OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hamid Elxon. Shamg‘alat (hikoya)

Bu g‘aroyib hikoyani bir vaqtlar Sangardak tog‘­larida sayohat qilib yurganimda eshitganman.
Buyuk Pomir bilan Hisor tizmalari tutashgan eng baland cho‘qqida turibman. Atrofni qurshagan ma­hobatli zovlar, oppoq sharsharalar, yam-yashil qo‘­riqlar, zangori zarangzorlar orasidagi ko‘hna qish­loqlar, ho‘kiz bilan qo‘sh haydayotgan kishilar, o‘roq o‘rayotgan qiz-juvonlar. Uloq-qo‘zi boqayotgan bolalarning qiy-chuvi... Naqadar ibtidoiy va sirli! Go‘yo bunda biz ilg‘ay olmaydigan nedir olamlar yashirindek. Aniqrog‘i, ayni bokira manzil, insonlar, billur sharsharalar, nabototu jonivorlar yerda emas, qaylardadir olislarda, samo qatlarida zohirdek. Men daxlsiz borliqqa mahliyo bo‘lib quyosh allaqachon botganini sezmay ham qolibman.
Pastga enishda yo‘ldan adashib Sharg‘un yaqinidagi konchilar qarorgohi ustidan chiqdim. Shu joyda tunab qolishimga to‘g‘ri keldi. Ajabki, menga o‘z palatkasidan joy bergan muhandis afsonaviy taassurotlarimga yanada tizginsizlik baxsh etdi. Bir qarashda unda hech qanday g‘oyibiylik asari yo‘qdek, aksincha, sodda, tiniq fikrlaydigan zamonaviy, o‘qimishli odam. Faqat… Zohirida va botinida boshqalarda uchramaydigan intihosiz joziba bor edi. Yoshi ellikni qoralagan bo‘lsa-da, qaddi raso, navqiron, xushsurat, baayni qadimiy Xitoy qo‘lyozmalari sahifalariga chizilgan Laotszining suratiga quyib qo‘ygandek o‘xshardi. Ayni chog‘da, bolalarcha beg‘ubor, g‘oyat ifodali chehrasi, butun borlig‘i yetti uxlab tushga kirmagan hikmatu ma’nolarni namoyon etardi go‘yo! Tarzini bir ko‘rgan kishi yana ko‘rishni, so‘zlarini bir marta eshitgan yana eshitishni orzulashiga aminman. Aytishlaricha, bir umr go‘zal ayollar uni sevishgan, yosh qizlar visoliga yetishni orzulashgan. Eng hayratlanarlisi, noyob xislatli bu odam juda faol, qizg‘in hayot kechirganiga qaramay, shu damgacha oila qurib xotin, bola-chaqa orttirmagan ekan. Boisini o‘zgalar tugul, o‘zi ham anglab yetmagan chog‘i, so‘raganlarga: “Ko‘nglimdagi ayolni hanuz uchratmadim, shekilli“ deya gapni qisqa qilarkan.
Men unga o‘z taassurotlarimni gapirib berdim. Naq bulutlar orasidagi tog‘ ovullari afsonaviy tuyulganini, ochig‘i, sirli hayotning chinakam namunasini ko‘rib kechirgandek bo‘lganimni, ularning kitob­larda tasvirlagan yondosh olamlarni eslatishini to‘lqinlanib so‘zladim.
U menga biroz hayratlanib qaradi-da, so‘ngra zul­mat qa’riga tikilib uzoq sukut saqladi. Anchadan keyin menga o‘girilib biroz o‘zgargan ovozda so‘radi:
– Siz ularga ishonasizmi?
Nazarimda savolining asl ma’nosi sal bosh­qacharoqday, ya’ni: ”Tushuna olasizmi?” demoqchidek edi. Shu bois biroz taraddudlanib, ammo qat’iy javob qildim:
– Ha, yaralishi sirli bo‘lgan borliqda nechun sirli dunyolaru jonzotlar, biz ilg‘amaydigan hodisotlar mavjud bo‘lmasin? O‘zga olamlarga ruhiy yo moddiy tarzda ko‘chib o‘tish, yoki aksincha, ularning bizga, bizning anglash doiramizga kirishlari kabi holatlar...
So‘zlarim unga boshqacha ta’sir qildi.U xuddi uzoq davom etgan letargiya uyqusidan uyg‘ongandek menga tikildi. Mutaassir chehrasi, ko‘zlari yolqinlanar, butun borlig‘i yangi voqelik ila yuzlashgandek hayrat va hayajon og‘ushida edi. Uning holati baayni tushdagi shodlikka o‘xshab ketardi. Shundagina men yuragi tubida cho‘kib yotgan, so‘zlarimdan qo‘zg‘alib, sirtiga toshib chiqqan so‘ngsiz armon va sog‘inchni ilg‘adim.
 Uzoq sukutdan so‘ng xitob qildi:
– G‘oyibiy makonlarga moddiy ko‘chib o‘tish! Qa­chonlardir aynan shunga o‘xshash sinoatlar boshimdan o‘tgan. Salkam yigirma yillik jumboq, so‘zlab bersam ishonarmikansiz...
– Bajonudil eshitardim, – dedim men tinglashga shaylanar ekanman.
