OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Uyg‘un Ro‘ziyev. Oq yomg‘irlar (hikoya)

Osmonda chaqmoq chaqib, momaqaldiroq gumburladi. Haligina yomg‘ir tomchilab turgan edi, birdaniga no‘xatdek–no‘xatdek do‘l yog‘ib, ortidan ayovsiz yomg‘ir quyib berdi. Soy tarafdan eshitilgan bolalarning qichqirig‘i momaqaldiroqning vahimasidan ham oshib tushdi. “Odam oqib ketyapti, odam!”, – deya qichqirishardi ular. Quturib oqayotgan selning shovullashi bolalarning qichqirig‘iga qorishib battar vahima solar, bunday shovqin–suronda yomg‘irning shitirlashi sezilmay ketdi. Odamlar selni ko‘rish uchun ikki tarafdan soyning qirg‘og‘iga yugurib kela boshladilar. Sel tobora qo‘rqinchli tus olib oqar, jingalak sochli o‘spirin yigitning goh ko‘rinib, goh ko‘rinmay oqib ketayotganini ko‘rgan odamlar sarosima ichida soyning ikki qirg‘og‘idagi hovlilar osha yugurib qichqirishardi. Yigitning kimligini, qayoqdan oqib kelayotganini bilolmay bir-birlaridan so‘rashar, uning suv yuziga qalqib chiqqanida qo‘llari bilan tipirchilab harakat qilganiga ko‘ra hali tirikligini tusmollashar, kimdir undan oldinda bir buzoqning ham oqib ketayotganini ko‘rganini aytsa, yana kimdir o‘sha bola qandaydir daraxt shoxinimi, arqonnimi mahkam ushlab olganligini ko‘rganini shoshib-pishib tushuntirardi. Nima bo‘lganda ham ular yigitning qir etagida yashaydigan doya kampir Zulayhoning o‘g‘li Xudoyberdi ekanligini bilishmadi. Yigit esa soyning ikki qirg‘og‘idagi odamlarni ko‘rdi, ularni tanidi.
O‘spirin yoz jaziramasi boshlangan shu kunda yomg‘ir yog‘ishi–yu tog‘dan dahshatli sel kelishini kutmagan edi; nainki u, hech kimning xayoliga ham kelmagan edi. Bunday badqovoq bulutlar odatda aprel osmonidan suzib o‘tguvchi edi. Hatto iliq may kunlarida ham ular dahshat solib o‘tib qolsa odamlar ajablanishmasdi. Ammo ayni iyunning jazirama kunlari boshlangan bir paytda ko‘kda quyuq ko‘lankaning paydo bo‘lishi hech kimning esiga ham kelmaydi. Qishloq chekkasidagi qir etagini kesib o‘tgan chuqurlikda o‘zining sevimli Baxmalchasini o‘tlatib o‘tirgan o‘spirin bulut bostirib kelganini sezmay qoldi. Bu kiprik qoqqudek bir lahzada yuz berdi. Avvaliga g‘arb tomondan shamol esdi, keyin quyosh yuzini bulut to‘sib, yomg‘ir isi keldi. Qoratosh cho‘qqisi ustida qora bulut ko‘rindi. U dastlab qoyalarga, biroz vaqt o‘tib adirlarga ham soya tashlab, asta-sekin qishloq ustiga suzib kela boshladi. Tog‘ bir zumda quyuq tuman ichiga sho‘ng‘igandek ko‘rinmay qoldi. Ketma-ket chaqmoq chaqnadi – bu tog‘da kuchli jala quya boshlaganidan darak edi. Lekin yigitcha o‘z xayollariga g‘arq bo‘lib, bunga e’tibor bermadi. Baxmalcha bamaylixotir o‘tlar, yigitcha o‘t-o‘lanlar ustiga yotib, yuziga qalpog‘ini yopgancha uning o‘t yeyishini tinglardi.
