OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Bir guzar odamlari (novella)

BIR GUZAR ODAMLARI
1966 yil 26 aprel, tong. 
(Shingil novellalar)


* * *

Devor yiqilgan. Guvalalar hovli sahniga dumalab ketgan. Yer to‘xtab-to‘xtab titrayapti. Er o‘rik tagida cho‘nqayib o‘tiripti. Xotin daraxt tanasiga suyanib turipti.
— Tezroq to‘xtasamidi, — dedi er ensasi qotib. — O’n birda vokzalga borishim kerak. Loyini qilib tashlar edim devorning. Kechqurun ikkovlashib paxsasini ko‘tarib qo‘ya qolardik.

* * *

Teshavoyning uyi bosib tushdi. U xotini bilan hovliga zo‘rg‘a chiqib oldi. Tong otgach, g‘izillaganicha otasinikiga ketdi. Egamberdi bobo to‘qson sakkizda. Qulog‘i og‘ir. Garang.
— Baxay? Kallai saharlab yuribsan? — so‘radi chol to‘shagiga o‘tirib.
O’g‘il otaga tikilib qaradi. Ota uyqudan to‘yib uyg‘ongan, xotirjam: yer qimirlaganini sezmagan edi. «Aytib, cholni tashvishga solib o‘tirmay», deb o‘yladi.
— Shunday. Bozorga borayotgan edim, — dedi. — Bir ko‘rib o‘tay dedim.
— Omin. Omading kelsin! — fotiha o‘qidi chol.
Teshavoy sinchli uyning shifti, derazasini ko‘zdan kechirib, chiqib ketdi...

* * *

Frontovik Elmurod Zafarov karavotdan dumalab tushdi. Xotini o‘rinda yo‘q. O’rnidan turar ekan, deraza orqasining yorishib ketganini ko‘rdi. Shkaf ustidagi kitoblar titilib to‘kildi. Zafarov bir zum derazaga horg‘in qarab turdi. So‘ng silkinayotgan polda oqsoqlanib, deraza oldiga bordi. Qo‘lini beliga tirab: «Urush», dedi sekin. U asli buxorolik, u yerdagi yolg‘iz onasini anchadan beri ko‘rmagan edi. Shuni eslab: «Esiz, ko‘rolmadim», dedi.

* * *

Ota kasalxona yo‘lagida to‘lg‘oq tutgan ayoldek yuripti. Olti yashar o‘g‘li operatsiya xonasida, stolda. Oyoq-qo‘li stol qanotlariga chandib bog‘langan. Ko‘richagi tutgan. Uchinchi tutishi. Hamshira bo‘zarib, bolaning oyoq tomonida turipti. Navbatchi vrach o‘tkir pichog‘ini olib, bolaning ochiq qorni ustiga engashdi.
Uy ostidan bir kishi tepganday sapchib tushdi. Yon-veridan noma’lum qo‘llar qitiqlayotgan kabi silkina boshladi. Dod soldi bemor bola. Hamshira qiz o‘zini eshikka urdi. Koridordagi ota esa, o‘zini ichkariga urdi. Vrach stol qirrasiga suyandi. Ota kirib, o‘g‘lining oyog‘idagi iplarga yopishdi.
— Chiq! — dedi vrach bo‘g‘ilib.
— Doktor!
— Opchiqsangiz, tirik qoladimi? Chiqing! Titroq susaya boshladi. Ota koridorga chikdi. Hamshira diydirab xonaga kirdi. Vrach yana bemor ustiga engashdi.

* * *

Pirmat qorovulning xotini yurak o‘ynog‘i edi. Yer silkindi. Ikkalovi ham uyg‘onib ketishdi. «Yuragi yoriladi!» deb o‘yladi Pirmat.
— Oh! — dedi xotin.
— Hech narsamas. Hozir iziga qaytadi, — dedi er.
— Qimirlayapti-ku?
— Yer bo‘lganidan keyin qimirlaydi-da, xotin. «Bo‘lgan ish bo‘ldi», deb o‘yladi Pirmat va xotinini mahkam quchoqlab oldi.
Xotin bir muddat eshikka qarab turdi. So‘ng, shunday qilsa omon qoladiganday u ham erini mahkam quchib oldi.

