OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Narzullo Botirov. Bir cho‘mich qimiz (hajviya)

Saraton avjiga chiqqan. Shanba kuni bo‘lgani uchun uyda zerikib, diqqinafas bo‘lib o‘tiribman.
Telefon jiringladi. O‘rnimdan erinchoqlik bilan turib, telefon go‘shagini oldim. Mirahmad ekan.
– Kurk tovuqqa o‘xshab, tuxum bosib yotaverasanmi? – dedi u. – Qishloqdan Elbek keldi. Yur, tog‘ havosidan nafas olib, maza qilib kelamiz.
Mirahmadning taklifi ma’qul tushdi. Toshkent-Chorbog‘ elektrpoezdida Eshonxonagacha borib, u yerdan yo‘lovchi mashinada Chimyonga yetib keldik. Qosh qoraya boshlagan, yo‘l yoqasidagi simyog‘ochlarning chiroqchalari yongan, jazirama issiqdan so‘ng qo‘zg‘algan mayin shabboda yuzga urardi.
Mirahmad to‘rt-besh chaqirim chamasi yuqorida to‘xtashimizni aytdi. Yuklarni ko‘tarib, yuqoriga o‘rlagan so‘qmoqdan yo‘lga tushdik. Atrofga quyuq qorong‘ilik cho‘kdi. To‘lin oy tog‘ cho‘qqisidan otilib chiqib, osmonga ko‘tarildi.
Bir soat yurdik chog‘i, uzoqdan otlarning kishnagani eshitildi, sal o‘tmay o‘tovning qorayib turgan soyasi ko‘zga tashlandi. Mirahmad yilqichilar o‘toviga yetib keldik, dedi. O‘tov tomondan itlarning hurgani eshitildi. Erkak kishining:
– Kim bu? – degan tovushi chiqdi.
– Mehmonlarmiz! Mehmon olasizlarmi? – tovush berdi Mirahmad.
O‘tov egasi novchadan kelgan qirq-qirq beshlar atrofidagi Tohir ismli, ochiq yuzli kishi ekan. U Mirahmad bilan o‘z ukasidek quyuq hol-ahvol so‘rashib, bizlarni o‘tovga taklif qildi. Biz palatkamiz borligini aytib, minnatdorchilik bildirdik. Tohir aka yordamida tezda palatkani ham qurib oldik. Neon lampali qo‘l fonusining yorug‘i palatkani kunduzgidek yoritib yubordi. Mezbon o‘tov oldidagi olovi o‘chmagan o‘choqqa shox-shabba tashlab, o‘t yoqdi. Choy damlab keldi, o‘tovdan qatiq va tandir noni olib chiqdi. Ovqatlanib bo‘lgach, rosa miriqib choy ichdik. Tog‘ suvida choyning mazasi boshqacha bo‘lar ekanmi yoki yo‘l yurib, charchaganimiz uchunmi, har qalay yonboshlab choy ichish uydagidan ko‘ra boshqacha lazzat berar, choydan kelayotgan tutun hidi ham kishiga xush yoqardi...
...Bir vaqt “pod’yom!” degan tovushdan uyg‘onib ketdim. Ko‘zimni ochsam, tepamda Mirahmad qaqqayib turibdi. Elbek palatkaning burchagida boshini ko‘rpaga o‘ragancha uxlab yotibdi.
– Qo‘y, jo‘rajon, ozroq uxlaylik, – deb yalindim.
– Tur! Oftobning tog‘ ortidan ko‘tarilishini ko‘rmasang nima qilarding kelib? Tong nurlari kishiga qanchalar kuch-quvvat berishini bilasanmi? Ruhingni ko‘taradi. Dilingga mehr-muhabbat beradi. Keyin esa tezda uylanasan.
Unga javob bermay, boshimga ko‘rpani yopib oldim. Lekin Mirahmad aytganidan qolmay Elbek ikkalamizni turg‘azdi. Shirin uyqumdan ajralish alam qilib, tashqariga chiqdim.
– Taqsir, fizzaryadka ham qilamizmi? – yarim hazil, yarim istehzo aralash so‘radi Elbek.