 
* * *

– Asli Bobotog‘likman, – deb hikoyasini boshladi u. – Otam mashhur polvon, do‘mbirachi, oz-moz baxshiligi ham bor edi. Onam dindor oiladan chiqqan taqvodor ayol bo‘lgan. Otamning qiziqishi tufayli uyimiz dos­tonu termalar, rivoyatlaru qadimiy qo‘shiqlar ixlosmandlari bilan gavjum bo‘lardi. Ular orasida eng ashaddiy muxlis men – besh yoshli bolakay edim. Keyinchalik maktabga borganimda doston kitoblarni sharillatib o‘qib berganimni ko‘rgan birinchi muallimim taxtaday qotib qolgan va birdaniga ikki sinf sakratib uchinchi sinf o‘quvchilariga qo‘shib qo‘ygan. Qahramonlarning devu ajdaholarni qirib, parilarni qutqarishi va boshqa sarguzashtlari meni butkul rom etgan, kechayu-kunduz mard bahodirlarga hamroh bo‘lib zolimlarni, yalmog‘iz kampirlaru jodugarlarni mahv etib, adolatni qaror toptirish yo‘lida javlon urardim. Husni jamoli qorong‘u kechani yorug‘ qiladigan parilar xotiramda o‘chmas iz qoldirgan. O‘smirlik chog‘imda ular haqidagi xayollaru kechinmalarimning cheki yo‘q edi. O‘z “parim“ ham bor edi! Xoniya! U hali yoshgina, tim qora sochlarini selpillatib zilol buloq suvi kabi toshdan-toshga sakrab yurardi. U bilan goh urishib, goh yarashib kapalaklar misoli quvlashib o‘ynardik. Lekin chechalarimiz uyat sanaydigan o‘yin­larni hali bilmasdik. Bu – armonsiz, ta’rifga sig‘dirib bo‘lmas masrurlik edi. Shu qadar shuurimga joylangan ekanki, o‘sha o‘yinqaroq qizning shabnamdek tiniq yuzini, shalola sochlarini, sho‘x kulgusini bir umr unuta olmadim. “Parim“ ning muhabbatiga erishish uchun ne kuylarga tushmadim, deysiz. Hamisha, hamma yerda birinchi bo‘lish tuyg‘usi o‘shanda qonimga singgan bo‘lsa ne ajab!
Biroq omad mendan yuz o‘girdi. Raqiblarimdan o‘zaman deb chiranganlarim asar qildimi yo boshqa bo‘ldimi, har nechuk bo‘yim o‘smay pakanagina bo‘lib qoldim. Allaqachon bo‘ylari cho‘zilib, yuzlariga hu­sn­buzar toshgan tengdoshlarim ovozlarini do‘­ril­latib ustimdan kulishardi. “Parim“ning ko‘ziga ko‘­rinish esa o‘limdan-da og‘ir. U bo‘lsa panalab yurganimdan ajablanib yiroqdan g‘alati qarash qiladi, ba’zan uchrashib qolganimizda oldingidek ochilib-sochilib gap­lashgisi kelar, ammo mening qarayolmay nuqul tundlanishimdan hayratlanib jilmayib qo‘yardi .
Shu orada qishloqda tuman markazidagi olti oylik kurslarda o‘qib kelgan muallimchalar ko‘paydi. Ularning ixcham kamzul-shimlari, bo‘ynidagi guldor galstuklari, bilagiga taqqan yaltiroq bog‘ichli soatlari, tillarini burab shaharcha gapirishlari barchaning havasini keltirar edi. Shunda men ham o‘qishga borish, po‘rim kiyinish, hammani qoyil qilish istagi bilan yona boshladim. Men hatto Xoniyaning ishqiniyam, pakanaligimniyam unutgan edim. Maktabni bitirib ko‘m-ko‘k jildidan bo‘yoq hidi kelib turgan yap-yangi attestatimni qo‘ynimga solib yurgan orzumand kezlarimda omad qushi boshimga ko‘ngandek bo‘ldi. Otam qo‘shni qishloqdagi bir to‘yda institutda dars beradigan ukaxonini uchratib qolibdi...
Alalxusus, oradan bir yil o‘tib men haqimda qishloqda: “Rayimberdi polvonning o‘g‘li Azamat o‘qishdan ta’tilga kepti, juda ketvorgan, bilgir yigit, bilagida tilla soati bor emish”, degan ovoza tarqal­di. Bunda mubolag‘a talay, ammo mening kibri havoyim, saxtu sumbatim bulardan-da balandroq edi. Rost-da, qandaydir tuman markazidagi kurs emas, naq poytaxtu azimdagi institut talabasi! Eng quvonarlisi, bo‘yim ham ancha cho‘zilgan, qaddi raso, zarang tayoqday yigitga aylanganman.
Ilgari qizlarning hozirgidek yuz-ko‘zlariga bo‘yoq­lar, o‘sma-yu surmalarni obdon surib, ko‘kragi ochiq, yengsiz ko‘ylaklar kiyib yigitchalar oldiga zing‘illashi odat tusiga kirmagan. Nikoh kechasi “vakil so‘ratar“ga yig‘ilgan qizlar, kuyov jo‘ralarning qorasini ko‘­rish­magan. Hatto kelin boyaqish ham kuyovini chi­mildiqda tanigan, xolos. Lekin mening ta’rifimni eshitgan bo‘y qizlarning patagiga qurt tushdi. Uzun yengli adras ko‘ylak kiyib, sochlarini qirqta o‘rib uyimiz oldidan tinmay guzarga, suvga qatnashar, dalaga yoki maktabga borishda atayin bizning ko‘chadan gurra-gurra o‘tishardi. Ovullarga borsam, o‘tovlarining japsaridan qarashar, men esa xuddi oyparastdek ularni payqamasdim. Ayonki, birgina o‘zimning “parim”ni ko‘rishni istayman. Uyi ancha uzoqda, ataylab borishga istihola qilaman. Xoniya ham arazlagan shekilli, sira ko‘rinish bermaydi. Yozgan xatlarim, singlimdan tayinlagan gaplarim javobsiz qoldi. Yiroqdan alvon ko‘ylagini, quyosh nuri tushgan lahzada yarqiragan yuzini ko‘rardim, xolos. Shuning o‘zidanoq quvonchdan yuragim toshar, o‘zimning yerdami-ko‘kdami ekanimni bilolmasdim. Go‘yo olam lolazorga aylangandek, Xoniya ular ichra lovullab yonib turgandek. Ajabki, qanchalik toqatim toq bo‘lmasin, pinhoniy mushtoqlik, sirli hijronu bo‘lg‘usi visol xayoli, shodlanish va iztirob, – barisi menga benihoya masrurlik bag‘ishlar edi.
