OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rumer Goden. Gulbadan (parcha)

Taniqli ingliz adibasi Margaret Rumer Godenning nomi (1907 — 1998) tarix va adabiyot ixlosmandlariga yaxshi tanish. Shoira, jurnalist, bir necha tarixiy asarlar muallifi sifatida u Buyuk Britaniya va Hindiston adabiy jamoatchiligi orasida ham nom qozongan. Muallifning turli mavzudagi oltmishdan ortiq kitoblari nashr etilgan.
Margaretning otasi Artur Leyx Goden yigirmanchi asr boshida Kalkuttada joylashgan kemachilik kompaniyasida ishlaydi. Bo‘lg‘usi adibaning bolalik chog‘lari, aniqrog‘i, o‘n ikki yillik yoshlik davri maftunkor, rivoyat va afsonalar o‘lkasi bo‘lmish Hindistonda kechadi. Margaret yoshligidan bu o‘lkaga chin dildan mehr qo‘yadi. 1920 yili Godenlar oilasi Angliyaga qaytib ketadi, ammo Margaretning Hindistonga qiziqishi davom etib, bu yerga tez-tez kelib turadi. 1929 yili Kalkuttada baynalmilal raqs maktabini tashkil etadi, ayni shu paytdan boshlab o‘zining dastlabki asarlarini yaratishga kirishadi.
M.R.Goden qalamiga mansub “Xitoy jumbog‘i”, “Xonim va hukmdor”, “Qora nargis”, “Daryo”, “Hind quyoshi ostidagi ikki kishi”, “Shivaning kabutari”, “Qora tulpor” kabi asarlar muallifga katta shuhrat keltiradi, ularning aksariyati asosida badiiy filmlar suratga olingan.
Bugun biz e’tiboringizga havola etayotgan “Gulbadan” asari 1980 yili yaratilgan bo‘lib, unda buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning ziyrak va oqila qizi, noyob aql-zakovat sohibasi, temuriy malika, muarrix Gulbadan begimning hayoti va faoliyati haqidagi ma’lumotlar muallif tomonidan qiziqarli ilmiy-publitsistik yo‘sinda hikoya qilinadi.
Muallif Hindistonda uch yarim asrdan ziyod vaqt hukm surgan boburiylar saltanatining yorqin namoyandalaridan biri bo‘lgan Gulbadan begim shaxsiyatini o‘sha davrning murakkab va dolg‘ali tarixiy voqealari, toju taxt kurashlari, inson ruhining poyonsiz g‘alayonlari bilan uzviy bog‘liq holda, o‘ziga xos talqin va mahorat bilan aks ettiradi.
Mazkur noyob asar Bobur xalqaro fondining raisi, ma’rifatparvar olim Zokirjon Mashrabov boshliq ilmiy ekspeditsiya safarlari davomida xorijiy mamlakatlarning birida qo‘lga kiritilib, yurtimizga olib kelindi va u kishining tashabbusi, sa’y-harakatlari bilan ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilindi. “ShARQ” nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kompaniyasi Bosh tahririyatining kitobxonlar uchun navbatdagi bu ajoyib sovg‘asini (Bundan bir muncha avval Zahiriddin Muhammad Boburning g‘azallari, ruboiy, tuyuq, qit’a, masnaviy va fardlaridan jamlangan “Sochining savdosi tushdi” sarlavhali to‘plam muxlislar qo‘liga borib yetgan edi) o‘z ona tilimizda o‘qir ekanmiz, tarjimon Xolida So‘fieva uni o‘zbek tiliga o‘girishda juda katta mehnat qilganligi, imkon qadar muallif uslubini saqlashga, ayni vaqtda asarning o‘zbek kitobxoni uchun har tomonlama tushunarli va manzur bo‘lishiga harakat qilganligini sezamiz.
Umid qilamizki, ushbu tarixiy risola boburiylar sulolasi, xususan, uning benazir fazilatlarga ega bo‘lgan ajoyib vakilasi Gulbadan begim haqidagi tushuncha va tasavvurlarimizni yanada boyitishga xizmat qiladi.
Quyida mazkur asarning shoh Boburga bag‘ishlangan bobi bilan tanishasiz.

BOBURSHOH

Temuriyzoda ammabegimlarining Hindistonga kelib ketganidan Bobur shunday xulosa chiqardi: demak, ayollarning bu o‘lkaga safar qilishlari va eson-omon yetib kelishlari mumkin ekan. Bundan tashqari, u o‘z uyini, oila a’zolari va qadrdonlarini ham sog‘ingan edi. Bu haqda u shunday deb yozadi:
“Bu fursatta bir qovun kelturib edilar, kesib yegach, g‘arib ta’sir qildi. Tamom yig‘lab edim, Kobulning nomarbutlig‘ini bitilib edi...”
Shundan so‘ng u yuqorida zikr etilganidek, farmoni oliy berdi: “Yana bu xat yetgach-o‘q, egachimni va haramlarni bat chiqarib, Nilobqacha badraqa bo‘lib keling. Kerakkim, ushbu xat yetqach, o‘shul haftada har necha kech qolsalar, albatta chiqsunlar. Ne uchunkim, Hindistondin borg‘on cherik tor yerda tanqislik ham tortarlar, viloyat ham xarob bo‘lur”.
Bobur irodasi mustahkam, qat’iyatli shaxs bo‘lib, o‘z oldiga bir maqsad qo‘ysa, uni ro‘yobga chiqarmay qo‘ymas edi. Garchand u shoh bo‘lsa-da, umri mudom safar va yurishlarda o‘tardi. Bu yurishlar davomida u bir joydan ikkinchi joyga osonlik bilan ko‘char edi. Uning safardagi asosiy yuki chodirlar bo‘lib, ular qisqa muddat ichida mohirlik bilan o‘rnatilib, zarur bo‘lganda osongina yig‘ishtirib olinardi. Qo‘shin o‘zi bilan olib yuradigan jihozlar asosan gilamlar, lo‘la bolishlar, chivin va pashshalarni haydash uchun ishlatiladigan xushbo‘y giyohlar tutatiladigan maxsus moslamalar, kitob mutolaasi uchun lavhlar va idish-tovoqlardan iborat bo‘lardi.
Hukmdor sifatidagi yurishlarda u aslzoda shahzodalar singari o‘zining nufuzi va mavqeini ifodalovchi ramzlar: alvon rangli soyabonlar, bayroqlar, qo‘tos dumidan qilingan harbiy tug‘lar olib yurardi. Ko‘pgina miniatyura rasmlarda u ana shunday tug‘ ostida tasvirlangan. Bobur boshqa zodagonlardan o‘zining kamtarligi bilan ajralib turardi. Yurishlar qanchalik og‘ir va uzoq bo‘lmasin, bir necha noyob kitoblar hamisha uning hamrohi edi. U ayniqsa, jangovar otlar, baquvvat va chidamli tuyalar, qurol aslaha va sovutlarni juda ehtiyotlab asrardi.
Lashkarni bir-ikki soat ichida to‘plab, yurishga shay qilish mumkin edi, lekin haram ahli uchun bunga deyarli bir hafta vaqt ketardi. Xotin-xalajlarning kiyimlari uchun mo‘ljallangan sandiqlarsiz ularni joyidan qo‘zg‘atib bo‘lmasdi. Nikoh sarpolari solingan sandiqlarni ikki kishi tayoqqa osib ko‘tarib yurishganini Hindistonda hozir ham ko‘rish mumkin.
