OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ilhom Zoyir. O‘qiladigan to‘yona (hajviya)

Ochig‘i, gap o‘g‘irlashni yoqtirmayman, bu yaxshi emas. Ammo avtobusda, qiy-chuv ichida bir davra ayollar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan hayratangiz hangomani beixtiyor eshitib qoldim. Ko‘z — daryo ko‘radi, teshik quloq eshitadi-da. Endi bu gaplarni ichimda saqlasam, nomim o‘g‘riga chiqishi turgan gap. Qolaversa, ichimda gap yotmaydi, xuddi shar yutganday oyog‘im yerdan uzilib ketaveradi. Nima qildim o‘zimni ham, sizlarni ham qiynab...
— Toza chuv tushibsiz-da, egachi. Nima qilardingiz, bo‘y yetmagan qizga sep yig‘ib? Axir, bugun bichgan to‘ningiz ertaga tor kelib turibdi-ku!
Shu gapni eshitdim-u, orqaga o‘girilib qaradim. Ikki ayol: birining ko‘zlari yonadi. Sherigi — lunji osiq, semiz ayolning esa rangi qum-quyt oqargan.
— Qiz degani erta pishar keladi, shoshib qolmay deb, topgan-tutganimni sandiqqa joylayveribman-da, — dedi semiz ayol chuqur xo‘rsinib. — Kim o‘ylabdi zamon bunday tez o‘zgaradi deb.
— Kuyinmang, egachi, — dalda bergan bo‘ldi birinchi ayol, — sizda ayb yo‘q. Boshida hamma yoqni yaltir-yultir bosdi. Nafs qurg‘ur hammamizni birdek shoshirdi. Kitobga e’tibor bir oz susaydi. Eslaysizmi, biz “Navoiy” romanini qo‘ldan qo‘ymasdik.
— “Navoiy” yaxshi kitob.
— Erim kechalari gap-gashtakda qolib ketganida, men – yangi kelinchak bir yonimda Navoiy, bir yonimda Fuzuliy, tunni tongga ulab chiqardim. Shunga iqtido qilib, yaqinda uzatgan qizimning sepiga Alisher Navoiyning to‘la asarlar to‘plamini qo‘shdim.
Ayol zoti o‘zini beparvo tutsa-da, quloqlari hamisha ding, o‘ziga kerakli gapni tezda ilib oladi. To‘rt-besh ayol birvarakayiga:
— Voy, “Navoiy”ni qaerdan oldingiz? — deb chuvillashib ketishdi.
Mening yonimda o‘tirgan ayol istehzoli kuldi. Nazarimda, unda faqat o‘g‘il bo‘lsa kerak, pisanda bilan yangi kelinchaklarning kiyinishiyu kuyovlarning yangi rusumdagi mashinalarini maqtay ketdi.
— Hali ham eskicha fikr qilarkansiz, oposi, — uning gapini kesdi malla ayol, — hozir qizlarning sepiga kiyim-kechak, mebel-sebel tiqishtirish urfdan qolgan. “Otang mashina olib bermadi”, deb kelinga minnat qiladigan kuyovni urug‘likka topolmaysiz. Aytaylik, ellik sidra ko‘ylak bo‘lsin, uni kelin ellik kundan ortiq kiymaydi, to‘g‘rimi?.. Keyin u ko‘ylaklarning huzurini kim ko‘radi, albatta, qaynsingilu qiz jiyanlar. Chunki yangi kelinchak qo‘shnilarning ko‘ziga bitta ko‘ylakda ikki marta ko‘rinishi uyat. Xo‘p, ana, kuyovingizga mashina olib berdingiz, lekin garaj yo‘q, ulov tashqarida qoladi. Bechora kuyov kechasi qizingizga qaraydimi yo ko‘chadagi mashinasigami? Kitob endi boshqa narsa. Birinchidan, kitob o‘qigan kelinchakka bo‘z ko‘ylak ham yarashadi; ikkinchidan, unga garaj kerak emas...
