OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Uyg‘un Ro‘ziyev. Modern (hikoya)

Qanchalik kirishib-tirishmay, qishloqda hech ishim yurishmadi. Keyin omad qidirib Toshkentga keldim. Hamqishloq yigitlarga ergashib g‘aribgina ijara uyga joylashdim. So‘ng avom xalq tilida "Mardikor bozor" deyiladigan joyga bordik. Biror mashina kelib to‘x­tasa, hammamiz yopirilib uni o‘rab olamiz. Haydovchi pastga tushishga ham ulgurolmaydi. Mashina oynasini ochib, qanday yumushi borligini, nechta ishchi kerakligini aytadi. Narxini kelishib, keragicha ishchini tanlab oladi-da, jo‘nab ketadi. Biz esa keyingi talabgorni kutib qolaveramiz. Shu yerda ham nuqul omadim kelishini o‘ylab o‘tiraman. Ammo mardikorchilik jonga tegdi. Qiynalib ketdim.
Ko‘p o‘tmay, qishloqqa qaytish payiga tushdim.
Brigadirimiz Eshpo‘lat kutilmaganda bir ish topib keldi-yu, fikrimdan qaytdim.
– Jo‘ralar, – dedi Eshpo‘lat sigiri egiz tuqqanday tirjayib, – katta ish topib keldim. Qishgacha bemalol ish bor deb hisoblayveringlar. Ertagayoq ijara uyni topshiramiz, o‘sha yoqda yotib ishlaymiz.
Katta ish degani shaharning chekkaroq qismidagi bir hayhotday hovlida ekan. Shohona imoratlar orasida ko‘rimsizgina bo‘lib qolgan bu uyni mashhur qo‘shiqchi Asalxon opa yaqinda sotib olgan ekan. Biz hovli etagidagi pastqamgina xonalarga joylashib, katta imoratni bir haftada buzib, tekislab tashladik. Asosiy ishni bizdan boshqa katta ustalar bajarishardi, biz esa maydaroq yumushlarni qilardik. Asalxon opani yaqindan bir ko‘rish istagi menga tinchlik bermasdi. Bizning qishlog‘imizga katta artistlar bormagan. Hali bironta tirik ashulachini yaqinroqdan ko‘rmaganman. Asalxon opani bir ko‘rsam, qishloqqa borganda maqtanib yurardim-da. Lekin uchratish qiyin ekan. Bizga bir ishboshi tayinlab qo‘ygan, o‘sha yigit hamma ishga bosh bo‘lib yurdi. Asalxon opa boshqalarga o‘xshab xasis emas ekan. Oziq-ovqatni mo‘l-ko‘l qilib tashladi, ishimizga yaxshigina haq to‘laydi. Yotar jo­yi­miz uchun pul bermaymiz, topgan-tutganimizning hammasi yonimizga qoladigan bo‘ldi.
Yozning o‘rtalariga borib ish qizigandan-qizidi. Eski uy o‘rnida uch qavatli shohona imorat qad ko‘­tardi. Ana shunda bir kuni ertalab Asalxon opa qu­rilishni ko‘rish uchun keldi. Men archilgan yog‘ochlarni yuqori qavatga tashiyotgan edim. Uni ko‘rib, qo‘limdagi yog‘ochlarni tashlab yuborib, sal bo‘lmasa oyog‘imni sindirib olay dedim. Og‘zim lang ochilib, angra­yib qolibman. Tushimmi, o‘ngimmi, nahotki mana shu ro‘paramda turgan hurliqo o‘sha mashhur qo‘shiqchi Asalxon bo‘lsa? Haytovur Asalxon opa baland poshnali tuflisida avaylab qadam tashlab hovliga kirib keldi. Ustalarga horma-bor bo‘l qilib, hovliga bir qur razm solib chiqdi.