Shu asnoda tabiatimda va fe’l-atvorimda anchayin o‘zgarish yuz berdi. Endi men oldingidek botir o‘g‘lon bo‘lib “parim“ning yoniga chopib borishdan, jamalagidan tortqilab o‘ynashdan istihola qilar edim.Uchrashganda qizarib-bo‘zarib bazo‘r salomlashardim. U shunchalar afif, andishali ediki, men ham o‘zimni unga munosib, mard, olijanob yigitdek tutishim, Avazxondek qahramonliklar ko‘rsatishim lozim, shunda u meni chinakam seva oladi, deya o‘ylardim. Biroq shoirona xayollarim meni zamindan ham, sevgilimdan ham asta-sekin yiroqlashtirib taqdiri azalim – mangu hijron va xayoliy oshiqlik sari havolantirdi. Men olam mo‘‘jizalarini kashf etish, hayot sirlarini ochish va zafarlar quchish sari oshiqardim. O‘zimni ilmga urdim. Samoviy sevgim o‘sha-o‘sha qalbimda-yu, sevgilimni butkul unutdim. U allaqachon erga tegib ketgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim. Adashgan ekanman, oxirgi kursda o‘qiyotganimda singlimdan xat keldi: Menga Xoniyani unashtirishibdi! Hech ishongim kelmasdi. Otam dostonlar aytishning piri bo‘lsa-da, hardamxayol odam edi. To u qizga boshqa qishloqdan sovchi kelib fotiha to‘yi belgilangunicha beparvo yurgan, keyin eshitib hech kimdan so‘rab-netib o‘tirmay to‘ylik mollarni va bo‘xchani olib borgan. “Ha”, de­yishsa: “O‘g‘lim shu qizga bolalikdan ko‘ngil qo‘ygan, uni men kelin qilaman. Narigilarni yaxshilikcha qaytarib yuboringlar”, deya gapni cho‘rt kesgan. Qizning otasi noiloj, aytganini qipti. Oldingi qudalar bu gapdan rosa darg‘azab bo‘lishsa ham otamning nomini eshitgach, shashtlaridan tushib, ashqol-dashqollarini ko‘tarib izlariga qaytib ketishibdi.
Mening quvonchim cheksiz edi. Axir endi “parim” bilan birga bo‘laman, intizorliklarim, iztiroblarim poyoniga yetadi, sevgim, sevgilim va men mangu baxtiyorlikda yashayman!
To‘yga hali ikki yil bor edi: Men o‘qishimni adoqlashim, Xoniya gilamu bo‘g‘jomalarini, o‘tovining bog‘ichu kashtalarini, zebu ziynatini tayyorlashi zarur. Nihoyat to‘y bo‘ldi.Tog‘li qishloqlarda ko‘hna udumlar, har xil irim-sirimlar hali-hamon saqlanib qolgan. Bir qarashda jo‘n, eskirgan, keraksizdek tuyulgan ayni urf-odatlar aslida teran ma’nolarni anglatadi. Bolaligimda ularni tomosha qilish jonu dilim edi. Buni bilgan qudag‘aylar to‘y kechasi o‘sha irimlarni bekamu ko‘st ado etishdi. “Vakil so‘ratar” chog‘i ikki o‘spirin kelin va dugonalari o‘tirgan o‘tovga qatnab qizning inon-ixtiyorini tinglab, Vakil ota­ga yetkazishdi. U ham rizoligini aytgach, mulla nikoh o‘qidi. Shundan keyin meni jo‘ralarim bilan o‘tov ostonasida ta’zim qildirishdi, oldimga dasturxon yozib behisob qatlamalar tuzashdi, yangalaru ammalarga sarupo tarqatdilar. Shu damgacha to‘y risoladagidek, g‘oyat tantanali va qiziqarli o‘tayotgan edi. Hamma shod-xurram, bir yonda qo‘shiq, bir yonda o‘yin-kulgi! Do‘mbira sadolari ostida o‘tovga qadam qo‘ydim. Turli-tuman rangdor bog‘ichlar, naqshli qurlar, tizmalar, son-sanoqsiz popuklar taqilgan o‘tov ichi qora chiroqning xira yog‘dusida afsonaviy qasrga o‘xshardi. Ayni taassurot ongimda nelarnidir akslantirgandek, boshim aylanib oz-moz zamon va makon hissini yo‘qotgandek bo‘ldim. Bu holat kutilmagan sinoatlarni boshlab kelishini xayolimga ham keltirmagandim, albatta. Jo‘ralarim qurshovida shodu masrur edim. Ichkari ayollarga liq to‘la, yonlarida bolakaylar va qizaloqlar tizilishgan. Ammalarim boshimdan tanga va shirinliklar sochishdi. Shunda hammalari qiy-chuv bilan uymalashib ularni terishga tushdilar. Zavq-shavqlarining cheki yo‘q. Shu payt bo‘sag‘ada o‘tirgan alvastiga o‘xshash qari momo beo‘xshov og‘zini katta ochganicha, yakkam-dukkam so‘yloq tishlarini ko‘rsatib menga qarab go‘yo qari itday hura ketdi. Men hazarlanib orqaga tislangan edim, orqamdan itarishdi:
– Kiraver, qo‘rqma, “it irillatar” irimini bajarishayapti, – deyishdi jo‘ralarim.
Ular kampirga pul berishdi. U darhol irillashni bas qilib ortga chekindi. Shunda uning paytavadek patak sochlari orasidanmi, g‘orday og‘zidanmi, jimitgina qora narsa uchib chiqdi-da, chang‘oroq atrofida aylanib-aylanib chimildiq tomonga o‘tib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Uning ko‘rshapalakliginiyam, kapalakliginiyam, nedir sharpaliginiyam bilolmadim. Meni yana olg‘a boshlashdi, ammo kampirning jirkanch basharasi va o‘sha qora sharpa qorachig‘imda o‘rnashib qolgan, a’zoyi badanimda noma’lum titroq sezardim. Chindan ham g‘alati: hech narsadan tap tormaydigan bo‘z bola bo‘lsam-da, yuragimni allaqanday vahima egallagan.
– Qo‘rqma, – deya jo‘ralarim yana dalda berishdi – hali marosim tugagani yo‘q, dadil bo‘laver, kuyov to‘ra!
