OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Bir siqim xandon pista (hajviya)

Iskameyka uzra o‘ltirsa nechalar rohat qilib, 
Kavshimiz loyi bilan biz ustida yotmog‘imiz.
Tavallo


Erkakdir, ayoldir, yoshi bir joyga borganda boladan chiqib qolarkan. Qimizxon bilan Usmonjon ham xuddi shunaqalardan edi. Ularning bolalari uyli-joyli bo‘lib ketishgan. Kelinlari bilan til topisholmay ro‘zg‘orini bo‘lak qilib qo‘yishgan.
Qimizxon har dam olish kuni nevaralarini qanchalik orziqib kutsa, ketishlarini ham shundoq besabrlik bilan kutardi.
Bola degan u-buga tegmasa, idish sindirmasa, bola bo‘ladimi! Ular shkaf tepasiga chiqib polga sakrashganda javondagi idish-tovoqlar jarang-jurung kilib ketadi. Ostonaga tashlab qo‘yilgan ho‘l lattaga oyoq surtmay uyga kirishadi. Kechgacha ko‘chaning yarim tuprog‘i uyga kiradi.
Nevaralar eslarini tanib olgunlaricha ana shunaqa edilar. Endi ularning ovozlari do‘rillab, yuzlariga husnbuzar toshgan, kaftlariga tuflab toshoyna oldida sochlarini silashadi.
Qimizxonning eri Usmonjon qo‘ydek yovvosh odam. Gap so‘ramasang, kechgacha undan sado chiqmaydi. Qimizxonni ozoda deyish ham kam, juda ozoda deyish ham to‘g‘ri kelmaydi. Uni «sapsem» ozoda, ya’ni g‘irt ozoda, desa to‘g‘ri bo‘ladi. Uning uylari yog‘ tushsa yalagudek. Yostiq jildlari, ko‘rpa g‘iloflari ohorlab dazmollangan. Usmonjonning ta’biri bilan aytganda, bu uy-joy emas, balnisa.
Usmonjon otpuskaga chiqqan. Ishxonadagi «otliqlar» yozda otpuska olib, Usmonjonga o‘xshagan «piyodalar»ning otpuskasi qish chillasiga qolgan. Bir hisobda shunisi ham durust. Tashqarida sovuq qaqshatib turipti. Og‘zingdan chiqqan hovurdan oldingdagi odam ko‘rinmaydi. Bozordagi olma-anorlar toshdek qotgan. Dehqonlar o‘ralarini ochmay sovuq qaytishini kutishyapti. Bir kilo sabzi odamning bahosi. Ko‘chaga chiqqan erkaklarning mo‘ylovlari qirov boylab, morjga o‘xshab uyga qaytishyapti. Tuflasang, tupuging yerga qarsillab tushadi. Eshiklarning tashqari tomonidagi tutqichini ushlasang, qo‘lingni chippa oladi. Bunday paytda kimga qiyin, postdagi melisaga qiyin. Shundoq sovuqda qaysi esini yegan ko‘chaga chiqadi?
Qimizxon bugun ishdan erta qaytdi. Ishxonasidagi issiq suv quvuri yorilib, xonalar sovub ketibdi.
Er-xotin aptekadek top-toza uyda huzur qilib o‘tirishardi. Eshik tepasidagi qo‘ng‘iroq shitob bilan jiringladi. Usmonjon shu sovuqda qaysi befahm odam keldi ekan, deb eshikni ochdi. Ostonada shopmo‘ylovli, semiz bir kishi hansirab turipti. Orqasida ellik yoshlardagi qora duxoba qo‘lbola kamzul kiygan, ikki labi bichilgan xotin, xuddi diagrammaga o‘xshash bo‘yi biri-biridan baland uch o‘g‘il bola, sochining uchiga pilik taqilgan besh yoshlardagi qizcha turardi. Ularning oyoqlari ostida ikki chamadon, ikki-uchta sumka, ichiga nimadir solingan qop. Mo‘ylovli kishi ikki og‘ir chamadonni uchinchi qavatga ko‘tarib chiqquncha terga pishib ketgan. Burnidan, iyagidan chak-chak ter tomardi. U hozirgina peshona terini artgan qo‘lini uzatib, Usmonjonning panjalarini pilchiratib ko‘rishdi. Undan gup etib oftobda qolgan xom teri hidi keldi.
