OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Egizak (hajviya)

Tolibjon mudrab, arang uyiga yetib keldi. Ikkinchi kavatga chiqqanida ham ko‘zi biyo-biyo bo‘lib, tikka turganicha uxlab qolgudek holi bor edi. U shu mudraganicha eshikka kalit solib ochdi-yu, xotinini uyg‘otib yubormaslik uchun faqat koridor chirog‘inigina yoqib, o‘rta uyga nim qorong‘i yorug‘lik tushirib qo‘ydi. Yotoqxona eshigini sekin ochib, ichkariga mo‘raladi. Xotini pishillab uxlayapti. U yana eshikni g‘ichillatmay bekitib yechina boshladi. Bugun tuzattirgan xotinining tilla soatini, olgan maoshini cho‘ntagidan olib, stolga qo‘ydi. Oyoq uchida yurib vannaxonaga kirdi.
Tolibjonning xotini serjanjal xotin bo‘lsa ham, ba’zi paytlarda undan mehribon odam topilmay qolardi. Qarang, vannaxona qozig‘iga Tolibjonning yangi ich kiyimlarini ilib qo‘yibdi. Magazindan bugun olganga o‘xshaydi. Bu albatta, erim yuvinib, kiyinib olsin degani-da.
Tolibjon shunday qildi. Vannaga tushib, issiq suv oqizdi. Joni kirib birpasda yuvinib oldi. To badani qizarib ketguncha yangi sochiqqa ishqaladi. Yangi ich kiyimlarni kiyib, yotoqxonaga atir sovundek yiltirab kirdi. Xotini hamon uxlayapti. Tolibjon ko‘rpaning bir chekkasini ko‘tarib, asta xotinining yoniga kirib, orqasini o‘girganicha uxladi-qoldi.
Tolibjon qancha uxlaganini bilmaydi. To‘s-to‘polondan uyg‘onib kedi. Xotini dodladi. Tolibjonning beliga bir tepki tushdi. Ko‘zini ochib qarasa, qop-qora bir yigit ko‘zidan o‘t chaqnab tepasida turibdi. Xotin ko‘rpaga boshini burkab, dod ustiga dod soladi. Qop-qora yigit Tolibjonning giribonidan bo‘g‘ib, o‘rnidan turg‘izib qo‘ydi. Keyin ko‘rpani ochib, xotinni ham tik turg‘izdi. Tolibjonning g‘azabi keldi.
— Kimsiz? — dedi Tolibjon titrab-qaqshab.
— O’zing kimsan? — dedi qora yigit, uni sensirab.
— Menmi, men, Tolibjon.
— Qanaqa Tolib? — dedi yana o‘dag‘aylab qora yigit.
— Qanaqa Tolib bo‘lardi, Tolibdaqa Tolib-da. 
Qora yigit alam bilan uni bir kalla qilgan edi, xotinining oldiga borib tushdi. Tolibjon shundoq qarasa, xotin uning xotini emas. Qora yigit endi xotinga o‘dag‘aylay boshladi.
— Bu kim? — dedi u Tolibni ko‘rsatib.
— Xudo haqqi, tanimayman. Endi ko‘ryapman.
— Endi ko‘ryapman? Shunaqami?
Qora yigit stolda yotgan bir dasta pul, tilla soatni olib xotiniga otdi.
— Bu nima? Sovg‘alarmi? Biz bunaqa soat olib berishga yaramaymizmi?
— Bilmayman. Qanaqa soat, qanaqa pul? O’lay agar, til tortmay o‘lay agar, bu odamni ham, bu pul bilan soatni ham bilmayman.
— Yoningda yotadi-yu, tilla soat sovg‘a qiladi-yu, bilmaysanmi? Hozir ikkovingni ham bir yoqli qilaman.
— Bilmayman deyapman-ku. Nega ishonmaysiz?
Qora yigit alam bilan stulga o‘tirib qoldi. Dard-alam bilan peshonasiga patillatib ura boshladi.
— Qandoq ishonay, qandoq ishonay? Shunaqa bevafo xotinmisan, meni o‘ldi deb o‘ylaganmiding? Nahotki kiyimlarimni ham bu yaramasga kiydirib qo‘ysang, egnida ich iyimlarim, oyog‘ida shippagim... — Qora yigit alam bilan o‘rnidan sapchib turdi-yu, xotinni bo‘g‘ishga yugurdi.
Xayriyat, eshikning kaliti burnida qolgan ekan, xotin zina tarafga dod deb qochdi. Tong yorishib qolgan ekan, zinaga odam yig‘ildi. Bir ayol ayb bo‘lmasin deb xotinning ustiga plashini tashladi. Ammo gorproekt loyihachisi Tolibjon ich kiyimida dirgizlab odamlardan madad so‘rab javdirab turardi.
Odamlar biri olib, biri qo‘yib, gapga tushib ketishdi. Birov xotinni behayolikda, birov Tolibjonni sayoqlikda, birov qora yigitni qo‘pollikda ayblardi. Shu payt allaqaydan militsiya yetib keldi. Akt, u-bu tuzildi. Odamlar qo‘l qo‘yishdi. Shundan keyin har uchalalarini militsiya oldiga solib haydab ketdi.
Uzoq tergov, tekshir-tekshirdan keyin uchovlarini ham qo‘yib yuborishdi.
Ayb loyiha boshqarmasiga tushdi. Tolibjon o‘zi loyihalagan, birini biridan farq qilib bo‘lmaydigan uyda adashib birovnikiga kirib, birovning xotini yonida xurrak otib uxlab qolgan ekan.
(Ushbu hikoya yozilmasdan oldin shahar loyiha boshqarmasida tasdiqlangan. Ishkal topgan tanqidchilar avtorga ming‘illab yurmasinlar).

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.