OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Qaysar (hajviya)

Juma ota o‘tgan haftada o‘ladigan edi. Bu gapni doktor kampirga aytayotganda eshitib qoldi.
— Endi, chidaysiz, kampir, otaning bir-ikki kunlik umri qopti, tayyorgarligingizni ko‘rib qo‘ying.
Ota bu gapni eshitdi. O’zining o‘limidan ham kampiriga achindi. Ayniqsa, doktorning tayyorgarligingizni ko‘rib qo‘ying, degani yomon ta’sir qildi.
Tayyorgarlikning nimaligini ota biladi. Kambag‘al bo‘lsang, ko‘chib ko‘r, boy bo‘lsang o‘lib ko‘r, degan gapni u juda yaxshi tushunadi.
O’lish oson gap ekanmi?
Ota yigirma kundan beri ana ketaman, mana ketaman deb yotgan narsa edi. Doktorning gapidan keyin badani qizib qon yurishib ketdi. Yostiqdan boshini ko‘tarib o‘tirib oldi. Xotinini chaqirdi.
— Xotin, doktorning gapiga ishonma. Men o‘lmaydigan bo‘ldim.
Uning gapiga kampir hayron bo‘ldi.
— Bu nima deganingiz?
— E, xotin, men o‘lishdan qo‘rqmayman, o‘lik ko‘mishdan qo‘rqaman. Tokchadan cho‘tni ol. Senga o‘lik ko‘mishning xarjini bir hisoblab beray.
Kampir cho‘tni olib berdi. Chol cho‘tni tizzasiga qo‘yib, hisoblab ketdi.
— Xo‘sh, o‘lgan kunim uncha harajat bo‘lmaydi. O’limlik pulimdan uch kilo choy olasan, yigirma beshni go‘rkovga berasan, kafanligim bor. Har yakshanba, payshanba kuni mahalladan yetti-sakkiz kishi kirib qur’on o‘qib, osh yeb ketadi. Yettimda osh damlaysan, non yoptirasan, yigirmamda qo‘y so‘yib, osh damlaysan, yetti mahallaning machitidan odam keladi. Undan keyin qirqim bo‘ladi. Bunda ham katta xarj bo‘ladi. Katta, kichik hayitim, iftorligim, yilligim, qoryog‘dim, gulisurxim bo‘ladi... Xo‘sh, shularga bir nimang bormi?
Kampir ko‘ziga yosh oldi.
— Axir ro‘zg‘ordan orttirib, u-bu qilib qo‘yay desam, jikillab qo‘ymadingiz. Agar u yoq-bu yoqqa yashirgan pulingiz bo‘lmasa, menda hech vaqo yo‘q.
— Ha, balli, — dedi chol. Ana shuning uchun ham bu yilcha o‘lmay turadigan bo‘ldim.
Chol bolaligidan bir so‘zli edi. Bu gal ham gapidan qaytmaydi. Mana, ko‘rarsiz, u o‘lmaydi!
Aytdim-ku, chol qaysar odam deb. O’lmapti, kecha uni samovarda gap sotib o‘tirganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.