Shundan so‘ng opamiz daraxt soyasidagi chorpoyaga o‘tirib, guldor yelpig‘ichi bilan husnu latofati barq urib turgan yuziga shamol yelpidi. Yordamchi yigitlari yelib-yugurib choy hozirlashdi. Mening hali ham unga qarab angrayib turganimni ko‘rib, opa shiringina tabassum qildi-da: “Hormang, yigit, charchagan ko‘rinasiz, mang, bir piyola choy iching”, – dedi va oppoq momiqday qo‘llari bilan piyolaga choy quyib uzatdi. Shu tobda uning qo‘lidan choy tugul, zahar ichishga ham tayyor edim. Yugurib borib qo‘lidan choyni oldim. Shosha-pisha choyni ho‘plarkanman, labim kuyganini ham bilmay qoldim. Keyin o‘z-o‘zidan tilim sayrab ketdi. Asalxon opaning qo‘shiqlarini butun qishlog‘imiz jon-dilidan sevib eshitishini, hamma uni yaqindan bir ko‘rish orzusida ekanligini aytdim. Eskigina klubimizni katta san’at saroyiga o‘xshatib maqtadim. Asalxon opa xursand bo‘lganidan zavqlanib kuldi. Bundan men ham quvonib ketdim va hayajonlanib, she’r aytib yubordim. Yaxshiyam Jo‘ra tog‘amning eski she’r daftari qo‘limga tushib qolib, to‘rt-beshtasini o‘rtoqlarimning uylanish to‘ylarida aytaman deb yodlab olgan ekanman, hozir juda asqotdi-da. She’r Asalxon opaga yoqdi chamasi, shahlo ko‘zlari porlab ketdi.
– Bu kimning she’ri? – so‘radi opa hamon ko‘zlari charaqlab.
– O‘zimniki, – dedim opadan maqtov eshitish ilinjida.
To‘g‘ri-da, boshqa nima ham deyishim mumkin, Jo‘ra tog‘am bu she’rlarni birovga ko‘rsatishga iymanadi. Ey, bular yoshlikdagi bir havas-da, men shoirmidimki she’r yozdim deb birovga ko‘rsatsam, deydi. Shunday chiroyli she’rlar “yoshlik xotirasi” bo‘lib chang bosib yotsa uvol-da. Undan ko‘ra, mana men aytib maqtanib yursam bo‘lmaydimi?
– Rostdanmi? Bu ayni mening ko‘nglimdagi she’r-ku. Iltimos, uni hoziroq menga yozib bering, – dedi opa rostakamiga qiziqib.
Yordamchi yigit chaqqongina borib mashinasidan qog‘oz bilan ruchka olib keldi. Men qo‘llarim qal­tiray-qaltiray she’rni qog‘ozga tushirdim. Asalxon opa she’rga bir ko‘z yugurtirib, xayolida qo‘shiqni tayyor qildi shekilli, ketishga taraddudlanib qoldi. Yo‘l-yo‘lakay qog‘ozga yana bir-ikki qarab-qarab oldi. Darvoza oldida ortiga o‘girilib, menga ajabsinib qaradi:
– Shunday ajoyib she’r yozadigan shoir, nega bu yerlarda loyga belanib yuribsiz?
– Odamzod asli loydan yaralgan, – dedim men ham bo‘sh kelmay.
– Qoyilman, siz bilan ertaga gaplashamiz, – deb Asalxon opa shoshilganicha jo‘nab ketdi.
– Balosan, Hoshimboy, balosan, – dedi boyadan be­ri bir chetda bizni kuzatib turgan Eshpo‘lat yelkamga urib. – Binoyiday shoir ekansan-u, shu paytgacha aytmay yurganingni qara, voy pismig‘-ey. Bu deyman, shoirlikni tog‘angdan o‘rganganmisan, a? Bir paytlar Jo‘ra muallim ham she’rlar yozib yurardi.
– Yo‘q, tog‘am mendan oz-moz o‘rgangan, – dedim.
Qiyqirishib kulishdik.
Haqiqatan ishlarim yurisha boshlaganiga ertasi kuni o‘zim ham amin bo‘ldim. Ertalab Asalxon opaning yordamchisi kelib, oyog‘imni yerga tekkizmay olib ketdi. Shahar markazidagi bir chiroyli ko‘p qavatli uyning uchinchi qavatiga ko‘tarildik. Yordamchi yigit kalitlarni shaqirlatib eshikdagi bir nechta qulflarni burab, ikki qavatli eshikni ochdi va hurmat bilan ichkariga taklif qildi. To‘kin dasturxon tuzalgan keng xonaga kirdik. Haligi yigit choy damladi va menga bir piyola choy uzatib:
– Siz bemalol nonushta qilib o‘tiring, opa hozir studiyadan keladilar, – deb chiqib ketdi.
Uy nihoyatda nafis bezatilgan, kakkuli osma soat, ulkan yassi televizor, billur qandillar, qim­matbaho gilamlar, hammasi bir-biriga mos, bir-biriga yarashgan, hozir faqat mengina bu uyga yarashmay turganimni aniq-tiniq his qilayapman.
Birozdan so‘ng Asalxon opa keldi. Oddiygina op­­­poq matodan tikilgan ko‘ylagi uning husnu latofatini yanada ochib yuborgan edi. O‘zimni ertaklar olamiga tushib qolganday sezib, ko‘zlarimga ishonmay o‘tirardim. Opa yengilgina tabassum qilib yumshoq kresloga o‘tirarkan, horg‘in nafas oldi. Uyqudan qol­ganga o‘xshaydi, yuzida charchoq alomati ko‘rinib tu­ribdi.
