OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Iqbol chiroqlari (hikoya)

Daryo shamolidan seskangan otning badani dirillab ketdi. Jilovni bo‘sh qo‘yib yubordim.
Chakmonini yelkasiga tashlab, qumg‘on tagiga o‘t qalayotgan paromchi chol ot dukurini eshitib o‘rnidan turdi:
— Keling, mehmon, yo‘l bo‘lsin?
— GESga o‘tmoqchi edim.
Chol soqolini tutamlab daryoga qaradi:
— Suv qutirib kelyapti, paromni chirpirak qilib olib ketadi.
— Yo‘g‘-e, ishim jadalroq edi-ku, a!
— Ertalabgacha sabr qiling. Hozir choy qaynaydi, chaqchaqlashib tong ottiramiz.
Noiloj otdan egarni olib, suvlig‘ini chiqardim-da, yovvoyi jiydaga bog‘ladim.
Chol vaqirlab qaynab turgan qumg‘onga ko‘k choy solib damladi. Budkaga kirdik. Budkaning ichi anchagina keng edi. Uning bir tomonida arqon karavot, ikkinchi tomonida esa taxtasi randalanmagan qo‘polgina skameyka. Devorga gazeta va jurnallardan yirtib olingan turli suratlar yopishtirilgan. Chol toshchiroqning piligini ko‘tarar ekan, menga qaramay so‘radi:
— Qorin qalay, mehmon?
— Qo‘shqo‘noqda ovqatlanarman degan umid bilan yo‘lga chiqa bergan edim.
Chol mening javobimni kutmay deraza oldiga qo‘yilgan oyog‘i ayri stolcha ustiga belbog‘ini yozib, qozikdagi tugundan non va qand olib qo‘ydi.
— Choyni maydalab turing, savatdan xabar olib kelay. Chol chiqib ketdi. Piyolaga choy quyib, devordagi suratlarni tamosho qila boshladim. Allaqaysi bir jurnaldan yirtib olingan bir surat menga juda tanish tuyuldi, fonarni suratga yaqinroq olib bordim. Egniga kombinezon kiyib, qo‘liga elektrosvarka shchitini ushlab turgan payvandchi qizning kulib turgan yuzi menga juda tanish edi. Bu bir vaqtlar meni, shoirona qilib aytgan-da, o‘ziga asir qilgan Iqbol edi. Chol kirdi.
— Baliq ilinmabdi. Suv notinch-da. Baliqlar yuzaga chiqmaydi.
Chol bilan anchagacha u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirdik. Soatga qaradim, birdan oshibdi.
— Uyqungiz keldi-yov, joy qilib beraman, dam oling. Chol belanchakka o‘xshash arqon karavotga ko‘rpacha yozib, choponini buklab yostiq qilib berdi-da, fonarni ko‘tarib chiqib ketdi. Yechinib yonboshladim. Fikru xayolim Iqbolda edi.
Xayol meni Iqbol bilan o‘tkazgan kunlarga yetakladi. Ko‘z oldimga tog‘ qoyalari, daryo to‘lqinlari, azamat GES binosi keldi.
Chol qorong‘ida timirskilanib nimadir olib chiqib ketdi. Daryoning narigi qirg‘og‘ida chaqin chaqdi. Uning ko‘kimtir-pistoqi shu’lasi osmonda suzib yurgan pastak bulutlarni ham yoritdi. Ozroq vaqt o‘tgach, boyagi chaqin tez-tez takrorlanaverdi. Turib derazadan o‘sha tomonga qaradim. Gulxan yonida to‘r yamab o‘tirgan chol menga o‘girildi.
— Uxlamadingizmi, mehmon, shu’laga qarayapsizmi? Qo‘shko‘noqda GES qurishyapti. Bu elektrpayvandning shu’lasi.
Iqbol ham o‘sha vaqtda GESda payvandchi edi. Daryo bo‘yidagi tosh uyim derazasiga ham xuddi shunaqa shu’la tushib, menga uyqu bermasdi. Tuni bilan tosh qo‘porib, tong otguncha Iqbol haqida o‘ylardim.