Chimildiqqa yaqinlashdik.Endi bizni yosh, sho‘x-shaddod juvonlar o‘rtaga olishdi. “Ipak tikish”, “Oyna ko‘rsatar", “Soch siypatar", “Qo‘l ushlatar" kabi bir talay udumlarni ado etishdi. Jo‘raboshi ularga pul va ro‘molchalar ulashib turdi. Ayollar, kam berayapsizlar, deya talashib-tortishardi. Men bu irimlarning tugashini sabrsizlik bilan kutardim. Oradan go‘yo ming yillar o‘tganday edi…
Nihoyat qiy-chuv tindi, o‘tovni tark etishdi. Chi­mildiqda o‘tiribman, ro‘paramda oq chimmatga burkangan kelin… Biroq o‘tovda bizdan bo‘lak yana kimdir bordek. Nechundir yuragim shuvillab ketdi: o‘sha kampir bo‘lmasin tag‘in, degan xavotirli o‘y kechdi xayolimdan. Nazarimda qora sharpasi meni ta’qib etishdan bir zum ham to‘xtamasdi. Ayni damda o‘zimni qo‘lga olishim lozimligini his etardim, sabr-kosam to‘lgan edi: kelinning yuzidagi chimmatni olib uloqtirdim. Dimog‘imga gupillab o‘tkir mushki anbar hidi urildi. Qora chiroq shu’lasi xira bo‘lishiga qaramay “Parim”ning ko‘zni qamashtirgudek jamolini ko‘rdim. Ilgari ohuday toshdan-toshga sakrab yurgan sho‘x qizchaligida ham nihoyatda go‘zal edi. Endi! Ruxsorida barq urgan chiroyni ta’riflashga so‘z ham, xayol ham ojiz. Porlagan ko‘zlarida inson ongi, tasavvuri qamray olmaydigan husn-malohat, intizorlik va shodlik, abadiy ishq va baxtiyorlik zohir. Men uning oq bilagiga momomdan qolgan kumush bilaguzukni taqdim. U ohista og‘ushimga kirdi. Bo‘ynimdan quchib, yuzimdan so‘ngsiz sog‘inch va muhabbat bilan o‘pdiki, azoyi badanim jimirlab ketdi. Balki menga shunday tuyulgandiru, erkalashlari, mehr va ardog‘i butkul shahvoniylikdan holi, go‘yo qachonlardir, qaylardadir oshiq-ma’shuq bo‘lganmizu uzoq ayriliqdan yurak-bag‘rimiz xun bo‘lib ming yillardan keyin yana topishganmiz. Ko‘zlaridan shashqator yosh quyilardi. Men bahor yomg‘iri yuvgan lola yanglig‘ tozargan yuzidan bo‘sa olardim. Ikkimiz ham ilohiy baxtdan sarxush edik. Bora-bora yovvoyi, telbavor ehtiros bizni o‘z zabtiga oldi...
Oradan qancha vaqt o‘tgani noma’lum, qaerdaligim ham... Bosinqirayotganimni, yonimdagi zil-zambil gavdani va xirillagan ovozni ilg‘adim. Dimog‘im kuchli badbo‘y hiddan yorilar darajada edi. Uyg‘onib ketdim: chimildiq uzra qora sharpa charx urardi. Qo‘rqib ketib, ko‘zimni katta ochdim va dahshatdan qichqirib yubordim. Qu­chog‘imda qoqshol qo‘llari bilan menga mahkam yopishgancha alvasti yotardi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, u o‘sha “it irillatar" irimini bajargan kampir edi! Umrimda bunaqa jirkanch basharani uchratmaganman. Yarim-yalang‘och badani shalviragan, patak sochlari qat-qat bo‘yni va bo‘rtilgan taram-taram chakkasiga yoyilgan. Qo‘lansa hid g‘orday og‘zidan, mo‘yi oqargan qo‘ltig‘idan anqir edi. Mening qichqirig‘imdan uyg‘onib chag‘ir ko‘z­larini hayrat-la ochdi-da: “Ha, sizga nima bo‘ldi, begim”, deya xirilladi. Aqli hushimni yig‘ib olgunimcha qancha muddat o‘tgani menga qorong‘u. Nihoyat yurak yutib so‘radim: “Siz?! O‘tovda edingizmi?" “Ha, bo‘lmasa-chi”, dedi u menga qattiqroq yopishib. Men uning kosovday bilagini bo‘ynimdan olib tashlab o‘shqirdim: “Bu yerga nega kirdingiz?” U ko‘zlarini chaqchaytirgancha menga dashnom berdi: “Nega baqirasiz, begim, sizga bir balo bo‘ldimi? Chimildiqqa kirmay qora yerga kirayinmi? Nikoh kechamiz-ku..."
“Kelin qani?”, deya gapini shart kesdim. Sabrim tugagan edi. U chinakam hayratlanib suradi: “Yana qan­day kelin?!”
“Xoniya!” – deya qichqirdim men.
“Ha menman, shu yerdaman. Ko‘zingizni ochib qarang, begim”, deya men tomon intildi. Oxiri, bu ahmoqona savol-javobdan foyda yo‘qligini anglab yetdim-da, alvastini nari itqitib o‘rnimdan sakrab turdim, chimildiqni ko‘tarib o‘tov ichiga qaradim. Hech zog‘ yo‘q. Tashqariga chiqib atrofga razm soldim. Jimjitlik. Xoniya hech qaerda yo‘q. O‘tovga qaytib kirdim. Yarim ko‘tarilgan chimildiq ortida isqirt kampir hamon yalpayib yotardi. Shu asnoda sarosar turaversam, aqldan ozishim mumkinligini fahmlab tezgina kiyimlarimni egnimga ildim-da tashqariga chiqib narigi o‘tovga yo‘l oldim. Ukalarim enamning atrofida tizilishib uxlashardi. Otam mehmonlar bilan katta o‘tovda. Oldiniga jigargo‘shalarim yoniga cho‘zilishni, tong otgach ne sinoat yuz berganini aniqlashni mo‘ljalladim. Nazarimda bu qandaydir hazil yoki anglashilmovchilik, tez orada hammasi oydinlashadi, degan o‘ydan xotirjam edim. Shunda orqamdan past, mungli chorlashga o‘xshash ovoz kelganday tuyuldi. O‘girilib qaradim. Chimildiqli o‘tov ostonasida endigina tog‘ ayrisidan mo‘ralagan yarim oyning so‘nik yog‘dusi ichra oq libosli kelinchak turardi.
”Xoniyam!” – quvonib shivirladim men.
”Ha,“ – deganday zaifgina sas keldi.