– Menga e’tibor berma, ukaginam, tuni bilan ux­­lamasdan studiyada o‘tirib qo‘shiq yozdik, – dedi u ko‘z­larini yumib. Meni sensirayotganidan o‘ziga yaqin olayotganini tushunib, yuragim gupillab ura boshladi. – Tayyorlab qo‘ygan bir musiqam bor edi, she’ring juda mos tushdi. Yayrab-yayrab ijro qildim. Ko‘zlarimga uyqu kelmadi. O‘zi shunaqa, yaxshi qo‘shiq bo‘lishini sez­­­­­sam, toki tayyor bo‘lmaguncha ko‘nglim tinchimaydi. Menimcha ajoyib qo‘shiq chiqdi. Sen ham bir eshitib ko‘rgin.
U DVD diskni joylab, yangi qo‘shiqni baland ovozda qo‘ydi. Kuyning o‘zidanoq badanim jimirlab ketdi. Beixtiyor chapak chalib yubordim, opani tabrikladim, olqishladim, maqtadim.
– Hali oz-moz kamchiliklari bor. Yana biroz ishlasak, qo‘shiq qiyomiga yetadi. Endi sen mardikorlikni bas qil, shunday iste’dodingga bu ish to‘g‘ri kelmaydi, – dedi opa nihoyat maqsadga o‘tib. – Boshqa hunaring ham bormi?
– Bor, to‘ylarda davraboshilik qilishim mumkin, – dedim.
– Mayli, o‘rtakashlik ham yomon ish emas hozircha. Mana, ko‘rasan, ukaginam, shou-biznesda baxting chopib ketishiga ko‘zim yetib turibdi. Sen yaxshi-yaxshi she’r­laringni qog‘ozga tushiraver, xit bo‘ladigan qo‘shiqlar qilamiz. Hozirgiga o‘xshagan bir-ikkita qo‘shiqdan ke­yin seni hamma tanib qoladi. Asalxon opam xuddi adabiyotchi olimlarday she’rlarimni rosa maqtadi.
Bunday maqtov gaplarni Jo‘ra tog‘am o‘z quloqlari bilan eshitsa, shoirlikni tashlaganiga qattiq pushay­mon qilgan bo‘lardi. Shunday mashhur qo‘shiqchi maq­tayaptimi, demak bu she’rlar haqiqatan ham arzirlik ekan. Opa hali bittasini ko‘rdi, bunaqa she’rlardan tog‘amda ko‘p. Kattagina bir daftarni to‘ldirib yozganini, o‘sha daftar uyining chordog‘ida chang bosib yotganini ko‘rganman. Men ularni changdan qutqarishim kerak. Bilaman, tog‘am she’rlarini birovga ko‘rsatishni istamaydi. Shuning uchun ular mening nomim bilan qo‘shiq bo‘lib tarqalsa buning nimasi yomon? Har holda chordoqda chirib ketgandan odamlarga foydasi tekkani yaxshi emasmi? Qolaversa, boshimga qo‘ngan omad qushim o‘sha she’rlarni talab qilib turgan bo‘lsa, bo‘­shanglik qilib o‘tirishim insofdan bo‘lmaydi. Vaqt g‘animatida otni qamchilab qolishim kerak.
Qishloqqa keldim. Omadning birinchi moyanasi qo‘­limga tekkan emasmi, o‘zimga e’tibor berib qarasam, ichimdan bir ustun ko‘tarib turganday qaddi-bastim adl bo‘lib qolganligini payqadim. Atrofdagi odamlar bukchay­gan, shalpaygan, sudralganday ko‘rinadi ko‘zimga. Tog‘am esa unday emas, kayfiyati chog‘, o‘tayotgan kunlaridan mamnun. Shu kayfiyatidan foydalanib, she’rlari ha­qida gap ochdim.
– O‘sha she’rlaringizni bering, men gazetalarga chiqaray. Toshkentda yurib, ko‘p ajoyib tanishlar orttirdim. Gazetadagi tanishlarim, tog‘angizning she’r­larini olib keling, chop ettiramiz, deyishdi, – dedim.
