishga tushdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.