OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulnoza Mamarasulova. Ko‘ngil (hikoya)

Bu — ikkisi uchun ham og‘ir bo‘lgan mavzuda ular ko‘p gaplashishgan, fikrlashishgan... qayg‘urishgan ammo, nachora! Bir gal ayol yuragini g‘ijimlab yotgan bu savollarni aytib yuborishiga bir bahya qolganini hozir ham o‘shanday dardli kechinma bilan eslab qo‘yarkan, tag‘in ko‘ksi simillab ketdi.
Odatda hech kim aybdor bo‘lmagan ana shunday jumboqlar kishilarni ko‘proq ezadi. Kimga aytsin, nima deb aytsin? Biroq ichidagi gapdan, so‘zdan faqatgina aytib qutular ekanda odam bolalari!
Jimjit xona. Stol ustida bezatilgan dasturxon, mevalar, ichimligu shirinliklar...hech biriga qo‘l tegmagan. Hammasi shu jimlik va ayolning tilsiz faryodidan karaxt va ma’yus. Bugun bayram kuni, mavsum bayrami. Ammo bayram bu manzilga yetib kelmagan go‘yo. Katta peshgir mis soat yurgisi kelmayotgan vaqtni haydab uning g‘ashiga tega boshladi.
Ayol boshini sekin ko‘tarib soatga qaradi. Tun yarimlay deb qolibdi. Oyning xiyra gardishi bulutdan goh ozod bo‘lsa, goh yana uning bag‘riga singib ketadi. Shu olisdagi samoviy jism ham ayolga yana o‘zini eslatdi.
U devorga suyangancha o‘rnidan turdi va allaqachon sovub ulgurgan choynakdan piyolaga choy quydi-da, og‘riq qoldiruvchi dori bilan qo‘shib ichdi. So‘ngra yana joyiga—kresloga qaytdi. Badani lovullab yonayapti, isitmasi baland. Balki unday emasdir, ayolga shunday tuyulayotgandir. Bo‘lsa bordir. U boshini kaftlari orasiga olib changallagancha qattiq siqdi. Ko‘zidan oqayotgan shashqator yoshlarni shundagina sezgandek yonog‘ini silab qo‘ydi.
O‘zi unga nima bo‘layapti? Bu holga uni kim soldi, kim sababchi bunga? Nahotki barchasiga o‘zi aybdor bo‘lsa...
U hech bo‘lmasa bugun erining qaytishiga ishongandi. Bayram bo‘lsa-da, undan sovg‘a yo biror-bir ortiqcha narsa kutgani yo‘q, faqat o‘zi kelsa, bas... Dasturxon tuzadi, tansiq taomlar pishirdi. Bu kunni qachonlardan beri kutayotgandi, necha kundan beri taraddud ko‘radi bu kunga. Negadir uning shu bugun kelishiga ishongandi. Barchasi befoyda ketdi—u kelmadi. Bu kutish shu holida butun haybati bilan yuzaga qalqib chiqdi va boshida yana bir yoqimsiz, betiyiq og‘riq turdi.
U yana mijjalarini artdi. “Hali vaqt bor, balki kelib qolar”, o‘ylandi ayol umid bilan. So‘ngra o‘zini ovutish uchun xayol og‘ushiga cho‘mdi. Bu o‘yi o‘zini ovutgandek, bir zumga yengil tortdi.
 