Ayollar ko‘rpa-yostiqlar, lo‘la bolishlar, gilam va pardalar, chorpoyalaru xontaxtalar, oshxona jihozlari — qozon-tovoq, kosayu piyolalar, patnislar, musiqa asboblari, bolalar o‘yinchoqlaridan tortib maktab uchun zarur bo‘lgan yozuv-chizuv jihozlarigacha — hamma hammasini o‘zlari bilan olib yurardilar. Qafaslarda o‘rgatilgan qushlar va turli hayvonlar, buning ustiga, har biri o‘z yukini orqalab olgan yuzlab oqsoch va kanizaklar ham ulardan qolmasliklari kerak edi.
Ot va tuyalarga kajavalar o‘rnatilishi, begimlar uchun taxtiravonlar ham hozirlanishi kerak edi. Bulardan ko‘rinib turibdiki, sohibi taxtning “xat yetgach, o‘shul haftada” yo‘lga otlanilsin, degan farmonini amalga oshirish amri mahol edi. Shu bois bo‘lsa kerak, malika Mohim begim boshqalardan avvalroq yo‘lga chiqib, aytilgan muddatda manzilga yetib kelgan edi.
Boburning to‘ng‘ich o‘g‘li shahzoda Humoyun mirzo va Komron mirzog‘a Badaxshon va Kobulda qolib saltanatning shimoliy hududlarini boshqarish va mamlakat xavfsizligini ta’minlash vazifasi topshirilgan edi.
Bobur Badaxshonda turgan Humoyun mirzoga xat yo‘llab, unga isyon xavfidan ogoh bo‘lishni, g‘ofil qolmaslikni uqtirdi. Kobulda qolgan Komron mirzoga esa o‘zining aslzodalik mavqeiga mos keladigan ishlar bilan shug‘ullanishni nasihat qildi. Komron o‘sha yillardayoq qildan qiyiq axtarib, turli janjallar chiqarib turishga moyil edi. Askariy mirzo bu paytda otasining buyrug‘iga binoan o‘z lashkari bilan Bengaliyada edi. Hindol mirzoga esa haramni Kobuldan Agraga ko‘chirib kelish tayinlangan edi. Garchand Humoyunni g‘oyat ardoqlasa-da, Bobur to‘rtinchi o‘g‘li Hindolga ham alohida mehr bilan qarardi.
U yaqindagina Humoyun bilan Komronning nikoh to‘ylariga “o‘n minglab to‘yonalar” tortiq qilgan, Askariyga noyob tulporlar, qurol-aslaha, oltin xanjar va sovut yuborgan edi. Hindolga esa, uning o‘zi kabi shoir bo‘lishini orzu qilib, qimmatbaho toshlar qadalgan davot — siyohdon, yirik duru gavhar bilan bezatilgan kursi va alifbo, shuningdek, o‘zining xos buyumlaridan sopiga yoqut qadalgan xanjar, kamar va bir nimchasini sovg‘a qildi. Lekin Boburning ham, Gulbadanning ham xotiralarida podshohning bu jajji qizaloqqa biron narsa hadya etgani haqida so‘z yuritilmaydi. Bu qizcha otasidan biron hadya kutmagan bo‘lsa ham ehtimol. Chunki uning uchun birovlarga ergashib bo‘lsa ham podshoh otasining huzuriga kirish va uning diydoriga muyassar bo‘lish har qanday hadyadan a’lo ko‘rinar edi. Shu bois bo‘lsa kerak, padari buzrukvori huzuriga bu yurish unga xuddi haj safaridek muqaddas va hayajonli tuyulardi. Negadir Gulbadan o‘zining haj safari haqida xotiranomasining nihoyasidagina juda qisqa xabar beradi.
Shu tariqa malika Mohim begim yanvar oyida Hindiston sari yo‘lga chiqdi. Safar yo‘li Kobulning baland qoyalar ustiga joylashgan ko‘plab katta-kichik qishloqlari orqali o‘tishi lozim edi. Bu qishloqlar qalin paxsa devorlar bilan o‘ralgan bo‘lib, ularni oralab yurish mahol edi. Yo‘lning qalin qor va muzliklar bilan qoplangani yo‘l azobini yanada kuchaytirardi. Onda-sonda daryoning kichik ko‘lchalarga quyiladigan joylaridan kesib o‘tishga to‘g‘ri kelardi. Hoynahoy, yoz oylarida bu ko‘llar suvga to‘lib, ko‘m-ko‘k manzara hosil qilsa kerak. Butun safar davomida Hindikush tog‘ining qalin qor bilan qoplangan tizmalari karvon ko‘z oldida yastanib yotganini tasavvur qilish qiyin emas. Agar karvon Jalolobod orqali yurganda edi, sayyohlar yaydoq qir-adirlar osha yam-yashil maysalar bilan qoplangan voha orqali Haybar dovonining yuksak qoyalar va o‘tib bo‘lmas tik jarliklari bo‘ylab yurgan bo‘lardilar. Bu yerlarda mahalliy qaroqchilarning nogahoniy hujumlariga ham duch kelish mumkin edi. Aynan mana shu joy, yangi yerga, yangi iqlimga yo‘l ochadigan darvoza bo‘lib, safardagi ayollar ufqda ko‘kimtir tovlanib ko‘zga tashlanadigan bepoyon tekisliklarni ilg‘agan bo‘lishlari kerak.
Mohim begim ikkita, ba’zan esa to‘rtta ot ustiga o‘rnatiladigan kajavada, ba’zan esa mahofada yo‘l bosardi. Yo‘l tekisroq bo‘lgan joylardan o‘tishda mahofani ko‘tarib yuruvchi xizmatkorlar tezroq harakat qilardilar. Nima bo‘lganda ham karvon juda sekinlik bilan ilgarilardi. Ba’zan esa o‘n qadamcha bo‘lgan quruqlikdagi masofani ayollar uchun xavfli bo‘lgani bois, erkaklar Kobul daryosi orqali sollarda bir necha soat davomida bosib o‘tardilar. Shunisi kishini hayratga soladiki, o‘sha paytlarda ko‘pchilik ayollar singari Mohim begim ham suzishni bilardi.
Kanizaklar va cho‘rilar uchun maxsus kajava yoki mahofalar bo‘lsa ham, ularning ko‘pchiligi otda yurardi. Ba’zan jajji Gulbadan Mohim begimning kajavasidan chiqib, xizmatkor ayol, qul yoki biron navkarning egariga mingashib sayr qilgan bo‘lishi ham kerak. Maxsus soqchi navkarlar, albatta, karvonni qo‘riqlab borishi shart edi.
Gulbadanning asosiy vazifasi turli latifalar, qiziq hangomalar bilan Mohim begimning o‘kinch to‘la ko‘nglini qayg‘udan bir oz chalg‘itish edi. Chunki Bobur Hindiston sari yurishga ketgan 1525 yilda muddatidan ilgariroq, shahzoda Farrux mirzo dunyoga kelgan edi. Chaqaloq nozik bo‘lganidan ikki yoshga yetmay dunyodan ko‘z yumadi. Mohim begim uni podshoh otasiga ko‘rsatish ishtiyoqi bilan yonib turgan bir paytda ana shu ko‘ngilsiz hodisa yuz beradi. Shu bois Mohim begim kuyunib, yurak-bag‘ri ezilardi. Gulbadanning yumushi esa, odatdagidek, taskin-tasalli berib uning ko‘nglini ko‘tarishdan iborat edi. Bu esa, tabiiyki, oson ish emasdi.
