OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Alibek Rahmon. Lahza (hikoya)

Hamon tushib borardi...
Yuziga urilayotgan havo zarralaridan angladiki, pastga yashindek uchayotir. Hozirgina to‘qqizinchi qavatda edi. Mana, derazalar yonidan soniyalarni quvgancha o‘tib bormoqda. Soniyalar, soniyalar emas, undan ham kichik vaqt birligida tezlashmoqda. Yer tobora unga yaqinlashayotir yoki u Yerga... Boshi pastga osilgan, oyoqlari esa xuddi osmon bo‘shlig‘ida qadam tashlayotgandek patillab Yerga tomon sho‘ng‘imoqda. Ko‘zlarini kuchli shamol oqimi chimchilayotgandek chirt yumdi. Ochib nimaga ham qarardi, hozir yerparchin bo‘ladigan tanasigami yoki tepadan kaftdek ko‘rinib turgan, hayot oqimi hamon bir maromda davom etayotgan shahargami? Nima keragi bor endi? Osmon ham har doimgidan musaffo, atrofda sokinlik hukmrondek, faqat quloqlariga qandaydir qushlarning chug‘ur-chug‘uri elas-elas chalindi. Qo‘llarini keng yozdi. Ko‘zlarini ochmagan holda bo‘shliqdan nimadir qidirib ushlamoqchidek u yoq-bu yoqqa olib bordi. Hech narsa ilinmadi. To‘g‘rirog‘i u hech narsaga ilinmadi.
Qarshidan esayotgan shamol yenglariga urilib, qanot kabi hilpiratardi, xolos. Bundan ortig‘ini o‘zi ham kutmagandi. Lekin, chiqmagan jondan umid-da. Joni hali tanida. U hali-beri joni uzilishini hech ham o‘ylayotgani yo‘q. Hali juda uzoq yashashini-da qandaydir ilohiy bir idrok bilan anglagandi. Yuzlariga yakkam-dukkam soya tushib o‘tayotgani, ko‘p qavatli bino oldiga ekilgan azim chinorlar bilan bo‘yma-bo‘y havolayotganini anglatardi. Ko‘zlarini ochib qaradi, chinorning ushlash mumkin bo‘lgan shoxlari ancha narida edi. Yaqindagi shoxchalardan najot kutib bo‘lmasdi. Havoda bir necha daqiqa muallaq tursa, daraxt shoxlari yaqinlashishi mumkin edi-yu, ammo buning sirayam iloji yo‘q-da. Shu tobda yerning imillab aylanishiga la’natlar o‘qigisi kelib ketdi. Barchamizning globus tushunchasida bo‘lsa-da, Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanma harakatidan xabarimiz bor. Qo‘limizni globus ustida vertikal holatda qoldirib, aylantirsak, yuzadagi balandliklar bilan masofa qisqarardi. U aynan shuni istayotgandi. Yer bu qadar tez aylanmaydi-da. Olam bir zumga tortishish qonunini yoddan chiqarganida ham osongina pastlagan bo‘lardi... Biroq, katta tezlik bilan Yer yaqinlashmoqda, to‘g‘rirog‘i u yerga...
— O‘g‘lim, darslaringni tayyorlab qo‘ydingmi? — bolaligida bobosi unga har kuni kechki ovqatdan so‘ng shu savolni berardi.
— Ha, hammasini tayyorlab qo‘yganman! — derdi u, garchi darsliklarni nari-beri jadvalga qarab, mosini sumkaga joylagan bo‘lsa-da.
— Yana bir-bir takrorlab chiq! Vaqtingni behuda o‘tkazgandan ko‘ra badiiy kitoblar o‘qisang bo‘lardi.
