OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

No‘g‘ay xalq maqollari (40)

No‘g‘aylar (13-asrdagi Oltin O‘rda xoni No‘g‘ay nomi bilan bog‘liq) — turkiy xalq, Rossiya Federatsiyasining Stavropol o‘lkasi, Dog‘iston, Checheniston, Ingushiston Respublikalari hamda Qorachoy-Cherkasiya viloyatlarida yashaydilar (90,6 ming kishi, 2002). No‘g‘ay tilida so‘zlashadilar. Dindorlari — sunniy musulmonlar.


• Bilganga ― yengil, bilmaganga ― imkonsiz.
• Asal ― shirin, bola undan shirin.
• Xudodan umid qilib, harakat qilmasang, och qolasan.
• Shukr bor joyda baraka bo‘ladi.
• Eshik teshikdan kuladi, g‘ilay ― qiyshiqdan.
• Quruq bilan qo‘shilib, ho‘l ham yonadi.
• Bo‘ri po‘stini tashlasa-da, fe’lini tashlamaydi.
• O‘gay o‘g‘il jizzaki bo‘ladi.
• Qarindosh xafa bo‘ladi, lekin o‘ch olmaydi.
• Qurolsiz ovchi bo‘lmaydi, kuraksiz ― bog‘bon.
• Mehnatsiz rohat yo‘q.
• Buqa o‘lsa ― go‘sht, arava buzilsa ― o‘tin.
• Boy davlatning xalqi ham boy.
• O‘laksa qayerda bo‘lsa, qarg‘a ham o‘sha yerda.
• Qo‘ldagi besh barmoq ham bir xil emas.
• Ezgulik unutilmaydi.
• Bola yig‘lamasa, onasi ko‘krak tutmaydi.
• Ovqatga to‘ymasang, idishini yalab ham to‘ymaysan.
• Yomg‘ir yog‘sa burgut bolasini asraydi, do‘l yog‘sa, o‘z boshini asraydi.
• Cho‘pon ko‘p bo‘lsa, qo‘ylar harom o‘ladi.
• Toychoq ot izidan boradi.
• Qiyshiq quvurdan ham to‘g‘ri tutun chiqadi.
• Ko‘p kulgan oxirida yig‘laydi.
• Haqiqatni ko‘ziga qarab aytsang, qarindoshingga ham yoqmaydi.
• Kattalar kulganda kichiklar ham o‘zlarini kulayotgandek ko‘rsatadilar.
• Mushuk mo‘ylovi bilan ovunadi, tulki dumidan umidvor.
• Olayotganga olti ham oz, berayotganga besh ham ko‘p.
• Bilagi zo‘r birni yiqitar, bilimi zo‘r ― mingni.
• Qishloqdoshing senga akadek.
• Dangasa bir ishni ikki marta qiladi.
• Yolg‘onchi davra to‘rida bir marta o‘tiradi, keyin unga yo‘l bermaydilar.
• Qohirada shoh bo‘lguncha o‘z yurtingda gado bo‘lganing afzal.
• Bo‘rini yiqitadigan yigit bir ko‘rishdan ma’lum.
• Otasi maqtaganni olma, qo‘shnisi maqtagandan qolma.
• Doim ham og‘il otasiga, qiz onasiga o‘xshayvermaydi.
• Onasi maqtaganni olma, qo‘shnisi hurmat qilgandan qolma.
• To‘lmaydigan idishga suv quyma.
• Yolg‘iz odam yashashi qiyin.
• Yomon havo yaxshisi bilan almashadi, lekin yomon yomonligicha qolaveradi.
• Yomon odam yaxshi gap gapirmaydi.

D.Tojialiyev tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.