OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Saida Zunnunova. Qarz (hikoya)

Yozning oxiri, kuzning boshi edi. Osmon tiniq, suvlar tingan. Yaproqlar hali sarg‘aymagan. Ko‘m-ko‘k paxtazorning ustida shu’lami, havomi mayin, sokin jimir-laydi. G‘o‘zalar ko‘sak tugib yotibdi. Yo‘ldan tez-tez mashinalar o‘tib turgan bo‘lsa ham sershovqin shahardan keyin Abdurahmonga bu joylar juda jimjit tuyulardi. U o‘zi ham tushunolmagan g‘alati bir ko‘ngil xiralik bilan yo‘lga chiqqan edi. Yangi-yangi manzaralarga alahsiganidanmi yoki bolaligi kechgan yo‘llar, joylarning ser-gaklantiruvchi xotiralaridanmi, yuragidagi g‘ubor birdan ko‘tarilganday bo‘ldi, ruhi yengil tortdi.
Qattiq betoblikdan keyin negadir uning ko‘ngli qishlog‘ini qo‘msab qoldi. Lekin kimning oldiga boradi. U joyda hech kimi yo‘q. Ota-onasi o‘lib ketgan. Bolalikdagi o‘rtoqlaridan kim qolgan qishloqda, uni ham bilmasdi. Oradan o‘ttiz-qirq yil o‘tgandan keyin borlari ham tanirmidi. Lekin, baribir uning ko‘ngli shu joylarni qo‘msardi. U tez-tez qishlog‘i, bolaligi haqida gapiradigan, hamma ikir-chikirlarni eslaydigan bo‘lib qoldi. Bir kuni onasining oshqovoq somsaga ustaligini gapirib ketdi:
— Jildi yupqa, o‘zi katta-katta bo‘lardi. Achchiq, ichidan mayda qizil qalampirlar ko‘rinib turardi. Non yopdimi, albatta yo piyoz somsa, yo oshqovoq somsa qilardi.
— Namuncha, — dedi kitob o‘qib o‘tirgan qizi, — oyim shundoq shirin go‘sht somsalarni qilib bersa ham qayoqdagi oshqovoq somsa esingizdan chiqmaydi-ya.
Dam-badam televizorga qarab allanarsa tikib o‘tirgan xotini qiziga bir qarab qo‘ydi-da, eriga o‘girildi.
— Bir borib aylanib kelsangiz-chi, — dedi yumshoq, mehribon ovoz bilan, — hoxlasangiz men birga boray.
— Kimnikiga? — dedi bo‘shashib Abdurahmon.
— Ko‘chada qolmasmiz. Odamlar bor-ku, axir. Abdurahmon indamadi. Qo‘ni-qo‘shni, yor-oshnolaridan birontasi bilan aloqa bog‘lab qolmaganligini yaqindan beri, ayniqsa, ko‘p o‘ylardi. Bolalari uning kayfiyatini qayoqdan ham tushunishsin? Obod shaharda, shinam, qulay uylarda yashab turib, tomiga oshqovoq chirmashgan pastak ayvonini, pashshasini qo‘rigan sigir, qo‘ylarni, ajriq ustidan tushgan ingichka, so‘qmoq yo‘llar, yakkacho‘p ko‘priklarni hadeb gapiraverish, balki chindan ham noshukurlikdir. Lekin o‘sha yo‘llarda uning bolaligi, qaynayottan sutdek toshqin, beg‘ubor, osuda damlari o‘tgan bo‘lsa-chi! Yoshlik bilan aloqador hamma narsaning borgan sayin sehri ortib, jozibasi ko‘payib boraverar ekan. Oraga yillar suqilgan sayin yurakdagi intilish, sog‘inish ortaverar ekan.
Poezddan tushgandan keyin uning mashinaga ham chiqqisi kelmadi. Yuki yo‘q, portfeliga ehtiyotdan bitta ko‘ylak bilan bitta mayka, sochiq, paypoq solib olgan edi, xolos. U katta yo‘lning bir tomonidagi trotuardan shoshmasdan borardi. Kun qaytgan bo‘lsa ham issiqning tafti baland, sharqirab oqayotgan ariq bo‘yidagi tollar tagidan salqin shabada esib, dam-badam yuz-ko‘zlariga huzur berardi. Qishloq juda o‘zgarib ketganligidan Abdurahmon taxminlab borardi. Ba’zan to‘xtab, adashmadimmi, degandek, u yoq-bu yoqqa alanglar, yana tusmollab yurib ketardi.