– Fizzaryadkaga balo bormi? Hov anavi ko‘rinib turgan cho‘qqiga chiqishning o‘zi yaxshigina fizzaryadka bo‘ladi, – javob berdi Mirahmad.
O‘tovdagilar allaqachon turishgan edi. Bir ayol, qo‘lida sut to‘la chelak, o‘choq boshiga qarab ketdi. Besh-olti yashar ikkita bola tovuqlarga don sochishdi. O‘n olti-o‘n yetti yoshlar chamasidagi qiz uch yoshlar atrofidagi bolani yuvintirib, sim dorga tashlab qo‘yilgan sochiq bilan uning yuzini artdi. Keyin po‘pisa qilib, o‘tovga olib kirib ketdi. Bolani o‘tov ichida qoldirib, tez chiqdi. Sigirlar turgan joyga borib, onasini emayotgan ikkita buzoqchaning arqonidan torta boshladi. Buzoqchalar onasiga qarab intilardi. Qiz buzoqlardan birini o‘tov yaqinidagi qoziqqa keltirib bog‘ladi. Keyin qochib ketib, onasini emayotgan buzoqning arqonidan tutib oldi-da, arqonning ikkinchi uchi bilan buzoqning orqasiga urib, kuch bilan tortdi. Buzoqcha tislanganicha boshini orqaga tortib, onasini emishga harakat qilardi.
– Qorni to‘ymapti! Qo‘ying, yana ozroq emsin, – dedim men.
– Yo‘g‘-e, – e’tiroz qildi qiz. – Buzoq hamma sutni emib qo‘ysa, bizga nima qoladi?
Qiz buzoqchani kuch bilan tortib, qoziqqa keltirib bog‘ladi. Keyin tovuqlar turgan to‘sin yog‘ochlaridan oshib o‘tib nimalarnidir terdi-da, tog‘oraga solib olib chiqdi.
– Bugun tovuqlarimiz kechagidan bitta tuxum kam qilishipti. Manovi ko‘ng‘ir tovuq tuxum tug‘magan bo‘lsa kerak. U kunora tuxum qiladi, – deya izoh berib, qo‘lidagi tuxum to‘la tog‘orani o‘tov ichiga olib kirib, bo‘shatib chiqdi.
Qizning ustidagi qizil chit ko‘ylagi o‘ziga juda yarashgan. Bir o‘rim uzun, qalin, qop-qora sochlari qiz yurganida u yoqdan-bu yoqqa borib keladi. Qiz juda tez harakat qilar, har bir ishni chaqqonlik bilan bajarardi.
O‘tovga kirib ketgan xotin yana chelak ko‘tarib chiqdi.
– Jamila, – dedi u qizga qarab. – Sutni pishir. Qaynab chiqqach, ukalaringga suzib ber. Men otlarni sog‘ib kelay. Tushga yaqin qimiz oluvchilar ham kelib qolishadi.
Jamila o‘choq tagiga olov yoqdi. O‘tovda turgan chelaklardagi sutni olib chiqib, qozonga quydi. Mening ham sut ichgim keldi.
– Jamila, – deya chaqirdim.
Qiz yalt etib menga qaradi:
– Ismimni qaerdan bilasiz?
– Bilaman-da, – kuldim men. – Hamma narsani bilaman. Shu yili maktabni tugatganingizni ham.
– Qaerdan bilasiz yoki siz G‘azalkentdanmisiz? Men G‘azalkentdagi maktabni tugatdim, – hayron bo‘ldi Jamila.
– Ana ko‘rdingizmi? – dedim. – Hamma narsani bilaman dedim-ku sizga.
– Yana nimalarni bilasiz? – qiziqsinib so‘radi qiz.
– Qozonda qaynayotgan sutingizdan bizni to‘yg‘azsangiz qolganlarini aytib beraman.
Kulib qarab turgan qizning chehrasi birdan jiddiylashdi:
– Sutning bir litri bizda ikki yuz so‘mdan.
– Buncha qimmat?
