OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aziz Nesin. O‘zing aybdorsan (hajviya)

Ishdan haydalganingda dunyo ko‘zingga qorong‘u ko‘rinadi.Hammasidan qiyini qiziquvchan do‘stlar va tanish-bilishlarga nima sababdan haydalganingni tushuntirishdir.
Yo‘q-yo‘q, men bu gal boshimga tushgan g‘urbatlarni gapirmoqchi emasman.
Odatda birontasi yordam qo‘lini cho‘zarmikin yoki sal yengil tortarmikanman deb do‘stlarga dardimni aytaman.Bunga javoban esa ular meni iskangjaga olib so‘roq qilishadi, sabablarini kovlashtirishadi, oqibatda barcha ko‘ngilsizliklarning aybdori o‘zim bo‘lib qolaveraman.Men undoq qilmaganimda, bundoq yo‘l tutganimda xo‘jayin menga tegmas emish.Xullas,qo-
vun tushiribmanmi – demak o‘zim aybdorman!
-O‘zing aybdorsan!- deya hukm chiqarishadi va shu asno yuzlarida mamnun bir ifoda paydo bo‘ladi.
Kunlardan bir kuni o‘z yog‘imga o‘zim qovrilib, ko‘chada xayol surgancha ketayotgan edim.To‘satdan kimdir yelkamdan ushlab qoldi.Qayrilib qarasam – Usmon Kamol...U yonimda shaxdam kelayotgan edi.Basharamdagi tushkunlikni ko‘rishi hamon ko‘zlarini pastga tushirib, boshqa qiyofaga kirdi.
-Men... tushunaman...- dedi u ma’nodor qilib.
Demak, u mening ishdan haydalganimni biladi.Endi undan qutulib
bo‘psan.Hoziroq hammasiga yolg‘iz o‘zim aybdor ekanimni isbotlash uchun pashshadan fil yasay boshlaydi.
Soxta xayrixohlik qiyofasidagi yashirolmayotgan quvnoq ifodaga monand emas edi.Men go‘yo uning « Tushunaman» deganini anglamagandek so‘radim:
- Nima bo‘ldi? Boshingga biron mushkulot tushdimi?
- Menga jin ham urgani yo‘q, ammo eshitishimcha, sen yana ishsiz emishsan...- dedi u.
- Hechqisi yo‘q,- dedim dadil, bu mavzuda mijg‘ovlashgim kelmay.
- Qanaqasiga hechqisi yo‘q bo‘larkan,azizim...- U ko‘cha o‘rtasida turvolib,ta’kidlardi: «Eh-eh!» - Qahvaxonaga kiraylik, bittadan qahva ichamiz va sen bu voqea qanday bo‘lganini so‘zlab berasan...- deya taklif qildi.
- Aytishga arzirli narsaning o‘zi yo‘q,- dedim.
-Qanaqasiga yo‘q bo‘larkan! Basharangga qara – kimga o‘xshab qolding!Ketdik, ketdik!Dardingni aytsang yengil tortasan.
- Go‘yo shu bilan bir nima o‘zgaradigandek...
- Sen meni hafa qilyapsan...Axir men senga do‘st emasmanmi?
 Biz qahvaxonaga kirdik.
- Xo‘sh,qani aytchi endi, nima bo‘ldi o‘zi?...-qahvani xo‘play boshlashimiz bilan u qistovga oldi.
- Xo‘jayin meni ishdan haydab yubordi...
- Nima uchun?
- Men qayoqdan bilay.O‘zidan so‘ra...
- Sen ishdan kech qolarmiding?- so‘roq boshlandi.
- Yo‘q, men hamisha ishga o‘z vaqtida kelardim.
- Topshiriqlarni bajarmasmiding?
- Yo‘-o‘q...U ishimdan rozi edi.
- Ehtimol, xo‘jayiningning ishi yurishmay qolgandir?- do‘stim xuddi boshqotirma yechayotgandek tusmollardi.
- Aksincha, uning omadi chopib turgandi.
 U qo‘llarini jag‘iga tirab, o‘ylanib qoldi:
- Ehtimol unga gap qaytargandirsan?
- Yo‘q...Men hamisha xo‘jayin nima desa xo‘p deb turganman.
 Kamol betoqat bo‘lib, tirnoqlarini g‘ajiy boshladi:
- Yaxshi! Sen maoshing oshirilishini so‘raganmiding?
- Yo‘q...
- U haqda biron nima degandirsan,ehtimol, noxayrixoh...
