OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Farrux Jabborov. Oy nurida mutolaa (badia)

Oppoq to‘shlarini osmonga berib yotgan tog‘lar etagiga qo‘y-qo‘zilar yoyilib ketgan. Quyoshning ilk zarrin nurlari qorli cho‘qqilarga tushib, tog‘ boshini yashnatib yuboradi, azim archalarning uchlarini yoritadi. So‘ng dam o‘tmay, nur Qashqabuloqning jilg‘alarida jilvalanadi, tong sahardan muzdek suvni sipqorayotgan bolakayning ko‘zlarida aks etadi. Bir uchiga tugun ilingan, silliqlanib ketgan irg‘ay tayoq ham quyoshda yaltiraydi.
Tong shukuhidan mast cho‘pon bola kungayda o‘tlayotgan qo‘ylarga bir ko‘z tashladi-da, belbog‘ini yozdi, kitobini olib, nonni qayta o‘rab qo‘ydi. Tun yarmidan og‘ib uydan chiqqan bola shu lahazalarni, quyosh chiqishini qanchalar kutgandi. Avvaliga oy yorug‘ida ham kitob varaqlab ko‘rdi, bo‘lmadi. Kecha oydin bo‘lsa-ku, o‘zi bilardi-ya, eski lampaning ichini olib tashlab, suv to‘ldirib, yasab olgan lupasini oy nuriga tutar, undan yig‘ilib o‘tgan yorug‘lik kitobning tugmadek joyini yoritar, shunda ertaklarni bemalol o‘qiyversa bo‘lardi. Qo‘y yuvosh jonivor, hali u yoqqa, hali bu yoqqa yuguravermaydi, bosh-boshiga har tarafga sochilib ketmaydi, bir joyda aylanib, uyushib o‘tlaydi. Shu bois qo‘y boqish kitob o‘qish uchun zo‘r imkoniyat.
Hademay adirni qiy-chuv tutadi, tengdoshlarining o‘yinqaroq shovqini tog‘larda aks-sado beradi. Chillik, quloqcho‘zma, piyoda ko‘pkari, futbol — o‘yinning ham turi ko‘p-da! U esa nuqul kitob o‘qigani-o‘qigan. Undan ko‘ra, tengqurlariga qo‘shilib eshakmindi o‘ynasa bo‘lmaydimi? O‘zi, bu bolaga hech kim tushunmaydi.
— Ko‘p o‘qima, Donishga o‘xshab jinni bo‘lib qolasan, — deydi opalari.
— Kitobdan boshingni ko‘tarmaysan. Ishdan qochasan-da! Molning tagini toza-lasang, shu foydamasmi senga, — deydi akalari.
Butun qishloqqa Donish jinni namuna, unga o‘xshab qolishdan qo‘rqib bolalar qo‘liga kitob olmaydi. Lekin bu bolakay mutolaaga mukkasidan ketgan.

* * *

U doim uyiga shoshadi, guzar oldidagi sada tagida hammayoqqa ko‘loblatib suv septirib, pishqirib oqayotgan ariqqa uch-to‘rt pivo tashlatib, so‘rida yonboshlab yotgan qishloqdoshlari bilan ham tez-tez hol-ahvol so‘rashadi-da, takliflarini bir bahona bilan rad etib, o‘ngdagi ko‘chaga buriladi. Haligi odamlar esa ortidan: “Alisher hech elga qo‘shilmadi-qo‘shilmadi-da, odamgarchilikdan chiqib ketgan”, deb boshini sarak-sarak qilib qolishadi.
Alisher ko‘chaga burilishi bilan Subhonqul boboning tuti tagiga qaraydi: bu yerda ham shu ahvol, qo‘ni-qo‘shni to‘planib olishib, qarta tashlashmoqda. Hamma uni ko‘rib boshini ko‘taradi:
— E-e, Alisherboy, Alisherboy!
— E-e, Alisher aka, Alisher aka!
Davrada otasi qatori ham bor, bolasi qatori ham. Ular xira pashsha bo‘lmaydi. Faqat ortidan bir-biriga gap uqtiradi:
— Shu ham hayotmi? Kitob qo‘ltiqlab ishga shoshadi, kitob qo‘ltiqlab uyga sho-shadi. Yashashning zavqini bilmaydi!
— To‘g‘ri-to‘g‘ri...
U kechki ovqatdan so‘ng farzandlari bilan yarim soat-yarim soatdan dars tayyor-laydi. Bolalar uxlagach, kitobning xatcho‘p solingan betini ochib, mutolaani kelgan joyidan davom ettiradi...
Unga nima zaril kitob o‘qib?! Abiturient yoki student emaski, imtihonlarga tayyor-lansa. O‘qituvchi ham emas, darslarga hozirlik ko‘rmaydi. Umuman, kasb-kori kitob bi-lan bog‘liq emas. Shunday ekan, ishdan charchab qaytgach, qishloqdoshlari bilan muzdek ariqqa oyoqni tiqib shaloplatib, muzdek pivodan simirib, o‘tgan-ketgan odamlarni g‘iybat qilib o‘tirsa, tungi o‘n bir-o‘n ikkilarda uyga kelsa, yaxshi emasmi? Charchoqlar yozilardi! O‘ki qo‘shnilari bilan qarta o‘ynab, u yoqdan-bu yoqqa olib, o‘tgan-ketgan juvonlarga ko‘z tashlab o‘tirib, vaqtni o‘tkazsa? O‘ki... xullas, yo‘li ko‘pda-ey! Qirqqa kirib, qirchillama yoshida kitobga muk tushib o‘tirsa-ya?! Maqsadi nima o‘zi? Shundan zavq oladimi? Dunyoqarashini kengaytirib, bilimini boyitib, marta-basini yuksaltirmoqchimi? U nima uchun mutolaa qilishini o‘zi ham bilmasa kerag-ov...