Yosh, qalin terakzor orasidagi choyxonada odam siyrak. So‘rilarning birida ikkita chol gurunglashib o‘tirar, yo‘lovchilardan bo‘lsa kerak, yoshroq bir kishi «Jiguli» mashinasini yuvar, ariq labida qopqog‘i ochiq choynak bilan choy to‘ldirilgan piyola turardi. Abdurahmon chollarga salom berib o‘tib, bo‘sh so‘rilardan birining chetiga o‘tirdi. O‘rta yashar, mo‘ylovdor choyxonachi to‘shak ko‘tarib chikdi.
— Keling, mehmon, — dedi tavoze bilan, — xush ko‘rdik.
— Ovora bo‘lmang edi.
— Qora choymi, ko‘kmi?
— Baribir.
Choyxonachi patnisda yoniga pechak, oq qand solingan ikkita yumshoq non bilan piyola, choynak olib keldi. Choyxonachilar chetdan kelgan odamni darrov bilishadi. Ularga alohida mehmonnavozlik qilib ko‘nglini olishga harakat qiladilar. Ketma-ket bir kosa qovun bilan uzum solingan tarelkani ko‘tarib keldi.
— Rahmat, urinmang.
— Ovoragarchiligi bormi, mehmon. Yo‘l g‘uborini oladi. Uzoqdan kelayapsiz deyman?
— Ha, Toshkentdan.
Shu payt kapot va ustlari gul, lentalar bilan beza-tilgan «Volga» mashinasi boshchiligida besh-oltita mashinalar g‘izillab o‘tib ketdi. Chiroyli kiyingan yosh-yalanglar lip etib ko‘rinib qolishdi.
— Xah, qurmagurlar, qaddingni ur! — dedi samovarchi zavq bilan kaftlarini bir-biriga ishqalab. — Mashinani kelin bolaning o‘zi haydab qolmabdi yaxshi.
Chollarning ham, mashina yuvayotgan kishining ham nigohi o‘sha tomonda edi.
— Bitta mexanizator qiz bitta mexanizator yigitga tegyapti. Bugun to‘ylari, — dedi choyxonachi, — ikkalasi ham dongdor, ikkovining ham mashinasi bor. Qizi tushmagur, shunaqa haydaydiki, suvdek suzadi deyavering. O‘tib qolsa hammaning ko‘zi o‘shanda bo‘ladi. Xo‘p ajoyib zamonlar bo‘lyapti-da! Avvallari to‘rtta oti borning dimog‘idan qurt tushardi. Hozir shu mashinalarni to‘qson ot kuchiga teng deyishadimi?!
Abdurahmon kulib ko‘ydi.
— Ular qaysi qishloqdan?
— Shu o‘zimizning uchquduqlik. Soliyaxon bor-ku, geroy, o‘shaning jamoasidan.
Abdurahmonning ko‘zlari qisildi. Nimanidir xotiralashga urindi.
— Soliyaxon... Familiyasi nima?
— Boltaeva. Taniysizmi? «Qizil Yulduz»ning raisi-da.
Abdurahmon ro‘molchasi bilan terlagan bo‘yin va yuzlarini artar ekan, indamay qoldi. U bilgan Soliyaning familiyasi boshqa edi. Gazetalarda ham bir-ikki uchratganda, shuning uchun ahamiyat bermagandi. Turmushga chiqqandir axir, balki familiyasi o‘zgargandir.
— Soliyaxon qaerlik o‘zi?
— Shu yerlik.
— Jamoasigacha hali uzoqmi?
— Ha, ancha bor. Ho‘, Jiyanboy! Jamoaga ketyapsizmi?
Mashinasini yuvib bo‘lib, tikka turganicha choy ho‘playottan yigit unga qarab bosh silkidi.
— Mehmonni olib ketmaysizmi?
— Mayli, mayli.
Mashina tekis, asfalt yo‘ldan g‘izillab borardi. Dalalar tugab, ko‘chaning ikki chetida bir xilda tushgan g‘ishtin imoratlar ko‘rina boshladi.
— Juda o‘zgarib ketibdi qishloq. Jiyanboy yalt etib Abdurahmonga qaradi.
— Avval ham kelganmisiz?
