OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Uchinchi hamroh (hikoya)

Ziyorat bilan Tesha ovga chiqqanlarida saflariga yana bir hamroh qo‘shilardi. Bu — Olapar degan it edi. Ziyoratlarning iti. Ko‘p yuvosh, odamga tez elikuvchi, kelgan mehmonga bir irillab, keyin uni ko‘chagacha kuzatib qo‘yguvchi edi. Uni hamma tanish-bilishlar maqtar, o‘zlarining ham shunday itlari bo‘lishini orzu qilishar edi.
Itning bunday bo‘lib o‘sishiga, albatta, umri bino bo‘lib zanjir ko‘rmagani sabab edi. Ziyorat uni erkalatib o‘stirgan, ko‘chalarda ham goho ergashtirib yurardi... Shu asnoda uni ovga ham o‘rgatdi. To‘g‘ri, birinchi gal Olapar ovga chiqqanda o‘q tegib yiqilgan quyonning chirillashidan qo‘rqqan, behudaga bir tulkini quvib, jarga uchib ketishiga oz qolgan edi.
Keyinchalik u ovda ovoz chiqarmay yurishni odat qildi. Shu bilan birga Ziyoratga ham juda qattiq o‘rgandi: uni bir kun ko‘rmasa yoki Ziyorat uni erkalatmasa, ariqcha ustidan o‘tgan ko‘prik tagiga kirib, oldingi oyoqlariga boshini qo‘ygancha yotib olardi.
Yillar o‘tdi, Olapar qaridi, qish mahallari qo‘shni itlar bilan bo‘lgan janglarda tishlarini boy berdi.
Lekin undagi odatlar saqlanib qoldi: ovni sevadi hamon, egasiga erkalanadi, ba’zan arazlab, xafa bo‘lib ham turadi.
Kuz kuni edi, Ziyorat bilan Tesha eshaklarini minib, Sanjar toqqa ovga jo‘nadi. Olapar ham ularga ergashdi. Yo‘l uzoq edi. Shuning uchun qarigan itni Ziyorat qoldirmoqchi bo‘lib ko‘p urindi, ammo Olapar uni izma-iz ta’qib etib bordi, hadeb oldidan chiqaverdi. So‘ngra Ziyorat itni xafa qilib qo‘yishi mumkinligini o‘ylab, uni chaqirdi, dag‘al bo‘yin junlarini siladi. It uzun dumini likillatib, uning qo‘llarini yalamoqchi bo‘ldi. Jo‘nadilar.
Sahar edi, qishlokda xo‘rozlar qichqirar, hovlilardan erkak ovozlari eshitilardi. Qishloq orqada qoldi. Yo‘lovchilar qishloq chetidagi korezni chetlab, yon bag‘riga tushdilar, izg‘irinda eshaklarni g‘izillatib keta boshladilar. Endi tog‘ qushlari, jonzotlari ham uyg‘ongan edi; chuldirab mullato‘rg‘ay uchadi, havoda qanot qoqib, keskin pasayadi; narida qattiq ovoz chiqarib jir-jir qushi uchadi. It beparvo, eshaklarga yondash ketyapti, goho uchgan qushlar ovoziga diqqat qilib, shalpang quloqlarini dikkaytiradi, hamrohlariga ma’nodor qaraydi, so‘ng yana lo‘killab yo‘lida davom etadi.
Yo‘lovchilar daraga kirishdi, atrof g‘ira-shira yorug‘ bo‘lib, daraning metin qoyalari xayoliy soya tashlab turardi, qoq toshga tushgan eshak tuyokdari sasi jaranglab ketadi. Yo‘lovchilarning «ix-ix» deganlari ham odatdagidan baland eshitiladi.
