OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Jo‘raboshi (hikoya)

Ukam Xayrullaga


— Habilla aka, armiyaga ketasizmi? — deb so‘radi kir-chir panjalarini tuproqqa tirab o‘tirgan kichkina In’om.
Soyaboni uzun shapkasini orqaga surib, ustarada qirilgan boshini kafti bilan silab o‘tirgan Habibulla yer ostidan unga qarab:
— Burningni art, loy bo‘lib ketibdi, — dedi.
Habibulla jilmaydi. Unga qo‘shilib atrofini o‘rab, cho‘nqayib o‘tirgan «shaykasi» a’zolari xaxolab kulib yuborishdi.
Habibulla davradan chetda, olcha to‘nkasi yonida cho‘nqayib o‘tirib, baroq dumi bilan yerni siypalayotgan itiga o‘qrayib:
— Ko‘ktoy! K-o‘o‘k! Bu yoqqa kel! Idi! — deb tizzasining ko‘ziga shapatiladi.
Ko‘ktoy o‘rnidan turdi, bo‘ynini cho‘zib, dumaloq tumshug‘ini pasaytirdi, dumini lapanglatdi, ammo kelishga jur’at etolmadi.
— Yo‘l beringlar unga, Nurka! — deb qo‘llarini cho‘ntagiga tiqib, bir yalang oyog‘i bilan ikkinchi oyog‘i to‘pig‘ini qashib turgan qoracha bolaga baqirdi. — Yo‘l bo‘shat unga, Nurka!
Nurka laqabli qassobning o‘g‘li Nurali tislanib, itga:
— O’t, oshna! O’t! — dedi, it yana qiypanglagach, chopib borib, uni bo‘ynidan quchoqlab tortdi. — Ke, ke deyapman! Ataman bilan xayrlash!
— Qo‘yaver, o‘zi keladi, — dedi salmoq bilan Habibulla va o‘rnidan irg‘ib turib, bir oyog‘ini oldinga cho‘zib, tizzasini bukdi-da, soniga «tap» etkazib urdi.
Nurali qo‘yvorgan Ko‘ktoy belini u yon-bu yonga qilpanglatib, egasi yoniga keldi. Habibulla tizzasiga yana bir urgan edi, it orqa oyoqlarida tik turib, oldingi changli oyoqlarini Habibullaning tizzasiga qo‘ymoqchi bo‘ldi. Habibulla uning uzatgan oyoqlarini ushlab, oldiga tortdi, Quymuchiga itning o‘mrovini tirab, baroq, oq junlarini siladi, egilib qoramtir tumshug‘idan o‘pib oldi.
— Qo‘zi, — deya bolalarning eng durkuniga murojaat qildi. — Sen qarab turgin bunga. Qarib qolgan, itlar bilan urishmasin, ovqatga unchalik ishtahasi yo‘q, unga go‘sht-po‘sht berib tur.
Uzun, semiz qo‘llarini orqasiga qilib, to‘ladan kelgan gavdasini egib turgan Qo‘zi uyquli ko‘zlarini ochib yumdi.
— Menga ishonavering, — dedi. — Mana, Nurka kushxonadan kunora ichak-chovoq olib kelib turadi, a, Nurka?
— Bo‘pti, men har kuni desangiz, har kuni opkelaman! — deb bidirladi Nurali va yana topshiriq bormi, deganday Habibullaga qaradi.
Habibulla itni qo‘yib yubordi.
— Da, — dedi va pochasi keng qilib tikilgan qalami baxmal shimining orqa kissasidan «Stolichniy» pachkasini oldi. Bitta sigaretani olib, yupqa lablariga qistirgan edi, jingalak sochli, tumshug‘i oldinga turtib chiqqan Ashim:
— Hoy, — dedi, ko‘zi bilan pachkaga ishora qilib, mengayam ber deganday bo‘ldi.
Habibulla pachkaga qarab o‘yga toldi, so‘ng saxiylik bilan uch-to‘rtta sigaretaning yarmigacha chiqarib, unga uzatdi.
Ashim bitta sigareta sug‘urib olib, shartta labiga qistirdi. Nurali chizgan gugurt cho‘pida yondirdi.
— Bo‘lmasa uy-uylaringga boringlar endi, — dedi Habibulla. — Kechqurun men hushtak chalaman.