– E, jiyan, qaysi she’rlarni so‘raysan? Aytgan edim-ku, ular shunchaki yoshlikdagi havas edi, deb. Endi ularni biron joyda chiqarishdan menga nima naf? Endi bizga yarashmaydi. Bu yil o‘n besh nafar o‘quvchim universitetga o‘qishga kirdi. Kelasi yilga undan ham ko‘prog‘ini o‘qitib tayyorlayman. Ana shularning orasida shoir bo‘lsa bo‘lguliklari bor. Qishda tog‘larga mo‘l qor yog‘di, ariqlardan suv uzilmayapti. Tomorqaga qara, dehqonchilikning yili bo‘ldi-da o‘ziyam. Hovlining na­­riga tomonidan yana bitta imorat ko‘tarayapman. Ha­­­demay tog‘avachchalaringni birin-ketin uylantiramiz. Bizga yarashadigan ishlar mana shular-da, jiyan, – deb Jo‘ra tog‘am baquvvat kaftlarini bir-biriga ishqaladi.
– Nima, yoshlikdagi havas edi, deb endi shunday oromijon she’rlar yo‘q bo‘lib ketaveradimi? – dedim tutaqib. – Ularni gazetalarga chiqaraylik, artist­lar­ga berib qo‘shiq qildiraylik, odamlar o‘qib, eshitib maza qilishsin. O‘zingizga ep ko‘rmasangiz, hech bo‘lmasa, mana, menga bering, men ularni yorug‘likka olib chiqay. Sizning yoshingizga to‘g‘ri kelmasa, mening yoshimga to‘ppa-to‘g‘ri kelib turibdi-ku.
– Sen nima qilasan she’rlarni?
– Bir jiyaningiz shoir deb nom chiqarsa chiqaribdi-da, tog‘a. Sizga armon bo‘lgan havaslar bir kuni menga ham armon bo‘lmasin. Shunda ham o‘zimni o‘ylab emas, o‘tmishda qolib ketayotgan she’rlaringizni o‘ylab shoirlikni bo‘ynimga olishga jazm qilayapman.
Xullas, Jo‘ra tog‘amni rosa avradim. Tog‘am kulaverib tuyilib qoldi.
– Bor-e, bilganingni qilmaysanmi, – dedi oxiri qo‘l siltab. – Agar o‘sha she’rlarning senga biror nafi tegadigan bo‘lsa, olib ketaver, senga sovg‘a qilganim bo‘lsin ularni.
Quvonganimdan tog‘amni quchoqlab oldim. Ke­yin yugurib chordoqqa chiqdim-da, sarg‘ayib ketgan gaze­ta-jurnallar orasidan o‘sha qalingina daftarni qi­­­­­dirib topdim. Daftarning varaqlari ilvirab to‘­kilay deb qolibdi. Agar menday she’riyat fidoyisi bo‘lmaganida bu qog‘ozlar hademay tuproqqa aylanishi muqarrar edi.
Ishlar yurishgandan yurishib ketdi. Men ko‘proq she’r yodlashga, katta-kichik to‘y-tantanalarda davraboshilik qilish san’atini o‘rganishga kirishdim. Opa tanishtirib qo‘ygan bir abjir yigit to‘ylarda gapiriladigan gaplarni qog‘ozga yozib olib kelib berdi: “Mana shu gaplarni obdon yodlab olsang, o‘rtakashlik qilishga qiynalmaysan”, – dedi. Men tez orada ularni yodlab oldim. She’rlarim birin-ketin jozibali qo‘shiqlarga aylanayotgan edi. Asalxon opaning qo‘­shiqlarini eshitmaydigan odam yo‘q. Qo‘shiqning she’­rini kim yozgani bilan ham albatta qiziqishadi. Men she’rlarimga “Hoshim Jiyan” deb imzo qo‘ydim. Albatta, taxallusimda tog‘amga ishora bor. Axir, Jo‘­ra tog‘amning mehnatlarini ham halol baholashim kerak-ku. Asalxon opa bir-ikki to‘ylarga meni o‘zi bilan birga olib borib, odamlarga tanishtirdi. “Yangi qo‘shiqlarimizning matnini yozgan shoir”, dedi. Ustimga pul yog‘ilgandan-yog‘ildi, olqishlar, izzat-ikromlar... Taniqliyu taniqsiz qo‘shiqchilar huzurimga yopirilib keladigan bo‘lishdi. She’rlarning nusxalarini ko‘paytirib, ularga ham beraverdim. Endi she’rlarim turli-tuman ovozlarda qo‘shiq bo‘lib tarala boshladi. Opa rost aytgan ekan, shou-biznes shoirni