Kechqurunlari ikkovimiz cho‘lga chiqib ketib, osmonda asta-sekin ko‘z ochayotgan sahro yulduzlariga tikilib o‘tirardik. Atrofimizda o‘t-o‘lanlar silkinar, chigirtkalar chirillar edi. Shunday kechalarning birida Iqbolga yuragimdagi gaplarni aytdim. U jim o‘tirib hammasini tingladi. Hali oy ko‘tarilmagani uchun uning yuzida, ko‘zida qanday o‘zgarishlar bo‘layotganini bilolmadim. U javob bermadi. Yonma-yon yurib tungi smena ishlab turgan uchastkaga qarab yo‘l oldik. Qizlar zemlyankasi oldiga yetganimizda, u qo‘limni odatdagidan ko‘ra qattiqroq qisib xayrlashdi. Yo, balki, menga shunaqa tuyuldimi, hali-hali bilolmayman.
Oradan uch kun o‘tgach, Iqbol tungi smenaga ishga o‘tdi. U GESning azamat peshtoqlarida temir parchalarini bir-biriga payvand qilar, elektrod tayoqchasidan chaqnagan uchqun pastga qarab go‘yo nurli tomchi bo‘lib to‘kilar, uning shu’lasi cho‘lning olis-olislarigacha yoritardi.
Kuni bilan bosh to‘g‘onda tosh ko‘porib charchashimga qaramay, cho‘l oralab to‘rt kilometrlik yo‘lni piyoda bosib, GES qurilishiga borardim. Yo‘lni Iqbol chaqnatgan ko‘kimtir nur yoritib turardi. Temir shotiga tirmashib Iqbol ishlayotgan betonli devorga ko‘tarilardim-da, uning yonida o‘tirib, chaqnagan nurdan yoshlangan ko‘zlarimni kepkam bilan to‘sardim. Iqbol juda chaqqon ishlardi. Prorab «xalaqit berasan» deb necha marta meni devordan quvib tushirar, men esa yana tirmashib chiqaverardim. Shu devor ustida, cho‘l shabadasi uning sochlarini to‘zg‘itib turgan bir paytda, ko‘zni oluvchi ko‘kimtir nur orasida birinchi bor uning yuzidan o‘pib olganman. Iqbol arazlagandek menga yer ostidan g‘alati qilib bir qaradi-yu, yana elektrodni temir parchasi ustiga qo‘ydi. Uchqun chaqnadi, uning qo‘li bilinar-bilinmas titraganini sezdim. Hali-hali bilolmayman, uning vujudidagi bu titroq g‘azabdanmi, yo hayajondanmi... Shu kundan boshlab Iqbol xayolchan bo‘lib qoldi. Mendan o‘zini olib qochar, uchrashgan onlarimizda yuzimga tik qaray olmas edi.
Ekskavator mashinistiga yordamchi bo‘lib oldim. Ishlar ko‘payib qoldi. Kechasi kursga qatnayman, kunduz ekskavator boshqaraman, shu kunlar Iqboldan ancha uzoqlashib qoldim.
Uchastka agitpunktida kurs mashg‘uloti bo‘layotganda feldsher xotin meni imlab chaqirdi. Chiqdim. U qo‘limga bir qog‘oz tutqazdi. Shoshib o‘qidim. Unda shu gaplar yozilgan edi.
«...Kasalxonadaman, vaqtingiz bo‘lsa bir kelib ketsangiz. Iqbol».
Kasalxonaga yugurdim. Kasallardan surishtirdim. Meni palataga olib kirishdi. Bu yerda oq xalat kiygan, yuz-ko‘zi doka bilan tang‘ib tashlangan bir ayoldan boshqa hech kim yo‘q edi.
— Mana, Iqbol! — dedi hamshira.
Oq doka orasidan mening nomimni aytgan ovoz chiqdi. Bu Iqbolning ovozi edi.
— Iqbol! Nima bo‘ldi?!
Iqbol yangi yo‘lga kirgan bolalardek devorni ushlab turmoqchi bo‘ldi.
Tez borib uning qo‘lidan ushladim. Karavot qirg‘og‘iga o‘tirdik.
— Elektrod uchquni ko‘zimga sachradi. Iqbolning ovozi titradi. Uning boshini siladim.
— Meni deraza oldiga olib boring, — yalinish ohangida dedi Iqbol.
Uning aytganini qildim.
— Havo ochiqmi? — deya so‘radi u.
— Havo ochiq, yulduzlar chaqnayapti, — dedim.
U uzoq jim turib qoldi. Derazadan qo‘lini chiqazib go‘yo yomg‘ir yog‘yaptimi, yo‘qmi, bilmoqchi bo‘lgandek panjalarini yoydi.
Svarka apparatida chaqnagan nur Iqbolning yuziga chulg‘angan oq dokalarni ham ko‘kimtir tusga kiritgan edi.
— Nahot, umrbod ko‘r bo‘lib qolsam-a?