- E yo‘g‘-e, baraka topgur!
 Shu zaylda yana uzoq so‘roqqa tutildim.
 - Yo olloh, yo olloh!.. Nima uchun u seni ishdan haydab yubordiykin?Ehtimol, sen uning yuziga ham xuddi hozir menga qaraganday surbetlik bilan qaragandirsan?
 - Bilmadim... Qarasam qaragandirman.
 - A-ha.Mana gap qaerda! Men aytdim-a bir sababi bor deb. Hech narsadan hech narsa yo‘q odamni ishdan haydamaydilar. O‘zingdan boshqa hech kim aybdor emas.Xuddi seni yeb qo‘ygudek baqrayib tikilib turadigan odam kimga ham yoqardi? To‘g‘risini aytsam, sen o‘zing aybdorsan!
Shunday deya u yengil tortdi...
Do‘stim bilan beholgina xayrlashib, qahvaxonadan chiqdim.Xo‘jayin ishdan haydaganda ham ko‘nglim bunchalik g‘ash tortmagandi.
Men avtobus bekatiga bordim.
-Biz eshitgan uzun-quloq gaplar to‘g‘rimi?- avtobus ichkarisiga kirishim hamon qulog‘imga shu gap chalindi.Orqa o‘rindiqda boshqa bir tanishim o‘tirardi.
 - To‘g‘ri...
-Afsus...Xo‘sh, nima uchun?
-Bilmadim.
 G‘aroyib jinoyat ustida bosh qotirayotgan politsiyachi misol gap qotdi:
 - Voh, voh! Sababsiz odamni ishdan haydashmaydi, bir balosi bordirki...
 - Har holda...
- Ehtimol, sen haqingda ma’lumot yetkazishgandir...
- Yo‘g‘-e...
- Balki o‘rningga boshqa - munosibroq odam topgandir.
- U hamisha ishimdan rozi edi.
- Balki u kamroq maoshga ham rozi bo‘ladigan odam topgandir?
- Bunaqasini topib bo‘pti!
 - Unday bo‘lsa nega seni ishdan bo‘shatdi? Ehtimol sen u bilan muomalani yo‘lga qo‘yolmagandirsan?
 - Qanaqasiga qo‘yolmaganman?Oddiygina muomala qilganman...
 - Voh, mana endi hammasi ravshan.
 - Nimasi ravshan ekan?
 - Hammasi ravshan...Axir xo‘jayin bilan oddiy muomala qilib bo‘larkanmi?Aslo mumkin emas...Sen unga senlab gapirgansan, u esa bundan xafa bo‘lgan...
 - E yo‘q, og‘ayni...O‘zi xo‘jayinning basharasini oyda bir marta ko‘rardim.Ko‘rganimda esa u men bilan gaplashmasdi ham...
-Hammasi tushunarli...Sen behuda gaplaring bilan uning boshini qotirgansan, bundan xo‘jayinning ensasi qotgan.Albatta, xo‘jayin haq.Sen o‘zing aybdorsan...
Shundan keyin uning ham ko‘ngli joyiga tushdi.
Birinchi bekatdayoq avtobusdan tushdim.Ko‘nglim shu qadar xijil ediki,kimgadir dardimni aytmasam bo‘lmasdi.Men eski do‘stimning uyiga bordim.
- Meni ishdan bo‘shatishdi,- dedim unga ostonadan hatlaboq,- ammo sendan juda ham iltimos qilaman – mendan hech narsa so‘rama va sababini ham surishtirma...
 Mening gaplarimdan keyin u battar qiziqib qoldi:
 - Demak, muhim sababi bor ekan-da...
- Xudo haqqi so‘rama...
- Sen uni bayramlar bilan tabriklab turarmiding? Uyiga borib yo‘qlarmiding?
 Men hech qachon xo‘jayinning uyiga bormagandim, ammo do‘stimni chalg‘itish uchun dedim:
- Albatta...Har bayramda, har yangi yildi, hamisha, har bir qulay fursatda...
-Hammasi tushunarli..Hadeb boraversang...
-Yo‘q, men unaqa... tez-tez bormasdim...
U boshqalar kabi meni savollarga ko‘mib tashladi.
-Qiziq, sen uning asabiga tegmasmiding?
- Aksincha...U meni yoqtirardi.
- Unda yana nima bo‘lishi mumkin? Aqlim bovar qilmayapti...
 Toqatim toq bo‘ldi va xonada hovliqib yura boshladim.