— Parpivoy akam sizga ko‘pdan-ko‘p duo dedilar.
Usmonjon bu, Parpivoy degani kim bo‘ldiykin, deb o‘ylab qoldi. Bundan bir yarim oylarcha oldin vodiydagi shahar maishiy xizmat kombinati chiqargan mahsulotlarning sifatsizligi to‘g‘risida tushgan arizalarni tekshirgani borgandi. Kombinat idorasi to‘g‘risidagi hovlida to‘y bo‘layotgan ekan. Uni ham qo‘yarda-qo‘ymay olib kirishdi. Qimizxonning ovqatiga o‘rgangan Usmonjon dasturxonga qo‘l urmadi. Sochiq bilan pashshalarni qo‘rib o‘tirdi. To‘y egasining ko‘ngliga kelmasin, deb, taqsimchadan bir siqim xandon pista olib chaqib yedi. Butun boshli to‘ydan yegani shu bo‘ldi.
To‘y egasi hukumatning do‘konida sotiladigan bodringga o‘xshash uzun, shu bodringdek gavdasi egilgan kishi ekan. Suhbat asnosida u kishining ismi Parpivoy ekani, olis bir rayondagi bo‘rdoqichilik bazasida qatnab ishlaydigan bosh axraynik ekani ma’lum bo‘ldi. Ular chiqib ketishayotganda Parpivoy Usmonjonga ana endi qadrdon bo‘lib qoldik. Bir dasturxondan nasiba yedik. Bundan buyon bir-birimiznikiga bordi-keldi qilaylik, deb uning adresini yozib olgandi.
Usmonjon o‘yini o‘ylab bo‘lguncha mehmonlar yo‘lakka kirib bo‘lishgan edi.
Mo‘ylov chamadonlarni burchakka qo‘yarkan, Parpivoy aka, Usmonjonnikida bir-ikki kun turib, suhbatini olinglar, juda bama’ni odam deb tayinlaganlar, hayriyat uyda ekansiz, dedi.
— O’sha siz to‘yda chaqib yegan handon pistadan bozorga boshqa kelmay qo‘ydi. Usmonjonga bir-ikki kilo yuboray deb Parpivoy aka ikki-uch marta bozorga tushib chiqdilar. Unaqasidan kelmapti. O’sha to‘yda ikki cho‘ntagini to‘ldirib solib bersam bo‘larkan, deb ko‘p afsuslandilar.
O’zbekchilik, kelgan odamni ket deb bo‘lmaydi. U garang bir alpozda mehmonlarni xonaga boshlab kirdi. Oshxonadan chiqqan Qimizxon nimalar bo‘layotganiga aqli yetmay hayron bo‘lib turardi. Mo‘ylov unga, «yaxshimisan, kelin» deya ichkariga kirib ketdi. Ular qor kechib kelishgan edi. Etiklariga ilashgan qor issiq uyda erib polda ko‘lmakchalar paydo bo‘ldi.
Usmonjon xotiniga nima deyishni bilmay serrayib turardi.
— Xotin, — dedi Usmonjon, — yemoqning qusmog‘i ham bor, deb bekorga aytishmagan. Yemay ham o‘lay, bir qism xandon pista chaqib yegandim.
Qimizxon choy olib kirdi. Mo‘ylov choynak qopqog‘ini ochib, iya, pamil ekan-ku, kelin, to‘qson beshdan damla, dedi. Qimizxon choy olib kirayotganda dimog‘iga allaqanday qo‘lansa hid urildi. U xuddi o‘rada achib qolgan selitrali sabzi hidiga o‘xshardi. Qimizxon qaytishda burnini kafti bilan to‘sib o‘tdi. Burchakda beli bukchayib yotgan etik qo‘njidan qatirma bo‘lib ketgan paytava osilib yotganini ko‘rmadi.