* * *

Itlar vovullar, daraxt tepasida chumchuqlar shatir-shutur qilib chug‘urlar, devor osha erkaklarning uzuq-yuluq uyquli ovozi kelar edi. Kampirining bilagidan ushlab yo‘lakda turgan G’olib bobo o‘g‘li Samadning uyidan eshikning taqillagani, nevaralarining bag‘illashgani va kelinning: «Musulmonlar!» degan bo‘g‘iq ovozini eshitdi.
Chol bundan to‘rt yil muqaddam o‘g‘lining Karomatga uylanish niyati borligini eshitib, undan qo‘lini yuvgan edi. Emishki, qizning ammasi Xadicha xola vaqtida oyog‘i yengil... bo‘lgan emish. «Shu nopokning jiyanini kelin qilamanmi?» dedi chol. Lekin, Samad Karomatga uylandi. To‘y kuni G’olib bobo miskarlik do‘konida bo‘ldi. Ertasiga o‘g‘lining ro‘zg‘orini bo‘lib tashladi. Hovlining o‘rtasidan devor oldi. Samad ham shu kuni ko‘chadan darcha ochdi. Samad o‘g‘il ko‘rdi, qiz ko‘rdi. Beshik to‘yi qildi, sunnat to‘yi qildi. Chol uning uyiga qadam bosmadi.
Samad — militsioner, kechasi navbatchilik qilar, Karomat uyining ichkarisidan zanjirlab yotar edi.
— Ularga bir nima bo‘ldi, — qo‘rqa-pisa pichirladi kampir.
G’olib bobo esa esi oqqan kishi kabi devorga tirmashdi. Umbaloq oshib, tandir ustiga tushdi. Yugurib borib, Samadning eshigini tortdi. Oyog‘ini kesakiga tirab, uchinchi marta tortishda zulf uzilib, eshik ochi-lib ketdi. Chol duch kelgan o‘g‘il-nevarasini bag‘riga bosib, xolis yerga qochdi. Karomat qizini quchoqlab, qaynatasining orqasidan chopdi.
— Otajon, nima bo‘lyapti? — dedi u dag‘-dag‘ titrab.
Chol birdan to‘xtab, Karomatga bir zum tikilib qoldi. Birdan esi o‘ziga kelgan kishi kabi:
— Ol, bolangni! — deb nevarasining yelkasidan itarib yubordi. Yana devorga tirmashdi. Endi osholmadi. So‘kinib, darchadan chiqib ketdi.

