OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Ahmad. Umid chirog‘i (hikoya)

Qurbonni tun sokinligida xayol daryosi olislarga oqizib ketdi. Kechani bedor o‘tkazdi. Har zamon-har zamonda yonginasida pishillab uxlab yotgan o‘g‘li Sobir bilan qizi Gulnoraning ustini yopib qo‘yar, so‘ng joy chetida o‘y surgancha o‘tirardi. Nima qilsayikin? Manovi ikki bolani boqish kerak. Ovqat pishirish, kir-chirini yuvish, yirtig‘ini yamash...
Qurbonning ayoli dunyodan ko‘z yumgach hayotida shunday kunlar boshlandi. Yaxshiyam qo‘shnilari bor ekan, ba’zan bolalarining issiq-sovug‘idan xabar olib turishadi. Tomoq yo‘lidan chiqqan moshdekkina yara Bog‘dagulni bir oyda cho‘p-ustixon qildi. Uch-to‘rt kun bir qultum suv ham yutolmay, axiyri omonatini topshirdi. Qurbon shoshib qoldi. Bolalarni qanday eplaydi. Yaqin atrofda na o‘zining, na ayolining qarindoshlari bor. Ma’rakaga kelib ketgan xesh-aqrabo ham o‘z kalavasining uchini qidirib yurgan bandalar-da. Kimga yukinadi, kimga bosh uradi.
O‘ylay-o‘ylay shaharcha markazidagi notarial idoradagi ishini yig‘ishtirishga majbur bo‘ldi. Yo‘li olis, goho yotib ham qolishga to‘g‘ri keladi. Bu yoqda erkakning hayoti o‘zgarib ketdi. Bolalarini bog‘chaga o‘zi eltib, o‘zi olib keladi. Uydagi bor tirikchilik uning gardanida. Ayolining ma’rakalarini o‘tkazgach Qurbon ishdan voz kechmasa bo‘lmasligini anglab yetdi. Ota qaldirg‘ochga o‘xshab bozor bilan uy o‘rtasida qatnayverdi...
Ertalab Qurbon qarasa, nonning ham, yog‘-yovg‘onning ham tagi ko‘rinib qolibdi. Hamyon ham o‘ziga yarasha. Yaxshiyam yo‘qni yo‘ndiradigan rahmatli ayoli jishligidan boqib o‘stirgan bir katak tovuqlar bor. Buni eslaganda erkakning hasratli qalbi bir o‘rtanib qo‘ydi. Xullas, shu tovuqlar kuniga yaradi.
Bor tuxumni jamlab, bozorga jo‘nadi. Harna, tuxumni sotib uyga biror nima ko‘tarib keladi. Bugun o‘tsin-chi, ertaga xudo — podsho.
Shu zaylda Qurbon kunda-kunora bozorga qatnaydigan bo‘ldi. Tuxumning yoniga oz-oz olmadan yoki behidan qo‘shadi. Sotish ishi esa osonmas. Mo‘‘jazgina bozorchada olarmondan sotarmon ko‘p. Qurbonning obborgan ul-bulini olsa olmasa, xaridor yerga urayotgandek tuyulaveradi. Jahli chiqadi, ammo kimga jahl qilsin. Uyda bolalar... Avvaliga xuddi birovlar undan kulayotgandek yelka qisibroq yurdiyu keyin ko‘nikdi. Jamiki odamzod bexato bajaradigan qismat vazifasi asli shu — ko‘nikish! Shu zayl ikki chaqirimdan ziyodroq naridagi bozorchaning odamiga aylandi-qo‘ydi. Oldi-sotdi kasbi-koriga aylandi. Olib borganini sota solib uyga qaytadi. Hamyon ham bir navi, muhimi ko‘ngil to‘q.
U bozorga qatnay boshlagach, qo‘shnilardan biri ozgina yong‘og‘ini, boshqa birovi yarim xalta mayizini sotib berishini so‘raydigan bo‘lishdi. Ular o‘zlaricha narx-navoni chamalab, “O‘zingizdan qolar gap yo‘q, qo‘shni” deydigan bo‘lishdi. Qurbon ham chamalaydi, yonidagi deyarli ko‘ztanish bo‘lgan sotuvchilardan ulgu oladi. Bir so‘m bo‘lsa-da orttirgani o‘ziniki: ona sutdan halol! Bozor ma’muri G‘iyos laqqi degan kishi bilan gapi chiqishib qoldi. U Qurbonga joy olib berdi. Bir-ikki marta u G‘iyos aka bilan ulfatchilik ham qildi.