Qaytipti-da! Yuragim dukurlagancha u tomon chopdim. Lekin... Uch qadamcha qolganda hafsalam pir bo‘lib taqqa to‘xtadim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, isqirt kampir so‘yloq tishlarini irjaytgancha menga ta’naomuz baqrayib turardi.
”Sizga nima bo‘ldi, begim? Qayoqqa ketdingiz, men qo‘rqayapman,” dedi u gina aralash noz bilan. So‘zlari va beo‘xshov karashmasi Xoniyamning abadiy g‘oyib bo‘lganiga ishoradek yuragim orqamga tortib ketdi. Qora sharpa tinmay boshimda g‘ujg‘on o‘ynardi. Aqlu hushimni yo‘qotgandayman, miyamda birgina o‘y: tong yorishguncha bu yerdan ketish kerak, yo‘qsa aqldan ozishim hech gap emas, meni aslo shu jirkanch ta’viya bilan birga ko‘rishmasin! U bilan bu yerda bir zum ham qololmasligimni his etardim…
Chorak soatlardan so‘ng tuman markaziga eltadigan tosh yo‘lda ketib borardim. Ortimga bir marta bo‘lsin qayrilib qaramadim – oqarib kelayotgan tong ham qalbimga dalda berolmasdi. Qora ShARPA tog‘lar uzra charx urib meni tinmay ta’qib etardi...

* * *

O‘qishni bitirib ish faoliyatimni boshlaganimga ham ancha bo‘ldi. Hayot bamisoli tegirmon charxi, tinimsiz aylanaverardi, aylanaverardi. U elakdan o‘tkazmaydigan narsaning o‘zi yo‘q. Hatto samoviy jismlar ham o‘zgaradi, vaqt ularni to‘zdiradi, rang­larni o‘ngdiradi, sadolarni sukunatga aylantiradi, borliqni yo‘qlikka mahkum etadi, yangi mavjudligu mohiyatlarni yaratadi. Men ham shu taxlit hayot tegirmonida tinmay charx urardim – ulkan rejalar, orzularu kurashlar, tashvishu quvonchlar bilan andarmon bo‘lib. Zarradan zar izlab, zaminu samo qatlaridan mo‘‘jizalar kashf etish shavqi bilan masrur edim. Hayotim bamisoli po‘rtana dengizni eslatardi. Go‘yo men zabt etolmaydigan cho‘qqining o‘zi yo‘qdek. Ammo hamisha, hamma yerda o‘sha qora ShARPA – azaliy hamrohim. U bir umr meni ta’qib etishdan to‘xtamay­di. Men esa hamon nurlarga yo‘g‘rilgan noma’lum olamim sari talpinib, chimildiqda yo‘qotgan “parim”ni – baxt qushimni izlab-izlab, sog‘inib-sog‘inib yashayman...
Qachonlardir boshimdan kechgan sirli voqeani dahshatli tush yo shunchaki bo‘lmagur sarguzashtdek xayolimdan chiqarib yuborgan edim. Biroq inson boshqa-yu, qismati boshqa, deganlari rost ekan. O‘sha nikoh kechasidagi hodisot xotiramdan ko‘tarilib mendan nari bo‘ldi-yu, ammo qoldirgan asorati yo‘qolmagan, ta’bir joiz bo‘lsa, taqdiri azalimga aylangan edi. Men bir umr xotin zotidan irganadigan bo‘lib qolgandim. Har safar ularda go‘zallik o‘rniga irkitlikni, sev­gi o‘rniga nafratni ko‘rardim. Yigitlik chog‘im, chi­mildiqqa ilk qadam qo‘yganimda yo‘liqqanim har ik­ki timsol: so­hibjamol pari va jirkanch alvasti borlig‘imda mudom hoziru nozir. Men unutsam-da, ular meni unutmasdilar. Yo‘limda uchragan go‘zal jononlarga necha bor shaydo bo‘lib uylanishga jazm qilsam-da, so‘nggi pallada ko‘z o‘ngimni qora sharpa zulmat kabi to‘sardi...
Oradan ko‘p yillar o‘tdi. Bobotoqqa qaytib qadam bosmadim. Kindik qonim to‘kilgan ota makonimni, ichgan buloqlarimni, birga o‘ynagan jo‘ralarimni, jigargo‘shalarimni tark etib ketdim. Ancha ulg‘aydim shekilli, xayolot va oshuftaliklarim, olis bolalik xotiralarim ham endi mendan yiroqlashdi. Ilk muhabbatim, Xoniya, to‘y oqshomi o‘tovda yuz bergan hodisa, chekkan iztiroblarimga qaytadan doxil bo‘lishga menda xohish ham, biror sababu alomat ham yo‘q edi. Kunlarning birida xizmat safari bilan Hisorning quyi tizmasi – Qo‘ytanga borishimga to‘g‘ri keldi. Ishdan bo‘sh paytlarimda tog‘ manzaralarini tomosha qilishni xush ko‘rardim. Bolaligimdan bir rivoyat chala-chulpa esimda qolgan. Emishki, qaroqchilar bir cho‘ponni tutib o‘zlari makon qilgan g‘orga keltirishipti. Qaroqchiboshi undan: “Qo‘ytantovda nechta dara bor, – deb so‘rabdi. – Aytsang qo‘yib yuboraman, qo‘ylaring ham o‘zingga siylov. Aytolmasang boshing ketadi.” Cho‘pon ne deyarini bilolmay tavakkaliga: “360-ta” deb javob qilibdi. “Buni qanday isbotlaysan”, deganda: “Yuring men bilan, o‘zingiz bilasiz-qo‘yasiz, qizil tulki aytadi", debdi. Bu gapdan hayron qolgan qaroqchi: “Qani o‘rmonga boshla, gaping yolg‘on bo‘lsa o‘ldim deyaver,” deb qilichini qo‘liga olganicha uni haydab yo‘lga tushibdi. O‘rmonga borgach cho‘pon o‘zining va qaroqchining salla choponini yechib ikki ayri to‘nkaga yaxshilab kiydiribdi. “Bu nima qilganing" desa: “Bosh ikkita ko‘rinsa tulki tilga kiradi. Siz to‘nka ortiga yashirinib gaplarini eshitasiz“ debdi-da, tulkini buyoqqa jo‘natish uchun toqqa yo‘l olibdi. Oradan bir osh pishirim vaqt o‘tgach, qip-qizil tulki terisini yopingancha emaklab kelibdi-da “pang-pang”lab qichqira boshlabdi: “Qo‘ytantovda ko‘rib edim 360 darani, hech ko‘rganim yo‘q edi ikki boshli baloni!” Qaroqchi o‘takasi yorilib ura qochibdi. Shu-shu buyoqlarga yaqin yo‘lamabdi. Men nechundir ko‘nglimda o‘sha tilga kirgan tulkini uchratib qoladiganday qiziqsinib daralarni kezardim.