Bolalar asta-sekin tarqala boshlashdi. Habib ko‘chalari tomon jildi. Ko‘ktoy gungursday gavdasini qilpillatib unga ergashdi: egasining oyog‘iga o‘ralishar, boldirini tishlaydiganday tumshug‘ini surkardi.
Ular orqasidan sigaretasi cho‘g‘iga tuf-tuf deb kelayotgan Ashim qo‘ng‘iroq sochli boshini orqaga tashlab:
— Hoy, Habib! Otangga Ashim tovuqlarga don berib turadi deb aytdingmi? — dedi ildam qadam tashlab.
Habibulla otasi uyda ekanligini eslab, qayrildi, sigaretasini uch-to‘rt marta so‘rib-so‘rib tortdi-da, u ham uchiga tufladi, so‘ng qutini olib, ichiga ehtiyotkorlik bilan solib qo‘ydi.
— Yur, ko‘ramiz dakangni, — dedi.
Ashim ham sigaretasi qoldig‘ini paxsa devor kovagiga tikdi-da, yo‘talib unga ergashdi.
Ular lang ochiq darvozadan kirib, suvi kamayib, rangi aynib ketgan hovuz bo‘yiga kelishdi. Habibulla shaxdam yurib, bir vaqtlar akasining uyi bo‘lib, u ko‘chib ketganidan keyin esa tashlandiq holga kelgan va ayvoni bosib qolgandan so‘ng o‘zi kaptarxonaga aylantirgan uy tomon burilar ekan, achinib hovuzga qaradi.
— Ota! — deb baqirdi hovuzning narigi tomonidagi shosupada cho‘t urib o‘tirgan Eshqul akaga tumshug‘ini cho‘zib. — U qistaloqlar nega suv bermadi-ya, hovuzga qarang!
Ota unga ko‘zlarini pirpiratib qarab:
— Ha, o‘g‘lim, suv serob bo‘lganda, o‘zim hovuzni to‘ldirib olaman-da, — dedi-da, yana ishga mashg‘ul bo‘ldi. Biroq Habibulla bilan Ashim uy biqiniga taqab, to‘r simdan yasalgan katak oldiga yetmay, ota so‘radi:
— Hoy, Habib, ko‘chaga chiqmaysanmi? — gapiga o‘zi javob qildi: — Hech qayoqqa chiqma, o‘g‘lim. Ertaga ketasan, bugun ko‘chaga chiqmasang, hech narsa bo‘lmaydi.
— Xo‘p, — deb to‘ng‘illab qo‘ydi Habibulla va katak oldiga borib, ichkarida don terib yeb, aylanib yurgan oq tovuqlarga, katak shiftidagi yog‘ochda turgan qizil xo‘rozga qaradi. — Besh, olti, yetti, — dedi o‘ziga-o‘zi. — Ikkitasini kecha so‘ydik... Ashim, Sharif akam kelsa, har kuni bittadan so‘yib yeydi. Habib so‘ymasinlar, deb menga tayinlab ketdi, de, xo‘pmi, ko‘nmasa otamga ayt. Otam bunga yo‘l qo‘ymaydi, men unga tayinladim. Dondan qarashib turasan-da. Eshaklaring bor, bolalarni olib, bir dalaga chiqsang, lyuboy xirmondan bir qop chor opkelasan, xo‘pmi?
— Xo‘p. Men onda-sonda bitta-yarimtasini olsam, maylimi? Anavi makyonni uyga oborib tuxum bostiraman, jo‘jalari katta bo‘lgandan keyin, keltirib qafasga solib qo‘yaman, xo‘pmi?
— Malades!
— Sen kelguncha ko‘payib qoladi. Ikki yil o‘tadi-ketadi.
Habibulla bir muddat o‘ylanib turdi, so‘ng o‘t-o‘lan bosib ketgan eski gulzorni oralab qafasning narigi tomoniga o‘tdi. Bu tomonda ham kichkina qafas bo‘lib, unda patlari to‘kilib kettan, bo‘yni sariq yirik dakangxo‘roz yolg‘iz turar edi. Habib kissasini kavlab novvot ushog‘i topdi, kaftiga qo‘yib, unga tutdi:
— Ma, ol! Ol, dakang!
