OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fozil Jabborov. Kutilmagan maktub (hikoya)

Yangi yil kechasi Ayozbobo Umidaga yozg‘ich sovg‘a qildi. Qizaloq ertasiga kun bo‘yi uning ustiga rasmi tushirilgan sevimli multfilmi qahramoniga maftun bo‘ldi. Kechga yaqin bundan zerikdi chog‘i, yozg‘ichning chiqqillatgichini bosgandi, tumshug‘ida temir uch ko‘rindi. Qo‘lidagi jajji jimjimador matohning ruchka ekanini da’fatan bilib qoldi-yu, bir nimalar yozgisi kelib zavqlandi. Ayozboboning kechagi gapi yodiga tushdi: “Chin dildan ko‘ngilga tugilgan har qanday niyat albatta ijobat bo‘lur”.
Kecha niyat qilishga ulgirmayin uxlab qolganidan afsuslandi. Ruhi tushib tag‘in ruchkaga boqdiyu haytovur miyasidagi g‘aroyib istak yanada tiniqlashdi. Niyatini ruyobga chiqarish ilinjida sumkasini ochdi. Birov ko‘zi tushib qolishidan xavotirlana-havotirlana daftaridan bir varaq yirtib oldi. Yaqinda “Alifbe bayrami”ni o‘tkazib, uncha-muncha so‘zlarni yozishni o‘rgangan emasmi, sovg‘ani qog‘oz bo‘ylab yurgiza boshladi. Hafsala bilan avval bitta harf, keyin ikkita, so‘ng bir so‘z, oxiri katta-katta harflarni munchoqday terib: “OTAJON, ONAJON, ILTIMOS, MENI OLIB KETING!” degan so‘zlarni yozdi. Xatni to‘rt bukladi-da, begona ko‘zlardan panaroqqa – sumkasining ichki cho‘ntagiga yashirdi. Shu payt tarbiyachi bolalarni kechlikka chaqirardi. O‘yinchoqlar xonasidagi bolalar gur etib oshxonaga chopishdi. Umida esa sumkasini joyiga qo‘yib, parishonxotir holatda shoshilmay tashqariladi. Uni qidirishayotgan ekan. Kechikkani uchun tarbiyachidan yengilgina dakki ham eshitdi.
Butun oqshom – ovqatlanishu televizor ko‘rish, tish yuvishu uyquga yotish asnosida ham qoralagan maktubi va uni kim orqali ularga yetkazish haqida uzoq o‘yladi. O‘ylar poyoniga yetmayoq, ko‘zlar ilindi.
Qizaloq ertasiga hammadan avval uyg‘ondi. Qadam tovushlarini chiqarmay darsxonaga bordi. Sumkadagi xatni ochib ko‘rdi. Maktubga hech kim tegmaganini bilgach, tag‘in qadam tovushlarisiz yotoqhonaga qaytdi. Yuvingach, tarbiyachining bolalarni uyg‘otishini poylab, deraza tokchasiga tirsaklarini, kaftlariga esa iyaklarini tirab tashqariga termildi. Tag‘in xat haqida o‘yladi.
Kechagi qor borliqni burkagandi. Faqat darvozaxonaning ayvonigagina qor qo‘nmagandi. Shu payt darcha eshigi g‘iyqillab ovoz chiqardi-yu, beriga ochildi. Qora sharpa ichkari xatladi.
Tong yorishgan esa-da, darvozaxona hali qorong‘i edi. Shu-chun kirgan sharpa yaqinlashgan sari odamga, odam telpak va qo‘nji uzun etik kiygan kishiga, telpakli va etikli kishi qo‘lida doim sumka ko‘tarib yuradagan Rahmon pochtachiga aylanganida tanish chehraga nigohi tushishi hamonoq qizaloqning ma’yus va o‘ychan ko‘zlari birdan quvnadi. Darsxonaga yugurdiyu sumkasidagi maktubni olib ko‘ksiga bosgancha, ustiga paltosini, oyog‘iga etigini kiyishni-da unutib, tashqariga otildi. Tez yugurganiga qaramay, har kun saharlab xatu gazetalarni tashlab, zumda g‘oyib bo‘ladigan baroq qoshli pochtachiga darcha yonida zo‘rg‘a yetdi. Hansirab hadeganda o‘pkasini rost ololmay, xatni uzatarkan bir so‘z aytolmaganidan bo‘g‘ziga alam qadaldi-yu, yig‘lab yubordi. Pochtachi amaki tizzanlanlab turgan kuyi uning peshonasidan o‘pdi. Boshini siladigancha xatini albatta egasiga yetkazishga va’da berdi. Buni eshitgan qizaloqning yuziga kulgi yugurdi. Xatchi amakiga rahmat aytgachgina, avval oyog‘idan, so‘ngra butun badanidan sovuq o‘tayotganini sezdi. Qizargan nozik barmoqchalariga puflay-puflay, ko‘kargan oyoqchalarini qo‘liga olib ichkariga yugurdi.
Jajji Umidaning ulkan umididan pochtachining qalbi qinidan chiqayozdi. Jismi jumbishga keldi. Qizaloqning yonida o‘zini zo‘rg‘a bosdi. Yo‘lida davom etarkan, ko‘zidagi yoshini artgancha, ortiga qarab-qarab qo‘yardi.
Shu kun kechga borib xatni xatjildga solmagani yodiga tushdi. Bundan biroz xafalandi. Rasm darsidan shakllar yasaydigan rangli qog‘ozlardan birini sumkasidan olib undan xatjild yasadi. Tarbiyachi opa qishloqdagi onasiga xat bitayotib konvert topolmay, shunday qilgan edi-da. Daftar tag‘in yana bir qog‘ozidan ayrildi-yu, unga kechagi so‘zlar takror yozildi. Bu gal rasamadiga ko‘ra xatjildga solinib, og‘zi yelimlangan maktub tag‘in sumkaning ichki cho‘ntigiga berkitildi.
Hayajondan kechasi bilan mijja qoqmagan qizaloq saharda xatini Rahmon pochtachiga tutqazdi. Kechga yaqin yana bir xatosini esladi – maktubga marka yelimlamapti-ku. Tarbiyachidan iltimos qilib bir dona marka oldiyu kechagiday maktub yozib, xatjild yasadi, ustiga marka yelimladi. Ertasiga uni yana pochtachiga berdi. Kechga borib tag‘in bir xato yodiga tushdi – manzil yozmapti. Uzoq o‘ylandi. Chunki sog‘inganlari – ota-onasining qaerda yashashini bilmasdi-da. Ko‘liga qog‘ozu yozg‘ich olib tag‘in xat yozishga kirishdi. Shunda ko‘zlarida ikki tomchi yosh paydo bo‘ldi. Kiprikda osilib qolgan yosh maktubga dumaladi. Keyingi yosh tomchilarini yengi bilan artdi-da, xatni tezda xatjildga joyladi. Manzilsiz bo‘lsa-da, maktublardan biri ularga albatta yetib borishiga umid bog‘lab, uni sumkasiga yashirdi.