tez tanitarkan. Qisqa vaqt ichida men ana o‘sha “shou-biznes”ning xaridorgir shoiri bo‘lib ulgurdim. Doimiy ishim studiyada qo‘shiqchilarning yonida bo‘lish. Gap-gashtaklarga, to‘y-tantanalar, tungi klublardagi jonon kechalar, katta-kichik tomoshaxonalardagi kontsertlarga takliflar tushgani-tushgan. O‘rtakashlikni ham qiyib qo‘yadigan so‘zamolga aylandim. Men tanimagan yoxud meni tanimagan ashulachilar qolmadi hisob. To‘ylar bahona kattayu kichik amaldorlar, olimlar, shoiru jurnalistlar bilan tanish bo‘lib qoldik. Ular davralarda meni yonlariga taklif qilib, birozgina suhbatlashmoqchi bo‘lishadi. Men esa qisqagina so‘rashib, biron narsani bahona qilib nari ketaman. Chunki ularning suhbati aylanib-aylanib, oxiri adabiyotga, ijodga borib tutashsa, bu mavzularda men nimani gapirishim mumkin? Qolaversa, ular bilan suhbatlashmasam, vaqti ziq ekan, deb o‘ylab, yana suhbatimga mushtoq bo‘lib yurishadi. Buni shou-biznesdagilarni kuzatib bilib oldim. Ha, shou-biznesning o‘rganadigan tomonlari ko‘p ekan. Ilgarilari bu sohaga aralashib yurganlarning hammasi ertayu kech dilrabo kuy-qo‘shiqlar, olqishlar ichida yashaydi, hayotlari to‘kis, muammo nimaligini bilishmasa kerak, deb tasavvur qilardim. Biroq bu muhitda fitnayu hasad, g‘iybatu g‘urbatlar, o‘g‘riligu johillik g‘ujg‘on qaynashini, pul uchun, sariq chaqaga qimmat obro‘ uchun bir-biriga pichoq o‘qtalishlar, soch yulib talashishlar, kamsitish va haqoratlashlar, turli-tuman behayoliklar ular uchun odatiy hol ekanligini mutlaqo o‘ylab ham ko‘rmagan ekanman. Ularning qilg‘iliklarini ko‘rsa, ilon ham po‘st tashlab yuboradi. Mana shularni ko‘rganimdan keyin ba’zan qishloqda o‘tgan kunlarimning qadri bilinar, hatto Eshpo‘latning boshchiligida loy qorib, g‘isht quyib yurganlarimiz ham baxtiyor damlar bo‘lib tuyular edi. E, menga nima, qirilib ketmaydimi. Menga “taka bo‘lsin, sut bersin”.
Ikki yil ichida shaharda o‘z uyimga, mashinamga ega bo‘ldim. Endi kimsan – falonchi shoir diqqinafas tramvay yoki avtobusda oddiy odamlar orasida qisi­lib yurmayman. Uyimni ko‘nglimdagiday ta’mirlatish uchun usta qidirib “pitak”ka borganimda Eshpo‘latni uchratdim. Hali ham o‘sha-o‘sha eski chorig‘ini sudrab yuribdi. Meni ko‘rib hayratdan ko‘zlari chaqnab ketdi. Yugurib oldimga keldi. Kir qo‘llari bilan oppoq kostyumimni bulg‘ab qo‘yishdan cho‘chib, ehtiyot bo‘lib salomlashdi. Mashinamni gir aylanib tomosha qildi. Hol-ahvol so‘rashdik. O‘zining aytishicha, dovrug‘imni eshitib, xursand bo‘lib yurgan emish. Ustalarni o‘zi boshlab boradigan bo‘ldi. Ishning boshida ham o‘zi turadi. “Bir oy ichida uyingni qo‘g‘irchoqday qilib bermasam, sen bilan hamqishloqligim kuyib ketsin”, dedi.
Meni radioga, televideniega taklif qilishdi. Yangi she’rlaringizdan o‘qib bering, deyishdi. O‘ylab qarasam, yangi she’rlar qolmabdi. Hammasi qo‘shiq qilingan, hammasini eshitib bo‘lishgan. Zudlik bilan biror chorasini ko‘rmasam, tez kunda xonavayron bo‘laman-ku. Uyning kalitini Eshpo‘latga qoldirdim-da, qishloqqa jo‘nadim. To‘ppa-to‘g‘ri Jo‘ra tog‘amning oldiga bordim. Meni ko‘rishi bilan tog‘amning kulgisi qistadi:
– Obbo jiyan-ey, kutilmaganda katta shoir bo‘lib tanilib qolding-ku.