Bu yerda mahobatli zovlar ham, sharqiroq daryo­lar ham yo‘q, ammo qizil va ko‘k tuproqli qirlar, quyuq chakalakzorlar bilan qurshalgan daralarning adog‘i yo‘q. Atrof kimsasiz, meni bokira tabiatning daxlsiz olami sehrlab qo‘ygandi. Quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgach, zarrin nurga cho‘milgan borliq afsonaviy ranginlik kasb etgan. Shu’lalar zaranglarning zangori yaproqlari-yu ko‘m-ko‘k uchqat gullarida akslanib shudringlardan ko‘tarilgan yengil hovurni kamalakdek tovlantirardi.
Bir payt shu’lalar va ranglar aro yastangan bo‘m-bo‘sh daraning kungay betida bir-biriga mingashgan peshayvonli uylar tuman pardasi ortidan g‘ira-shira ko‘ringandek tuyuldi. Ko‘zlarimni uqalab yana qaradim. Ha chindan ham g‘aroyib! Darada ovul bor edi. Hov­lilar adog‘ida pastak molxonalar, tomorqalar, ularda ishlayotgan odamlar, ayvonda do‘mbira chalib o‘tirgan chollar, o‘rmak to‘qiyotgan ayollar, urchuq yigirayotgan momolar, eshak mingan o‘tinchi bolalar, uloq-qo‘zi bo­qib yurgan jamalak sochli qizaloqlar, sochi belida to‘lg‘ongan, do‘mboqqina bo‘y yetgan opalari... Ahyon-ahyonda qishloqning o‘rtasidagi chang yo‘ldan barzangi chavandozlar ot minib o‘tib qolishar, qizlar oppoq bilaklari­ni lo‘mbillatib ularga qarashardi. Yo‘lovchilar: “Nimaga qaraysilar, odam ko‘rganlaring yo‘qma?” deya yolg‘onda­­kam qamchin o‘qtalishardi. Qizlar nozlanib: “Boring-e, sizga qarayapmizma?” deya lab burishardi.
Bu ibtidoiy turmush, osoyishu oroyishga boqib esim og‘ib qoldi. Negadir ismsiz hayajon, olis va qadrdon tuyg‘u ich-ichimdan toshib kelardi. Yuragimni o‘rtab yuborgan bu tuyg‘uni ta’riflashga so‘z yo‘q. Men olis Bobotog‘da tug‘ilib o‘sganman. Jonajon qish­log‘imni, yaqinlarimni sog‘inganim rost, ammo ho­zirgidek jonbaxsh hislarni sira boshdan kechirmaganman. Ko‘rgan narsalarim aqlimni shoshirib, vujudimni larzaga soldi. Go‘yo bu zamin qachonlardir yashagan joylarim, odamlar esa mening qadrdonlarim. Yuragim uzilib-uzilib, uvishib-uvishib atrofga boqaman, hozir yonlariga chopib boramanu ular bilan diydorlashaman. Enam keng ko‘ylagining uzun yengi bilan ko‘zlarini arta-arta kelib meni bag‘riga bosadi. Ke­yin otam, ukalarim, jajji singilchalarim, ammayu-xolalarim...
Ajabo! Chindan ham hammasi shu taxlit kechdi. Men qirdan enib ular bilan topishdim. To‘dalashib meni eski peshayvonli uyimizga olib borishdi. Singillarim sochpopuklarini pirillatib uyma-uy chopqillab “akam keldi!” deya hammadan suyunchi olishdi. Odamlar kelib men bilan quchoqlashib ko‘rishdilar. Ko‘zlaridan sevinch yoshlari oqar edi. Shunda aqlga sig‘mas, qiziq bir holatning shohidi bo‘ldim: bu qishloq, odamlar, qarindoshlarim ikki tomchi suvdek o‘xshasalar-da, Bo­botog‘dagidan sal boshqaligini his etib turardim. Albatta, men tamoman o‘zga makon va zamon, o‘zga insonlar izdihomi ichra hozir edim. Ayni chog‘da menga ming karra yaqinroq, aslroq va azizroq! Boshqacha aytganda, aynan shular mening chin tug‘ishganlarimday edi. Go‘yo ular bilan qachonlardir, Bobotog‘dan oldin hayot kechirganmanu keyin tark etganman. Sevinchimni, hislarimni ta’riflashga so‘z yo‘q. Ular ham chinakamiga quvonishar, meni yaxshi ko‘rishar, berilib hol-ahvol so‘rashar edi. Hech qanday notabiiylik, anglashilmovchilik yoki xatolik sezilmasdi. Hovlida mol so‘yildi, qozon osildi. Yangalarim men yaxshi ko‘radigan yupqa, g‘ilmindi, patirlardan pishirib berishdi. Ziyofat avjiga mindi. Umrimda bu qadar shod va masrur bo‘lgan emasdim.
Ertasiga o‘ynab o‘sgan joylarimni ko‘rish uchun qirga yo‘l oldim. Balandlikda qulayroq o‘rnashib olgancha atrofni zavq bilan tomosha qildim: noma’lum hayot, g‘aroyib tafsilotlaru manzaralardan iborat kechmishlarim xuddi kinotasmasiday ko‘z oldimdan o‘tardi. Ochig‘i, buning nimaligini izohlay olmasdim. Nahotki hammasi Bobotog‘da kechmayotgan bo‘lsa?! Bu qandayin olam, qachon va qaylarda zohir: yerdami, ko‘kdami, o‘tmishdami, hozirmi, kelajakdami?!