Quyuq ko‘lanka qishloq ustiga ham yopirilib kelib, asta-sekin yomg‘ir tomchilay boshladi. Yomg‘ir isi qalpoq ostiga mo‘ralab kirib, yigitga huzur bag‘ishladi. Yigitcha bulutlar bilan bekinmachoq o‘ynayotgandek, qalpog‘ini yuzidan olmadi. Go‘yoki hozir uning tepasiga bir parcha oppoq bulut kelgan-u, undan oq yomg‘irlar tomchilayotganini xayolidan o‘tkazdi. Biroq sho‘x-sho‘x tomchilar do‘lga aylanib, do‘ppiga urilib “tik-tik” tovush chiqardi. Kutilmaganda eshitilgan dahshatli shovullash esa shunday huzurning beliga tepdi. Yigitcha qalpoqni yuzidan olib, ajdarday o‘kirib kelayotgan selni ko‘rdi-yu, yuragi taka-puka bo‘lib ketdi va sakrab o‘rnidan turdi. Buzoq ham selni ko‘rishi bilan jon haybatida qochishga urindi, ammo qoziqqa bog‘langan uzun arqon uni to‘xtatib qoldi. U tipirchilab o‘zini har yoqqa urar, lekin chuqurdan qochib chiqishning iloji yo‘q edi. Yigitcha bir hamlada qoziqni yerdan sug‘urib oldi-yu... Tamom. Qolganiga ulgurmadi. Yo‘lida uchragan narsa borki domiga tortib kelayotgan beshafqat sel ularni ham yutib ketdi. Qanday hodisa ro‘y berganini yigit deyarli ilg‘amay qoldi. Bir zumda dunyo chirpirak aylanib ketgandek bo‘ldi. Yorug‘lik zulmatga aylandi, quloqlari shang‘illadi. Sel o‘kirib–pishqirib yugurayotgan tirik ajdarhoga o‘xshardi. U ilonizi chuqurlik bo‘ylab shiddat bilan olg‘a intilardi. Domiga tortilganlar ham u bilan birga jarliklarga urilib-urilib, yumalab–yumalab oqib borishardi. Yigitcha daraxtlarning shox–shabbalariyu tuyaday xarsang toshlar ham suv tubida koptokdek yumalab kelayotganini pay-qadi. U tipirchilab yuqoriga talpindi. Nihoyat yorug‘likka chiqdi. Nafas olishga chog‘langanida avval og‘zidan bo‘tana suv otilib chiqdi, keyin o‘pkasini to‘ldirib nafas oldi-yu, sel yana uni past¬ga tortib ketdi. Yigitcha yana boyagiday qo‘rqinchli zulmat qa’riga g‘arq bo‘ldi. Lekin u endi qanday olishuv bo‘layotganligini, bir zum harakatdan to‘xtasa tilka-pora bo‘lib ketishini, intilsa, yuqorida yorug‘lik borligini va to‘yib nafas olishi mumkinligini angladi. U kaftini qiyib ketay deb turgan arqonni hamon ushlab turganini sezdi-yu, Baxmalcha ham shu selda oqib ketayotganini tushundi va endi jon-jahdi bilan yuqoriga intildi. Suv yuziga chiqib, yana o‘qchidi. Qo‘lansa bo‘tanadan xalos bo‘lib, to‘yib nafas oldi. Oldinda Baxmalchaning boshi ko‘rindi. U ham hirqirab bir nafas oldi-da, yon–veriga alangladi. Ikkovlon ulkan ajdarhoning izmiga bo‘ysinib oqishar, ularni tutashtirib turgan arqon esa uzilib ketgudek tarang tortilib borardi.
…Baxmalcha uning eng yaxshi ovunchog‘i va sirdoshi, do‘stiga ham aylangandi. Yirtiq koptokning ichiga uvada tiqib adirda o‘ynab yurgan bolalarga Xudoyberdining qo‘shilgisi kelmasdi. Ular qo‘poldan-qo‘pol hazillar qilishadi. Shermat degan zo‘ravon: “Xudoyberdi, onang qaerdaligini bilasanmi, sendan xabar olgani keladimi?” – deb ataylab g‘ashiga tegaveradi. Bolalarning xiringlashlaridan Xudoyberdi mulzam bo‘ladi.