 Qurbonning kuzda azbaroyi ilojsizlikdan boshlagan savdosi qishda uni chinakam bozorchiga aylantirdi. Qishda savdo joyini bekitish uchun boshpana qilib oldi. Eski paner, bo‘lak-bo‘rtik shiferlarni qoqishtirib, mo‘‘jazgina, qulflanadigan rasta bino qildi, isitkich ham o‘rnatdi.
Havo sovub, qor uchqunlab turar edi. Qurbon ketishga chog‘lanarkan, o‘zidan sal narida allaqachonlardan beri to‘xtash taqiqlangan norasmiy bekat bo‘lmish beton sahnida sumka ushlab turgan ayolga ko‘zi tushdi. Yog‘ayotgan qor allaqachon uning ro‘molini oqartirib ulgurgan. Ayol qo‘lidagi sumkani yerga qo‘ydi. Peshonasidagi qorning erigan tomchilarini ro‘molcha bilan artdi-da, kaftlariga «kuh-kuh»ladi. Ayol qorga sekin-asta botib borayotgan kalishiga, ro‘paradagi uychaga bir-bir qarab qo‘ydi. Sal o‘tib u egnidagi urinibroq qolgan paltosi yelkalarini qoqdi. Qoqdida, ichiga bo‘ynidan qor kirdimi yoqasini ko‘tarib qoqib oldi. Odamlar ayol turgan joydagi yo‘lakdan bamaylixotir o‘tib-qaytishar edi.
Qurbon eshikni bekita turib, birdan to‘xtadi. Begona ayolning raftoridagi qandaydir ma’sumlikni Qurbon bir ko‘z tashlaboq ilg‘ar ekan, hayronligi oshdi. Bu hayronlik uning qalbida shunday bir jo‘mard mehrga aylandi-ki, beixtiyor uning yoniga bordi:
— Biron narsa sotasiz, shekilli?
Ayol bir Qurbonga, bir qor tashlab turgan osmonga qarab qo‘ydiyu indamadi.
— Sovqotibsiz. Manov joyga kiring... tortinmang.
— Sovqotganim yo‘q, kerakmas.
— Shamollab qolasiz!
— O‘rganib ketganman.
Ayol garchi kirishga unamayotgan bo‘lsa-da, uychaga bir-ikki qarab qo‘ydi. Mijjalarida yosh qalqigandek bo‘ldi. Yoki Qurbonga shunday tuyuldimi, harholda boshqa bozordagi ayollardan nimasi bilandir ajralib turgandek, bu ayolni shu damda Qurbon o‘ziga yaqin oldi. Faqat u begona erkak yonida istihola qilayotir. Shuni o‘ylab, Qurbon bir qarorga keldi.
— Men ketayotgandim, kalitni qoldiray. Siz o‘tiravering bemalol. Eshik tepasiga qo‘yarsiz kalitni, — Qurbon shunday dedida, kalitni uzatdi. Ayol qimtina-qimtina uni oldi. Zanjirli sovuq kalitni olarkan Qurbonning kaftiga bir zum qush qo‘ngandek bo‘lib, ayolning barmoqlari beixtiyor tegib ketdi. Shu lahzada ayol kishini bu qadar yaqinidan ko‘rib, ne bir hislarni tuyub, dil tubidan totli bir tuyg‘u kechganini beixtiyor chuqur angladi. Shu kecha qalin qor yog‘di. Qurbonning esa bozorga obborgudek aytarli narsasi ham yo‘q. Bir kun chiqmasa chiqmas. Lekin anovi ayol nima bo‘ladi? Shuni o‘ylab, boshi qotdi. Kalitning joyi-ku ayon. Lekin bilmagan kishining joyiga kirarmidi. Sirayam. Tani muzlasayam kirmaydi. Qurbon qaytayotganida ham kalitni siqimlab parishon qolgan edi. Oyog‘ini zax so‘radi, ustiyam yupun. Paltosining ham ohori ketgan. Muzlab qolsa-ya?! E, yo‘q-yo‘q... Shu lahza birdan Qurbonning ko‘ziga ayozdan g‘ujanak bo‘lib, qo‘llariga «kuh-kuh»lab turgan ayol ko‘rinib ketdi. Keyin televizorga qarab-qarab nonushta qilayotgan ikkita munchoqdek farzandlariga nigohi tushdi. Ularning ko‘zlari tubidagi sokin taftdan eti jimirladi. Sovuqda qolgan notanish ayol emas, Qurbonning o‘zidek titrab ketdi. Bir muddatlik bu tushuniksiz kayfiyat Qurbonni elitib qo‘ydi.