Sayxonlikdagilar beixtiyor e’tiborimni tortdi. Atrofi shox-shabba bilan qurshalgan hayatda guldo‘zi qalpoq kiygan dumaloq yuzli, qisiq ko‘zli pakanaroq bola kartoshka chopiq qilardi. Ketmoni o‘zidan katta bo‘lsa ham pushtaga chapdastlik bilan urardi. Yon tomondagi chakamug‘zorda bir qizcha uloq-qo‘zi boqardi. Hali o‘n oltiga to‘lmagan bo‘lsa-da juda go‘zal, sho‘x-beg‘ubor, binafsha yaprog‘iga qo‘ngan shabnamning o‘z­ginasi. U atrofda chaman bo‘lib ochilgan uyurtmak­larni terib qushboshi yasardi-da, qop-qora sochlariga taqardi, kulib-kulib bolaning yoniga borardi. Ikkisi beg‘am-bearmon o‘yinlariga andarmon bo‘lardilar. Shodliklarining, zavq-shavqlarining chek-chegarasi yo‘q edi. Ulardan nariroqda esa bir bo‘ychan yigit sayr qilib yurardi. U juda kelishgan, egnida qimmatbaho kiyim, bo‘ynida tilla zanjir, bilagida antiqa soat, oyog‘ida oq krossovka! Beg‘ubor chehrasidan shijoat, tiyrak nigohlaridan orzumandlik yog‘iladi. Yigit lolazorda kezarkan, nigohini sochlari shaloladek do‘mboq qizchadan uzolmas edi. Gohida ko‘kalamga cho‘zilib kitob o‘qir, qo‘l telefonidan musiqa tinglar, gohida to‘garak oynachasiga tikilib sochlarini tarardi. Ke­yin hammasidan bezor bo‘lgandek homuza tortardi-da mushaklarini shishirib mashq bajarishga kirishardi. Qizcha bilan bola esa unga sira parvo qilishmas, o‘z o‘yinlariga berilib dunyoni unutishgan edi.
Bu manzara meni yanada sehrlar olamiga g‘arq etgandek, ular yoniga yugurib borgim, armonsiz o‘ynagim, qachonlardir boshimdan kechgan zavq-shavqlarga to‘lgim kelardi. Nazarimda, men ham ularga evrilgandayman. Go‘yo bular qishloq bolalari emas, menman!

* * *

Qancha xayol surganimni bilmayman. Bir payt tiniq osmonda osuda suzib yurgan oq bulutlarga adoqdan qora bulutlar hamla qilgach, birdan chaqmoq chaqdi va momaqaldiroq gumburladi. Yomg‘ir sharros quyib yubordi. Men panalash uchun yon tomondagi kamarga shoshildim. Uning ichi men o‘ylaganchalik yuza va yorug‘ emas ekan. Bamisli toshdan yasalgan ulkan o‘tov, deysiz. Og‘zi bo‘sag‘a yanglig‘ kun chiqarga ochilgan, girdi keragadek gir aylana, usti ham uvuqlar qadalgan chang‘oroqqa o‘xshaydi. Men to‘rroqqa o‘tdim, chunki tashqari vahimali g‘urumotga aylangan, tinimsiz chaqayotgan chaqmoq qora bulutlarni yalt-yult tilimlardi. Go‘yo ertaklarda tasvirlangan yer osti qasrida o‘tirgandayman… Kamarga bir talay uloq-qo‘zi tapir-tupir yopirilib kirib yondagi burchakka to‘da bo‘ldi. Hayal o‘tmay ularning egasi – haligi qizcha oq kashtali nimchasini boshiga soyabon qilgancha chopib kirdi. Yuzini aniqroq ko‘rolganim yo‘q, nozikkina qomatidan, sochiga taqilgan jamalagidan tanidim. Qariyb u bilan izma-iz, yigit bilan bola ham kelib kamardan joy olishdi. Momoqaldiroq tag‘in kuchliroq gumburladi…
Nazarimda, hushimni yo‘qotgandayman, bir lahza ko‘z oldim qorong‘ulashib yana yorishgunicha oradan ming yillar o‘tgandek tuyuldi. G‘or ichi unchalik qorong‘u bo‘lmasa-da, ko‘zlarim faqatgina qizchani ilg‘ardi, o‘s­pirin bilan bola chiqib ketishganmi,ko‘rinmasdi. Ajabo! Qiz ham endi tamomila boshqacha: ancha yoshamol, husndorgina juvonga o‘xshaydi, lekin hamon qizlardek nozik-nihol, harakatlari yengil va nafosatli. Undan mushk-anbar aralash qandaydir tanish hid taralar edi. Shunda...Allaqaydan paydo bo‘lgan ko‘rshapalakka o‘xshash qora sharpa tepamizda charx ura ketdi. Navbatdagi yashin chaqnab g‘or ichini bir lahza yoritganda juvonning yuzini aniq-tiniq ko‘rib, hayratdan qichqirib yuborayozdim. Yo alhazar! Bu – o‘sha alvasti kampir edi! Nikoh kechamda “parim”dan judo etib hayotimni ag‘dar-to‘ntar qilgan ta’viya! Nahotki hammasi qaytadan takrorlansa! Ajablanarlisi shuki, endi u qari ham, jirkanch ham, xunuk ham emas, aksincha qora zulflari tol-tol eshilgan, oq yuzli nozanin. Chehrasi biroz so‘lg‘in, ammo tengsiz husn-malohat izlari yaqqol sezilardi…
U bir so‘z demay, quvonchdan porlagan ko‘zlarini mendan uzmas edi. Men esa ayni mavridi kelgani uchun undan o‘sha tundagi qilig‘i boisini, Xoniyani qaerga yashirganini so‘rashni istardim. Biroq endi menda unga nisbatan nafrat emas, nedir g‘amgusorlik tuyg‘usi qaror topgan, go‘yo yana sehru jodusi bilan aqlu hushimni olib qo‘yganday, nafasimni chiqara olmasdim. Oxiri o‘zi so‘z qotdi:
– Meni taniyapsizmi?
– Yo‘-o‘… Ha, sal-pal. Siz o‘sha...
– Yo‘q, yana adashdingiz. Men Xoniyaman.
– …
– Ishonmasangiz, mana ko‘ring. – deya u bilagidagi taqinchoqni ko‘rsatdi.