Bir kuni u Zulayhodan so‘radi:
– Ena, mening ota–onam kimlar, ular qaerda?
Kampirning yuragi uvishdi. Bolakayning ma’yus ko‘zlaridan ko‘ngli bir narsani sezganday bo‘ldi.
– Otang rahmatlik vafot etganida sen go‘dak eding. Onang esa menman-ku, jon bolam, – dedi lablari qaltirab.
– Bolalar Zulayho momo sening onang emas, seni unga tashlab ketishgan, deyishyapti.
– Bekorchi bolalar har narsani vaysayverishadi. Ularga quloq solma.
 Kampirning vujudi titradi. Odamlarning beshafqatligidan ko‘ngli o‘ksidi. Biroq bosiqlik bilan jilmayib, bolaning boshini siladi.
– Sening otang Oq bulut, onang esa Oq yomg‘ir, – dedi xo‘rsinib. – Mening yakka-yolg‘iz o‘g‘lim bor edi. U yaratgan egamning menga bergan ehsoni edi. Lekin peshonamga sig‘madi. Undan ayrilganimdan keyin tunu kun egamga yolvordim. Menga o‘g‘limni qaytarib ber, dedim. O‘zing yuborgan ehsonni o‘zing bemavrid qaytarib olasanmi, dedim. Ohlarim yetdi shekilli, bir kuni kechasi osmonni quyuq bulut qopladi. Momoqaldiroq gumburlab, chaqmoqlar chaqnadi. Sharros yomg‘ir quydi. Yomg‘irlardan ham, chaqmoqlardan ham qo‘rqmay tashqariga chiqib, yana egamga yolvoraverdim. Shunda mo‘‘jiza yuz berdi: bulutlarning o‘rtasida boshqa bir oppoq bulut paydo bo‘ldi va oq bulutdan oppoq yomg‘irlar yog‘a boshladi. Oq bulut pastlab keldi-da, oq yomg‘irlar osmonga uzalgan qo‘llarimga oppoqqina yo‘rgakdagi bir chaqaloqni tutqazib ketdi. Bu sen eding, bolajonim. Marhamatidan benasib qilmagani uchun yaratgandan umrbod roziman. Qo‘llarim duoga ochiq, boshim sajdada. Farishta momolar ham shod bo‘lsin deb bo‘g‘irsoqlar pishirib, qo‘ni-qo‘shnilarga tarqatib turaman. Axir, o‘g‘limni xudo menga qaytarib berdi. Sen mening qaytib kelgan Ehsonimsan.
Bolaning ko‘nglidagi og‘riq bir zumda tumanday tarqab ketdi. Zulayho uni quchoqlab peshonasidan o‘pganida bolakay o‘zini go‘yo oq bulutning bag‘rida nafas olayotganday sezdi.
 Bahor kelib, o‘t-o‘lanlar nish urib qolgach, Xudoyberdi har ku¬ni maktabdan kela solib apil-tapil nonushta qilganidan so‘ng Baxmalchani arqonidan yetaklab, adirda o‘ynayotgan bolalardan uzoqroqqa, qishloq chekkasidagi qir etaklariga borib uni o‘tlatib keladigan bo‘l¬di. Uning quvnoq kayfiyatini ko‘rgan kampir ich-ichidan shodlanib, o‘g‘liga ovunchoq bo‘l¬gan Baxmalchaga mehri ortgandan ortdi. Zotan, kampirning ulardan boshqa biror suyanchi ham, hasratdoshiyu qarindoshi ham yo‘q. Erining Langartog‘da qarindoshlari borligini bilardi. Ammo ular ham allaqachon begonaday bo‘lib ketishgan, erining tirikligida qarindoshlik rusmlarini bajarolmagan bu odamlar bilan endi uning vafotidan keyin rishta bog‘lashga urinish befoyda. Zulayho bu qishloqqa kelin bo‘lib kelganida odamlar bechorahol yashayotgan bo‘lsalar ham, lekin yoshlik zavqi bilan uning ko‘ziga hayot behad go‘zal ko‘rinardi. Eri xo‘jalikka ishga kirdi, uni esa qishloq ahli hashar yo‘li bilan qurgan kasalxonaga ishga olishdi. Tug‘ilish ko‘p edi. Shu paytgacha uylarida qanday azoblar bilan tug‘ib yurgan ayollar endi shifoxonada Zulayho doyaning ko‘magi bilan osongina ko‘z yoradigan bo‘lishdi. Qanchalab ayollarga onalik quvonchini ulashgan Zulayhoning o‘zi yetti yil deganda farzandli bo‘ldi.