— Dadajon, bozorga bormaysizmi? — Qurbonni qizining savoli o‘ziga keltirdi.
— Boraman, ona qizim, boraman, — Qurbon shunday derkan, o‘zining javobidan ham hayron bo‘ldi. Va ko‘nikkan odaticha, qo‘zg‘alib kiyina boshladi. Bir necha daqiqadan keyin u bozorga jo‘nadi. Yo‘lda jadallab borarkan, qorni kurash, uychani isitishni ko‘ngliga tugdi. Muvaqqat uychaga yaqinlashgani sayin Qurbon har kungi bozorchaga emas, notanish ayolga yaqinlashayotganini ich-ichidan his qilib, vujudi qizidi. Halloslab yurib, uyoq-buyoqqa ko‘z tashladi. Atrof qariyb bo‘m-bo‘sh. Bozorga in qurgan o‘zi kabi uch-to‘rt sotuvchidan bo‘lak zot yo‘q. “Kelmasligi mumkin emas, — derdi qandayin bir ichki ovoz Qurbonga. “U shu yerda. Qaysidir panaroq joyda qor tinishini, e, yo‘q, sening... kelishingni kutyapti”. Ammo ayol yo‘q edi, topolmadi. Qurbon negadir u baribir keladi deb o‘ylardi. Lekin kelmadi. Shundayam Qurbon qarab turolmadi. Sovuqsirab kelib qolsa, qo‘llarini isitar, poyafzalini quritibolar deya isitgichni qo‘shdi.
O‘tib qolsa, ko‘rmay qolmay deb, daricha pardasini ham ko‘tarib qo‘ydi. Kutdi. Savdo ham bo‘lmadi hisobi. Kutdi... so‘ng tushga yaqin yuz-ko‘zlari sovuqdan uvishib uyga qaytdi.
Keyingi kuni havo biroz yumshab, oftob ko‘rinish berdi. Eruv boshlandi. Qurbon bozorga kelsa, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, ayol sumkasini bilagiga ilgancha o‘ychan turibdi. Qurbonni ko‘rib, eshitilar-eshitilmas past tovushda salom berdi. Chehrasi qizarganday bo‘ldi. Qurbon ham alik oldi. O‘zi ichkariga kirsa, ayol tag‘in tortinib kirishi dargumon. O‘z holiga qo‘ysa, eriyotgan qor suvidan turgulik joyning o‘zi yo‘q.
 Qurbon beixtiyor sevinib ketdi. Xuddi ko‘hna qadrdonlardek unga yaqin borayotganidan o‘zi ham hayron bo‘ldi. Ayol ham o‘zini juda begona tutmayotgandek tuyuldi erkakka.
— Assalom-alaykum, — dedi ayol ko‘zini yerga olib.
— Valaykum... siz kecha ko‘rinmadingiz?
— ...
— Men o‘ylabman, sizni boshpanasi...— Qurbon tutilib qoldi. Ayolning unga adl boqqan nigohlari uning so‘zini bo‘lib qo‘ydi. Shu topda kap-katta erkak va ayol bir-biriga begona bo‘lgan yosh bolakaylarga judayam o‘xshardilar. Balki, dunyodagi ayol va erkak bir-birlari oldida doimo yosh boladir, ehtimol.
— Keling, bizning do‘konni bir ko‘ring, — Qurbon iloji boricha o‘zini erkin tutishga urinib, o‘zining muvaqqat uychasini do‘kon, deya atadi. Ayol uning gaplaridan, chehrasidagi tortinishdan erkakning ko‘nglida ne gaplar o‘tayotganini anglagandek bo‘ldi. Ular do‘konga kirishdi.
Bandaning boshi — Olloning toshi. Ayol quyosh taftida eriyotgan qordek qoboqlari mildirab, chiroyli lablariga tish bosib o‘z qismatini so‘zlay boshladi. Har zamonda kelib ketuvchi Qurbonning xaridorlari uning so‘zlarini bo‘lib qo‘yar edi. Ismi Naima ekan. Ota-onadan ikki farzand bo‘lib, ukasi Qurbon yashaydigan shaharchaga ko‘chib ketgach, befarzandligi bois alal-oqibat toq o‘tayotgan Naima bugunga kelib yolg‘iz jigarining uyiga ham sig‘may qolibdi. Ukasi Berdiyor duradgor usta bo‘lib, kun bo‘yi o‘z ishi bilan yuradi, kechqurunlari goho mast bo‘lib keladi. Shunda ham xotini bilan valaqlashib o‘tiraveradi. Opasiga ko‘hna uyga qaragandek beparvo qaraydi. Lekin shu bahorda o‘ttiz ikkiga kiradigan, o‘n yilki, o‘z uyida yashab, bolalariga onadek mehribon bo‘lgan bu mushtiparining ko‘ngli bilan sira ishi yo‘q. Xullas, Naima kelinning qosh-qovog‘iga qarab yashash joniga tekkach tavakkal qilib bozorga yo‘l olgan. Ukasi bunga ham hech bir munosabatini bildirmaganki, ayolning yuragidan ketmaydigani ham shu bo‘ldi. Bozorni ham ukasining shu yerda savdo qiladigan qo‘shnisining undovi bilan boshlab yubordi. Urgutdan keladigan har xil qaqir-ququrlarni qo‘shni ayolning rastasida sotishiga ko‘maklashadi. Qo‘shnining aytishicha, hali Naimaning o‘ziga ham alohida joy olib beradi. Bugun yettinchi kunki, Naima savdoga kelyapti.