* * *

Qizaloqda yangi tuyg‘u paydo bo‘ldi – kutish. Endi u har tong derazadan darvozaxonaga termulishni odat qildi – ota-onasining kelishini intiqib kuta boshladi. Har gal ularning o‘rniga baroq qoshli pochtachi amakini qarshi olarkan, maktubni unga berardiyu mitti yuragi bir og‘rinib qo‘yardi. Biroq har oqshom maktub yozishni qo‘ymasdi.

* * *

Shu ko‘yi kunlar ketidan kunlar, oylar ortidan oylar o‘taverdi. Deraza yonidagi besh yuz yoshli chinor-da yil bo‘yi qizaloqqa qo‘shilib qishda oqarib, bahorda yashnab, yozda gurkirab, kuzda sarg‘ayib uning ota-onasini kutib yashadi. Ehtimol, chinordan qolgan umrini nimaga sarflashini so‘rashganida, hech ikkilanmay, qizaloq bilan kutishga, degan bo‘lardi!..

* * *

Hap-pash deguncha, qish ham eshik qoqdi. Biroz o‘tib, qor ham yog‘di. Qizaloq har oqshom maktub yozaverdi, yozaverdi... Bir kun qarasaki, daftar varaqlariyu rangli qog‘ozlarining oxiri ko‘rinib qolibdi, pochtachi amaki berib ketgan markalar-da sanoqli. U qog‘ozlarni tejash uchun endi xatni kichikroq yozdi, xatjildni ixchamroq yasadi.
Oradan uch-to‘rt kun o‘tdi. Oqshom mahal daftarning so‘nggi varag‘iga xat yozdi, oxirgi rangli qog‘ozidan xatjild yasadi, maktubga oxirgi markani yelimladi. Deraza yoniga kelib, xuddi tongdagiday tokchaga tirsaklarini, kaftlariga iyagini tiragancha darvozaxona darchasiga ko‘z tikdi. Tashqarida pag‘a-pag‘a laylak qor yog‘ardi. Borliq burungi yildagiday oppoq edi. Derazadan tashqariga tushgan chiroq nuridagi chinor urushga ketgan bolasini ostonada sovuqdan g‘ujanak bo‘lib, boshidan ro‘moli sirg‘alib pastga tushgan kumushkampirday mung‘ayib turardi.
Tong otishiga chamasi o‘n soatlar bor esa-da, qizaloq sahar bo‘lishini, pochtachining sharpasi darchadan hatlashini, qo‘lidagi maktubini unga berishni chunonam istardiki, qisqa umri davomida uning jajji yuragi hali bunchalik orziqmagandi. Hatto ota-onasini kutishni unutib, pochtachining yo‘liga ko‘z tikish unga odat bo‘la boshlaganini o‘zi ham payqamay qoldi. Xatni kaftida siqqancha... qotgan qo‘llari tayoqday, darchaga qadalgan qop-qora qorachiqli mitti ko‘zlari munchoqday qizaloqning kipriklari pirpiray-pirpiray ilindi. Ko‘zlar yumilishi zamon darvozaxona darchasida avval g‘ira-shira sharpa, so‘ng qop ko‘targan kishi ko‘rindi.
Uyqudagi qizaloq keyingi kunlarda maktub yozishga shu qadar berilgandiki, hatto bugun yangi yil oqshomi ekaniyu bolalar uyiga Ayozbobo kelganini, u bolalarga bir-biridan ajoyib sovg‘alar ulashganiyu yozgan so‘nggi maktubining o‘rnida boshqa xat paydo bo‘lganini-da payqamadi. O‘sha kechasi dunyodagi bolalarga ulashilgan sovg‘alar ichida eng g‘aroyibi Umidaniki edi. Hali egasi tomonidan o‘qilmagan ushbu bebaho sovg‘a – maktubda shunday so‘zlar bitilgandi:
“Men seni olib ketaman, qizim!”

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.