OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Ochil. Tilidan tutisholmadi (hajviya)

Zootexnik Zamon Zohidov ko‘p alomat odam. Alomatligi shundaki, avvalo, o‘z kasbining ustasi. Aytaylik, qo‘chqorning kumalog‘ini ko‘rib kasalligi sababini, sovliqning qornini silab nechta qo‘zilashini, sigirning ma’rashiga quloq tutib qancha sutu, qancha qaymoq berishini aniq aytib beradi.
Qolaversa, mol-holga aralashib yursa-da, o‘zini o‘ta madaniyatli sanaydi. Boshida shlyapa, bo‘yinda bo‘yinbog‘, qo‘ltig‘ida papka bilan qo‘ralarga kirib-chiqadi. Og‘ilxonalar ostonacidan hatlashdan oldin esa, albatta, odekalon septiradi, isiriq tutattiradi...
Ammo, har to‘kisda bir ayb, deganlaridek Zamon Zohidovning fe’l-atvoriga mos kelmaydigan nuqsoni ham bor: tili sal chuchukroq. Boyaqish «R» harfi qo‘shilib keladigan so‘zlarni aytishda qiynaladi. Masalan, «qo‘chqor»ni «qo‘chqol», «sigir»ni «sigil»... qabilida talaffuz etganligi bois, kulgiga sabab bo‘lib yuradi.
To‘g‘ri, uning «mansabi»ni inobatga olgan cho‘pon-cho‘liqlar bunday payt miyig‘ida, chetga qarab, yashirincha iljayishsa, lavozimi anchayin salmoqli sanalgan direktor, bosh hicobchi, bosh iqtisodchi, bosh muhandis... kabi «bosh»lar esa, bemalol, mazza qilib, rohatlanib qah-qaha otishadi.
Oxir-oqibatda «R» tufayli keladigan kulgidan bezib qolgan boyaqish Zamon Zohidov o‘zini shu «harf» bilan bog‘liq barcha huzur-halovatlardan mahrum qilgandi. Masalan, «sho‘rva» ichmasdi, palovni «shakarob»siz yerdi, «televizor»ga qaramasdi, «chorshanba» kunlari kimsasiz dashtu dalalarga bosh olib ketardi...
Biroq inson bolasi qasdlansa har qanday qusurdan qutulishning imkonini toparkan. Zamon Zohidov ham zootexniklikdan xo‘jalik direktoriga o‘rinbosar bo‘lib tayinlangan kundan boshlab, tilidagi g‘alizlikni yo‘qotdi. Do‘xtirga bormadi, tabibga uchrashmadi, shunchaki yo‘lini topdi... «Yo‘li» shundan iborat ediki, zootexnik... uzr, direktor o‘rinbosari Zamon Zohidov hamon «r»ni tuzuk-kuruq ayta olmas, ammo endi u ilmoqli-ilmoqsiz savollarga javob qaytararkan, tilidan tomadigan har qanday jumla-iborada o‘sha kasofat «harf»ni ishlatmasdi, vassalom!
Zohidovning bu tarzda to‘satdan darddan forig‘ topganligi, tabiiyki, uning ulfatlari — «bosh»larga ma’qul tushmadi. Sababi ayon. Chunki ular majlis-mashvarat, gap-gashtakda tili chuchuk «ulfat»ni mazax-masxara qilishga ko‘nikib qolishgan, shu bois, endilikda bu «tekin tomosha»dan osonlikcha bebahra qolishni ictashmasdi.
To‘g‘ri, tarki odat — amri mahol qabilida ulfatlar hamon Zohidovning zabonidan chandishga urinishar, biroq o‘rinbosari qurmag‘ur, har gal tiliga tashlangan «sirtmoq»dan silliqqina chiqib ketaverardi...
Nihoyat direktor, bosh hisobchi, bosh iqtisodchi... kabi «boshlar»ga omad qaytadan kulib boqqandek bo‘ldi. Tuman qishloq xo‘jalik boshqarmasining yangi tayinlangan boshlig‘i Boqi Baqoev ular xizmat qiladigan naslchilik xo‘jaligiga tashrif buyurdi. Mehmonning poyqadamiga salqin soy bo‘yida to‘kin dasturxon tuzaldi. Boqi Baqoev savlatdor bo‘lish ustiga, xohlasa gapga to‘n kiygizib, belbog‘ bog‘lab, istasa qanot qoqtirib, uchirib yubora oladigan serzavq va o‘ta so‘zamol kishi ekan. Bu xislatlardan ko‘ngli suv ichib o‘tirgan direktor ziyofat ayni qiyomiga yetgan mahal umid to‘la nigohini mehmonga qadagancha, shartta uning qo‘lidan tutdi.