Ehtimol, sadoqatli Sarvqad o‘z qo‘shiqlari bilan ularning dillarini bir oz g‘amdan xoli qilgandir. Ehtimol, navkarlar ham yurishlarda aytiladigan zafarona qo‘shiqlarini kuylashgandir. Nima bo‘lganda ham, karvon goh to‘xtab, goh yurib asta-sekinlik bilan kundan-kun ilgari qadam tashlardi. Kunduzi yo‘l yurib, tunlari Bobur choparlar va karvonlar uchun maxsus qurdirgan karvonsaroylarda dam olinardi. Bu manzillarda ot-ulov uchun boshpana, yem-xashak, quduq va chaylalar mavjud edi.
Kechalari karvonning shovqin-suroni atrofga taraladi: otlar tuyog‘ining dupuri, qafasdagi parrandalarning don-dun talashib qag‘illashlari, qo‘riqchi itlarning vovullashlari, karvon joyidan qo‘zg‘algandan keyin tashlab ketilgan ovqat qoldiqlarini talashib yeyayotgan chiyabo‘rilarning uvillashlari uzoqdan quloqqa chalinib turardi. Shuningdek, uyqudagi haram ahliga xalaqit bermaslik uchun past ovozda gapirayotgan erkaklar va soqchilarning ovozlari ham eshitilib turadi. Havoda esa olovga tashlangan tezak hidi anqiydi, qozonlarda pishirilayotgan ovqat hidi dimoqqa uriladi.
Ehtimol, Gulbadan kechalari hech kimga sezdirmasdan tashqariga chiqib, Hindistonning yulduzlarga to‘la ulkan osmoniga tikilib-tikilib o‘tirgan bo‘lsa ajab emas. Har kuni ot ustidagi chayqalishu silkinishlardan u ham, shubhasiz, qattiq toliqadi. Karvon pasttekislik joylarga yetganda havo yanada musaffo tus olib, kishiga huzur bag‘ishlaydi. Shimoliy Hindistonda fevral oyida havo hanuz sovuq, ammo kunduzlari iliq bo‘ladi. Hind daryosidan karvon qanday o‘tganini hech kim bilmaydi. Daryoning narigi qirg‘og‘iga, ehtimol, sollarda suzib o‘tishgan bo‘lishlari mumkin.
Karvon hozirgi paytda Mo‘lton va Panjob nomi bilan ataladigan tuprog‘i unumdor hududga kirib kelayotgan edi. Mohim begim va hamrohlari oralab o‘tadigan bu yerdagi qishloqlar va shaharlar atrofi endigina unib chiqqan g‘allazorlar, gullayotgan bodomzor va mevazorlar bilan o‘ralgan. Har kuni yangi, g‘aroyib bir hodisaga duch kelardilar. Bular haqida Gulbadan hech narsa yozmagan bo‘lsa ham, kundan-kun uning nigohi qarshisida odamni lol qoldiradigan yangi-yangi go‘zal manzaralar ochilardi.
Afg‘on yurtida u omoch qo‘shib haydash uchun ishlatiladigan targ‘il ho‘kizlarni ko‘rishga odatlanib qolgan edi. Bu yerda esa asosan suv chiqarish maqsadida ishlatiladigan, shoxlari afg‘on ho‘kizlarining shoxidan hajman uch marta yirikroq bo‘lgan qo‘toslarni uchratdi. Maymunlar, ular umrida ko‘rmagan turli qushlar, daraxt shoxida o‘tirgan ajoyib tovuslar karvon ahlini hayratga solardi. U palma daraxtlarini, kokos yong‘og‘i va xurmo daraxtini, shakarqamish, non va papayya daraxtlarini, yong‘oqlarning bitel va areka deb atalgan turlarini, banan va xurmoning boshqacha turlarini ham uchratdi. Qiziq, ilgari u hech banan tatib ko‘rganmikan?
Kechalari chor-atrofdan buzoqboshi, chigirtka va boshqa hasharotlarning chirillashi, shuningdek, pashshalarning g‘uvillashi eshitilib turadi. O‘zlari bilan birga pashshaxonalarini olib kelgan ayollar xotirjam uxlaydilar. Buning ustiga, chorpoyalar ostiga hasharotlarni haydaydigan hid taratuvchi turli o‘simliklar shoxlari tutatiladigan kuldonlar qo‘yiladi. Bahor oylarida hindlarning uylaridan yoki yozgi qarorgohlaridan ana shunday hid ufurib turadi.
Safar tafsilotlarini Mohim begimning Boburga yuborgan xatidan bilib olsa bo‘ladi. Choparlar tezkorlik bilan harakat qilsalar ham bu xatni egasiga yetkazish uchun bir oy, balki bundan ham ko‘proq vaqt zarur bo‘lgandir.
Aprel oyining birinchi kunida Bobur Mohim begimning Hind daryosiga yetib kelgani va uning navkarlar sardori tomonidan kutib olingani haqida xabar oldi. Karvon manzilga yaqinlashgan sari har safar to‘xtagan joyda uning uch-to‘rt kun qolib ketishiga to‘g‘ri kelardi. Chunki kajava va mahofalarni ko‘tarib yuruvchi xizmatkorlar ham, otlar va yuk ortilgan jonivorlar ham tez orada holdan toyib qolar edi. Olg‘a yurgan sari odamlarning yuziga issiq havo tafti urilardi, ba’zan ko‘tariladigan to‘fondan ko‘z ochib bo‘lmasdi, kiyim-kechak va sochlar orasiga chang o‘tirar, odamlar va otlardan achchiq ter hidi anqib turardiki, Mohim begimning atir-upalari ham bu hiddan forig‘ bo‘lish imkonini bera olmasdi. Malika o‘tirgan mahofa atrofi pardalar bilan mahkam o‘ralgani bois uning ichi dim va nafas olish mahol edi.
Nihoyat, iyun oyining 27-kunida karvon Agraga yaqinlashib qoldi va ana shu kundan e’tiboran Gulbadan safar tafsilotlarini shunday deb davom ettiradi: “Onam hazratlari Ko‘l (hozirgi Aligarh) shahriga yetib kelganlarida podshoh bobom uch otliq kishi bilan ikkita kajava yuboribdilar. Biz darhol Agra tomon yo‘l oldik. Podshoh hazratlari bizni Ko‘li Jalomiyda kutib olish niyatida ekanlar. Lekin asr namozi paytida bir kishi kelib: “Begimni ikki kurux narida ko‘rdim”, debdi. Podshoh bobom hatto otini egarlashlariga ham toqat qilmay, piyoda yo‘lga chiqib, kelib onam hazratlarini kutib oldilar. Onam otdan tushmoqchi bo‘ldilar-u, lekin bobom qo‘ymasdan o‘zlari onamning otlari jilovidan tutib, o‘z uylariga yetgunga qadar piyoda keldilar”.
“U kishi ortiqcha kutib tura olmasdilar”. Aftidan, Boburning Mohim begimga bo‘lgan muhabbati cheksiz edi. Shu bois bo‘lsa kerak, uchrashuvning ilk damlarida Gulbadan bilan ko‘rishishga oshiqmadilar. Yarim kechagacha qizaloq karvon to‘xtagan qarorgohda qolib ketdi. “Onam podshoh bobomning huzuriga ketayotganlarida, menga “Kunduzi kelib, hazrat bilan ko‘rishgin”, deb tayinladilar”.