Xo‘roz «chug‘-chug‘» deya ikkilanib yaqinlashdi va chiroyli boshini g‘oz tutib, turib qoldi. Habibulla kaftini silkitib, novvot uvoqlarini katakka sochib yubordi. Dakang xursand bo‘lib, chug‘illab yubordi va «churq-churq»lab, ushoq tushgan yerda aylana boshladi. Narigi qafasdagi tovukdar bezovta bo‘lib to‘r devor yaqiniga keldi. Shunda o‘sha qafasning tepasida turgan yosh qizil xo‘roz «parr» etib yerga tushdi va tovuqlar galasiga o‘zini urdi. Ular qaqalashib to‘zib ketdi. Yolg‘iz qolgan dakangga qarab, chug‘illaganicha nari-beri borib kelaverdi.
Habibulla bilan Ashim miyiqlarida jilmayib, bu holni kuzatib turishardi.
— Bechora, ol o‘zing. Ol! — dedi Habibulla dakangga.
— O’zi, shu yoshini yo‘qotish kerak! — dedi Ashim. — Dakang bo‘ladi bir o‘zi.
— Yo‘q, uyam yaxshi, — dedi Habib. — Uyam dakang bo‘ladi.
— Bo‘lmasam buni so‘yish kerak.
— E, bunda go‘sht nima qilsin! Hammasi pay bo‘pketgan. — Habibulla do‘stiga olayib qaradi. — Tag‘in buni birov so‘yib yubormasin. Xo‘pmi?
— Xo‘p.
Ilgari bu sariq dakangxo‘roz tovuqlar bilan bir qafasda turardi. Habibulla shu qizil xo‘rozga ikkita kaptarni almashib olib kelgach, mehmon qari mezbon bilan chiqishmay, uni cho‘qib tashladi. Habibulla dakangni ajratmasa, uning ahvoli tang bo‘ladiganga o‘xshadi. Shundan keyin, u yolg‘iz o‘zi bir qafasda yashaydigan bo‘ldi.
— Habibjo-on, ha, Habib, bu yaqqa ke endi, biz bilan ham birpas gaplashib o‘tir, bolam!
Habib qayrilib qarab shosupada otasi yonida tik turgan onasini ko‘rdi, uning qo‘lida katta bir bosh qora uzum bor edi.
— Yur, ketdik. Qorning to‘qmi? — dedi Habibulla.
— To‘q, — dedi Ashim. — Yaqinginada qovun yegan edim... Habib, men uyga boray. Chaqirasan-da.
— Mayli, — deb Habibulla gulzordan sakrab-sakrab qadam tashlab olmaga tirmashib ketgan tok ostiga o‘tib oldi. U yerda so‘yilgan qo‘yning pashsha talab yottan ichak-chovoqlarini chetlab, supa oldiga bordi.
U supa labiga omonatgina o‘tirdi.
— Bu yoqqa chiq, bu yoqqa chiq, jonim sadaqa bo‘lsin senga! — dedi ona va otasi oldidagi dasturxonning chetidan ushlab, Habib tomonga tortdi.
— Surmang, qo‘lim yetadi, — dedi Habibulla va ijirg‘anib kulimsiradi. — Otam yemasayu biz yesak, qanday bo‘larkin?
Eshqul aka jilmayib, cho‘tni kursiga qo‘ydi. Habibulla o‘ng bo‘lib, chordona qurdi.
— Qani, ol... Hm, oshnalaring bilan xo‘shlashdingmi?
— Ha, picha gaplishib o‘tirdik, — dedi uzumdan bir shingilni tirnog‘i bilan uzib olar ekan Habib.
— Tovuq-xo‘rozlaring bilan ham gaplashdingmi? — dedi ota va qarshidagi uyning tunuka bo‘g‘otlarida tizilishib turgan kaptarlarga qaradi. — Anavilar bilan-chi? Ular bilan ham xo‘shlash-da, endi biryo‘la.
Habibulla otasi gapiga parvo qilmay, shingilning bandidan tutib, labida uzib-uzib yer, bir qo‘lidagi burda nonni ora-chora tishlab qo‘yardi.
— Habib? — dedi bir tizzasida cho‘kallab o‘tirgan ona va uzungina burnini tortdi, so‘lg‘in betlari titradi. — Men endi sensiz nima qilaman? — deb yig‘lab yubordi. — Chol, shuni armiyadan opqolsak bo‘lardi. Sizam qari, men qari bo‘lsak. Bizga kim qaraydi bu ketsa. Shu hakda arz qilib borsak degan edim, chol?