* * *

Ular bir-birini yoqtirib turmush qurishdi. Turmush qurganlaridan so‘ng esa bir-biriga juda o‘rganib qolishdi. Ayniqsa ayol, hamma oilada ham shunday bo‘lsa kerak: kimningdir mehri kimningdir mehriga ergashganday, suyanganday bo‘ladi. Eri ko‘ngli keng, bosiq, kulgusi ham, iztirobi ham o‘ziday tayinli, rostgo‘y odam edi. Topish-tutishi yaxshigina erning ishi shaharda bo‘lganligi uchun uy olib shaharga ko‘chib ham kelishdi. Go‘yo hammasi risoladagidek, ammo... Faqat farzand bo‘lavermadi. Ko‘p kutishdi... O‘n bir yil bo‘libdi. Eh-he... Shifo izlab bormagan do‘xtirlari qolmadi. Qishloqqa ham yilda bir boradigan bo‘lib qolishdi. Nima qilsin, elchilik, birov bo‘lmasa birovning og‘zidan lop etib bir gap chiqib ketadi. Ayol ich-etini yerdi: ayb o‘zida edi. Ikkalovining ham orzu umidlari har gal puchga aylanyapti. Eri unga hech nimani sezdirmasa-da, ayol hammasini bilib yuradi. Unga bir nima deb tana qilayotgani yo‘q. Ayol shuning uchun ham kuyib ketardi. Axir, ular tengilarning farzandlarining oldi bo‘y ko‘rsatib qoldi. Ko‘cha-ko‘yda birga yurishganida bolalarini yetaklab yurganlarni ko‘rsa, erining ular ortidan bir zumga bo‘lsa-da, tikilib qolganiga ko‘p martalab guvoh bo‘ldi. Shunday paytlari ayolning bo‘g‘zini nimadir kuydirib o‘tganday bo‘lardi.
Noumid shayton ekan... Bir kuni gazeta o‘qib o‘tirib, bir e’longa ko‘zi tushgan ayol jonlanib qoldi. E’londa yozilishicha, bepushtlikni tabiiy dorilar bilan davolash mumkin ekan. So‘nggi umid unga hayot baxshida etdi go‘yo. Erining ishdan kelishini intiq kutgan ayol, darrov maqsadga o‘tishga harakat qildi:
– Bugun gazetada yana....
U gapini boshlashga boshladi-yu, ammo nima deb davom ettirishni bilmay qoldi. Bir necha daqiqalik jimlikdan so‘ng er gap nimadaligini sezdi chog‘i:
– Qo‘ysang-chi endi bu gaplarni! Xudo beraman demasa, bandasining qo‘lidan hech ish kelmas ekan, ko‘ryapmiz-ku, – deya gapga nuqta qo‘ymoqchi bo‘ldi.
– Nega qo‘yaman?.. Nima uchun?.. Sizga baribir bo‘lishi mumkin, lekin men adoyi tamom bo‘layapman,— ayol olovlanib ketdi birdan. — Tengqurlarimni ko‘rsam ichimni it timdalaydi... Bugun bozorga chiqqandim, qishloqda birga o‘qigan sinfdoshimning singlisini ko‘rib qoldim. Shu yerda o‘qirkan. Opasining o‘g‘li maktabni bitiribdi. Kichiklarining ham bo‘ylari cho‘zilib qolibdi, o‘zim so‘rab bildim. Ziyrakkina qiz ekan, akam yaxshi yuribdimi, deb ko‘zini yerga oldi. Shugina qizlar ham...
Iztirobdan yuzi tundlashib bezovtalangan er ayolining qo‘lini mahkam ushladi va ikkilanib qoldi:
– Baribir foydasi bo‘lmasa-chi? Bu safar ham yana o‘sha gap bo‘lsa sen ham, men ham ko‘tarolmaymiz...
– Mayli, men chidayman. Nasib bo‘lsa, hammasi yaxshi bo‘lib ketar. Siz rozi bo‘lsangiz, bas....
So‘ngi umid. Shu ilinjda ular bu gal xususiy vrach huzuriga yo‘l olishdi. Ayol qattiq ishonardi: bu safar hammasi ko‘ngildagidek bo‘ladi... Ayolning chehrasi ochilganidan eri ham xushnud edi. Do‘xtirning tavsiyasi bo‘yicha barcha muolajalaru dori-darmonlar olindi.
– Har uch oy ichida davolanishlar takrorlanadi, keyin albatta o‘z natijasini beradi, – deya ishonch bilan gapirdi do‘xtir. U professor ekan.
 Sakkiz oy o‘tdi, ikki marta muolajaga borishdi. Afsuski, hech bir o‘zgarish sezilmadi.
Ularning umidi yana barbod bo‘ldi. Ayol bir necha kun erining yuziga tik qaray olmay qoldi. Er ham.
Erining indamasligi, dardini ichiga yutib yuraverishi esa battar bag‘rini ezardi. Qani endi, er-xotin o‘tirib hasratlashishsa, ayol to‘yguncha yig‘lab olsa. Nima qipti shunday bo‘lsa? Axir, ikkisining ham yuragi zardobga to‘lgan-ku, ilojsiz-ku ikkisiyam. Keyin hech nima ko‘rmaganday bir-biriga qarab kulib o‘tirishsa. Ana, dunyoning yarim odami befarzand o‘tib ketyapti. Bunday kuyunmaydiyam. Lekin bu gaplar juda begonada bu o‘zbek deganiga...
Eri ayoliga qanchaliq vafodor, qanchalar mehribon-a? Biron marta “bolam yo‘q” deb nolimadi. Ayolni kesatib yoki haqorat qilib, xo‘rlagani yo‘q. Farzandsiz ham shuncha yildan beri totuv yashashyapti. Agar uning o‘rnida boshqa bir nomard bo‘lganida...
Ayol shularni o‘ylar ekan, qat’iy qarorga keldi. Hammasiga nuqta qo‘yadi. Erining ham boshqa ayolga uylanib farzandli bo‘lishga haqqi bor. Axir, umri shunday o‘tib ketavermaydi-ku. Agar eriga qo‘yib bersa, ayolini hech qachon tashlab ketmaydi. Shuning uchun...
Avvaliga ayol buni aytolmay ancha o‘ylanib yurdi.
– Tinchlikmi, nega parishonxotir bo‘lib o‘tiribsan? – deya kechqurun gap boshlab qoldi er.
Barcha gapni aytishning ayni payti kelganini sezgan ayol maqsadga ko‘chdi:
– Siz bilan ortiq yasholmayman! Iltimos, mening javobimni bering yoki... – ayol shunday derkan bo‘g‘inlari bo‘shashib, tutilib qoldi. Ko‘zlarini dasturxon chetiga tikdi. Nimalar deyapti o‘zi?
Aslida esa... undan ajralishni umuman istamaydi-ku. Lekin qachonlardir, kimdir bu hukmni o‘qishi mumkin, mumkin emas, aniq. Shunday ekan... ayol buning uzoqqa cho‘zilishini xohlamadi. Xo‘jayni balki boshqa ayol bilan turmush qurganida baxtli bo‘lar? Balki, haliyam kech emas...
Shuning uchun ham ayol o‘zi istamasa-da, go‘yoki o‘zini yengdi. Er xuddi uning gaplarini eshitmayotganday, qimir etmadi.
– Gapiring, nima deysiz, men ketaman yoki siz keting, baxtingizni sinab ko‘ring siz ham... – deb yubordi ayol bo‘g‘zigacha bostirib kelgan yig‘ini to‘xtatishga tirishib.
– Hozir ancha toliqqansan. Asablaring ham o‘ynab turibdi. Shunga...
Erning gapi chala qoldi.
– Nima, telbasan demoqchimisiz? Ha, shunday. Men telbaman! Shuning uchun keting! Hoziroq! Men kunimni ko‘rib turaman, biror ma’nili fikrga kelsam, so‘ng qishloqqa qaytaman. Sazoyi bo‘lgan mo‘ltoniday bo‘p...kalit o‘z joyida bo‘ladi.
Er yana indamadi. Xotin uning chindan ham ketib qolishiga ko‘nglining tub-tubidan ishonmas, ammo bu his ayni damda bo‘y ko‘rsatmas ham edi.
– Sizga turmushga chiqqan men ahmoq... – dedi ayol oxiri.
Bu chindan ham ahmoqning gapi edi. Erning rangi o‘zgarib ketdi. Ammo hech nima demadi. Bir zum tayoqdek jim qoldi va o‘rnidan turdi-yu, indamay chiqdi-ketdi.
U qaytmadi.