– Nimasini aytasiz, tog‘a, omad kelaman desa loyning ichidan ham chiqib kelaverar ekan, – dedim kulgisiga kulgi bilan javob qilib. – Endi mana shu katta shoirning jamg‘armasi tugab qoldi. Yo pirim, deb yana yangi she’rlar yozib berarmikansiz, deb oldingizga bosh egib keldim. Qancha desangiz pulini to‘layman, buyog‘idan xotirjam bo‘ling. Hozir ayni “populyar” bo‘lib turganimda o‘zingiz qo‘llab turing, tog‘a. Bu darajaga yetishishim oson bo‘lmadi, reytingim tushib ketmasin. O‘zim ham mashq qilayapman, asta-sekin she’r yozishni o‘rganib olarman.
Tog‘am bosh chayqab, miyig‘ida kuldi. Uydan avvalgisiga o‘xshagan yana bir eski daftarni olib chiqib, qo‘limga tutqazdi.
– Shu ishni to‘g‘ri qildimmi, yo‘qmi, mana shu daftarni ham senga azbaroyi rahmim kelganidan berayapman. Bular ham yoshlik zavqi bilan yozilgan. Tashlab yubormoqchi bo‘lganimda yangang qo‘yarda-qo‘ymay qo‘­­­limdan tortib olib, sandiqqa tashlab qo‘ygan edi. Senga nasib qilgan ekan, mayli, bularni ham olaqol. Shundog‘am bu daftarning endi menga keragi yo‘q. Lekin, jiyan, bunday yurish bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Hali ham bo‘lsa, esing borida qo‘lingdan keladigan bi­ror ishning etagini tutsang yaxshi bo‘lardi. G‘ir­rom­lik­ning, yolg‘onchilikning alaloqibat albatta misi chi­qadi.
Muallimdan nima olasan, bir daftar she’rga qo‘shib bir qop gap olasan-da. Tog‘am uzundan-uzoq na­sihat qildi. Lekin u kishi shou-biznesni qayoqdan bilsin. Yolg‘onchilik, g‘irrom aralashmagan biznes biznesmi? Men-ku, tug‘ishgan tog‘amning she’rlarini o‘zidan so‘rab olib shoirlik qilayapman, lekin qo‘shiqchilar o‘z tog‘alarining qo‘shiqlarini aytishayaptimi? To‘g‘ri, Asalxon opa mehnatkash, har beshta qo‘shig‘idan uchtasiga o‘zi kuy yozadi yoki biron kompozitorga yozdiradi. Atigi ikkita qo‘shig‘iga xorij qo‘shiqlaridan kuy o‘g‘irlaydi. Qolganlari-chi? Ba’zi ashulachilar hamma qo‘shiqlarini xorijliklardan o‘g‘irlab aytishadi-ku. Iste’dodli artistlar kamtarlik qilib, o‘zlarining izzat-obro‘larini saqlashni bilishadi. Iste’dodsiz­lari esa o‘zlarini o‘tga-cho‘qqa urishadi, gazeta, ra­dio, televideniega beayov kirib boraverishadi, ham­mayoqda o‘shalarning reklamalari, hatto dazmolni tok­ka ulasangiz ham o‘shalarni ko‘rsatadi.
“Yangi she’rlar”ni hafsala bilan oq qog‘ozga ko‘­chirib chiqdim. Uzzu kun qo‘ng‘iroq qilib, eshigimni ta­qillatib turgan qo‘shiqchilar yangi-yangi qo‘shiqlarini ko‘paytiraverishdi. Bu qo‘shiqlarning deyarli hammasi, ularning tili bilan aytganda, “xit”ga aylandi. Esh­po‘latning ustalari “qo‘g‘irchoqday” qilib bergan uyda yolg‘iz o‘zim zerika boshladim. Har gal qishloqqa borganimda uydagilar “yoshing o‘tib qolayapti, tezroq uylan”, deb holi jonimga qo‘yishmaydi. Bunday o‘ylab qarasam, endi hamma narsam bor-u, faqat uylanish qolibdi, xolos. Uydagilar qishloqning eng sara o‘nta qizining ro‘yxatini qo‘limga tutqazishdi. Hammasi rozi ekan, faqat mendan ishora bo‘lsa bas. O‘ylab-o‘ylab, oxiri Oysanamni tanladim. Buni eshitib Eshpo‘lat ataylab kelib, qoyil qolganini bildirib ketdi. “Ukkag‘ar-ey, tozayam omading chopgan bola ekansan-da. Shu qizning oshig‘i ko‘p edi. Kim-kimlar og‘iz solmadi deysan. Hech kimga rozilik bermagan edi. Sen bir cho‘qishda ud­da­labsan-a, qoyilman. Molingni sot, joningni sot – shoir bo‘l ekan”, – dedi.