— O‘qiyman, — derdi u o‘ng‘aysizlangan holda. Shu tob o‘rtoqlari bilan kech tushgach soylikda to‘p o‘ynashga kelishib qo‘yganliklarini xayolidan ketkizolmasdi. Bobosi xiyol chalg‘ishi bilan o‘sha yoqqa yugurardi. Borganida esa jo‘ralari uning o‘rniga kimnidir qo‘shib, o‘yinni boshlab yuborishgan bo‘lardi. Unga kutib o‘tirishni maslahat berishardi. Ko‘pincha, o‘yin oxirigacha kutib qolar, keyin hafsalasi pir bo‘lib uyga qaytardi. Shu paytgacha dars tayyorlashni ham, bilimga ega bo‘lishni ham sira xayoliga keltirmas, bor-yo‘g‘i o‘yinda ishtirok etolmagani alam qilardi. Behuda ketayotgan vaqtini esa umuman o‘ylamasdi.
Bu olam — sanoqlardan tuzilgan. Har soniya, daqiqa, soat... yilingni sanab, uning so‘qmoqlari oralab, o‘zingcha kezib ketaverasan. Sen shu yo‘lda adashganingda, dam olgani to‘xtaganingda yoki butunlay yo‘lingni o‘zgartirganingda ham sanoqlar adashmaydi, to‘xtamaydi, o‘zgarmaydi... Umr soati millari har qancha urinsang ham -ortga surilmaydi. Aksincha, ular seni nariroq, yanada nariroq surgilab boraveradi. Soniyalarni his qilganingda esa...
Hamon tushib borardi...
Havodagi silkinish sababmi, mayin shamol esganidanmi, chinor shovullab barglarini to‘ka boshladi. Barglar havoda bir dam qalqib turgancha istar-istamas o‘z bandlari bilan xayrlashdi. Keyin ohistagina Yer bag‘riga qo‘nib, qulayroq joy axtargandek qayoqqadir sudralib ketishdi. Bu holatni ko‘rib vujudining bargdek bo‘lib qolishini Xudodan o‘tinib so‘rashga tayyor edi. Chunki, hozir oddiy bir bargdan-da ojizroq.
Hamon tushib borardi...
Qishloqdagi hovlilariga jumrakli suv o‘rnatilgandi. Ba’zi paytlari u picha ochiq quvurdan tushayotgan tomchilarni soatlab tomosha qilishni xush ko‘rardi. Tomchi bir maromda tomib, tushgan joyida kichik ko‘lchalar hosil qilar, so‘ng toshib, katta ariqqa qo‘shilib ketardi. Ana, tomchi Quyosh nurida tovlanib-tovlanib tushmoqda. Soya joyda turib, uning tushishini kuzatganmisiz? O, jilvalanishini ko‘rmagansiz-da! Go‘yoki, har bir qatrada butun bir olam jamlanib turadi. Haqiqatan ham, bu betakror san’at asari. Shubha yo‘q-ki, mohir musavvir ham bu kabi betakrorlikka erisha olmaydi.
U qishloqdagi ish eng qizg‘in paytlari, birovlar suvga kelganida ham tomoshani mehr bilan davom ettirardi. Tomchi soatdek bir xillikda uzilib turaverardi. Faqat ugina vaqtga e’tiborsiz, xabarsizdek edi.
Yuqori sinfda o‘qiyotganida tomchining, shuningdek olamdagi barcha narsalarning fizika fanida o‘rgangan tortishish qonuniga muvofiq yerga qaytib tushishini bilib oldi. Shu taxlit tomdan toshlarni, jumrak yonidan mayda qum zarralarini tashlab, o‘zicha tajribalar qilib ko‘rdi. Ularning tushish vaqti bilan esa aslo qiziqmasdi. Kunlarning birida kasal yotgan bobosi unga muzdek suv olib kelishni tayinladi. Odatdagidek, jumrak oldida yarim soatcha qolib ketdi. Tomchining bir maromda oqib tushishi yana uning diqqatidan chetda qolmadi. Bobosining nimjongina ovoziga e’tiborsiz, tomchiga tikilib, ancha vaqt o‘tkazib qo‘ydi. Bag‘rida o‘z umrini, lahzalarini quchoqlagan tomchilar uning ham kerakli vaqtini yerga singdirib ketayotganini anglamasdi. Endi u daqiqalar hech qachon qaytmaydi, chunki, tomchilar bilan birga yer bag‘irlab ulgurgandi. Takrorlanmaslik va qaytib kelmaslikning eng jo‘n, eng ulug‘vor tushunchasi edi bu. Bir payt bobosi esga tushib, uyi tomon yugurdi. Afsuski, u kechikkan edi. Bobosi endi hech qachon suv so‘ramaydigan va ichmaydigan bo‘lgandi. Saraton issig‘ida quruqshab qolgan lablarida so‘nggi lahzalardagi jilmayish saqlanib qolgandi. U shunda kechikkanidan juda afsuslandi. Endi bobosi qaytib kelmasligini yig‘layotganlar orasida his etdi. Hamma narsaning o‘tkinchi ekanligini anglagandek bo‘ldi. Fursatni, vaqtni, lahzani his qilib yig‘ladi.