* * *

Bir kishini taniyman, yoshi yetmishga yetib, saksonga sakragan. Lekin ikki joyda ishlab, pensiya olib, oyiga yetti yuz, sakkiz yuz ming so‘m atrofida topsa kerak. Bunisi bizga qorong‘u, anig‘i shuki, har oy yuz ming so‘mga kitob sotib oladi. O‘zimizniki-da qolmaydi, chet elniki-da. Hamma sotuvchilar uni taniydi, xushmuomala qiladi. Faqat ulargina kitobxon cholning “xobbi”sini hurmat qilishadi, boshqalarga esa farqi yo‘q. Shunday bo‘lsa ham, koshki edi, lekin birovning ishiga burnini tiqadiganlar ko‘payib ketgan. Eringiz kitob yiqquncha, boshqa foydaliroq narsa yig‘sa bo‘lmaydimi, deydi qo‘shni xotinlar kampiriga. “Dadangga qoyilman-ey, egniga kiyim, qorniga ovqat emas, nuqul kitob oladi-ya”, deb hayratlanadi bolalarining tanishlari. Orqavarotdan esa bu ki-shim uylanganlarida, kelinni “oshxona”ga tushirgan, uch xonali uyda kitoblardan joy ortmagan-da, deya xoxolashadi. Bu gaplar ellik yil birga yashagan oliy ma’lumotli, oydekkina xotiniga-da ta’sir qiladi: o‘t tushsin, kasallik ham ko‘payib ketdi. Bibliofili-ya degani bor ekan. Shunga chalinganmikin cholim, deya xavotirga tushadi.

* * *

Yer yuzidagi turfa voqealarni ko‘raverib toliqqan quyosh boshini xobgohiga qo‘ydi. Shu payt u ham bir sumka kitob bilan ko‘p qavatli uylarni oralab ishdan qaytdi. Suv emas, chiqindi to‘la ariqlar “sohil”ida o‘tirgan, hali yoshu, biroq qarilikni bo‘yniga olib, bu yog‘i nima bo‘lsa bo‘ldi endi, deya taslim bo‘lgan “barra qariyalar” serg‘ayrat cholni ko‘rib, hayrat yoqalarini ushlaydi.
— Shunga nima ekan-a? Qarilik gashtini bilmaydi. Qachon qarama, tipir-tipir.
— Kitob jinnisi ekanligi aniq. Shuncha ishlab topganiga bir o‘ram qog‘oz olib, pul-larini havoga sovuradi.
— Eng alam qiladigani bir oyog‘i go‘rda, erta-indin paq etib ketib qolsa, shuncha yiqqan kitoblarini bolalari shartta moshinga ortadi-da, makulaturaga topshiradi-keladi.
— Bu odam nima uchun kitob o‘qir ekan-a, o‘zi?!
Shivir-shivir, ming‘ir-ming‘ir gaplarni u ham eshitadi. Yo‘lda uchragan har kim bi-lan behuda gap talashsang, umring qanday o‘tganini bilmay qolasan, deb o‘ylab, inda-may ketaveradi. Lekin bu gal mayda gaplar ham negadir badanini nayzadek teshib o‘tdi. To‘g‘ri-da, qariyb chorak kam bir asr kitob o‘qidi-ya. Nima maqsadda? Nega? Nima uchun? Javob topishga ham ulgurmadi, qo‘liga ilingan kitobni olib, ochilgan betiga ko‘z yugurtirdi. Odati shu, biror narsadan yuragi siqilsa, to‘g‘ri kelgan kitobni to‘g‘ri kelgan joyidan o‘qib ketaveradi. Birdan sergaklandi, muqovaga qaradi: “Jaloliddin Rumiy”. Bu asarni necha marta o‘qib chiqqan bo‘lsa-da, ammo manavi misralarni Mavlono xuddi hozir kelib yozib qo‘ygandek, ilgari hech qachon uchratmagandek, juda qattiq ta’sir qildi. Purhikmat so‘zlarni shoshmasdan oq qog‘ozga chiroyli husnixat bilan ko‘chirdi. Ko‘ngliga tasalli berish uchunmi, yo butun umr jig‘iga tegib kelgan kitobsevmaslar ko‘rsin, dedimi, ko‘zga tashlanib turadigan joyga, zichlab kitob terilgan javon oynasiga hazrat Rumiyning fikrlari bitilgan qog‘ozni yopishtirib qo‘ydi: “Tan va ruh xushxabar ila manzilga oshiqqan ot va suvoriydek ayrilmasdir. Ammo ot ozig‘i suvoriyga ovqat bo‘lmaydi. Har birining o‘z yemishi, o‘z nasibasi bor. Suvoriy otni o‘z iziga sololmasa, u egasini manzilga emas, oxurga eltadi”.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.