OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Murodboy Nizanov. Qorboboning kampiri (hajviya)

Kezi kelganda boshqalardan oldinroq otni qamchilasang, omading chopadi. Yangi yilga bir oy qolganda televizordan reklama berdim.
— Yangi yil kechasi uyingizga Qorbobo sovg‘a olib borib, qutlashini istaysizmi? Unda yangi ochilgan “Qorbobo” firmasiga murojaat qilsangiz bas. Manzilimiz...
Ertasiga idoramizga odam sig‘may ketdi.
— To‘ng‘ich nabiram yangi yil kechasi bir yoshga to‘ladi. Unga syurpriz qilmoqchiman. Qorbobongiz uyimga bolalar aravachasi olib kirsin.
— Qanaqasidan bo‘lsin? Hozir shahrimizda uch xili bor.
— Shahardagini aytmasangiz ham, o‘zim bilaman. Qorbobo olib kelgan aravacha sehrliroq bo‘lsin-da.
— Bo‘pti, chetdan olib keltiraman. Kassaga to‘lab keting, — deb qo‘liga ko‘nglimga kelgan narxda chek berdim. U ham mard ekan, pulni o‘sha zahoti to‘ladi.
— Menga ikki shisha frantsuz shampanidan olib kelasiz! Qorbobo bilan ichaman.
—    Qorbobo ichmaydi.
—    Nega? Qorbobongiz erkakmi o‘zi?
—    Erkak.
—    Bo‘pti. U bilan o‘zim gaplashaman!
—    Bizga tort.
—    Qanaqasidan? Shokoladlimi, kremlimi?
—    Shokoladli. Biroq yaxshisidan bo‘lsin.
—    Aytganingizdan ham a’lo bo‘ladi.
—    Fotoapparatingiz bormi? — dedi yoshi ulug‘ bir ayol.
—    Bor.
— Suratni o‘sha zahotiyoq chiqarib berasiz-a?
—    Albatta.
—    Mening kuyovim shol bo‘lib yotib qolgan. Bugun ketadimi, ertagami, bilmayman. O‘limligini olib qo‘yibmiz. To‘shagida u bilan birga yotib suratga tushirtirib berasiz.
—    O‘rnidan turg‘izib, o‘tirg‘izib suratga tushirsak bo‘lmasmikin?
—    Yo‘q. Sal qimirlatsak, sho‘rimiz qurib qolishi mumkin. Qorbobo kiyimida to‘shakka yotasiz...
Mijozni qochirmaslik uchun ma’qul dedik, u ham savdolashib o‘tirmasdan biz ay-tgan pulni to‘lab ketdi.
O‘sha kuni o‘ttiztacha odamdan buyurtma oldik. Birovning bolasiga sinmaydigan o‘yinchoq, yana birining uch oylik qiziga “Yangi yilingiz qutlug‘ bo‘lsin!” degan yozu-vi bor emizak, yana kimgadir “Napaleon” konyagi, kigiz paypoq, gapiradigan qo‘g‘irchoq, pult bilan yuradigan mashina, kimgadir pishgan oshqovoq, xullas yarim quloch ro‘yxat tuzdik.
Buyurtmachilarning keti hamon uzilgani yo‘q. Bir haftadan so‘ng ro‘yxatga yozil-ganlar soni yetmish nafardan oshdi. Nihoyat idorani yopdik-da, sovg‘a tayyorlashga kirishdik. Men aeroportda, xotinim vokzalda, katta o‘g‘lim shaharga kiraverishdagi bojxona postida — chetdan kelayotgan yuk mashinalarini kutib oladi. Hammasida biz-ning buyurtmalarimiz bor. Bizga ham, cho‘ntagimizdagi uyali telefonga ham tinim yo‘q. Reklamada telefon nomerlarimizni bergan ekanmiz. Simkartasini almashtiraylik desak, uzoqda yurgan savdogarlardan qo‘ng‘iroq kutmoqdamiz. Noiloj chidashga to‘g‘ri keldi.
Yangi yil yaqinlashgan sayin hammamiz hayajonlana boshladik. Sovg‘alarning ba-rini qanday qilib mashinaga sig‘diramiz? Ularni bir kechada tarqatib ulguramizmi, yo‘qmi? Nima bo‘lganda ham o‘limdan boshqasining iloji topilarkan. Epladik. “Neksi-ya”ga arava tirkadik. O‘g‘lim rulda, men Qorbobo, qizim Qorqiz, xotinim sovg‘alarni tayyorlaguvchi...
Ro‘yxat bo‘yicha birinchi buyurtmachining uyiga kirdik. Uy egasi quvonib ketdi.
—    Kimning uyidan boshladingiz? — deb so‘radi u darhol.
—    Sizning.
—    Rostdanmi?
—    Rostdan.
—    Xotin, qadahni keltir! Iloyim, yil davomida birinchi bo‘lib yurayin.
—    Ikki qadahga “Yubileyniy” arog‘idan quyildi.
—    Marhamat, Qorbobo, bir duo qilib yuboring!
—    Do‘stim, kurdoshim, o‘g‘il-qizlarim! Kirib kelayotgan yangi yilingiz qutlug‘ bo‘lsin! Nasibangiz hamisha mana shu qadahdek to‘la bo‘lsin.
—    Qani, Qorbobo, olib yuboring, — deb uy egasi sanchqining uchida go‘sht uzatdi.
