OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Yovvoyi gul (hikoya)

Vosit nimjon, yalqov va xayolparast bola edi. Madaniy-oqartuv bilim yurtini tamom qilganidan keyin shaharda qoldi. «Shahar haqiqati» gazetasida korrektor bo‘lib ishlay boshladi. U olti oy o‘tmay kvartirasini almashtirar, bunga goh o‘zi sababchi bo‘lsa — ijara haqini vaqtida to‘lolmasa, goh uy egasi sababchi bo‘lar — bu lallaygan bolani yoqtirmay qolar edi.
U shahardan uch yuz kilometr olisdagi yosh, adirsimon tog‘lar ostidagi «Gulbahor» qishlog‘ida tug‘ilgan, otasi dehqon, onasi uy bekasi, yana ikkita ukasi bor edi. Bundan tashqari, albatta uning yor-birodarlari ham bor edi. Ular bunga achinib qarar, lekin, xayolparastligini yoqtirar, uni saflaridan tirsaklashmas edi. Bu qishloq ustidagi adirdan boshqa yerlarda o‘smaydigan kiyiko‘t va anduzlar ko‘p bo‘lar, bahor boshlanishi bilan ularning mayin va o‘tkir hidi qishloqqa esib turar edi.
Ana shunday bahor kunlarida Vosit adirlarda sang‘ib kunni kech qilar, oshnalari chiqib qolganda, u kunbotarni ko‘rsatib, o‘sha yoqda shahar borligi, uning juda antiqaligini aytar va kelgusida o‘zining shaharda yashash orzusini hikoya qilar edi. O’rtoqlari kulgi aralash, vaqti kelganda, uning uyiga mehmonga borishlarini aytar, Vosit ularni jon deb qabul qilishga va’da berar edi.
Vosit bolaligidan nimadir, odamlarni hayron qoldiradigan va o‘zi uchun suyumli bo‘lgan bir ish qilishni istar edi. U texnikumni bitirib, gazetada korrektor bo‘lib ishga kirgach, bu narsa yozilajak qandaydir mashhur bir asar ekanini ukdi... Lekin uning yozishga qobiliyati yo‘q, jiddiy bir mulohaza qilishga ham erinar edi.
U to‘rt yil umrini shaharda o‘tkazdi. To‘rt marta qishlog‘iga borib keldi. Har gal borganida uning onasi va ukalaridan tortib yor-birodarlarigacha «Gulbahor»da qolishga undar, Vosit unamay ketib qolar edi. Shunda ular Vositning orqasidan achinishar, ayni chog‘da uning g‘ayritabiiy odatlarini o‘ylab, u qandaydir katta bir ish qilayotganiga ishonganday bo‘lishar edi...
Vosit katta park orqasidagi shofyor o‘g‘li bilan uzzukun janjal qiladigan Navoxon ayaning uyida yettinchi oy ham yashab qoldi. Navoxon aya o‘g‘li ishga ketganida, undan zorlanib, unga aql kirmayotgani, besh yildan buyon bolali bir xotinning izidan yurganini aytib kuyinar, xayolparast Vosit onaga rahmi kelib, uning gapini quvvatlar va shu sababli uy bekasiga yoqib qolgan edi. Lekin, u shofyor yigitga ham yoqib qolgan edi: chunki u ham onasi bo‘lmaganda, undan zorlanib, o‘sha ayolni sevishi, onasi esa, u bilan birga bo‘lishini istamasligini aytib, uni johillikda ayblardi. Vosit uning ham gapini quvvatlar va hamdardlik bildirar edi. Lekin, gap ko‘ndalangiga hal qilinishiga to‘g‘ri kelib qolgan kezlarda, miq etmay o‘tirar, uning nazarida, bularning ham hayotida yaqin kelajakda qandaydir, qiziq bir o‘zgarish bo‘ladiganday tuyular, ular antiqa bir hayot og‘ushida baxtli hayot kechiradigandek bo‘lar edi. Biroq o‘zi yozmoqchi bo‘lib yurgan asar qanday bo‘lishini bilmaganidek, bularni o‘z og‘ushiga oladigan baxtning ham qandayligini bilmas va bu ishlar qanday amalga oshishi haqida ham o‘ylamas edi... To‘g‘ri, gohida o‘ylashga tirishib ham qolar, ammo tezda zerikar, o‘y uning yalqov vujudida sarobdek xayolga aylanib ketar edi...
