OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhiddin Mirzaahmad. Bеshik jazo anjomi...mi? (2007)

«O‘zbekiston» teleradiokanali or­qali namoyish etilgan “Shaxsiy fikr” ko‘rsatuvining navbatdagisida beshik masalasi muhokama qilindi. Ko‘rsatuvni biroz kechikib ko‘rganligim bois beshik haqida o‘z mulohazalarini bildirgan akaning ism-sharifini bilolmay qoldim. U kishini shartli ravishda muallif deb nomladim.
Muxlis sifatida, “Shaxsiy fikr” haqidayam shaxsiy fikrimni bayon etishni loyiq bildim. Ko‘rsatuvning nomlanishi  “Shaxsiy fikr” ekan deb, aljirab-valjirashlar ham namoyish etilaveradimi? Mavzu tanlashda yuz minglab tomoshabinlarning umumiy dunyoqarashi salmog‘ini e’tiborga olish unutib qo‘yilmasa edi. “Shaxsiy fikr”ni biz tor doirada, masalan, choyxonada bildirsak, balki o‘rinli bo‘lar. OAVda fikr aytiladigan bo‘lsa, sal “u yoq-bu yoqqa” qarab, saviyani charxlab, eng muhimi, omma tomonidan e’tirof etiladigan, odamlarning g‘ashini keltirmaydigan mavzu tanlansa, hammabop ko‘rsatuv bo‘lardi-da! Aks holda... Masalan, Rossiya telekanallarining (afsuski, bizning telekanallardagi ko‘rsatuvlarning mazmunida, hatto suxandonlarning o‘zini tutishida Rossiya telekanallaridan olingan nusxachilik — taqlid yaqqol namoyon bo‘lib turadi. Buni “O‘zbekiston” teleradiokanalidayam ko‘rish mumkin, “Yoshlar”dayam. Taqlid sindromi alomatlari bor... Eng kulgili tomoni, Rossiya telekanalchilari chet ellik hamkasblariga taqlid qilishadi — nusxa ko‘chirishadi. Biznikilar esa... Xullas, bular alohida mavzu. “Pust govoryat” ko‘rsatuvida umrining 50 yilini erkaklikda o‘tkazib, bundan buyon “ayol”ga aylanishni xohlab qolgan va jarrohlik yo‘li bilan niyatiga yetgan kimsa muhokama qilindi. Ko‘rsatuv ishtirokchilari o‘sha qahramonni oqlab mulohazalar aytishdi. Keyin ma’lum bo‘ldiki, qahramonni yoqlab fikr aytganlarning o‘zlari ham “o‘shanaqa” toifadagilar ekan. Umuman xunasa kasalligi hayotda uchrab turadi. Ya’ni shundaylar yo‘q emas, bor! Ana shu (xunasa)ni keng ommaga targ‘ib (ha, aynan targ‘ib!) qilish shartmidi? Bundaylar o‘n mingtadan bittadir, yuz mingtadan bittadir. Saviyasi, ko‘rsatuv mavzusini qarangki, shuni OAVda namoyish etil­yapti?! Darvoqe, “ayolga aylangan erkak”dan nafratlanganlar ham bo‘ldi. Negadir, bunday qarashlarni kamroq namoyish etishdi. Savol tug‘iladi: bu ko‘rsatuvni tayyorlashdan maqsad nima? Omma e’tiborini (xunasalarga) jalb qilishmi? Yoki “Shaxsiy fikr”ni shakllantirishmi, odamlarni “teran” fikrlashga jalb qilishmi, “qoyil” qoldirishmi? Savollar ko‘p, javob esa bitta: bu — axlatxonani titkilab, uning ichidan xo‘shbo‘ylikni axtarishdan boshqa narsa emas!!! Axir, ko‘rsatuvda bir necha yil er-xotin bo‘lib yurgan juftlarning biri — “er” o‘z xotinini “dugonam” deya maroqlanib e’tirof etdi va bu e’tirof ko‘rsatuv ishtirokchilarining olqishlari bilan “boyitildi”.
Yuqoridagi mulohazalar o‘zimizning “Shaxsiy fikr”imizga ham qisman taalluqli. Ko‘rsatuvning nomi mazmundor. Joriy etilganiyam e’tiborga loyiq. Biroq mavzu tanlashda, ko‘rsatuvga taklif etilayotganlarni saralashda qovun tushirib qo‘yilmasa edi, yanada yaxshi bo‘lardi.