Daradan chiqib, to‘lqin adirlarga o‘rlashadi; so‘qmoq yo‘l chuqur bo‘lib ketgan, tuyoqlar tagidan chang ko‘tariladi, shamol qayoqqa essa, o‘sha yoqqa buriladi va har tarafda sochilib o‘sgan ayiqtovonning sariq taxir hidli gullariga qo‘nadi. Unda-bunda archalar uchray boshladi, ularning yon-beri kemtik, yo‘lovchilar duch kelgan shoxlarini sindirib ketishgan. G’adir-budir tog‘ yo‘li boshlandi. Endi so‘qmoq archalar orasidan o‘tadi, eshaklar ustidagi xurjun shoxlarga tegib silkitadi, archaning rohatbaxsh bo‘yi anqib ketadi, Goho yo‘lovchilarning biri archaning butog‘ini sindirmoqchi bo‘ladi, biroq chayir daraxt tob bermaydi, yo‘lovchining qo‘lida bir hovuch nina barglari qoladi, yo‘lovchi shu barglar bilan ham qanoat topadi, ularni hidlab ketaveradi, so‘ng tashlab yuboradi, ammo kaftdagi hid qoladi. Yo‘lni kesib, archa tomirlari o‘tgan, turli shaklda, eshaklar ularga to‘qnashmaslik uchun oyoqlarini ko‘tarib-ko‘tarib bosadi.
Olapar oldinda, endi u juda sergak. Ovchilar ham xurjunlarda buklog‘liq turgan miltiqlarini chiqarib, o‘qlab olishgan, tizzalariga o‘nglab qo‘yib, sergaklik bilan ketishyapti.
Bu yokda quyosh ko‘tirilgan. Quyosh osmonni aylanib, ufqqa bosh qo‘ya boshlaganda yo‘lovchilar Sanjar tog‘ining ortidagi Oqzov ostida eshaklardan tushishar edi. Chunki oldinda buloq bor, bu bulokdan bo‘lak suv maskani tevarak-atrofda yo‘q hisobi. Shuning uchun jami qush, jondorlar shu yerdan suv ichishga majbur. Demak, hozir ham u yerda biron o‘lja bo‘lsa ajabmas...
Ikkita kaklik suv ichib og‘irlashganidanmi, sekin-sekin yurib, yon bag‘riga o‘rlayotgan ekan. Ular ovchilarni ko‘rmay, adirga chiqqan yerda yumshoq tuprokda to‘xtashdi va tuproqqa yotib olib uni changita boshlashdi. Shunda qoya ortidan ularni kuzatayotgan yigitlarning biri — Tesha o‘q uzdi, birdan tuproq changib, ikkala kaklik ham tipirchilab qoldi. Chopa borib, ularni bosib olishdi, so‘yib, bellaridagi tasmaga osishdi. So‘ng yana «pistirma qoya» ortiga kelib, kuzata boshlashdi.
Quyosh botguncha ular ko‘p hammas, oz hammas — o‘n bitta kaklikni o‘lja olishdi, shundan to‘rttasini o‘zlari ushlashdi. Qolganiga Olapar yordam berdi — ular yengil yaralanganlaridan sapchib qochaverishdi, it quvlab yetib, oyoqlari bilan bosib to‘xtatdi, egalari kelguncha kutdi. Olaparning odatini yaxshi bilgan Ziyorat har gal uning manglayini silar, rag‘batlantirardi.
Nihoyat, g‘ira-shirada Oqzov ostidagi kamarda ularning gulxani lovilladi, uchqunlari osmonga sapchiy boshladi. Yigitlar chordana qurgan. Olapar hov narida sergak, cho‘nqayib o‘tiribdi. Nihoyat, ovchilar kakliklardan ikkisini tozalashdi va bodomcha sixiga o‘tkazib, cho‘qqa qo‘yishdi. Ustiga maydalab tuz sepdilar. Keyin xurjundagi arokdan ichib olgach, ov tafsilotlari haqida so‘zlab, go‘shtni yeya boshladilar.
Olapar narida sergak, cho‘nqayib o‘tirar, endi hamrohlariga qiya qarar va tilini chiqarib, tumshuqlarini yalar edi. Hamisha ovga kelganlarida, ov baror olib, mana shunday gulxan yoqilganidan keyin ovchilar tamaddi qilishga o‘tirar ekan, Olapar ham qornini to‘yg‘azib olar edi.
Hozir bo‘lsa, ovchilar ov juda baror olganidanmi shod, aroq kayfi ta’siridan sergap bo‘lib ketgan, itni tamom unutib, suhbat va ovqatga zo‘r berishardi.
Olapar asta-asta g‘ingshiy boshladi. Undan atigi besh-o‘n qadam beridagina kaklikning ichak-chavoqlari yotar, it ularni bemalol olib yeyishi mumkin edi. Lekin Olapar iznsiz biror narsaga og‘iz urib o‘rganmagan edi. Balki uning shu fazilati uchun ham uy egalari xush ko‘rar va unga ishonar, qozon-o‘choq boshidagi kosalar yuviqsiz, ustiga karson to‘nkarilmagan go‘sht ochiq qolgan chog‘dayam ko‘ngillari to‘q edi.