Eri endi xo‘jalikning ishi bilan birga otalik mas’uliyatini ham yaxshi his qila boshladi. U har kuni albatta vaqt topib uyga kelar, ro‘zg‘orning kam–ko‘stini to‘ldirar, beshikdagi o‘g‘ilchasi Ehsonni biroz erkalib dam olardi. Ehson endigina emaklay boshlaganda ona-bola bir paytda qattiq shamollab qolishdi. Yozmachilarning “sharofati” bilan xo‘jalikda tekshir-tekshirlar avj olib, Zulayhoning eri bosh qashishga ham vaqt topolmay qiynaldi. Ammo u shunday tig‘iz vaziyatda ham har kuni qosh qorayganda uyga birrov kelib, xotini bilan o‘g‘lining ahvolidan xabar olishni kanda qilmadi. U yo‘l-yo‘lakay fermaga kirib, sut sog‘uvchi kampirdan iltimos qilib bir kosa sut olib uyga kelar, ona-bolaga shifo bo‘lsin, deb uni qaynatib ichishni Zulayhoga tayinlab ketardi. U ikki kun sut olib keldi. Uchinchi kun esa fermadan qo‘lida sut bilan chiqayotganida ushlab, militsiya idorasiga olib ketishdi. Shu kundan uni uyiga qaytarishmadi. Xo‘jalik rahbarlarini kamomadda, uni esa umumxalq mulkini o‘g‘irlaganlikda, binobarin, davlatga xiyonat qilganlikda ayblab, qamab yuborishdi. Ana shunda Zulayhoning boshiga malomatlar yog‘ilgandan-yog‘ildi. U yolg‘izlanib qoldi.
Eri qamoqdan xastalik orttirib qaytdi. Ishlashga kuch topa olmadi. Ba’zan ko‘ksini changallab qattiq yo‘talib qolar, og‘riqning zo‘ridan yuzi ko‘kimtir tusga kirib, laxta-laxta qon tuflardi. Zulayho qanday malham bo‘lsa barini topib kelib, uni davolashga urindi. Lekin erining uch-to‘rt yillik umri qolgan ekan, undan narisiga o‘tolmadi. Xayriyatki, Ehsonning bo‘yi cho‘zilib qolgan edi. Zulayho unga suyanib taskin topdi. Ehson maktabni bitirib, bir-ikki oy xo‘jalik dalasida ishlab yurdi. Keyin uni armiyaga chaqirishdi. Zulayho har lahza xavotir olib, undan maktub kutdi. Ehson “harbiy xizmatni Mo‘g‘ulistonda o‘tayapman” deb xat yozib turgan edi-yu, lekin “qora xat” kelganidan keyin uning Afg‘onistonda xizmat qilganligi oshkor bo‘ldi. Zulayhoni yolg‘izlik qaritdi. U halizamon eri bir kosa sut ko‘tarib kelib qoladiganday yoxud alp qomatiga harbiy kiyimlari yarashgan Ehson ro‘parasida paydo bo‘ladiganday, “tiq” etgan tovushga quloq tutib yashayverdi.