— Qo‘ying, qo‘ying! — deb baqirib yubordi Habibulla va o‘rnidan turib ketdi, supa chetida turgan paqirni ko‘tarib, suv ichdi, yo‘taldi: — Qoldiraylik emish-a! — dedi. — Eshitgan odam nima deydi? Nima, men go‘dakmidim? Boraman, hamma qatori xizmatimni o‘tab kelaman... Nima, qolib, hammaga kulgi bo‘lib yuramanmi?
— Qo‘y, kampir, kuyma, mayli, borib kelsin, — dedi ota. — Bu yerda bir qarich bolalar bilan ko‘cha changitib yurib, hech narsa orttirmaydi, qaytaga armiyadan odam bo‘lib keladi. Ikki yil hech narsa emas, o‘tadi-ketadi. O’tir, nondan ol. Yo oshnalarga va’da berganmiding? Ko‘chaga chiqasanmi?
— Ha, nima qilaman bu yerda o‘tirib? — dedi Habibulla. — Ana, o‘t o‘rdim... Suvga ruxsat olgan bo‘lsangiz, bolalar bilan bog‘lab kelardik.
— Hech qayoqqa chiqmaysan, dedimmi, chiqmaysan, o‘tirasan shu yerda! — dedi ona.
Habibulla qo‘l siltadi-da:
— Men darrov qaytaman, ota, — dedi, ulardan javob ham kutmay, hovuzni aylanib chopib ketdi.
Tovuqxonaga tutash uy yonidagi tol tagida qolgan Ko‘ktoy yana irg‘ib turib, unga ergashdi.
Habibulla darvozadan chiqib, hushtak chaldi. So‘ng ko‘cha adog‘idagi tuprog‘i o‘ynab ketgan, to‘p o‘ynashadigan maydonga bordi. Qo‘llarini beliga tirab, yana hushtak chaldi va boshidagi soyaboni uzun shapkasini bostirib, qiyshaytirib kiyib oldi.
U maydon o‘rtasidagi po‘sti archilmagan ikki yog‘ochga o‘rnatilgan to‘r to‘siqqa qarab o‘yladi: «Buni bittasi gum qiladi. Qo‘zining qo‘li egri, shu oladi. O’rnimga Ashimni boshliq qilsam qanday bo‘larkin...»
Birpasda darcha-darvozalardan chiqib kelgan yetti-sakkiz bolakay Habibullani o‘rab olishdi.
— Ashim, gitarangni opchiq! — dedi Habibulla.
Qosh qorayganda bolalar kinoteatr oldidagi ariq bo‘yida davra qurib turishardi. Habibulla qiyshiq daraxtga suyanib shapkasi soyabonini yana ham pasaytirib kiyib olgan, uning yonida Nurali bir oyog‘ini Ko‘ktoyning ustiga qo‘yib turardi. Qo‘ziboy egilib o‘tgan-ketganga loqayd qarab, pista chaqyapti. Ashim cho‘nqayib, birgina simi qolgan gitarani ting‘illatyapti. Kichkina In’om o‘rtada:
— Bugun devorning kemtigini urib qo‘yishdi, Habib aka... Qo‘zi aka, yana buzamiz-a?
— Hey, Qo‘zi, — ded Habibulla kinolardagi dahshatli shayka boshliqlariga taqlidan xo‘mrayib. — Sen bolalarga ehtiyot bo‘l, ularni xafa qilma, xo‘pmi?.. Agar jo‘raboshilik qo‘lingdan kelmasa, o‘rningdan tushasan. Buni menga Ashim yozadi, o‘rningdan olib tashlayman seni. Bildingmi?
— Bildim, — dedi Qo‘zi.
— Kecha men bozordan o‘g‘irlagan qovunni bu kishi uylariga olib ketdilar, — dedi itning ustidan oyog‘ini olib Nurali. — Ha, shunaqa bo‘ldi, Habib aka.
— Eshityapsanmi? — dedi Habibulla. — Unaqa qilma... Sen ham Nurka, o‘g‘irlik qilma, ukdingmi? Qo‘lga tushib qolsang, seni kim qutqaradi?
