OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Husan Ermatov. Iqrorlik sasi (esse)

Qayoqdanam o‘qidim shu kitobni.
Sherzod o‘zi aqlli yigit-u, har narsaga hayratlanaveradigan, nimaiki voqea bo‘lsa, shuni bo‘rttirib, odamga ajabtovur yangilik sifatida yetkazish odati bor. Keyin gap-so‘zlari, nutq stili ham o‘shanday ajabtovur. “Chizish” degan rasm ustida ishlayapsizmi deydi soat oltiga yaqinlashaversa. Bu quyonning rasmini chizishga shaylanyapsizmi, degani uning. Qovoq somsani har kuni yeyversangiz, qovog‘ingiz osilmay ilojiyam yo‘qda, bobo, deb qo‘yadi jahli chiqib turganida bir narsa deb zam-zama qilsangiz. Shu bola, aka, shuni o‘qisangiz, uncha ko‘p kuyinavermaydigan bo‘lasiz, deb elektron nusxasini pochtamga tashladi. Mana, bir yarmini varaqlab o‘zim ham shu asarning ruhiga tushib, hech narsaga ajablanmaslik, hech narsadan xafa bo‘lmaslik kerak, degan mavzu bilan boshimni to‘ldirib o‘tiribman. Tolstoy buyuk yozuvchi bo‘lgan. So‘zsiz. Uni o‘qib o‘qidim, deyishga istihola qilasan kishi. Xuddi Navoiy bobomizning asarlarini o‘qib hech narsa tushunmaganimizdek. Shu boisdan fe’li-xo‘yimda paydo bo‘layotgan chala yarim to‘xtamlar, o‘zimni o‘zim koyishim va koyimasligim kerakligi, birovdan hijolat tortishim-u, bularning bari aslida sariq chaqachalik ham ahamiyatli emasligini anglaganga o‘xshash mulohazalar... Mulohazalar emas, uzuq-yuluq gaplar desak to‘g‘riroqdir balki... Shunaqa. “Iqrornoma” iqror qilyapti chamasi...