Eshpo‘lat adashibdi, Oysanam menga shoirligim uchun emas, artistlarni ko‘rish uchun tekkan ekan. Unga qancha she’r o‘qimay, quloq solgisi kelmaydi. She’rni tushunmaydi ham. Qo‘shiqlarni esa miriqib tinglaydi. Eshikni taqillatgan artistlarning oldiga yugurib chiqadi. Hatto farzandli bo‘lganimizda o‘g‘ilchamizga ham mashhur artistning ismini qo‘ydirib oldi. O‘sha artistning hayotda qanchalik kalondimog‘-u, xudbin va pulparast ekanligini u bechora bilmaydi-da. Men esa o‘g‘ilchamga, hech bo‘lmasa menga omad keltirgan she’r­larning hurmati uchun, ulug‘ bir shoirning ismini qo‘y­moqchi edim. O‘zi shu Oysanamga uylanmasdan, birorta she’r yozish qo‘lidan keladigan qizga uylanib olsam yaxshiroq edi. Ana shunda ikkovlashib shou-biznesning tomorqasini yashnatib yuborardik.
Bu yoqda endi she’rlar ham tugab qoldi. Artistlar nuqul yangi she’r so‘rashadi. Eskilarini hadeb tak­rorlayversa, uch-to‘rt oyda muxlislarning me’dasiga urib qolayotgan emish. Jo‘ra tog‘amning oldiga borgan edim: “Qo‘y, jiyan, meni qiynama. Bisotimda saqlanib qolgan eski ermaklarimning hammasini yuzingdan o‘tolmaganim uchun senga berdim. Boshqa she’r yozmaganman, yozmayman ham. Shoirlik kimningdir kuyiga so‘z qalab berish degani emas. U egamning suyganlariga beradigan bebaho inoyati. To‘rtta gapni birovlarga o‘xshatib qofiyalab, qo‘shiq qilib, soxta olqish olib ko‘ksiga urib yurganlar bugun bor, ertaga yo‘q. Chinakam shoirlik esa mangulikdir”, – dedi. Lekin mening mangulikka da’voyim yo‘q. Hozir hammaga tirikchilik kerak, mangulik emas. Shunday bo‘lgach, yo shou-biznesdagi o‘rnimni saqlab qolish uchun she’r yozishim, yo bo‘lmasam omadli kunlarim bilan butunlay xayrlashib, “qaydasan Eshpo‘lat” deb yana “pitak”ka borishim kerak. Yo‘q, unaqasi ketmaydi. “Yotib qolguncha otib qol” deyishgan donolar. Qora kunga asqotib qolar deb o‘zim ham ancha-muncha she’rlar qoralab qo‘ygan edim. She’r so‘rab kelgan san’atkorlarga o‘shalarni taqsimlab berdim. Biroq she’rlarning birontasi ham ularga yoqmadi. O‘zlaricha oliftagarchilik qilishganiga o‘laymi bu qoloqlarning. Axir, bular eng zamonaviy she’rlar-ku. Yaxshiyam bir jurnalda ishlaydigan ustoz shoir bilan tanishib qo‘ygan ekanman. U meni juda hurmat qiladi, bir nechta she’rimni jurnalda suratim bilan bosib chiqardi. Yangi she’rlarimni o‘sha dom­laga olib borib ko‘rsatdim. Kamchiliklari bo‘lsa, u yoq-bu yog‘ini to‘g‘rilashga yordam beradi, deb o‘ylagan edim. Domla she’rlarimni ko‘rib, ko‘zoynagi ostidan menga uzoq tikilib qoldi.
– O‘zingiznikimi mana shu qoralamalar? – so‘radi rostakamiga ajablanib.
– Ha, o‘zimniki, – dedim sal dovdirab.
– Siz ilgari durustgina she’rlar yozar edingiz-ku. Buningiz nimasi? Yoki yangilik qilmoqchi bo‘ldingizmi?
– Ha, ha, yangilik qilmoqchi edim, – dedim bahona topilganidan sevinib.
– Ammo, ukajon, har qancha yangilik desangiz ham buni she’r sifatida qabul qilib bo‘lmaydi. Buningizda na vazn bor, na boshqa mezonlar. Yo uslubingizni yo‘qotib qo‘ydingizmi? – dedi qoshini chimirib. Men indamadim. – Siz mana bu kitoblarni bir varaqlab ko‘­ring. – U javondan bir talay kitoblarni olib oldimga qo‘yaverdi. – Mana bu kitobda aruz vaznining eng go‘zal namunalari bor. Mana bu kitobda esa barmoq vaznidagi sara she’rlar jamlangan.
Men kitoblardagi bir-ikkita she’rni o‘qib ko‘rdim, ko‘nglimga o‘tirmadi. Keyin javonning pastrog‘idagi chiroyli bezatilgan sariq va havorang kitoblarni olib varaqlay boshladim.