– Bizda sut yog‘liq, – ma’noli qarash qildi qiz. – Lagerga topshiradiganimizning qaymog‘ini olamiz. Uning bir litrini bir yuz ellik so‘mdan sotamiz, – qo‘shib ko‘ydi Jamila.
Men uch kosa sut olib kelishni so‘rab, atay:
– Faqat yog‘lig‘idan olib keling. Qaymog‘i olinganidan emas, – dedim uning jig‘iga tegish uchun. Qizgina hazil aralash so‘zlarimni jiddiy qabul qilganidan, shoshilib:
– Yo‘g‘-e, men sizlarga qaymoqli sut olib kelaman, – dedi.
Keyin u uch kosada sut olib keldi. Sutni berayotib “uch yuz so‘m bo‘ladi”, – dedi.
Jamila bergan qaymoqli sut bilan nonushta qilgach, yuk xaltalarimizni yelkaga tashlab, tog‘ cho‘qqisiga qarab yo‘l oldik.
Birinchi cho‘qqini muvaffaqiyat ila zabt etdik. Ammo mening oyog‘imni shippak urdi. Oyog‘im shilinib, orqaga qaytadigan bo‘ldim. To‘g‘rirog‘i, Jamila bilan uchrashgim, uning g‘ayrat bilan ishlashini ko‘rgim keldi. Qizning vujudidan yog‘ilib turgan sog‘lomlik, yuzlaridagi anor kabi qizillik, uning qop-qora sochlari, tik qomati allaqachon meni rom qilib olgan edi. Men o‘z baxtimni shu Chimyon tog‘larida topdim, deb o‘ylardim. Jamilani har tomonlama o‘zimga taqqoslab ko‘rdim. Go‘zal tog‘ qizi, mehnatkash. Ertalabdan tinmaydi. Hamma ishni zavq, ishtiyoq bilan bajaradi. Bir qiz shuncha bo‘lar-da. Bir yigitning baxtli bo‘lishi uchun shuning o‘zi yetarli emasmi? Jamila kutilmaganda yuragimdan joy olgan edi. Oyog‘imni shippak urgani bahona bo‘ldi.
– Og‘aynilar, men boshqa yurolmayman. Oyog‘im ado bo‘ldi, – dedim inqillab.
– Yo‘q. Bekor aytibsan, – zarda qildi Mirahmad. – Biz bilan borasan. Yana ozroq yursang o‘tib ketadi.
– Jo‘rajon, boshqa yurolmayman. Hali o‘tovgacha borib olsam ham katta gap. Orqaga qaytay. Sizlar kelgunlaringcha ovqat tayyorlab turaman.
Mirahmadni amallab ko‘ndirdim. Ular ikkinchi cho‘qqiga yo‘l olishdi, men ortga qaytdim. Maqsadim Jamilani ko‘rish, u bilan gaplashib, yuragiga qo‘l solish edi.
O‘tovga qaytib kelganimda kun peshin bo‘lgan edi. O‘tov oldidagi temir stol ustiga chelak qo‘yilgan. Chelak yonida kosalar. Yo‘l chetida bir nechta yengil avtomashina turibdi. Stol atrofida yetti-sakkiz kishi. Jamila qo‘lida cho‘mich, chelakdan kosalarga qimiz quyib berardi.
– Hormang, – dedim Jamilaga. – Qimizingiz muzdakmi? Menga ham berasizmi? Chanqab o‘layozdim.
– Qimizning kosasi uch yuz so‘mdan, – dedi Jamila. – Bizning qimiz bu atrofdagi eng yaxshisi. Shuning uchun ham har kuni shahardan mijozlarimiz kelib olib ketadilar.
– Qani, shu maqtagan qimizingizdan menga ham bir kosa bering-chi. Men ham zora sizga doimiy mijoz bo‘lib qolsam.
Jamila kosaga qimiz quyib menga uzatdi:
– Ichib ko‘ring. Puliga arziydi.
Qizning qo‘lidan qimizni olar ekanman, uning qop-qora ko‘zlariga suqlanib qaradim. U meniki bo‘lishini juda-juda xohladim. Uning ovozi, so‘zlari borlig‘imni egallab olgan edi.