Bu oila ham Vositga yoqar, lekin, ona-boladan ham ko‘ra, hovli o‘rtasidagi gulzor unga ko‘proq yoqar edi. U boshqa xonadonlarda yashaganida ham, hammadan, o‘sha xonadonlardagi gulzorlar unga ko‘proq yoqar edi, biroq, bu yerdagi gulzorda ularda bo‘lmagan gullar: kosagul, chinnigul va xinalar barq urib ochilib yotardiki, bular unga har qanaqa atirgul, romashka, prezident guli va shu kabi Yevropadan kelgan gullardan o‘n chandon yaqin va qadrdon tuyular edi. Negaki, qishloqdagi uylari oldiga ham onasi har bahor shu xil gullardan ekar edi.
Vosit bu gullarni shunchalik yaxshi ko‘rib qolganidan, ularga qarashni tamom o‘z gardaniga oldi. Ularga o‘zi suv quyar, pushtalarini yumshatar, quriganlarini yigab gajimlangan qog‘oz xaltaga solib, Navoxon ayaga berar va «Kelgusi yil ekasiz», der edi... Lekin, Vosit kechalari vodoprovodning suvini gullarga quyib, uning toshib ketmasligani kutib o‘tirar ekan, o‘sha antiqa gullar haqida ham o‘ylar va yaqin kelajakda bu gullar takdirida ham qanday qiziq o‘zgarishlar bo‘lishini xayol qilar, yana qanday o‘zgarish bo‘ladi — bu haqda o‘ylamas edi.
Vositning oladigan maoshi qornini to‘yg‘azishga zo‘rg‘a yetar edi. Shu sababli ijara haqini to‘laganidan keyin, qolgan pulini tiyinlab, kunlarga taqsim qilib chiqar va buni hech yerda unutmas edi. Uni ko‘pincha pochasi so‘kilib ketgan dag‘al shimda, yoqasi ag‘darib tikilgan oq ko‘ylakda, tovoni qiyshayib ketgan tagi rezinka tuflida va sochlari o‘siq holda ko‘rish mumkin edi. Bo‘m-bo‘sh ko‘chalarda ham birovga tegib ketadigandek ohista, ehtiyotkorlik bilan chetdan yurar, basharasiga qaragan kishi xayoli boshqa joyda ekanini sezishi mumkin edi.
O’zi nimjon bo‘lgan bu yigitga shahar havosi yomon ta’sir qila boshladi. Yuragi siqilib, nafasi yetmaganday bo‘lar, gullar qovjiragan mahallarda parkka chiqib, jimjit daraxtlar ostida, oyog‘i tagida g‘ijirlagan barglarning ovoziga quloq solib yurar edi. Uni ba’zida «Planetariy» oldidagi tepacha ustida turgan Pushkinning oqqa bo‘yalgan haykali yonida uchratish ham mumkin edi, shunda u Pushkin kabi qo‘lini ko‘ksida kiborlarcha qovushtirib, pastdaga anhorga o‘ychan tikilib turar edi.
Qish kunlarining birida shofyor yigit bolali xotinni olib keldi. Navoxon aya noiloj rozi bo‘lgan edi. Lekin xotin bilan urishishga bahona izlar, shunda behudaga Vositni ham xafa qilib qo‘yardi. Bunga ham chidashi mumkin edi. Vosit — u kvartirama-kvartira yashab uy bekalarining dashnomlari va mensimasliklariga ko‘nikib ketgan edi. Lekin, joyning torlik qilib qolgani yomon bo‘ldi: Vosit buklama karavotini oshxonaga olib chiqib yotadigan bo‘ldi. Bunga ba’zida Navoxon aya achinar, uni qishloqqa ketishga undar, boshqa biron yaxshilik qilishdan ojiz edi.