Bu gap menga nash’a qildi. Haqiqatan ham biz erkaklar tomonidan tushunmaslik, to‘g‘rirog‘i, e’tiborsizlik o‘tgan ekan. Vaqtida uylangan bo‘lsak-da, to‘y rasm-rusumlariga unchalik e’tibor bermaganmiz. Chunki to‘y tashvishi ota-onamiz bo‘ynida bo‘lgan, sep, qalin puli va boshqa ikir-chikirlar haqida bizga lom-mim deyishmagan. Men uylanganda qaynanam o‘z obro‘si uchun qizining sepiga to‘rtta: qishki, bahorgi, yozgi (!) va kuzgi palto qilgan edi. Ayolim yozgisini bir marta ham kiygan emas...
Men xayolga berilib, ayollarning hangomasidan chalg‘ib ketibman. Suhbat xiyol hayajonli, biroz asabiy ovozda davom etardi.
— Qizim: “Navoiyning to‘la asarlar to‘plamini topmas ekansiz, kuyovga chiqmayman”, deb taysallanib turibdi, – deb qoldi qorako‘z ayol yig‘lashdan beri bo‘lib. — Boshimni suqmagan kitob do‘koni qolmadi — topolmadim. Hatto chayqov bozorida ham anqoning urug‘i. “Navoiydan boshqasi bo‘lmaydimi”, desam, “Hamma dugonalarimning sepida shu kitoblar, kuyovlari g‘azallarni o‘qib, ularni “Qora ko‘zim” deb erkalasharkan, men ham shunaqasini xohlayman”, deydi.
— Qizingiz to‘g‘ri aytibdi! – gap ma’qulladi oq-sariqdan kelgan ko‘zoynakli ayol. Uning gap-so‘zlari shunchalar teran, salobatliki, ko‘zoynakni bekorga taqmagani bilinib turibdi. — Navoiy yaxshi kitob, sifatiyam, bezagiyam uzukka ko‘z qo‘yganday. Bunaqasi to hanuz bo‘lmagan. Vaqtida olgan olib qoldi, ololmaganlar ovorayu sarson. Yaxshiyam issig‘ida ellik juftini olganim.
— Ellik juftini?! — ajablandi ayollar. — Namuncha?
— Osh berganda, quda tomon erkaklariga shu kitoblarni “yopdik”, qolgani charlarga yaradi. To‘yga kelgan tog‘oralarga “Shohnoma”, “Buyuklar muhabbati”, “O‘zbek san’atkorlari”, muomalani o‘rgansin deb “Tilimizning tilla sandig‘i”, yaxshi yashashni bilsin deb “O‘zbekistonda kim yaxshi yashaydi”lardan solib qaytardim. Tog‘orasizlarning qo‘liga bittadan “Izohli lug‘at”dan tutqazdim.
— Tog‘ora deganingizga bir voqea esimga tushib ketdi, — gapga qo‘r tashladi ozg‘in ayol, — o‘tgan hafta qaynag‘am qiziga beshik berdi. Jigarim deb, tog‘oramga yaqinda chop etilgan “Kalila va Dimna”ning o‘ntasini qo‘yib borsam, menga qaysidir mundayroq nashriyotda, ichi gazet qog‘ozi, muqovasi yupqa uch-to‘rtta kitob qaytaribdi. Bir alam qildi, asti qo‘yaverasiz. Tashlab yuboray desam, uvol, kimdir uyquning bahridan kechib yozgan, yillab homiy izlab, so‘ng ne mashaqqatlar bilan bostirgan.
— Hech xafa bo‘lmang, egachi, kitob, bu kitob! Yig‘ib qo‘yavering, nima ko‘p, tug‘ilgan kunlar ko‘p, o‘sha kunlarga asqotadi. Yaqinda kuyovimizning tug‘ilgan kuniga birtalay kitob olib bordik. Hammasi sara kitoblar edi. Lekin qudag‘ayga yoqmadi. Nimamish, kitoblar birov tanimagan, bilmagan nashriyotlardan chiqqanmish. Erimning oriyati kuchli-da, bunaqa pichinglarni ko‘tarolmaydi. Shart o‘rnidan turdi-da, chiqib ketdi. Endi qaytmasa kerak, deb o‘tirsak, bir payt g‘isht ko‘targanday qilib, iyagiga tirab qirqta kitob ko‘tarib keldi. Bari «Adabiyot va san’at» nashriyotida bosilgan kitoblar. Ana kitob, mana kitob! Ko‘rsangiz havasingiz keladi, varaqlasangiz bahri dilingiz ochiladi. Zar muqova, nomozshom atlasning hidi keladi, sadag‘ang ketay. Bir zo‘r yozishgan-ey. Qudag‘ayning chehrasi gulday ochildi-ku!