 Men uni darhol tanidim: ilon tasviri tushirilgan kumush bilaguzuk! Qachonlar, kim tomonidan ishlangani noma’lum. Uni menga hayotligida momom bergan: “Nikoh kechasi yoringning bilagiga taqasan”, deb. Men uning vasiyatini bajargan edim. Endi esa... Bilaguzuk “alvasti”ning qo‘lida! Balki u chindanam...Hayratdan tilim kalimaga kelmasdi. Nahotki, men bir umr yo‘qotgan, izlab-izlab orzulagan xilqat ro‘paramda bo‘lsa! Ha, u Xoniya edi.
– Sen? Parivashim!
– Oradan yillar o‘tdi, unutgandirsiz... Men esa unutmadim. Bir lahza ham sizsiz o‘tgan kunim yo‘q.
– Axir sen… O‘sha tunda men seni yo‘qotib qo‘ydim. Chimildiqda boshqa birov…Sen esa g‘oyib bo‘lding.
– Men hech qayoqqa ketganim yo‘q, yoningizda edim. Tuyqusdan sizga bir balo urdi. Meni tark etdingiz... Bir umrga!
– Haligi qo‘rqinchli kampir?! Chimildiqdagi…
– Bilaman, hammasi o‘sha qushnochning ishi.U to‘yi qaytgan yigitning xolasi edi. U sizni sehr-jodu qilgan. Ko‘zingizni shamg‘alat tutdi. Qushnochlar azaldan shu taxlit jodulash sirini bilishadi. O‘sha tunda meni o‘z qiyofasida sizga ko‘rsatdi. Maqsadi – sizni mendan bezdirish edi, niyatiga yetdi. Siz joduni yengishga kuch topolmadingiz. Shu bois, baxtingizdan judo bo‘ldingiz.
– “ShAMG‘ALAT” degani nima?
– Ola-qorong‘uda ko‘zning tutilishi. Tumonat yi­g‘ilganda, kuchli hayajon chog‘i jodu kishining butun bor­lig‘ini egallaydi.
– Ha, demak shamg‘alat! Bu joduni ochsa bo‘ladimi?
– Ha, faqat o‘sha kampirning o‘zi ochadi. U esa al­laqachon narigi dunyoda!
– Sen unga hozir ham o‘xshaysan . ..
– Ha. Sizga shunday ko‘rinyapti, chunki hamon jodu ta’siridasiz. Men Xoniyangizman.
– Shu damgacha… Boshqa er qilmadingmi?
– Yo‘q. Bir kun qaytib kelishingizni bilardim .
– Anavi yigit bilan bola…
– Ularni tanimadingizmi? Ikkalasi ham o‘zingiz-ku!
– Uyurtmakzordagi qizcha? Bu yerga kirgan...
– Menman! Xoniya! Mana oling. – U uyurtmakli qush­boshisini menga uzatdi. Hayratdan dong qotib qoldim: bahor chog‘i Bobotog‘ dashtlariga chechaklar yoyilganda armonsiz o‘ynab yurgan kezlarimizda tergan uyurtmak­laridan xuddi shunday chiroyli qushboshi tizib menga berardi. Men chechaklardan gulchambar yasab boshiga taqardim.
– Nahotki, sensan?! Xoniya!
U bag‘rimga xuddi osmonda chaqnagan yashin shu’lasiday uchib kirdi-da bo‘ynimdan quchib mislsiz sog‘inch va ehtiros-la o‘pa ketdi, ko‘zlaridan oqayotgan qaynoq yoshlari yuzimni kuydirardi. G‘orni mushk-anbar hidi tutib ketdi. Ta’riflab bo‘lmas, intihosiz, mangu visoldan sarmast edim. Qaysi dam, qay manzilda, samodami, yerdami ekanimiz noma’lum...
Shu asnoda qancha vaqt o‘tganini bilolmadim. Balki bir necha lahza, balki ming yillar...Kuchli momoqaldiroq gumbirlashidan o‘zimga keldim. Ko‘z­la­rim yarq ochilib ketdi. Kamar ichi bo‘m-bo‘sh edi! Hamrohlarim allaqachon chiqib ketishipti, qo‘zilar ham. Kamarni tark etdim. Yomg‘ir tingan, atrof charog‘on, yon bag‘irlar oftobning zarrin yog‘dulariga cho‘milib ming alvonda tovlanardi. Momoqaldiroq esa tog‘ning naryog‘ida gumbirlab, bu yerga aks-sadolarigina kelardi, xolos. Darani pushtirang tuman pardasi qoplagan, ortida qandaydir shaffof manzil elas-elas ko‘zga chalinardi…
 
* * *

Tongga yaqin kon qidiruvchi hikoyasini tugatdi. Tuni bilan mijja qoqmay uning g‘aroyib sarguzashtlarini tingladim, biroq ming afsuski, davomini bila olmadim.To‘g‘rirog‘i, nihoyasiga kelganda meni qattiq uyqu bosdi…
U sahar turib ishiga ketgan ekan. Men ham shu ku­ni shoshilinch shaharga qaytishimga tug‘ri keldi. Yana ko‘rishmadik. Oradan juda ko‘p yillar o‘tdi. Balki u hamon hayotdir, Bobotoqqa qaytib uzoq ayriliqdan ke­yin Xoniyasini uchratgandir, yaqinlari bilan diydor ko‘rishgandir. Yana... Qo‘ytanda ko‘rganlari! Ochig‘i, meni bu insonning boshidan aslida ne siru-sinoatlar kechgani, bularning barisi borliqning qay zamon va makonida, qay yo‘sinlariga ko‘ra sodir bo‘lgani ko‘proq qiziqtirardi. Nechundir ularni uydirma, “shamg‘alat” yoki xayoliy narsalar deyishga ishonchim komil emasdi. Balki g‘oyib olamlar chindan-da mavjuddir, sirli voqeliklar bizning anglash doiramizdan tashqarida kechib, bizdagidan-da realroq bo‘lsa-chi, degan o‘y xayolimda tinmay aylanardi. Bundan tashqari mu­handisning hi­koyasidagi g‘ayri-tabiiy hodisotlar ich­ra uning o‘zi, ajib sevgi qissasi yanada sirliroq va g‘aroyibroq edi...
 
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 10-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.