II

Nimalar bo‘layotganini bilamanmi? Xo‘sh nima ekan? Bilmayman. Tuni bilan mijja qoqmay o‘zimni yeb bitirishim mumkin, ertasiga bitta iliqroq, hattoki, o‘zimcha iliqroqqa sal-pal yaqin keladigan so‘zmi, qiliqmi, ishora mening kayfiyatimni joyiga tushirib qo‘yishi mumkin. Xo‘sh, bu o‘zi nima? Bu xaraktermi? Bilmadim.
Qandaydir jinninamo ruhiyatda yuribman. O‘zimni o‘zim tushunmayman. O‘zimga o‘zim to‘g‘ri fikrni aytib to‘g‘ri yo‘lga boshqara olmayman. Atrofimdagilarni qariyb eshitmayman, kulgularim nihoyatda yuzaki, soxta, hamdardligim, berayotgan maslahatlarim ham oxiri yo‘q, jo‘yali emas. Nimani istayotganim ham aniq emas. Xo‘sh, bular o‘zi haqiqatdan ham nima? Menga nima bo‘lyapti?
Oxirgi bir oy davomida mening ruhiyatimda kechayotgan bu bosilqa holatni anglash, o‘zimni o‘zim nazoratmi, tahlilmi, tahrirmi qilishim kerak, degan xulosaga kelyapman. Ajratib olishim kerak, axir bunday yashab bo‘lmaydi! Absolyut haqiqatni izlash ahmoqlik. Har qanday ahmoqona va taytuvlikdan darak beruvchi ishmi, harakatmi, u kim tomonidan amalga oshirilgan bo‘lmasin, e’tibor berish kerak emas, yanayam aniqrog‘i, aksincha, e’tibor berganda ham, juda jiddiy, tagiga yetib borib mulohaza qilib ko‘rish lozim, nazarimda, shunda o‘sha ahmoqona ishdan ham ozgina mantiqning, hech bo‘lmaganda, isini izlab topsa bo‘ladi. Bo‘lmasa - iloj yo‘q.
Keyin, birovlarga baho berish oson – u qanday bo‘lmasin! Ammo, o‘zimchi? O‘zim qilgan gunohlarni nega ko‘z oldimdan o‘tkazmasligim kerak ekan? Axir men inson sifatida ham, odamgarchilik, diyonat bobida ham izdan chiqib ketganim aniq-ku. Xo‘sh, kimga nima deb aql bo‘lishga vijdoniy haqqim borakan? Kechirasan-u, birodar, hali qilgan barcha gunohlaringni bir Titanik ham ko‘tara olmas, deyman. Yana nima emish, bu hayotdan rozi emasmishlar?! Sizga qanaqa hayot kerak edi o‘zi? Balkim, atrofingizdagi do‘stlaringizdan birontasini yo‘qotib ko‘rarsiz? Bolalaringizning har kungi diydorini biron dunyoviy boylikka o‘lchab bo‘larmikan? Nag‘malar qilganingda uyalmaysan-a, nomard! Bolalarni erta ulg‘aytirib qo‘yayotgan, tarbiyasiga salbiy ta’sir berayotgan ishlaring kammi? Ishxonadagi bor obro‘-e’tiboring sekin-asta so‘nib bormoqda. Axir bilasan, amaling bo‘lmasa, sening asl basharang yanada aniqroq namoyon bo‘ladi. Chunki odam qiyinchilikda ochiladi, kimligi ayon bo‘ladi. Ozgina qiyinchilik ko‘rdingmi, yo‘qmi, o‘zingni qahramonlar, jabr ko‘rganlar qatoriga qo‘sha boshlading, ko‘kragingni kerasanmi-ey? Birodar, shoshilma, sendan ancha ko‘p aql yiqqanlar, ancha ulkan xizmat qilib qo‘yganlar bor, senga yo‘l bo‘lsin, sening bir lim mehnating yo bir ikki ko‘ringan ishlaring vaqt sinoviga bardosh berishi dargumon. Hayotda har kuni ishlash, har kuni intilish, har kuni nimadir qilib yashash kerak. Oxirgi ikki yilda qilgan qaysi ishingdan ko‘ngling to‘ldi, axir Xudoylikka kelsak, bironta jo‘yali ish qila olganing yo‘q-ku...
Ammo, o‘rinsiz va nohaq, munofiqlar darajasiga yaqin holda, atrofingdagilarning senga bo‘lgan e’tiborini javobsiz qoldiryapsan, senga bo‘lgan intilishlarini inkor etyapsan, Olloh ko‘nglingga solib turgan ezgu ishlar, maqbul amallarni ijro qilmayapsan... Senga shunday savol berishlari mumkin: shu paytgacha o‘z oldingga qo‘ygan qaysi rejangni oxiriga yetkazding?
Esingdami, anavi sen ruhiy kasal deb bilgan rahbaring bilan kelishmay qolganingda, o‘zingga olamshumul reja qilganing. Agar ishdan ketishga to‘g‘ri kelsa, undoq qilib o‘zimni ko‘rsataman, bundoq qilib hammani qoyil qilaman, falon yo‘l bilan halol pul topaman... O‘sha rejang hali ham ish stolingda turibdi. Ha, ancha suvlar oqib ketdi, kasallarning kasalligini hamma bildi, ishlaring ham bir navi, birovning oldi, birovning keti. Ammo o‘sha o‘zing o‘zingdan g‘ururlanib tuzgan rejalaringni amalga oshirishga nima halaqit beryapti? Yo‘q, halaqit berayotgani yo‘q hech narsa, sabab boshqa yoqda! Senda iroda ham yetishmayapti, oddiygina qilib aytganda, IRODA! Mana shunaqa birodar. Avval ninani o‘zingning badaningga sanchib ko‘r. Keyin... Balkim, shunda o‘zingning asl basharangni ochiq ko‘rarsan. Demak, o‘rtaxol fikrlovchi, noshud odamsan – mana sen kimsan?