— Boqi Baqoevich! Iltimos... Sizga zarur iltimosimiz bor?!
Mehmonnavozlikdan kayfiyati xush boshqarma boshlig‘i qo‘lini mezbondan ajratib ko‘ksiga qo‘ydi.
— Bemalol! Xo‘sh, ozuqa limitini oshiraymi? Yoki yem-xashak muammosi bormi?! Balki beda uchun selitra-a?!
Direktor atrofga asta alanglab olgach, ohista bosh chayqadi.
— Selitrangiz o‘zingizga siylov! Menga... Umuman, bizga o‘rinbosarim Zohidovni...
Boqi Baqoev sergaklandi.
—    Tushundim. Demak, o‘rinbosarning bahridan o‘tamiz?!
Direktorning bosh chayqashi bu gal tezlashdi.
— E-e, yo‘q! Bunaqa zo‘r mutaxassisni «lotereya»da ham yutib ololmaysiz...
— Unda tushunmadim. Xo‘sh, nima qilishim kerak?!
— Hozir tushuntiraman-da! — direktor boshqarma boshlig‘iga yaqinroq surilib boshini egdi. — Qani, quloqning qulfini kattaroq ochingchi...
Obdon «shipshitish» va ta’kidlashlardan so‘ng nihoyat Boqi Baqoev engak silkib, ko‘krak kerdi.
— Shunaqa demaysizmi?! Demak, o‘rinbosaringizning tiliga tushov solish kerak?! E-e... bunaqa bepul tomoshalarni boplaymiz. Faqat sizlardan iltimos, o‘sha Zohidovingiz «r» harfini aytishga qiynalib, duduqlanib qolganda hamma barobar kulsin. Chunki, mehnatim samarasidan o‘zim ham mazza qilayin-da! Xo‘sh, unda gap bundoq...
Boshqarma boshlig‘ining tezkor va jo‘yali fikridan kelib chiqilgan holda o‘sha zahotiyoq xo‘jalikdagi barcha mutaxassislar «majlislar zali»ga taklif qilindi.
Boqi Baqoev yig‘ilganlarga ko‘z qirini tashlarkan, o‘tkir nigohi bilan bir chekkada o‘tirgan Zamon Zohidovni izlab topdi va shu zahotiyoq tahdidona tomoq qirdi.
— Xo‘sh-sh, o‘rtoqlar! Tezkor «attestatsiya» o‘tkazishimiz lozim. Qani, kimdan boshlaymiz?! Taklifim, oldin xesh, keyin darvesh deganlariday... Vakolatimga ko‘ra qishloq xo‘jaligi sohasidan boshlay qolay, a?! Sizlarda bu vazifa bilan direktor o‘rinbosari Zohidov... Bo‘ldi, demak sinovni Zamonjondan boshlaymiz. Marhamat, unda yonimga yaqinroq keling!
Zohidov shoshilmasdan o‘rnidan turdi, bo‘yinbog‘ini to‘g‘riladi, barmoqlari bilan sochini taradi, so‘ng yon daftarchasi qatidan qalamini olgancha boshqarma boshlig‘ining ro‘parasidan joy oldi.
— Men tayyo-yo... — Zohidov tuyqus o‘zini tutib oldi. — Men keldim!
— Yaxshi! — Baqoev unga qarab istehzoli jilmaydi. — Demak, siz direktorga o‘rinbosarsiz-a?
— Ha, — bosh silkidi Zohidov. — Men boshliqqa muovinman!
Baqoev jilmayishning taxini buzmadi.
— Durust, durust! Demak, o‘rinbosar sifatida chorva, ziroatchilikka bevosita siz rahbarsiz?
— Xuddi shunday, men mas’ulman! — dadil javob berdi Zohidov.
Dastlabki urinishlar zoe ketgan bo‘lsa-da Boqi Baqoev yuzidagi taxir tabassumni sidirib tashlamadi.
— Xo‘sh, unda o‘rtoq Zokir-rov...
— Avf etasiz, mening familiyam Zohidov...
— Ie, shunaqami?! — Boqi Baqoev jo‘rttaga nopisand jilmaydi. — Unda o‘rtoq Zohidov, aytingchi... sizlarda karam, pomidor, rediska, bodring, bolgar qalampir, qolaversa, qovun-tarvuz ham parvarish qilinadi-a? Xo‘sh, bu borada reja-topshiriqlar bajarilganmi?
Jilmayish navbati endi Zohidovga o‘tdi.
— Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, katta! Bizda sabzavot ham, poliz ekini ham oshig‘i bilan ado etiladi.
— Lekin, buning uchun zo‘r-r-r tayyor-r-r-gar-r-r-lik kerak, axir-r-r! — atayin «R» harfiga urg‘u berdi Boqi Baqoev. — Shunday ekan, traktor — r-r, borona... remonti qay darajada?