Vrach meni haydab chiqarguncha uning oldidan jilmadim.
Oradan bir hafta o‘tgach, Iqbolni Toshkentdagi ko‘z klinikasiga olib ketishdi. Men esa armiyaga jo‘nab ketdim.
So‘nggi bor Iqbol bilan uchrashgan kunim hali esimdan chiqmaydi. Armiyaga jo‘nash oldidan uning holidan xabar olgani Toshkentga tushdim.
Erta kuz edi. Klinika hovlisidagi daraxtlarning bargi sarg‘aygan, keksa dub barglarigina ko‘k edi.
Iqbolning bilagidan ushlab, gulzor chetidagi skameykaga olib keldim. O‘tirdik. Iqbol timirskilab qo‘limni topdi-da, uzoq jim turib, keyin xo‘rsinib qo‘ydi.
— Ketyapman deng... Ketish oldida sizni o‘z ko‘zim bilan ko‘rolmadim. Qani endi, ko‘zim ochila qolsa-yu bir ko‘rsam. Harbiy formada qanaqa ekansiz.
— Ko‘zingiz ochiladi, — dedim unga ruh beruvchi ohangda.
— Professor ham shunday dedi, balki ko‘nglimni ko‘tarish uchun aytgandir.
Men unga professor bilan gaplashganimni, u menga ham xuddi shunday deganini aytdim.
— Juda kutilmagan hodisa bo‘ldi-da, shunday usta payvandchi, nahotki beparvolik qilib, ko‘zga uchqun sachratib olsangiz.
Iqbol qo‘limni yana mahkamroq qisdi. U cho‘lda, oydin kechada birga yashashni taklif qilganimda javob o‘rniga qo‘limni xuddi shunday qisgan edi.
— Bilasizmi, o‘sha kuni qo‘lim va ko‘zim ishda edi-yu...
U gapirolmay entikdi.
Juda g‘alati bo‘lib ketdim. Ayni zamonda ko‘ngilni ham shodlantiruvchi, ham ezuvchi bu gapdan gangib qoldim.
— Iqbol!.. — gapimni tugatolmay sapchib o‘rnimdan turib ketdim. Nima qilishimni bilmay turgan yerimda serrayib qoldim.
— Ko‘zim ochiladi, — dedi Iqbol ishonch bilan. — Yana ko‘rishamiz. Faqat tezroq ko‘zim ochilsa-yu, bog‘larni, maysalarni, odamlarni ko‘rsam. Hayotning, tabiatning qanchalar chiroyli ekanini endi yaxshiroq sezdim. Chunki hozir ularni ko‘z bilan emas, yuragim bilan ko‘rib turibman. Cho‘llarda chaqnagan chiroqlarni ko‘ryapman. Tezroq, tezroq ko‘zim ochilsa. Ko‘zlarimga tang‘ilgan dokalarni yirtib tashlab, hayotga qarasam deyman.
— Ko‘zingiz ochiladi. Albatta ochiladi, yana uchrashamiz, birga turmush qilamiz. Ana o‘shanda siz cho‘llarda kombinezon kiyib yurmaysiz. Mening uyimda, xuddi malikalardek yasanib, shohona hayot...
Iqbol qo‘lini shart tortib oldi. Nazarimda, ko‘ngilsiz bir voqea esiga tushib qolgandek seskanib ketdi. Yo menga shunday tuyuldimikin? Hali-hali bilolmayman.
Shu kuni Iqbol bilan qosh qorayguncha gaplashib o‘tirdim. U menga oq yo‘l tiladi. «Kutaman, Samad aka» dedi-yu, muomalasi sal sovuqroq ko‘rindi, bu gap yurakdan emas, shunchaki aytilganga o‘xshadi. Ketdim. Ko‘z oldimda Iqbolning oq dokaga chulg‘angan qiyofasi qoldi...
Oradan besh yil o‘tdi. Shu orada unga yozgan o‘nlab xatlarimga javob ololmadim. Oxiri Iqbolning izini yo‘qotdim. Mana, daryo suvi shovillagan oydin kechada, paromchining budkasida uning suratiga termilib o‘tiribman. Olisda Iqbolni eslatuvchi yashil nur chaqnab turibdi. Uning o‘tkir nuri deraza oynasidan o‘tib uy devoridagi suratlarni ham goho lip-lip yoritib qo‘yadi. Iqbol hayot ekan. Nima uchun shuncha xatlarimga javob bermadi? Axir, men unga biron yomon gap aytmagandim-ku.