— Go‘yo ilon chiqqandek, zada bo‘ldim o‘sha uydan, — ayol shunday derkan begona erkakka dardini doston qilayotganini shu chog‘da sezgandek, birdan jimib qoldi. Qurbon ham buni o‘z vaqtida angladi shekilli nigohini undan uzdi.

* * *
Qurbon ertalab G‘iyos akani izlab topdi. Salom alikdan so‘ng asta gap boshladi.
— G‘iyos aka, uyimiz singan bilasiz. Shunga bir maslahatingiz... yordamingiz kerak...
— Ey, Qurbonboy. Ko‘zim uch kunlik mehmonning ko‘ziday bo‘lib qish bo‘yi og‘zingni poyladim, miq etmading. Avval-keyin tanish bo‘lmasak, bozorda nima ko‘p, ota bezori ko‘p. O‘zim bo‘lsa botinolmadim. Ha, mo‘ljal bormi...
— Endi aka...
— Chaynalmang, uka... erkak odamni tushunaman. Birorta ko‘zbosti qilganing bormi?
— Bor...
— Bo‘ldi!

* * *
Bahorning ilk epkinlari dov-daraxtdan to odamlarning ko‘ngligacha kirib kela boshlaganda Naimani Qurbonning uyiga olib kelishdi. G‘iyos akaning mashinasida Naimaning ukasi xotini bilan birga keldilar. Harholda, ayoli vafot etgach begona ayolning ostonaga qadam bosishi g‘alati bo‘ldi. Qurbon xuddi bozorga ilk chiqqan kunidagidek yelka qisib qoldi. Qolaversa, birovi ikki, birovi uch yashar farzandlarining “Dadam yangi aya olib keldi” degan beg‘ubor shovqini Qurbonning ko‘nglini titratib o‘tdi. Bolalarga bu gapni uqtirgan ham qo‘shni Habiba xola bo‘ldi. “Boshga tushganni ko‘z ko‘rar, uka. Bolalar hali yosh. Ularga ona kerak”. Xolaning shunday deya Qurbonning xatti-harakatini quvvatlab aytgan so‘zi ham erkakka dalda bo‘ldi.
Naima Qurbonning uyiga kelganidan so‘ng bozorga chiqmadi. Uyda, bolalar bilan andarmon bo‘lib vaqtini xush o‘tkazadi.
Qurbon bozordan shomga yaqin qaytarkan chirog‘i yonib turgan uyi derazasiga yaqinlab to‘xtadi. Ichkaridan “g‘ung-g‘ung” tovush kelar edi. “Sobirjon, o‘g‘il bola ovqatni ko‘p-ko‘p yemasa polvon bo‘lmaydi. Ma, shuni ye, so‘ng uxlaysan. Hozir dadajon keladi...”.
Qurbon beixtiyor yelkasini devorga tirab suyandi. Ko‘ziga marhum ayoli ko‘ringanday, u ham uning bu ishidan rozidek tuyulib ketdi. Ko‘ngli ozib yonoqlari jimirlayotganini his qildi. “Hey, ayol. Ayoljon, bir piyolani ikki bo‘lib, sinig‘ida suv ichib bo‘lmas ekan. Sensiz but bo‘lmas ekanman...”. Qurbon shu so‘zlarni ich-ichidan kalimadek qaytararkan, uning bu iltijosi kimga atalganini o‘zi-da anglab yetmasdi. Ko‘zmunchoqdek ikki go‘dakni tug‘ib, bevaqt ketgan ayoligami yoki uyining emas, umidining, ko‘nglining chirog‘ini yoqib o‘tirgan manov mushtipargami — bilib bo‘lmas edi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 15-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.