Yomg‘irli kunlarning birida ko‘cha eshigi qattiq taqilladi. Kampir ming bir xavotir bilan eshik tomon shoshildi. Tash¬qarida yomg‘irdan ust-boshi shalabbo bo‘lgan bir yoshgina juvon yo‘rgaklangan chaqalog‘ini bag‘riga bosib, diydirab turgan edi. Juvon kampirdan ichkariga kirishga izn so‘radi. Zulayho shosha-pisha ularni uyga olib kirdi. Kampir chiroq yorug‘ida ayolginaning yuz-ko‘ziga razm solib, uning bu qishloqqa begona ekanligini bildi. Uning kiyimlarini quritib olishiga, chaqalog‘ini boshqatdan quruq mato bilan yo‘rgaklashiga ko‘maklashdi. Shiringina chaqalog‘iga havasi keldi, uni qo‘liga olib erkaladi. Keyin choy ichib, allamahalgacha suhbatlashib o‘tirdilar. Ayol, o‘zining aytishicha, uzoq tog‘ qishlog‘idan ekan. Shaharda institutda o‘qirkan. Avtobusga ulgurolmay, yo‘lovchi mashinaga chiqibdi. Mashina mana shu qishloqqacha kelgan, nariyog‘iga esa boshqa ulov topilmagan. Kech bo‘lib qolgani uchun bir kecha tunab qolishga joy qidiribdi. Odamlardan so‘rab, doya ayolning yolg‘iz yashayotganligini, unikida tunab qolsa hech kimga malol kelmasligini bilibdi.
Tongga yaqin chaqaloq bezovtalanib yig‘lay boshladi. Zulayho, onasi emizib tinchlantirar, deb birpas quloq solib yotdi. Lekin bola battar yig‘layverdi. Kampir o‘girilib qarasa, ayol o‘rnida yo‘q. U go‘dakni qo‘liga olib allaladi. Qancha kutmasin, haligi ayoldan darak bo‘lavermadi. U yig‘layotgan chaqaloqni adyolga o‘rab, hovliga ko‘tarib chiqdi. Ko‘cha eshik ochiq qolganini ko‘rib, Zulayho nimanidir anglaganday bo‘ldi, biroq bu yoqimsiz fikrni xayolidan quvishga urindi. Ammo norasida go‘dakda nima ayb? Zulayho bu bolani tangrining inoyatiga yo‘ydi. “Ehtimol Ehsonim shu go‘dak shamoyilida uyimga qaytib kelgandir” deb o‘yladi. “Uni menga xudoyimning o‘zi qaytarib berdi” deya quvonib, chaqaloqqa Xudoyberdi, deb ism qo‘ydi. Xudoyberdi ulg‘aygani sari qaysidir jihatlari goh erini, goh Ehsonni eslatardi. Ehsonni ayni yigit bo‘lib yetilganida “tinch mamlakat”ning “begona” urushlari hayotdan yulib ketdi. Hozir esa hayot boshqacha. Tekshir-tekshir, qama-qama, urho-ur zamonlari ortda qoldi. Endi yurt tinch. Odamlar hayotlarini o‘zlari istaganday quradilar. Zulayho Xudoyberdining bo‘y-bastiga qarab shularni o‘ylarkan, xotirjam jilmayib qo‘yardi.
Lekin kutilmaganda bir dilxiralik uning xotirjamligini buzdi. Ko‘cha-ko‘yda bolalarning, hatto ayrim tiyiqsiz kattalarning ham Xudoyberdini “tashlandiq”, “etimcha”, deb masxara qilishlarini, bundan Xudoyberdining dili o‘ksib, kunjak-kunjaklarda Zulayhoga ko‘rsatmay yig‘lab-yig‘lab olishini payqab qoldi. Shunda uning vujudi olov bo‘lib lovulladi, og‘ziga egalik qilolmagan odamlardan ko‘ngli qoldi.

* * *

Sel shiddatini oshirgandan-oshirib, qishloqni qoq ikkiga bo‘lib turgan soyga kelib qu¬yildi. Bu soyga atrofdagi qir-adirlardan, ko‘cha va hovlilardan oqqan yomg‘ir suvlari ham quyiladi va ular bari jamlanib, soyda go‘yo to‘fon ko‘tarilgan dengiz manzarasini hosil qiladi. U qishloq o‘rtasidagi soydan ko‘pirib-toshib oqib o‘tarkan, yanada dahshatli pish¬qirar, yanada vahimali o‘kirardi. Bunga javoban yigitcha ham qattiq kurashga kirishdi. Faqat arqon chap qo‘lini qiyib, qontalash qilib yuborgani uni azoblay boshladi.