— Xo‘p, mayli, Habib aka, — dedi Nurali va iljayib unga qaradi. — Qovun o‘g‘irlash o‘g‘irlikka kirmaydi, Habib aka. Ushlasayam qo‘yvoradi... «Biz ham yoshlikda shularday bo‘lganmiz» — hazillashib degan edi bir milisa otamga.
— Bari bir, nasihatni quloqqa olishing kerak... Qushxonadan ichak-chovoq tashish esingdan chiqmasin. It endi sizlarniki bo‘ldi! O’zlaring qaraysizlar unga. Kaptarlar ham endi sizlarniki, ularga hech kim tegmasin.
— Tushundim, akajon, — dedi Nurali.
— Eshitdinglar-a? — dedi Ashim. In’omcha bosh irg‘ab qo‘ydi.
— Eshitde-ek, — dedi cho‘zib Qo‘zi.
Habibulla orqasi bilan daraxtga tiralib, qaddini rostlab oldi. Ashim gitarani ting‘illatgancha uning yonida, boshqalar esa ortidan jo‘nab ketishdi.
Bolakaylar mahallaga kelishdi, to‘p o‘ynaladigan maydonga kelganda, Habibulla:
— Men endi uyga ketaman, — dedi. — Otam-onam ko‘chadan tezroq ke deyishgan... Mana bu setkagayam ehtiyot bo‘linglar, boshqa ko‘chaning bolalari opketmasin, xo‘pmi?
Habibulla to‘daning har bir a’zosi bilan qo‘l berib xayrlashdi. Ularning: «qachon ketasiz» degan savoliga:
— Ertaga voenkomatdan jo‘natishadi! — deb mag‘rurlik bilan javob berdi.
Ertasi choshgohlarda Habibulla o‘zi qatori harbiyga jo‘naydiganlar bilan mashinaga chikdi, uni onasi, otasi, do‘stlari va Ko‘ktoy iti kuzatib, har kim o‘zicha unga oq yo‘l tilab qolishdi.
Kechki payt. Termiz vokzali. Odam gavjum. Bolalar vagonga chiqishyapti.
Habibulla zinapoya yonida sigareta chekib, xo‘shlashayotganlarni tomosha qilib turar, o‘zini bu yerda kuzatadigan hech kimi yo‘qligiga ishonar edi. Bir payt poezd chinqirdi. Harbiyga ketuvchilar shosha-pisha vagonlarga chiqa boshlashdi. Habibulla shoshmasdan sigareta chekar, poezd jilishi bilan sakrab, zinaga chiqib olishni mo‘ljallar edi. Poezd ham silkinib, fosh-fosh etib jildi. Habibulla endi sigaretani tashlagan edi, orqasidan: «Habib-ib, Habibullaka! degan ovozlar eshitildi, shunda it hurdi, xo‘roz qag‘illab yubordi.
Habibulla orqasiga o‘girilgan edi, vokzalga kirib kelayotgan Ashim, Qo‘zi, Nurali, In’om va Ko‘ktoyni ko‘rdi. Ashimning quchog‘ida dakangxo‘roz, Qo‘ziboy gitarani ko‘tarib olgan edi.
Habibulla poezdga qarasa, ancha joyga borib qolibdi, u zinaga qarab chopti, uning tutqichidan ushladi-da, yana orqasiga qaradi, oyoqlari yerda sudralib bordi. Do‘stlari u tomon chopib kelishardi.
Habibulla sakrab zinaga chiqib tutqichni mahkam ushlab oldi. Bolalar hamon xuddi poezdga yetib oladigandek chopishar, it oldinda, xo‘roz qo‘ltiqda qiynalganidan qiyqirar, «Habib, Habib aka!» deb baqirar edi.
— Xayr, xayr, — deb qo‘lini siltadi Habibulla va beixtiyor ko‘zlaridan yosh oqib kelayotganini o‘zi ham sezmay qoldi. — Xayr, xayr!
«Shayka» to‘xtadi. Qo‘l silkita boshladi. In’omcha itning bo‘ynidan quchoqlab olgan edi. Poezd uzoqlashgan sari ular orqada qolib ketishdi.
Habibulla entikib qarab turar ekan, nazarida, o‘zi kattarib ketgandek tuyuldi.

1971

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.