Abdurahmon sekin xo‘rsinib qo‘ydi-yu, javob bermadi.
— Aybga buyurmaysiz, kimnikiga kelyapsiz?
— O‘zim ham bilmayman.
Mashina birdan sekinlaganday bo‘ldi. Jiyanboy ko‘zini tez-tez yo‘ldan olib, unga hayronlik bilan qarab qo‘yar, tushunolmas, so‘rashga ham tortinardi.
— Asli shu qishloqlikman. Siz yoshsiz, bilmasangiz kerak, Abduxalil degan odamning o‘g‘liman. Ko‘p bo‘lgan ketib qolganimga. Qariganimda bir qo‘msab qoldim.
— Soz bo‘pti-da! Unday bo‘lsa, to‘g‘ri uyga boraver-miz. Dadam bor, juda xursand bo‘ladilar.
— Rahmat.
Devorlari yangi oqlanib, yangi bo‘yalgan katta darvoza oldida odamlar gavjum edi. Tol soyasida yengil mashinalar qator tizilib turar, katta-kichik bolalar ham shu yerda. Jiyanboy sekinlab kelib to‘xtadi.
— Bosib o‘tib ketsak xafa bo‘lishadi. Bir piyoladan choy ichamiz endi.
Oq yaktak kiygan o‘rta yashar odam bilan yoshroq yigit mashina yoniga kelishdi.
— Kelinglar, kelinglar, qani, ichkariga.
— Mehmon olib kelyapman, — dedi kulib Jiyanboy, — yaxshi mehmon osh ustiga, deydilar.
Mezbonlar tavoze bilan ularni ichkariga kuzatishdi. Katta, keng hovliga stol-stullar qo‘yilgan, to‘rdagi baland ayvonda xotin-xalaj ko‘rinar, ishkom tagidagi chorpoyada mashshoqlar yalla qilardilar. Yosh-yosh yigitlar mikrofon o‘rnatish, daraxtlarga sim tortib, lampochka osish bilan ovora edilar. Bir zumda dasturxon yozilib, mastava keltirildi.
— Mexanizatorimiz uylanyapti, — tushuntirdi Jiyanboy, — hali mashinalar o‘tganda ko‘zingiz tushgandir.
— E, o‘shalarmi, — dedi Abdurahmon atrofga alanglab. U bironta odamni tanib qolarmikinman, degan umidda edi. Qora atlas ko‘ylak kiygan to‘lagina ayol darvozada ko‘rindi. Uning istiqboliga ayollar, erkaklar turishdi. Ayol qo‘lidagi qog‘ozga o‘rog‘lik narsani xotinlardan biriga uzatar ekan, ular bilan quchoqlashib ko‘rishdi.
— To‘ylar muborak bo‘lsin! — dedi keyin o‘tkir ovoz bilan, — hamma narsa taxtmi? Kamchiliklar bo‘lsa, aytinglar.
Abdurahmon uni tanigan edi. O‘sha Soliya. Faqat u vaqtda nozikkina qiz edi. Barvasta, sersavlat ayol bo‘libdi. Havo rang ro‘moli ostidan oq oralagan sochlari ko‘rinib turar, to‘laligidanmi, yuzidagi suvchechak o‘rni ham bilinmay ketibdi. Atrofini mayda ajinlar o‘ragan ko‘zlarigina o‘zgarmagan. Hali ham tiyrak, o‘tkir. U tikka turganicha ayollar bilan nimanidir gaplashar, Abdurahmon tomonga qaramas edi. Abdurahmonning unga tikilib qolganini ko‘rgan Jiyanboy:
— Raisimiz, — dedi shivirlab.
— Chaqirishning iloji bormi?
— Albatta, — Jiyanboy dik etib turdi-yu, uning oldiga borib allanarsa dedi. Soliyaxon bosh irg‘adi, keyin Abdurahmon tomonga bir qarab qo‘ydi. Gapidan to‘xtab yana qaradi. Abdurahmon o‘rnidan turdi. Soliyaxon unga yaqinroq keldi, tikilib qaradi.
— Abdurahmon?! — u kelib qo‘lini uzatdi, — rostdanmi? Adashmadimmi?
— Rost, rost, xuddi o‘zi, — dedi kulib Abdurahmon.
— Bor ekansiz-ku!
— Yo‘qolgan hamqishlog‘imizni men topib keldim, opa, — dedi kulib Jiyanboy.