Yigitcha ikki qirg‘oqda kimki ko‘ringan bo‘lsa, hammasini tanidi. Qirg‘oq yoqalab chopayotgan bolalarni ham, Shermat zo‘ravonni ham ko‘rdi. Ular qanchalik yugurishmasin, baribir ortda qolib ketaverdilar, chunki sel ulardan ham chaqqonroq ekanligini ko‘rsatar, shiddatining zo‘rligidan ko‘pirib-pishqirardi. Xudoyberdi sel bilan o‘chakishgani sayin sel ham o‘zining qanchalar qudratga ega ekanligini unga namoyish qilaverdi. Arqon tobora taranglashib, yigitning qon sizayotgan qo‘lidan kuch ketayotgan edi. Baxmalcha esa qachonlardan beri suv yuzida ko‘rinmay qoldi. Mana, nihoyat bir burilishga yetganda Baxmalcha sel to‘lqinlariga qo‘shilib bir ko‘tarildi-yu, yana suv ostiga sho‘ng‘ib ketdi. Yigitcha buzoqda tiriklik nishonalarini ko‘rmadi. Kaftini qiygan arqon qo‘lidan sirg‘alib chiqib ketdi va u Baxmalcha undan yashin tezligida uzoqlashib borayotganini sezdi. U oxirgi kuchini jamlab, sel bilan kurashishni davom ettirmoqchi bo‘ldi. Lekin bunday katta qudratga qarshi yolg‘iz o‘zi hech narsa qilolmasligini tushundi. Selning shashti haliberi su¬sayay demas, qishloq tobora ortda qolayotgan, oldinda esa bepoyon kengliklar boshlanayotgan edi. Yigitchaning boshi bir narsaga qattiq urildi-yu, uning ko‘z oldi yorishib ketdi. Biroq keyin yana bir zumda ko‘zlarini zulmat qopladi va u endi o‘zini yengilgina his qila boshladi. U endi qo‘l-oyoqlarini harakatlantirmay, o‘zini oqim ixtiyoriga qo‘yib berdi. Shunda yonginasida kimdir unga gapirayotganini payqab qoldi. O‘sha “kimdir” hayqirib unga nimalarnidir gapirar, uning gaplarini sel shovqinida tezda anglash mushkul edi. Yigitcha yon-veriga alangladi, lekin hech kim ko‘rinmadi.
– Kim u? – dedi u hayajonlanib.
– Bu menman, – dedi kimdir yonginasida.
– Siz kimsiz?
– Men selman.
– Sel?!
– Ha, selman. Qachondan beri senga gapirib kelayapman, ammo sen javob qaytarishni istamayapsan. Uning o‘rniga men bilan olishib kelayapsan. Mana, nihoyat meni yengolmasligingga fahming yetdi.
– Siz mening g‘aflatda qolganimdan va yolg‘izligimdan foydalandingiz. Sizning haybatingiz oldida bir o‘zim ojizlik qildim. Siz esa shuncha qudratingizni men bilan Baxmalchamga ko‘rsatib qo‘yishdan uyalmadingiz. Aytgancha, siz ham yovuzlarning birisiz, buni loyqaligingizdan ham bilsa bo‘ladi.
– Yanglishasan, bolakay. Biz, sellar aslida tiniq va pokizamiz. Ko‘zingga ko‘rinib turgan mana bu bo‘tana bizning aslimiz emas, balki, yo‘limizda uchragan g‘uborlar bizning qiyofamizga shunday tus berib qo‘ygan. Biz yo‘limizdagi hamma narsani oqizib ketamiz. Nimalar tashlanmagan deysan bu soylarga, o‘yinqaroq shamollar nimalarni supurib kelmagan deysan bu o‘zanlarga. Lekin barcha g‘uborlar mana shu chuqurliklarda deb o‘ylaysanmi? Ikkala qirg‘oqqa qarab nimalarni ko‘rding: qo‘l qovushtirib tomosha qilayotgan loqaydlar, ko‘z-ko‘zga tushganda bir-biriga qahrini sochayotgan johillar, o‘zlarini cheksiz qudrat sohibi, deb sanasa-da, suv shashtidan vahimaga tushgan kimsalar...
