OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Ochil. Yo‘li topildi (hajviya)

Ikki oshna – Salim va Halim bozorligini qilish­moqda. Salim somon tiqilgan qopdek yum-yumaloq. Halim esa “em tegmagandek” ozg‘in va novcha. Salimning ikki qo‘ltig‘ida xarid qilingan mahsulot-masalliqlar. Halimning qo‘lida esa bor-yo‘g‘i bir varaq qog‘oz. Salim yuz ko‘zidan sharros quyilayotgan terni qiyshaygancha yelkasiga artarkan, toliqqan tovushda dedi:
– Qo‘lingdagi ro‘yxatga qara-chi... Yana nimalar qo­libdi... Uf-f!
Halim yarim g‘ijimlangan qog‘ozning taxini yozib hijjalaydi:
– Olma... olindi. Sabzi... solindi. Sholg‘om, turp, ko‘kat... Demak, sha-a... bo‘yalib ketibdi. Sha-a-f...
Salim betoqatlandi.
– Shap-shap demay, shaftoli demaysanmi, naynov! Qo‘l toldi-ku...
– Shoshma... sha-a... Qara, haqiqatan shaftoli bilan anjir qolibdi...
– Anjir bilan shaftoli?! Xaltada axir, joy qol­madi-ku! Hammol qilib o‘ldirarkansan-da meni...
Halim “ro‘yxat” bilan og‘zini berkitib xomuza tortdi.
– Boshida kelishdik-a? Savdolashish mendan, bo­zorlikni ko‘tarib yurish sendan... Lekin, yana bir qo­g‘oz­xalta olsak, qanday qilib ko‘tararkansan...
Salim hansiragancha og‘irligini bir oyog‘idan ikkinchisiga soladi.
– Shoshma... shu, kallaga bir fikr keldi.
Halim esnagancha qo‘l siltaydi.
– Xo‘sh? Xaltaning bittasini ko‘tarasan demoq­chi­misan?! Bekorlarning beshtasiga beshtosh o‘ynabsan! Qani yur! Oldin anjir, so‘ng shaftoli olamiz.
– Yo‘-o‘q, – Salim qashingisi keldi shekilli, qiy­shanglagancha yelka uchirdi. – Shu aytmoqchiman-ki...
Shunday deya Salim meva-chevalar rastasiga bir muddat tikilib qoldi.
– Shu aytmoqchimanki... Anjir, shaftoli... deb mayda-chuyda qilib yuramizmi! Undan keyin xaltada ham joy oz qolgan. Ke, shuning uchun birato‘lasiga anjirshaftoli xarid qilib qo‘ya qolamiz! Nima deding?! Ana, huv momoda bor ekan...
“Xalta ko‘tarish xavfi” dan cho‘chib turgan Halimga bu taklif halimdek yoqdimi barmog‘ini osmonga nu­qidi.
– Vo-o! Qoyil... Qorning semiz desam, kallang ham qolishmaskan. Ana topqirlik... Ham hamyon tejaladi, ham xalta... Qani ketdik jo‘rajon! Iqtisod qilgan pulga esa... mayli yarimta bizdan!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.