OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Raimqul Suyarov. Farzand (hikoya)

Har safar erta uxlab qoladigan Ochil buvaning ko‘zlariga shu kecha hadeganda uyqu kelavermadi. U uzoq yotdi, ertaga o‘t o‘riladigan joyni ko‘proq egallashi kerakligini xayolidan o‘tkazdi. Ko‘ziga doim kaltakesakdek bo‘lib ko‘rinadigan Tursun qoraning uyiga o‘tgan yili o‘zinikidan ikki baravar ko‘p xashak tashiganini o‘ylar ekan, yuragiga og‘riq kirdi.
— Bezbet! — chidolmasdan ichida so‘kindi u. So‘ng yotgan joyidan ildam turdi-da, bosh tomonida turgan qovog‘idan bir otim nos olib, til ostiga tashladi. Beixtiyor shundoq yonida, ariq yoqalab o‘sgan qalin tutzorga tikilib qoldi. Oy rosa to‘lishgan edi. Tepalikdan qarasa, Uzunsoy qishlog‘i u adog‘idan bu adog‘igacha yaqqol ko‘rinadi. Ochil buva o‘rnidan turib, nosini tufladi, oy yorug‘ida jimirlab oqayotgan ariq suviga qo‘lini chaydi va uyning orqa tarafiga bog‘lab qo‘yilgan eshagini o‘tliroq joyga jildirish maqsadida o‘sha tomonga yurdi. Uy yonidan o‘tayotganida, derazaning ichki tarafidan to‘sib qo‘yilgan parda ortidan tushgan g‘ira-shira nur uni ham bir zumga yoritdi. Vaqt allamahal bo‘lgan, Ochil buva kampirining hali ham uxlamaganiga hayron bo‘ldi va deraza yoniga kelib, tirqishdan ichkariga qaradi. Kampiri chiroq yorug‘ida mulgib-mulgib, shu yil bahorgi qirqimda qirqilgan qo‘y junlarini titib o‘tirardi.
“Gap ta’sir qipti, — dilidan o‘tkazdi Ochil buva. — To‘g‘ri-da, oyoq-qo‘ling sog‘ bo‘lsa, bor-yo‘g‘i besh-olti qo‘yning junini eplolmasang, nima qilib yuribsan?! Shuni titib, yigirib, ipidan uch-to‘rtta sholcha to‘qisang, harna bir-ikki so‘m pul bo‘ladi”. Kecha quyosh tikkaga kelgan mahal chol-kampir so‘rida o‘tirib, chalob ichishayotgan edi. Shunda kampir:
— Qo‘limning joni yo‘q, qo‘ylarning junini Ro‘ziqulning xotiniga bersak, to‘rtta sholcha chiqarkan, ikkitasini o‘zi oladi, ikkitasini bizga beradi. Kuyaga yem bo‘lib ketganidan ko‘ra, yaxshi-da, — deya ko‘ngli sig‘ib gapirdi. Bu gap Ochil buvaga yoqmadi, avvaliga indamadi, bo‘ldi qilar deb kutdi. Lekin kampir tinmadi, hali u, hali bu deya javrayverdi. Sal narsaga to‘nini teskari kiyib oladigan Ochil buvaning toqati toq bo‘ldi, kampiriga o‘shqirib ketdi:
— Junga umuman teyinma, Ro‘ziqulning xotinigayam, boshqasigayam bermaysan, agar qo‘ling uzilib tushgan bo‘lsa, joyida tiray bersin, mayli kuya yeb ketsin!
Irisoy momo kuni bilan arazlab yurdi.
Irisoy momo qirq to‘rt yil bir yostiqqa bosh qo‘yib, yaxshi-yomon kunlarni birgalikda boshdan kechirib kelayotgan cholining fe’lini yaxshi bilsa-da, keyingi vaqtlarda tez-tez tobi qochadigan bo‘lib qolgani uchun, o‘zini mana shunaqa ishlardan biroz tiyish maqsadida bu gaplarni aytgan edi. Lekin Ochil buva bunday “diydiyo”larni ko‘taradiganlar xilidan emasdi. Shuning uchun ham momo holi kelsa-kelmasa yarim tungacha jun titib o‘tiribdi.
Ochil buvaning ko‘nglida kampiriga nisbatan ozgina bo‘lsa-da, achinish hissi paydo bo‘ldi: “Bechora kampir, o‘zi dunyoga kelib nimani ham ko‘rding, Xudo bizga farzand nasib qilmadi. Shundog‘am kuyib ado bo‘lgan bo‘lsang, bu yog‘i tobing qochib turibdi. Men o‘zim ahmoqman, senga nega baqirdim?!”
