OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Olim Jumaboyev. Qaynota (hikoya)

Uch kunlik kelinchak o‘choq boshida kuymalanib yurarkan, O‘rinboy sinchi tikildi. Xayriyat, qozon qaynatmoqchi! Nima qilarkin, qachon pisharkin? Qorin tatalab ham ketdi-ku! Ayvondan turib keliniga qichqirdi.
— Oysha qizim, kech bo‘lganda nima tashvish?
— Osh, — dedi iymanib kelinchak va ko‘ngli qaynotasining qizimlashidan allanechuk to‘lqinlanib ketdi va battar shoshildi.
Kelinning harakatlaridan mamnun bo‘lgan bobo yordamga o‘tdi va talaygina qizil sabzi archib, somoncha shaklida to‘g‘radi. Donalab kurmak terib o‘tirgan Oyshaning qo‘lidan laganni olib guruch tozaladi, keyin boboq xo‘rozga don-dun, ovushoq sochdi.
Bu payt Oysha berilib ustixon qovurar, chuchmal zig‘ir moy hidi butun chor-atrofga tarqalib tomoq qitiqlar, o‘zining ham dimog‘ini bo‘g‘ardi. Achimsiq tutun hididanmi, piyozning achchig‘idanmi uning uzun kipriklari namlangan, o‘ng kaftiga yog‘ sachrab kuygandi.
— Bolam, devzirani ivitib qo‘ydim.
U o‘girilib qaynotasining qo‘liga qaradi-yu, idishni derazaga qo‘yganini ko‘rdi-da, “Ovora bo‘lmang, ota!”, dedi. Ammo shunchalik sekin gapirdiki, o‘zi ham eshitmadi.
Bobo oshxonadan chiqib og‘ziga bir chekim nos tashlagach, to‘g‘ri so‘ri tomon yurdi va shoyi ko‘rpaga cho‘zildi.
— Xotin bo‘may ket, sutfurushning qizi! — deya kampirini koyiy boshladi o‘ziga-o‘zi. — Nima balo uyingdan ilon chiqqanmi?! Erta azon ketuvdi, ichiyam gapga to‘lib ketgan-da! Hali kelsin, boplab so‘kmasam otimni boshqa qo‘yaman!
U puxta reja tuzarkan, temir darichadan “g‘iyq” etgan nola chiqdiyu xayoli buzildi. Chol irg‘ib o‘rnidan turdi va supa osha jo‘yakka tufladi. Tuproq beti yara tushgan badandek ko‘pchidi...
— Haliyam yotibsizmi? — dedi kampir eriga to‘ng‘illab. — Sulaymon o‘ldi, devlar qutildi, ekan-da?!
O‘rinboy sinchi hovli bo‘ylab bir qur nazar soldi-yu, xotini tayinlab ketgan ishlar; na bug‘doy elash va na dahlizcha joydagi beda o‘rilmaganini ko‘rib mavzuni boshqa yoqqa burdi.
— Safarinigiz erta qaribdimi, kampir?!. — So‘ng xotini miq etmaganini bilib, -xushomad qilishga o‘tdi. — Mahkam boyvachchaning kelini bir palov tayyorlaptiki... -Ziraning isi, oh!
Momo “tars-tars” qadam bosib boboning qarshisiga o‘tirdi.
— Qornim to‘q, mehmondan qaytayapman! Qani, yostiqni oling-chi!
— A, endi... Siz yemasangiz, biz bormiz... To‘g‘rimi, qizim?
Kelin qaynotasining fikrini ma’qulladi, garchi tushunib yetmagan esa-da! Keyin -dasturxonni yozish asnosida qaynonasiga “Yaxshi borib keldingizmi?” — deya mulozamat qildi.
Mahkam momo o‘g‘il uylantirgan ayollarga xos kibr ila turarkan, til uchida «Ha» dedi-da, buyurdi:
— Ovqating pishgan bo‘lsa, opkel! Cholimning qorni ich-ichiga yopishib ketgandir-ov!
— Hozir suzib kelaman, oyijon!
Qaynona «oyijon»dan erib ketdi va choliga qarab «ko‘rdingizmi?» kabi qosh qoqdi.
Besh daqiqa o‘tar-o‘tmas chinni laganda palovxonto‘ra va ketidan ko‘k choy keltirildi. Choy oshning qamchisi-da! U choyni qaytarib chol va kampirga uzatdi, keyin «oling-oling» qilindi. O‘rinboy sinchi rapidadek qo‘liga bir kapkirdek palov olib oshladi-yu, chaynash vaqtida ko‘zlari ola-kula bo‘lib javdiradi. Tomog‘ini sho‘r taom tirnab, qornigacha jarohatladi. Kelinning kipriklari tez-tez pirpiradi. Momo erining holatidan shubhalandi.
— Tuzi ko‘pmikan?
Bobo shosha-pisha yutinib javob qaytardi.
— Biram mazaliki, birov tortib oladigandek shoshilganimdan tiqilib qoldim.
Kelinning ko‘zlari tez-tez pirpirab, nigohlarida mehr jilvalandi va tovuqdek cho‘qilab, uyatdan qizarindi.
Bosh yorilsa, qalpoq ostida! Sho‘rva bo‘lsa ekan, suv qo‘shib ichaversang. Ammo oshga na tuz qo‘shishning iloji bor va na suv...
Bobo har oshalaganda piyola-piyola choy simirar, birovdan takalluf ham kutib turmas, yonidagilarni, ayniqsa kampirini oshga undamas, zo‘r berib kelinning aybini yopishga urinardi.
Garchi osh taxir, sho‘r, biroq kelinning mo‘ltiragan nigohida buning aksi jilvalanardi va cholning andishasi yanada ortardi. Xotinining tikilib turganidan o‘ng‘aysizlanib shoshib kavshanardi.
...Oxirgi bir osham qolganda «Tuzini ko‘ray» deb Mahkam momo qo‘l cho‘zdi va qaynota-kelinni-da tashvishlantirdi. O‘tkirligi butun mahallaga ma’lum kampir kamshik tishlarini g‘ichirlatdi, guruchning ta’mini bilgach, keliniga o‘girildi:
— Namuncha sho‘r! Umringda ovqat qilganmisan!?
Kelin seskanib ketdi.
— Kampir, — deya gap boshladi sinchi, – tomog‘ingizga tuz yuqib qolgan-ov! Bir tovoq yeb menga o‘tmadi. Bir chuqimi sizga bilinsa-ya? Men esam tag‘in bo‘lsa yo‘q demasdim.
Bobo kampirining holatiga kuldi va palov keltirmoqqa qo‘zg‘algan keliniga imladi. U qimir etmadi. Mahkam momo qilt-qilt yutindi-da, Oyshaga “Tur, osh opkel!”, deya -buyurdi. Zum o‘tmay bir kapkirgina osh solingan laganni ko‘targancha kelin keldi.
Chol yengini shimardi.
— O‘ldirsayam, osh o‘ldirsin. Sho‘rmish! Hey kampir, mening kelinimning ishidan ayb topasiz. Mazasini aytmaysizmi!? Qo‘ling dard ko‘rmasin, bolam!
Kampir cholining ishtahasini ko‘rib o‘zidan ajablandi. Ammo palovning ta’mini qayta bilishga urinmadi.
O‘rinboy sinchi chaynalib, o‘qchib-o‘qchib qo‘ydi...

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 42-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.