OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G‘ozi Rahmon. Oypari (hikoya)

Oypari yovvoyi kaptarning suluv bolasi, negadir boshqa qarindoshlariga sirayam o‘xshamas, a’zoyi badani oppoqqina tuk bilan qoplangan edi. U osmon bilan bo‘ylashadigan “Kelin uchdi” jarida yashardi. O‘tgan yili erta bahorda jardan bexos tarma uchdiyu uyasi buzilib ketdi. Qorong‘u to‘s-to‘polonda tasodif qayig‘ining quyrug‘iga ilinib, joni omon qoldiyu qolganlarning nima bo‘lganidan xabar topmadi. Keyin yolg‘iz o‘zi boshi oqqan tomonga qarab uzoq uchdi. Bezovta ko‘ngli yo‘ldosh tusardi. Qidira-qidira Ko‘kparni topdi. Ular juft bo‘lib tashlandiq molxona chordog‘ida qo‘nim topishdi. Tinchgina, xilvat joy. Oypari to‘rtta bola ochdi. Ikkovi oqbosh, enasiga o‘xshaydi. Qolgan ikkitasi esa Ko‘kparning o‘zginasi. Bolalarni ko‘rib ikkalasi ham quvondi. Endi oila desa bo‘ladi. Lekin bolalarning tashvishi ko‘proq onaga tushar ekan. Oypari qish-qirovli kunda don qidirib borib, qo‘lga tushdi. Uni yaqin qishloqdagi chog‘roq hovlida, yuz-qo‘li kir-chir yuradigan xo‘ppa semiz bola kattakon sut savat ichiga don sepib, chetiga cho‘p tirab, unga uzun ip bog‘ladiyu, tuzoqqa tushirdi. Xuddi o‘sha kunning ertasiga Rahimjon ismli qo‘shni yigit yakkayu yagona erkatoy, ammo dardchil qizchasini xursand qilish uchun bolaga pul berib, Oyparini sotib oldi. Unga Oypari degan ismni ham o‘sha Rahimjonning qizi Dilshoda qo‘ygan. Dilshodaning munkillab qolgan buvijoni, hozir parilar yo‘q, hammasi kaptarga aylangan. Kaptar, degani asli parilar zotidan, deya ko‘p uqtirgan. Dilshoda otasi keltirgan oppoq kaptarni o‘sha parilardan biri, deb o‘ylaganidan Oypari deb qo‘yaqoldi. Oyparini kun bo‘yi oyog‘idan bog‘lab qo‘yishdi. Kechga tortib, Dilshodaning bobosi Norqul cho‘pon tog‘dagi suruvdan qaytdi. Kaptarni ko‘rib Dilshodaga dedi:
— Uh, uh, semizgina ekan, hozir so‘yib beraman, ayang sho‘rva qip beradi. Baribir boqolmaysan. Yovvoyi kaptarning qo‘lga o‘rganishi qiyin. Bor-yo‘g‘i bittagina. Boz ustiga mushuk degani, bunga o‘ch bo‘ladi.
Qizcha nima deyarini bilmay, angrayib qoldi. Axir parini so‘yib bo‘ladimi? Cho‘pon ota shoshilmay kaptarni tutib olib, oyoq- tumshuqlarini obdastadan suv quyib yuvib, qanotlarini qayirib, kirza etikli chap oyog‘i ostiga oldi. Yonidan shartta pichog‘ini olib, bir nima deb pichirlab, kaptarning bo‘yniga tig‘ tortmoqchi bo‘lganida Dilshoda chinqirib yubordi:
— Bovajon, jon bova, o‘zimning bovam, so‘ymang, o‘lib qoladi. Axir bu Oypari-ku.
Bobo to‘xtadi. U goh qo‘lidagi olmosday o‘tkir g‘eloniy pichoqqa, goh Oypariga, goh Dilshodaga qaradi. Dilshoda yalinishdan to‘xtamasdi. Erkidan ayrilgan, qanotlari qayrilgan Oypari tili yo‘q, ammo dili bilan Dilshodaning jajji yuragiga bog‘lanib, oh urib yolvorardi:
— Sadag‘ang ketay, dardingni olay, Dilshoda, oppoq qiz, yolvor, dod, deb chinqir, bobongni insofga keltir! Axir mening ham sendaygina bolalarim bor.
Xayriyat, bobo insofga keldi. Pichoq qinga kirdi. Uning qinida turgani ma’qul. O‘tkir tig‘ o‘zi shilgan teriga tegib tursagina joyida tinch yotadi. Qindan chiqqan tig‘ning muddaosi kesmoq bo‘ladi. Bobo turib-turib beixtiyor Oyparini qo‘yib yubordi:
— Bor, erkin uchaver, to‘dangga qo‘shil, faqat mening nevaramni duo qil!
Dilshodaning o‘pkasi to‘lib, hiqillab yig‘lab yubordi. Uning ko‘z yoshi sababi o‘zigagina ma’lum edi. Biroq ertasi tongda Oypari bir emas, oltovlon bo‘lib Rahimjonning hovlisiga uchib keldi. O‘z xohishi bilan. Nega? Negaligi Yaratganning o‘zigagina ma’lum. Dilshoda quvonib-quvonib ularga don berdi. Tavba, ular kechqurun ham ketishmadi. Chordoqqa chiqib yotishdi. Ertasiga ham, indiniga ham. Bobo hayron, Rahimjon hayron, hamma hayron. Faqat Dilshodaning hayron joyi yo‘q. Uning dili shod. Chunki Oyparining tilagani bo‘ldi, Dilshodaning ko‘ngli to‘ldi. Bo‘g‘otda yog‘och uychalaru xaltachada don-dun paydo bo‘ldi. Oypari parilikdan chiqib, xonaki kaptarga aylandi — qo‘ydi. Demakki, uning qaysidir ajdodi — yo og‘asi, yo tog‘asi uy kaptari bo‘lgan. Dilshodaning ham dardi forig‘ bo‘lib, Rahimjonning ancha ulg‘aygan, es-hushli, rang-ro‘yli, hammadan suyumli qiziga aylandi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.