* * *

Izillab yig‘layotgan ayol yuzini yostiqqa bosdi. U o‘zicha to‘g‘ri ish qilgandi. Eri balki endi baxtini topar... baxtini topgandir ham. Bo‘lmasa, bunday, suvga tushgan toshday yo‘qoladimi bus-butun odam ham.
Eri ketganiga qirq kun bo‘lgan edi.
Ayol bir nuqtaga tikilgancha jim qoldi. Kutilmaganda telefon jiringladi. “Kim ekan... Nahotki...” Ayol talmovsirab bir zum jim turdi, go‘yo telefon ovozi xayolida — istagida sado berayotgandek edi. Apparat yana jiringladi, uning bu galgi tovushi xuddi birovning zorlanganiday bo‘lib tuyuldi unga. Kim bo‘lardi, axir? Ayolning yuziga bir g‘aroyib hissiyot yoyildi: kim ham bo‘lardi shu mahalda. Telefonga shoshdi.
– Alo...
Jimlik. Ayolning yuragi gupurib ketdi.
– Kim bu, gapiring... – dedi yana ayol.
– Bu men... – nihoyat javob keldi.
Juvonning yuzi qizardi, boshida turgan og‘riq taqqa to‘xtadi. U o‘zini yengil his qildi. Uning yuragi aldamagandi, qo‘ng‘iroq qilgan eri edi.
– Bayramni yaxshi kutib oldingmi? O‘sha kuni ertalab komandirovkaga jo‘nab ketishim kerak edi. Bugun oxirgi kun. Ertaga uyga qaytaman. O‘shanda biroz qizishib ketdim, shekilli... — erkakning so‘nggi jumlasida xotini ham kutayotganiga to‘liq ishonch va biroz zavq bor edi, u yana qo‘shimcha qildi. — Seni sog‘indim...
– Men ham... – bazo‘rgina pichirladi ayol. – Sizsiz yashash azob ekan...
Ayni damda ularning har ikkisi ham benihoya shodon va boshqa birovlar tuyishi, tushunishi qiyin bo‘lgan bir ko‘ngil ganjiga yetishgan edilarki, boshlarida boshqa biror savdosi yoki kichik tashvishi ham yo‘q edi go‘yo. O‘tgan qirq kun ularning umrining butun bir, alohida davri bo‘lgan edi asli.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.