Mo‘ylov choy ustida Toshkentga kelishdan maqsadini aytdi.
— Shu desangiz, Usmonjon ukaginam, bir jiyanimiz chaquvdan qamalib qolgan. Bazadan o‘n bitta novvosni sotgan, deydimi-e, semiz novvoslar o‘rniga ozg‘in, qari sigirlarni almashtirib qo‘ygan deydimi-e, ish qilib, bola bechora tuhmat balosiga yo‘liqib, qamalib yotibdi. Shunga peredacha berishga keldik. Ovqatni shu yerda pishirib oboramiz-da. Go‘sht ola ketay, desam, Parpivoy aka, unday qilmang, Usmonjon xafa bo‘ladi, dedilar. Keyin Usmonjonga aytgin, prokurormi, sudmi, melisa boshlig‘imi, ishqilib, shular bilan gaplashsin, deb tayinladilar.
Kecha ishxonada ro‘yxat bilan go‘sht berishgan. Usmonjonga ham ikki kilo tekkandi. Qimizxon go‘sht bilan kartoshka qovurib olib kirdi. Mo‘ylov go‘shtni og‘ziga solarkan: «Iya, muzlagan go‘shtmidi», — dedi. Keyin hay, mayli, dedi-yu stoldagi araqni piyolaga to‘ldirib, ichib yubordi. U ichdimi, ichiga quydimi, Usmonjon bilolmay qoldi.
— Ukam, boshqa yo‘qmi?
Usmonjon hijolatlik bilan «yo‘q» dedi. Shundan keyin Mo‘ylov chamadondan bir shisha olib ichdi.
— Tanishib olganimiz yaxshi bo‘ldi. Uch-to‘rt kun otamlashamiz. Usmonjon ukam, biz Parpivoyga kuyov bo‘lishdan tashqari, shogird hisobdamiz. Bazada men u kishiga smenshikman. Uyda o‘n bitta novvos, yigirma oltita qo‘y, to‘rtta biya bor. Yemdan qiynalmaymiz. Bazadan bari bor. Yem deysizmi, serobgarchilik. «Jiguli»ning yukxonasida kuniga ikki marta shahar hovliga yem opkelishimiz bor. Buni qarang, mustaqillik sharofati bilan biz bechoralarning ham yelkamizga oftob tegib qoldi. Shu, deyman, hukumat melisalarni ham yo‘q qilsa edi, ishlari yurishib ketardi.
Suhbatdan ma’lum bo‘ldiki, Mo‘ylov Parpivoyga kuyov hisobida ekan. Nima balo, kech uylanganmi, bolalari hali yosh. Kech farzand ko‘rgan ekan bechora, deb o‘yladi. Uning bu o‘yini Mo‘ylov sezib turgan ekan, tushuntira ketdi:
— Ukaginam, bu kennoyingizga zagsda patta kesilmagan. Birinchisidan to‘qqizta bola bor. Bechora giroy bo‘laman deb rosa tug‘di. To‘qqizinchisini tug‘diyu o‘zimizning tilda aytganda brakka chiqib qoldi. Shunga karashib turar, deb buni olganman. Parpivoyning o‘gay singlisi. Baxtimni qarang. Hasan-Husan tug‘ib bersa bo‘ladimi! Kundoshlar bir-biriga dushman bo‘ladi, degan gap bekor ekan. Opa-singildek yashashyapti. Biri molga qarasa, biri menga qaraydi. Bilasizmi, Usmonjon, xudo sevgan bandasiga Hasan-Husan beradi. Hasan-Husanlarni urib bo‘lmaydi, so‘kib bo‘lmaydi. Shundoq qilsangiz, xudo qahriga oladi. Sizga ham egam Hasan-Husan nevaralar bersin.