— Kuyovingiz kitobxon ekan-da?
— Ular oilaviy shunaqa. Siz kitoblar tog‘oradan-tog‘oraga ko‘chib yuradi, deb o‘ylaysiz chog‘i? Kitob ajoyib narsa, ayniqsa, yolg‘iz qolganingda undan yaxshi do‘st yo‘q, uni o‘qish uchun sovg‘a qilishadi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, tog‘oraga tushgandan keyin kitoblarning savisiyam, ma’nosiyam tubdan o‘zgardi. To‘yona bahona kishilarning uyida kutubxonalar paydo bo‘ldi. Esingizdami, bir paytlar bazmlarda aroq tortilardi. Ichib olganlar ertasi kuni: “Voy, enajonim-ey, o‘zi kimning to‘yiga bordim-a?” – deb boshlarini changallab yurishardi. Hozir aroq o‘rniga kitob tortilyapti, hartugul. Bitta aroqning puliga uch-to‘rtta kitob beradi, axir!
— Tomoq-chi? Tomoq taqillab qolsa-chi?
— E, tomoqmi? Tomoqni uyda ham ho‘llash mumkin. To‘yga borgan kishi tomog‘ini emas, miyasini ho‘llashi kerak.
— Kitob yaxshi narsa-yu, lekin hamma kitob o‘qisa, podani kim boqadi?
— Miyangiz qotgan ekan, oposi, hozirgi sigirlar ham o‘qiganning qo‘lidan yem yeydi...
Kaminangiz lol bo‘lib, bu g‘aroyib suhbatga ishonar-ishonmas bo‘lib, anqaygancha ketib boryapman. Shu payt anchadan beri jim kelayotgan ayol gapga qo‘shildi.
— Kitob o‘qimagan kelinlar kelinsalom, charlar, nikoh bazmlarida bahribayt o‘yinida yutqazib, izza bo‘lib qolishyapti, — dedi u kitobning foydasi haqida gapirib. Keyin qo‘shib qo‘ydi: — Gurunchning kurmagi bo‘lganidek, odamlar orasidan bitta-yarimta buzg‘unchisi ham chiqib turarkan. Yaqinda mahallamizda bir xunuk ish bo‘ldi. Bitta kitobni yuz kishi o‘qishi mumkin-u, kitob buyumga aylangach, yo‘rig‘i boshqacha bo‘larkan. Opasining sepiga qilingan kitoblarni keyingi yili singlisining sepiga qo‘yishgan ekan, buni kuyovning ammasi sezib qolibdi. Ana sharmandalik, ana gap-so‘z. Ammasi tushgur kitob do‘konida ishlarkan, kimga qachon va qanaqa kitob sotganini eslab qolarkan.
— Xo‘p, o‘sha Navoiyning kitoblarini topolmagandan keyin, nima qilsin sho‘rlik opa? Singlim qariqiz bo‘lib o‘tmasin, deb shu ishga qo‘l urgan-da!
Ichim qizib turganigami, beixtiyor “yorilib” ketdim.
— Hozir hamma narsaning iloji bor, — dedim ayollarga o‘girilib. — Nazarimda, sizlar Navoiyning yangi chiqqan to‘plamini izlab yuribsizlar. Maslahatim, to‘g‘ri nashriyotga murojaat qilsangizlar, ular buyurtma asosida chop etib berishadi, olam guliston!..
Shunday qilib, men ayollarga nashriyot manzilini aytishim bilan, haydovchi ham bekatni e’lon qilib qoldi:
— “Sharq ziyokori” kitoblar do‘koni.
Avtobus eshiklari ochildiyu ayollar “gurr” etib pastga tushishdi-da, jon halpida o‘zlarini do‘konga urishdi.
Har kuni erinib, elan-qaran yurib keladigan bir kunlik yo‘limga qanday kelib qolganimni ham bilmabman. Ha, mashoyixlar aytganmishki, har ishda bir xayr bor deb. Ishqilib shunday bo‘lsin!

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 34-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.