Lekin yana o‘jarligi tutib kampiriga rahmi kelganini bildirib, “Kampir, endi yotaqol, kech bo‘lib ketdi”, degisi kelmadi. U bog‘lab qo‘yilgan eshagi tomon yurar ekan, shundoq uyi orqasidagi uzumlarni payhon qilayotgan daydi toyxarlarga ko‘zi tushdi va jon holatda tutga suyab qo‘yilgan ketmonni qo‘lida tutganicha, ularni quva soldi. Toyxarlar hamma yoqni changitganicha bog‘ning kechki payt ochiq qolib ketgan darchasidan chiqib ketishdi. Fig‘oni falakka ko‘tarilgan Ochil buva darchani yopib kelar ekan kampirini bo‘ralab-bo‘ralab so‘kdi. Darchani ochiq qoldirib, uzumlarini xo‘tiklarga “em” qilgani uchun kampirini tokzor orasidan go‘r qazib, “tiriklayin tiqishga” ham tayyor edi. Bu paytda boya jun titib o‘tirgan Irisoy momo chiroqni o‘chirib, uyquga ketgan edi. Buni bilgan Ochil buva har qalay uni bezovta qilmadi, indamay supadagi o‘rniga cho‘zildi va birpas o‘tar-o‘tmas uning ham ko‘zlariga uyqu indi...
Ochil buva hangisining ustiga qalmoqi urib, ketishga hozirlab qo‘yganida, osmonda tong yulduzi yaraqlab turardi. Tahorat olib bomdod namozini o‘qishga kirishdi. Momo o‘choq boshida kuymalanib, choy qaynatardi. U choli namoz o‘qib bo‘lishi bilan choyini damladi, kecha pishirib qo‘ygan g‘ilmindini dasturxonga qo‘ydi, tundagi voqeadan bexabar holda choliga gap qotdi:
— Hali ertamasmi?
Kecha alami ichida qolgan Ochil buva tutaqdi:
— O‘lasanmi oldi-ortingga qarab yursang, kecha darchani ochib kelibsan, bir suruv eshak kirib bog‘ni yakson qilibdi, haliyam bilib qolib haydab chiqardim.
Momo tilini tishlab qoldi. Buva g‘ilmindini yeb bitirguncha, kampirini rosa koyidi, keyin piyolada sovib turgan choyni bir ko‘tarishda simirdi-da, eshagigiga minib, qabriston tomon yo‘l oldi. U eshagini nuqib-nuqib borar ekan, xayolida faqat bir narsa charx urardi, u ham bo‘lsa — Tursun qoradan oldinroq borib, o‘tning qalinroq o‘sgan joyini o‘rib olish edi.
Qabriston soyning shundoq qirga tutash qismida joylashgan. Atrofi temir panjara bilan o‘ralgani bois, dalada o‘tlab yurgan qo‘y-echkilar uning ichkarisiga kirolmaydi. Har yili Ochil buva bilan Tursun qora yomg‘irli kunlar nihoyalab, maysalar sarg‘aya boshlagach, bu yerdagi o‘tlarni qo‘y-mollariga yemish sifatida o‘rib, uyiga tashib olardi. Buning uchun ular o‘zaro kelishuv asosida yozning birinchi oyi boshlaridan bir kunni belgilab qabristonga kelishadi.
Qabriston unchalik katta emas, Ochil buva bilan Tursun qora bu yerdagi o‘tlarni bir kunda o‘rib-yig‘ib olardi. O‘tgan yili Tursun qora ertaroq kelib, Ochil buva kelgunicha anchagina joyni o‘rib qo‘ygandi. Ochil buva bu yil azonlab kelib, sim bilan mahkamlangan darvozani ochib, ichkari kirar ekan, badanida bir narsa o‘rmalab yurgandek bo‘ldi. Negaki, qabriston ichkarisiga kirayotib, o‘z nafsi yo‘lida tong yorishar-yorishmas marhumlarni bezovta qilayotgandi-da.
— Ey, Xudo, o‘zing kechirgin, — deya o‘ziga-o‘zi taskin berdi. Eshagini darvoza yoniga bog‘ladi-da, o‘rog‘ini qo‘lida tutganicha, do‘mpayib turgan qabrlarni oralab, o‘tning qalin joyiga ketdi.