Zohidov pinak buzmay javobga yuzlandi.
— Bizda allaqachon, texnika mavsumga shay!
— Nahotki?! — yovqarash qildi Boqi Baqoev, — traktor tarillab turishi uchun solyarka kerak, kerosin kerak...
— Tashvish qilmang, katta! — Zohidov yana jilmaydi. — Yoqilg‘i bizda doimo oshig‘i bilan olinadi...
Zaldagilar o‘tkazilayotgan bu «sirli sinov»dan allaqachon xabar topishgan shekilli, u joy-bu joyda kulgi ko‘kka o‘rlay boshladi. Boshqarma boshlig‘i bundan asabi junbushga kelib jahl bilan «Jim! Tinchlik saqlansin! Yana ikki-uch savol bilan suhbatni tugataman...» dedi-yu, Zohidovga qarab xunuk jilmaydi.
— Hali shunaqaman, deng?! Unda chorvadan gapiring, chor-r-r-vadan! Bu tarmoq zararlimi?!
Zohidovning galdagi jilmayishi ham shiringina chiqdi.
—    Yo‘q, asosiy soha bizda doimo koni foyda!
Boqi Baqoev o‘zini tutolmay minbar mushtladi.
— Yirik shoxli sigir, quturgan... Haligi zotdor buqa-chi?! Qorabayirchi?!
— Avf eting, — Zohidov qo‘lini ko‘ksiga ko‘ydi. — Bizning xo‘jalik, asosan, ushoq molga ixtisoslashgan. Qo‘y-qo‘zi deganday...
— Yo‘q! — o‘shqirdi Boqi Baqoev telbanoma qo‘l siltab. — Qo‘zi?! Sen menga parrandadan gapir-r-r!.. Xo‘roz, kurka, sesarka, kuropatka...
Zohidov boshqarma boshlig‘ining so‘zini iymanibgina bo‘ldi.
— Aytganingizning hammasi bizda mavjud. Hatto g‘ul-g‘ul tovuqqacha topiladi. Umuman olganda, «etti xazina»dan ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin!
Pismiqona «piq-piq»lar oshkora «hi-hi»ga aylandi. Boqi Baqoevning peshonasini ter bosdi. O‘rnidan sakrab turib ketganini sezmadi. Zohidovga qarab o‘dag‘ayladi.
—    O‘v-v, menga qara! Hm-m, uzr... Sigaretdan bormi?!
Zohidov bamaylixotir cho‘ntak kavladi.
— Chekishdan deyapsizda-a? Boshlig‘imiz esa nuqul «Tutundan ol!» deydi. Mening o‘zim esa aslida chekuvchimasman. Ammo mehmon uchun hamisha topiladi...
— Bas-s! — Boqi Baqoev Zohidovning qo‘lidan sigaret qutisini yulqib oldi. — Hozir-r-rcha... Perekur-r-r!
Boshqarma boshlig‘i minbarda tamaki burqsitgancha uzoq o‘ylandi, nihoyat chehrasi yorishdi, xushnudligini qavatida o‘tirgan xo‘jalik direktori bilan baham ko‘rishga ham ulgurdi: «Miyamga ajoyib savol keldi. Javobiga kelganda esa «R» harfisiz aslo mumkin emas... Qarab turing!»
Direktor «ko‘ramiz!» deganday ishonqiramay yelka uchirdi. Boshqarma boshlig‘i labi-lunjini artib gapirishga taraddudlandi.
— Oxirgi savol... O‘rtoq Zohidov shunga ham qoniqarli javob bersangiz, bo‘ldi. Sinovdan o‘tgan hisoblanasiz. Qani, aytingchi, chorvachilik sohasida teri tayyorlash rejasi bajariladimi yoki yo‘qmi? Qaytaraman, ter-ri... Go‘sht plani bajarilibdi, jun bajarilibdi... Teri-chi?! Ter-ri...
Zohidov bunday savolni kutmagandi, ilk marotaba chehrasi jiddiylashdi. Boqi Baqoev makkorona iljaydi. Xo‘jalik direktori chapak chalmoqchi bo‘lgandek barmoqlarini silkitib qo‘ydi. Zalga og‘ir sukunat cho‘kdi...
Zohidov nihoyat, o‘rnidan ilkis qo‘zg‘alarkan negadir, qo‘lini baland ko‘tardi.
—    Katta... Siz aytgan o‘sha... po‘stak planini ham oshig‘i bilan ado etamiz!
Boshqarma boshlig‘i orziqib kutgan kulgi nihoyat zalda portladi. Ammo bu portlashdan Boqi Baqoev mulzam tortdi, xolos.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.