– Ularni o‘qimasangiz ham bo‘laveradi, – dedi dom­la yuzini bujmaytirib. – Ular o‘zlarini modernchilar deb atashadi. Lekin yozganlari modernizmning “m” harfiga ham yaqinlashmaydi. Bular she’r yozolmaydilar, lekin shoirlar davrasida o‘ralashib yurishni juda-juda istashadi. Shuning uchun almoyi-aljoyi qoralamalarni qog‘ozga tushirishadi-da, men “modern”da yozayapman, deb o‘zlarini xaspo‘shlashadi. Aslida “modern” dastlab G‘arb adabiyotida yuzaga kelgan otashin, falsafaga boy yo‘nalish. Hozirgi paytda bizda ham bu uslubda eplab ijod qilayotgan yaxshi shoirlar yo‘q emas.
Shundan so‘ng domla uslublar, vaznlar haqida uzundan-uzoq ma’ruza o‘qidi. Aruz va barmoqda yozilgan kitoblarni varaqlab bir narsalarni kuyib-pishib tushuntirdi. Menga esa haligi sariq va havorang muqovali kitoblar yoqib qoldi. Chunki ularni yozish juda oson, xuddi mening yozganlarimga o‘xshardi. Demak, uslubimiz bir xil bo‘lsa kerak. Bo‘ldi, uslubimni topdim: men “modern”da yozayotgan ekanman. Meniki hatto anavi ikkala kitobdagidan o‘lsa o‘ligi ortiq. Ularniki modern bo‘lsa, menikini bemalol postmodern desa ham bo‘laveradi. Mana, masalan bir she’rim “Telefon – sotka, supurgi – cho‘tka” deb boshla­nadi. Qofiyasi joyida, mazmun bor, eng muhimi, za­monaviy she’r. Xayriyatki ijod ahlining nozik ko‘ng­lini tushunadigan uddaburon kishilar ana shu uslubni o‘ylab topishgan ekan, yo‘qsa, meni allaqachon ijod dunyosidan badarg‘a qilishib, ustimdan kulib yurishgan, men ayni barq urib ochilgan chog‘ida tomiri suvdan uzilgan guldek qovjirab, yana qora mehnatga qorishib ketgan bo‘lardim. Yashasin modern! Domla esa menga klassik shoirlarni tushuntirmoqchi bo‘ladi. Buncha g‘alcha bo‘lmasa. Axir, klassiklar o‘zlarining zamonasidagi uslubda yozishgan. Ularning zamonida sotka telefonlar bo‘lmagan. Mabodo bo‘lganida, ular ham xuddi mana shunday yozardilar. Bundan tashqari, hozirgi shou-biznes klassiklarni hazm qilolmaydi. Bugun san’at olamini “rep” va “rok”lar egallayapti. Ularga esa aynan bizning moderncha she’rlarimiz kerak. Haligi olifta qo‘shiqchilar yangi she’rlarimni mensishmadi. Yo‘q, menimcha ularning bunga tishlari o‘tmadi. Bilganlarini qilishsin, zamondan orqada qol­ganlar. Men endi yangi yulduz bo‘lib charaqlab chi­qib kelayotgan “Ananas”, “Apelsin” guruhlari bilan ish­layman. Mana bu she’rlarim aynan ularbop. Ular haqiqiy zamonaviy guruhlar.
Domla ayni berilib javrayotgan paytda men uzr so‘rab, asta o‘rnimdan turdim. Sariq va havorang mu­qovali kitoblarni berib turishini iltimos qil­dim.
– Olib ketavering, ularning menga keragi yo‘q, shunchaki o‘zlari tashlab ketishgan, – dedi hafsalasi pir bo‘lib.
Bu kitoblarning domlaga keragi yo‘q, lekin shou-biznesga ular juda kerak. Eng muhimi, tog‘amning menga hadya qilgan “merosi” tugab, o‘zim she’r yozishga majbur bo‘layotgan, shou-biznes ham, gazetalar ham bir g‘ayratli shoirga eshiklarini taqa-taq yopib, ijod maydonidan batamom supurib tashlamoqchi bo‘lib turgan bir paytda mening yozganlarimni she’r deb tan olib, bag‘rini keng ochuvchi hurmatli “MODERN”ni topib olganimdan va bu saxovatpesha yo‘nalishni orqa qilib ijod maydonida hali ancha-muncha javlon urib yurishim mumkinligidan benihoya xursand bo‘lib ketdim. Men kitoblarni qo‘ltig‘imga qistirib, xayrlashdim.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.