III

Bu dunyoda hech narsa abadiy emas. Abadiyligi u yoqda tursin, bu dunyoning turgan-bitgani yolg‘on, butun borlig‘i o‘zi yolg‘onga qurilgan. Yolg‘on dunyo! Shunday ekan, buncha intilamiz-a bu dunyoning o‘sha aldamchi lazzatlariga? Bir so‘zdan qolmaydilar, qolsalar, dunyo bo‘g‘izlariga kelib ketadi, bir parda pastroqqa tushmaydilar – tushsalar, bu dunyodan ulushsiz o‘tadigandek... Axir bularning hammasi pista po‘chog‘idanda arzonroq va arzimaydiganroqku. Nega atrofimizdagi yaxshi odamlarga diqqat qilmaymiz? Misol uchun, ana Dilfuza degan mashinistka qiz. Nazdimda, u har kuni bizlarning asl basharamizni ko‘rib, tomosha qiladi, unda mana shunday imkoniyat bor...
U go‘yo har kuni iliqqina salom berib so‘rashadigan, shu hayhotdek ulkan xonaga kirib chiqadigan qirq-qirq besh nafar ajabtovur fe’l-atvorli, turli-tuman fikrchi, o‘yli-o‘ysiz, hayoli-hayosiz, uyatli-uyatsiz kishining fe’li, atvori, bu hayotdan maqsadi, keyin o‘zi uchun ma’qul va munosib bilgan maqsadlari uchun hech nimadan tap tortmasligi, tubanligi darajasini - bilib–ko‘rib o‘tiradigandek. Keyin sal farosati bo‘lsa, menimcha, bu qizda farosatdan yetarli, biladiki, bu dargohda kim nimaga qodir. Axir u hammaning yozish iste’dodidan boxabar bo‘lish imkoniga ega. Hali kompyuter degan “mo‘‘jiza”dan foydalanishni bilmaydigan yo buni ko‘r-ko‘rona “mashinistkaning ishi” deb or hisoblaydiganlarning yozganlarini oqqa ko‘chiradi. Avtomat, deysiz. Bir daqiqada bir qog‘ozni yozib tashlaydi. Yod bo‘lib ketgan harflarning joylashuvi. Agar farosati yetsa, bu noshud “yozg‘uvchi” ijod ahlining har biriga xos bo‘lgan “uslub”(uslub emish, no‘noqlik va savodsizlik darajasi, desa to‘g‘riroq bo‘ladi)ni ham o‘zlashtirib olgan bo‘lsa ajabmas. Kim gapning egasini qaerga qo‘yadi, kim kesimini degandek. O‘zi aslida ega-kesimsiz ham gap tuzaveradigan allambalo “uslub”lar ham paydo bo‘lgan bo‘lsa ajablanmayman ...
Ammo, hech qachon unda muomala o‘zgarishi, bemavrid luqma tashlash, hazil qilish, birovga ilg‘ar-ilg‘amas bo‘lsa-da, kinoyali kulish yo gapirishni kuzatmaysiz. Otasiga, tarbiya qilgan onasiga rahmat shu qizning. Nima, uning tashvishi, eri, bolasi, qo‘shnisi bilan yo bozorga borganda tijoratchi savdogar bilan munosabatlarini doston qilsa bo‘lmasmidi? Jon qulog‘i bilan eshitadigan, muhokama qilib baho beradigan, kerak bo‘lsa “tekin” maslahatini beradigan “mutaxassislar” o‘tiribdi-ku bu yerda axir. Dardi yo‘qde-gu, aslida balkim uning ichidagi dard bizlarnikidan og‘irroqdir. Kim biladi deysiz? Menga buyuklikning oddiylikda ekaniga qandaydir ishoraga o‘xshaydi shu qizning o‘zini tutishi.
Bizlar, ya’ni boshqalar o‘zimizni tuta olmaymiz, sabrsizmiz, o‘ysizmiz, farosatsizmiz, madaniyatsizmiz... shu qizning tegrasida, unga nisbatan! Ammo buni o‘lsak ham tan olmaymiz! O‘lsak ham! Shu hikmatmi, shundan bir narsa oladimi odam? Shuni aytib nima orttirardim o‘zi? O‘zi shulardan nima naf? Faqat savol berib ham nohaqmiz! Nohaqmiz, Ammo hech bo‘lmaganda, shu haqiqatlarni(nisbatan haqiqatlarni) e’tirof etib lutf qilganimizni aytmaysizmi?