Bir kuni Vositning o‘ng biqini og‘rib turdi. Darmondan ketib yotib qoldi. Doktor chaqirdilar. Ertasi kuni Vosit bir-bir bosib poliklinikaga borganida, uning talog‘i shamollagani ma’lum bo‘ldi. Kasalxonaga yo‘llanma berdilar. U ishxonasiga zo‘rg‘a kirib bordi, xokisorlik bilan o‘zining betobligini aytib, yo‘llanmani ko‘rsatdi. Ular yotishga da’vat qildilar. Vosit Navoxon aya va shofyor yigit bilan quyuq xayrlashib kasalxonaga ketdi.
Kasalxona uning yotib yurgan sharoitidan yuz chandon a’lo edi, to‘shaklari ham yangi, oppoq, palata issiq, ovqat vaqtida tayyor... Bu yangi sharoit Vositga juda yoqib qoldi. U kasallar bilan inoq bo‘lib ketdi. Endi u istaganicha xayol surishi mumkin edi. Keyinchalik, u tuzalib chiqqanidan keyin, turmushi tamom o‘zgarib ketadigandek, xayollari amalga oshib, qarshisida antiqa olam ochiladigandek va o‘z yaratishi kerak bo‘lgan asar ham endi yoziladigandek tuyula boshladi. Biroq, uning tuzalishi sekinlik bilan bo‘ldi. Doktorlar unga apelsin, limon, mandarin va o‘zimizning bozorda sotiladigan mevalardan yeyishni tavsiya etar, u esa, bularni iste’mol qilishdan mahrum edi. Faqat ba’zi bemorlar unga achinganidan bitta-yarimta meva tutqazar, Vosit mamnun bo‘lib, uni yeb olar edi... Undan keyin kelgan, shu kasal bilan og‘rigan bemorlar ham bir yarim-ikki oyga qolmay shifo topib ketishdi, Vosit to‘rt oy yotib qoldi. Bu orada redaktsiyadagi sekretar qiz bilan korrektorlar bo‘limining mudiri ikki marta xabar oldi. Onasi bitta ukasi bilan bir marta kelib ketdi va bu gal ham Vosit tuzalib chiqqanidan keyin qishloqqa ketishini yolvorib so‘radi. «Tuzalib chiqay, keyin ma’lum bo‘ladi», dedi Vosit.
Vosit kasalxonadan chiqqan kuni Navoxon ayaning uyiga bordi. Aya ham, shofyor yigit ham uni iliq kutib olishdi va ko‘rgani borisholmaganlarini aytib, turmush tashvishlaridan nolishdi. Vosit endi oshxonada emas, karavotini gulzor yoqasiga qo‘yib yotar edi. Chunki, ko‘klam boshlanib, havo isib ketgan edi. Lekin, u redaktsiyada ko‘p ishlolmas, tez charchab qolar, doktorlar ham unga ko‘p urinmaslik, og‘ir ishlarni esa, mutlaqo qilmaslikni uqtirgan edi. Shuning uchun korrektorlar boshlig‘i ham, boshqa xodimlar ham unga qiya qarashar va gazetada xato ko‘p ketayotganidan nolib qandaydir boshqa ish qilishni shama qilishar edi... Ilgari bundoq muomalaga duch bo‘lmagan Vosit xafa bo‘la boshladi. U endi kelajak qish haqida o‘ylab, yana kasalga chalinishi mumkinligini chamalar, boshqa xonadonga ko‘chib o‘tishni avvalambor istamas, so‘ng bu ko‘chishlar joniga tekkan edi... Endi o‘zining kelajagi va kelajak yorqin hayoti unga bir sarobdek ko‘rina boshladi. Yodiga tug‘ilgan qishlog‘i tez-tez tushadigan bo‘lib qoldi.
Aprelning o‘rtalari edi. Redaktorning tashabbusi bilan xodimlar bir avtobus bo‘lib, Oyna toqqa lola sayriga chiqadigan bo‘lishdi. Buni eshitib, Vositga jon kirdi. Sayrga boradiganlar besh so‘mdan profkomga to‘lashi kerak edi, chunki, u tomonda qo‘y so‘yishmoqchi edilar... Vosit ham asrab qo‘ygan pulidan badanini uzgandek qilib, besh so‘m chiqarib berdi.