— Yo‘qolganda qandoq! Suvga cho‘kkanday.
— Uyni, hovlini ham tashlab ketaverdingiz? — dedi Soliyaxon hol-ahvol so‘rashib bo‘lgandan keyin, — avvaliga har qalay chirog‘i yonib tursin, deb evakuatsiyaga kelganlardan o‘tqazib qo‘yishdi. Keyincha jamoa qurti boqildi. Oxiri yo‘lga tushib buzilib ketdi.
— Sizlarniki hammi?
— Ha, boshqa joydamiz hozir.
— Onangiz bardammi?
— Qarib qoldi. Hech esidan chiqarmaydi sizni, o‘zi ham kelib qolsa kerak, — uning ko‘zi darvozadan kirgan baland bo‘y, qorachadan kelgan kishiga tushdi-yu, qo‘li bilan imlab chaqirdi. — Boltaev!
Boltaev galife shimi ustidan kiygan oq ko‘ylagining etaklarini tortib, kamarini to‘g‘rilar ekan, Soliyaxon yoniga keldi.
— Kim bu? Tanib oling-chi! — Soliyaxon kulib Ab-durahmonga ishora qildi. Ikkalalari bir nafas tiki-lib qolishdi, keyin birdan quchoqlashib ketishdi.
— Osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi bu? Yo tavba!
Bir zumda bu xabar to‘yxonaga tarqaldi.
— Abduxalilning o‘g‘li ekan.
— Ie, Abdurahmonmi? Tirik ekanmi?
Bunaqa gaplar Abdurahmonning qulog‘iga chalinar, dam o‘tmay yangi-yangi odamlar u bilan ko‘rishgani kelardilar. Bir chol ko‘z yoshi qilib, quchoqlab, o‘pib ko‘rishdi.
— Bor ekansan-ku, bolam, — dedi belbog‘ining uchiga ko‘zini artib. Abdurahmonga uning qaeridir tanish ko‘rinardi. Dadasining o‘rtoqlaridan bo‘lsa kerak.
Soliyaxon ayvonga, xotinlar orasiga borib gaptopib keldi:
— Buvim ham kelibdi. Aytdim. Ana, sabri chidamay o‘zi kelyapti.
Abdurahmon hassasiga tayanib, sal engashganicha shu tomonga kelayotgan kampirni ko‘rdi-yu, o‘rnidan turib u tomonga yurdi.
— Assalomu alaykum.
Kampir unga bir zumgina tikildi. Keyin engashgan Abdurahmonning bo‘ynidan quchoqlab, ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Hassasi yerga tushib ketdi. Uning keng yengiga o‘ralgan oriq, nimjon qo‘llari Abdurahmonning bo‘ynida qaltirardi.
— Hudoga shukur, tirik ekansan. Hudoga shukur. .— O‘zingiz bardammisiz, buvijon?
— Tushlarimga kirarding, — kampir uning yelkalaridan silab, yuzlariga tikilardi, — onaginang bilan qandoq edik axir. Bor ekansan-ku, shuncha vaqt kelmabsan, bemehr bo‘psan-da, bolam.
Abdurahmon nima javob berishni bilmas edi. U hayajon va andishadan qizarardi. Uni hech kim esidan chiqarmabdi. Hatto sog‘inishibdi, ko‘rgilari kelibdi. Abdurahmonning dimog‘iga onasining hidi urilganday bo‘ldi. Ko‘zida yosh qalqidi. Soliyaxon kampirni zo‘rg‘a olib ketdi.
— Uyga borgin. Gaplasholmadim, diydoringga to‘yolmadim.
— Boraman, boraman.
— Boradi, albatta, boradi.
Boltaev o‘rtoqlariga xabar berib bo‘lgan ekan. Hammasi yig‘ilishdi. Ular shu kuni urushdan qaytmaganlarni qayta-qayta eslashdi.