Chanqagan ekanman, kosadagi qimizni bir simirishda ichdim. Muzdek qimiz juda yoqdi, tanim yayradi. Stol atrofiga qo‘yilgan skameykaga o‘tirdim. Jamilaning harakatlarini kuzata boshladim. Qimiz ichishga kelganlar siyraklashib qolishdi. Bu orada Jamila o‘tovdan yana ikki-uch chelak qimiz olib chiqib, sotib tugatdi. So‘ngra bidondagi suvdan quyib, chelak va kosalarni obdan yuvdi. Jamila qo‘ying deganiga qaramasdan, suv quyib turdim. Kosalarini taxlashib, o‘toviga kirgizib berdim. Men nima qilib bo‘lsa-da, Jamilaga yaqin bo‘lishga, u bilan suhbatlashishga urinardim.
– Jamila, shaharga o‘qishga borishni xohlamaysizmi? – deb so‘radim.
– Bormoqchi edim. Oyim bu yil uy ishlariga qarash, ukalaring sal katta bo‘lishsin. Kelasi yil borarsan, dedi. Kichkina ukam hali beshikda. Oyimning ishiga qarashuvchi yo‘q. Dadam kun bo‘yi yilqilarning ketidan yuradi. Yilqiga ko‘z-quloq bo‘lib turmasa bo‘lmaydi.
– Kelasi yil, albatta, o‘qishga borasizmi? – yana so‘radim men.
Chunki men Jamilaning Toshkentga borishini xohlardim.
– Harakat qilaman, – dedi Jamila. – Savdo sohasiga qiziqaman. Do‘konda o‘tirib, savdo qilishni yoqtiraman. Dadam esa: “Qizim, do‘xtir bo‘lgin. Bizdan ham do‘xtir chiqsin”, – deydi.
– Dadangiz to‘g‘ri aytadi. Do‘xtirlik yaxshi kasb. Odamlar uchun doimo kerak bo‘lasiz.
– Do‘konda savdo qilish yaxshi-da, puling ko‘p bo‘ladi, – dedi qiz kulib.
Qiz bilan tortishishni istamadim. Unga: “Bu gapingiz ham to‘g‘ri”, – dedim. Bu orada Jamila tovuqlarga don sochib, suvini almashtirdi.
Jamila bilan gaplashganim sari ko‘proq yoqar, unga mehrim yanada ortardi. Kechga borib, Mirahmad bilan Elbek yuk xaltalarini orqalab qaytishdi.
– Qani, ovqat tayyormi? – so‘radi Mirahmad.
 Jamila bilan gaplashib, ovqat tayyorlash xayolimdan ko‘tarilibdi. Shunda Jamilaning o‘tovida tuxum borligi esimga tushdi.
– Hammasi taxt, – deb yubordim. – Bugun shohona ovqat yeymiz. Avval tog‘ qimizidan ichamiz, keyin tuxum va tog‘ qatig‘i tanovul qilamiz.
– Qani, qimizingni olib kel. Chanqab o‘layozdik, – dedi Mirahmad.
Men Jamiladan uch kosa qimiz so‘radim. U qimiz keltirib, “to‘qqiz yuz so‘m bo‘ladi”, – dedi.
Men Jamiladan tuxum keltirishini so‘radim.
– Xo‘p, nechta kerak? – dedi Jamila va qo‘shib qo‘ydi. – Bizda tuxumning donasi yuz so‘mdan. Chunki uy tuxumi-da.
– Mayli, – qo‘l siltadim men. – O‘nta qaynatib bering.
Jamila biz bilan shunday hisob-kitob qildi:
– Har kosa qimiz uchun uch yuz so‘mdan, olti kosa qimizga bir ming sakkiz yuz so‘m va o‘nta tuxum yuz so‘mdan ming so‘m, jami ikki ming sakkiz yuz so‘m.
Men qizginaning bunchalik tez hisob-kitob qilishiga zavqlanib qarab turdim. Haqiqatdan ham savdoni yaxshi ko‘rar ekan.