IV

Murod Chovish bir roman yozibdi. Qirqqa kirib uylanmagan bu yigitni yoqtirmayman. Sun’iy hayotdek ko‘rinadi uning hayot tarzi. Lekin o‘ylab ko‘raylikchi, balkim u haqdir. Axir birovni baxtli qila olishiga ko‘zi yetmayotgandir. Axir farzandli bo‘lsa, uni qanday qilib yetuk inson qilishni bilmayotganidandir, balkim uning bu qarori? Yoki hayotda hali bu sir-sinoatlarning tagiga yetmay turib, uylanishni mantiqqa zid bilayotgandir u? Bilmadim, ammo bizlar el qatori yashaydiganlar nima karomat ko‘rsatdik. O‘zim baxtlimanmi? Baxt o‘zi nima? Baxtlimanmi, degan savolga mening o‘rnimda bo‘lsa bir odam dunyoda armonim yo‘q, deb ham javob berar balki? Ammo Murod jo‘ra mening ahvolimni ko‘rib rahmi kelsa ajab emas. Axir baxt, degani ham shunaqa - bir solishtirganda, cheki-chegarasi yo‘q absurd narsaga o‘xshaydi. Farzandlarim, Xudoga beadad shukur, o‘zimdanda qimmatliroq boyliklarim. Ota-onam – ularning borligiga Ollohga beadad shukurlar bo‘lg‘ay! Ro‘zg‘orimda dasturxon, qora qozon qaynab turibdi. Ammo, shular va yana mashina, ikkita hovli, yana bir nimalar bilan men baxtlimanmi? Murod bu jumboqqa javob topishni istamaydi. Axir men u aytgan yo‘ldan bormaganman-ku. Unga nima? Uning yo‘li boshqa. Uning yo‘li hammanikidan-da boshqa.

V

Men hamma ilmlardan javob izladim va javob topa olmadimgina emas, balki amin bo‘ldimki, menga o‘xshab ilmdan javob izlagan boshqa odamlar ham hech narsa topolmagan ekanlar. Topolmagangina emas, balki ochiq-oydin shuni e’tirof qilishganki, meni tushkunlikka olib kelgan o‘sha narsa, ya’ni hayotning ma’nosizligi inson erishishi mumkin bo‘lgan birdan-bir xulosadir. Ajabo, ajabo! Tolstoyning munosabatlarini ko‘ring-a. “Yasnaya polyanalik” qariya bu dunyosigayam tupurib qo‘yibdi! Yuksaklikdan emas, ilojsizlikdan, foydasi yo‘qligidan... Butun umr xuriliqolar e’zozida bo‘lgan deyishadi uni. U o‘lganidan keyin xotini, ya’ni “momo” farzandlariga “otanglarning o‘limida mening ham katta hissam bor” degan ekan rahmatlik. Uni o‘ta rashkchil bo‘lgan deyishadi. Bo‘lsa bordir. Rashk rashk qilayotgan odamni qanday kemirsa, rashk qilinayotgan kishiga ham shunday ta’sirli kuch bo‘lar ekan-da! Bu Tolstoyning kampiri aytgan gapdan xulosa. Tolstoyki, bu dunyoni bir chaqaga olmayotgan, shuncha obro‘, shon-shuhratdan keyin ham hayotidan minnatdor bo‘lib, unday qilish kerak, bunday yozish kerak deb emas, bu dunyoing bir tiyinga qimmat deyotgan ekan, bir nimani qoyil qilolmay xalq yozuvchiligini, yozganidan birovning ko‘ngli to‘lmay turib yana bir nimalarni da’vo qilayotgan adiblarni hech ham tushunmaymanda. G‘ishtday-g‘ishtday kitoblaridan o‘lsin agar bitta yangi gap topib bo‘lmaydiganlarning ko‘krak kerganiga o‘lasanmi?