Kech kirib qoldi. Bolalar bir-biriga mayiz otib o‘ynay boshlashdi. Bossang, mayiz gilamga saqichdek yopishadi. Na ota hay, dedi, na ona. Mo‘ylov ust-ustiga uch marta esnadi. Bolalar multfilm ko‘ramiz deyishsa ham, bo‘ldi, yotish, dedi. U yechinib yotarkan, Usmonjonga nimadir dedi.
Usmonjon oshxonaga kirdi. Xotini iyagiga kaftini tirab, qoshlari chimirilgancha o‘tirardi. Usmonjon qo‘rqa-pisa:
— Kelin paytavamni yuvib qo‘ysin deyapti, — dedi.
— Belini uqalab qo‘yish kerak emasmikin? Bir kamim bijg‘ib ketgan paytavani yuvishmidi. E, mehmoningizdan o‘rgildim.
U shunday dediyu, yotoqxonaga kirib bir metr surp olib chiqdi. Qoq o‘rtasidan tarillatib yirtdi. Eski paytavani cho‘pga ilib axlat chelagiga tashladi.
Mehmon yomonam xurrak tortarkan. Derazalar zirillaydi. Xotini tinimsiz kekiradi. Qizi qirt-qirt qilib boshini qashlaydi.
Usmonjon ertalab hojatga kirsa, mehmon suvini tushirmay chiqib ketgan ekan. Derazalarni ochib, xonalarni shamollatdi. Hammayoqqa anor donalari sochilgan, bilmay bosib olsang, pirt-pirt qilib, qizil suv sachratadi. Mo‘ylov kechasi bilan yo‘lak burchiga nos tuflab chiqqan ekan. Usmonjon ho‘l lattani oyog‘i bilan surib, artib qo‘ydi. Bir aylanib kelsa yana tuflabdi. Bu gal tuflamabdi, purkapti. Devorlar sepkil bo‘lib ketibdi.
Qimizxon barvaqt ishga ketib qopti. Usmonjon inqillab-sinqillab sabzi to‘g‘radi, osh damlab, tog‘oraga solib berdi. Mehmonlar oshni ko‘tarib turmaga ketishdi. Usmonjon uylarni yana shamollatdi. Gilamga yopishgan saqichdek qora mayizlarni emaklab yurib tirnog‘i bilan ko‘chirdi. Yostiq jildlarini, ko‘rpa g‘iloflarini chiqazib, tugib qo‘ydi.
Mehmonlar kechga tomon kaytib kelishdi. Eshik berk. Qo‘ng‘iroq tugmasini qancha bosishmasin, ichkaridan sado chiqmadi. To‘g‘ridagi eshikdan pijama kiygan bir kishi chiqdi.
— Keldinglarmi? Usmonjonning yaqin odamini avtobus urib ketibdi. Xotini bilan janozaga ketishdi.
— Qachon qaytisharkan? — deb so‘radi Mo‘ylov.
— Birato‘lasiga yettisini o‘tqazib qaytishar-ov. Yuklaringiz biznikida. Hozir opchiqib beraman.
— Kalitni tashlab ketishmadimi?
— Shoshib qolishgandi, bunday paytda kalit esiga keladimi.
Qo‘shni shunday deb ikkita chamadon bilan qopni opchiqib berdi. Mehmonlar turib-turib pastga tushib ketishdi.
Usmonjon ikki kungacha qaynotasinikida yotib qoldi. Zamira degan qaynsinglisi kelib uylarni, idishlarni qatron qildi. Pochchasi tugib qo‘ygan ko‘rpa g‘iloflarnnn endi ko‘taraman deb turgandi. Qo‘ng‘iroq chalindi. Eshikni ochishi bilan assalomu alaykum, deb o‘rta yashar er-xotin ikki o‘g‘lini ergashtirib kirdi. Bolalardan biri yaqinda ko‘zini ochgan qop-qora kuchuk bolasini ko‘tarib turardi.