Mirahmad bilan Elbek charchaganlari uchun tezda xurrak tortishdi. Men esa uxlolmadim, nuqul Jamilani o‘ylayman. Qaniydi u mening qaylig‘im bo‘lsa. Ishdan kelganimda, uyda kutib oladi. Hamma joy saranjom-sarishta. Bolalarni yuvintirgan, toza kiyimlar kiydirib qo‘ygan... Eshikdan kirishim bilan “Jumanazar aka, yaxshi keldingizmi? Charchamadingizmi? Ovqatni tayyorlab, sizni kutib o‘tiribmiz. Bolalar ham sizsiz ovqatlanishmayapti”, – deydi...
Shunday shirin xayollarga berilib, uxlab qolibman. Ertalab yana Mirahmadning qichqirig‘idan uyg‘ondim.
– Tur deyapman senga! – u Elbekka baqirar edi. – Bugun narigi cho‘qqini ham zabt etishimiz shart.
Sal o‘tmay, dag‘dag‘ani kaminaga qaratdi:
– Ey dangasa, bugun oxirigacha borasan. Yarim yo‘ldan qaytmaysan.
– Jo‘rajon, qo‘y meni. Oyog‘im juda og‘riyapti. Kecha o‘tovga zo‘rg‘a qaytib keldim.
– O‘l bo‘lmasa, – zarda qildi Mirahmad.
Undan qutulganimga xursand bo‘lib, ko‘rpaga o‘ranib oldim. Ular ketishgach, sekin turib, palatkadan chiqdim.
Jamila o‘tov atrofini supurardi. Onasi kechagidek sigirlarni sog‘ib qaytayapti. Buzoqchalar onalarini emishmoqda.
– Hidoyat opa, buzoqlaringizni bog‘lab beraymi? – qichqirdim men.
– Yo‘g‘-e, qo‘yavering. Jamilaning o‘zi bog‘laydi, – e’tiroz qildi onasi.
Hidoyat opaning gapini eshitmagan bo‘lib, buzoqchalarni o‘tov oldidagi qoziqqa bog‘ladim. Keyin sekin Jamilaning oldiga bordim. U to‘plangan xashak va xazonlarni yig‘ishtirayotgan edi.
– Keling, qarashib yuboray.
– Yo‘g‘-e, qo‘ying, ovora bo‘lmang. Egningizni iflos qilasiz. Anovi o‘lgur buzoqlar onalarini emib qo‘yadi-da, – u xavotir olib, sigirlar tomonga qarab qo‘ydi.
– Xavotir olmang, – dedim men. – Buzoqlarni bog‘lab qo‘ydim.
Qiz xijolat chekkan kabi jilmaydi:
– Siz nega ovora bo‘ldingiz? O‘zim bog‘lar edim-ku!
Xazonlarni yig‘ishtirishda Jamilaga yordam berdim. U bilan birgalikda aravachada lagerdagi artezian qudug‘idan bidonlarni to‘ldirib, suv keltirdik. Keyin tovuqlarning qo‘nog‘iga kirib tuxumlarni yig‘ib oldik. Men tog‘orani ushlab turdim. Jamila tuxumlarni terib, sanab tog‘oraga soldi.
– Ellik bitta, – dedi u. – Kecha ellikta edi.
Tog‘orani o‘tovga olib kirib, Jamilaning onasiga tutqazdim. Hidoyat opa xursand bo‘lib qoldi.
– Jamilaning ham bo‘yi yetib qoldi. Qaniydi sizdek kuyovim bo‘lsa. Hozirgi yigitlarning ko‘pi ichadi, chekadi. Siz chekmas ekansiz-a, – dedi menga qarab.
Hidoyat opaning gapi biram xush yoqdiki, go‘yoki, yettinchi osmonga chiqib ketgandek bo‘ldim. Jamilani o‘zimniki bo‘ldi, deb o‘yladim. Go‘yoki men shu xonadonning kuyoviman.
