OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bek Turdi. Gazetashou (hajviya)

— Assalomu alaykum hurmatli gazetashou muxlislari. Gazeta sahifasida bu men — sevimli boshlovchingiz Surayyo Davron bo‘laman.
Endi sizlarni shoumizda ishtirok etayotgan ekspertlar bilan tanishtirib o‘tsam. Mening o‘ng tomonimda...
— To‘xtang, to‘xtang Surayyoxon, gazetashou muxlislarini mavzu bilan tanishtirmadingiz-ku?!
— Ha-ya, esim qursin. Bugun sizni “Qarqara kelin kimu masxara kelin kimligini aniqlash”, deb nomlangan gazetashousiga taklif qilamiz. Xullas, mening o‘ng tomonimda taniqli, judayam taniqli bir inson o‘tiribdilar. Ismlarini aytmasam ham o‘zingiz bilib olgan bo‘lsangiz kerak. Ha, ha, to‘g‘ri, topdingiz... mening o‘ng tomonimda... katta hayotiy tajribaga ega, bir emas ikki oila sohibasi Luliparxonim Somonova. Chap tomonimda esa Lota Puttaevna Qiyqimova o‘tiribdilar. Bu opajonimizning ham kelinlar kiyim-kechaklari bobida olamjahon tajribalari bor. Bir parcha lattadan ham ko‘rkam kiyimlar tayyorlashga mohir. Ha, ishonavering bir parcha lattaga o‘z fantaziyalarini gullar shaklida shunday mahorat bilan joylashtiradilarki, bunday kiyimni egniga ilgan qizlar o‘zlarini qo‘yarga joy topisha olmay qoladi. Xuddi tuzoqqa tushgan oqqushlarga o‘xshab tezroq biror joyga uchib ketgisi kelib qoladi. Xullas, endi shoumizni boshlasak ham bo‘laveradi. Ha–ya, aytmoqchi, shoumizga diqqat qiling. Gaz pechkasidagi ovqatga, agar u tagiga olib ketsa ham, eshik qo‘ng‘irog‘ini qayta-qayta bosib chaqirayotgan qo‘shningizga, agar u qarg‘ab-qarg‘ab qaytib ketsa ham e’tibor bermang. Bo‘lmasa shoumizni tushunmay qolasiz. Xullas qo‘ng‘iroqlaringizni kutamiz. Alo? Alo? Eshitamiz, eshitamiz, qulog‘imiz sizda.
— Alo, mening savolim ikkala ekspertga ham tegishli.
— Marhamat, marhamat. Kechirasiz, o‘zingizni tanishtirsangiz.
— Men, Zaripova Gulsinoyman. Bo‘kadanman. Savolim quydagicha: yaqinda tug‘ilganimdan beri orziqib kutayotganim, kelinlik libosini kiyadigan bo‘lib turibman. Aytingizlar-chi, qaynotamga ham, qaynonamga ham salom berganimda egilishim kerakmi?
— Yo‘q, yo‘q, aslo bunday qila ko‘rmang, men o‘z tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, shunday qilsangiz uyatga qolasiz. Axir, zamonaviy kelin kuylaklar juda nozik bo‘ladi. Ular jimitdaygina yelkangizda deyarli ilinib turadi. Xudo ko‘rsatmasin, qaynotangizga egilib salom berayotganingizda...
— To‘g‘ri aytasiz, Lotaxon opa, qolaversa egilib salom berish modadan qolgan. Mana men birinchi turmush qurganimda qaynonamga ham, qaynotamga ham burnim yerga tekkuncha egilib salom berganman. O‘ylab qarasam, bekor qilgan ekanman. Qadrimga yetishmadi. Bir-ikki g‘idi-bidi qilishuvdi, shartta ajrashdim. Ikkinchi marta turmush qurdim. Buni qarang, qaynona-qaynotamning o‘zlari sersalom ekan. Hovli aylanib salom berishaveradi, desangiz. Jonimga tegib ketdi. Axir, salomning ham qadri bo‘lishi kerak-da, to‘g‘rimi?