Yigitlar yana bitta quyib ichib olgach, suhbat tag‘in qizib ketdi.
Olapar endi tumshayib, uzun dumini yerga tekkizib, ularga tikilib turar, pasaygan gulxan yorug‘ida uning ko‘zlarida alam, o‘kinch ko‘rinar edi. Bir mahal u o‘rnidan turdi, turdiyu, xuddi olis bir narsani qo‘msagandek, g‘amginlik bilan cho‘zib uvladi. So‘ng birdan ortiga burilib, sekin-sekin qadam tashlab, shitob bilan keta boshladi.
Ana shunda ovchilar itni birdan eslab qolishdi, unga ovqat bermaganlari, uning xafa bo‘lganini sezishdi. Ziyorat irg‘ib turib, uni chaqira boshladi.
— Olapar! Olapar! Bax-bax... Ma, go‘sht, ma, non!
Olapar gangib to‘xtadi, orqasiga bir qaradi, tag‘in burilib, lo‘killab keta boshladi. Ovchilarning ta’bi xira bo‘lib ketdi. Shosha-pisha uning izidan chopdilar. Yana «Olapar!» deb chaqira boshladilar. It tag‘in bir to‘xtadi, ammo endi burildi-da, qattiqroq lo‘killab ketdi va tun qo‘yniga kirib g‘oyib bo‘ldi. Uning izidan borgan hamrohlar ham to‘xtadi, tag‘in har ehtimolga qarshi deb uni chaqirishdi, keyin qo‘noqqa qaytishdi.
— Och, o‘zi qarigan, yetib borolmaydi! Ablahlik! — deb xitob qildi Ziyorat.
— Sen-da, — dedi Tesha.
Ular bir-birini ayblab qolaverdilar.
Olapar lo‘killab ketib borardi. U kelgan yo‘llaridan yurib, tog‘ boshiga yetdi. Hansirab, pastdagi chiroqlarga qaradi. Bir nafas cho‘nqayib o‘tirdi, tag‘in olis bir qadrdon narsasini qo‘msagandek uvladi va so‘qmoq bilan chopa ketdi. Yo‘l nishab edi, yurish o‘ng‘ay. Archazorga yetganda bir gala to‘ng‘izlarga duch keldi, ularga chap berib o‘tdi, ammo bundan u yog‘iga sekin-sekin keta boshladi: u holdan toygan edi. Tanish daraga yetgach, u yo‘l o‘rtasida o‘tirib oldi-da, anchagacha jilmay qoldi. So‘ng sudralib pastga tushdi. Soydagi suvdan shaloplatib yaladi, u yerda ham bir oz cho‘nqayib o‘tirdi. U tag‘in ortiga qaradi, olis o‘rmonga, qoyalarga qarab uvladi.
Qishloqqa tushganida, unga itlar yopishdi, talashdi, Olapar zo‘rg‘a ulardan qutuldi, yiqila-yiqila, nihoyat, uyga yetib keldi-da, sudralib ko‘prikka yetdi, uning ostiga kirib, boshini oldingi oyoqlari ustiga qo‘yib yotdi...
Ertalab Ziyoratning otasi sovxozga, onasi dalaga ketdi, ular itning kelganini sezishmadi. Kechqurun ovchilar ham qaytib kelishdi. Ziyorat hovliga kirishi hamono:
— Olapar! — deb baqira boshladi, eshakni qo‘yvorib, chorboqqa oraladi va birdan ko‘prikni eslab, chopa ketdi. Engashib qarab, Olaparni ko‘rdi. — Olapar! Olapar! — deb cho‘nqayganicha uni erkalagan tovush bilan chaqirdi.
It javob bermadi, unga qaramadi ham.
— Olapar, Olapar! — yana chaqirdi Ziyorat endi vahima bilan.
Itdan tag‘in sado chiqmadi. Ziyorat ariq labidan kesak ushatib, unga otdi, kesak itning bo‘yniga tegdi. Lekin it yana qaramadi.
— Olapar! — deb baqirib yubordi Ziyorat va ariqqa tushib, uning bo‘ynidan ushlab tortdi. Itning boshi ko‘tarilmadi, u qotib qolgan edi.

1971

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.