Gulbadan o‘shanda shoh sulolasiga mansub aslzoda bo‘lish nima ekanligini ilk bora his qilgan bo‘lsa kerak. Uning ixtiyoriga “... to‘qqizta tuya, ikki to‘qqiz ot, ikkita qo‘shimcha kajava” yuborilgan edi. Bir mahofani Kobuldan olib kelgan edilar. Umuman, onamning yuzga yaqin mo‘g‘ul xizmatkorlari ko‘p zeb-ziynatlar bilan bezatilgan chopqir otlar mingan holda keldilar.
Podshoh bobomning vaziri (xalifa) o‘z xotinlari bilan birga Navchiron degan joyda menga peshvoz chiqdilar. Men mahofada o‘tirar edim. Enagalarim meni kichik bir boqqa tushirdilar. Bir gilamni yerga yozib, meni gilamga o‘tqazdilar. Bobong o‘zining xalifasi bilan kelganda, o‘rningdan turib ko‘rishgin, deb tayinladilar. Bobomning xalifasi kelishi bilanoq, o‘rnimdan turib ko‘rishdim...
Bobomning xalifasi menga har biri yarim rupiy qiymatga ega bo‘lgan besh ming shohruhiy pul va beshta ot hadya qildi. U kishining xotinlari Sultonim esa, uch ming shohruhiy va uchta ot berib, nonushta tayyor, agar ovqatlansangiz, biz bandalar juda mamnun bo‘lar edik, dedi. Bu taklifni qabul qildim”. Bu vaziyatda Gulbadan taklifni albatta qabul qilishi shart edi. Aks holda o‘rtada noqulay vaziyat yuzaga kelishi mumkin edi.
“Bir yaxshi joyda katta supa qilingan va bir necha chodirlar o‘rnatilgan bo‘lib, ulardan bittasining ustki qismi mayin qizil movutdan bo‘lib, ichki qismi Gujarot zarbofi bilan qoplangan edi. Yana soyabon shaklidagi oltita chodir o‘rnatilgan bo‘lib, ular ham mayin movut yoki zarbofdan qilingan edi. Ularning har biri turli rangga bo‘yalgan edi. Boshqa to‘rt ustunlik shohona chodirlar ham mayin movutdan tikilgan bo‘lib, ularning ustunlari har xil rangda edi”.
“Nonushta” deganlari nonushta emas, balki ko‘proq ziyofatga o‘xshardi. Ellikka yaqin qo‘y so‘yilib, qovurdoq pishirilgan edi. Non va turfa xil mevalar, shiravorlar va sharbatlar mo‘l-ko‘l edi.
Bunday ziyofatlarda tuxum do‘lmani tovuq, g‘oz yoki qirg‘ovul qorniga so‘ngra uni so‘yilgan quyon qorniga tiqib, yer o‘choqda dimlab pishirilardi. So‘ngra butun boshli qo‘y butunicha piyoz, bodom, pista va mayiz aralashtirib tayyorlangan zirvak bilan ulkan laganlarda dasturxonga tortilgan. Uning yoniga mo‘g‘uliy devzira guruchi, qo‘yning kallasi, pishloq va za’faron qo‘shib tortilgan.
Shohona patirlar eng oliy nav undan xamirturush, sut va bir oz shakar qo‘shib yopilgan. Ziyofat oxirida xontaxta yoki gilam ustiga yozilgan dasturxonlarga patnislarda po‘chog‘i archilib, tozalab, tiliklangan yoki ustiga shakar sepilgan apelsin, o‘rik, yong‘oq kabi mevalar tortilgan. Ehtimol, Gulbadan mangodan ham totib ko‘rgan bo‘lishi mumkin, chunki o‘sha paytda ayni mango pishgan payt edi.
Jajji malika bunday dabdabali dasturxon ustida odob yuzasidan qaddini rostlab, tik o‘tirishi lozim edi. Faqat o‘g‘il bolalar va erkaklargagina lo‘labolishlarga suyanib o‘tirishga izn berilgan edi. Shunisi qiziqki, o‘tgan tunda Gulbadan mijja qoqmay tong ottirdi. Shu bois uni uyqu tortib, boshi quyi egilguday bo‘lsa, shohona yelpig‘ichlarda uning pashshasini haydab o‘tirgan kanizaklar yoki enagalaridan biri astagina turtib, o‘ziga keltirib qo‘yardi.
“Nihoyat, ovqatlanib bo‘lgach, — deya o‘sha uzoq davom etgan ziyofatni oltmish yildan so‘ng eslab hikoya qiladi Gulbadan, — men mahofaga o‘tirib, hazrat podshoh bobom huzuriga borib ko‘rishdim va o‘zimni uning poyiga tashladim”. Bu buyuk hayrat onlari edi. Qizaloq uchun bu notanish ota nafaqat qahramon, balki podshoh, shahanshoh, hadisi shariflarda aytilganidek, “Allohning yerdagi soyasi” edi.
“Men o‘zimni uning poyiga tashladim...” deb yozadi Gulbadan. Lekin otasi Bobur tabiatan dilbar shaxs bo‘lgani sababli, ayollar va bolalarga nisbatan hamisha saxovat va muloyimlik bilan muomala qilardi. “Hazrat ko‘p holu ahvol so‘radilar”, — deb davom etadi Gulbadan. Qizaloq qalbidagi hadiksirash va tortinish tuyg‘ulari asta-sekin chekina boradi.
Bobur ham o‘z navbatida g‘oyibdan paydo bo‘lib qolgan va o‘zining oqila va maftunkorligi bilan uni hayratga solayotgan bu qizchaga maftun bo‘lib qolgan edi. “Ul hazrat anchagacha meni bag‘riga bosib, tizzalarida olib o‘tirdilar va men haqir shu onlarda o‘zimni shunchalik baxtli his qildimki, buni tasavvur etish qiyin”.

* * *

Bobur o‘z xotiralarida Agrani “besafo va xarob yer” deb ta’riflaydi. Haqiqatan ham, Jamna daryosidan esadigan shabadaga yuz tutib turadigan bu shaharni Qizil qal’a va Toj Mahal maqbaralarisiz shahar sifatida ko‘z oldimizga keltirib bo‘lmaydi. Ana shu binolar Agrani butun dunyoga mashhur qilgan. Bobur bu yerga kelganda Marvarid masjidi yoki Jasmin minorasi hali qurilmagan bo‘lsa-da, o‘zining go‘zallikka, aslzodalarga xos turmush tarziga va, albatta, suvga bo‘lgan ishtiyoqi tufayli Bobur bu yerlarga obodonchilik urug‘larini qadagan edi. “Agraga kelgandin bir necha kundin so‘ng, — deb yozadi u “Boburnoma”da, — ushbu maslahatqa Jun suyidan o‘tub, bog‘ yerlarini maslahat qilduk. Andoq besafo va xarob yerlar edikim, yuz jarohat va noxushlig‘ bila andin ubur ettuk. Bu yerning makruhlig‘i va noxushli g‘idin chorbog‘ xayoli xotirdin chiqdi. Mundin o‘zga mundoq yovuq yer Agrada chun yo‘q edi. Necha kundin so‘ng zarur bo‘lib, bu yerga-o‘q ilik qo‘yuldi”.
“Agrada suv bo‘yiga imoratlar bino qilishni buyurdilar. Toshdan yasalgan bu imoratni — o‘zlarining xilvatxonalarini haram va bog‘ o‘rtasiga solishni buyurdilar, — deb davom etadi Gulbadan. — Bu binoning o‘rtasiga hovuz va bino atrofidagi to‘rt burchagiga hujralar qilindi, daryo qirg‘og‘iga bir shiypon solindi”.