— Alo, Alo, bizni eshitayapsizmi? Uzilib qoldi, shekilli.
— Shundayga o‘xshaydi.
— Ancha bo‘ldimi aloqa uzilganiga? Shuncha vaqtdan beri kim uchun gapirayapmiz bo‘lmasa?
— Uzrimizni qabul qilasiz, degan umiddamiz qadrli shoumiz muxlislari, ayb bizda emas, telefon tarmoqlari negadir bugun yaxshi ishlamayapti.
— Telefon tarmog‘idagilar ham bizning shoumizga berilib, vazifalarini unutib qo‘yishgan bo‘lsalar kerak-da.
— Ha, qadrli muxlislar shoumizni davom ettiramiz. Muxlislarimizdan navbatdagi qo‘ng‘iroq bo‘lgunicha bugungi mavzumizni yana bir bor eslatib o‘tishni lozim topdik. Shunday qilib, gazeta sahifasida “Qarqara kelin kimu masxara kelin kimligini aniqlash” shousi davom etmoqda. Sizlarni yana bir bor ekspertlarimiz bilan tanishtirib o‘tsam, mening o‘ng tomonimda katta hayotiy tajribaga ega, bir emas ikkita oila sohibasi Luliparxonim Somonova. Chap tomonimda esa Lota Puttaevna Qiyqimova o‘tiribdilar. Bu opajonimizning ham kiyim-kechak masalasida olamjahon tajribalari bor. Bir parcha lattadan ham ko‘rkam kiyimlar tayyorlashga mohir. Ha, ishonavering, bir parcha lattaga o‘z fantaziyalarini gullar, to‘rpardalar ko‘rinishida shunday mahorat bilan joylashtiradilarki, bunday kiyimni egniga ilgan qizlar o‘zlarini qo‘yarga joy topisha olmaydi. Tuzoqqa tushgan oqqush singari biror joyga parvoz qilgisi kelib, pitillab qoladi. Darvoqe, Lulipar opa, ikkinchi oilangiz haqida gapirayotgandingiz...
— Xullas, yana ajrashdim.
— Hozir yolg‘izmisiz?
— Yo‘q, ba’zan unisi, ba’zan bunisi ota-onalaridan yashirinib kelib-ketib turishadi.
— G‘alati-ku?
— Nimasi g‘alati, ikkoviyam bilishadi. Buni qarang, xuddi kelishib olgandek biri ketsa, ikkinchisi qo‘ng‘iroq qilib uchrashuvga taklif qiladi. Ajoyib bo‘larkan. Er bir emas, ikkita. Qanona-qaynota esa yo‘q. Biram mazza-ey. Masalan, menga shunday hayot yoqadi. Axir, o‘zim uchun ham yashashim kerak-ku?!
— Bola-chi, o‘g‘lingiz bor, deb eshitamiz...
— Bor, ikkovidan ham bittadan. Ularni otalariga o‘xshamasliklari uchun alohida-alohida tarbiyachiga berganman. O‘zim ham kam boraman. Fikrlari buzilmasin, deyman-da.
— Kechirasiz, qo‘ng‘iroq bo‘ladimi o‘zi?
— Men ham hayronman, muxlislarimiz qo‘ng‘iroq qilib tushisha olmayotgan bo‘lsalar kerak.
— Lota opa, zerikib qolmadingizmi o‘zi?
— Yo‘q, zerikayotganim yo‘q, gapni gazetaga o‘rab gapiradigan bo‘lsam, shoumiz juda ko‘ngildagidek davom etyapti. Kiyim-kechak masalasiga kelsak, hamma o‘zi istaganini kiyadi. Men yaratgan noyob liboslarni kiygan ayollar naq o‘ttiz yoshga yasharadi. Shuning uchun qilgan ishimdan ham, kiygan kiyimimdan ham uyalmayman. Gapning rosti bugungi shoudan so‘ng xaridorlarim ikki barobarga ko‘paysa kerak, deb o‘ylagandim.