Chunki ko‘rsatuvda ishtirok etayotgan shaxs, avvalo, ko‘tarilayotgan mavzuning miridan sirigacha tasavvurga ega bo‘lishi kerak. Holbuki, muallif beshikni bola uchun nuqul mahkam bog‘lab qo‘yiladigan “jazo anjomi” o‘laroq talqin qilib o‘tiribdi. Muallif o‘zicha: “Men beshikka qarshi emasman, bolaning uzoq muddat beshikda yotib, qolib ketishiga qarshiman”, degan mazmunda gapirdi. Demak, muallif berahm, beshafqat, o‘z chaqalog‘ini bog‘lab azoblab, rohatlanadigan “manyak-ona”lar uchun o‘zining “qimmatli” va “kamyob” fikrlarini bildiribdi-da. Bu o‘rinda muallifning fikri juda o‘rinli. Ammo fikr yuritib ko‘rsak: hatto, umuman savodsiz ona ham (agarda u vahshiy bo‘lmasa) beshik yoshidagi bolasining kun tartibini yoddan biladi. Beshikdagi bola yig‘layverdimi, demak, uning uyqusi pishgan — beshikdan yechib olinadi. Uxlaydigan vaqti kelganda esa yana xarxasha boshlanadi — beshikka belash vaqti kelganidan darak. Yana bir bor alohida ta’kidlash joizki, farzandidan voz kechmagan ona har qaysi sharoitda o‘z farzandini beshikka bog‘lab uzoq muddat chirqiratib qo‘ymaydi. Qolaversa, beshik bu faqatgina bog‘lab qo‘yish jihozi emas. Muallif umri mobaynida loaqal bir marta beshikni ko‘rgan bo‘lsa — beshik tebranuvchi moslama ekanligigayam iqror bo‘lardi. “Ko‘rganman, beshikda yotganman” degan iddaodagi “mutaxassis” zinhor va zinhor beshikdan ehtiyot bo‘lishga chorlab jonbozlik ko‘rsatmagan bo‘lardi. Bu mavzuga ilmiyroq yondashilganda edi, ko‘rsatuvdagi shaxsiy fikrlarga o‘rin qolmasdi. Misol uchun mana bunday: chaqaloqni oyoq-qo‘llarini ravon qilib to‘g‘rilab beshikka belanadi. Deylik, u yig‘ladi, onasi emizadi. Bunda ovqat hazm qilish jarayoni hech qanday zo‘riqmaydi, chunki ona suti — bu somsa, kabob, qazi-qarta kabi oshqozonni zo‘riqtiradigan maishatlar emas. Bordi-yu, bolaning qorni to‘q bo‘lsa, u emmaydi. Shunda ona allalab, asta beshikni tebratadi, ha, beshik bir maromda (ritm bilan) tebranadi. Bu tebranishning, allaning chaqaloq ongiga, oromiga ijobiy ta’sirini fahmlash uchun fizikani, biologiyani yaxshi bilishi kerak odam. Binobarin, bir maromdagi qaytariluvchi tebranish va alla bo‘lajak teran fikrli, zukko, iligi to‘liq shaxsning tamal toshidir. Shu tariqa bola uyquga ketadi, vaqti kelib, tiniqib uyquga to‘yib orom olgan bola uyg‘ongach yig‘laydi. Ona yana emizadi, tebratadi, bordi-yu, bolaning uyqusi chala bo‘lgan bo‘lsa, yana uxlaydi. Aks holda yig‘laydi. Endi beshikdan yechib olish fursatidan darak bu. Beshikdan olingan, tiniqib uxlagan bolaning ko‘zlari chaqnab, erkin harakat qiladi. Xulosa qilaylik-chi, shu jarayonlarning qay biri bolaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi? Muallif esa o‘z “bilimdon”ligini namo­yish etish bilan ovora.
O‘sha kungi “Shaxsiy fikr”dan keyin onamlarga beshikning zarari haqida murojaat qildim. “Olti nafar o‘g‘il-qizni — aka-singillaring hammangiz beshikda yotgansizlar. Birorta suyaging maymoqmi, o‘zingga bir qara-chi? Kim beshikka til tekkizgan bo‘lsa bekorginani gapiribdi. Beshik bolasi — bek bolasi, degan naql qadimdan bor...” dedilar onam shaxsiy fikrlarini izhor qilib.
Ko‘rsatuvdagi mavzuga doir savolni bolalar shifokori-pediatr hakimga aytdim: “Uka, biz o‘qigan tibbiy risolalarni birortasida beshik haqida umuman gap yo‘q. Gapni indallosi shuki, u paytlar nainki beshik, balki sunnat (xatna) qildirish ham eskilik sarqiti hisoblangan va bular qattiq qoralangan, qat’iy taqiqlangan...” — deydi yoshi ellikdan oshgan suhbatdoshim. — Beshikning zarari haqida sahifa-sahifa maqolalar e’lon qilinardi.