Tovuqlarni quvlab yurgan bolalarning orqasidan yugurib borib, ularni ikki qo‘limga ko‘tarib oldim, yuzlaridan o‘pdim. Chunki ular endi mening ham ukalarim-da. Keyin esa birini qo‘yib, birini osmonga otib o‘ynatdim. Bolalar xursandliklaridan qiyqirishar, yiqilishdan qo‘rqib, qo‘llari bilan bo‘ynimga mahkam chirmashib olishar edi.
– Tushiring bularni, – dedi Jamila. – Ust-boshingizni rasvo qilishdi. Egningizdagi futbolkangiz qimmatbaho ekan.
– Hechqisi yo‘q, yuvsa ketadi.
– Yuvsa eskirib qoladi, ohori ketadi, – dedi qiz.
Quyosh tepaga ko‘tarilib, kun qiziy boshladi. O‘tovdan qimiz to‘la chelaklarni olib chiqib temir stol ustiga qo‘ydik. Kosalarni chiqarib berdim. Jamila ularni qaytadan yuvib, chelak yoniga taxladi va “QIMIZ” deb yozilgan taxtachani stol chetiga o‘rnatib qo‘ydi. Yo‘lovchilar to‘xtab, qimiz ichishar, ba’zilar idishlarda olib ketishar, odamlar ko‘paysa, Jamilaning kayfiyati ko‘tarilib, chaqqon harakat qilib qimiz quyib uzatar va ulardan pullarni ustalik bilan sanab olib, cho‘ntagiga solib qo‘yardi. Shu orada yo‘l chetiga “Jiguli” avtomashinasi kelib to‘xtadi. Undan chust do‘ppi kiygan keksa bir kishi tushib keldi.
– Qimizing muzdakmi, qizim? Necha so‘mdan ekan? – so‘radi u Jamiladan.
– Ha, muzdek. Kosasi uch yuz so‘mdan, – javob berdi qiz.
– Menga bir kosa quyib ber, baraka topgur. Rosa chanqadim.
Jamila toza kosalardan birini olib, qimiz quydi-da, cholning oldiga qo‘ydi. Chol cho‘ntagini kavladi. Pulini olib sanadi. Yon cho‘ntaklarini kavlab ko‘rdi. Hech nima chiqmadi chog‘i, Jamilaga:
– Qizim, cho‘ntagimda ikki yuz so‘m qolibdi. Atigi yuz so‘m yetmayapti. Yana o‘tganimda tashlab ketarman, – dedi.
Jamila cholning qo‘lidagi pulni olib, sanab, cho‘ntagiga soldi. Keyin kosani qo‘liga olib, bir cho‘mich qimizni qaytarib chelakka quydi-da, cholga kosani qaytardi:
– Ota, bir kosa qimiz uch yuz so‘m. Kosaga uch cho‘mich qimiz ketadi. Shuning uchun bir cho‘michini olib qoldim. Biz nasiyaga hech narsa bermaymiz.
Chol hech nima demadi. Qimizni ichdi-da, kosani qo‘yib, mashinasiga o‘tirib jo‘nab ketdi.
Chol jo‘nadi-yu, mening yuragimdagi nafis tuyg‘ularim ham uchib ketdi. Bo‘shashib qoldim. Jajji bolalar. Ularning onasi. Hammasi shirin, lekin xom xayollar. Ular birdan sovun pufagidek yorilib ketdi...
Kechki poezdga o‘tirib Toshkentga qaytdik. Qosh qoraygan. Oqshom ruhi kayfiyatimga urgan, vujudimni og‘ir tosh bosgandek edi.
– Nimaga buncha xomushsan? – so‘radi Mirahmad. – Senga safar yoqmadimi yoki oyog‘ing og‘riyaptimi?
– Yuragim og‘riyapti, – javob qildim men.
Mirahmad yelkasini qisdi:
– Ha, yuraging tuzalsa, yana kelarmiz. Shunchayam nozik bo‘ladimi kishi?
Vagon derazasidan uzoqlashayotgan tog‘ cho‘qqilariga tikildim. U yerda nimanidir yo‘qotgandek, qimmat bir narsamni tushirib qoldirgandek edim.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 5-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.