* * *

— Ketasizmi, yo‘qmi? — dedi kuchanib Sora opa.
— Ahmoq, nega baqirasan? Qaerga ketaman! — dedi Norqul aka.
— Bo‘ldi, o‘zim ketaman.
— Ketaver.
Yo‘lakda cho‘nqayib o‘tirgan Sora opa g‘izillab uyga kirdi. Norqul aka baxmal gullar tagini chopiq qilaverdi. Yer qattiq titradi. Sora opa «voy-voy»lab chopib chiqdi.
— Burun ketmasam ham endi ketaman.
— Ketaver.
Sora opa gilos tagida bir fursat ikkilanib turdi. So‘ng eshikning boshqa tavaqasini ham ochib Qo‘yib, uyga kirdi. Shkaf tortmasidan kiyimlarini yulqib olib, divanga otdi. Choyshabga o‘rab, qaytib chiqdi.
— Men ketyapman.
— Ketaver dedim-ku.
Sora opa darvozaga yetib, to‘xtadi. Shipillab yurib, erining boshiga keldi.
— Aylanay sizdan. Yer cho‘kib ketadiganday bo‘lyapti.
— Men ketmayman bu yerni tashlab. Tushundingmi? Kun to‘lgan bo‘lsa, shuncha odamning bittasimiz-da.
— Yo‘q. Yo‘-o‘q.
Sora opa tugunini qo‘ltig‘iga qisib ketdi. Vokzalga borib, «Toshkent—Chirchiq» avtobusiga o‘tirdi. Kechqurun daryo bo‘yiga tutttdi. Suvga chiqqan kelinchaklar uni o‘rab oldi.
— Vulqon chiqdimi?
— Suv bosdimi?
— Cho‘kib ketdimi?
Sora opa hovliga kirar-kirmas xotin-xalaj yetib keldi.
— Mening o‘g‘limni ko‘rdingizmi? Talabalarning yotog‘i ham yiqilganmish.
— Ko‘rdim. Eson-omon. Yotoq ham joyida.
— Erim ToshMIda edi.
— Sog‘-salomat. Sizga salom aytdilar.
— Siz nimaga keldingiz, Soraxon?
— Nimaga kelmas ekanman! — qichqirib berdi Sora opa. — Oyimning ko‘nglini tinchitay deb keldim, inson!
— To‘g‘ri, to‘g‘ri.
— O’zingizning uyingizga ziyon yetmadimi?
— Xudoga shukur. O’rnida turipti.
— Eringiz qalay?
— Yaxshi. Meni yubordilar. Ishonasizmi, u kishi hozir gullarni chopiq qilyaptilar.
— Ilohi, omon bo‘linglar jumla-jahonning qatorida.
— Xotirjam bo‘linglar.
— Endi qachon qaytasiz, Soraxon?
— Bir-ikki kun turaman.
— Bizga bildirmay ketmang, aylanay.
— Albatta. Ayollar ketishdi.
— Xotirjamlikmi, bolam? — so‘radi Zinnat buvi.
Sora opa yig‘lab yubordi.
— Qochib keldim. Kuyovingiz qoldi. O’lguday o‘jar.
— Ishqilib, tinchlikmi?
— Tinchligi ham qursin. Likillab turipti! Birov unday deydi, birov bunday.
— Norquljonni bekor qoldiribsan-da.
— Voy, qancha yalindim. Unamadilar.
— Hay, o‘zing omon bo‘l.
— Hozir ham qimirlagandir.
Sora opa radioning qulog‘ini buradi. Diktor e’lon qildi: «Besh ball».
— Oh! — dedi Sora opa. — Uyim yiqildi. Derazalarning oldi darz ketgan edi.
— Norquljon kunduzi ishlaydi-ya?
— Kechasiga balo bormi?
Sora opa ayvonga chikdi. Tog‘lar qoraygan. Olisda daryo shovillaydi.
— Kel endi. Bir piyola choy ich, — dedi dahlizdan Zinnat buvi.
Sora opa qaytib kirdi.
— Xavotirlanyapman.
— Xavotirlansang, uyingda o‘tir edi-da, qizim.
— O’tirib bo‘lmadi-da, oyijon.
Yarim kecha. Uy orqasida bir narsa «gup» etdi. Soraxon o‘rnidan turib ketdi.
— Yer qimirlayapti!
Kampir uyg‘onib, quloq soldi. Yana «gup, gupur-gupur» etgan tovush keldi.
— Eshak-ku, — dedi Zinnat xola. — O’yin qilyapti. Sora opa ko‘kragiga «tuf-tuf»lab, to‘shakka o‘tirdi.
— Juda qo‘rqibsizlar-da, bolam.
— Oyijon, ko‘nglim g‘alati bo‘lyapti.
— Opkelolmapsanmi, o‘zingdan o‘tipti. Qo‘y endi. Shu kecha tinch uxla.
Sora opa ertalab ko‘chaga chikdi. Avtobus bekatiga borib turdi. Toshkentdan kelgan avtobusdan somon shlyapali yigit tushdi. Sora opa uning oldiga bordi.
— Siz ham Toshkentni so‘raysizmi? — dedi yigit bo‘g‘ilib. — Toshkent sob bo‘ldi. Tamom!
— Og‘zingizga tosh! — dedi Sora opa.
Sora opa qaytib kelib, choyshabda tugilgan kiyimlarini ko‘tardi.
— Ketasanmi?
— Ketaman.
Kampir fotiha berdi. Ko‘chaga chiqishi bilan uni yana kelinchaklar o‘rab oldi. Bekatga yetmasidan xotin-xalaj qurshovida qoldi.
— Mening o‘g‘limni so‘rang. Xat yozsin.
— Erimga aytib qo‘ying. Bozor kuni o‘zim boraman.
— Voy, yuragingizga balli. Shu yerda turib, biz qo‘rqyapmiz. Siz boryapsiz!
Sora opa «Chirchiq—Toshkent» avtobusiga o‘tirdi. Tush mahali Salorga yetib keldi.
Darvozadan kirdi.
Norqul aka devordan yiqilgan kesaklarni belku-rak bilan olib, burchakka tashlar edi.
— Keldingmi? — dedi.
— Keldim, — dedi Sora opa jilmayib. So‘ng qovog‘ini solib, uyiga kirib ketdi.

1966

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.