 - Tufling g‘archillayaptiku!..- do‘stim nogoh xitob qildi.
 - Ha, g‘archillaydi!- deya tan oldim.
 - Qachondan buyon?
 - Sotib olganimdan buyon,besh oydan beri kiyaman, hamma vaqt g‘archillaydi.
 - Sen shuni kiyib ishga ham borgandirsan?
 - Ha.
 - Voh, voh... Men aytdim-a,ishdan bekorga haydashmaydi deb.
 - Sen meni nima uchun ishdan haydashgani sababini topdingmi?- deb so‘radim.
 Do‘stim o‘rindiqqa qulay yaslanib olgach, iddaosini boshladi:
 - Ertadan kechgacha tuflining g‘archillaganiga qaysi axmoq toqat qilardi! Xo‘jayining haq!..Mana, og‘aynichalish, aybing qaerda...
- To‘ppa-to‘g‘ri, ayb menda... –j ahl bilan qichqirdim,- aybdorman, aybdorman! Ammo boshimga kulfat tushgan kuni oldingga buni eshitish uchun kelmovdim.
 Men eshikni qarsillatib yopdimu chiqib ketdim.
 Oqshomda paromga chiqib, Kadiko‘yga jo‘narkanman, xayolimdan hamon o‘sha majoro ketmasdi.
- Namuncha uzoq o‘ylanib qolding?- deb so‘radi bir notanish.- Bi-ron ko‘ngilsizlik bo‘ldimi?
- Yo‘q, hechqisi yo‘q...
 - Yuzingdan ko‘rinib turibdi, tabing tirriq.Aytaver, balki yordamim tegib qolar.
 - Xo‘jayin meni ishdan haydab yubordi...
 - Nima uchun?
- Bilmayman.
- Balki biron ayb qilgandirsan?
- Mening tuflim g‘archillaydi...Bundan xo‘jayinning asabi buziladi.
- Azizim, axir shugina uchun ishdan bo‘shatishmaydi.Bu yerda boshqa bir gap bo‘lsa kerak.
- Men xo‘jayinning basharasiga sinchkov tikilardim, bu unga yoqmasdi...
- Buniyam to‘qib chiqaryapsan.
- Men u bilan kamdan kam gaplashardim.
- Arzimaydigan gap.
 Men notanish odamning yuziga qarab turib kulib yubordim.
- E-ha, sen hoynahoy xo‘jayinning yuziga qarab turib ham xuddi shunday masxaraomuz kulgandirsan-da?
-Ha, ha, aynan shunday – masxara qiluvdim.Va oqibat xo‘jayin meni ishdan haydavordi.Aybdor o‘zimman.Endi tushungandirsan?Ko‘ngling joyiga tushdimi?
Men shartta qayrilib, jo‘nab qoldim.
Noxush kunni shu zaylda o‘tkazib, uyga qaytdim. Kechki taomdan keyin Ibrohim kelib qoldi. U juda tajang edi.O‘n kun oldin uni ishdan bo‘shatishgandi.
- Voh, voh-voh...- Nima uchun bo‘shatishdi ?- deb so‘radim.
- Bilmadim...Xo‘sh, o‘zingni nega haydashdi?
- Bilmadim...
- Albatta,sababi bor.
- Seni ham bekorga bo‘shatishmagandir...Ishga tez-tez bormasmiding?
- Sen kasalliging haqida ma’lumotnoma bermaganmiding?..
 Biz bir-birimizni so‘roqqa tuta boshladik.Suhbat davomida Ibrohim tez-tez aksirib,yo‘talar,ro‘molcha bilan burnini artar edi.
 - Sen, Ibrohim, hoynahoy tumov bo‘lib qolgansan?- deb so‘radim.
 - Men eskidan shunaqaman. Surunkali tumov...
 Men o‘rnimdan sakrab turdim va qo‘llarimni yoyib:
-Mana endi tushunarli – nega seni ishdan haydashgani!..- dedim. --- Aybdorni qidirib o‘tirma, aybdor o‘zingsan...
Ibrohim hangu mang bo‘lib, menga qarab qoldi.
- Sen mana shunaqa qilib doimo burningni ro‘molchada artib yurasan,boyoqish xo‘jayinga bu yoqarmidi?..Albatta seni ishdan haydash kerak edi? Shunday emasmi?
 Men yengil tortib qoldim.Hatto xursand ham bo‘ldim.Xuddi yangidan ishga kirganday.

Shodmon Otabek tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.