Uning suratiga termilib birga kechirgan kunlarimizni, bir-birimizga aytgan iliq-issiq gaplarimizni so‘zma-so‘z xotirladim. Biroq aytilgan gaplarda bironta ham nojo‘yasi yo‘q edi.
Qani endi uchrashsak. O‘sha vaqtda aytganimdek, malikalardek...
Esladim! Iqbolning izzat-nafsiga, g‘ashiga tekkan narsa endi ayon bo‘ldi. Qiziq, kishi o‘zining xatosini sezishi shunchalar qiyinmi? Nechun shu paytgacha bu narsa yodimga tushmadi? Nega? Gugurt chaqib Iqbolning suratiga qaradim. Uning hozirgi holati men tasavvur qilgan malikadan ming marta afzal edi. O‘z baxtini o‘zi yarata oladigan kishi o‘zgadan baxt kutmaydi. Iqbolni mendan sovutgan narsa ham mening shu bir og‘iz nojo‘ya gapim edi. Gugurt cho‘pi oxirigacha yonib qo‘limni kuydirdi.
Demak, Iqbol hayot, uning ko‘zlari avvalgidek ravshan. Biroq u hozir qaerda! Er qilganmikin? Kim ekan u baxtli yigit? Mumkin emas! Ishonmayman.
Qani endi, uni hozir shu topda ko‘rsam, o‘sha ko‘kimtir nur ichida bir ko‘rsam. Hu o‘sha cho‘llarda chaqnagan ko‘kimtir chaqin shu’lasida u haqda xayol sursam... Yoshlikni, biz ishlagan o‘sha azamat qurilishlarni eslasam, birga orzu qilganimizcha yashasak...
Qaydasan, qaydasan, Iqbol?!
Asta-sekin tong yorisha boshladi. Kiyinib tashqariga chiqqanimda chol parom ketida eshkak burib, daryoning qoq o‘rtasida narigi qirg‘oqqa qarab ketardi.
Otni egarladim. Ustiga ikkita yuk mashinasini ortgan parom ortga qaytdi. Cholning oppoq soqollari shamolda silkinar, yenglari bilagigacha shimarilgan baquv-vat qo‘llari eshkakni epchillik bilan boshqarib kelardi.
Tuni bilan chaqin chaqqan tomondan endi quyosh ko‘tarildi. Kechasi kumushdek tovlangan daryo suvi sarg‘imtir tusga kirgan edi.
Paromdagi mashinalar qirg‘oqqa chiqib, shag‘al bosti-rilgan yo‘ldan motorlarini gurillatib ketishdi.
— Ota, bir iltimosim bor edi, aytsam, xo‘p deysizmi?
— So‘rang, bolam.
Cholni budkaga boshlab kirdim-da, devordagi suratni menga berishini so‘radim.
— E, mendan so‘rab nima qilasiz, o‘zidan so‘rang-da.
— O‘zini besh yildan beri topolmayman.
— Mendan so‘rab qo‘ya qolmabsiz-da.
— Taniysizmi?! Hozir qaerda u?!
— Qiziqsizmi? O‘z qizimdek bo‘lib qolgan bir kishini tanimay jinni bo‘pmanmi? Kechasi bilan Qo‘shqo‘nokda chaqmoq chaqib chiqqan o‘sha siz qidirgan Iqbol-da. Bu atrofdagilar kechasi shunaqa chaqmoq chaqishi bilan darrov: «Iqbol chirog‘i yondi» deyishadi, soatingiz necha? Yetti bo‘ldimi, hozir o‘zi ishdan qaytib qoladi. Mana shu paromda uyga o‘tadi. Qani, uyga olib ketay.
— Er qilgani yo‘qmi? — deya shoshib so‘radim undan. Chol qo‘l siltadi.
— Nazarimda, erga chiqmoqchi emasga o‘xshaydi. Ne-ne yigitlar kishi qo‘ydi. Ko‘nmaydi. Xotin-xalajning gapiga qaraganda, allaqaysi GESda ishlaganda bir yigitga ko‘ngil bergan emish. Yigit bevafolik qilganmish, unday desam, kimni kutadi?! Xullas, bu to‘g‘rida bir nima deyish qiyin...
Chol mendan so‘ramay otning egarini olib suvlug‘ini bo‘shatib qo‘ydi. Men to‘ngakka xotirjam o‘tirib papiros cheka boshladim.
Daryo hamon shovillar, chol suv o‘rtasida to‘lqinlar bilan olishib, quyosh chiqayotgan qirg‘oqqa tomon intilar edi.

1956 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.