— Usmonjonning qadrdonlari bo‘lamiz. Uzoqdan yo‘qlab keldik.
Zamira nima qilishini, nima deyishini bilmay serrayib turib qoldi.
— Yo‘qmilar? — dedi erkak mehmon. — Bizlarni Parpivoy degan qadrdonlari yubordilar.
— Pochcham bilan opam Yangiyo‘lga ketishgan, — dedi Zamira.
— Pochchangiz bilan opangiz bo‘lmasalar, mana siz borsiz-ku. Ikki kungina turamizu ketamiz. Axir, xolodilnikda u-bu bordir. Qurib-qaqshab yotmagandir?
Ikki bola balkonga chiqib pastga qarab kim o‘zarga choptirish qilishdi. Pastdan xotinlarning chuvillashgani eshitildi. Bu sho‘r suv qaysi qavat boloxonasidan tushayotganini bilmay shovqin solishardi.
— Kechirasizlar, men ketishim kerak, — dedi Zamira.
— Bemalol ketavering. Usmonjon kelguncha shu yerda kutamiz.
— Hali-beri kelishmaydi.
— Unday bo‘lsa, yana yaxshi. Shaharda ishlarimizni xotirjam bajarib olamiz. Chayqov bozoridan bo‘lmish kelinga ponbarxat, parcha, yaponcha jemper, o‘zimga komsostav etik olishim kerak. Manavu bolakaylarimni hayvonot bog‘iga oborib, maymunlarni ko‘rsataman.
Zamira nima qilishini bilmay qoldi. Oxiri qo‘shni uydan opasiga telefon qildi. Qimizxonning tili gapga kelmas, faqat hiqillardi. Trubkani Usmonjon oldi.
— Pochcha, to‘rt kishi. Parpivoy degan kishi yuboripti. Bitta kuchuk bola bilan ikki yuz grammcha xandon pista olib kelishipti.
Qaynsinglisi mehmonlar kuchuk bola olib kelishibdi, deganidan keyin uni tanigandek bo‘ldi. Parpivoy aka uni shahardagi daydi itlarni aravaga bosib olib ketadigan brigadaning «starshiy it tutuvchisi» deb tanishtirgan edi. O’shanda starshiy it tutuvchi, unga zotli bir it topib beraman, degani esiga tushdi.
Usmonjon uzoq jimib ketgandan keyin tilga kirdi.
— Qo‘shnilarni chaqirib, ularni uydan chiqarib yuboring.
Boyatdan beri telefon oldida Zamiraning gaplarini eshitib o‘tirgan qo‘shni shatta o‘rnidan turib, to‘nini yelkasiga tashladi. Zamiraga ergashib Usmonjonning uyiga kirdi. Mehmonlar divanda yalpayib o‘tirishar, ikki bolaning biri kiyim shkafi ustiga chiqib olgan, yana biri oyog‘idagi tapochkasini yechib pianino klavishlariga urardi.
— Qani, marsh! — dedi qo‘shni. — Bir marta salom bergan odamning uyiga ko‘ch-ko‘roningni orqalab, bostirib kirib kelaverasanmi! — E, sendaqa izzatini bilmagan mehmondan o‘rgildim. Ko‘tar jiyda xaltangni!
— Iya, iya, — dedi starshiy it tutuvchi. — Toshketliklar shunaqa bo‘lishadimi?
— Shunaqa bo‘lishadi, tanimagan odamini uyga kiritishmaydi.
Ana shu voqeadan keyin Usmonjon to‘rt xonali uyini shahar chetidagi uch xonali uyga ayirbosh qilib ko‘chib ketdi. Bu yangi uyni, Usmonjonning tili bilan aytganda, mehmon ekan-ku, hatto OBXSSning iti ham topolmasmish.
Yo‘q, u yanglishgan edi. Parpivoy akaning odamlari bu uyni ham topib borishdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.