Tong mahali o‘zlari ijaraga olgan avtobusda jo‘nashdi. Shivalab yomg‘ir yog‘ib turar, havo bulutli edi. Toqqa yetguncha yomg‘ir tinib, ko‘k ochilib ketdi. Bahor butun ko‘rki bilan ko‘zga tashlanar edi. Bir kun ilgari borgan bo‘lim boshlig‘i bularni Nanay qishlog‘ining loyi qotgan ko‘chasida kutib oldi. Chuvurlashib, quvnashib, avtobusdan tushdilar. Bo‘lim boshlig‘i mahalliy agronomning uyida joy hozirlagan ekan. Kirib joylashdilar. Taom tayyor bo‘lguncha atrofni aylanib kelish haqida taklif tushdi. Hamma rozi bo‘lib, qo‘zg‘aldi. Biroq, yig‘ilib kelgan qishloq bolalari lola hali kam ochilgani, tog‘ning baland kungay betlaridagina borligini aytishdi. Hamma mamnuniyat bilan o‘sha yerlarga chiqishga rozi bo‘ldi va bolalarga ergashdilar. Ammo lola o‘sgan adirning etagiga yetguncha charchab qolishdi. Loladan hafsalalari sovib, tevarakni tomosha qilish va oyoq ostida ochilib yotgan mitti sariq gullardan terish bilan cheklandilar. Vosit xayolparastlik bilan gangib, o‘tlokda turar edi. Xayolidan bolaligi o‘tgan qishloqlari ortidagi adirlar, bolalikda o‘zining o‘sha adirda yurgani, o‘tirib ufqqa tikilgani o‘tar edi. Shunda birdan unda adirga ko‘tarilishdek tiyib bo‘lmas bir istak uyg‘ondi. Dili hapriqib, go‘yo shu adirga chiqib ufqqa qarasa qandaydir orzulari birdan ro‘yobga chiqadigandek, go‘yo o‘zi ko‘pdan beri shuni kutib yurgandek tuyuldi. U shunda doktorlarning ko‘p yurmaslik, og‘ir ish qilmaslik haqidagi o‘gitlarini ham unutdi va adirga tirmashib chiqa boshladi. U darmonsizlikdan charchar, ammo, buni o‘ziga olmas edi. Adirga chiqib ham bordi. Ufqqa qaradi. Ufqda katta, yalang tog‘ ko‘ndalang turar edi. Vositning nazarida hozir quyosh shuning orasida botayotgandek, ufq qip-qizildek tuyuldi.
Beixtiyor yonidagi toshga o‘tirdi. Shunda qaerdandir juda tanish bir hid dimog‘iga urilayotganini sezdi. Birdan sergaklanib alangladi va tevaragida ko‘m-ko‘k, ko‘rpadek bo‘lib yotgan kiyiko‘tlarni ko‘rdi. G’alati bir titroq bilan qo‘zg‘alib, katta bir tup o‘tning boshiga bordi. Egilib hidladi. Dili yorishib, ko‘pdan izlab yurgan narsasini topgandek bo‘ldi. Shunda etakda shapaloq barglarini yozib yotgan anduzlarni ko‘rdi va yuragi hapriqib, ko‘zlariga yosh kelayozdi. Yugurgilab ularning boshiga bordi. Shunda orqadan xodimlarning chaqirayotganini eshitdi. Turib, adir boshiga keldi. Ikkita olti yashar bola qo‘li bilan ko‘katlarni ushlab, tirmashib chiqib kelar, pastdan korrektorlar bo‘limining boshlig‘i qo‘llarini yuqoriga ko‘targancha qichqirar edi. Bu bolalar — ma’sul sekretarning bolalari edi.
— Vosit! Tushing, tushing axir! — deb qichqirdi u. — Sizni ko‘rib bular chiqib boryapti. Keta-mi-iz!