VI

Mamadiev xonaga kirib kallani qotiradi: Sizlarda, albatta, choy deganlari bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman, sovugan bo‘lsayam, jaa hindcha bo‘lmasayam, xitoychami, o‘zimizning samarqandchami, bizga o‘xshagan kambag‘allarga bo‘laveradi, qo‘shnichilik, kelaveramizda ba’zan-ba’zan ko‘ngil tortib...
Ba’zan-ba’zan emish, kunda-shunda, deng birodar. Biron kun xato qilganingingiz bormidi? Xuddiki, bir ashmishka quruq choy ko‘tarib kelgandek-a. Hangomasi-ku, odamning jig‘iga tekkani tekkan.
“Juda ijod bilan qattiq mashg‘ulmilar, deyman, muborak boshlarini qimirlatib qo‘yishga ham imdod yo‘g‘-a.” – Shu gaplar hozir shu yerda o‘tirganlardan kimga yoqdi? Hech kimga, albatta. Tavba.
U o‘zi gapiradi, o‘zi eshitadi, o‘zi choyni topib ichib, o‘zi ketadi... Boshqalar biror belgi berishmaydi, na bor, demaydi choyni, na yo‘q. Qolgan pichingmi, kinoyami gaplarga ham javob yo‘q. Birov boshini qimirlatib “keldingmi”yam demaydi! Lekin, qariyb har kuni shu ahvol.
“Kitobcha chiqqan ekan, rasm berishni unutibman. Bolalar chiqarishgan ekan...”
Mulla yigit, nima, siz Abdulla Oripov yo Erkin Vohidovmidingizkim, kitobingizni birov chiqarib baraka topsa? O‘zi bir broshyuranamoy narsa bo‘lsa kerakki, o‘sha qo‘lbola noshirlar chiqargan, bir nima deb ularni ham orzulatgan bo‘lsangiz ehtimol. Ammo Mamadiev degan shoir, ha, ash’orlarini o‘qib baraka topish mumkin bo‘lgan shoir borligini bu dunyoda birorta odam bilarmikan?
Mening jig‘ibiyronim chiqadi, qonim qaynaydi. Ana, ko‘rdingizmi, yana shunaqa bo‘lib ketyapman, o‘zimdan chiqib ketyapman… Tavba, nega buncha asabiylashishim kerak o‘zi? Menga nima? Mamadievdan besh battar pastroq bo‘lib xalq shoirligiga da’vo qilganlar qancha-yu, ha, haddi siqqandir, ha, bir maqtangisi kelgandir, Odam birovga ichidagisi - yaxshidir-yomondir, gapini aytsa, buning yomon joyi bormi? Nima, arpangni xom o‘rganmi, buncha kenab charchamayapsan Mamadievni?
Mamadievning xonadoshi Xalimov ham yoqmaydi menga. Boshqalarga ham yoqadi deya olmayman uni. Nosamimiy. Ey aka, deb xuddi bir oy ko‘rishmagan qadrdondek quchoqlashmoqchi bo‘ladi, hartugul viloyatda biroz ishlab kelganidan keyin sal tortilib qolganday. Tavbangdan ketay, xuddi menga bir darddoshdek-a, ko‘rishganida ko‘zida nur yo‘q, ko‘zingga tik qaramaydiyam. U xonaga kiraversa, darrov mazaxi gap boshlanadi: Ha, Ro‘ziqul bu, Bo‘stonliqda ochgan notariusingiz Bekoboddagidan ham gavjumku. Qandingizni uring-a, bekorga yuridicheskiyda o‘qimagan ekansizda-a?
Ha, endi Brigad(Bu Murod Muhammad Do‘stning “Dev bilan pakana” filmidan kelib chiqqan so‘z), bizning notariusning ikkovi keltirayotgan daromad Hasanboyning Jizzaxdagi ikkita supermarketidan birining daromadiga ham yetmaydi. Kecha olgan mashinasini ko‘rdingizmi,?
Bunday paytda men ham otni qamchilab qolaman, akalar, odam birovning moshiniga minsa darrov qulluq bo‘lsin, deyish kerak, narxini so‘ramanglar, shu sizlarday akalarga xizmat qilsin, deb oldik. Dunyoga bir kelamizda axir.
Bu Jizzaxda ishlaganida hamma tomonni o‘pirib kelganda, - qo‘shiladi yana kimdir. Bu Xalimovning reaktsiya qilishi uchun aytiladigan yolg‘onlar. Qayoqda deysiz, aslida bu to‘rtovlon tushlikka pul topolmay xonada ko‘k choy bilan Mannonjonning xotini tayyorlab beradigan suxariklarni so‘rib o‘tiribdi. Xalimov reaktsiya qiladi lekin. Ko‘zlari nursizlanib, u yoq-bu yoqqa alanglab boshlaydi. Unda ko‘rolmaslik, ichi qoralik kasali bor. Tuzalmaydigan kasalliklardan biri. Mana, u qanaqa odam. Yana, ey aka, qalaysiz, deb tirkalishiga o‘laymi? Menga bunaqa yuzida niqobi bor, bo‘lganda ham, yaqqol namoyon bo‘lib turadigan kimsalar umuman yoqmaydi. Kimga ham yoqardi ular? Bundaylar toifasiga anavi Parvozni ham kiritsa bo‘ladi. “Ey, aka”ga qo‘shib “yangalarning hammasi yaxshimi”, deb xi-xi qiladi. Ahmoq, bu nima deganing, birinchidan, yosh jihatdan bunday gapirishga haqqing yo‘q, ikkinchidan, qanaqa yangalar. Padarla’nat, o‘zi bittasiga zo‘rg‘a chidab yuribmiz-u.
Nima bo‘pti, shunga ham ota go‘ri qozixonami? Aytsa aytar, shu bilan xursand bo‘ladigan bo‘lsa - ikki marta aytavermaydimi? E, o‘n, ming marta aytmaydimi shuni? Shu bilan osmon uzilib yerga tusharmidi? Shu bilan sening xotining ikkita bo‘lib qolarmidi? Axir bularning hammasi arzimaydigan, o‘ylashga ham, gapirishga ham, umuman sariq chaqaga ham qimmat gaplarku!