Yor-yor, o‘yin-kulgi, chirmanda, karnay-surnay ovozlari ichida kelin keldi. Bu marosimni bir nafasgina tomosha qilishdi-yu, yana tashnalik bilan suhbatga sho‘ng‘ishdi. Tanish-bilishlarining hammasi ham uni uyiga olib ketgisi kelar, taklif qilishardi. Lekin, u shu kuni yolg‘iz qolmoqchi. Bolaligi o‘tgan, ota-onasining qadami tekkan shu ko‘chalarda yolg‘iz yurmoqchi, yuragini ag‘dar-to‘ntar qilib yuborg‘an mehr-oqibat haqida, unga intizor bo‘lib yashagan mana shu odamlar haqida yolg‘iz, tanho o‘y surmoqchi edi. U qarzga botgan odamdek qochishga joy to-polmasdi. Hullas, uning ko‘ngli hozir yolg‘izlikni tilar edi. O‘zi bilan o‘zi hisoblashmoqchi edi. Ular to‘y tugamayoq ko‘chaga chiqishdi. Raisdan andisha qilibmi, boshqalar indamay turishardi. Boltaev mashina ruliga o‘tirdi. Soliyaxon Abdurahmonni uning yoniga taklif qilib, o‘zi orqaga chiqdi. Kuzatgani chiqqanlar nochor, noiloj, ertagacha, deb xayrlashib qolishdi.
— Bitta iltimos, — dedi Abduraxmon iltijoli ohangda, — mehmonxonaga borsam.
— Bu nimasi?
— Jon do‘stim! Soliyaxon! Buguncha, bir kunga. Iltimos!
Boltaev hayron bo‘lib xotiniga qaradi. Soliyaxon Abdurahmonning yalinchoq nazarini ko‘rib yelka qisdi.
— Mayli, — dedi keyin.
Mashina katta darvozadan kirib, baland ko‘tarilgan ishkomlar tagidan yurib ketdi. Hovuz yonidagi yalanglikda to‘xtadi. Mashinadan tushishdi. Katta bog‘ning o‘rtasiga qurilgan ikki qavat imoratning atrofi aylanasiga ayvon edi. Birinchi ayvon shiftidagi elektr nuridan bog‘ ichi xiyol yorishib turardi.
— Shokirjon!
— Labbay, opa! Kelinglar, — ichkaridan chiqib kelgan jussasi kichikroq bir odam qo‘l olib so‘rashdi, — kelinglar, — dedi yana qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib.
— Ertalabgacha mehmonni sizga topshiramiz. Zerik-tirib, charchatib qo‘ymaysiz-da.
— Jonim bilan.
Abdurahmon shu kecha mijja qoqmadi hisob. Bir tomondan xursand, ota-onasining nafasi kelib turgan havo ularni dam-badam yodiga solardi. Shokirjon choy damlab kirdi. Stol ustida har xil shirinliklar turardi. O‘zi bir oz gaplashib o‘tirdi-da, dam oling bo‘lmasa, deb chiqib ketdi. Abdurahmon chiroyli yog‘och karavotga to‘shalgan, oppoq g‘ilof kiydirilgan atlas ko‘rpa qatini ochdi-yu, yotmadi, asta ayvonga chikdi. Ko‘qda yulduzlar jimirlar, salqin shabada esib turar, yaproqlar shitirlashi goh kuchayib, goh pasayardi, uzoqdan chigirtkalarning chirillashi, baqalarning qurillashi eshitilar, bularning hammasi uni xotiralar og‘ushiga chaqirardi.
Soliya bilan bir devor qo‘shni edilar. Birga sigir boqishar, birga maktabga borishardi. Abdurahmonning dadasidan urushning boshidayoq qora xat keldi. Onasi bu dardni ko‘tarolmadi. Yolg‘iz qolgan Abdurahmonga Soliyaning onasi g‘amxo‘rlik qilar, ko‘nglini ko‘tarishga urinardi. Lekin Abdurahmon bu joylarga sig‘madi. Yolg‘iz uyga kirolmasdi. Onasi chiqib kelayottanday, qarab turganday bo‘laverardi. Ketib qoldi. To‘g‘ri kelgan ishni qilib yurdi. Yuk tashidi, ko‘mir tushirdi. Aylanib Toshkentga borib qoldi. O‘sha joydan armiyaga ketdi. Yana qaytib keldi. Ishga joylashdi. Yaxshi odamlarning maslahati bilan kechki maktabda o‘qidi. Keyin institutga kirdi. Uylanib ro‘zg‘orlik bo‘ldi-yu, butunlay o‘rnashib qoldi. Tengdoshlari nevara ko‘ribdi. U kechroq uylangani uchun hali qiz chiqarib, o‘g‘il uylaganicha yo‘q. Soliya ham nevaralarim bor, dedi. U paytlarda nozikkina qiz edi. Onalari bir-birlarini goh quda, goh ovsin, deb chaqirishardi. Boltaeva... erining familiyasiga o‘tgan ekan-da.