Vosit birdan o‘zini aybdor his etib, pastga tusha boshladi. Ammo bu adirdan juda ham ajralgisi kelmadi. Nima qilishini bilmay, bir zum ikkilanib turdi-da, so‘ng kattagina bir tup kiyiko‘tni tutamlagancha ushlab torta boshladi. Uzun tomiri uzilib, bir misqol tuproqni tomirlari bilan changallaganicha o‘t uning qo‘liga keldi. Vosit loyini tushirmaslikka harakat qilib tusha boshladi. Biroq, qumli tuproq tezda to‘kilib, kiyiko‘tning qizg‘ish tomirlari banka ichida o‘sgan tomirlardek taralib qoldi. «Zarari yo‘q», deb o‘yladi Vosit; bolalarni zo‘rg‘a qaytarib, pastladi.
—    Kasalman der edingiz, kasal ham toqqa chiqadimi? — dedi boshlig‘i. Vosit g‘amgin jilmayish bilan javob berdi. Lekin kasalligi o‘zini tezda ko‘rsatdi. Agronomning uyiga yetmasidan o‘ng biqinida bir nima tugilib qolgandek bo‘laverdi. Ovqatga ishtahasi bo‘lmadi.
Shaharga kechqurun qaytib ketdilar. Vosit kiyiko‘tni tutganicha Navoxon ayaning uyiga kirib bordi. 
—    Bu gulni ekamiz, aya, — dedi. — Ko‘payib ketadi. Bu yovvoyi gul, kiyiko‘t. Madaniy bo‘lib ketadi.
Aya uni hidlab ko‘rib, xursand bo‘lganini aytdi.
Vosit gulzorda rosa joy tanlab, gulni ko‘rinib turadigan yerga, rayhonlar ekilgan joyning pushtasiga ekdi.
Kunlar isigan sari vodoprovodlarning suvi ham kamaya boshladi. Suv faqat kechasi kelar, gulzorni sug‘orishga esa, Vositning negadir hafsalasi yo‘q edi. Bir kuni kiyiko‘tdan xabar oldi-yu, xafa bo‘lib ketdi. Pushtaga ekilgan o‘tga suv yetmas, uning yaproqlari hamon ko‘k bo‘lsa-da, qovjiray boshlagan edi.
Bir kuni Vosit ishdan haydaldi. Endi qanday ishga kirish, ijara haqini qanday to‘lash haqida o‘ylanib, uyga keldi. Shunda birdan qishning yaqin qolgani yodiga tushdi. Shunda o‘zining ham juda holdan toyganiga fahmi yetdi. Kechgacha darvoza yonida o‘tgan-ketganga qarab o‘tirdi-da, keyin hovliga kirdi va birdan o‘tini eslab, uning qoshiga bordi. Dong qotib qoldi.
Kiyiko‘t cho‘p bo‘lib qolgan edi. Uning tomirini kavlab ko‘rgisi keldi, biroq, buni orqaga surib, uning boshiga cho‘nqaydi. Shunda birdan ko‘ngli buzilib, shu o‘t o‘sgan adirni esladi va beixtiyor kuyindi: «Nimaga buni shu adirdan olib keldim. Usha yerda o‘saversa, qurimasdi», deb o‘yladi. Shunda birdan nimagadir o‘zi haqida o‘ylab qoldi va zo‘r taajjub bilan o‘zini shu gulga o‘xshatdi. Ko‘ngli buzilib ketdi, o‘zining xor-zor yurganlarini esladi. «Nima uchun? Nima uchun?» dedi. Javob topolmadi-yu, o‘zining ham shu guldek qovjirab borayotganini, yaqin kularda shu guldek qurib, cho‘p bo‘lib qolishini o‘yladi. «Yo‘q, mening joyim o‘sha yoq», deb o‘yladi. Bu o‘y Vositning umrida birinchi jiddiy o‘y edi. Shuning uchunmi yo boshqa sababdanmi, bu unga kuchli ta’sir qildi. Ertasi kuni kechqurun karton chamadoniga eski-tuski kiyimlarini joylab tashqariga chikdi-da:
— Xayr, oyi, mendan yomonlik o‘tgan bo‘lsa, kechiring, — dedi. — Kiyiko‘t tog‘da o‘sgani ma’qul ekan.
Ijara haqini to‘lab, darvozadan chiqib ketdi.

1966

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.