VII

Savol quyidagicha turur: «Men bugun qilayotgan ishdan qanday samara chiqadi? Ertaga qiladigan ishimdan-chi? Mening jamiki hayotimdan nima ma’no chiqadi?» Boshqacha qilib ifodalasa, savol bunday bo‘ladi: «Men yashab nima qilaman? Biron narsani istashimdan nima ma’no? Biror ish qilmog‘imning nima keragi bor?» Yana boshqacharoq savolni bunday ifodalasa bo‘ladi: «O‘lim haq, men, albatta, bu dunyodan o‘taman. Mening yashashimda shunday ma’no bormiki, mening o‘limim uni mahv eta olmasa?»
Og‘ir savollar, shundaymi? Tolstoyning javob topa olmagan, aniqrog‘i, javobi yo‘q savollari. Endi bunga men javob izlaymi – hojati yo‘q. Men javobni hayotdagi fe’l-atvorim va yashash tarzimdagi o‘ziga yarasha o‘zgarishlar bilan topishim mumkin, deb o‘ylayman.
Oshga ketaturib yo‘lda sermaslanib turgan ikki ayol bilan salomlashib qo‘ydik, o‘n yildan oshdiki, birga ishlaymiz va bilamiz - ularning “kim”ligini. Ochig‘i, ularga nisbatan fikrimiz buzilmagan hech ham. Ammo harakat bor... Ularda! Qiliqlar, kiyimlardagi ottenkalar, Bo‘rttirib ko‘rsatishga uriniladi badanning odamning erkakman, deganini qiziqtirishi ehtimoli bo‘lgan nuqtalarini... Liboslarda. Keyin gap-so‘zlarda ham qandaydir tamannolarni kuzatasiz. Ajabo, oshga ketayotgan yigitlardan biriga Odinaning meni o‘zingiz bilan obketmaysizmi, degan gapini hammamiz eshitdik.
Ajablanish hissi qancha odamda bor. Yo‘q, odam o‘zi birovni hayron qoldirish, lol qilish, hayratga solishni xush ko‘radi, vahimaga o‘ch, shov-shuvning ketidan quvadi. Eshitdingizmi, hozirgina aytishlaricha, va hokazo jumlalar bilan boshlanadigan bunday shum(asosan shum xabarlarga o‘chmiz) xabarni birinchi bo‘lib gapirayotgan odamlarni ko‘rganingda tavba, nega endi birovning boshiga tushgan ko‘rgilik yoki birov qilgan xato uchun bu odam yashnab ketayapti, buncha kayfiyati ko‘tarilayapti buning, deb o‘ylaysan bexos. Garchi kuyinib, o‘sha odamga dardkashdek ko‘rsatib gapirsa-da, shu voqeani bo‘rttirishi, odamlarning yanada faolroq, diqqatlarini berib eshitishlarini istayotganidan bu odamning kayfiyatidagi holatni sezmaslikning iloji yo‘q. Ammo, uch-to‘rt kundan keyin bu shov-shuvning ham qiymati yo‘qoladi. O‘sha odamga ham e’tibor pasayadi, umuman, shu dovdir-sovdirlik bilan bu toifa odamlar baribir ozmi-ko‘pmi, obro‘larini ham yo‘qotib borishadi.
Endi o‘ylab ko‘rsam, men ham xuddi shunday kishilarga o‘xshab ketayotgandekman… Sizchi, ajablanmang, aslida siz ham shundaylarning birisiz... O‘zingizga xolis baho berishga harakat qilib ko‘ring-a...

2010.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.