— Tushkunlikka tushmang, Lota Puttaevna. Hozir qo‘ng‘iroq bo‘lib qoladi. Aniq bilaman. Mening ichki sezgim judayam kuchli.
— Alo, alo? Rostdanam telefon tarmog‘iga bir gap bo‘lganga o‘xshaydi.
— Ikkala sim ham yomg‘irda qolib namlangan bo‘lsa kerak.
— Hozir simli telefonlar qolmagan Lota opa!
— Lyamkasiz ko‘ylaklarga o‘xshab-a?
— Nimalar deyapsiz, Luliparxon, mening kiyimlarimni masxara qilyapsizmi?
— O‘zingiz ikkita simga sha’ma qilyapsiz-ku?
— Tavba, yo‘q joydan janjal chiqarmoqchimisiz-a?
— Qanaqa janjal? Kim janjal chiqaryapti. Menmi? Bo‘pti, men shouni tark etsam, ko‘ngillaring tinchiydimi? Bo‘ldi, ketganim bo‘lsin.
— E’tibor bermang, aziz muxlislar Lulipar Somonovaga shoumiz talablari og‘irlik qildi shekilli, davramizni tark etyaptilar, hechqisi yo‘q. Gazetashoumiz endi hal qiluv pallaga kirib bormoqda. Yana bir bor eslatib o‘tamiz. Shoumizga diqqat qiling. Gaz pechkasidagi ovqatga, agar u tagiga olib ketsa ham, eshik qo‘ng‘irog‘ini qayta-qayta bosib chaqirayotgan qo‘shningizga, agar u qarg‘ab-qarg‘ab qaytib ketsa ham e’tibor bermang. Aks holda, shoumizni tushunmay qolasiz.
— Alo? Alo, xayriyat mana yana bir muxlisimiz qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Astoydil harakat qilsa, albatta, maqsadga erishish mumkin. Eshitamiz, savolingizni kutyapmiz. Alo?
— Alo? Mening savolim Lota Puttaevnaga?
— Marhamat.
— Lota opa, siz tikayotgan ko‘ylaklar nafaqat bu yerda, balki qo‘shni mamlakatlarda ham tala-tala bo‘lib ketayapti, deb eshitamiz. Aytingchi, uyda oila a’zolaringiz ham o‘zingiz tikkan kiyimlarni kiyishadimi?
— Nima desam ekan, gapni ko‘ylaklarimning chet mamlakatlarda xaridorgirligidan boshlasam, degan edim. Ha, to‘g‘ri eshitibsiz. Men tikkan kiyimlarning bozori chaqqon, bundan albatta xursandman. Hatto baxtiyorman. Uyda oila a’zolarim kiyadigan kiyimlarga kelsak. Ular ham ortiqcha isrofgarchilikni yoqtirishmaydi. Masalan, turmush o‘rtog‘im bilan o‘g‘lim Erik uyda mayichka hamda kalta shortik kiyib yurishadi. Men bilan qizim esa kalta yubkani xush ko‘ramiz. Qizimga bir-ikki joydan sovchilar chiquvdi. Ulardan birinchi so‘ragan savolimiz shu bo‘ldi. Bizga o‘xshab kiyinishmas ekan. Qizimni bermadim. Garchi uning ko‘ngli bo‘lsa ham. Naprintsip bermadim.
— Alo, alo? Yana aloqa yo‘qoldi.
— Afsus, afsus, hurmatli gazetashou muxlislari vaqtimiz esa chegaralangan. Bizga eng yaxshi savolni yo‘llaganlarga sovg‘alarimiz bor edi. Afsuski, ularning o‘z egalarini aniqlash imkoni bo‘lmadi. Hechqisi yo‘q, sovg‘alarimizni kelgusi uchrashuvlar uchun saqlab qo‘yamiz. Shunday qilib, bugungi “Qarqara kelin kimu masxara kelin kimligini aniqlash” shoumizda g‘oliblarni aniqlash imkoni bo‘lmadi. Eslatib o‘taman, gazetashou sahifasida bu men — sizlarning sevimli boshlovchingiz Surayyo Davron bo‘laman. Ko‘rishguncha xayr!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.