—    Yo‘q, men ichmayman. Bugun biz xizmatdamiz...
—    Erkakmisiz?
—    Yo‘q, men Qorboboman.
—    Qorboboning erkagi emasmisiz?
—    Ha, erkagiman.
—    Unda olasiz!
—    Men axir...
—    Qo‘ysangiz-chi endi, men irimchi odamman. Qorbobo mening uyimdan quruq og‘iz bilan ketsa, yil davomida og‘zim qurib qoladi, ro‘zg‘orimdan xayru baraka qochadi.
Shu gapdan so‘ng durustroq bahona topolmay qoldim. Dastlab qadahni labimga sal tekkizgandim, u tubidan ko‘tardi.
—    Qolmasin. O‘zi achchig‘im tez. Qorbobodan achchiq qolsa, yil davomida duch kelgan kishi bilan yoqalashib yuramanmi?
Xullas bir qadah aroq ketdi. Lekin ichim ilib, xushchaqchaq bo‘lib qoldim. Aroqni yomon ko‘radigan erkak bormi, axir?
Ikkinchi uyga borsam, bu uy egasi “qo‘yaver, Qorbobo erkak bo‘lsa, tilini o‘zim to-paman” degan kishi ekan. Eshikdan kirganimdan men olib borgan shampanni uch qa-dahga quydi. Biri menga, ikkinchisi o‘ziga, uchinchisi ayoliga.
—    Qani, Qorbobo, tabriklang!
—    Nasibamiz mana shu qadahdagi shampanday to‘la bo‘lsin!
Bu safar qistalang qilib o‘tirmadim. Baribir topgan bahonam o‘tmas edi. Bir qadah aroqning ustidan bir qadah shampan ketdi. Ikki mushukni bir qopga solib ko‘targandek bo‘ldim. Harholda aroq kuchli-ku, o‘zidan avvalgi shampanni kekirtirib-kekirtirib burnimdan quvib chiqardi.
Keyingi uylarga borganimizda qistamasalar ham o‘zim qadah so‘zi aytaverdim. Navbatdagi uylarga Qorqiz ikkimiz kirib chiqdik. O‘nta uydan so‘ng qizim qo‘ltig‘imdan suyab yuradigan bo‘ldi.
—    Ota, hadeb ichavermang! Hali qancha sovg‘a tarqatishimiz zarur.
—    Nima meni mast bo‘lib qoldi, deb o‘ylayapsanmi? Hali yana bir baklashka aroq ichsam ham ko‘taraman. Aytgandek, “Napaleon” konyagini egasiga berdikmi?
—    Yo‘q, hali navbat kelgan emas.
—    Ana o‘shandan bir piyola ichgach, to‘xtataman.
Napaleon konyagini buyurtma bergan joyda meni uch kishi suyab turdi. O‘sha uch kishining o‘rtasida chayqalib turib tilak aytdim.
—    Napalyon kim bo‘libdi biz uchun? U bizdan yengilgan! Bilasizlarmi — yengil-gan! Siz bilan biz, oqsoqol... otingiz nima?
—    Qoblan!
—    Aytdim-ku, Napolyonni Qoblan yengadi! Qoblan undan zo‘r! Oqsoqol, yengol-masangiz, o‘zim yordam beraman!
Konyak to‘la qadahni ko‘tarib, simirganimni bilaman, qolganini eslolmayman. Ertalab uyg‘onsam, uyda yotibman. Egnimda Qorboboning kiyimi yo‘q. Biroq kecha sovg‘a solib ko‘targan qoplarimiz bo‘m-bo‘sh.
Sekin oyoqqa turib, muzdek suvga yuz-qo‘limni yuvdim. Egnimga paltomni kiydim-da ayolim javramasdan burun quyon bo‘ldim.
Odatdagidek bosh og‘riqni davolash uchun “Yelvizak” kafesiga borib, bir bokal pivo quydirib qarasam, menga o‘xshagan yigitlardan to‘rt-beshtasi o‘tirishibdi. Ular hangomalashib, ichaklari uzilgudek kulishmoqda.
—    Kecha uyingizga Qorbobo bordimi?
—    Bordi. Biroq oyog‘ida turolmaydi.
—    Biznikiga ham kelgan edi, gapirolmaydi.
—    Sizning uyingizga erkak Qorbobo borganmidi? — dedi birovi.
—    Qorbobo erkak bo‘ladi-da!
—    Bizning uyga borgani ayol-ku! Qo‘ng‘iroq jiringlaganidan so‘ng eshikni ochsam, qizil po‘stin kiygan, oppoq soqolli Qorbobo turibdi. Salom berdim.
—    Yangi yilingiz qutlug‘ bo‘lsin! Buyurgan sovg‘angizni oling, marhamat! — dedi haligi. Qarasam ayol kishi.
—    Kechirasiz, Qorbobo erkak emasmidi? — dedim hayron bo‘lib.
—    Men Qorboboning kampiriman! — dedi haligi ayol.
Shundan so‘ng hech kimning gapini tinglab o‘tirmay, pivoni simirdim-da uyga qay-tdim. Ichkariga kirsam, xotinim shol odamning yonida yotib tushgan suratini tomosha qilayotgan ekan. Ayolni yaratganga shukur! Ertaga yuzi shuvut bo‘lib uyalib qolmasin deb, qolgan sovg‘alarning hammasini o‘zi tarqatgan ekan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.