Bobur Agradan janubroqda joylashgan Sekri va Do‘lpur shaharlarida ham bog‘lar barpo etishga farmon bergan edi. Ularni Mohim begimga faxrlanib ko‘rsatdi.
“Agraga kelganimizdan keyin uch oy o‘tgach, podshoh hazratlari Do‘lpurga ketdi. Hazrat Mohim begim bilan men ham sayr qilish maqsadida Do‘lpurga jo‘nadik. Do‘lpurda bir butun xarsang toshni o‘yib, mo‘‘jaz bir hovuz yasalgan edi. ... hovuz qachon tayyor bo‘lsa, uni sharob bilan to‘ldiraman, der edilar. Rona Sanga bilan bo‘lgan jang oldidan sharob ichishdan tavba qilganliklari sababli, hovuzni nuqul limon sharbati bilan to‘ldirardilar”. Sharbat to‘la toshhovuz qizaloq uchun ham ajoyib tuyulgan bo‘lishi tabiiy.
Bu sururli kunlar haramning qolgan qismi yetib kelguncha Mohim begim bilan Gulbadanning podshoh hazratlari huzurida orom bilan o‘tkazgan faraxbaxsh va g‘animat damlari bo‘lgan edi. Afsuski, Gulbadan shaxsan o‘zi haqida juda kam yozgan, yozganlari ham ko‘proq shu kunlarga taalluqlidir. Aynan ana shu kunlarning birida Gulbadanning bir qo‘li qattiq lat yegan edi.
Sekri shahrida bunyod etilgan bog‘da Bobur yana bir shiypon va uning ustiga pashshadan saqlanish uchun tovurxona (tovur — to‘r degani — tarj.) qurdiradi. Bobur bir kuni bu bog‘da Qur’on o‘qib o‘tirar ekan, Mohim begim bilan Gulbadan, ularning joriyalari hamda podshohning to‘rtinchi xotini Bibi Muboraka begim ham o‘sha bog‘ning etak qismida dam olayotgan edilar. Bibi Muboraka Kobuldan Mohimbegim va Gulbadan bilan birga kelgan bo‘lishi ham mumkin. Lekin uning nomi hech qaerda tilga olinmagan. Ehtimol, u eng kichik suyukli malika bo‘lgani va hali farzand ko‘rmagani bois, Boburning safarlarida, hatto jangga otlanganida ham unga hamrohlik qilib yurgan bo‘lishi mumkin. Uning Boburdan boshqa suyanadigan biron yaqin kishisi yo‘q edi, qolaversa, u safar qiyinchiliklariga bardoshli ayol edi. Aslida, bir oz dag‘alroq bo‘lib, Gulbadanning qo‘lini chiqarib qo‘ygan ham u edi. “Men va Afg‘oniy og‘acha (Bibi Muboraka) oxirgi eshik oldida o‘tirgan edik, onam namoz o‘qimoq uchun turib ketgan edilar. Men Afg‘oniy og‘achaga “Qo‘limdan torting”, dedim. Afg‘oniy og‘acha qo‘limdan tortgan edi, qo‘lim chiqib ketdi, og‘riqqa chidolmay yig‘lay boshladim”.
Yuz bergan ko‘ngilsiz voqeani tasavvur qilish mumkin. Birinchi galda Bibi Muborakaning o‘zi uchun juda noqulay vaziyat yuzaga kelgan edi. Chunki u bilan kichik malika o‘rtasida bir-biriga nisbatan haqiqatan ham kuchli moyillik bor edi.
Gulbadanning qo‘li chig‘anog‘idan chiqib ketganmi yoki biron-bir mayda suyagi singan edimi, biron narsa deyish qiyin. Chunki Gulbadan buning tafsilotini yozmagan.
Hoynahoy, bilak suyagi o‘rnidan qo‘zg‘olib ketgan bo‘lishi kerak. “Oxiri kamongarni olib kelib, qo‘limni bog‘ladilar va so‘ng podshoh bobom bilan Agraga qaytib ketdik”. Bu Gulbadanning otasi Boburni ilk bor “podshoh” deb atashi edi. Aftidan, ayni Hindistonda qizaloq “g‘olib”, “g‘oziy”, “podshoh” so‘zlarining tub mohiyatini, o‘zining aslzoda podshohlar sulolasiga mansub ekanini anglay va bu tuyg‘udan iftixor qila boshlagan edi. U butun umri davomida ana shunday sharafli mansublik hissiyoti bilan faxrlanib yashadi. Podshohni “ota” yoki “bobo” deb atash uning o‘z ixtiyorida edi. Chunki u otasining o‘ziga bo‘lgan mehru muruvvatini yaxshi his qilardi. Biroq bunday orombaxsh kunlarning poyoni ko‘rinib qolgan edi: haramning qolgan qismi ham poytaxtga yetib kelgani haqida xabar kelgan edi.
Avvaliga hamma narsa joy-joyida bo‘lgandek, osoyishtalik hukm surdi. Haram karvoni boshida Xonzoda begim kelardi. “Podshoh bobom hazratlari oqajonim — ammam hazratlarini munosib kutib olish uchun u kishining istiqboliga peshvoz chiqib, Navgirongacha keldilar. U ulug‘ zot bilan birga hamroh bo‘lib kelgan boshqa begimlar ham podshoh huzuriga kelib, mamnun holda on hazratlariga o‘z ehtiromlarini bildirdilar. Ular eson-omon yetib kelib podshoh hazratlari bilan diydor ko‘rishganlari uchun shukrona qilib, u kishining haqiga uzundan-uzoq duolar qildilar va shundan so‘ng Agra tomon yo‘lga chiqdilar.
Podshoh hazratlari begim maqomidagi ayollarning har biriga alohida turar joy ajratib berdilar. Yoshi ulug‘ begimlar, jiyanlar va yana boshqa ba’zi yaqin qarindosh bo‘lgan xonimlarga haramdan tashqarida alohida yashashlari uchun ruxsat etilib, sharoit yaratib berildi.
“Qisqasi, — deb yozadi Gulbadan bu haqda, — hammasi bo‘lib to‘qson olti kishiga uy-joy va boshqa xil hadyalar berildi”. Bundan tashqari, podshoh hazratlari saltanat bosh me’moriga shunday buyruq berdi: “Men senga bir ish buyuraman, ya’ni mening ammalarim, murabbiyalarim uchun zarur bo‘lgan har qanday ish bo‘lsa, so‘zsiz bajargin”.
Podshoh hazratlari har juma kuni peshin namozidan keyin ammalari va enagalarini ziyorat qilib turardilar. “Bir kuni havo juda isib turgan paytda onam Mohim begim hazratlari: “Bugun havo nihoyatda issiq, biror juma ularni ko‘rgani bormasangiz, begimlar xafa bo‘lmaslar”, — dedi. Podshoh onam hazratlarining bu gapidan hayratga tushib, shunday dedilar: “Mohim, sizdan bu gapning chiqishi taajjubdir. Hazrat Abusaid mirzoning qizlari o‘z otalari va birodarlaridan judo bo‘lib, bu yerga, mening huzurimga kelganlar. Agar men ularning ko‘nglini olmasam, unda nima bo‘ladi?”