Shu holatida bu damining o‘tib ketishini to‘liq ishonchi bilan anglab turardi. Chunki, vaqt ildam harakatini davom ettirmoqda.
Hamon tushib borardi...
Qator-qator derazalar qarshisidan uchib ketayotganini ko‘z qiri bilan angladi. Bir to‘xtab, ularga sinchiklab qaramoqchi bo‘lardi. Buning iloji yo‘qligini darrov idrok etgancha yana beixtiyor derazalarni sanashda davom etardi. Shunday bo‘lsa ham, kimlardir uyida televizor ko‘rayotganini, kimdir uxlab yotganini sezish qiyinmasdi. Ana, kimdir balkoniga chiqib, chelakdan pastga nimadir to‘kayapti. Uning ortidan ergashgan son-sanoqsiz tomchilarni sezib, olis bolaligidagi o‘sha jumrakni esladi. Hozirda o‘zini o‘sha tomchilarning bir bo‘lakchasidek his qildi. Shunchaki, ehtiyotsizligining qurboni bo‘lishi uchun bir soniya qoldi yo qolmadi. Har tong kun yoyilganda zo‘rg‘a uyqudan uyg‘onib, toza havodan to‘yib-to‘yib simirish uchun balkonga chiqishni xush ko‘rardi.
Bu gal ham balkon panjarasiga o‘tirib olgancha sigaret chekayotgandi. To‘satdan... yer qimirladimi yoki o‘zi qalqib ketdimi, ishqilib, avval sigaretasi, keyin hayallamay o‘zi ham uning ortidan sho‘ng‘idi. Bor gap shu. Barchasiga soniyalargina kifoya qildi. Endi esa soniyalar ham u va tomchilardek yer tomon sho‘ng‘imoqda. Mana, vaqt quchog‘ida bir zarracha bo‘lib yer tomon sho‘ng‘imoqda...
Qaysidir yili bahor juda seryog‘in bo‘lib, ariq-zovurlarda suv toshdi. Ba’zi kunlari to‘satdan sel kelib, ekinlarni, hatto, kimlarningdir uyini oqizib ketdi. Shunday yomg‘irli kunlarning birida qishloq etagidagi soylik seldan to‘lib, pishqirib, vahshiylashgan suv har yoqqa sachrab oqib yotardi. Bir to‘da odamlar u yoqdan-bu yoqqa zir yugurishib, qo‘llarida uzun tayoqlar bilan suvga intilishardi. U yaqinroq borib nima gapligini so‘radi. O‘sha yoqqa yugurdi. «Nima bo‘ldi?» deb baqirdi.
— Bir qizcha suvga tushib ketibdi! — dedi kimdir halloslagancha.
— Ikromning kenjasiga o‘xshaydi, o‘zini boshqarolmayapti, — dedi yana allakim, — Tezroq qutqarish kerak! Bo‘lmasa suv yutib...