Ha-a, mana qaerda ekan, muallifning kuyib-pishib beshikdan “xavotir” olayotganining bosh omili. “... An’ana bugun shakllangan emas, an’ana kecha ham shakllangan emas, u avvalgi kun shakllangan. Bu, demak, o‘sha an’anada avvalgi kunning aksi bor... Unga tanqidiy qarashni bilishimiz kerak. Millatning yetukligi o‘ziga tanqidiy qaray bilishida belgilanadi. Tan­qidiy qarasak, bizga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillardan qutulishimizga, taraqqiyotimiz tezroq bo‘lishiga imkoniyat tug‘iladi”, — deydi muallif.
E’tibor bersak, mavzu beshik haqida bo‘lyapti. Ya’ni bolani beshikka belashdan voz kechsak, o‘zbek millatining taraqqiyoti tezlashadi degan ma’no bor. Muallif: “Men bunday demoqchi emasman”, deyishi mumkin. U holda yuqorida bayon etilgan fikrda mantiq bormi o‘zi?
Butun ko‘rsatuv mobaynida muallifning arosatdagi mulohazalari sezilib turdi. Ishtirokchilarning “Siz shunday, shunday, dedingiz”, degan e’tiroziga muallif javoblaridan: “Men shunday, shunday, deganim yo‘q, shundayroq, shundayroq dedim, xolos” qabilidagi ma’no kelib chiqdi. Maqsad beshikni inkor qilish yoki qisman inkor qilish! Bundayin arosatga, nihoyat psixolog aralashib nuqta qo‘ydi. Binobarin risoladagidek “qovun tushirdi”. Ya’ni uchinchi ishtirokchi, psixologning fikricha, “...tibbiyotchi (ko‘rsatuv ishtirokchisi) sifatida (Matluba Sharipova) beshikka butunlay qarshi turishi kerak edi...” Shu fikrdan so‘nggina beshikning “eskilik sarqiti” ekanligi ma’lum bo‘ldi va mavzuga oydinlik kiritildi.
Ko‘rsatuv avvalrog‘ida muallif “beshik tarixiga bir nazar tashlab”, u yuz yilmi yoki ikki yuz yilmi avval paydo bo‘lgani noma’lumligini, Forobiy va Navoiylarning beshikda yotgan yotmaganligi masalasi mavhum ekanligini iddao qilgandi. O‘sha dolzarb mavzuda gapira turib, bu qadar yuzaki fikrlarni bildirish o‘zini bilgan odamga ep emasligini ham eslatib qo‘ymoqchimiz. Tarixga nazar solsak, Farobiy ham, Navoiy va boshqa allomalarning ham beshik bolasi bo‘lishgani aniq, bundan ming yillar avval ham beshik bo‘lganligi ma’lum bo‘ladi. “Beshikdan qabrgacha ilm izla” (arabchasi «lahdi ilal mahdi...») hadisini olaylik. Bundan 1400 yil avval aytilgan gap bu. Yo‘rgak yoki boshqa ma’nodagi (masalan belanchak) atamasi qo‘llanilganda edi, albatta: “Yo‘rgakdan, belanchakdan yoki chaqaloqlikdan to qabrgacha ilm izla”, deyilgan bo‘lardi. Bu mulohazaga shubha bildiradigan bo‘lsak, mana bunisini nima deb izohlaymiz:
Qadam urdiyu tarki mahd qildi,
Qo‘yub emgak, yururga jahd qildi.
Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” asaridan olingan bu misralardagi “mahd” so‘zi beshik ma’nosini beradi. Emgak — emaklash, yura boshlash ma’nosini bildiradi. Ha, beshik ana shunday juda qadimiy jihoz, qulaylik. Unda ming bor hikmatu fayz mujassam.
Muallifning: “... an’anada avvalgi kunning aksi bor... Unga tan­qidiy qarashni bilishimiz kerak... Shunda taraqqiyotimiz tezroq bo‘lishiga imkoniyat tug‘iladi”, degan fikrlari sovetchilik nazariyasidan boshqa narsa emas!!! 75 yildan ziyod vaqt mobaynida tanqid bilan qaradik o‘zligimizga — jadal taraqqiy etdikmi? Hozirgi kunda har jihatdan taraqqiy etishimizga g‘ov-to‘siqlar, illatlar, “Shaxsiy fikr”da ko‘tarib chiqishga loyiqroq mavzular ozmunchami? Bola tarbiyasi bobida gap ketganda unga mehr-oqibat, fahm-farosat, ziyraklik, ezgu xislatlar ona suti orqali singadi, deyiladi. Buni tibbiyot faniyam, boshqasiyam tasdiqlaydi. “Figuram” buziladi deb, bolasini qasddan emizmayotgan, “taraqqiy etgan” onalar haqida, sun’iy sutning bola fiziologiyasi, psixologiyasiga salbiy ta’siri haqida nega muallif lom-mim demaydi. Nega psixolog bu mavzularni “Shaxsiy fikr” orqali keng ommaga ko‘tarib chiqmaydi? “Harom luqma va bolaning fe’l atvori” mavzusiyam dolzarb-ku? “O‘zlikmi yoki taqlid?” “Beburdlik” mavzulariyam bor.