Haramning bir joyga joylashib, jamuljam bo‘lishi anchagina e’tirozlar, rashk va hasadgo‘yliklar, hattoki ba’zi o‘rinlarda ko‘zyoshi to‘kilishiga ham sabab bo‘ldi. Ana shu g‘alvalardan o‘zini olib qochish uchun bo‘lsa kerak, podshoh hazratlari Mohimbegim, Gulbadan, ehtimol, uning singillaridan biri hamrohligida shaharning so‘lim joylaridan birida bunyod etilgan Zarafshon bog‘iga bir oz orom olish uchun yo‘l oldilar. Shu kunlarda Boburshohning ko‘ngli xilvatroq maskanni qo‘msab qolganini tushunish mumkin edi.
“Bu bog‘da bir tahoratxona qurilgan edi, — deya bayon qiladi Gulbadan. — Uni ko‘rgan podshoh bobom: “Saltanat va hukmdorlikdan ham ko‘nglim qoldi. Shu Zarafshon bog‘ida bir go‘shada o‘tirsam. Mening xizmatimga Tohir oftobachi ham yetib ortadi. Podshohlikni Humoyunga bersam”, — dedilar. Shu zamon onam va otamning hamma farzandlari bu gapdan g‘amgin bo‘lib, yig‘lashib, “Xudoi taolo sizni hamisha podshohlik mansabida tutsin, ko‘p yillar va behisob asrlar o‘z panohida asrasin, hamma farzandlaringiz o‘z qo‘l ostingizda kamolga yetishsin”, deyishdi.
Biroq o‘shanda Boburning ko‘ngli allaqanday noxushlikni oldindan sezganmi yoki hayotdagi salbiy hodisalar qattiq ta’sir etganmi, harqalay, uning dilida xotirjamlik sezilmas edi. Chunki, avvalambor, Gulbadanning tug‘ishgan ukasi, Dildor Og‘acha begimning bag‘rida tarbiya topayotgan yagona o‘g‘li, uning umidi va quvvati bo‘lgan to‘rt yoshli shahzoda Alvor kutilmaganda vafot etgan edi. Shahzodaning betobligi ko‘ngillarga chuqur g‘ashlik soladi.
“Alvor mirzoning tobi qochib qoldi. Uning kasali qorin og‘rig‘iga aylanib ketdi. Hakim va tabiblar davolashga qancha urinmasinlar, uning dardi kundan kunga og‘irlashaverdi. Oxiri shu dard bilan foniy dunyodan boqiy dunyoga rixlat qildi”.
O‘shanda shahzoda Alvor to‘rt yoshda edi. Bobur Hindistonga kelishi arafasida Dildor begim unga homilador bo‘lgan edi. Suyukli o‘g‘lining bevaqt o‘limidan Dildor begim nihoyatda iztirob chekardi. “Xafalik haddan tashqari oshib ketgani bois podshoh hazratlari onamga va begimlarga: “Yuringlar, bir Do‘lpurga borib sayr etib kelaylik”, dedilar. O‘zlari kemaga o‘ltirib, salomatlik bilan suvdan o‘tdilar va o‘sha kuni Do‘lpurga yetib bordilar. Begimlar ham kemaga o‘tirib, suvdan o‘tmoqchi bo‘ldilar”.
Kemalar juda hashamatli edi. Chodirlar, par yostiqlar, hatto shohona turmush timsoli bo‘lmish alvon rang yelkanlar ham bor edi. Kemalar kafti yurak shaklida yasalgan eshkaklar vositasida maxsus eshkakchilar tomonidan harakatga keltirilar edi. Bunday eshkaklardan Kashmirda hanuzgacha foydalaniladi. Eshkakchilar ayollar joylashgan va maxsus pardalar bilan o‘ralgan xona ortida o‘tirishardi. Kema harakatini uzun eshkak ushlab olgan darg‘a boshqarib borardi.
Daryo uzra taralayotgan ashula ohangi, suv yuzida bir maromda suzish, mo‘‘tadil havo Dildor begimning diliga bir oz taskin bergandek bo‘ldi. O‘sha joyda Mohim begimning ko‘nglidan nimalar kechgani, nima deganiyu nimalar qilgani haqida Gulbadan hech nima demaydi. U tuqqan onasining bunday azadorligini nazardan qochirganmi? Axir, bu kitobni yozayotgan davrida, yaqindagina u ham kichik o‘g‘li Farruxdan judo bo‘lgan edi-ku. Dildor begimning musibatiga, albatta, Bobur ham sherik bo‘lgan. Daryo bo‘ylab tashkil etilgan bu sayru tomosha shundan dalolat beradi. Biroq taqdirga tan bermay nailoj. Yosh bolalar o‘limi o‘sha paytda keng tarqalgan ofat edi. Hindistonga chetdan kelgan bolalarning ko‘pchiligi ichburug‘ kasali tufayli dunyodan ko‘z yummoqda edi. Buni qarangki, oradan ko‘p o‘tmay, Bobur bilan Mohim begim ham bu dardga mubtalo bo‘ldilar.
Haram Kobuldan chiqib, Hindiston sari yo‘l olganini eshitgach, o‘n ikki yoshidan beri Badaxshon hokimi lavozimida o‘tirgan Humoyun mirzo otasining ruxsatisiz, ularning ortidan Hindistonga qarab yo‘lga chiqdi. U Komron mirzo bilan bu masalada kelishib, kichik shahzoda o‘n yoshli Hindol mirzoni Badaxshonga, o‘zining o‘rniga yuborishga qaror qildi. Bu hol esa podshoh Boburning Hindol mirzoni haram ahliga hamroh bo‘lib Agraga kelishi lozimligi haqidagi buyrug‘ini bajarishdan bosh tortish demak edi.
Bundan xabar topgan podshoh dastlab qattiq g‘azablandi. Saltanatning shimoliy hududlari chegaralarini xavfdan ishonchli tarzda himoya qilish va qulay fursat poylab Amudaryoning narigi qirg‘og‘iga o‘tish rejalari unga ko‘pdan buyon orom bermay kelardi. Biroq endi bu rejalarga putur yetadigan ko‘rinadi. Endi yaqin kishilaridan birini Badaxshonga hokim sifatida jo‘natib, u yerdan Hindol mirzoni chaqirib olishi lozim.
Humoyunning bolalarcha qilgan o‘zboshimchaligi anchadan beri otasining rejalarini barbod qilib kelardi. Hindistonni zabt etishda ham Humoyun o‘z qo‘shini bilan tezda yetib kelish haqidagi buyruqni bajarmay, onasi bag‘rida erkalanib yotib, qimmatli vaqtni boy bergan edi. Buning natijasida yurish muddati ortga surilib, jang talofat bilan tugashiga bir bahya qolgan edi. Lekin Humoyun endi erkatoy bola emas, balog‘at yoshiga yetgan yigit edi. Garchi farzandi taqdir taqozosi bilan uzoq yashamagan bo‘lsa ham, u otalik maqomiga erishgan kishi, axir. Shu bois uning xurmacha qiliqlaridan podshoh otasining darg‘azab bo‘lishi tabiiy, albatta. Biroq bu g‘azabnok holat uzoqqa cho‘zilmadi. Suyukli o‘g‘li Humoyun ko‘z oldida namoyon bo‘lishi bilan Boburning e’tirozlaridan asar ham qolmadi. Bu haqda uning o‘zi shunday deb yozadi: “... o‘shul soatkim, biz aning onasi bilan otini tutib, so‘zlashib o‘lturib edukkim, yeta-o‘q keldi. Ko‘ngillar gul yanglig‘ ochilib, ko‘zlar chiroqdek yorudi... Va alhaq suhbatta bebadal erdi va insoni komilkim derlar, o‘shal erdi...”