Buvaning g‘ayrati jo‘shib ketdi, charxlab kelgan o‘rog‘i bilan o‘tni shu qadar berilib o‘rar ediki, ko‘nglida kechgan boyagi hislardan asar ham qolmadi. U to kun yoyilguncha qabristonning uchdan bir qismini o‘rib bitirdi, ko‘ngli xotirjam bo‘lib, ozgina dam olish maqsadida o‘rilgan joyga yonboshladi. Bu paytda Tursun qora otini yetaklaganicha, qabristonning orqa tarafidagi qirlikdan qiyalab kelardi. Ochil buva uning kelayotganini ilg‘amadi, xayolga cho‘mgan ko‘yi, yuzidagi terni barmoqlari bilan sidirardi.
Tursun qora Ochil buvaning anchagina joyni “o‘zlashtirib” qo‘yganini uzoqdanoq bildi, bir pas dami ichiga tushib ketdi, so‘ng chaparasta so‘kinganicha otiga qamchi urdi.
— Hormang, Ochilboy, — Tursun qora yetib kelib otidan tushdi-da, g‘azabini yashirishga urinib gap boshladi. Shu tobda ishni do‘ndirib qo‘yib, taltayib yotgan Ochil buvani bo‘g‘ib o‘ldirishga ham tayyor ekanligi yuz-ko‘zida aks etib turardi. Ochil buva bamaylixotir o‘rnidan qo‘zg‘oldi:
— Yaxshimisiz, Tursunboy, salomatgina yuribsizmi? — zo‘rma-zo‘raki manzirat qildi u ham.
Bunga javoban Tursun qora kinoya ohangida:
— Ochilboy, tunni shu yerda o‘tkazdingizmi, deyman? — dedi.
— Ha, o‘tgan yili siz shunday qiluvdingiz, bu yil gal bizniki, deb ertaroq ishga tushdik, — o‘zini xotirjam ko‘rsatib javob berdi Ochil buva.
Alamdan ko‘zlari qisilib ketgan Tursun qora bu gapdan so‘ng chidab turolmadi:
— Insofing bormi o‘zi sening, o‘tgan yili sen kelguningcha, o‘tning qalin-qalin joylarini o‘rib qo‘yganim yo‘q edi-ku, ertaroq kelgan bo‘lsam ham bir tekis o‘rganman, u yoqdan bu yoqqa sakrab o‘rganim yo‘q!
Ochil buva bilan Tursun qoraning yoshida bir-ikki yil farq bor, ikkalasi ham oltmishdan oshgan. Tursun qora uzoq yillar qo‘ychivonlik qilgan, Ochil buva esa maktabda qorovul bo‘lib ishlagan, hozir ikkalasi ham nafaqada. Ular mana shu qabriston o‘tini necha yillardan buyon talashib-tortishib o‘rishadi, shuning ustida bir necha bor yuzko‘rmas ham bo‘lib qolishgan, lekin ma’rakalarda qishloq odamlari ularni yarashtirib qo‘yishardi. Bu yilgi janjal jiddiy tus oldi. Ochil buva sherigining ustidan kulayotgandek bo‘lib: “Senga qolgani ham bo‘ladi”, dedi. Shundan so‘ng Tursun qoraning fe’li yomon tutdi:
— Maraz, iymoningga o‘t tushsin!
— Sen menga iymon haqida gapirayapsanmi, — uning gapini shartta bo‘ldi Ochil buva.
Lekin Tursun qora uni gapirishga qo‘ymay, so‘kishda davom etdi:
— Orqangda qoladigan bitta bolang bo‘lmasa, o‘lasanmi uyingda o‘tirsang, bitta qo‘y sotsang, yetarli yemish olasan-ku, ziqna!
Tursun qora Ochil buvaning befarzandligini shu choqqacha yuziga solmagan edi. Shundanmi, buvaning ichidagi bir umrlik armon g‘alayon qilib qoldi — uchi yerga qadalgan o‘roqni qo‘liga oldi-da, o‘tirgan joyidan shasht bilan turib Tursun qoraga tashlandi. Tursun qora ham jim turmadi. O‘roq zarbidan ikkalasi qonga bo‘yaldi.
... Tursun qorani kasalxonaga olib ketishdi. Ochil buva uyida bir oy qimirlamay yotdi. Ancha tuzalib qolgan edi, ammo kampirini g‘aflatda qoldirib, bandalikni bajo keltirdi.
Tursun qora kasalxonadan uyiga qaytdi. Lekin oldingi gavdasining yarmi ham qolmagandi, u ko‘p qon yo‘qotganidan sudralibgina yurar, bo‘lib o‘tgan voqealar go‘yo tushida kechgandek edi. Endi u qishloqning to‘y-ma’rakasiga ham, azasiga ham aralashmas, tez-tez qabristonga borib, Ochil buvaning qabri tepasida uzoq-uzoq o‘tirardi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.