Biroq suvga tushishga hech kimning yuragi dov bermayotgandi. U titrab ketdi. Toshqin suvning ko‘piklari orasida qizaloq qo‘lchalarini yuqoriga cho‘zgancha oqib borardi. Bu yer kengroq, sayozroq bo‘lgani uchun yuzada qalqib borardi. Hozir anavi ko‘prikning oldiga borib qolsa tamom. Suv yana tezlashadi. Chuqurligi yana-da ortadi, qizcha esa... U shularni o‘ylab, o‘zini oqimga urdi. Sel tasavvuridagidan ham shiddatliroq ekan, qizchani bir amallab qirg‘oqqa yaqinlashtirgunicha oqim ancha nariga surib ketdi. Bu vaqtda ko‘prikka juda yaqin kelib qolgan, asov oqim bor kuchini to‘plab, hujumga o‘tgandek hayqirardi. Qo‘qqisdan daraxt shoxi kelib, pastga tortqilab ketmaganida, allaqachon odamlar olqishini olayotgan bo‘lardi. Ammo baxtga qarshi u soyning tubida. Mana, nafasi qaytib, suv yuta boshladi. Suvga tushgunga qadar vujudida barq urgan botirlik o‘rniga qo‘rquv loyqalari yopishib qoldi. Ko‘z oldi qorong‘ulashib, xayolidan butun hayoti lavhalari lip-lip o‘ta boshladi. Keyin, hammasini unutib o‘limning dahshatli o‘ylovi bilan yuzma-yuz turib qoldi...
Nimqorong‘i xona. Allaqanday xira bo‘yoq berilgan shipga termuldi. Derazadan ortidagi manzarani buzib, o‘qtin-o‘qtin o‘tib turguvchi oq xalatlardan bildiki, kasalxonada. Tirik qolibdi. Nahotki, qanday qilib? Keyinchalik, oldiga kelib-ketuvchilar gapidan anglashildiki, uni sel to‘xtaganidan so‘ng soy yoqasidan chala o‘lik holatda topishgan.
Hamon tushib borardi...
Ilkis, qanday shiddat bilan tushayotgan bo‘lsa, shu holicha taqqa to‘xtadi. Chetdan qaragan odamga havoda muallaq turib qolgandek ko‘rinardi. Yengidan tutib qolgan kiyim ilg‘ich dorni hisobga olmaganda, albatta. Bir nafaslik bekatdan so‘ng u yana pastga yo‘naldi. Dor ingichka ipdan ekan, uzilib ketdi. Butun idrokini yig‘ib, keyingi dorga umid bilan qo‘l cho‘zdi. Har qalay, bunisi po‘lat simdan edi-da...
Tungi osmon yoritgichi bo‘lmish oy, hamma uxlab qolganini bahona qilib, «o‘zim ham bir oz mizg‘ib olay», degandek, bir joyda qotib turardi. Qo‘shteraklar esa to‘lin yuzlariga shamol yordamida urilib-urilib allalashardi. Lekin oy birmuncha yanglish ish tutadi, chunki uni allalayotgan daraxt ostida bir-biriga butun borlig‘ini-da in’om etishga tayyor ikki qalb o‘tirardi. Baxtdan masrur yuraklar... Ular o‘z baxtlarini juda uzoq-uzoq davom etishini Xudodan tilashardi.
— Men seni har doim, har lahzada baxtli ko‘rishni istayman! — dedi yigit qizni erkalagancha. Qiz unga javoban shirin jilmaydi. Keyin birgalikda oy akslanib turgan ko‘ldan o‘tib qishloq tomonga yurib ketishdi.
Masrur manzara, men sizga aytsam, barcha talpinguvchi orzu edi bu ko‘rinish. Butun jismi joningiz bu kabi sof tuyg‘ular daqiqasini saqlab qo‘ysin. Ushbu lahzalarni, albatta, to‘xtatib qolish kerak...
U sevgilisini bir ko‘rishdayoq yoqtirib qolgandi. Ularning baxtga to‘la oilaviy hayotini muhabbat alangalangan ko‘zlar to‘qnashuvi ham ta’min etaverardi. Uning yuragida sevgi qanot qoqardi. Uning ko‘z o‘ngida hammayoq birdaniga kenglikka aylanib qoldi. Bir lahzada baland-baland uylar, ko‘chalar yo‘qolib, bo‘shliq hosil bo‘ldi. U bunga zarracha ahamiyat bermadi. Chunki samo kengligida yuragida sevgisi qanot qoqmoqda edi.
U endi uchib borardi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.