Muallif o‘rni kelganda, “u payt­lar pampers bo‘lmagan”, deya pampersni alohida ta’kidlab o‘tdi. “Pampers”ning bolaga ta’siri, hatto uni kelajakda bepusht qilib qo‘yishi mumkinligi va qator bosh­qa zararlari haqida gazetada o‘qigandim. Muallif esa pampers haqida entikib gapiryapti. O‘zligini unutgan odamga o‘zligidan bosh­qa hamma narsa “sehrli” va “jozibador” ko‘rinaveradi, tuyulaveradi!!!
Yana matbuot xabaridan ma’lum bo‘lgandiki, angliyaliklar O‘zbekis­tondagi beshik ustalarini o‘z yurt­lariga taklif qilishibdi. Maqsad ingliz oilasidayam beshikni joriy qilish. Chunki ingliz ortopedlari bola suyagining bir tekis o‘sishida beshikning ahamiyatini yaxshi baholashgan, tagining quruq bo‘lishiyam diqqatga sazovor. Boshqa yana ko‘plab foydali jihatlari inglizlarni o‘ziga rom etibdi. Inglizlar beshikni havas qilib turgan bir paytda, buni qarangki, o‘zi bolaligida beshikda yotgan o‘zbek muallifi beshikdan ehtiyot bo‘ling deya bong urmoqda va bu bilan go‘yoki nechog‘lik “taraqqiyparvar” ekanligini ko‘z-ko‘z qilmoqchi. Psixolog esa beshikning naq kushandasi sifatida namoyon bo‘lyapti. Bundayin “psixologu mutaxassislar”ning o‘rni qaerdaligining o‘ziyam muhokama qilishga loyiq, eng zo‘r, zamonaning eng dolzarb mavzularidandir! “Shaxsiy fikr”ga bizning shaxsiy fikrimiz shuki, bunaqangi muallif va psixologlardan ehtiyot bo‘lish koni foyda. Ular bilan hamfikr bo‘lish taraqqiyotga emas, bil’aks muqarrar zalolatga yetaklaydi odamlarni! Ko‘rsatuv ishtirokchilarining 20 foizi ular bilan hamfikr ekanligini bildirdi. O‘sha 20 foiz ichida hali turmush qurmagan, kelajakda ona bo‘ladigan yoshlarning borligi achinarlidir. Chunki endi ular bolaning “fiziologik-psixologik” holatidan xavotir olib beshikdan voz kechishlari mumkin?!
Xulosa shuki, Vatan tuyg‘usi, yurt ishqi, millat qayg‘usi beshikning bir maromda tebranishi barobarida shakllanadi. Yuksak zakovat, ilm, e’tiqod tuyg‘usi, ezgu fazilatlarga ham beshikning daxli bor. Muallif ko‘rsatuvda e’tirof etganidek, “Qolgan 99 foiz millat beshikda yotmagan-ku..” degan e’tirozga kelsak, chamasi osiyoliklar yer yuzidagi millatlarning atigi 1 foizini tashkil etmasligi aniq. Sal mulohaza bilan hisob qilib fikr aytilsa, ayniqsa, OAVdagi chiqishlarda, juda o‘rinli bo‘lardi! Qolaversa, “Nur — Sharq­dan” ekanligini o‘sha beshikda yotmaganlar hozirgacha chuqur anglab e’tirof etadi. Shu bilan birga, Sharqdan — beshikda yotganlar orasidan yana Farobiy, Amir Temur, Rumiy, Nasafiy, Buxoriy, Ulug‘bek, ibn Sinolar yetishib chiqishidan ayrim beshikda yotmaganlarning xavotir olayotgani bor gap.
Buning uchun millatning qadriyatlariga yanada raxna solish, o‘zligidan, binobarin, hatto beshigidan judo qilish sari hormay-tolmayotganlar, beshikda yotganlar kabi butun dunyoga nur, hidoyat, ma’rifat, ilm ziyosini tarqatish emas, balki buzg‘unchilik, urush, zalolat, adovat urug‘ini sochayotganlar ham o‘sha “99 foiz”dagilar — beshiksizlar ekanligini unutib, xotirjam bo‘lishga haqqimiz bormi? Beshikda yotmaganlar dunyoni tebratsa ana shunaqa bo‘ladi! Ya’niki afkor ommaning halovati yo‘qoladi!
Muhiddin MIRZAAHMAD
"Hurriyat" gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.