Bobur Humoyunning Dehliga borishiga ijozat berdi, biroq Do‘lpurdagi orombaxsh, osoyishta kunlar nihoyalab qolgan edi. Shu paytda Dehlidan Humoyunning jiddiy bemor ekani va “ahvoli ancha og‘ir” ekani haqida xabar kelib qoldi. Xatda “...Hazrat begim tezlik bilan Dehliga kelsinlar, mirzo nihoyatda betoqat bo‘lmoqdalar”, deyilgan edi.
“Bu xabarni eshitgan zamon onam hazratlari sabrsizlandilar, — deb yozadi Gulbadan. — Mohim begim darhol Dehliga jo‘nadi. Bu orada Humoyunni daryo orqali kemada bu yerga olib kelishayotgan edi. Yo‘lda ular uchrashganda, “Humoyun mirzoning ahvoli eshitganlaridan ko‘ra o‘n barobardan ortiq zaif va majruh ekanini o‘zlarining jahonni ko‘ruvchi ko‘zlari bilan ko‘rdilar. U yerdan ona va bola xuddi Iso va Maryamdek Agraga qaytib ketishdi. Agraga yetishgan ham ediki, men haqir opalarim bilan birga farishta tabiatli hazrat (Humoyun)ni ko‘rgani bordim.
U kishining kasali borgan sari og‘irlashib borar edi. Har zamonda hazrat hushlariga kelgan vaqtda gavhar sochuvchi tillari bilan bizlarga murojaat qilib, hamshiralarim, xush kelibsizlar, kelinglar, bir-birimizni quchoqlaylik, chunki sizlar bilan quchoqlashib ko‘risha olmadim, derdilar”.
“Podshoh hazratlari kelib bemorni ko‘rishlari bilanoq nuroniy chehralarini qayg‘u va alam tuyg‘ulari qamrab oldi”. Bu tuyg‘u borgan sari chuqurlashib borardi. Shu orada “onam hazratlari Mohim begim alam bilan: “Siz mening farzandim taqdiriga beparvosiz, chunki siz podshohsiz, sizning boshqa o‘g‘illaringiz bor, nima g‘amingiz bor! Men g‘am chekmay ne qilay, axir, u mening yakkayu yagona farzandim”, dedilar.
Begimning qayg‘u to‘la yuragidan chiqqan bu iztirobni eshitgach, Bobur uni darhol yupatishga intildi: “Mohim, garchi mening boshqa o‘g‘illarim bo‘lsa ham, ularning birontasini Humoyunchalik yaxshi ko‘rmayman, shuning uchun ham bor davlatimni, saltanatni jahonda yagona, nodiri zamon sevimli, o‘g‘lim — Humoyunga bag‘ishlamoqchiman, boshqalariga emas, dedilar”.
Shahzodani oyoqqa turg‘azish uchun tabiblar bor mahoratlarini ishga solib harchand urinmasinlar, ijobiy natija ko‘rinmadi. Humoyun yanada zaiflashib, holdan keta boshladi. Ayollar uni tibbiy yo‘l bilan davolab bo‘lmasligiga ishonch hosil qilib, bemor haqiga duolar o‘qib, Xudoga iltijo qila boshladilar.
Sharqda shunday bir e’tiqod, ishonch borki, unga binoan, agar biron kimsaning — u ayolmi, erkakmi yoki yosh bolami — ahvoli og‘irlashib qolsa, uning eng qadrli va aziz narsasini Alloh yo‘lida sadaqa qilish lozim bo‘ladi. Agar bu sadaqani Yaratgan o‘z dargohida qabul qilsa, buning evaziga Alloh bemorning jonini qaytarib beradi, degan tushunchaga binoan avval duo o‘qiladi, hozir bo‘lganlarning barchasi birgalikda Parvardigorga iltijo qiladilar; undan keyin Allohga munojot etuvchi bemor atrofida aylanib iltijo qiladi. Farzandining holi tobora og‘irlashayotganini ko‘rib, Bobur unga o‘z jonini baxshida etdi. Bosh vazir va uning sadoqatli mulozimlari bu jur’atdan dahshatga tushib yoqa ushlaydilar: Bobur Humoyun uchun o‘z jonini qurbonlikka atadi!!!
Arkoni davlat va yaqinlari podshohni bu fikrdan qaytishini o‘tinib so‘radilar. Ular muttasil duo o‘qib, Allohning nomini aytib beto‘xtov iltijo qilishga, Xudo yo‘liga Boburning xazinasidagi Ko‘hinur nomli dunyodagi eng qimmatbaho yirik olmosni sadaqa qilishni taklif etdilar.
Bunga javoban Bobur:
“... dunyo moli aning ivazig‘a nechuk bo‘lg‘ay, men aning fidosi qilurmenkim, hol anga mushkul bo‘libtur”, — dedi. Gulbadanning yozishicha, “Podshoh hazratlari Humoyun yotgan ko‘shk atrofida aylana boshladi. Bu ish seshanba kuni boshlandi va chorshanba ham iltijo bilan o‘tdi. Havo o‘ta issiq bo‘lganidan uning yuragi, jigar-bag‘ri olov kabi yonib o‘rtanardi. Bemor atrofida aylanib, Yaratganga iltijo bilan tavallo qilar ekan, u shunday dedi: “Ey Parvardigor, agar jonga jon almashtirish mumkin bo‘ladigan bo‘lsa, men Boburning joni va borlig‘ini olginu Humoyunning jonini saqlab qolgin”.
Bu haqda “Boburnoma”da shunday hikoya qilinadi: “Va andin o‘tibdurkim, men aning betoqatlig‘ini toqat kelturgayman. O‘shul holatga kirib, uch qatla boshidin o‘rgulib, dedimkim, men ko‘tardim har ne darding bor...”
“Shu kunning o‘zidayoq jannatmakon hazrat podshohning toblari qochib qoldi. Shahzoda Humoyun esa o‘z boshlaridan suv quyib, tashqariga chiqdi va sog‘ayib ketdi”, deb hikoya qiladi Gulbadan. Boburning isitmasi tobora ko‘tarilar edi. Ikki yoki uch oy mobaynida u dard bilan olishib yotdi, ammo bergan ontiga amal qilib, sog‘ayish chorasini qidirmadi. Uning atrofidagi a’yonlar, mulozimlar bunga ishonmas edilar. Chunki ular o‘z sardorini ilgari ham bir necha bor yarador, bemor, zaharlangan holda ko‘rgan edilar. Har safar ham u bardosh bilan birga darddan hayratomuz tarzda tez forig‘ bo‘lar edi. Bu safar esa u sog‘ayishdan bosh tortib, yuzini devor tomonga o‘girgancha sukut saqlab yotardi.