U o‘rniga yotganda xo‘rozlar qichqira boshlagan edi.
Avval mashina yurganday bo‘ldi. Keyin eshiklari qarsillab ochilib yopildi-yu, allakimning ovozi eshitildi. Abdurahmon ko‘zini ochdi. Ufq oqarib kelardi. Bir nafasdan keyin sahargi bu jimjitlikni yana mashinaning ovozi buzdi. U o‘rnidan turganda derazadan darvoza tomonga kelayotgan yengil mashinani ko‘rdi. Sochiqni yelkasiga tashlab yuvingani chiqdi. Shokirjon yugurib keldi.
— Yaxshi dam oldingizmi?
— Rahmat. Birov keldimi?
— Rais opa kanal tomonga quloqdan xabar olgani ketdilar. Kelaman, jilmasin, dedilar. Juda vaqtli turib olibsiz-da?
— Shu atrofda soy bor edi.
— Ha, bor-bor.
— Orqasida, balandlikda qabriston bo‘lardi.
— Hozir ham bor.
Abdurahmon yuvinib, kiyinib chiqdi.
— Ha, mehmon yo‘l bo‘lsin?
— Tezda kelaman.
— Nonushta qilib olsangiz bo‘lardi, — Shokirjon birdan tushunib qoldi shekilli, ovozi hazin chikdi.
— Kelib.
U qabristonga yetganda yorug‘ tushib qolgan edi. Qovjiragan ko‘katlarni bosib, qabrlarni oralab asta tepalikka chiqib borardi. Yon bag‘irlikda to‘xtab atrofga alangladi. Qaysi tomonda edi. O‘ngga yurishi kerakdir. Ba’zi qabrlarga marmar lavhalar o‘tqazilgan, ba’zilarida hech narsa yo‘q. Toshdanmi, g‘ishtdanmi belgi qo‘yilganlari ham bor. Ba’zilarida bu ham yo‘q edi. U taxmin qilgan joyiga keldi. Qolarmidi. Shuncha yil boshiga birov kelmagandan keyin qolarmidi. Hayoli shunday der edi-yu, ko‘zi izlardi. Atrofi panjara bilan o‘ralgan kichkina qabrning bosh tomonidagi yozuvga ko‘zi tushdi. Onasi bilan oti ham, familiyasi ham bir xil ekan. Shoshma, uning o‘zi-ku, axir. U yana xatga qaradi. Ha, tug‘ilgan, o‘lgan yili ham o‘sha. Kim? Kim qilgan buni? U yana atrofga alangladi. Ha, huddi o‘sha joyda turibdi. Ko‘z yoshlari tomog‘ini bo‘g‘di. Qabr yoniga tiz cho‘kdi. U hozir onasining yuzidagi har bitta chiziqni ko‘rib turardi.
— Onajon... Keldim. Onajon, kechiring meni. Onajonim... O‘g‘il bo‘ldimmi men ham... Kechiring.
Uning shu tomonga o‘tganini ko‘rgan qorovul chol ancha vaqtgacha qo‘yib berdi. Hadeganda turavermagandan keyin tomoq qirib, yo‘talib asta uning yoniga keldi. Cho‘nqayib o‘tirib Qur’on tilovot qila boshladi. Yuziga fotiha tortib, bu notanish odamga asta, savol nazari bilan qaradi.
— Bu yodgorlikni kim qildirgan? Bilmaysizmi?
— Bilaman, rais qildirgan. Siz kimlari bo‘lasiz? Abdurahmon javob o‘rniga asta xo‘rsinib, boshini egdi.
— Turing, uzoq o‘tirib qoldingiz. Qandoq qilamiz, dunyoning ishlari shunaqa ekan.
Abudarhmon o‘rnidan turdi-yu, yuragi uzilib qolayotganday yana orqasiga qaradi.
— Ana, raisning o‘zlari ham kelyaptilar, — dedi qorovul chol. Abdurahmon yalt etib pastlikka qaradi. Soy bo‘yida havo rang mashina turar, atlas ko‘ylagining etagini bir qo‘li bilan salgina ushlab, Soliyaxon shu tomonga chiqib kelardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.