– Biz hech kimga yomonlik qilmaganmiz. Siz bo‘lsangiz...
– Sen mendan ranjima, bolakay, men seni qiynamadim, aksincha, yordam berdim, qo‘limdan kelgani ham shu. Ehtimol hech kim senga bunday muruvvat qilolmasdi ham. Seni ko‘p ranjitishgan, ko‘p o‘ksitishgan. Bularni hasrat qilmasang ham bilaman, akalarim aytishgan. Mendan avval bu yo‘llardan akalarim o‘tishgan. Sen o‘shanda ham qirg‘oqda o‘tirib, akalarimga termulgancha yum-yum yig‘lagansan. Boyagi chuqurlikda hech kimga ko‘rsatmay ko‘p marta yig‘laganingni ham bilaman. Qumlarga singigan ko‘z yoshlaringni akalarim yuvib o‘tganlar. Ular yo‘llarida nimani ko‘rgan bo‘lsalar bizga aytishgan.
– Demak, o‘kirishlaringiz, pishqirishlaringiz bejizga emas ekan-da?
– Ha, biz shunday gaplashamiz. Biz o‘kiramiz, pishqiramiz, ba’zan o‘zanlarga sig‘may qirg‘oqlardan toshib chiqamiz. Shunda odamlar bizning bunday harakatimizni ofatga yo‘yishadi. Lekin odamlar paydo qilayotgan ofatlar oldida bizniki hech narsa emas. Ular ko‘pdan-ko‘p shafqatsizliklar qiladilar.
Sel boshqa hech narsa demadi. Ehtimol shiddatiga erk berib, qilib qo‘ygan shoshqaloqligidan afsus chekayotgandir. Uning shashti ham pasaydi va uni yutoqib kutib turgan bepoyon qumliklar bo‘ylab yoyilib ketdi.
Xudoyberdi suvga bo‘kkan qumlar ustida uzoq yotdi. Bir payt yuzini kimdir silaganday bo‘ldi. Dimog‘iga seldan qolgan qo‘lansa hidlar emas, gullar ifori urilganday, yengil nafas oldi. Ko‘zlarini ohista ocharkan, keng osmon ko‘rindi. Yomg‘iru momoqaldiroqlari bilan shovqin solib kelgan qora bulutlar yiroqlab ketgan, faqat uning shundoqqina ustida bir to‘p oppoq bulut suzib yurardi. Yigitcha ana shu bulutga termulib yotdi. Boyagina yaqinroqda ko‘ringan oq bulut tobora uzoqlashib ketaverdi. U qontalash bo‘lib ketgan kaftlarini qumga tirab, zo‘rg‘a o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Nimalar ro‘y berganini xotirjam eslashga urindi. Baxmalcha esiga kelib, uni qidirib atrofga alangladi. Biroq qumga yarmi ko‘milib qolgan xarsang toshlar, katta-kichik shox-shabbalar, suvga qongan butalardan boshqa hach narsani ko‘rmaganidan xo‘rligi keldi. O‘zining aft-angoriga esa qarab bo‘lmasdi. “Shunday abgor ahvolda uyga kirib borsam, enam yana qo‘rqib ketsa kerak”, deb o‘yladi. U og‘rinib o‘rnidan turdi-da, boshini xam qilganicha qishloqqa, yana o‘sha odamlar orasida hasratlarini yashirib yashayotgan mushtipar ayolning yoniga qaytish uchun horg‘in qadam tashladi.
Uzoqlarda qolib ketgan qishloqning bir ko‘rimsiz uyida esa mana bu mashmashalardan mutlaqo bexabar mushtipar kampir mazali bo‘g‘irsoqlar pishirdi va halizamon daladan buzog‘ini yetaklab kelib qoladigan o‘g‘li uchun qora qozonga ovqat solib, so‘ngra uning kir bo‘lib ketgan ko‘ylaklarini yuvib qo‘yish taraddudida eski tog‘ora turgan ayvon tomonga ketdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.