Podshoh kundan-kun zaiflashib borar ekan, sog‘ligi yaxshi bo‘lib Dehliga jo‘nab ketgan Humoyunga maktub yubordilar. “U kishi tezlik bilan yetib keldi. Qiblagohi bilan ko‘rishib, otasini nihoyatda holsizlangan holda ko‘rdi. Hasrat to‘la qalbi to‘lqinlanib, ho‘ngrab yig‘lab yubordi va tabiblardan: “Men uni sog‘lom holda qoldirib ketgan edim, ne hol yuz berdi?” deya so‘radi. Ular ham bir nimalar deb javob bergan bo‘ldilar. Bemor podshoh esa o‘sha holatda ham: “Hindol qaerda? U nima qilyapti?” deb so‘rardi. Tinimsiz “Eh, afsus, ming bor afsus, Hindolni ko‘ra olmadim, deb zorlanar, huzuriga kirganlardan “Hindol qachon keladi?” deb so‘rardi. U Humoyundan ko‘ra o‘ziga ko‘proq o‘xshagan Komronning ismini nima uchundir tilga olmasdi. Bengaliyada otasining saltanatini mustahkamlash uchun bahodirlarcha jang qilayotgan Askariy mirzoni ham negadir eslamadi. Ehtimol, ulardan ko‘ngli xotirjam bo‘lsa kerak. Chunki, ularga shahzodalik maqomining belgilari, ya’ni shohona liboslar, bayroq, shahzodalar saroyga kirib chiqadigan paytda tantanavor tarzda chalinadigan nog‘ora va qo‘shin sardori boshi uzra ko‘tarib yuriladigan tug‘ to‘lig‘icha berilgan edi.
Bobur podshoh “kasallik asnosida onamga (Mohimbegimga): Gulrang begim bilan Gulchehra begimni kuyovga uzatish kerak, deb ta’kidladilar”, deb yozadi Gulbadan. Dildor begimning qizlari bo‘lmish u malikalar Gulbadanning opalari edi. Ammo Bobur Gulbadanning o‘zi haqida biron nima degani ma’lum emas. Ehtimol, uni hali juda yosh deb hisoblagandir. Balki o‘zining bo‘lajak ilk rafiqasi Oysha begimga besh yoshlik chog‘ida unashtirib qo‘yilgani va bu nikohning qanday tugaganini eslab, sevikli jajji qizalog‘iga unday taqdirni ravo ko‘rmagandir.
Podshoh qizlariga bo‘lajak kuyov sifatida ikki nafar chig‘atoy sultonlarining ismlarini tilga oladi. Bu ismlar Mohim va Dildor begimga, aniqrog‘i, boburiylar xonadonining onaxoni Xonzoda begim e’tiboriga havola etilgan edi.
Bu borada Gulbadan shunday deb yozadi: “Hazrat oqajonim esa, (ya’ni Xonzoda begim): “Xudo muborak qilsin, xo‘p yaxshi maslahat o‘ylabdilar, dedilar”. Darhol shahzoda va sultonlarga odam yuborilib, saroyga chorladilar. Ularning oyoqlari ostiga poyondoz yozildi. Ularga bir qator kuyovlik sarpolari kiydirilib, muborakbod qildilar va to‘yni o‘tkazish muddati kelishib olindi. Mohim begimning takliflariga binoan bo‘lajak kuyovlar tiz cho‘kib, saltanat sohibiga ta’zim bajo ayladilar.
Gulbadan doim mehribon, istarasi issiq ammasi huzurida bo‘lishga oshiqardi, chunki shu daqiqalarda podshoh hazratlarining dardi yana xuruj qila boshlagan edi. Humoyun podshoh otasining og‘ir ahvolini ko‘rib, yana betoqat bo‘lardi. Gulbadan Humoyun mirzoni allaqachon Humoyun podshoh deya atardi. Boburning holi kundan-kun og‘irlashib, muborak chehrasi tundlashib borardi.
Ertasi kuni barcha amirlar, beklar va sultonlar huzuri muborakka chorlanib, ularga qarata podshoh shunday dedilar: “Ko‘p yillardan beri Humoyun mirzoga podshohlikni topshirib, o‘zim Zarafshon bog‘ining bir burchagida istiqomat qilsam, degan fikrim bor edi. Allohning marhamati bilan hamma narsaga muyassar bo‘ldim. Faqat birgina mana shu orzuim ro‘yobga chiqmay turgan edi. Shu niyatimni vujudim sog‘ paytda ro‘yobga chiqarsam, degan niyatim bor edi, bo‘lmadi. Dard mendan g‘olib keldi. Sizlarga aytadigan vasiyatim shuki, barchangiz Humoyun mirzoni mening valiahdim deb bilingiz. Unga sadoqat bilan xizmat qilingiz. U bilan bir tan, bir jon bo‘lingiz. Yaratgandan umidim borki, Humoyun mirzo ham o‘z kishilariga nisbatan yaxshi muomalada bo‘ladi. Yana, Humoyun, ukalaringni, hamma qarindosh-urug‘larni, barcha yaqinlarimni senga, seni esa Xudoga topshirdim. Xudo barchangizni panohida asrasin”, dedilar.
“Bu so‘zlardan, u yerda hozir bo‘lganlar, bu vaziyatni kuzatib turganlarning hammasi ho‘ngrab yig‘lab yubordilar. Podshoh hazratlarining muborak ko‘zlari ham jiqqa yoshga to‘ldi. Uch kun o‘tgach, bu ulug‘ zot foniy dunyodan boqiy dunyoga rixlat qildilar”.
Bobur 1530 yilning 25 dekabrida yorug‘ olam bilan vidolashdi. “Farzandlar, yaqin qarindoshlar va boshqa odamlarning boshiga qora kun tushdi, — deb yozadi Gulbadan bu haqda, o‘sha musibatli kunni yillar osha iztirob bilan eslarkan. — Hamma faryod-fig‘on ko‘tarib, betoqat bo‘lardilar. Har kim o‘zining maxfiy burchagida mana shu qora kun dardini chekardi”.
Ayniqsa, Gulbadan uchun bu musibat hammadan ham og‘ir kechdi. Aynan ana shu keyingi oylarda u podshoh otasini yaqindan tanigan, unga nisbatan jajji qalbining to‘ridan cheksiz mehr-muhabbat tuyg‘ulari uyg‘ongan edi. Mohim begimning yuragi bir tomondan qayg‘uga to‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, o‘g‘lining otameros taxtiga ega bo‘lganidan cheksiz faxrlanardi.
“Ertasi kuni musulmonlar taqvimi bo‘yicha jumodil avval oyining muqaddas juma kuni, 1530 yil 29 dekabrda Humoyun podshoh hazratlari taxtga o‘tirdilar. U kishining podshohligini hamma muborakbod qildi”, deb yozadi Gulbadan begim.
Boburni avvaliga Jamna daryosining qirg‘og‘iga o‘zi barpo etgan Orom bog‘iga dafn etdilar. Bu bog‘ hozirgi kunda Toj Mahal qad ko‘targan joyning ro‘parasida edi. Mohim begim motam va ta’ziya marosimlarining to‘la ado etilishini ta’minlab turdi: qirq kun motam tutildi, kechayu kunduz qorilar qabr ustida Qur’on tilovat qildilar. Bu ishga oltmish kishidan iborat hofizi Qur’on jalb etildi, kuniga besh vaqt namoz o‘qildi. “Onam esa har kuni ikki mahal osh tashkil qildi. Buning uchun ertalab bir mol, ikki qo‘y va besh echki so‘yildi, kechqurun esa besh echki so‘yilib qurbonlik qilindi. Onam o‘zi tirikliklarida to ikki yarim yilgacha har kuni ikki mahal taom tayyorlashga bosh bo‘lib, bobom mozorlariga bag‘ishlar edilar”.
Mohim begimning bu marosimlari tugagach, Boburning eng kichik xotini Bibi Muborika (Afg‘oniy og‘acha) uning jasadini Kobul shahriga, Bobur o‘zi orzu qilgan Bog‘i vafoga ko‘chirtirib kelib, dafn ettirdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.